Endi bu joyda Payg‘ambarimizning u kishi haqida «obro‘ylik ahmoq» degan so‘zlaridan ilhom olib, bu o‘rinda, o‘qituvchilar uchun bir necha foydalik so‘zlar yozib qoldirishni lozim topdim. Albatta, shuni bilmak kerakkim, inson olamiga berilmish ne’matlar ichida eng ulug‘i aql ne’matidur. Shunga o‘xshash, olamda borliq balolar ichida eng yomoni ahmoqlik balosidur. Bunday ziyonlik yomon narsa do‘zaxda ham yo‘qdur. Agar kishi aqlini haqlik yo‘lida ishlatar ekan, u kishi farishtalik maqomiga yetib, balki payg‘ambarlar kabi ulardan o‘tib komil inson bo‘lishi shubhasizdur. Agar odam ahmoqlik yo‘liga kirib, hayvonlik sifatiga berilar ekan, shaytonga qul bo‘lib, do‘zax o‘tiga yem bo‘lishiga shak yo‘qdur. Dunyo yaratilgandan boshlab, nohaq to‘kilgan qonlar, yeru-ko‘kka gunohi sig‘maydigan insonlarning qilgan zulm-xiyonatlari barchasi shu ahmoqlik orqasidan yuzaga chiqqan ishlardur. Agar kishi birovni: «Xudo seni ahmoq qilmasun, ahmoqlarga yo‘ldosh qilmasun», der ekan, uni eng ulug‘ olqishlagan bo‘lur. Shuning uchun Jaloliddin Rumiy «Masnaviy sharif» kitobida aytmishdur:
«Zi ahmaqon biguriz chun Iso go‘rixt», ya’ni: «Iso payg‘ambar ahmoqlardin qochdi, sen ham shuningdek ulardin qochgil, chunki butun dunyoda bor buzuqlik ishlar, nohaq to‘kilgan qonlarning bariga shular sababdur», degan bo‘lur. Bu baytning kitobda hikoyasi bordur.
Shundoqki, bir kuni Iso alayhissalom bir necha ahmoq odamlarni ko‘rib, ulardin yuz o‘girib qochdilar. Anda shogirdlari: «YO Rasulalloh, sizning muborak nafasingizdan qancha ko‘p tug‘asi (tug‘ma) gunglar, karlar shifo topdilar. Sizning qo‘lingizda Xudo izni bilan bir necha o‘liklar ham tirildi. Shunday bo‘lgach, bu ahmoqlarga bir dam ursangiz, bular ham shu ahmoqlik balosidan qutulib qolsalar yaxshi bo‘lur edi», dedilar. Anda Iso alayhissalom «Mening nafasim Alloh izni bilan o‘liklarni tirgiza olar. Har qandoq dardmanlarga shifo bag‘ishlar. Ammo ahmoq odamlarga ta’sir qilmas. Chunki ahmoqlik Allohning qahridur», dedilar.
Mana shunga o‘xshash, hozirgi kunlarda, ya’ni hijriy 1380, melodiy 1960 yilda yer usti butunlay shu ahmoqlar qo‘liga kirdi. Dinsizlik, dahriylik balosi butun dunyoni qopladi. Islom hukumati, Islom mamlakati deyishga ikki Haramdan boshqa hech bir joy qolmadi. Alloh yuborgan payg‘ambarlar ko‘rsatgan to‘g‘ri, yorug‘ yo‘ldin dunyo xalqi butunlay chetga chiqdilar. Ko‘zlari ko‘r bo‘lgach, bu kungi madaniyatning ma’rifat nurlari yurar yo‘llarini yoritmadi. Topgan ilmu-hunarlarini xalqqa foyda berarlik qilib ishlatmadilar, balki insonlarni qirib, yo‘qotarlik, butun olamga halokat yetkazurlik eng dahshatlik qurollarini tayyorladilar. Payg‘ambarimiz aytganlaridek, dunyo ilmi kundan-kunga rivojlanib, taraqqiy topdi. Ammo din ilmini bilgan, butun mamlakatda bir-ikki, deb sanalib qoldi. Inson olamida haqiqiy madaniyatga yetish uchun bu ikki ilm arqoq o‘rish kabi bir-biriga qattiq bog‘lanishi lozim edi.