Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380161 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:10:10

Bu so‘zni butun xalq eshitdi.
Anda Rasululloh sahobalarga qarab aytdilarkim:
— Bu kishining bizga qanday yaqin ekanligi sizlarga ma’lumdir. O‘zi asir tushib, mollari o‘rtada taqsimlandi. Agar unga yaxshilik qilur ersangiz, o‘zini ozod qilib, molini qaytarib bergaysiz, yo‘q der ekansiz, Xudo yetkuzgan o‘z halol molingiz bo‘lib, bu ishda ixtiyor sizlardadur».
Sahobalar Rasulullohdan bu so‘zni anglashib, bu ishga roziliklarini bildirishdilar. So‘ngra o‘rtada taqsim topib ketgan unga qarashlik barcha mollarini o‘ziga qaytarib berishdi. Shu bilan Abul Os boshi bo‘shab, hamma molini olib, Makkaga keldi. Shom savdosiga chiqqan chog‘ida boshqa savdogarlar unga omonat qilib bir muncha mol qo‘shgan edilar. Alarni o‘z egalariga topshirdi. Va: «Mening ustimda hech kimning haqqi qoldimi, va’damga vafo qilib omonat olgan mollaringizni topshirib berdimmi?» deb alardin so‘radi. Mol egalari rozilik bildirishib, unga ko‘p rahmat aytdilar. Ularning so‘zlari to‘xtashi bilan Abu ul Os o‘rnidan turib:
— Men endi Muhammad tutgan yo‘lning haqligiga ishonib, aning diniga kirdim, — deb ko‘pchilik xalq ichida shahodat aytib, musulmon bo‘ldi.
Shunda ular:
— Mundoq ekan, nega bu ishingni oldinroq qilmading? — dedilar.
Anda ul:
— Men Shom tijoratiga chiqqanimda, bir necha kishilar menga omonat qilib mol qo‘shgan edilar. Ul omonat mollarni topshirmay musulmon bo‘lsam, aning egalari bizning molimizni bosib qolish uchun musulmon bo‘ldi, degaylarmu deb qo‘rqdim. Shundoq so‘z chiqmasin uchun shu kungacha sabr etdim, — dedi.
So‘ngra Makkadan Madinaga hijrat qilib kelgach, Rasululloh qizlari Zaynabni yangidan nikohlab, yana unga berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:10:26

HUDAYBIYA QISSASI

Bu voqea shundoq erdikim, bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir tush ko‘rdilar. Tushlarida sahobalar bilan Makka shahriga tinch-omon kirishib, Ka’bani tavof qildilar. So‘ngra Safo — Marva qilib sochlarini oldirdilar. Mana shu ko‘rgan tushlari sabab bo‘lib, Makkaga borish Rasululloh ko‘ngillariga tushdi. Chunki payg‘ambarlarning ko‘rgan tushlari esa, uyg‘oqlikda kelgan vahiy hukmida bo‘ladi. Rasulullohning bu tushlariga qaraganda urush-talashsiz Makkaga kirishlari lozim edi. Lekin qachon kirishlari bu ko‘rgan tushlarida ma’lum bo‘lmagach, Rasululloh shu yili Makkaga kirish umidida safarga chiqdilar. Niyatlari esa umra ibodatini qilish edi. Shuning uchun qilichdan boshqa urush qurollari olmadilar. Bu safarga chiqqan askarlarning soni ming besh yuzga yaqin bor edi. Quraysh mushriklari bu ishga to‘sqinlik qilsalar, o‘rtadan urush chiqib qolg‘aymu deb, ehtiyot yuzasidan Madina atrofidagi iymon keltirgan arablarni askarga chaqirgan bo‘lsalar ham, ko‘plari kelmay qoldi.
Makkaga borganda qurbonlik qilish uchun atalgan yetmishta tuyalari bor edi. Mundoq tuyalarni «Hady» deb aytilur. Yurish oldidan bularni haydatib, so‘ngra borliq askar bilan o‘zlari yo‘lga chiqdilar. Hady tuyalarini birga haydab yurish esa, urush uchun emas, balki Ka’ba ziyorati uchun chiqqanliklariga arablar odatlaricha, ochiq dalil edi. Madinadan chiqib bir manzil yo‘l yurib, Zil Xulayfa degan joyga kelib qo‘ndilar. Shu yerda ertalab yurar oldida umra niyati bilan ehrom bog‘ladilar. So‘ngra qo‘shin bu yerdin qo‘zg‘alib, Makka tomoniga qarab yurish qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir-ikki kun ilgari oldin orovul askari yubormish edilar. Rasululloh askar bilan Madinadan chiqqan xabarlari Makka mushriklariga yetib, alarg‘a qo‘rqinchlik tushdi. Ilgariroq bu ishdan xabar topmish Quraysh raislari maslahat qildilarkim: «Muhammad ersa Baytullohni ziyorati uchun kelgan bo‘lib, shu bahona bilan shahrimizni bosib olmoqchidur. Uni Makkaga kirgizmaymiz, agar kuch bilan qirmoqchi bo‘lar ekan, u chog‘da urush qilgaymiz», deb bir to‘xtamga kelishdi.
Darhol Xolid ibn Valid qo‘mondasida ikki yuz otliq askar orovullikka yo‘lga chiqdi. Rasulullohning yuborgan orovullari ham bulardan xabar topishi bilan orqaga qaytib, buni xabar qildi. Shu orada Islom askari ham Makkadan ikki qo‘nalg‘u Usfon degan joyga yetib kelishdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:10:34

Buni anglagach Rasululloh:
— Dushmanlar to‘sgan bu yo‘lni qo‘yib, ular o‘ylamagan bir yo‘l bilan bizni Makkaga kirgiza oladigan bir kishi bormidur? — deb so‘radilar.
Anda Aslam qabilasidan bir kishi turib:
— Yo Rasulalloh, mundoq yo‘lni men bilurman, — deb o‘nqirlik, og‘ir bir yo‘lga boshlab, shu yurganicha Makka shahrining ost tomonidagi bir tekis joyga chiqarib qo‘ydi. Bu kelishlarida dushmanni tashqari qoldirib, Makkani bosib olishlari mumkin edi. Shu bois Xolid ibn Valid bu ishdan xabar topishi bilan chopganicha kelib Qurayshga bildirdi.
Ular ham shoshilishib qoldilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u joydan ko‘chib Hudaybiyaga kirish oldida Saniyatul-muror degan yerga kelganlarida shoshib kelayotgan tuyalari birdaniga cho‘kib oldi. Har qancha urib-tortib ko‘rsalar ham tuya o‘rnidan turmadi.
Anda sahobalar:
— Yo Rasululloh, Qasvo charchamishdur, — dedilar. Bu tuyaning oti Qasvo edi.
Rasululloh aytdilar:
— Bu tuya charchagan emasdur, mundog‘ odati ham yo‘q edi. Lekin Abrahaning filini cho‘ktirib to‘xtatgan Xudo, buni ham cho‘ktirdi. Agar Quraysh xalqi Haram hurmatini saqlash uchun meni har qanday ishga taklif qilsalar, agar u ishda Baytulloh ta’zimi topilur ekan, albatta, men uni qabul qilgayman, — dedilar.
Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu yurganlaricha to‘g‘ri bosib Makkaga kirsalar edi, keyinlaridan Quraysh mushriqlari kelib, o‘rtada qonli qirg‘in bo‘lib ketishi mumkin edi. Ana unda Haram hurmati ham buzilur edi. Payg‘ambarimizning tuyalari cho‘kkanlikdan ilhomlanib, Makka shahri ichiga kirishdan to‘xtadilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:10:40

Shu bahona bilan Alloh taolo Haram hurmatini va har ikki tarafni bu qirg‘indan o‘zi saqladi. Yo‘q esa, dushmanning tashqari qolganini ko‘rgach, shahar ichiga bosib kirish Rasululloh ko‘ngillariga kelgan edi.
So‘ngra Rasululloh yuqorigi so‘zlarni aytganlaridan keyin cho‘kib yotgan tuyalarini «chu-chu» deyishlari bilan darhol sakrab turdi. Makka yo‘lidan orqalariga qaytib, Hudaybiya degan joyga tushdilar. Bu yer ersa Makkadan Madinaga ketarda yarim kunlik yo‘ldur. Rasululloh yo‘l chalg‘itib Makka tomoniga o‘tganlarini anglashib, Quraysh xalqi ham shoshilinch bilan qaytishib Makka yo‘llarini to‘sishga kirishdilar. Shu orada Makka atrofidagi qabilalardan Xuzo’a qabilasining raisi Budayl ibn Varqo bir necha qabila boshliqlari bilan kelishib Rasulullohga uchrashdi. Umra niyati birla Baytullohni ziyorat qilishga kelganlarini ularga gapirdilar. Buni anglagach, u yerdin turishib Quraysh qo‘shini ustiga kelishdi. Bularning raislari bilan ko‘rishgandan so‘ngra Budayl ibn Varqo aytdi:
— Ey Quraysh xalqi, Muhammad to‘g‘risida ko‘p shoshqinlik qilmanglar. Aning bu kelishi urush uchun emas, balki Baytullohni ziyorat qilish uchun kelmishdur.
Lekin uning so‘ziga ular quloq solmadilar, chunki bu kishi iymon keltirmagan bo‘lsa ham, Rasulullohga tarafdor edi. Shuning uchun ular:
— Agar Muhammad Ka’ba ziyoratiga kelgan bo‘lsa ham bundoq shon-shavkat bilan shahrimizga kirishi to‘g‘ri emasdur. Chunki butun arablar oldida bizga nomus bo‘lg‘udek so‘zga qolurmiz. Agar Muhammad kuch bilan kirmoqchi bo‘lar ekan, bir qatra qonimiz qolguncha unga qarshi tururmiz, — deb bu ishga norozilik bildirdilar.
So‘ngra o‘z taraflaridan Xulays ibn Alqama degan kishini vakil qilib, Rasulullohga yubordilar. Bu kishi esa Qurayshning ittifoqdoshlari Ahobish qabilasining raisi edi. Muning kelayotganligini Rasululloh yiroqdan ko‘rib aytdilarkim: «Bu ersa diniy odatlarni bek hurmat qiladirgan kishidur. Qurbonlikka atalgan tuyalarni to‘pi bilan haydab «Labbayka» qichqirib, uni qarshi olinglar», deb buyurdilar. Shunday qilib edilarki, muni ko‘rib:
— Subhonalloh, mundoq kishilarni qanday qilib Baytulloh ziyoratidan to‘sgali bo‘lg‘ay? Laxm, Juzom, Najd, Himyar qabilalari dunyoning narigi chetlaridan kelishib, Baytullohni ziyorat qilib ketishadilar. Quraysh shayxi Abdulmuttalib o‘g‘li Muhammadni Ka’ba ziyoratidan nechuk to‘sa olg‘aylar? Ka’ba egasi Alloh oti birla qasam qilurmanki, Qurayshning bu qilig‘i ersa, o‘zlarining halokatidur. Bu kishilar umraga ehrom bog‘lab uzoq yo‘ldan Baytullohni ziyorat qilmoqqa kelibdurlar, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:10:48

Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
— Shundoqdir. Ey Bani Kinona sayidi, barchamiz ziyorat uchungina kelgandurmiz. Hech qanday boshqa maqsadimiz yo‘qdur.
So‘ngra Quraysh vakili Xulays qaytib kelgandan keyin alarga aydi:
— Bu kelgan kishilarni Baytulloh ziyoratidan to‘smoq halol emasdur. O‘zlari umraga niyat qilib ehrom bog‘lab, qurbon tuyalarini haydashib kelganlar. Ziyorat ishqida «Labbayka» aytib qichqirib tururlar.
Quraysh raislari bu so‘zni anglab, o‘zaro ixtilof chiqib qolishidan qo‘rqib aytdilar:
— Ey a’robiy, sen hovliqmasdan gapir, urush hiylalaridan sennig ko‘p xabaring o‘qdur. Bu ko‘rgan narsalaring Muhammadning qilgan makr-hiylalari bo‘lg‘ay, urush ustida shundoq ishlarga ishonib bo‘lmag‘ay, — deyishib unga qattiq gapirdilar.
Bularning so‘zlari unga og‘ir kelib, g‘azabi qo‘zg‘aldi. Achituv so‘z bilan ularga qarab aytdi:
— Ey Quraysh xalqi, zulmga yordam berish uchun sizlarga ahd bergan emasmiz. Ka’bani ta’zim qilib ziyoratga kelgan kishilarni qanday to‘sa olursizlar? Halaysga jon bergan Alloh haqqi, agar Muhammadga yo‘l bermas ekansiz, Ahobish qabilasidan bir kishini qoldirmay olib keturman, — deb hayqirdi.
Muning so‘zidan Quraysh raislari ancha tashvishga tushib, yumshoqlik bilan:
— Ey Ahobish sayidi, sen bu ishda ko‘p shoshmagil, ko‘nglimiz tinchlangudek Muhammaddan bir xabar topaylik, — deb aytishdi va Toyif xalqining raislaridan Urva ibn Mas’udni Rasulullohga elchi qilib yubormoqchi bo‘ldilar.
Anda bu kishi aytdi:
— Ey Quraysh ahli, mendan ilgari Muhammadga yuborilmish elchilar qaytib kelgach, sizlardan qattiq so‘zlar eshitishdi. Bizlar bo‘lsak sizlar bilan ota-bola qatoridadurmiz. Xudo haqqi, menim sizlarga ishonchliligim bormu? — deb so‘radi.
Alar ham:
— Ishonchlik kishimiz erursan, har ishda senga ishona olurmiz, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:10:57

Mundoq demakning sababi ersa o‘tgan elchilar so‘zi rad bo‘lganini ko‘rib, meni so‘zim ham shundoq bo‘lib qolmasun deb qo‘rqdi. Chunki arablar oldida elchi so‘zi qabul bo‘lmasligi, uning uchun katta kamchilik bo‘lur, shundan saqlanib yuqorigi so‘zlarni aytmish edi.
Shuning bilan Urva Rasululloh huzurlariga elchi bo‘lib keldi. O‘z odatlaricha ko‘rishgandan so‘ngra, Urva so‘z boshlab aytdi:
— Ey Muhammad, har turlik yig‘inda kishilar sening atrofingga to‘planmishdur, shularga ishonib o‘z qavm-qarindoshingni qirmoqqa kelmishdursan. Quraysh xalqi bo‘lsa, yangi tuqqan sutlik tuyalariga xotin-bolalarini tuyab (ortib) chiqdilar. Alarni cheb (to‘siq) qilib, askar ortig‘a keltirub qo‘ydilar. (Arablar odaticha, sog‘in tuyalariga bola-chaqalarini ortib, askar ortiga qo‘ymoq, eng qattiq urush bo‘lishining alomati edi). Baytullohni ziyorat qilmoqqa Muhammadni kirgazmaymiz deyishib, qattiq qasam qildilar.
Men aniq bilurman, bu ko‘ringan kishilaring erta-indin urush maydoni ochilur ersa, seni dushman qo‘lig‘a qoldirib qochgaylar. Chunki bu ko‘ringan yuzlarda o‘lim nomusini saqlagudek kishilar ko‘rinmaydur. Yigitlik sharafini tashlab, maydondan yuz o‘girib qochishga tayyor turgandek ko‘rarman, — dedi.
Bu so‘z ustida Abu Bakr Siddiq hozir edilar. Muning aytgan so‘ziga qattiq g‘azablanib, chidayolmay:
— Ey Urva, shu so‘zingga sen Lot butingning tillig‘ini tishlabsan. Bizlar Rasulullohni dushmanga qoldirib qochmaymiz, dedilar.
Bu so‘z ersa arablar ichida eng og‘ir so‘kishdir. Chunki Toyif ahli Saqif qabilasi xotin suratidagi Lot nomlik butga topinur edi. Shul butni xotin o‘rnida ko‘rib, aning andomini tishlatib qo‘ydi.
Shuning bilan o‘z dinida qandoq qattiq turganini va o‘limdan qochish mo‘minlarga mumkin emasligini bildirdi. Rasululloh oldilarida bu kabi uyat bo‘lg‘udek so‘z hazrati Abu Bakr Siddiq kabi ulug‘ zot og‘zidan chiqishi to‘g‘ri emas edi. Shunday bo‘lsa ham, dushmanni sindirishda qondurg‘udek so‘z bo‘lganlikdan Rasululloh bu so‘zni og‘ir olmadilar. Yo‘q esa, odatlaricha shunday so‘zni aytgan kishiga tanbeh berur edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:11:06

Quraysh elchisi Urva Saqif qabilasining raisi bo‘lgani uchun yuqorigi so‘z unga qattiq tegdi. Anda Urva:
— YO Muhammad, menga shundoq og‘ir so‘z aytguvchi kimdur? — deb so‘radi.
— Abu Qahofa o‘g‘li Abu Bakrdur, — dedilar.
Anda Urva aytdi:
— Ey Abu Bakr, menim haqqimda sening bir yaxshilik qilganing bor edi. Shu kungacha men uni qaytarolmagan edim, u qilgan yaxshiliging hozir yodimga tushdi. Shuning uchun g‘azabimni yutdim. Yo‘q esa, sening bu yomon so‘zingga undan ham yomonroq so‘z topib qaytarmoqchi edim. O‘shal qilgan yaxshiligingga bu aytgan og‘ir so‘zingni ko‘tardim, — dedi.
Hazrati Abu Bakr Siddiqning unga qilgan yaxshiliklari ersa, Islomdan ilgari, johiliyat zamonida Urva bo‘yniga xun to‘lash tushgan edi. U zamon odaticha bir kishi xuniga yuz tuya to‘lamak lozim edi. Urva esa muni to‘lamakdin ojiz edi. Quraysh kattalaridan yordam so‘rab keldi. Ularning har qaysilari yordamga bitta-ikkitadan tuya berdilar. Ammo Abu Bakr Siddiq unga o‘nta katta tuya yordam qilgan edi. Shu yaxshilikni esiga olib qarshi so‘z qaytarmaganini aytdi.
So‘ngra Rasululloh aytdilar:
— Ey Urva, bizlar bu joyga urushmoq uchun kelmadik, balki umra niyati bilan Baytullohning ziyorat qilgani keldik. Endigi so‘zimiz, Quraysh xalqi bizni bu ishdan to‘smasinlar. Umra ibodatini o‘tab, Ka’batullohni ziyorat qilganimizdan keyin o‘z yerimizga qaytamiz. Mundin boshqa hech qanday maqsadimiz yo‘qdur.
Urva bu so‘zni anglagach, Rasulullohning o‘zga g‘arazlari yo‘qligini bildi. Shu bilan boshqa so‘zga o‘tmay, Quraysh qavmi oldiga kelib:
— Ey Quraysh xalqi, men ersam o‘z vazifamni ado qilib, topshiriqlaringizni Muhammadga yetkazdim. Eron shohi Kisroni, Rum podshohi Qaysarni, Habash podshosi Najoshiyni shon-shavkatlik hollarida ham ko‘rgan edim. Lekin ulardan hech birovining qadrini xalq oldida Muhammadning qadridek ulug‘ ko‘rmadim. Uning atrofini o‘ragan jonfidolari ersa, Muhammad o‘zi bu yoqda tursin, bir tola tukini dushmanga bermaslariga ko‘zim yetdi. Shundoqki, uning oldida ular qattiq qichqirmagaylar, so‘zlarin ersa, ko‘z tikib quloq solgaylar. Tahorat chog‘ida oyoq-qo‘liga suv quymoqni ulug‘ sharaf bilgaylar. Andin oshgan suvni yuz-qo‘llariga surtishib talashgaylar, tupurdi ersa, aning tupurigini ham yerga tushirmagaylar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:11:15

Ey Quraysh xalqi, men sizlarga tilakdoshdirman. Muhammad so‘ragan ishini beraylik, mundoq kishilarga urush ochmoqdan saqlanaylik, chunki bu urushda yengilib qolishdan qo‘rqadurman, — dedi.
Muning so‘zini Quraysh qavmi dag‘i qabul qilmay:
— «Muhammad bu yilcha qaytsin, kelasi yil kelur ersa, ani to‘smag‘aymiz», dedilar.
Urva ko‘rdikim, aning so‘zi qabul bo‘lmadi. Shundan ko‘ngli olinib, o‘ziga qarashlik bir necha kishilarni olib, Toyifga qaytdi. Bulardin xabar bo‘lmagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xuzo’a qabilasining raislaridan Xarrosh ibn Umayya degan kishini yana yubordilar. Bu kishini Rasululloh o‘z tuyalariga mindirdilar. Quraysh oldiga borgach, elchilik xizmatini ado qilib, Rasululloh so‘zlarini alarga yetkurdi. Uning so‘zini ham qabul qilmadilar. Balki Abu Jahl o‘g‘li Ikrima g‘azab bilan o‘rnidan turib, elchi minib kelgan Rasululloh tuyalarini oyog‘iga qilich urdi, elchini ham o‘ldirishga qasd qilgan edilar. Ahobish qabilasi, elchi o‘ldirish yana odat bo‘lib qolgay, deb alarni qaytardilar.
Elchi o‘limdan qutilib Rasululloh oldilariga keldi, ko‘rgan-bilganlarini gapirib berdi. Muning so‘zini anglagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umarni yana yubormoqchi bo‘ldilar. Anda Hazrati Umar:
— Yo Rasululloh, agar men borur bo‘lsam, ular meni o‘ldirmaqqa qasd qilgaylar. U chog‘da meni himoya qilgudek qavmu qarindoshlarimdan Makka shahri ichida hech kim yo‘qdir. Quraysh xalqiga menim qo‘limdan, tilimdan ziyon yetganligini ular yaxshi bilurlar. Shuning uchun menga ko‘zlari tushishi bilan jonimga qasd qilishlari shubhasizdir. Mendan ko‘ra bu xizmatga Hazrati Usmonni yuborur bo‘lsangiz, balki yaxshiroq bo‘lur, chunki aning tuqqanlari Bani Umayya Makka shahrida ko‘pdurlar. Agar dushmanlar tomonidan biror turlik ko‘ngilsiz ish bo‘lishi sezilar ekan, u yerdagi qarindoshlari uni himoya qilgaylar, yo Rasulalloh, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:11:23

Ey Quraysh xalqi, men sizlarga tilakdoshdirman. Muhammad so‘ragan ishini beraylik, mundoq kishilarga urush ochmoqdan saqlanaylik, chunki bu urushda yengilib qolishdan qo‘rqadurman, — dedi.
Muning so‘zini Quraysh qavmi dag‘i qabul qilmay:
— «Muhammad bu yilcha qaytsin, kelasi yil kelur ersa, ani to‘smag‘aymiz», dedilar.
Urva ko‘rdikim, aning so‘zi qabul bo‘lmadi. Shundan ko‘ngli olinib, o‘ziga qarashlik bir necha kishilarni olib, Toyifga qaytdi. Bulardin xabar bo‘lmagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xuzo’a qabilasining raislaridan Xarrosh ibn Umayya degan kishini yana yubordilar. Bu kishini Rasululloh o‘z tuyalariga mindirdilar. Quraysh oldiga borgach, elchilik xizmatini ado qilib, Rasululloh so‘zlarini alarga yetkurdi. Uning so‘zini ham qabul qilmadilar. Balki Abu Jahl o‘g‘li Ikrima g‘azab bilan o‘rnidan turib, elchi minib kelgan Rasululloh tuyalarini oyog‘iga qilich urdi, elchini ham o‘ldirishga qasd qilgan edilar. Ahobish qabilasi, elchi o‘ldirish yana odat bo‘lib qolgay, deb alarni qaytardilar.
Elchi o‘limdan qutilib Rasululloh oldilariga keldi, ko‘rgan-bilganlarini gapirib berdi. Muning so‘zini anglagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umarni yana yubormoqchi bo‘ldilar. Anda Hazrati Umar:
— Yo Rasululloh, agar men borur bo‘lsam, ular meni o‘ldirmaqqa qasd qilgaylar. U chog‘da meni himoya qilgudek qavmu qarindoshlarimdan Makka shahri ichida hech kim yo‘qdir. Quraysh xalqiga menim qo‘limdan, tilimdan ziyon yetganligini ular yaxshi bilurlar. Shuning uchun menga ko‘zlari tushishi bilan jonimga qasd qilishlari shubhasizdir. Mendan ko‘ra bu xizmatga Hazrati Usmonni yuborur bo‘lsangiz, balki yaxshiroq bo‘lur, chunki aning tuqqanlari Bani Umayya Makka shahrida ko‘pdurlar. Agar dushmanlar tomonidan biror turlik ko‘ngilsiz ish bo‘lishi sezilar ekan, u yerdagi qarindoshlari uni himoya qilgaylar, yo Rasulalloh, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:11:32

Aning bu so‘zini barcha sahobalar maslahat ko‘rishib, Hazrati Usmonni elchilikka yubordilar. Hazrati Usmon Makkaga kirmasdan ilgari qabila raislaridan Ibbon ibn Sa’d oldiga kirib, undan o‘ziga himoya so‘radi. U ham ani o‘z himoyasiga olib, dushmanlar zararidan saqlamoqqa va’da berdi. Bu ishni ersa, arab raislari o‘zlari uchun ulug‘ sharaf bilur edilar. Himoya so‘raguvchi kishi aning dushmanlaridan bo‘lsa ham, uni o‘z himoyasiga olmoq kabi olijanoblik ishlari o‘shal zamon arablari ichida bor edi.
Shundoq bo‘lib, Hazrati Usmon Abu Sufyon boshliq barcha Quraysh raislariga Rasululloh so‘zlarini yetkuzdi. Urush uchun emas, balki Baytullohga ta’zim qilib, ziyorat uchun kelganliklarini ularga anglatdi. Bu to‘g‘rida bir qancha so‘z aytildi, hammasini bekor qildilar. Hazrati Usmon ham alardan umid uzib qaytmoqchi bo‘ldi. Lekin tezdan qaytishga ruxsat qilmasdan uch kun ta’xirga soldilar. Yana sahobalardan o‘n odam Hazrati Usmon Makkaga kirganlarida birga kirgan edilar. Bular esa Madinaga hijrat qilib ketganlarida oilalari Makkada qolgan kishilar edi. Har qaysilari shaharga kirishib, o‘z oilalari bilan ko‘rishib oldilar. Yana Quraysh raislari Hazrati Usmonga Ka’bani ziyorat qilib olishga ruxsat qilurmiz, dedilar. Anda Hazrati Usmon aytdilarkim:
— Rasululloh ziyorat qilmaguncha, men Ka’bani ziyorat qilmagayman.
Shu sababli ularning qaytishlari uch-to‘rt kun kechikib qoldi. Bundan tashvishlanib turgan chog‘larida «Hazrat Usmon boshliq Makkaga kirishgan o‘n kishini o‘ldiribdurlar», degan yolg‘on xabar Rasulullohga yetdi. Muning bo‘lishi ham gumon qilinmoqda edi. Anda Rasululloh:
— Agar bu xabar rost bo‘lar ekan, u chog‘da urush qilmaguncha bu joydan ketmaymiz. Ey mo‘minlar, Alloh taolo sizlardan bay’at olishni buyurdi. Kelinglar, o‘limdan qo‘rqmasga, dushmandan qochmasga, tug‘ tutib ahd-paymon bering, dushmanni yengib, Makkani olgaymiz yoki barchamiz shahodat topqaymiz, — dedilar.

Qayd etilgan