Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379193 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:37:30

Hadis olimlaridan Ibn Sayyidin Nos degan bir ulug‘ zot «Uyuni osor» otliq kitobida Badr g‘oziylarini uch yuz oltmishga yetkazib yozmishdur. Ehtiyot yuzasidan biz ham shuni ixtiyor qildik, alarga qilgan muhabbatimizdan boshqa bu ishga hech bois topmadik, chunki «Almar’u ma’a man ahab» degan hadisning rivoyati sobitdur. Ya’ni, Payg‘ambarimiz aytdilar: «Har kishi suygani bilan birga bo‘lur». Bu dunyoda suygan bo‘lsa, u dunyoda ham shu bilan birga bo‘lur, demakdur. Allohdin umidim shuldurkim, shu muhabbatim bilan Rasulullohning diydorlariga musharraf bo‘lgayman. Endi ul 360 erlarnnig boshlig‘i Alloh saylagan sardori, odam naslining sayidi — Rasululloh, — Abdulloh o‘g‘li Muhammaddur, sollallohu alayhi vasallam.
Badr g‘oziylarining ismi-shariflari kitob so‘ngida ilova qilib berildi.
Hazrati Usmon raziyallohu anhuning xotinlari Ruqiya Payg‘ambarimizning qizlari edi. Shu g‘azot kunlarida kasali og‘irlashdi, shuning uchun Hazrati Usmon bu g‘azotga borolmay qoldilar. Mana shu otlari yozilgan erlar Rasululloh boshchiligida Alloh yordamida o‘zlariga uch barobar ko‘p bo‘lgan kuchlarni yengib chiqdilar. Bu g‘azotdagi g‘olibiyat orqalik musulmonlar ruhi ko‘tarildi. Islom nuri kufr qorong‘uligini yoritdi. Islom dini butun dunyoga ulug‘ o‘zgarishlar solmoqqa shu g‘olibiyat orqali yo‘l ochdi. Rasulullohning atoqlari, musulmonlarning haybatlari tamom Arabistonni qopladi. Madina shahrida va atrofda poylab turgan dushmanlarga qo‘rqinch tushib, ko‘plari dinga kirdilar. Munofiqlar — Abdulloh ibn Ubay va uning tilakdoshlari til uchida bo‘lsa ham iymon keltirishga majbur bo‘ldilar. Bu urushda musulmonlardan barisi bo‘lib, o‘n to‘rt kishi shahid bo‘ldi, olti kishi muhojirlardan, sakkiz kishi ansorlardan edi. Alloh ulardin, ular Allohdin rozidur. Bu Badr g‘azoti bo‘lsa, hijratdin o‘n sakkiz oy o‘tganda Ramazon oyining uchinchi kunida boshlangan edi. Yana shu oyning o‘n yettinchisida musulmonlarning g‘alaba qozonishi bilan tamomlangan edi. Islom ahli uzra birinchi marotaba bo‘lgan bu ulug‘ ne’matni har yili shu oy, shu kunlar kelganda eslariga olib qo‘yishlari lozimdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:37:45

QAYNAQO’ G‘AZOTI

Rasululloh Badr g‘azotidan qaytib, Madinaga kelganlaridan so‘ngra bir oy ham o‘tmasdin turib, Qaynaqo’ yahudlari Payg‘ambarimiz bilan qilgan ahd-paymonlarini buzib, xiyonat qildilar. Bular bo‘lsa, yahudlar arablar ichida urushchanlik — bahodirlik bilan nomlari ko‘tarilgan edi. Temirchilik, zargarlik hunarlarida anchagina mohir edilar. Shuning uchun urush asboblari bularda mukammal edi. Xotun-qizlarga kerakli zeb-ziynat, oltin-kumush asboblari bularning bozorlarida ko‘proq sotilur edi. Bir kuni bir musulmon arab xotuni isirg‘a-uzuk misoli bir narsa olmoqchi bo‘lib, bir yahudiy zargar do‘koniga kirib o‘ltirdi. U zargar xotunga tegishmoqchi bo‘lib boshiga yopilgan burg‘unchig‘ini orqa tomonidan tortib bog‘lab qo‘ydi. O‘lturgan xotun bilmasdin birdan turganda, boshidagi, egnidagi kiyimlari shipirilib yerga tushdi. Odatda yot kishilar ko‘rishi mumkin bo‘lmaydigan joylari badanidan ochilib qoldi. Ul yerda o‘tirishgan yahudlar qah-qahlashib, ula xotunga kuldilar. Bunga xotunning xo‘rligi kelib: «Musulmon bormi?» deb yig‘lab yubordi. Buning nolasini eshitgan musulmonlardin birisi chidab turolmay, qilich sug‘urib, ul yahudiyni chopib tashladi. Buni ko‘rgan ko‘pchilik yahudlar uning ustiga hujum qilishib, uni pora-pora qildilar. Shu bahona bo‘lib, yahudlar bilan musulmonlar orasiga dushmanlik tushib, urush qo‘zg‘aldi.
Bu xabar Rasulullohga yetgach, yahud raislaridan bir nechalarini Madinaga chaqirdilar. Ahd buzguvchilarning oxiri yomon bo‘lishini alarga aytib: «O‘rtamizda to‘xtalgan ahd-paymonlarimizga qaraganda, sizlarning bu ishinglar ahdni buzmoqdur. Ey yahud qavmi, bilasizlar, albatta, men Xudo tarafidan kelgan haq payg‘ambardurman, bu so‘zning rostligiga shul o‘qib turgan kitobinglar — Tavrotu Injilni guvoh qilurman. Bu haqiqatni o‘zinglar u kitoblarda ko‘rib, aniq bilgandin so‘ngra yana inkor qildinglar. Endi sizlarga Allohning g‘azabi kelgay, Badr urushida Quraysh ustiga tushgan musibat kunlari sizlarga ham tushgay», dedilar. Anda ul yahudlar: «Ey Muhammad, sen bizlarni o‘z qavming arablaridek chog‘lama, Badr urushidagi g‘olibiyatga aldanib unga mag‘rur bo‘lma, urush ishlarida ustaligi yo‘qligidan Quraysh qabilasi sendan yengildilar. Agar bizni ham ulardek chog‘lab, biz bilan to‘qnashur bo‘lsang, ana shunda urushning qandoq ekanligini, kimlar urush erlari ekanligini bilur eding», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:40:49

Mana shu chog‘da Allohdin bu oyat keldi: «Qul lillaziyna kafaruv satug‘labuna va tuhsharuvna ila jahannama va bi’sal mihad»: Ma’nosi: «Ey Muhammad, bu kofirlarga aytgil, agar biz bilan urushur bo‘lsangiz, albatta yengilursiz, o‘ldirilursiz, so‘ngra jahannamga yiqilursiz, borgan joyingiz qandoq yomon o‘rinligini shunda bilgaysiz», demakdur.
So‘ngra Rasululloh yahudlardin yaxshilik chiqmasligini yuqorigi oyat mazmunidan ongladilar. Alar ham dushmanliklarini ochiqdan-ochiq bildirib, musulmonlarga bog‘iy, ya’ni, dushman bo‘ldilar. Bu sabablardin Rasululloh boshliq Islom tug‘ini ko‘tarish hazrati Hamzaga topshirilgan edi. Madinadan askar chiqqan xabarini eshitib, yahudlarga qattiq qo‘rqinch tushdi. Yuqorigi oyat mazmunicha, Islom askariga ko‘zlari tushmay turib, barilari qochib, qo‘rg‘onga qamaldilar. Buning ustiga Rasululloh qo‘shin bilan kelib, o‘n besh kun qo‘rg‘onni qattiq qamal qildilar. Yahudlarning xotun va bolalaridin boshqa urushga yaramlik askarlari yetti yuz kishi bor edi. Ilohiy tomonidan bularning ko‘ngullariga qattiq qo‘rqinch tushganligidan hech qandoq qarshilik ko‘rsata olmadilar. Oxir Rasulullohdan o‘zlari so‘radilarkim, yolg‘uz yo‘l ozug‘i bilan bola-chaqalarini olib arab tuprog‘idan chiqib ketgaylar. Qolgan mol-mulk, turar joylarini qoldirgaylar. Mana shu so‘zga to‘xtash bo‘lganidin so‘ngra, ko‘chib ketmakka uch kun muhlat berildi. Bu ishga Uboda ibn Somit vakil bo‘ldi. Arab tuprog‘idan o‘tib, Shom tuprog‘iga kirganda Azruot degan joyda vatan tutib o‘ltirdilar. Lekin yiliga yetmayoq, barchalari vabo kasali bilan o‘lib tugadilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:41:01

SAVIQ G‘AZOTI

Buning bayoni shundaydurkim, o‘tgan Badr g‘azotida Makka mushriklari musulmonlardin qattiq yengilgan edilar. Bu urushda Quraysh boshlig‘i Abu Sufyonning o‘g‘li va uning yaqin qarindoshlaridan bir qanchasi halok bo‘lgan edi, bular orasida sayidlar ham bor edi. Ammo Abu Sufyon bo‘lsa, o‘zi Shom karvonining boshlig‘i bo‘lib, yo‘lda bo‘lganlikdan o‘zi bu urushga qatnashmagan edi. Shuning uchun bu musibatga chiday olmay, qattiq qayg‘urdi. Tezlik bilan musulmonlardan o‘ch olmoq fikriga tushib: «Muhammaddin o‘ch olmagunimcha, boshimga va yuz-ko‘zlarimga suv tekkizmayman», deb arab odaticha qasamyod qildi.
Shu qilgan qasamini amalga oshirish uchun Qurayshdin ikki yuz kishini birga olib, Madinaga qarab yo‘lga tushdi. Madinaga yaqinlashganida yahudlardin Bani Nazir qabilasining raislariga uchrashib, alarni ham qo‘zg‘ashni o‘yladi. Shu maqsad ila qabila raisi Huyay ibn Axtab oldiga kechqurun qop-qorong‘uda Abu Sufyon keldi. Kirishga ruxsat so‘rab, eshik qoqqan edi, eshikni ochmadilar. Bundin umidi uzilgach, ikkinchi rais Salom ibn Mishkam qoshiga bordi. Bu unga suyunchilik ko‘rsatib, hurmatlab qarshi oldi. Ziyofat ustida yemak-ichak o‘tgandin keyin, har ikkovi yashirincha so‘zlashdilar. So‘ngra Abu Sufyon uning oldidan chiqib, askarlaridin bir necha kishini Madinaga yubordi. Ular Madinadan chetroqda bo‘lgan bir xurmozor boqqa o‘t qo‘yib, ichidagi bog‘bonni tutib o‘ldirdilar.
Bu xabar Rasulullohga yetgach, Payg‘ambarimiz tezlik bilan ikki yuz kishi olib, bular ortidan iz quvib chiqdilar. Kishi o‘ldirib qochgan dushmanlar Abu Sufyonga kelib, qo‘shilishi bilan Rasulullohning kelayotgan xabarini onglashib, dushman askariga buzg‘unchilik tushdi. Shoshganlaridan og‘ir yuklarini qoldirib, ba’zilarini sochib, qochib ketdilar. Ularning ketidan xiyol o‘tmay, Islom askari ham yetib keldi. Ko‘rdilarkim, olishga ulgurmay tashlab qochgan narsalarining ko‘prog‘i arpa-bug‘doyning talqoni ekan, shuning uchun bu g‘azotga «Saviq» g‘azoti deb nom berildi, va shu yili Alloh taolo musulmonlarga ikki iyd namozini o‘qimoqqa buyurdi. Bu ikki iyd namozini butun shahar va qishloq xalqlari bir joyda yig‘ilishib o‘qimoq sunnat bo‘ldi. Buning hikmati shul erdikim, bu yig‘ilgan musulmonlar diniy birlik ittifoqlarini ko‘zlari ko‘radi. Barchalari bir Allohning qullari, bir payg‘ambar ummati ekanliklarini eslarida tutadi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning birlik, ittifoqlik to‘g‘risidagi ummatlariga bergan topshiriqlarini yodlaridan chiqarmasunlar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:41:09

Shuning uchun Rasululloh bu ikki iyd namozlarida butun musulmonlar bir joyga yig‘ilishib, ulug‘ jamiyat bilan namoz o‘qishni sunnat qildilar. Bundan maqsadlari tanishgan-tanishmagan musulmonlar barchalari bir tug‘ ostida yig‘ilganlarini alarga bildirish edi. Shu ittifoq va muhabbatlarini mustahkamlash (ching‘itish) uchun chora ko‘rish lozim bo‘lganlikdan boy kishilarga ro‘za iydida kambag‘allarga fitr sadaqa berish, qurbon oyida qurbonlik qilish vojib bo‘ldi. Bu ikki ehsonning avvalgisi yo‘qsillarga iyd harjisi bo‘ldi. Ikkinchisi esa ulug‘ bayram kunlarida boylarning kambag‘allarga bermish ziyofatidur.
Islom diniga bo‘ysungan, bu ulug‘ ne’matning qadriga yetgan har bir mo‘min odam bu diniy vazifalarni o‘z vaqtida ado qilmoqlari albatta lozimdur. Chunki Payg‘ambarimiz aytdilar: «Kimning boyligi bo‘laturib, qurbonlik qilmas ersa, u kishi biz bilan chiqib, iyd namozini o‘qimay qo‘yaqolsin».
Hazrati Abu Hurayra rivoyat qildi, Rasululloh aytdilar: «Man vajada siatan falam yuzahhi fala yaqrabanna musallana»: Ma’nosi: «Kimning quvvati yeta turib, qurbonlik qilmasa, bizning iyd namozi o‘qiydigan joyimizga yaqinlashmasun», demakdur. Mana shu hadisni dalil qilib, hazrati Imomi A’zam: «Har bir qudrati yetgan kishiga qurbonlik qilish vojib», dedilar. Qurbonlik qilish mo‘minlarga ulug‘ ibodatdur. Otamiz Odam Safiyyullohdin boshlab, o‘tgan barcha payg‘ambarlar bu ibodatni qoldirmay qildilar, ammo fitr sadaqasi bo‘lsa, buni iyd namozi o‘qimasdin oldin berib, ado qilmoq vojibdur. Chunki Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Mo‘minlarning bir oy tutgan ro‘zalari xudo dargohiga yetolmasdin, yer bilan osmon oralig‘ida to‘xtalib qolgay, qachonkim ro‘za tutganlar fitr sadaqasini faqir va miskinlarga berib, ado qilsalar, shunda dargohga yetib, qabullik darajasini topgay.
Buning yana bir foydasi shuldurki, Payg‘ambarimiz bu iyd kunlarini: «Emak, ichmak, suyunishmak, xursandchilik kunlari demakdur», dedilar. Agar fitr sadaqasini qoldirmay, shariat ko‘rsatgan o‘ringa topshirsalar, faqir-miskinlar ulug‘ bayram kunlarida hojatsiz bo‘lib, yuqorida aytilgan uch narsaga ko‘pchilik qatorida qatnashgaylar. Shu bilan bayram kunlari barchaga barobar suyunchilik kunlari bo‘lgay. Yana shu yilda Payg‘ambarimiz qizlari Fotimani Hazrati Aliga nikoh qildilar. Fotimaning yoshi shul vaqtda o‘n beshga yetgan edi. Hazrati Ali yigirma bir yoshda edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:41:44

Bir kuni Hazrati Abu Bakr bilan Hazrati Umar Hazrati Aliga aytdilar:
— Ey Ali, Rasululloh qizlari Fotima voyaga yetdi, unga uylanish uchun Rasulullohdin so‘rar bo‘lsang, albatta senga berurlar, — deyishdi. Yana xotunlardan biri:
— Ey Ali, agar xotun olur bo‘lsang, Rasulullohdin Fotimani talab qilgil, — dedi.
Shuning bilan uylanish niyati Hazrati Alining ko‘ngliga tushdi. Arablar odaticha, Hazrati Ali to‘g‘ri kelib: «YO Rasululoh, Fotimani menga juft qiling», deb so‘radi. Anda Rasululloh aytdilar: «Agar mahr bo‘lgudek biror narsang bo‘lsa, uni keltirgin». Hazrat Alining g‘azotga minarlik bir otdin, urush kunlarida kiyarlik bir sovutdin boshqa hech narsalari yo‘q edi. Rasululloh otni qoldirib, sovutni sotmoqni buyurdilar. To‘rt yuz sakson tanga baho bo‘lib, sovut sotildi. U pulni kelturib, Rasulullohning oldilariga to‘kib qo‘ydi. Undin bir changalini olib: «Fotima to‘yiga keraklik narsalarni sotib kelturgil», deb Hazrati Bilolga buyurdilar. O‘z odatlaricha, to‘y ziyofati o‘tgandin so‘ngra Rasululloh sahobalar oldida o‘zlari xutba o‘qib, nikoh qildilar. Nikoh ahdi bog‘langandan keyin, o‘rtaga bir tovoq xurmo g‘o‘rasi qo‘yildi. O‘lturgan kishilar Rasulullohning ishoratlari bilan chochila sochgandek talashib oldilar. Suyunchilik kunlarda chochila talashmoq rasmi shul vaqtdan qolgan.
So‘ngra Payg‘ambarimizning dodaklari Ummu Ayman Hazrati Fotimaga yanga bo‘lib, Hazrati Alining uyiga tushirib kelturdi. Ikkovlari uyning ikki tomonida o‘ltirdilar. Rasululloh kelib: «Bir kosa suv keltir», deb Fotimaga buyurdilar. Anda Hazrati Fotima uyalganlikdan etaklariga o‘ralib yiqilayozib, bir kosa suv keltirdi. Bu suvdin Rasululloh bir xo‘plab olib, yana og‘izlaridan kosaga qaytardilar, so‘ngra shu suvni Hazrati Fotimaning ko‘kraklariga, boshlariga sepdilar, keyin Fotimaga qarab, ushbu duoni o‘qidilar:
«Allohumma inniy u’iyzuho bika va zurriyyataho minash shaytonir rojim». Ya’ni «Ey bor Xudoyo, Fotimani va uning bolalarini o‘z panohingga qo‘ydim. Shaytonning sharridan bularni o‘zing asragil», deb duo qildilar. So‘ngra Hazrati Aliga ham suv keltirgizib, shunday qildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:42:20

Hazrati Fotimaga Payg‘ambarimizning bergan seplari mana shular edi: ostilariga solgudek bir qo‘chqor terisi, ustilariga yoping‘udek bir jun sholcha, yana bir dona yostuq, tashqarisi meshdan tikilgan, ichi xurmo qovuqlari bilan to‘lg‘izilgan edi. Bir kuni ertalab Rasululloh Hazrati Fotimaning uyiga kirdilar. Qarasalar Hazrati Ali, Hazrati Fotima bomdod namozini o‘qigandin keyin, sovuqqa chiday olmay, to‘shaklariga qaytadan kirishib yotgan ekanlar. Rasulullohni ko‘rib, uyalganlaridan boshlarini burkashib oldilar. Rasululloh kelib: «Oyoqlarimni isitib olg‘ayman», deb oralariga muborak oyoqlarini uzatdilar. Birini Hazrati Ali quchoqlab ko‘kraklariga bosdi, ikkinchi oyoqlarini Hazrati Fotima qo‘ltiqlariga qo‘ydi. Shuning bilan bir necha oylar o‘tdi. Bir kuni Hazrati Fotima Rasulullohning oldilariga kelib: «Yo Rasululloh, meni Quraysh yigitlari ichida eng kambag‘al kishiga bergan ekansiz, ostimizga solgudek bir qo‘chqor terisidan boshqa to‘shagimiz yo‘qdur, kechasi jun tomonini solib yoturmiz, kunduzi teri tomonini ag‘darib, tuyamizga yem berurmiz. Ustimizdagi yopinchimiz tor va ensiz, torligidan yo‘ldoshim tortsa, men ochilurman, men tortsam, ul ochilib qolgay», dedi.
Anda Rasululloh: «Ey qo‘zichog‘im, bu yo‘qsullikka sabr qilgaysiz. Muso payg‘ambar xotunlari Saquro, ya’ni, Shuayb payg‘ambar qizlari bilan o‘n yilgacha o‘rtalarida bir dona chopondin boshqa ostilariga solgudek to‘shaklari yo‘q edi», dedilar. Mana shuning uchun Rasululloh: «Al-faqru faxriy», dedilar: Ya’ni, «Har kimsalarning dunyoda maqtanurlik biror belgisi bordur, mening maqtanurlik narsam — faqirligimdur». Payg‘ambarimizning bu so‘zlari esa kambag‘al ummatlari uchun yupang‘u bo‘lmoqqa yetarlikdur. Hazrati Fotima, Hazrati Ali haqlarida Payg‘ambarimizning qilgan duolari maqbul bo‘lib, butun dunyoga tarqalgan sayidlarimiz Fotimai Zahrodin tug‘ilgan o‘g‘illari imomi Hasan, imomi Husayn, qizlari Zaynab shularning nasllaridur, Payg‘ambarimiz aytganlaridek, Alloh taolo bularning avlod-nasllariga barakot ato qilgandur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:42:34

KA’B IBN ASHRAFNING O‘LDIRILISHI

Hijratdin ikki yil o‘tib, uchinchi yil kirdi. Yahud raislaridan Ka’b ibn Ashrafni Payg‘ambarimiz o‘ldirishga buyurdilar. Buning voqeasi musulmonlar Badr g‘azotida o‘zlaridan uch barobar ortiq dushmanlarini yengdilar. Raislaridan yetmish kishi o‘ldirilib, shu barobarida qilich sarqitlarini asir olib, Madinaga keltirdilar. Buni ko‘rgan ichki-tashqi dushmanlarning ichlariga o‘t ketdi. Ayniqsa, Madina atrofidagi yahudlar va bularga tilakdosh bo‘lgan Madina munofiqlari bu ishga qattiq qayg‘urishdi.
Ka’b ibn Ashraf Bani Nazir yahudlarining bosh raisi edi, har qachon Badr g‘azotida o‘ldirilgan Quraysh raislarining so‘zlari chiqsa: «Endi bizga yer ustida yurganimizdan, ostida yotganimiz yaxshiroq», der edi. Kundin kunga buning hasad o‘ti alanga urib, dushmanligi haddidan oshdi. Bozorda o‘ldirilgan Quraysh cho‘nglari haqida aytgan she’rlarini o‘qib yig‘lab, boshqalarni ham yig‘latur edi.
Bunga ham qanoat qilmasdan Makkaga borib, Quraysh xalqining yig‘ilishlarida o‘ltirib, Badrda o‘ldirilganlarga yozgan she’rlarini o‘qib yig‘ladi. Butun xalq ham yig‘lashib, Payg‘ambarimizga qarshi qo‘zg‘aldilar. Quraysh ichida fitna o‘qini yoqib, u joydin qaytib Madinaga keldi. Yana tinch turmasdan, Madina xotun-qizlarini qo‘shib, nomus qilgudek she’r aytishga kirishdi. Payg‘ambarimiz qanchalik sabr qildilar ersa, uning adabsizligi borgan sari oshgali turdi. Uning kuni bitib, paymonasi to‘lgan bo‘lsa kerak, bir kuni Rasululloh:
— Ka’b ibn Ashrafga tatiydigan kishi bormu? Uning ozoridan Xudo payg‘ambarini kim qutqaza oladi? — dedilar. Anda Muhammad ibn Maslama:
— YO Rasululloh, men qutqazurman, lekin dushmanni qo‘lga tushurguncha yolg‘on so‘zlashga, xiyla qilishga ruxsat qilursiz, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:42:55

Shuni bilan to‘rt kishi yo‘lga tushdilar. Bir kun yo‘l yurishib, manzilga yetishdi. Muhammad ibn Maslama yo‘ldoshlarini qoldirib, yolg‘iz o‘zi u bilan ko‘rishgali bordi. Ko‘rishgandin so‘ngra: «Bu kishi kelgandin beri bizlarga ko‘p qiyinchiliklar tug‘ildi. Shu kunlarda soliq solib, bizlardin mol olmoqchi bo‘lib turadi. Hozircha qo‘limizda naqd molimiz yo‘qligi uchun, sendin qarz so‘rab keldik», dedi. Bu so‘zni onglagach, suyunganidan guldek ochilib ketib: «Hali shoshmanglar, ko‘rgulik kunlar oldinglardadur. Bundin so‘ngra u sizlarni ko‘p zeriktirgay, mendin qarzga mol olur bo‘lsangiz, men so‘ragan narsani garovga qo‘ygaysiz», dedi.
Muhammad ibn Maslama: «Garov qo‘ygali nima keltirgaymiz», — deb andin so‘radi. Anda u: «Xotun-bolalaringizni garov qilib bersangiz bo‘lur» dedi. Bu so‘zdin ko‘ngli qattiq og‘rigan bo‘lsa ham, yana sabr qilmoqdin o‘zga chorasi yo‘q edi. So‘ngra Muhammad ibn Maslama: «Arablar ichida sening yaxshilik bilan atog‘ing chiqmishdur, xotun-bolalarimizni garovga qo‘ymoq eng og‘ir ishdur. Biz uchun bu ish imkoniyatdan tashqari, or-nomus keltirgay. Agar bizga yaxshilik qilish ko‘nglingda bo‘lsa, ruxsat qil, yaroq-jabduqlarimizdan keltirib, senga garov topshiraylik», dedi. Shu so‘zga kelishib, boshqalar bilmasun uchun kechalab kelmakka va’dalashdilar. So‘ngra Muhammad ibn Maslama tun qorong‘usida tubandagi to‘rt kishi (Bularning barilari ansor sahobalaridan edilar.): Abu Noila, Ka’bning emakdoshi edi, bu hiylada ko‘proq shu kishining so‘ziga ishondi. Abbod ibn Bishr, Horis ibn Avs, Abu Abs ibn Jabr hammalari birga eshik oldiga kelib, Ka’bni chaqirishdi. U yangi olgan xotuni bilan to‘shakda yotgan edi. Chaqirish tovushini eshitishi bilan darrov turib, chiqmoqchi bo‘ldi. Xotuni: «O‘rtada dushmanlik o‘tgan kishilar oldiga kechada yugurib chiqish yaxshi emasdur, sen nechuk chiqursan?» dedi. Anda u aytdi: «Meni chaqirguvchi emakdoshim — Abu Noiladur, er yigit o‘ldirmakka chaqirsa ham, oldiga chiqqay», deb qilich osib qarshilariga kelishi bilanoq, to‘sh-to‘shdin (taraf-tarafdin) qilich solib, parcha-parcha qildilar. Shuning bilan buning sharridan musulmonlarni Xudo qutqazdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:43:08

G‘ATAFON G‘AZOTI

Bu voqea shundog‘ edikim, G‘atafon qabilasining arablari Du’sur otliq bir kishini o‘zlariga rais saylashib, Madinani bosib olmoqchi bo‘ldilar. Bu xabar Rasulullohga yetdi. U bosmachilar qo‘zg‘olib, ish ulg‘aymasdin oldini olmoq lozim bo‘ldi. Shuning uchun to‘rt yuz ellik kishi bilan alar ustiga tezlikda yurish qildilar. Buni anglashib, dushmanlarga qattiq qo‘rqinch tushdi. O‘ltirgan joylaridan turishib, tog‘ boshlariga qochishdilar. Ammo Payg‘ambarimiz shu yurganlaricha Zu Amr degan suv ustiga kelib, shu joyda qo‘shin qurdilar. Shu kuni qattiq yog‘in bo‘lib, barilarining kiyimi ho‘l bo‘lgan edi. Shu orada havo ochilib, kun qizishga boshladi. Rasululloh boshliq hamma askarlar xo‘l kiyimlarini yechishib, quritmoqchi bo‘ldilar. Ularni yog‘ochlar (daraxtlar) ustiga osishib, ostida salqinlab yotishdilar. Butun askar tarqalib, Rasululloh ham bir daraxt soyasida yolg‘iz yotgan edilar. Ustilarida qorovul bo‘lg‘udek odam yo‘q edi. Chunki Allohdin vahiy kelib:
«Vallohu ya’simuka minannas»: Ya’ni, «Alloh seni kishilarning ziyonidan saqlaydi», degan oyat nozil bo‘lgan edi. Shu oyat tushgandin keyin payg‘ambarimiz: «Bundin so‘ngra meni ko‘rimoqqa hojat yo‘qdur. Alloh o‘zi saqlamoqqa va’da berdi. Endi bundin keyingi kunlarda g‘animlar tomonidan hech qanday ziyon-zahmat ish menga yetmaydi», dedilar.
Bu so‘zni onglashgandin so‘ngra, sahobalar Payg‘ambarimizdan ko‘ngillari tinchib, daraxtlar ostiga tarqashib ketgan edilar. Tog‘ boshidan qarab turgan mushriklar raisi Du’sur buni ko‘rib, ko‘ngliga shayton kirdi. Rasulullohning yolg‘iz qolganliklaridan foydalanib, qasd olmoqchi bo‘ldi. Saqlaguvchi Allohdin xabari yo‘q, yashirin yo‘llar bilan yurib, Rasululloh ustilariga keldi, qilich urmoq qasdi bilan qo‘l ko‘targan edi, shu chog‘da Rasululloh uyqudin uyg‘onib qoldilar. Qarasalar, bir kishi qo‘lida qilichini yalanglab: «Ey Muhammad, endi seni mening qo‘limdan kim qutqara olgay?» dedi. Anda Payg‘ambarimiz: «Alloh qutqargay» dedilar.

Qayd etilgan