Hazrati Fotimaga Payg‘ambarimizning bergan seplari mana shular edi: ostilariga solgudek bir qo‘chqor terisi, ustilariga yoping‘udek bir jun sholcha, yana bir dona yostuq, tashqarisi meshdan tikilgan, ichi xurmo qovuqlari bilan to‘lg‘izilgan edi. Bir kuni ertalab Rasululloh Hazrati Fotimaning uyiga kirdilar. Qarasalar Hazrati Ali, Hazrati Fotima bomdod namozini o‘qigandin keyin, sovuqqa chiday olmay, to‘shaklariga qaytadan kirishib yotgan ekanlar. Rasulullohni ko‘rib, uyalganlaridan boshlarini burkashib oldilar. Rasululloh kelib: «Oyoqlarimni isitib olg‘ayman», deb oralariga muborak oyoqlarini uzatdilar. Birini Hazrati Ali quchoqlab ko‘kraklariga bosdi, ikkinchi oyoqlarini Hazrati Fotima qo‘ltiqlariga qo‘ydi. Shuning bilan bir necha oylar o‘tdi. Bir kuni Hazrati Fotima Rasulullohning oldilariga kelib: «Yo Rasululloh, meni Quraysh yigitlari ichida eng kambag‘al kishiga bergan ekansiz, ostimizga solgudek bir qo‘chqor terisidan boshqa to‘shagimiz yo‘qdur, kechasi jun tomonini solib yoturmiz, kunduzi teri tomonini ag‘darib, tuyamizga yem berurmiz. Ustimizdagi yopinchimiz tor va ensiz, torligidan yo‘ldoshim tortsa, men ochilurman, men tortsam, ul ochilib qolgay», dedi.
Anda Rasululloh: «Ey qo‘zichog‘im, bu yo‘qsullikka sabr qilgaysiz. Muso payg‘ambar xotunlari Saquro, ya’ni, Shuayb payg‘ambar qizlari bilan o‘n yilgacha o‘rtalarida bir dona chopondin boshqa ostilariga solgudek to‘shaklari yo‘q edi», dedilar. Mana shuning uchun Rasululloh: «Al-faqru faxriy», dedilar: Ya’ni, «Har kimsalarning dunyoda maqtanurlik biror belgisi bordur, mening maqtanurlik narsam — faqirligimdur». Payg‘ambarimizning bu so‘zlari esa kambag‘al ummatlari uchun yupang‘u bo‘lmoqqa yetarlikdur. Hazrati Fotima, Hazrati Ali haqlarida Payg‘ambarimizning qilgan duolari maqbul bo‘lib, butun dunyoga tarqalgan sayidlarimiz Fotimai Zahrodin tug‘ilgan o‘g‘illari imomi Hasan, imomi Husayn, qizlari Zaynab shularning nasllaridur, Payg‘ambarimiz aytganlaridek, Alloh taolo bularning avlod-nasllariga barakot ato qilgandur.