Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 255997 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:54:37

Yana bir rivoyatda keltirilur:
— Uhud shahidlaridan hazrati Jobirning otalari Abdulloh ibn Umarning qabrini qirq necha yil o‘tgandan keyin sel yuvib, ochib ketdi. Ota-o‘g‘il har ikkovlari bir qabrga qo‘yilgan edilar. Ko‘rdilarkim, bularning tanlarida hech qandoq o‘zgarish bo‘lmabdur. Yangi yotgan o‘likdek barcha a’zolari salomat ekandur.
Hazrati Muoviyaning halifalik zamonlarida Uhud tog‘idagi shahidlar yotgan qabriston ichidan ariq o‘tkazmoqchi bo‘ldilar. Ochilgan o‘liklarni boshqa joyga ko‘milsin, deb Muoviya buyruq chiqardi. Shul kunlari bir necha shahidlarning qabri ochilgan edi. Qarasalar, kechagina ko‘milgandek, tanlari yumshoq, a’zolari salomat ekan. Hazrati Hamzaning muborak tanlariga ketmon tegib ketdi, xuddi tirik kishidek qon oqqanligini ko‘rdilar. Bu shahidlarning qo‘yilganiga yaqin ellik yil bo‘lgan edi, raziyallohu anhum.
Ansor sahobalaridan bir xotunning eri, o‘g‘li va ham uning akasi Uhud urushida shahid bo‘ldilar. Buni xotun onglagach «Inna lillahi va inna ilayhi roji’uan» oyatini o‘qib, so‘ngra Rasululloh qanday bo‘ldilar, deb so‘radi. Rasululloh oldinroqda kelayotgan edilar. Xotunning ko‘zi Rasulullohga tushgach, etaklariga yopishib: — «Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh, siz salomat bo‘lgandin keyin, boshqa musibatlarga parvo qilmasman. Man alarning dardi firoqlariga sabr qilurman», dedi.
Ey bor Xudoyo, shu xotunning sodiq ixlosi, Rasulullohga qilgan shu muhabbatining haqqi hurmatidan barcha gunohlarimizni afv qilgil, ustimizga kelgan va kelmakda bo‘lgan balolarni o‘zing daf qilgin. Omin.
Yana shu Uhud urushida hazrati Qatoda dushmanlar tarafidan Rasulullohga qaratib otilgan o‘qlarga o‘zini tutib, Payg‘ambarimizni qo‘riqlab turgan edi. Shu chog‘da bir o‘q kelib uning ko‘ziga qadaldi, uning zarbidan ko‘zi oqib, yuziga tushdi. Sahobalar buni kesib tashlaylik desalar ham, o‘zi rozi bo‘lmay, ko‘zini oloqoniga (ya’ni, kaftiga) qo‘yganicha Rasululloh oldilariga keldi. Bu holni ko‘rib payg‘ambarimiz unga rahm qilganlaridan yig‘ladilar. So‘ngra muborak qo‘llari bilan ko‘zini o‘z joyiga qo‘yib turib: «Ey bor Xudoyo, quling Qatoda payg‘ambaring yuzini qo‘riqlab, o‘z yuzini dushmanlar o‘qiga qalqon qildi. O‘q tekkan bu ko‘zini sog‘ ko‘zidan ham ko‘rkamroq qilgaysan», deb qutluq qo‘llari bilan silab edilar, ko‘zi burungisidan ham yaxshiroq bo‘ldi. Qolmish umrida hech ko‘z og‘rig‘i ko‘rmadi.
Yana sahobalardin Gulsum ibn Haysam degan kishining ko‘ksiga o‘q tegib, qattiq yaralandi. Shu holda o‘zini Rasulullohga yetkuzdi ersa, aning yarasiga tufurib edilar, darhol shifo topib, ko‘rmagandek bo‘ldi. Bu ishlar ersa, Rasulullohning mo’jizalaridur. So‘ngra dushmanlarning Makka shahriga jo‘nab ketganliklari aniqlangandan keyin, Rasululloh Madinaga qaytmoqchi bo‘lib, muborak otlariga mindilar. Atroflarini o‘rashib oldi-orqalaridan sahobalar yurdilar. Oz sonlik bir necha kishilardan boshqa qolgan hammalari yarador edi. Qachonkim, tog‘ tagiga kelib edilar, Rasululloh: «Bu joyda Parvardigorga hamd-sano aytgayman, orqa tarafimga o‘tib, hammanglar saf bog‘lab turgaysizlar», — dedilar. Barcha sahobalar saf bog‘ladilar, bular ortidan o‘n to‘rt nafar xotunlar turib saf bog‘lashdi. So‘ngra shul yerda Rasululloh Xudoga munojat qilib, uzun hamdu sano aytdilar. Buning haybatidan tog‘lar, yeru osmonlar titraguvdek bo‘ldi. Ko‘zlardan yoshlar oqib, ko‘ngillar erib suv bo‘ldi. Shul holda Madina sari yurdilar. Madina xalqi ham bu urushda kim o‘ldi, kim qoldi, deb, qolgan-o‘lganlarning qavmu qarindoshlari yo‘l to‘sib chiqmoqda edilar. Hammadin ilgari Himna degan xotun kishi Rasulullohga qarshi keldi. Bu xotun bo‘lsa, Rasulullohning ammalari Umayma bint Abdulmuttalibning qizi edi. Rasululloh unga ta’ziya aytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:54:46

— YO Rasululloh, kimga ta’ziya qilursiz? — deb so‘radi.
— Tog‘ang Hamzaga ta’ziya qilurman, — dedilar.
— Yana kimga ta’ziyat qilursiz? — dedi.
— Akang Abdullohga, — dedilar. «Inna lillahi» oyatini o‘qib: — Bularga shahodat darajasi muborak bo‘lgay, bularni Alloh rahmat qilgay — dedi.
Yana Rasululloh:
— Ering Mis’ab ibn Umayr ham shahid bo‘ldi. Unga ham ta’ziyat ayturman. Alloh senga sabr bersin,— deb edilar, ul xotun: «Vo vaylo va huzno» deb qattiq baqirib yig‘ladi. Buni ko‘rib Rasululloh aytdilar: «Bu xotunning ko‘nglida erining hurmati va uning muhabbati ortiq ekandur, deb ul xotunni chaqirib:
— Nega bundoq qilding?» — deb so‘radilar.
Xotun:
— YO Rasulalloh, farzandlarim ko‘p erdi, alarning yetim qolishlari yodimga yetib, aqlim shoshganlikdan shundoq qildim, — dedi.
Rasulullohning unga ko‘p rahmlari keldi. Bu xotunning va uning farzandlarining haqqiga duo qildilar. Shuning ustiga hazrati Sa’d ibn Mu’ozning oq sochlik kampir onasi Rasulullohga qarab yugurib kelmoqda edi. Rasulullohning jilovlarida kelayotgan hazrati Sa’d onasini ko‘rib: «YO Rasulalloh, sizni ziyorat qilmoqqa onam kelur», dedi. «Marhabo, xush kelding», deb otlarini to‘xtatdilr. Amr ibn Mu’ozga ta’ziyat qilib:
— Ey Sa’dning onasi, men senga bashorat berurman, suyunchalik xabar ayturman. Uhud urushida shahodat topgan kishilarning xotun-bolalariga, alarning qarindosh-urug‘lariga bu xushxabarni sen yetkazgil. Alloh ulardin rozi bo‘ldi, barchalarini rahmat qilib, jannatul Firdavsda hammalariga bir o‘rindin joy berdi. Bu dunyoda Islom dini uzra hammalari birga edilar. Jannatning ne’matlari ichra yana barchalari birga bo‘ldilar. Qiyomat kunida har bir shahid o‘z qavm-qarindosh, yoru do‘stlarini shafoat qilmoqqa Allohdin izn oldilar, — dedilar.
Rasulullohning bu so‘zlari ochiq dalildurkim, qiyomat kunida payg‘ambarlardan keyingi eng ulug‘ shafoatni Alloh taolo shahidlarga bergay. Xudo izni bilan shahidlar o‘z qavm-qarindoshlarini shafoat qilgaylar, Xudo yo‘lida shahodat topgan chin shahidlardin Alloh rozi bo‘lgay, alar ham Xudodin rozi bo‘lgaylar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:54:55

Anda Sa’dning onasi bu so‘zni onglagach:
— YO Rasulalloh, biz endi rozi bo‘ldik, shahidlarimiz bundoq daraja topgan bo‘lsalar, alarni qayg‘urib biz nechuk yig‘laylik? YO Rasululloh, shahidlarimizning oilalari haqida duo qiling, — dedi.
Anda Rasululloh bu duoni qildilar:
«Allohumma azhib huzna qulubihim vajbur musibatahum va ahsinil halafa alo man xallafuv».
Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, musibat ko‘rgan kishilarning ko‘ngillaridan g‘am-g‘ussalarini ketkazgil. Musibatdin yetgan siniqlarini tuzatgil, orqada qolgan oilalari ustiga yaxshi odamlardan yordamchilar yetkazgil», demakdur.
Bu duolari ijobat bo‘lib, ularning haqida nima degan bo‘lsalar undin ham yaxshiroq bo‘ldi. Payg‘ambarimiz aytibdurlarkim: «Ummatlarimdan agar biror kishining farzandi vafot topsa, vafot topishi bilan ikki rakat sabr namozi o‘tab, ushbu duoni o‘qib:
«Allohumma ajirniy musibatiy va axlifni xayram minha», ya’ni: «Ey Tangri, shu musibatimda meni ajirlik qilgil, aning o‘rniga andin ham yaxshirog‘ini bergil», deb duo qilsa, albatta, Alloh taolo uning o‘rniga yaxshirog‘ini ato qilgay», dedilar.
Qissadin hissa, so‘zdin so‘z chiqar degandek, bu kitobni yozguvchi Alixon Shokirxonto‘ra o‘g‘lidurman, tahminan hijrat tarixining 1342 yili erdi, o‘z tug‘ilgan joyim, ona Vatanim Turkistonning eski markazi, tarixlarda Bolasog‘un nomlik, bu kunlarda To‘qmoq deb atalgan shaharda diniy xizmat qilib turdim. Shu chog‘da yoshim o‘ttizdan ko‘p oshmagan edi. Shu yili yerimizda qizamiq kasalligi tarqalib, unga qarshi tibbiy yordamlar yetishmaslikdin, bu illatdin ko‘p bolalar o‘limga uchradilar. Shu qatorda mening ham uch o‘g‘lim, besh yoshlik Asrorxon, Muhammadxon, Muxtorxon, bular bir yarim yoshlik, uch kun ichida ketma-ket vafot topdilar. Asrorxonni omon qolishini tilab, ukalari o‘lganida ko‘p ortiqcha koyinmadim. Avval ikki ukasi vafot bo‘lib, so‘ngra Asrorxonning kasali ham og‘irlashdi. Men qilmagan iloj qolmadi. O‘zimning ham eski tib ilmidan anchagina ma’lumotim bor edi. Turlik ilojlarni qilib ko‘rdim, hech bir foyda bermadi. Oxiri jismoniy ilojlardin zerikib, ruhoniy ilojlardin shifo izladim. Yaxshi odamlarga dam soldirish, Xudo yo‘lida xayr-ehson qilib, sadaqa berish kabi ishlarni ko‘p qildim. Bulardin ham hech foyda ko‘rolmadim. Kishilarning o‘qib, dam urganiga qanoat qilmay, bu ishga o‘zim kirishib, bir o‘ltirishda to‘rt-besh soat tinmasdin har turlik duolar o‘qib, dam urdim. Buni ham foydasini bilmadim. «Hayotul hayvon» kitobida aytilgan ekan:
«Agar kishi boshiga bir mushkul ish tushsa, katta bir semiz qora qo‘chqor olsin. Uni, boshiga mushkul tushgan kishi o‘z qo‘li bilan bo‘g‘izlasin. Agar bu qiyinchilik bolasi ustida bo‘lsa, otasi: «Ey bor Xudoyo, shu qo‘chqorning joni bolamning joniga badal bo‘lsin» deb Allohdin tilab turib, pichoq sursin, so‘ngra uning go‘shtini oltmish bo‘lak qilib, oltmish miskinga bersin, xohi jon, xohi molga, har qandoq mushkul balo kelgan bo‘lsa, shu bilan daf bo‘lgay, bu ish mujarrab deyilmishdur».

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:55:06

Bu ham qolmasin, deb ixlos bilan ko‘p yerlardan izlatib yurib, shul sifatlik qo‘chqorni toptirib keldim. O‘zim umr ichida mol emas, chumchuq ham so‘yib ko‘rmagan bo‘lsam ham, bu jonivorni bolamga fido qilsam, Ismoil alayhissalom o‘limdan qutulgandek, bolamni joni salomat qolgaymu, deb boshyalang qiblaga qarab turib, ul jonivorni bo‘g‘izladim. Kitobning deganidek, oltmishga taqsim qilib, bo‘lgunimcha ulgurolmay, kechaga qoldi. Tun yarmida o‘tib, el qattiq uyquga botdi. Bundoq vaqtda oltmish miskinni qayoqdan topgaymiz, niyat qilib, ishimizni bitirdik, tong otgandin so‘ngra bu ishni bajargaymiz, deb qaytib kelib, bola oldiga kirsam, o‘g‘limning xoli og‘irlashib qolibdur. Marhum onasi, qarab turishga toqatim qolmadi, deb bolasi quchog‘imga qo‘yib, o‘zi yig‘lab tashqariga chiqdi. Ikkinchi kirishga chiday olmay, qo‘ra aylanib yig‘lab yurdi. Men bo‘lsam yuziga qarab termulib o‘tirishdan boshqa chora topa olmadim. Butun sabablaridin qo‘l tortib, qazoni kutib o‘ltirdim. Shu paslashganicha paslasha borib, oxir sahar vaqtida jon taslim qildi. Qazoga hech chora yo‘qligi ko‘z oldimizga keldi. O‘zimning naqadar ojiz ekanligimni yaxshi tushundim. Bu bolaning dardidan ikki-uch kun ilgari o‘lgan ikki go‘dakni ko‘p eskarmagan bo‘lsak ham, bundin ajragan so‘ngida uch farzand dog‘i bir kelib, yuraklarimizni yondirdi. Bu og‘ir yukni ko‘tarolmay, onasi o‘zidan ketib yiqildi. Bu ham o‘lgan qatorida bo‘lib, uy o‘rtasida cho‘zilib yotdi. Men shu holatda turib, payg‘ambarimiz alayhissalomning aytgan qutlug‘ so‘zlarini eskardim. Darrov tahorat olib, ayvonga chiqib, ikki rakat sabr namozi o‘qidim. Namoz ortidan qo‘l ko‘tarib, Payg‘ambarimiz o‘rgatgan duoni o‘qib, Xudodan talab qildim.
Alhamdulilloh, tilagim qabul bo‘lsa kerakkim, yil o‘tmay o‘g‘lim Muhammadyor tug‘ildi. Kundan-kunga o‘sib, ofatlardan omon bo‘lib, Xudo umrini berdi. Mana shu kunlarda hijriy 1374, melodiy 1956 erdi, yoshi o‘ttizga to‘lib, yigitlik qiromiga keldi. Davrimizdagi fanniy ilmlardan anchagina bahra topgan bo‘lsa ham, ammo diniy ilmlar tahsiliga bu kungacha bo‘shay olmagan edi. Yuqorigi bobolarimizdan boshlab, bizning oilamiz ilm oilasi bo‘lganligimizdan bu ulug‘ sharafga avlodimiz ichida birortasi ega bo‘lgaymu, yoki bu fazilatdin kelasi kunlarda zamona ta’siriga qarab barchalari mahrum qolgaymu, deb doim qayg‘urmoqda edim. Chunki yoshim yetmishdan o‘zib, umrimning ko‘pi ketib, ozi qolganligi ko‘z oldimdadur. Agar bu sharafdin barchalari benasib bo‘lsalar, umr ichida yiqqan, umr yo‘ldosh kitoblarimga kim ega bo‘lgay? Qorong‘u tokchalardan chang bosib, kimlar qo‘lida qolgay, deb hayol qilib, ko‘p zamonlardin beri qo‘rqib yurmoqda edim. Alhadulilloh, Tangrimga shukr, ushbu yozilmish kitobim hurmatidin bo‘lishi kerakdur. Alloh taolo bu g‘amdin meni shu kunlarda qutqazdi. O‘g‘lim Muhammadyor oldimga kelib, chin ixlos bilan din ilmining asosiy hisoblangan «sarf — nahv»din, boshlab o‘qishga kirishdi. Jumla ofatlardin Alloh asrasin, dunyoda izzati, oxiratda sharofati yetguvdek ilm ato qilsin, omin!

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:55:18

Bu voqealik so‘zni bu kitobda yozishning o‘rni bo‘lmasa ham, birinchi, shu maqsad qo‘lga kelishiga Rasulullohning tarjimai hollarini bayon qilib, yozayotgan shu kitobimni shafe’ keltirdim. Ikkinchi, so‘ngi avlodlarga yodgorlik bo‘lsin deb bu so‘zlarni yozdim!
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Shundoq qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhuddan qaytib, Madina shahri ichiga kirdilar. Qarasalar, har uydin ansor xotunlari o‘lganlarni yo‘qlab, yig‘lab yoturlar. Buni ko‘rib Rasululloh: «Hamzatu la bavokiya lahu», ya’ni, «Hamzaning yig‘laydiganlari yo‘q», deb ko‘zlariga yosh oldilar. Chunki hazrati Hamza o‘zlari hijrat qilib, Madinaga kelganida xotun-bolalari Makkada qolishgan edilar. Rasulullohning jilovlarida kelayotgan ansor raisi Sa’d ibn Mu’oz bu so‘zni eshitdi ersa, o‘ziga qarashlik bir necha xotunlarga «Rasululloh uylariga borib, Hamzani yo‘qlab yig‘lab turinglar», deb buyurdi. Madina ichiga kirib, masjidga kelgunlaricha ko‘cha yuzidan, uy-uydin chiqayotgan yig‘i tovushlari eshitilmoqda edi. To‘g‘ri kelib, Rasululloh ma’yuslik bilan masjid oldida to‘xtadilar. Sa’d ibn Mu’oz, As’ad ibn Huzayr, bu ikkovlari Rasulullohni suyab otdin tushirdilar. Jarohat og‘irligidan o‘zlari yurishga bo‘lmay, bularga suyanib uylariga kirdilar. So‘ngra oqshom namoziga hazrati Bilol azon aytdi. Yana shu ikki kishiga suyanib jamoatga chiqdilar. Namoz o‘qib bo‘lgandin so‘ngra masjiddan qaytdilar ersa, uylaridan yig‘ining ovozi eshitildi. «Bu yig‘i nimadur?» deb so‘radilar. Anda sahobalar: «Ansor xotunlari Hamza uchun yig‘laydilar, yo Rasulalloh», deyishdi. Buni onglab Rasululloh alar haqida «Raziyallohu ankunna va an avladikunna», ya’ni «Alloh sizlardin va avlodinglardin rozi bo‘lsin», deb duo qilgandin so‘ngra: «endi qaytinglar», dedilar.
Mana shu kundin boshlab, ansor xotunlariga odat shul erdikim, o‘limga yig‘lamoqchi bo‘lsalar, dastlabda Hamzaga, so‘ngra o‘lganga yig‘lar edilar. Shu kecha Avs— Xazraj ansor sahobalarining kattalari Rasulullohning uy atroflarini o‘rashib, tong otguncha kuzatib chiqdilar. Qolganlari ehtiyotdin Madina shahrini aylanib, qo‘riqlashib turdilar. Chunki Quraysh mushriklari yo‘ldan yonib, qaytadin Madinaga hujum qilish ehtimoli bor edi. Rasululloh bu ulug‘ musibatdin keyin ansor xotunlarini o‘lganlarni qo‘shib yig‘lamoqdin qaytardilar. Anda ansor sahobalari:
— YO Rasulalloh, o‘lganlarimizni qo‘shib yig‘lashdin xotunlarimizni man qilibdursiz. Agar alarning tirikliklaridagi yaxshiliklarini aytib yig‘lar bo‘lsak, bir oz bo‘lsa ham ko‘nglimizda rohat topgan bo‘lur edik. Bu ishga izn bering, — deyishdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:55:31

Anda Rasululloh:
— In faalna fala yaxmishanna vala-yaltimanna va la yaxluqonna sha’ran vala yashuqqonna jayban». Ya’ni, «Agar xotunlar yig‘lar bo‘lsalar, shart shuldurkim, yuzlarini yirtmasunlar, betlarini kacholamasinlar, sochlarini qirqmasinlar, yoqalarin yirtmasinlar, og‘izlaridan nosoz so‘z aytmasinlar», dedilar. Endi xotunlar shu aytilmish ishlardan o‘zlarini saqlay olsalar, musibat kunlarida yig‘lamoqning ziyoni yo‘qdur. Mashhur so‘z shuldurkim, Uhud urushida shahodat topgan kishilar yetmish necha kishi edilar. O‘n to‘rttalari muhojirlardan, qolganlari ansorlardin edilar. Ammo kofirlardin bo‘lsa, Uhud urushida ikki yuz o‘ttiz kishi o‘ldirildi. YOlg‘iz Hamzaning o‘zi o‘ttiz kishini o‘ldirdi, degan rivoyat bordur.
Rasululloh shahar ichiga kirgandin keyin, munofiqlar, yahudlar musulmonlarga bo‘lgan bu musibatdin qandoq suyunganlarini ko‘ngillarda saqlab turisha olmay, turlik ta’na so‘zlarini tarqatgani turdilar. Shundoq der edilarkim: — «Endi Muhammad qandoq payg‘ambarman deb ayta olgay, o‘tgan payg‘ambarlarning hech biriga bundoq musibat yetmagandur. Agar Muhammad chin payg‘ambar bo‘lsa edi, o‘z tanasiga va yo‘ldoshlariga mundoq og‘ir musibat tushmas edi. Bunga o‘xshash podshohlik talabida yurgan kishi qandoq payg‘ambar bo‘la olur?» qabilidagi so‘zlar bilan xalq ichiga ko‘p fitna soldilar. Munofiqlar raisi ibn Ubay o‘g‘li Abdullohga: «Mening so‘zimga kirmay urushga chiqding, mana topgan foydang shuldur, o‘lar holga yetib, yarador bo‘lib qaytmishsan», deb ko‘p ta’nalar qildi. Bunga qarshi o‘g‘li Abdulloh: «Alloh taolo o‘z payg‘ambariga va ham mo‘minlarga nima ish qilgan bo‘lsa, shunda bir yaxshilik bordur», dedi. Munofiqlarning qilgan so‘zlarini onglab, Hazrati Umar Payg‘ambarimiz oldilariga kelib:
— YO Rasulalloh, bu munofiqlarning so‘zlariga nechuk chidab tururmiz? Agar izn bersangiz, alarni qoldirmay qilichdan kechiraylik, — dedi. Anda Rasululloh:
— YO Umar, ularni qandoq o‘ldirgani bo‘lur, tillarida bo‘lsa ham: «La ilaha illallohu, Muhammadur Rasululloh» deydurlar, bu so‘zni aytguvchilar ko‘nglidan emas, qilichdan qo‘rqib degan bo‘lsalar ham, Islom hukmiga bo‘yinsunsalar, o‘limdan qutulgaylar. Alarning qonlariga, jonlariga, mollariga to‘qinishmoqlik bizga harom bo‘lgay, — dedilar. Bu so‘zni anglagandin keyin, sabr qilmoqdin o‘zga chora qolmadi. Shuning bilan munofiqlar haqida o‘ylangan choralar ham to‘xtaldi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:55:41

Bilmak kerakkim, Rasulullohning qilgan g‘azotlari ichida eng ulug‘rog‘i ikki g‘azotdir. Birisi Badr, ikkinchisi Uhuddur. Bu g‘azotlarda hazrati Jabroil, Mikoil boshliq ko‘p farishtalar hozir bo‘lganliklari oyatu hadislar bilan sobit bo‘lmishdur. Qur’oni karimda Oli Imron surasida oltmish oyat bilan Uhud g‘azoti bayon qilindi. Bu oyatlarda musulmonlarga bo‘lgan musibatlarning sabablari ochiq ko‘rsatildi. Urushda birinchi darajali eng zarur ish bo‘lsa, askar boshlig‘ining buyrug‘ini butun bajarish edi. Ayniqsa, payg‘ambar atalgan kishi bosh bo‘lgan taqdirda aning amri farmonini chin tutmoq Alloh tomonidan buyrulmish farz edi.
Mana bu Uhud urushida eng dastlab shu buyruq buzildi. Askarnng orqasini saqlaguvchi ellik nafar merganlar o‘ljaga qiziqib, o‘z o‘rinlarini bo‘sh qoldirib ketdilar. Ikkinchi, askarga birlik, ittifoqlik bo‘lishi bilan birga, jiddiyat, chinlik, o‘limdan qo‘rqmaslik kerak edi. Mana bu shartni ham buzdilar. Uchinchisi shulki, mo‘minlarning barcha ishlari, ayniqsa, jihodga o‘xshash, Islomning eng ulug‘ ibodati xolis Xudo uchun bo‘lishi kerak edi. Bu ishda hech qandoq dunyolik g‘arazlarning bo‘lmasligi lozim edi. Ish shundoq bo‘laturib, urush safida turgan askarlardan bir munchalari raislarining amriga qaramay, o‘lja, mol yig‘ishga kirishdilar. Qilgan jihodlari yolg‘iz Xudo uchun bo‘lmay qoldi. Mana shu yuqorida aytilmish ishlari, ularning o‘z ixtiyorlari bilan qilmishlari Uhud musibatining kelib chiqishiga sababchi bo‘ldi. Bu taqdirning eshigini insonlar o‘z qo‘llari bilan ochdilar.
Bunda yana bir hikmat bo‘yicha, gohi vaqtlarda payg‘ambarlarga ham shundoq musibat yetib turishi lozimdur. Lekin ularga bo‘lgan musibatning orti xayrlik bo‘lib, ish oxiri ularning foydasiga kelib chiqqay. Ishning bundoq bo‘lishida hikmat shuldurki, agar payg‘ambarlar har bir urushda doim g‘olibiyat uzra bo‘laversalar, ul chog‘da o‘ljaga qiziqishib yoki siyosatdin qo‘rqishib, munofiqlar ham musulmonlarga qo‘shilib olgay. Chin musulmonlarning yolg‘on musulmonlardin farqlari qolmagay. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bu oyatni keltirdi:
«Liyabtaliyallohu mafi sudurikum vali yumahhisa mafi qulubikum, vallohu alimun bi zatissudur». Ya’ni: «Alloh taolo sizlarga turli musibatlarni berib, ko‘ngillardagi yashirin narsalarni chiqarish uchun sizlarni sinaydi, dilinglardagi bekitilgan g‘ashlarni shu bilan tozalaydi. Chunki Alloh ko‘ngillarda ko‘milgan barcha sirlarni bilguvchidur», demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:55:49

Agar payg‘ambarlar o‘zlariga qarshi chiqqan dushmanlardin doim yengilaversalar, u chog‘da Xudo tarafidin kelgan payg‘ambarlarga bu ish loyiq bo‘lmay, maqsadlariga to‘sqinlik bo‘lur. Mana shuning uchun payg‘ambarlar dushmanlarini ko‘proq o‘rinlarda yengib tursalar ham, ba’zi bir joylarda yengilishlar ham bo‘lib turardi. Dushmanni yenggan chog‘larda ko‘rinmagan munofiqlar dushmandin yengilgan chog‘larda darhol o‘zlarini tanitadilar. Ularning yashirin yurgan sirlari u bilan yuzaga chiqadi. Boshqa mo‘minlar ham o‘z ichlarida fursat poylab yurgan ichki dushmanlari kimlar ekanligini yaxshi bilib oladilar. Shunga qarab ularning daf’iga kelajak kunlarda hozirlik ko‘radilar.
Yana bir hikmat shul edikim, mo‘minlar uchun payg‘ambarlik maqomidan so‘ngi eng ulug‘ daraja shahodat topishdur. Bandalarining o‘z fe’llarini bahona qilib, mundoq ulug‘ darajani Alloh taolo ularga nasib qildi. Alloh taolo Uhud urushini Qur’oni karimda bayon qilib, yuqorida aytilmush so‘zlar mazmunida shu oyatlarni yubordi:
«Va laqad sadaqokumullohu va’dahu iz tahussunahum biiznihi hatto iza fashiltum va tanaza’tum fil amri va asaytum min ba’di ma arokum matuhibbuna, minkum man yuridud dunya va minkum man yuridul axirata, summa sarafakum anhum liyabtaliyakum, valaqod afa ankum, vallohu zu fazlin alal mo‘minin».
Ya’ni: «Alloh taolo sizlarga yordam beraman deb qilgan va’dasiga vafo qildi, dastlab urush boshlanishida Allohning yordami bilan, alarni o‘ldirib g‘alaba qozongan edingizlar, qachonkim, sizlarga o‘limdan qo‘rqinchlik paydo bo‘ldi, va o‘zaro ittifoqinglarni buzib, payg‘ambar buyrug‘ini bajarmadinglar. Mana shu ishlar sabab bo‘lib, kelgan nusrat sizlardan qaytib ketdi. Yo‘q ersa, sizlarning eng suygan narsalaring dushmanga zafar topishni Xudo ko‘rsatgan edi. Buning shartlarini o‘zinglar buzdinglar, so‘ngra bu ulug‘ ne’matdin ajradinglar. Sizlardin ba’zilaring oxirat izlaguvchilardur. Yana ba’zilaring dunyo talab qilguvchilardur. Birinchilari esa Xudo roziligi uchun to o‘lgunlaricha o‘rinlarini bermay shahid bo‘ldilar, ikkinchilari bo‘lsa, o‘lja mol olishga qiziqib, boshliq buyrug‘ini buzdilar. Mana sizlardin shu sabablar sodir bo‘lgach, kofirlarni o‘ldirishdan to‘xtab, nusrat ularga og‘di. So‘ngra sizlarni kofirlar o‘ldirgali turdi. Ishning bundoq bo‘lganligi esa, Alloh taolo sinamoqchi edikim, bu holda mo‘minlar qandoq sabr qilgaylar. Yana ham Alloh mo‘minlarga mehribondur, chunki sizlarning bu gunohlaringni kechirdi. Allohning fazli karami mo‘minlargadur», demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:55:58

Alloh taoloning mo‘minlarga mehribonligi shuldurkim, bu urushda qilgan gunohlarini afv qildi. Yana ularni kofirlarning qilgan qasdidan o‘zi saqladi. Yo‘q esa, ularning maqsadi urushga chiqqan musulmonlarni qoldirmay o‘ldirib, qolgan mol-dunyolar, xotun-bolalarni o‘lja-asir qilmoqchi edilar. Bu ishning payti ham kelgan edi. Lekin Alloh taolo buni xohlamadi. Payg‘ambarimizning hurmatlaridan gunohlari bag‘ishlanib, xatolari kechirildi. Endi musulmonlarga bu voqeadin chiqqan ibrat shuldurkim, urush kunlarida o‘zaro ixtilof qilib bo‘linmagaylar. Urush safida eng keraklik, zarur ish ersa, askarning birlik, ittifoqligidur.
Ikkinchi, mo‘minlar hech vaqt o‘limdan qo‘rqmagaylar, urushda o‘lib, shahodat topgan mo‘minlar Allohning eng aziz mehmonlaridur. Bu urush maydonlarida sabr qilgaylarkim, bu o‘rinda bahodirlik, qo‘rqmaslik kerakdur. Chunki qo‘rqoqlik tuganmas xo‘rlik kelturur. Botirlik uzilmas davlatga yetkirur. Qo‘rqoq o‘g‘illar ota-bobolarining hurmat-sharaflaridan ayrilib, doimiy qullikda qolgaylar. O‘z vatanida, o‘z uyida turug‘lik musofir g‘arib bo‘lgaylar. Eng oxiri dushmanlar qo‘lida xoru zorlikda yurib o‘lgaylar.
Uchinchi shart shulki, urush kunlarida boshliqlariga qattiq bo‘yinsungaylar. Boshlar kesilib, qonlar to‘kilur ersa, dag‘i (yana) ularning buyrug‘ini buzmagaylar. Yuqorida aytilgan oyatning xulosa ma’nosi ham shuldur. Alloh taolo Uhud shahidlarining hurmatidan bizning gunohlarimizni ham, vatanlarimizga yo‘l berib, dushmanlarimizga oyoqosti qildirgan o‘tmishdagi bobolarimizning gunohlarini ham kechirsin. Dunyolik, oxiratlik barcha ishlarimizni so‘ngi kunlarda o‘zi o‘nglasin. Omin!

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:56:18

HAMROUL — ASAD G‘AZOTI

Bu g‘azotning bayoni shundoq edikim, Rasululloh Uhud urushidan qaytib Madinaga kirdilar. Ansor, muhojir raislari Uhuddin qaytgan kechada shu tuni uxlamasdin, Rasulullohning eshik oldilarida tong otguncha qo‘riqlab chiqdilar. Chunki Quraysh kufforlari o‘z yerlari Makka tomoniga qaytgan bo‘lsalar ham, yo‘ldin yonib yana Madinaga hujum qilishlari ehtimol edi. Quraysh kufforlari bo‘lsa, Uhuddan qaytishib, Malal degan joyga kelib qo‘ndilar, Qo‘shin raislari shu kecha o‘zaro so‘zlashib o‘tirib: «Bu urushda Muhammadni yengdik, Badr urushida o‘lganlarimizning o‘chini olib, ularning qasoslarini qaytardik. Shundoq ham bo‘lsa, bu ishni chala qoldirib, qaytganimiz yaxshi bo‘lmadi. Muhammad boshliq qolganlarini ham qo‘ymay kirishimiz kerak edi. Nega ularning xotun bolalarini asir olib, molu-dunyolarini o‘lja qilib qaytmadik. Bu urushda dushmanlarimizni yenggan bo‘lsak ham, uning yarashig‘ini qila olmadik. Endi ham bo‘lsa, bu yerdin yonib, Madina ustiga boraylik, alarni es olishga qo‘ymasdin, bu ishni tezdan bitiraylik», deb kengashdilar.
Bularning so‘zlarini shu qo‘ngan joylarida Abdulloh ibn Umaril Muzan degan kishi anglab o‘ltirgan edi. Xudo diliga solib, darhol Rasulullohga kelib xabar berdi. Rasululloh buni eshitishlari bilan barobar, ular kelmasdin ilgari dushman ortidan chiqishga buyruq berdilar. «Kechagi Uhud urushiga chiqqanlardin boshqa hech bir kishi chiqmasun», dedilar. Ularning soni yetti yuzga yaqin edi. Shahid bo‘lgan yetmish necha kishidan boshqalari qolmay chiqdilar. Lekin ichlarida yaradorlari ko‘p edi. Besh-o‘n yerdan yarador bo‘lgan kishilar eran qilmadilar. Hazrati Talha ibn Ubaydulloh yetmish necha yeridan yaralik bo‘lsalar ham, yana bu askardin ajrab qolishga rozi bo‘lmadi. Shuning bilan Rasululloh Ibn Ummu Maktum muazzinni Madinaga voliy tayinlab, yo‘lga chiqdilar.

Qayd etilgan