Olg‘a safdagi Islom askari bu ishdan xabarsiz edilar. Hazrati Hamza bu urushda ko‘p bahodirlik ko‘rsatdi. Dushman bahodirlaridan buning qo‘lida o‘ldirilganlarning soni o‘ttiz birga yetgan edi. Shundoq qilib, to‘g‘ri kelgan dushmanlarni chopib, maydon ichra javlon qilib yurdi. Shu orada buni kutib yotgan Vahshiy qulni ko‘rmay, oldidan o‘taverdilar. Bu habashiy qulning xo‘jasi Jubayr ibn Mut’im anga shart qo‘yib: «Agar Hamzani bu urushda o‘ldirur ersang, sen qullikdan ozodsan», degan edi. Shu maqsadni qo‘lga keltirish uchun, hazrati Hamzaning yo‘lini to‘sib, kutib tosh orqasiga yashirinib yotdi. Bu qulning hunari o‘n-o‘n besh qadam olisda turib, agar dushmanga nayza otar bo‘lsa, ani mo‘ljallagan joyga tekkizur edi. Hazrati Hamza bundin xabarsiz, qilich yalanglab ketayotganida, Vahshiy qul bor kuchi bilan jon yerini poylab, nayza irg‘itdi. Otgan nayzasi o‘q ilondek to‘lg‘onib, kindik ostiga tegib qadaldi. Sovut orasidan kirib, nayzaning uchi orqa tomonidan ko‘rinib qoldi. So‘ngra Hazrati Hamza g‘ayrat ko‘rsatib, Vahshiyga qilich ko‘targan bo‘lsalar ham, yetarlik kuch qolmaganlikdan, yiqilib shahid bo‘ldilar, roziyallohu anhu.
Shungachalik Xolid ibn Valid, Ikrima ibn Abu Jahl o‘z askarlari bilan orqa tomondan qamab kelishib qoldilar. Shunda ham o‘ljachilar dunyo qizig‘i — mol yig‘moqqa mashg‘ul edilar. So‘ngra ko‘rdilarkim, orqa tomondin qora bulutdek dushman askari qoplab kelmishdur. Buni ko‘rib boshlaridan xushlari uchdi. Yiqqan mollarini qo‘llaridan tashlab, bog‘lab olmish asirlarini bo‘shatdilar. Tuzilgan cheplari buzilib, orqa-oldilarini dushman qurshab oldi. Kufr qo‘shinlari: «YO, lal-uzzo val hubul», deb butlari nomi bilan qichqirishib, hujumga kirishdilar. Bu holni ko‘rib, orqa-oldilaridan o‘ralgan Islom askari shoshqinlikka tushdi. Buning ustiga shayton mal’un odam suratiga kirib: «Ey mo‘minlar, orqa tomoninglardin dushman askari qoplab keldi», — deb qattiq qichqirdi. Buni eshitgan olg‘a safdagi askarlar orqaga yonib, chang-to‘zon ichida bir-birlarini tanishmay, o‘z aro chopishdilar. Mushriklarning yiqilib yotgan bayroqlari qaytadin ko‘tarildi. Islom tug‘ini ko‘targan Mus’ab ibn Umayrni Ibn Qam’a qilich urib, shahid qildi. So‘ngra: «Muhammadni o‘ldirdim», deb askar ichini oralab, ot chopib yurib jar chaqirdi.
Buni eshitgan mo‘minlarning hushlari ketdi. Alardin ba’zilari: «Rasululloh o‘ldirilgan bo‘lsa, endi urushimizni kim uchun qilgaymiz? Yaxshisi shuki, dushmanlarimiz bilan kelishib, alardin omonlik olaylik», dedilar. Yana birmunchalari: «Agar Rasululloh o‘ldirilgan bo‘lsalar, endi dinimiz yo‘lida Alloh uchun urush qilurmiz, Rasululloh oldida urush qilmoqdin asli maqsadimiz ham shul edi», dedilar. Yana bir qanchalari urush maydonidan chekinib, Madina tomoniga qarab qochdilar. Bular ichida Hazrati Usmon ham bor edi. Bu kishining ustiga tushgan fitna kunlarida dushmanlari ko‘proq shu ishni ta’na qildilar. Lekin bu qochqunchilar qilgan ishlaridan uyalishib, Madina bog‘larida yashirinib yurgan edilar. Rasulullohning ruxsatlari bilan uch kundan keyin Madinaga keldilar.