Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 262854 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:25:18

Rasulullohning bu maqsadini Madinada turishgan vaqtda bularga bildirmadilar, aning uchunkim, o‘z ichlaridagi dushmanlardan, birinchi — munofiqlar, ikkinchisi — yahudlarning Makka mushriklari va boshqa din dushmanlari bilan yashirincha aloqalari bor edi. Musulmonlarga zarar yetkazish alarning eng suygan vazifalari edi. Rasululloh tomonidan ko‘rilgan choralar, qilinayotgan tadbirlarni birma-bir tashib, ularga yetkizmoqda edilar. Ana shu josuslardin saqlanish uchun, bu maqsadni Madinada so‘zlamadilar. So‘ngra Abdulloh ibn Jahsh xat buyrug‘i bo‘yicha shu belgilangan joyga qarab yurdi. Yo‘ldoshlaridan Sa’d ibn Abi Vaqqos, Utba ibn G‘azvon, bu ikkovlari mingashib kelayotgan tuyalarini yo‘qotishib qo‘yib, shuni izlab ortda qolishdi. Qolganlari esa xatda aytilgan Naxla degan joyga kelib, bir pana joyda pisib yotdilar. Shu oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Shom tomonidan kelayotgan kichikroq bir qofila (karvon) ko‘rindi. Bunda karvon boshchilaridan Amr ibn Hazramiy, Usmon ibn Abdulloh, buning qarindoshi Navfal ibn Abdulloh, Hakam ibn Kayson, mana shu kishilar bor edi. Bu ish Toif shahri bilan Makka oralig‘ida bo‘lgan voqea¬dur. Sahobalar o‘zaro kengash qildilar. Boshliqlari Abdulloh ibn Jahsh:
— Agar bu karvon ahli shu kecha bizdan qutulib, omon topsalar, tuni bilan yurib o‘tirib, Harom tuprog‘ina kirib ketishlari mumkindur. U chog‘da bizning hujumimizdan albatta qutulgan bo‘lurlar. Agar shu kechada turib, alarni bosib qo‘lga tushirsak, Harom oylarining hurmatini saqlamagan bo‘lib, butun arablar oldida ta’naga qolurmiz, — dedi.
Endi buni bilmak kerakkim, johiliyat zamonida, Islom dini chiqmagan davrda arab xalqining o‘z boshiga erklik birorta podsholari yoki hukumatlari yo‘q edi. Bir tarafdin, ya’ni Shom tarafdagilari qaysari Rumga, ikkinchi tarafdin, ya’ni Iroq tarafidagilari Eron podsholariga tobe’ edilar. Har ikki chegaradan yiroq yerlarda, tog‘u cho‘llarda yashovchi qabilalar hech kimga bo‘ysunmas edilar. Lekin tabiiy jangovarlik, zotiy urushchanlik, buning ustiga urug‘-aymoq tortishuvlari natijasida, o‘zaro uzluksiz urushlar davom etib, doimiy ravishda qon to‘kishlari bo‘lib turmoqda edi. Shundoq bo‘lsa ham, Islom kirmasdin ilgari, arablar ikki narsaning hurmatini qattiq saqlar edilar: Harom tuprog‘i ustida zulm-xiyonat qilmaslik, har yil ichida to‘rt oy urush-talashdin yiroq bo‘lib, qon to‘kmaslik va ul to‘rt oyning otlari shular: 1. Zul¬qa’da. 2. Zulhijja. 3. Muharram. 4. Rajab. Bu oylarni «ashhurul xurum» deb ataydilar. Hurmatlik oylar, yoki qon to‘kish xarom, degan oylar bo‘lur. Qur’oni karimda necha o‘rinda keltirilmishdur. Harom tuprog‘i ersa, Alloh izni bilan, bu qutlug‘ uy yasalgandin buyon buning hurmati o‘z tarafidan saqlanib keldi. YOlg‘iz insonlar emas, hayvonlar tomonidan ham bu uyga adabsizlik ko‘rsatuvchilarga samoviy jazolar berildi. Hadis, tarix kitoblari bu so‘zlar bilan to‘lgandur. Buning haqligi Fil surasidagi voqeadan ham ma’lum, u har bir musulmonga ochiq dalildur. Bu to‘g‘rida kerakli so‘zlarni keng yo‘sinda tarixiy bayonlari bilan o‘z o‘rni kelganda, yana ham ochiqroq qilib ayturmiz, inshaalloh! Mana endi, yuqorida Abdulloh ibn Jahshning: «Karvonlar Haramga kirsa, bizdan qutulur, agar shu kecha alarga hujum qilsak, rajab oyining hurmatini buzgan bo‘lib, arablar oldida ta’naga qolurmiz» degan so‘zlarining sababi shu edi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:25:28

Shundoq qilib, sahobalar bu karvonga hujum qilish yoki qilmasga ikki yoqlama bo‘lib turishib, oxiri hujum qildilar. Shu kuni rajab oyining tuganchisi edi. Sahobalardin Vahb ibn Abdulloh dushmanlardin Amr ibn Hazramiyni qoraga olib, o‘q otdi. Jon yeriga tekkan ekan, shu orada jon berdi. Usmon ibn Abdulloh, Hakam ibn Kayson — bu ikki kishini asir oldilar. Buni ko‘rib, dushman to‘pi buzildi. Boshqalari Navfal ibn Abdulloh karvonni tashlab qochdi. Endi, dushman tomonidan ortiqcha qarshilik ko‘rilmagach, Abdulloh ibn Jahsh va uning yo‘ldoshlari butun karvonga ega bo‘ldilar. Qo‘lga tushgan o‘lja mollarini yuklashib, yuqorigi ikki asir birlikda, salomat Madinaga keldilar. Islom dini chiqqandin beri musulmonlarning dushmanlardan dastlabki tushirgan o‘lja mollari shu edi. Bu kishilar Madinaga kelganlaridan keyin, bular ustidan so‘z tarqaldi. Butun arablar ichida «ashhurul xurum» atalgan to‘rt oy ichida urushib, qon to‘kmaklik harom bo‘lganligidan, rajab oyining oxirgi kuni bu voqea bo‘lganligi ma’lum bo‘lib, butun xalq tomonidan qattiq ta’naga qoldilar. Ayniqsa, madinalik yahudlar, ularning yashirin do‘stlari— munofiqlar bu ish ustida ko‘p shovqin ko‘tardilar. Alam o‘tgan Quraysh mushriklari bo‘lsa, butun arablarga jar chaqirib, faryod qilgani turdilar. Buning ustiga, Rasululloh tarafidan: «Men bularni urushga amr qilmagan edim», degan so‘z eshitildi. Bu so‘z chiqqandin keyin boshqa sahobalar tomonidan ham alar haqida qattiq-quruq so‘zlar aytilgani turdi. Bu kelgan o‘lja mollardin Rasululloh o‘zlariga biror narsa ayirmadilar. Yoki boshqalarga taqsim ham qilib bermadilar. Rasulullohning bundoq muomala qilganlarini ko‘rishib, bu ishni qilgan, undan ajr-savob kutishib turgan Abdulloh ibn Jahsh, uning yo‘ldoshlari sakkiz sahobaning boshlariga g‘am tog‘i ag‘darildi. Bu qilgan ishlariga qattiq o‘kinib, ko‘p pushaymon bo‘ldilar. Hijolatdin bosh ko‘tarolmay, ma’yusliklari nihoyatiga yetdi. Mana shu chog‘da mehribon Allohning marhamati bilan oyat nozil bo‘lib, ular xijolatdin chiqdilar:
Yas aizvnaka anishshahril haromi qitalin fiyh. Qul qitamun fiyhi kabir. Va soddun an sabilillaahi va kufrun bihi val masjidil haromi va ixroju ahlihi minhu akbaru indalloh. Val fitnatu akbaru minal qatl.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:25:37

Alloh taolo Payg‘ambarimizga aytadi: «Yuqorigi hurmatlik to‘rt oy ichida urushmoq, qon to‘kmoq, hukmini kishilar sendin so‘raydilar. Sen alarga aytgil, bu oylarda urushmoq ulug‘ gunohdur, ammo Alloh yo‘lidan qaytarmoq, Allohga inkor qilmoq, Masjidul Haromga kirishdan mo‘minlarni to‘smoq, shu yerlik kishilarni o‘z vatanlaridan bezdirib, qochishga majbur qilmoq, mana shu ishlar Alloh oldida undan ham ulug‘roq gunohdur. Haq dinga kirgan mo‘minlarni turlik fitnalar bilan dindan chiqarmoq — kishi o‘ldirgandin ham yomonroq gunohdur. Ya’ni, sizlarning Rajab oyida urush qilib, ulardin bir kishi o‘ldirganinglarni ulug‘ gunoh ko‘rurlar. Haqiqatda esa o‘zlarining yuqorida qilgan ishlari Xudo oldida eng ulug‘ gunoh hisoblanadur. Shunday bo‘lgach, ularning sizlarga ta’na qilishga hech yo‘llari yo‘qdur», — degan mazmundagi oyat nozil bo‘lgandin keyin, ul sakkiz sahobaning boshlaridin hijolat ko‘tarilib, ko‘ngillaridagi g‘am-qayg‘ulari tarqaldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bulardin rozi bo‘lib, keltirgan g‘animat mollarini taqsim qilib berdilar. Shu bilan masala tamom hal bo‘ldi. Yahudlar va munofiqlarning bundin kutgan maqsadlari yuzaga chiqmadi. Quraysh mushriklari ham asir tushgan ikki kishi uchun fidya mol yuborib, qaytarishni talab qildilar. Bu sakkiz kishidan ikkovlari Sa’d ibn Abi Vaqqos, Utba ibn G‘azvon yo‘qotgan tuyalarini izlashib, yo‘lda ajrashganlaricha, hali kelmagan edilar. Shuning uchun payg‘ambarimiz: «Bizning kishilarimiz salomat kelmagunlaricha, bu asirlarimizni bo‘shata olmaymiz», dedilar. Shu orada ul ikki sahoba ham Madinaga salomat yetishib keldi. So‘ngra asirlar uchun fidya mollarini qabul qilib, alarni ham bo‘shatdilar. Bu ikki asirning birisi Hakam ibn Kayson o‘z ixtiyoricha musulmon bo‘lib, Madinada qoldi. Ikkinchisi, Usmon ibn Abdulloh kofirligicha Makkaga ketdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:25:52

QIBLANING O‘ZGARTIRILISHI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlaridan so‘ngra Quddusi sharifga qarab, o‘n olti oy namoz o‘qidilar. Lekin ko‘ngillarida Ka’baga qarab namoz o‘qishni bek orzu qilar edilar. Chunki Ka’ba Ibrohim Xalilullohning qiblasi edi. O‘tgan payg‘ambarlar, Odam alayhissalomdan Xotam alayhissalomgacha hammalari Quddusi sharifga qarab ibodat qilur edilar. YOlg‘iz Ibrohim Xalilullohga Alloh izni bilan Ka’ba — qibla bo‘ldi. Quraysh sayidlari: «Muhammad o‘zi Ibrohim Xalilulloh yo‘lidaman, deydur, andoq ersa, nechuk Ka’baga qarab namoz o‘qimaydi, yahudlar qiblasi Baytul Maqdisga qaraydi», deb ta’na qilishur edi. Buning ustiga yahudlar: «Muhammad bizning dinimizga qarshi bo‘lsa ham, o‘zi qiblamizga tobe’dur», der edilar. Rasululloh Makkada turgan chog‘larida Quddusi sharifga qarab namoz o‘qigan bo‘lsalar ham, namozda Ka’baga orqa o‘girmagan edilar. Ammo Madinaga kelganlarida, namoz o‘qisalar, Ka’ba dol orqada qolishga to‘g‘ri keldi. Rasulullohga bu ish ham ko‘p og‘ir kelgan edi. Jabroil alayhissalomga: «Alloh taolo meni yuzimni yahudlar qabilasidan Ka’baga o‘girarmikin», deb ko‘ngillaridagi orzularini bildirdilar. Anda Jabroil alayhissalom bu maqsadni Allohdan talab qilishni maslahat berdilar. Rasululloh: «Mening bu tilagim qachon qabul bo‘lgay», deb ko‘p termulganlikdan, duo qilganlarida yuzlarini ko‘k sari ko‘tarur edilar.
Bir kuni Ummu Bashar degan sahobiya xotunning uyiga uni ko‘rgani keldilar. Shu yerda peshin namozining vaqti kirgan edi. Shu joydagi mahalla masjidiga chiqib, sahobalar bilan peshin namozini o‘qishga turdilar. Ikki rakat o‘qiganlarida Jabroil alay¬hissalom: «Favalli vajhaka shatrol masjidil Harom» oyatini vahiy keltirdi. Ya’ni: «Yuzingni Ka’baga aylantir», degan Xudo tarafidan amr bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namoz ichida, turgan holda yuzlarini Ka’baga o‘girdilar. Mana o‘shal kundan boshlab, butun musulmonlarning qiblasi Ka’baga qaror topdi. Shu kunda ham Madinai Munavvarada ikki qiblalik masjid, degan bir-biriga qarama-qarshi, ikki mehroblik bir masjid bordur. Uni hojilar ziyorat qilurlar. Bu voqea ham Payg‘ambarimiz haqida ulug‘ ne’matlardin sanalur. Chunki boshqa payg‘ambarlar umrlari bo‘yicha qilgan ibodatlari bir qiblaga qaratilgan edi. Ammo bizning Payg‘ambarimiz qilgan toat-ibodatlarini ikki qiblaga qarab ado qildilar. Ikki qiblaning savob darajalari ul zotga hosil bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:26:06

RO‘ZANING FARZ BO‘LISHI

Shu yilning Sha’bon oyida Alloh taolo tomonidan vahiy kelib, musulmonlarga har yili bir oy Ramazon oyida ro‘za tutmoq farz bo‘ldi. Bundan ilgari Pay¬g‘ambarimiz va sahobalar har oyda uch kun — o‘n uchinchi, o‘n to‘rtinchi va o‘n beshinchi kunlari ixtiyoriy ro‘za tutar edilar. Kitoblarda bu kunlarni «ayyomi bayzo», ya’ni «oydin kunlar» deb atardilar. Har yilda bir oy Ramazon oyida — ro‘za tutmoq besh binoi Islomning birisidur.
Inson asli yaratilishida ikki taraflik sifat bilan yaratilmishdur. Ya’ni, jismoniy hayvoniy va ruhoniy malakoniy sifatlarga egadur. Har ikki tomonning tarbiyati o‘ziga xos, g‘izosi bilan (ozuqa) bo‘lur. Ya’ni, yemak-ichmak insonning jismoniy tarbiyati bo‘lganidek, namoz, ro‘za, toat-ibodat uning ruhoniy tarbiyatidur. Inson bolasi jismoniy sifatlari tomonidan qaralsa, hayvon bolasidan hech qandoq far¬qi yo‘qdur. Agar inson hayvoniy sifati bilan qo‘yilsa, ul holda o‘zidan boshqa hech narsani tanimaydur. Bosh¬qa birovlar uchun qayg‘urish uning esiga ham kelmaydur. Ochlik, chanqoqlik eng og‘ir ishdur. Buning qiyinligini har kim aqli bilan bilsa ham bo‘lur. Lekin ochlikni tatigan kishi, uni tatimaganlardan yaxshiroq bilur. Shuning uchun Alloh taolo har yili bir oy, boy-chog‘oy, shoxu gado demay, bir oy ro‘za tutmoqni barchaga bir tekis farz qildi. Hammaga ochlikning achchig‘ini totqizdi. Ochlik qandoqligini, totiganlarga ochlik bilan ezilgan ojizlarni eskartdi. Endi ro‘zaning ruhoniy tomoniga qarasak, agar sharoiti rioya qilingan taqdirda, uning qalbiga, ruhiga, boshqa ibodatlarga qaraganda tezroq ta’sir qilishida hech shak yo‘qdur. Ibodat, riyozat ta’sir qildi, demak, qalb, ruh quvvat topib, yomon xulqlardin pok bo‘ldi, demakdur.
Insonda doimo qarama-qarshi ikki tortishuv bordur. Birinchisi, rahmoniy aql, ikkinchisi, shaytoniy nafsdur. Buni Payg‘amlarimiz: «Limmai rahmoniy, limmai shaytoniy», dedilar. Bu ikki kuch odam bolasini doimiy suratda talashurlar. Haqiqatda esa bularning biri jannat, ikkinchisi do‘zaxdur. Bu ikkovidan qaysi biriga qo‘shilsa, bandada ixtiyor bordur. Lekin shuni bilmoq kerakkim, namoz, ro‘za, toat-ibodat bilan rahmoniy aql quvvat topadi. Agar bulardan ajrab, fisq-fasod, nafsi havo yo‘liga kirsa, shaytoniy nafsi rivojga kiradi. Mana bu ikki quvvatning qaysi tomoni rivojlik, kuchlik bo‘lsa, inson shu tomonga moyil bo‘lur. Shuning uchun, ro‘za oyining tuganchisida fitr-sadaqa berishni shariat vojib qildi. Ro‘za sharofatidan ko‘ngillari yumshagan mo‘minlar buni og‘ir olmay, ixlos bilan ado qilishlarini bildi.
Rasululloh Madinaga kelgach, ikki yildan keyin Ramazon oyining ro‘zasi, musulmonlarga shu oyat bilan farz bo‘ldi:
«Ya ayyuhallazina amanuv kutiba alaykumus siyamu kama kutiba alallazina min qablikum».
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, bir oy Ramazon ro‘zasi sizlarga farz bo‘ldi, sizlardan ilgari o‘tgan payg‘ambarlarga ham ro‘za farz bo‘lgan edi».

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:26:22

ZAKOTNING FARZ BO‘LISHI

Yana shu yili boy kishilarga nisobi yetgan mollaridan zakot berish farz bo‘ldi. Zakot farz bo‘lishi haqida shu oyat tushgan edi:
«Aqimus solata va atuz zakata», ya’ni «Namoz o‘qing¬lar va zakot beringlar», demakdur.
Agar bir kishining o‘z hojatidan ortiqcha kumush aqchasi ikki yuz tangacha, oltin bo‘lsa, yigirma tilloga yetsa, yoki tijorat savdo qilish uchun saqlagan molining bahosi o‘shanchalik bo‘lsa, buning ustiga yil aylanib o‘tgan bo‘lsa, mana shul molning qirqdan birini zakot niyati bilan faqir, miskin, yetim-esirlarga bermak farzdur. Zakot — besh binoi Islomning birisidur.
Shunga o‘xshash, agar bir kishining qo‘yi qirqqa yetsa, sigiri o‘ttizga, tuyasi beshga yetganida, bularning ustiga yil aylanib o‘tganda, shulardan shariat buyurganicha zakot chiqarmoq va chiqqan dehqonchilik unumlarining o‘ndan birini Xudo yo‘liga topshirmoq barcha musulmonlarga farzdur. Bularni yig‘ib olish, shariat ko‘rsatgan o‘ringa topshirish ishlari podshoh yoki hukumatning haqqidur. Agar bu ushur zakotlarni olish-berishda Qur’on ko‘rsatganicha ish qilsalar, musulmon faqirlarining hojatsiz bo‘lishlarida hech shak yo‘qdur. Kasbdan ojiz qolib, hojatga tushgan kishilarning turmushlarini to‘liq ta’min qilishga albatta bu ish kafildur. Boshqalarga o‘xshab, bu haqda turli tadbirlar o‘ylab chiqarishga hech hojat yo‘qdur. Agar inson olamining oqil donishmandlari insof yuzasidan chuqur nazar qilsalar, dunyo yo‘qsullarini ta’minlamoq uchun eng birinchi chora shuldur. Boy-chog‘oylar orasida yashirin yotgan hasad o‘tini o‘chirishga eng o‘tkir dori shuldur. Nechuk shunday bo‘lmag‘aykim, Alloh taolo bandalarining dunyo va oxiratlik ishlarini tuzatish uchun o‘z hikmati bilan chiqargan eng ulug‘ bir tadbirdur. Bu hikmatlik hukmni amalga oshirish butun hojatlik insonlar haqqini himoya qilish demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:26:38

BADR G‘AZOTI

Bu g‘azot ersa, butun Islom olamida bo‘lgan g‘azotlar ichida eng ulug‘ atalmishdur. Buning ulug‘ligi moddiy jihatdan, ya’ni askarning ko‘pligi, yaroq-jabduqning mo‘lligidan emas, balki ma’naviy-diniy tomondan qaralganda, bek ulug‘ g‘azotdur. Yuqori olam, ya’ni yetti qat osmon, to Lavhu Qalam, Arshi a’zam farishtalari oldida ham bu g‘azotning shuhrati bordur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelishlari bilan, hidoyat quyoshi yangidan tug‘ilgan bo‘lsa ham, lekin bu qutlug‘ g‘azot natijasida hidoyat ahllari zafar bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarib, butun zalolat olamiga maydon o‘qidilar. Ulug‘ farishtalardin Jabroil, Mikoil, Isrofil alayhissalom, bu uchovlari uch tug‘ ko‘targan uch ming farishta bilan maydonga hozir bo‘ldilar. Bu sirni Alloh taolo Payg‘ambarimizga Qur’onda bu oyat bilan xabar berdi:
«Ala yakfiyakum an yumiddakum rabbukum bisalasati alafin minal malaikati munzalin». Ma’nosi: «Kifoya qilmasmu, Rabbingiz sizlarga madad bersa o‘z tarafidan tushirilgan uch ming farishtalar bilan», degan bo‘lur.
Yuqorigi uch ulug‘ farishtalar tug‘-bayroqlari bilan bu maydonga hozir bo‘lganlaridek, bularga qarshi Iblis mal’un, Bani Kinona qabilasining raisi Suroqa ibn Molik suratiga kirib, bu ham hozir bo‘ldi. Shu qabila kishilarining suratlariga kirgan bir qancha kofir jinlardan qo‘shin tuzib, tug‘-bayroqlar ko‘targan holda Badr maydoniga keldilar. Quraysh mushriklari bularning kelganlarini ko‘rib, ko‘ngillari taskin topdi. Yo‘q ersa, bu ikki qabila orasida eskidan qolgan adovatlari bor edi. Bundoq vaqtda alarning qarshi harakat qilib qolishlari mumkinligidan qo‘rqar edilar. Suroqa suratiga kirgan iblis mushriklarga aytdi: «Bizdan ko‘nglinglar tinch bo‘lsin, men sizlarga yordam berish uchun keldim. Endi bu urushda sizlarga dushmandan yengilmoq yo‘qdur», deb Abu Jahl¬ning ukasi Hars ibn Hishom qo‘lini tutdi. Biroq shu chog‘da Jabroil alayhissalomga Iblisning ko‘zi tushdi. Tani simobdek larzaga tushib, darhol tutib turgan kishi qo‘lini siltab tashlab, orqasiga qaramay qochdi. Kofirlardan birovi turib: «Ey Suroqa, yordamga keldim, deb bizni quvontirgan eding, endi o‘z so‘zing¬ga vafo qilmay, qayon borursan?», dedi. Suroqa aytdi: «Sizlar ko‘rmaganlarni men ko‘rurman, endi bu joyda turmoqqa toqatim yo‘qdur», deb askarlari bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:26:58

Endi bu g‘azotning boshlanishi shundoq edikim, yuqorida aytg‘animizcha, Makka mushriklarining katta karvoni Rasulullohga tutqich bermasdin, Shom viloyatiga o‘tib ketgan edi. Bir necha kundan keyin ularning Shomdan qaytgan xabarini eshitdilar. Anda sahobalarga aytdilar: «Bu kelayotgan karvonni agar qo‘lga tushirsak, biz ulug‘ o‘ljaga ega bo‘lurmiz. Endi shuning chorasiga kirishaylik, kimning ot-ulog‘i oldida hozir bo‘lsa, biz bilan chiqsin. Ot ulog‘i yo‘q kishilarni kutib turishga vaqt sig‘maydi», deb yo‘lga chiqdilar. Bu voqea hijratning ikkinchi yili, Ramazon oyining to‘rtinchi kuni edi. Bu muborak g‘azotga tayyor¬lanib chiqqan sahobalarning soni uch yuz o‘n uchga yetdi. Buning ikki yuz qirqtachasi ansorlar bo‘lib, qolganlari esa muhojirlar edi.
Abdulloh ibn Ummu Maktumni Madinaga vaqtlik voliy qilib qo‘ydilar. Bu askarning borlik ko‘ruklari ikki ot, yetmish tuya bo‘lganlikdan, yo‘l bo‘yi gezaklashib (almashib) minishdilar. Rasululloh yo‘lga chiqqanlarida Shom tomondan kelayotgan karvonning boshlig‘i Abu Sufyon edi. Bu kishi Hijoz tuprog‘iga o‘tgandan sergaklikka boshlab, zag‘izg‘ondek soqlik ila yo‘l tutdi. Har qo‘nolg‘uga borish oldidan tingchilar yuborib, Madina tarafidan saqlanib kelar edi. Ilgarilab karvon oldidan yuborgan tingchilari Pay¬g‘ambarimizning yo‘l to‘sgali chiqqani xabarini keltirdilar. Buni onglashib karvon ahliga qattiq qo‘r¬qinch¬lik tushdi. Zamzam ibn Amr degan kishini yo‘ldan yigirma misqol oltinga ijara olib, tezda Makkaga xabar qilgali yubordilar. Bul kishi ersa yelmayon tuyaga minib, bir necha kun ichida Makkaga yetdi. Shahar o‘rtalig‘iga kelib, tuya ustida tikka turdi, kishilar qarasalar, teskari qo‘mlagan tuyaga mingan, tuyani quloq-burni kesilib, qoni oqqan, kiygan ko‘ylagining orqa-oldi yirtilib, yoqasiga yetgan. Mana shundoq kishi seskanurlik holda turib: «Har kimga molu jon kerak bo‘lsa, ildamlik bilan Abu Sufyon yordamiga yetsun, Muhammad yo‘ldoshlari bilan qofila karvonni bosmoqchi bo‘lib, Madinadan chiqdi», deb jonining boricha qattiq qichqirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:27:11

Dushman tomondan qo‘rqinchlik xabar yetkazgan kishilarning shundoq dahshatlik sifatda kelishlari arab odatlaridan edi. Bu dahshatlik xabarni eshitgan Quraysh xalqi butunlay qo‘zg‘aldilar. Abu Jahl boshliq butun qabila boshliqlari Rasulullohga qarshi xalq g‘azabini qo‘zg‘ashga qattiq kirishdilar. Quraysh raislaridan Abu Lahabdan o‘zga bu safarga chiqmagan kishi qolmadi. Bu bo‘lsa, o‘z o‘rnida Os ibn Hishom degan kishini to‘rt ming tangaga yollab yubordi. Oldirashlik (tezlik) bilan tayyorlik ko‘rishib, ikki kun ichida yo‘lga chiqdilar. Askar qo‘shinida to‘qqiz yuz ellik kishi bo‘lib, yetti yuz tuya, yuztacha sovutlangan yugurik otlari bor edi. Childirma chalib urush qizdirmoqqa, she’r o‘qib, o‘zlarini maqtab, musulmonlarni yomonlamoqqa kanizaklardan bir necha qo‘shiqchi oldilar.
Payg‘ambarimizning Makka mushriklarining bunchalik qilgan ishlaridan xabarlari yo‘q edi. Bu chiqishlaridan kutilgan maqsad karvon molini qo‘lga tushirish edi. Shuning uchun vaqt o‘tmasun deb tezdan hozirlik ko‘rib, shul kuniyoq Madina tashqarisiga chiqib, qo‘shin tuzdilar. Shul joyda ko‘rik o‘tkazib, urushga yaramlik askar tayyorlandi, yoshi yetmagan bolalar, kuchsiz qari-qartanglar qaytarildi. Shu yerdan ikki kishini tingchi qilib kaytgan qofila qayerga kelganini bilmak uchun yubordilar. Madinadan ikki-uch kun yurib, Ravho degan joyga kelganlarida Quraysh qo‘shinlarning kelayotgan xabari bilindi. Tingchilikka ketgan ikki kishi kelib, bir-ikki kun ichida alar Badr vodiysiga yetib kelishlarini bildirdilar. Buni anglab, Rasululloh askar boshliqlarini yig‘ib: «Ey mo‘minlar, ikki toifaning birini bizga bermakka Alloh va’da berdi: yoki Shom tomonidan kelayotgan Quraysh karvoni bizga o‘lja bo‘lg‘usidur, yoki bularni to‘sib chiqqan qo‘shinlari bilan to‘qnashsak, zafar topkumizdur», dedilar. Anda ba’zi sahobalar: — «Yo Rasulalloh, shoshqunlik bilan karvon to‘smoqqa chiqqanligimizdan, yaroq-jabduqlarimizni to‘luqlab olmagan edik, qanday bo‘lur ekan?» — deb Quraysh askarlariga to‘qnashlikni tilamaganliklarini sezdirdilar. Anda Miqdod ibn Asvad o‘rnidan turib aytdi: «YO Rasulalloh, Alloh taolo sizni qaysi ishga buyurgan bo‘lsa, shunga qarab yurish qiling. Muso qavmi — Bani Isroil aytgan so‘zni bizlar aytmaydurmiz (Payg‘ambarlari alarni g‘azotga chaqirganda: «Ey Muso, biz urush qilmasmiz, Tangring bilan sen borg‘il urush qilib shaharni dushmanlardan bo‘shatgil, so‘ngra biz kiraylik, ul chog‘lik biz o‘ltirib turaylik», degan edilar).

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:27:27

Alloh oti bilan ont icharman, agar bizni olib, Barakal G‘amod shahriga yurar bo‘lsangiz (arablarning aytishlaricha, dunyoning bir chetidagi shahar), oldi-orqangizdan, o‘ng va so‘l yoningizdan chopa-yurib, siz aytgan joyingizga yetkururmiz».
Yana ansor sahobalaridan Sa’d ibn Mu’oz aytdi: «YO Rasulalloh, bizlar sizga iymon keltirdik, sizga Alloh yuborgan (elchi) deb ishondik. Sizning buyrug‘ingizda bo‘lmoqqa, har to‘g‘rida sizni himoyat qilmoqqa va’da berib, bay’at topshirdik, qaysi ishga Alloh amr etgan bo‘lsa, boshlang, biz tayyormiz. Sizni payg‘ambar qilib yuborgan Alloh oti ila ont ichurmankim, agar bizni boshlab qay dengizga kirar bo‘lsangiz, ortingizdan qolmay, bizlar ham kirarmiz, suv dengizi emas, o‘t dengizi bo‘lsa ham sizdan ajralmaymiz, har qancha ko‘p dushman qarshisida bizni qo‘ysangiz, uni ko‘p ko‘rib, og‘ir olmaymiz. Urush maydonida bizlar chidamlikdurmiz. Dushman qarshisida erlik bilan turib, qahramonlik ko‘rsata olurmiz.
YO Rasulalloh, ertaga ko‘rasiz, dushman oldida qilgan bahodirlik ko‘rsatgan botirliklarimiz. Sizni albatta, suyuntirgay, albatta, shunday bo‘lur deb Allohdan umid etamiz», deb so‘zini to‘xtatdi.
Bu so‘zlarni eshitib Rasululloh suyunganlaridan muborak yuzlari yaltirab ketdi. So‘ngra aytdilar: «Sizlarga bashorat bo‘lg‘aykim, dushmanlarimiz bu urushda bizdan yengiladilar. Urush maydonida alarning yiqilib yotgan joylari Xudo tarafidin ko‘zimga ko‘rsatildi». Ya’ni, Alloh taolo ikki toifaning birini berurman, deb Payg‘ambarimizga va’da qilgan edi. Shu va’da Quraysh qo‘shiniga to‘g‘ri kelib, alarning bu urushda uchraydurgan voqealari ko‘rsatildi. Abu Jahl boshliq bir qancha Quraysh raislarining bu maydonda o‘ladurgan joylarini belgilab, bir kun oldin sahobalarga ko‘rsatdilar. Qaysi yerni ko‘rsatgan bo‘lsalar, xuddi o‘shal yerda degan kishilari halok bo‘ldi. Bunday g‘oyib ishlardan xabar berishlari Payg‘ambarimizning mo’jizalari edi.
Endi so‘zni Abu Sufyondan eshitamiz. Abu Sufyon Payg‘ambarimizning yo‘l to‘sib chiqqanlarini anglagandan so‘ngra, yurgan yo‘lini tashlab, yiroq bo‘lsa ham dengiz bo‘yi yo‘liga tushib karvonni qutqazdi. Darhol xat yozib, kelayotgan Quraysh qo‘shiniga kishi yubordikim, bizlar qutuldik, endi boshqa hojat yo‘q, sizlar qaytinglar, deb yozgan edi. Bu yuborilgan kishi alarga yo‘lda yo‘liqdi. Xatni o‘qigandin so‘ngra Abu Jahldan boshqa barcha Quraysh raislari Abu Sufyon so‘zi bilan yo‘ldan qaytib ketishni ma’qul ko‘rdilar. YOlg‘iz Abu Jahl bu ishga rozilik bermadi: «Biz yo‘limizdan qaytmaymiz, Badr maydoniga borib, ul joyda uch-to‘rt kun turaylik, atrofdagi arablar bu ishimizdan xabar topsinlar, tuya so‘yib, chag‘ir ichib askarga ulush beraylik, arab eliga bizning otimiz tarqalsin, bu yo‘lni shundoq qilib qaytsak, xalq ichida obro‘yimiz oshib, haybatlik bo‘lurmiz», dedi. Buning bu so‘ziga qarshi chiquvchilar bo‘lsa ham, alarning so‘zlari rad qilinganlikdan, ba’zilari o‘zlariga qarashlik bo‘lgan kishilarni olib, yo‘ldin qaytdilar. Qolgan Kuraysh qo‘shinlari shu yurganlaricha, Badr vodiysining Makka tomonidagi chetiga kelib qo‘ndilar. Bu joy bo‘lsa, Makka bilan Madina oralig‘idagi, Madinaga yaqinroq bir yerdur. Qo‘nishlari yumshoq tuproqlik, keng ketgan tekislik edi. Mushriklar bu o‘ringa yetganda, u tomondan Payg‘ambarimiz ham yaqinlashib keldilar. Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, bu ikkovlarini dushmandin xabar olib, til tutmoqqa askar oldidan yuborgan edilar. Bular Quraysh askarlarining suvchilariga yo‘liqib, alardin ikki kishini ushlab, Rasulullohga kelturdilar. Shu vaqtda Rasululloh namoz o‘qib turmoqda edilar. Namozdin bo‘shaguncha bularni so‘roqqa olishdi. Alardin kim ekanliklarini so‘rab edilar, «Quraysh askarlarining suvchilarimiz», deb rostini aytdilar. Bunga ishonishmay: «Sizlar Abu Sufyon kishilari bo‘lgaysiz», deb alarni qattiq urdilar. Qiynoqdin qutulmoq uchun, yolg‘on bo‘lsa ham: «Abu Sufyon g‘ulomlarimiz», deb turganda, Rasululloh namozlarini o‘qib bo‘lib, alarga aytdilarkim: Rostini aytganda bularni urdinglar, yolg‘on aytsalar qo‘ydinglar. Quraysh suvchilarimiz, deganlari to‘g‘ridur. Qani ulardin bizga xabar beringlar, raislari kimlar, askar soni qancha?» — deb so‘radilar. Anda suvchilar: «Biz Quraysh askarlarini anavi ko‘ringan egiz qumtepa ortida qo‘ndirib keldik. Ammo askar soni qancha ekanini bilmaymiz», dedilar. «Andoq bo‘lsa, har kuni askarning ovqatiga necha tuya so‘yiladi?», dedilar. «Bir kun o‘n, bir kun to‘qqiz tuya so‘yiladi», deyishdi. «Bu so‘zing¬lar rost bo‘lsa, askar soni to‘qqiz yuz bilan ming oralig‘ida bo‘lg‘ay», dedilar. Ikkinchisi, bu askar ichida Quraysh raislaridan bir qancha atoqlik kishilarning borligini bildirdi. Buni eshitganlarida, Payg‘ambarimiz sahobalariga qarab: «Makka shahri sizlarga jigarporalarini taqdim qilmishdur», deb bu urushda zafar topishga ishorat qildilar.

Qayd etilgan