Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 245253 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:58:21

U yosh qizlar shu she’rni o‘qiganlarida, Rasululloh qarab: «Meni yaxshi ko‘rasizlarmu? Alloh bilur, sizlarga muhabbatim ko‘nglimda to‘liqdur», dedilar.
Abu Ayyub Ansoriyning ost-ustlik ikki qavat uylari bor edi. Kelib ketgan kishilarga og‘irlik bo‘lmagay deb, Payg‘ambarimiz ostingi uyni ixtiyor qildilar. Lekin Abu Ayyub Ansoriy Rasululloh xizmatlariga buni loyiq ko‘rmay, yolvorib yurib, hech qo‘ymay, oxiri yuqorigi uyga ko‘chirdi. Muhojir sahobalar ko‘pchiligi Payg‘ambarimiz bilan birga edilar. Ansor sahobalar alarni qizg‘anishib, har kim o‘ziga tushirmoq uchun talashdilar. Oxiri bu ishni bajarishda chek tashlashga maslahat to‘xtadi. Har muhojir qaysi ansorning chekiga tushsa, shu joyda makon tutdi. Makkadin va boshqa joylardin kelgan muhojirlar orasida bola-chaqaliklari yo‘q hisobida edi. Xudo yo‘lida hamma narsalarini tashlab chiqqan edilar. Payg‘ambarimizning Qubodin chiqishlari juma kuni bo‘lib, juma namozining vaqti yaqin bo‘lganlikdin, Madina ichiga kiraverishda bani Solim ibn Avf mahallasida juma namozini o‘qishga to‘g‘ri keldi. Xususiy bir masjidda yig‘ilib turishgan yuz chamalik kishilarga imom bo‘lib, juma namozida shu xutbani o‘qidilar. Ko‘proq rivoyatga qaraganda birinchi o‘tagan juma namozlari, birinchi o‘qigan xutbalari shu edi. Arabcha matnini qoldirib, uning mazmunini turkiycha yozdim. Dastlab, Xudoga hamdu sano aytdilar, so‘ngra dedilar:
— Ey odamlar, dunyoda tirik turgan chog‘inglarda, oxiratga borishdan oldinroq oziq yuboringlar. Ulug‘ Allohning xaqqi bilan qasam qilurman, har bir kishi o‘lgandin so‘ngra Xudo oldiga borgay, barcha molu dunyo¬larini bu joyda qoldirgay, so‘ngra Alloh taolo oraga tilmoch solmasdin, hech kimni orachi qilmasdin u qulga degay: «Dunyoda turgan chog‘ingda yuborgan payg‘ambarimiz senga kelgan edi, bu kunlarning kelishini senga bildirgan edi, fazl-karamim bilan seni yo‘qdin bor qildim, rizq berib, seni tarbiya qildim, bu kungi holda o‘zing uchun bu joyga nima keltirding?» Anda ul kishi hijolat bo‘lganidin o‘ng tomoni, so‘l tomoniga, oldi-orqasiga qarab, tamug‘ (do‘zax)din boshqa hech narsani ko‘rmagay. Endi oldinglarda shunday ishning borligi haqdur, bu ish bir kuni ko‘z oldinglarga kelur. Har kishi ortiqcha topolmay, yarim xurmosi bo‘lsa ham, shuni oz ko‘rmay, Xudo yo‘lida muhtojlarga sadaqa qilsin. Do‘zax o‘tidin yiroqlashgay, agar bu dag‘i (bu ham) bo‘lmasa, kishi ko‘nglini olgudek bir og‘iz yaxshi so‘z bo‘lsin. Bu ham ehson qatorida o‘tgay. Mo‘minning qilgan yaxshiligi eng oz bo‘lgan-da, o‘n barobar bo‘lib yozilur. Aning ixlosiga qarab, o‘ndan yetti yuzgacha bir yaxshilikning savobi bo‘lur. Har keluvchi narsa yaqindur. Hech kimning shoshganiga qarab, Xudo shoshilmas, vaqti kelganida har ish kechiktirilmas, kishi bir ishni qilmoqchi bo‘lur, uni Alloh ham qilmoqchidur, kishi deganicha bo‘lmas, Allohning tilaganicha bo‘lur. Uni kishilar suymasalar ham shu bo‘lur. Xudo yiroqlashtirgan ishni hech kim yaqinlashtirolmas. Shuni aniq bilingkim, Xudodin iznsiz hech bir ish bo‘lmas».

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:58:36

Ko‘ring buni, Subhonalloh qandoq ulug‘ so‘zdur. Bayt:

So‘zi so‘zlar ichida gavharidur
O‘zi so‘zlaguvchilar sarvaridur
Agar mo‘minsan, ibrat ol bu so‘zdan
Olursan har biriga yetti yuzdan.


So‘ngra Rasululloh muhojir-ansor sahobalar o‘rtalarida diniy bir qarindoshlik bog‘ladilar. Dedilarkim:
— Alloh aytmagan so‘zni Alloh aytdi, demakdan o‘zini saqlasun, Xudo yo‘lida ikki-ikkidin qardosh bo‘laylik deb, Hazrati Alining qo‘llarini tutib, mening qardoshim shudur, — dedilar. Ikkovlari oxiratlik do‘st bo‘ldilar.
Hazrati Hamza, shahidlar sayyidi, Rasulullohning amakilari erur. Zayd ibn Horisa bilan din do‘stligi bog‘ladilar. Shuning uchun Uxud tog‘idagi urush oldida hazrati Hamza Zayd ibn Horisaga vasiyat qilgan edi. Zayd ibn Horisa bo‘lsa, Qur’onda ismlari kelgan, Rasulullohning boqma bolalaridur. Hazrati Alining og‘asi Ja’fari Tayyor shu kunlarda Habashistonda bo‘lganlikdin, hazrati Muoz ibn Jabal bilan g‘oyibona diniy birodar bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq Xorija ibn Zuhayr bilan, Hazrati Umar Itbon ibn Molik bilan, Hazrati Usmon Avs ibn Sobit bilan, Hazrati Abu Ubayda Sa’d ibn Muoz bilan, Salmon Forsiy Abu Dardo bilan, Hazrati Bilol muazzin Abdulloh ibn Abdurahmon bilan, bulardan boshqa ham birmunchalari bor edi, so‘z uzayib ketmasin deb, alarning ismlarini yozmadik. Payg‘ambarimizning amrlari ila ansor va muhojir sahobalar bir-birlari bilan diniy birodar, oxiratlik do‘st bo‘lishdilar. Din do‘stligidan chiqqan muhabbat, tug‘ishgan qarindoshlik muhabbatidin necha barobar kuchlik edi. Chunki ansor sahobalar muhojir birodarlarini har ishda o‘zlaridan oldin tutdilar. Hech bir narsalarni alardin ayamay, butun mol-dunyolarini o‘rtaga soldilar. Shundoqki, bu diniy do‘stlik, oxirat birodarligi bog‘langan so‘ngida Sa’d ibn Rabi’ do‘stlari Abdurahmon ibn Avf oldiga kelib:
— Ey Abdurahmon, mani hamma bilur, Madina ahlining moldor va boyrog‘i mendurman, qo‘limda borlik molimning teng yarmi seniki bo‘lsin, yana mening nikohimda ikki xotunim bordur, birini taloq qilgayman, iddasi tamom bo‘lgandin so‘ngra ani xotunlikka olgaysan, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:58:47

Anda birodari Abdurahmon:
— Sening ahli ayollaring, molu jonlaringga Alloh barakot bersun, bu yerning bozorlari bilan meni tanishtirib qo‘ygil, tijorat kasbi bilan turmush kechirsam yana yaxshiroq bo‘lur, — deb aning taklifini qabul qilmadi.
Muhojir va ansor sahobalar o‘rtalarida do‘stlik muhabbati shu daraja qattiq bog‘langan edi. Molu dunyolarini o‘rtaga solishga olimsinmadilar (ya’ni, ko‘ngillari to‘lmadi), ikki xotunlik ansorlar, birini taloq qilib muhojir do‘stlariga ani taqdim qilish fikrini qildilar. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda ansorlarni maqtab, bu oyatni indirdi (tushirdi):
«Vayu’siruvna ala anfusihim valavkana bihim xasosa», ya’ni: «Ansor sahobalar muhojirlarni har ishda o‘zlaridin ortiq ko‘rurlar, shundoqqim, ular o‘zlari molga muhtoj bo‘lib tursalar ham, nafslaridan kechib, mollarini alarga taqsim qilurlar», demakdur.
Chunki Xudo yo‘lida qilinadigan barcha yaxshiliklar ichida eng ulug‘i iysor (hadya) qilmoqdur. Iysorning ma’nosi shu oyat mazmunida bayon qilingan ishdur. Shu yuqorida aytilishicha, bu bog‘langan chin do‘stlikda har ikki birodarning birisi muhojir, ikkinchisi ansoriylardan bo‘lishi shart edi. Ammo Hazrati Ali haqida bu ish bo‘lmadi. Balki Rasululloh u er yigitning qutlug‘ qo‘lini tutib, «bu mening qardoshim», dedilar. Payg‘ambarimizning bundoq ulug‘ iltifotlariga uchraganlikdan dunyo va oxirat sharafiga ega bo‘ldilar. Xudo va uning payg‘ambari Rasululloh oldida bu mardi haqning qanday ulug‘ martaba topganlari bu ishdan ma’lumdur. Shundoq bo‘lib, har bir muhojir o‘z do‘sti bo‘lgan ansoriy uyida turar edi. Va bular «meros» oyati tushgunchalik bir-birlariga merosxo‘r bo‘ldilar. So‘ngra meros hukmi o‘zgarib, hozirgi kundagidek har kimning o‘z vorislariga tayin topdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:59:12

ISLOM OLAMIDA QURILGAN BIRINCHI MASJID

Payg‘ambarimizning shu kundagi Madinai Munavvara masjidida qurilgan minbari sharif o‘rniga tuyalari cho‘kkan edi. Bu joy Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldi-da, shu mahalla xalqi bu joyni xurmo quritish uchun xirmon qilib yasagan edilar. Aslida bo‘lsa, bu joy ikki yetim bolaning otasidin qolgan meros mulki edi. Payg‘ambarimiz bu yerni sotib olmoqchi bo‘lib, alarni chaqirdilar. Anda u yetim bolalar:
— Yo Rasulalloh, buni biz sotmoqchi emasmiz, balki masjid uchun sizga hadya qilib, bu joyni tutdik,— dedilar. Payg‘ambarimiz bu so‘zni qabul qilmadilar, balki bu joyning yetarlik bahosini berib, sotib oldilar. Shuning bilan masjid binosi qurilishi boshlandi. Uzunligi 63 gaz (1 gaz — 72 sm), eni 54 gaz edi. Bu yerdan chetroqda bir quduq oldida g‘isht-kesak quydirdilar. Sahobalar shu joydin g‘isht-kesaklarni tashir edilar. Rasululloh ham shular qatorida ishladilar. Ishning qizg‘in chog‘ida ishlarni tashviq qilish uchun shu she’rni o‘qiganlari hadis kitob¬larida rivoyat qilindi: «Allohumma lo xoyra illa xoyrul axira, far-hamil ansora val muhajiro». Ma’nosi: «Oxirat yaxshiligidin o‘zga yo‘qdur yaxshilik, ey Xudo, ansoru muhojirlarni o‘zing rahmat aylagil».
Bu masjidi sharifning turuklari (ustunlari) xurmo yog‘ochidin yasalib, o‘gza ustiga xurmo shox-butoqlari solingan edi. Tom egizligini odam bo‘yidin ortiqroq qilib ko‘tardilar. Bu masjidga uch joydan eshik ochdilar. Qiblasi shimol tomonida bo‘lib, Quddusi sharifga qaratilgan edi, minbari yo‘q edi. Keyinroq xalq ko‘pchilik bo‘lib, alarning so‘rovlaricha, uch zinalik minbar qo‘yildi. Ammo Rasululloh zamonlarida, to‘rt yorning (Choriyorlar) davrlaridagi masjidlarda mehrob yo‘q edi. Umar ibn Abdulaziz umaviya xalifasi Valid ibn Abdul Malik tarafidin Madinaga voliy bo‘lib keldi. Mana shu chog‘da masjidlarga mehrob qilish odati boshlandi. Bu muborak masjid ichiga hech qandoq zeb-ziynat qilinmagan edi. Har turlik bisotlardin joynamozlar solish bu yon tursin, xurmo yaprog‘idin to‘qilgan bo‘yrasi ham yo‘q edi. Yog‘in-yomg‘ir kunlarida loy bo‘lmasin deb joynamoz o‘rniga mayda tosh, qum to‘shadilar. Yana shu masjidga tutashtirib, ikki uy solindi. Birisi onamiz hazrati Savdaning uylari, ikkinchisi onamiz hazrati Oishaning uylari edi. Alloh taolo musulmonlarga kunda besh vaqt namoz o‘tashni farz qildi. Buning hikmati ersa, Alloh taolo o‘z ulug‘ligini bandalariga eskartib turishdur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz: Namoz — mo‘minlarning me’rojidur, dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:59:23

Buning ma’nosi shuki, mo‘min banda har kuni Alloh huzuriga besh qayta kelib, o‘zining mo‘minlik ahdida turganligini bildiradi. Shuning ta’siri bilan ulug‘ qudratlik Allohni ko‘nglidan chiqarmay, aning buyruqlarini o‘rinlab, qaytaruqlaridin o‘zini saqlaydi. Namoz o‘qishdan asli maqsad — Allohni eskarishdur. Alloh taolo Qur’onda «Aqimus solata li zikriy» dedi. Ya’ni: «Meni yod qilish uchun namoz o‘qing» demakdur. Alloh yodi bilan ado topmagan namoz haqiqatda namoz hisoblanmaydi. Haqiqiy namoz o‘qishdan ulush olguvchi mo‘minlar, albatta, buzuq yo‘llardin yiroq, gunoh ishlardin chetroqdurlar.
Chunki Alloh taolo Qur’onda «Innas solata tanha anil fahshai val munkar» oyatini keltirdi. Ma’nosi: «Namoz, albatta, namoz o‘qiguvchi kishilarni barcha gunohlardan qaytaradur» degan bo‘lur. Buning so‘ngida yana «Valazikrulloh akbar» dedi. Ma’nosi: «Allohni yod qilmoq barcha narsalardan ulug‘dir», buning ulug‘ligi shulki, namoz o‘qiguvchi mo‘minning ko‘nglini O‘z nuri ila yoritgay. Boshqa gunoh ishlarni ko‘ngliga sig‘dirmagay. Shuning uchun Payg‘ambarimiz aytdilar: «Agar namoz o‘qib yurgan kishi gunoh ishlardin qaytmas ersa, aniq bilsinkim, Xudo oldida aning namozi mardud ekandur». Yana Rasululloh farz namozlarini jamoat bilan o‘qishga qattiq buyurdilar. Chunki bu bahona ila har kunda besh qayta mo‘minlar bir-birlari ila ko‘rishib turgaylar. Dunyolik va oxiratlik ishlari haqida kengashib, hojatlarini o‘tashgaylar. Kun sayin ko‘rishib tursalar, mehr ko‘zda, deganidek, bir-birlariga ulfat va muhabbatlari ortur.
Ummatlariga jamoat namozini tayinlab, shunday dedilar: «Solatul jamoati tafzulu ala solatil fazzi sab’an va ishriyna darojatan». Ma’nosi: «Jamoat bilan o‘qilgan namozning savobi yolg‘iz o‘qilgan namozning savobidan yigirma yetti barobar ortiq», demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:59:46

AZONNING JORIY ETILISHI

Har namozning vaqti kirganda masjidga jamoat yig‘ilishi uchun yiroq-yaqinda turgan mo‘minlarga bildirish kerak edi. Bu to‘g‘rida qandoq chora ko‘ramiz, deb Payg‘ambarimiz sahobalariga maslahat soldilar. Alardan birovi: «YO Rasulalloh, har namoz vaqti kirganda egiz joyga bayroq chiqarib osaylik», dedi. Uxlagan odamga, ko‘rmagan kishiga foydasi yo‘qligidan, buni ma’qul ko‘rmadilar. Yana birlari tepalik ustiga o‘t yoqish maslahatini ko‘rsatdi. Bu ish otashparastlar ishi, deb bunga ham rozi bo‘lmadilar. Tag‘in birovlari turib, har namoz vaqtida bug‘ (karnay) chalaylik dedi. Yahudlarning ibodat vaqtidagi odatlari bo‘lganlikdin Rasululloh buni yoqtirmadilar. Chunki yahud, nasorolarga qaysi ishda bo‘lsin taqlid qilmoqni suymas edilar. Yana ba’zilari qo‘ng‘iroq chalishga maslahat berdi. Bu ish ibodat kunlarida nasorolar fe’li edi. Payg‘ambarimiz buni ham xohlamadilar. Oxiri bir saxoba:
— Yo Rasulalloh, har namoz vaqti kirganda bir odam turib vaqti namoz, vaqti namoz desa, bo‘lurmi?— dedi.
Payg‘ambarimiz buni bo‘lur, deb qabul qildilar. Har namoz vaqti kirganda shu so‘z bilan bir kishi qichqirur edi. Bu qichqiruvchilardin biri madinalik sahobalardin Abdulloh ibn Zayd degan kishi edi. Bir kecha ul kishiga uyqu-uyg‘oq oralig‘ida bir kimsa ko‘rinib: «Mo‘minlarni namozga chaqirur bo‘lsang, mana shu so‘zlarni aytib qichqirgil», dedi:
«Allohu akbar, Allohu akbar. Ashhadu anla ilaha illalloh, ashhadu anla ilaha illalloh. Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh, Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh, hayya alas sola, hayya alas sola, hayya alal falah, hayya alal falah, Allohu akbar, Allohu akbar, La ilaha illalloh» bilan tamom qilursan, deb g‘oyib bo‘lishi hamon uyg‘ondi. Shu onda Rasululloh huzurlariga kelib, bu ko‘rgan tushlarini bayon qildi. Anda Payg‘ambarimiz:
— Albatta, bu ko‘rganing haq tushdur. Men ham Me’rojga chiqqanimda bir farishtaning arsh shundoq azon o‘qiganini ko‘rgan edim, — dedilar. — Bu kalimalarni Bilolga o‘rgatgil, ul sendin ko‘ra unlikroqdur (tovushi balandroq) — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:00:01

Shundan so‘ngra hazrati Bilol shu kalimalar bilan azon aytgani turdi. Butun Islom olamiga shu tartibda azon aytishlik sunnat bo‘lib qoldi. Buni ustiga Hazrati Umar shoshilgan holda kelib:
— Yo Rasululloh, Alloh haqqi, men ham shu Bilol aytgan azonni tushimda ko‘rdim, — dedi.
Har namoz vaqti kirganda azon aytmoqlik, o‘qilur chog‘ida takbir tushirmaklik shu kundin boshlab, sunnat bo‘ldi. Xazarda, safarda hazrati Bilol va Ummu Maktum Payg‘ambarimizning muazzinlari edilar. Ikkinchilarining ko‘zlari ojiz bo‘lsa ham, ko‘zi ochiqlardin vaqtni yaxshiroq bilar edi. Shuning uchun Rasululloh «Bilolning azoni sizlarni saharlik yeyishdan qoldirmasin, Ummu Maktum azon aytganchalik, yeb ichinglar», dedilar. Chunki hazrati Bilol tahajjud namoziga uyg‘otmoq uchun tun yarmi o‘tgandan so‘ngra azon aytur edi. Ikki haramda shu kungacha bu odat joriydur. Erta namoziga tong otishdin ilgari va uning keyinida azon o‘qilur. Har farz namozining vaqti kirgan so‘ngida azon aytishlik, namoz o‘tash oldida takbir tushirishlik, namozga kirishganda «Allohu akbar» demaklik, besh vaqt namozni jamoat bilan o‘tamaklik, har rakatda ruku, sajda qilmoqlik, haftada juma namozi, har yilda ikki iyd namozi o‘qimaklik, mana bular bo‘lsa, bizning Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga xos ibodatlardur. O‘tgan payg‘ambarlar ummatlarining diniy ibodat tartiblari bundoq emas edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:00:20

MADINA YAHUDLARINING TARIXI

Butun dunyodagi yahudlarning asli vatanlari Falastin o‘lkasidur. Uning markazi Quddusi sharif, bu shahar Tavrot kitobida ibroniy tili bilan «Avrashalaim» atalmish edi. Masjidul Aqso va Saxra toshi shu shaharda bo‘lib, Ibrohim Xalilullohdin boshqa barcha payg‘ambarlarning qiblasi edi. Payg‘ambarimiz Madinaga kelganlaridan keyin o‘n olti oy Quddusi sharifga qarab namoz o‘qidilar. So‘ngra qibla Baytullohga yo‘tkaldi. Hijoz o‘lkasidagi yahudlarning vatanlari Quddusi sharif bilan Shom atroflarida bo‘lsa ham, Bobil podshosi Buxtunnasr Quddusi sharif ustiga qilgan hujumlaridin va bundan ilgari-keyin Rum imperatorlari, nasroniy dini tarafdorlarining zulm-tahdidlaridan qochishib chiqqan yahudlar Arabistonda, Hijozda panoh topishgan edi. Mana, Payg‘ambarimiz davrlaridagi Madina yahudlari Qur’oni karimda qissalari bayon qilingan Bani Isroillar, milodi Isodin ilgari-keyin Shom tarafidin hijrat qilib kelgan yahudlar nasllaridur. Bularning olimlari Payg‘ambarimizning sifatlarini Tavrot, Injil kitoblarida o‘qishib-eshitishgan edilar. Oxirzamon Payg‘ambari Arabiston tuprog‘idan chiqishiga qanoatlari bor edi. Har qachon arablar bilan urushsalar, Payg‘ambarimizni shafe keltirib, Xudodan nusrat so‘rar edilar. Shuning uchun Qur’onda:
«Ya’rifuvnahu kama ya’rifuvna abnaahum», ya’ni, «Yahudlar, kitobiy kofirlar o‘z farzandlarini qandoq tanisalar, Payg‘ambarimizning haqligini shundoq tanur edilar», degan mazmunda oyat tushdi.
Nechun tanimasinlarkim, o‘tgan payg‘ambarlarga Allohdin ingan kitoblarda uch yuzdan ortiq o‘rinda Payg‘ambarimizning sifatlari aytilib, ularga bashorat berilgan edi. Madinadagi Avs, Xazraj arablari bilan Payg‘ambarimiz chiqmasdin burun yahudlar so‘qishur bo‘lsalar, alarga aytur edilar: «Sizlar shoshmanglar, bu yaqinda oxirzamon payg‘ambari chiqur, barchadin burunroq biz unga iymon keltirgaymiz, uning tug‘i ostida sizlardin bir kishi qoldirmay qiramiz» deyishib, alarni qo‘rqitur edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:00:34

Shundoq qilib, Payg‘ambarimizning chiqishlariga mushtoq bo‘lib turishgan yahud toifalari o‘zlarini ko‘rishganda, qilgan ahd-paymonlarini unutib, haqiqatdin yuz o‘girdilar. Tavrot, Injil va boshqa ilohiy kitoblarda yozilgan Payg‘ambarimizning sifatlarini yashirib, bu haqda aytilgan oyatlarni o‘zgartirdilar. Mana, Qur’ondagi bu oyat shular haqida nozil bo‘ldi:
«Falamma jaahum ma arafu kafaru bihi fala’natullohi alal kafiriyn», ya’ni, «Yahudlar o‘zlari Tavrot va Injilda sifatlarini ko‘rishgan oxirzamon payg‘ambari kelganida, haqiqatni bilib tursalar ham, unga iymon keltirmay, kofir bo‘ldilar. Allohning la’nati kofirlargadur».
Yahud olimlaridin yolg‘iz Abdulloh ibn Salom iymon keltirdi. Rasululloh Makkadan hijrat qilib Madinaga kelganlarida, bir necha kun Qubo qaryasida (qishlog‘ida) turdilar. Odamlar Rasululloh bilan ko‘rishgali har tomondin kelgani turdilar. Shular ichida Abdulloh ibn Salom ham keldi. Bu kishi yahud qabilasi Bani Qaynuqo raislaridin edi. Rasulullohni ko‘rib, Tavrot va Injilda yozilmish sifatlarini to‘g‘ri topdi. Yuzlariga ko‘zi tushgandayoq: «Yolg‘onchi odamni yuzi bundoq bo‘lmaydur, shu muborak yuzlik kishi qandoq yolg‘on aytsun», deb darhol kalima aytib, iymon keltirdi. So‘ngra aytdi:
— Yo Rasulalloh, rostlik bilan guvohlik berurmankim, Alloh taoloning haq Payg‘ambaridursiz, bu to‘g‘rida qilchalik ko‘nglimda gumonim yo‘qdur, — dedi. Shuning bilan o‘z uyiga qaytib, xotun-bolalarini ham so‘zga qondirib, dinga da’vat qildi. Alar ham iymon keltirdilar. Ammo bu ishni bir necha kun yahudlardin yashirin tutdi. So‘ngra bir kuni Rasululloh huzurlariga kelib:
— Yo Rasulalloh, butun yahud qavmlari bilur va o‘zlari iqror qilurlarkim, men alarning sayidi — sayidzodasi, olimi — olimzodasi erurman. Bizning iymon keltirganimizdan haligacha ularning xabarlari yo‘qdur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 08:00:51

Endi maslahat shuki, barcha yahudlarni chorlab chaqirgaysiz, ular kelgan chog‘ida yashirinib yotgayman, mening borligimni ular bilmasinlar. So‘ngra mening hasab-nasablarimni, ularning oldida qandoq qadr-qimmatim borligini o‘zlaridan so‘rasangiz, albatta, iqror qilurlar. So‘ngra, yo Rasulalloh, alardin ahd olgaysiz, shundoqki, Abdulloh ibn Salom agar iymon keltirur bo‘lsa, biz yahudlar ham barchamiz iymon keltirgaymiz, deb so‘z bersinlar, — dedi. Bu so‘z Payg‘ambarimizga ma’qul bo‘ldi. So‘ngra alarni chaqirib keltirganlaridin keyin:
— Ey yahud qavmi, voy sizlarning holinglarga, Xudodan qo‘rqinglar, butun olamni yaratguvchi Alloh oti bilan ont ichib, qasam qilurman, sizlarga mening haq Payg‘ambarligim oydin-ochiq kundin yorug‘roqdur, chunki sizlardin chiqqan barcha payg‘ambarlar menga iymon keltirishga sizlardin ahd olganlar. Tavrot, Injil kitoblaridagi mening haqimda kelgan oyatlar o‘zingizlarga ma’lumdur. Haqiqatga inkor qilmay, menga iymon keltiringlar, — dedilar. Anda yahudlar:
— Ey Muhammad, Tavrotda bundoq oyatlarning borligini bilmaymiz va ko‘rganimiz yo‘q, — deb haqni inkor qildilar.
Rasululloh yuqoridagi aytgan so‘zlarini qasam bilan yana uch marotaba qaytarib aytdilar. Yahudlar birinchi navbatda bergan javoblarini yana takror qildilar. So‘ngra Rasululloh alarga qarab:
— Abdulloh ibn Salom sizlarning ichinglarda qandoq odamdur? — deb so‘radilar.
Anda barchalari bir og‘izdan javob berishib:
Ul odam bizning sayidimiz, olimimiz bo‘lur, deyishdi.

Qayd etilgan