Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90478 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 21:23:05

Qamoqdagi o‘smirlarning ma’lum guruhidan «Nima uchun to‘daga qo‘shilib qoldinglar?» deb so‘ralganida ularning 43 foizi do‘st topish ilinjida qo‘shilganlarini aytishdi. Qolganlari ota-onasi yoki o‘qituvchilarga araz qilib, qanday yashash lozimligini bilmay, adolatsizlikka qarshi kurashish maqsadida, kutilmagan g‘alati narsalarga erishish orzusida qo‘shilishgan ekan. «To‘dada qanday yumush bilan shug‘ullanar edinglar?» degan savolga olgan javoblarimizni umumlashtirsak mana bunday bayon kelib chiqadi: «Oshnalar bilan (ular «to‘da» degan so‘zni tilga olishmadi) ulfatchilik qilamiz, chekamiz, ichamiz. Pul kerak bo‘lib qolsa, «yo‘lovchilardan so‘raymiz» (qanday so‘rashlari ayondir?») Zeriksak, sho‘xlik ham qilib turamiz. (Bu sho‘xlik huquqchilar tilida «bezorilik» deb ataladi.)Ba’zan uyda yotmaymiz. O‘qishdagi yoki ishdagi intizom bizga yoqmaydi. Ba’zan so‘kishamiz, ba’zan mushtlashamiz. Qo‘lga noyob narsalar tushib qolsa, sotamiz. Ba’zan kayf uchun qoradori kukunini hidlaymiz. Istaganlar bilagiga ham olaveradi. O‘zimizga yoqqan narsani olamiz...» To‘daga kirib qolgan o‘smirlarning sururli olami shundan iborat. Tarbiyachi uni bu olamdan qanday tortib olishi mumkin? Yoki barchasining taqdiri bir - qamoqmi? Afsuski, ayrim hollardagi yakun shunday bo‘lyapti.
Agar boshqa guruh bilan janjal chiqquday bo‘lsa, mushtlashuvni davraning zo‘ri emas, nisbatan zaifrog‘u ammo manmanlikda ilg‘or bo‘lmish bola boshlab beradi. Mushtlashuvda yengilish aniqroq bo‘lib qolsa, aynan shundaylar birinchi bo‘lib qochadilar. Mushtlashuv og‘ir jinoyat, aytaylik, odam o‘ldirish bilan yakun topsa shu bolalar yolg‘on guvohlikni bera boshlaydilar. Kim kimni qanday urgani, tepganini ziyraklik bilan kuzatib turganday batafsil tasvirlab beradilar.(Bu haqda keyinroq alohida so‘z yuritamiz.) Tergovchini chalg‘ituvchilar ham shu toifadagilar bo‘lishadi. Ko‘plashib qilingan jinoyatlarning aksari tasodifiy voqeadan boshlanadi. Atrofdagilar ularni jinoyatchi sifatida tanimay, ularning qiliqlarini «yoshlik bevoshligi»ga yo‘yishadi. Ularga nisbatan qattiq talab qo‘yilmasligi bir tomondan to‘g‘ri, bunday bolalarning o‘ndan olti yoki yettisi endigi qadamini o‘ylabroq bosadigan bo‘ladi. Shu sababli bu toifa bolalarga jinoyat olamining fuqarosi guvohnomasini berishga shoshilish yaramaydi. Bular bevoshlik chegarasidan chiqqanu ammo jinoyat ko‘chasiga to‘la kirib ulgurmaganlardir. Ularga sudning «qora kursisi»da o‘tirishning o‘zi kifoya qiladi. Qamoq jazosi berilmasa ham eslarini yig‘ib oladilar. Hamonki bolalar qamoqxonasini «axloq tuzatish mehnat koloniyasi» deyilar ekan, adashganlarning axloqini qamamay turib ham tuzatsa bo‘ladi. Biroq, bu o‘rinda masalaning mushkul jihati ham bor.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:23:19

Kinoteatrga majburlab olib kelingan bir necha maktab o‘quvchilarining orasida joy talashish oqibatida janjal chiqadi. (Shunday joylarga turli maktab o‘quvchilarini to‘plash tajribasidan voz kechish kerakligini ta’kidlib o‘tmoqchimiz. Bir birlarini tanimagan o‘smirlar orasida janjal chiqishi ehtimolini benzin to‘la idish oldida gugurt chaqishga qiyoslasak bo‘ladi.) Agar turli maktablardan turli guruhlar to‘planmaganida bola joy talashib o‘tirmas edi. Bu holatda u o‘zining yolg‘iz emasligini biladi, agar indamasa «qo‘rqoq» degan nom olishi ham unga ma’lum, o‘rtoqlari hech bo‘lmaganda «nega indamading, tumshug‘iga tushirmaysanmi!»- deb malomat qiladilar. Bu yoqda qizlar kulib qarab turishibdi... Xullas, kinozaldagi mushtlashuvni muallimlar tezda tinchitishadi. Kinotamosha tugagach, o‘smirlarning tamoshalari tashqarida davom etadi. Endi bu holatda «birga bir chiqish» degan gap yo‘q. «Uchga ikki» yoki «ettiga besh» ham yo‘q. Janjalning avvalida bo‘lgan-bo‘lmagan bolalar mushtlashuvi avj oladi. Muallimalar bolalarni boshqara olmay qoladilar. Shu janjalda bir bola nobud bo‘ladi. Uni hech kim qasddan o‘ldirmagan, tasodifiy tepkidan keyin jon bergan. Mushtlashuvda ishtirok etgan bolalar so‘roq qilinganda ularning to‘qson foizi «janjalga nimaga aralashganimni o‘zim ham bilmayman», deb javob berganlar. Tergov jarayonida yetti bola asosiy aybdor sifatida aniqlandi. Ana endi shu yettitadan qaysi biri adashgan, ertaga bu yo‘lga qadam bosmaydi, qaysi birining esa tuzalishi qiyin - buni aniqlash juda qiyin. Ehtimol marhumni tepgan bolani ko‘proq ayblarsiz. Aynan shu bola janjalni boshlamagan, urushayotganlarni tamosha qilib turganida behos musht yeb, beihtiyor tepib yuborgan bo‘lsa-chi? Tergov va sud jarayonida maktab va mahalla tomonidan yozib berilgan tavsifnomalarga e’tibor beriladi. Qamalishi ehtimoli mavjud har bir bolaning ruhiy olami, oilada va maktabda o‘zini tutishi, qiziqishlari esa alohida o‘rganilmaydi. Militsiya tavsifnomalarga, guvohlarning ko‘rsatmalariga, so‘roq natijalariga asoslanadi, sud uchun esa tergovchining xulosasi asosiy manba bo‘ladi. Bu o‘rindagi bizning taklifimiz ajablanarli, hatto aqlga sig‘mas bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Sud yoki tergovchining har bir bolani o‘rganishga vaqti yo‘q, buni himoyachilar bajarsin, deyishingiz ham mumkin. Buni rad etmaymiz. Biroq, himoyachining shug‘ullanishi boshqa masala, himoyachining fikrlari hamisha ham haq gap sifatida inobatga olinavermaydi. Ikkinchi tomondan biz jamiyatimizning ertasi bo‘lmish o‘smirlarning taqdirini hal etyapmiz, shunday ekan, bu muammoni adolatli ravishda yechishda barcha mas’uldir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:24:19

Achinarli jihati shundaki, o‘smirlarga xos jinoyat turlari o‘rganilsa, mayxo‘rlik oqibatida qilingan jinoyatlarga ham duch kelinadi. Yanada achinarlisi shuki, ayrimlar hali o‘smirlik olamiga kirmasdan avvalroq aroqxo‘rlikni boshlab yuboradilar. Abu ad-Dardo (roziyollohu anhu) rivoyat qilgan sharafli hadisda janob payg‘ambarimiz salollohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki: «Mast qiladigan harom ichimliklarni aslo ichma, chunki ular hamma yomonliklarning kalitidir.» Yana bir boshqa hadisi sharifda janob payg‘ambarimiz «Xamr (ya’ni mast qiluvchi achitilgan ichimlik) yomonliklarning onasidir»,- deb ta’riflaganlar. Mayxo‘rlikni Olloh mutlaqo xarom etgani (ya’ni t’qiqlagani), Qur’oni karimda bu xususda oyati karimalar mavjudligi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa-da, amal qilinmasligi afsusli holdir. Yaratgan Tangri Qur’ondan avval nozil qilgan muqaddas kitoblarida ham mayxo‘rlikni ta’qiqlagan. Tavrotning Sulaymoniya qismiga o‘xshash 20-bobida «Sharob sharmanda etadi, muskir janjalkashga aylantiradi. Unga mubtalo bo‘lgan aqlli emasdir»,-deyilgan. 23-bobning 20-21- qismlarida esa: «Sarhushlar, vujudini xor qilganlar bilan ulfat bo‘lma».-deb aytilgan. Va yana shu bobning 29-35- qismlarida: «Ularning holiga voy, bu shovqin-suron, sababsiz jarohatlar, qizargan ko‘zlar kimniki? Sharobdan ajralmaydiganlarniki, uni qidirib yuradiganlarniki. Sharobning qizilligiga, qadahdagi rangiga va ajoyib quyilishiga aldanib qolma!.. Oxir oqibatda ilon kabi chaqadi, ko‘zlaring, qalbing yomon narsalarni so‘zlay boshlaydi. Dengizning o‘rtasida yonayotgan kemaning tubida uxlayotgan kabi bir holatga tushasan».-deyiladi. Huddi Tavrot kabi Yuhanno Injilining ikkinchi bobi 8-9- qismlarida bunday deyiladi: «Parvardigor Horunga dedi: «sen va o‘g‘illaring jamoat chodiriga kirganingizda sharob va muskir (mast qiluvchi) ichadiganlardan bo‘lmangiz.» Bu misollarni keltirishimizdan maqsad, mayxo‘rlik faqat musulmonlarga emas, barcha insoniyatga ta’qiqlangan. Jamiyatimizdagi ayrim odamlar buni yaxshi anglab yetmaydilar va tarbiyalaridagi farzandlariga tushuntira olmaydilar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:24:31

Kishini afsuslarga soladigan yeri shundaki, bu sohadagi tarbiyani ancha kech boshlaymiz. Ayrim bolalarga chekishning zarari haqida tushuntirishga urinayotgan paytimizda ular chekish nima ekan, ichkilikning kayfini totishga ulgurgan bo‘ladilar. Bunga faqat ko‘chaning yomon ta’sirini sabab qilib ko‘rsatmaslik kerak. Asosiy sababni o‘zimizdan, baodob, tarbiyali hisoblanmish odamlardan ham izlab ko‘raylik. To‘ylarda, turli ziyofatlarda dasturxonni arog‘u kon’yaklar bilan to‘ldiruvchi kim? Ko‘cha bezorilari emasdir, a? Bolalarning ko‘z oldida ichuvchi, mast-alast holda aljirovchi, behayo qiliqlar qiluvchilar-chi? Bu bemazagarchiliklarni norasidalar kuzatib turgani hech o‘ylab ko‘riladimi? Kattalardan qolganini tatib ko‘rishlari-chi? O‘smirlar mayxo‘rlikka ko‘proq shunday joylardan kirib keladilar.
«Badmast ulfat - davraga kulfat», deb bejiz aytmaganlar. O‘smirlar jinoyat qilgan paytlarda ko‘pincha badmast bo‘ladilar. Mastlik chog‘ida hatto kattalar ham o‘zlarini boshqara olmaganlaridan keyin hali jismonan yetilmagan o‘smirning ahvolini gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirlar olamidagi jinoyatning 70 foizi aynan shu badmastlik oqibati ekan. Qotil o‘smirlarning yarmidan ko‘prog‘i jinoyat qilayotganlarida mast bo‘ladilar.
J. ismli o‘smir 17 yoshida qurilishga ishga kirdi. Hunar o‘rgana boshladi. Hunarga qo‘shib mayxo‘rlikni ham o‘rgandi. Oqibat shu bo‘ldiki, bu sohada ustozlaridan ham o‘tdi. Ishdan ketdi. Endi nafsini qondirish uchun nima qilish kerak? O‘g‘rilikdan o‘zga chorasi bormi? U atrofiga 15-16 yoshli o‘smirlardan yettitasini to‘pladi-yu, bosqinchilikni kasb etdi. Ular asosan oziq-ovqat do‘konlarini bosardilar. To‘qqizinchi bosqinda qo‘lga olingunlariga qadar maishatdan bo‘shamadilar. Hali o‘n sakkizga to‘lmagan J. bu vaqtga kelib kunda ichmasa chidolmaydigan xastalikka yo‘liqib bo‘lgan edi.
O‘smirlarning jinoyatlari o‘rganilganda mana bu holatning guvohi bo‘ldik: odamlarning uylariga o‘g‘irlikka tushganlarning 24-30 foizi mast bo‘lgan, davlat mulkini o‘g‘irlaganlarning 42-45 foizi, bezorilik bilan qo‘lga olinganlarning 75-95 foizi, bosqinchilarning 60-70 foizi, talonchilarning 60-70 foizi, nomusga tegishda ayblanganlarning 50-66 foizi, tan jarohati yetkazgan mushtumzo‘rlarning 90-100 foizi badmast bo‘lgan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:24:49

Bir xonadon sohibi badmastlikni kasb qilib olgan. Kun yo‘q-ki, ichmasa. Topganini sovuradi. Ko‘p hollarda hamshishalarini boshlab kelib, uyda maishat qiladi. Xotini ortiqcha bir so‘z aytib yuborsa, do‘pposlaydi. D. ismli bola ana shunday sharoitda ulg‘aydi. Bunaqa sharoitda ikkidan biri bo‘ladi: birinchi bo‘limda qisman aytganimizday, ichkilikka, zo‘ravonlikka qarshi kuch uyg‘onishi va o‘zi ichmay, ichganlardan hazar qiladigan, ayollarni o‘zi urmay, urganlardan nafratlanadigan tarzda yashashi mumkin. Afsuski, bunaqasi kamroq uchraydi. Ikkinchi yo‘l - «ota o‘g‘il» sifatida shu yaramas yo‘ldan yurish. D. shunday toifadan edi. Otasining maishatidan keyin shishalarda qolgan ichimliklarni ichib, mayxo‘rlikni o‘rgandi. So‘kib gapirishni odat qildi. (Shirinso‘zlikni unga kim o‘rgatsin?) Kunlardan bir kun shirakayf holatda uyga qaytib, yana er-xotin janjaliga guvoh bo‘ldi. Otasi odati bo‘yicha mushtini, tepkilarini ishga solganida uni tinchitishga urindi. Badmast ota endi o‘g‘ilga yopishdi. D. otasiga nisbatan nimjonroq edi. Unga kuchi yetmadi. Oqibat oshxonadagi pichoqni olib chiqib, otasining qorniga sanchdi. Qotillik qasddan qilinmadi. Aytarsizki, D. o‘zini himoya qildi, uni jazolamaslik lozim. Fikringizga qo‘shila olmaymiz. Chunki bu holatda ota o‘g‘lini o‘ldirish qasdida bo‘lmagan, D. o‘zini himoya qilish uchun pichoq ko‘tarmagan. U mast bo‘lgani, g‘azabini jilovlay olmagani uchun otasini o‘ldirgan. Ehtimol pichoqqa yugurganda otasini qo‘rqitmoqchi bo‘lgandir, «otam pichoqni ko‘rib shashtidan tushar», deb o‘ylagandir. Agar mast bo‘lmaganida shunday po‘pisa bilan cheklanardi. Biroq, mastlik uning hushini o‘g‘irlagan, o‘zini boshqara olish quvvatidan mahrum etgan edi. Otani o‘ldirganlarni «padarkush» deydilar. Bu holatda D.ni shunday atash mumkinmi? Qisman mumkin. Agar ota mayxo‘r emas, ongli, baodob bo‘lganida edi, janjalni D. boshlab, uni o‘ldirganida edi, «padarkush» deb atasak yarashardi. Ota o‘g‘ildan o‘lim topmoqlikka o‘zi xaridor bo‘ldi, bu o‘limini o‘zi arzongarovga sotib oldi. U-ku, o‘lib ketdi, bundaylarning boridan yo‘g‘i yaxshi, deydilar. Biroq, zurriyodining hayotini ham zaxarlab ketdi, ana shunisi chatoq!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:25:07

Rossiyada, Yangi yil kuni tashvishli voqea yuz beribdi. Bir kishi Qorbobo kiyimida ko‘chaga chiqqan ekan. Yarim kechada 15-16 yoshlardagi uch o‘g‘il va uch qiz bolaga duch kelibdi. O‘smirlar hammasi badmast, ko‘chani boshga ko‘tarib shovqin solganlari uchun «Qorbobo» «Kech bo‘lib qoldi, uylaringga boringlar», deydi-yu, baloga qoladi. Avval o‘g‘il bolalar, so‘ng qizlar unga tashlanishib, tepkilab o‘ldiradilar. Jinoyatga aralashgan qiz bolalarni atayin ta’kid etdik. Afsuslanmasdan ilojimiz yo‘q-ki, yigirmanchi asrda tarqagan vabolardan biri - aynan yosh qizlar orasida mayxo‘rlikning ko‘payib borishidir. Yevropada 14-15 yoshli qizlarning badmastlikka mayl qo‘yishlari o‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida qariyb ikki martaga oshgan. Agar avvalroq qizlarning mayxo‘rligi asosan 15 yoshdan keyin kuzatilgan bo‘lsa, mayxo‘r qizlar ancha yosharishdi - 13-14 yoshlardagi qizlar ham militsiya nazoratiga o‘tishdi.
Ozodlikdan mahrum etilgan o‘smirlarning elliktasi bilan suhbatlashilganda shularning 12 foizigina ichmasligini aytdi. 48 foizi doimiy emas, unda-bunda icharkan. 40 foizi esa doimiy ravishda ichgan. Bolalar koloniyasining xizmatchilari biz bilan suhbatlasha turib farzandlarini yo‘qlab keluvchi ayrim ota-onalarning aroq tashlab ketishga urinishlarini afsus bilan gapirib berishdi. Chindan ham afsuslanarli hol. Bular qanday nodon ota-onalarki, bolalarini bu yerga boshlab kelgan narsaning aynan shu aroq ekanini fahm etmasalar? Ular tashlab ketgan aroq egasiga yetib bordi, deb faraz qilaylik. Uni ichib olib, mastlikda yana bir jinoyat qilsa, uch yillik qamoq muddati yana o‘n besh yilga ko‘paysa, aybdor kim bo‘ladi?
Giyohvandlikning jinoyatni tug‘dirishi haqida butun dunyo tashvishlanib gapiryapti. O‘smirlarning bu baloga tortilishi chindan ham har qanday jamiyat uchun bir ofatdir. Xumor tutib, talvasaga tushgan (koma) paytida giyohvand bir necha gram qora dori evaziga o‘z onasini o‘ldirishdan ham toymaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:25:45

Bolalar koloniyasidagi bir guruh tarbiyalanuvchilardan «nasha tortganmisiz?»-deb so‘raganimizda ularning 34 foizi «ha»,-deb javob berishdi. Bolalar va o‘smirlar orasida giyohvandlikdan tashqari «taksikomaniya» degan balo ham mavjud. Giyohvandlik ma’lum mablag‘ni talab qilsa, taksikoman ozroq pul bilan mast bo‘lishi mumkin. Masalan, bir-ikki shisha pivo ichadi-da, so‘ng boshini tsellofan xalta bilan burkab, o‘tkir hid tarqatuvchi benzinmi yo pashsha dori - dixlofosnimi hidlaydi. Shu tarzda kayf qiladi. Bu kayf oqibatda zaharlanish, hatto o‘lim bilan ham tugashi mumkin. Ko‘p qavatli uylarning, hatto ayrim maktablarning yerto‘lalari va shunga o‘xshash xilvat joylar giyohvand va taksikomanlarning rohatbahsh maskaniga aylanib qolish ehtimoli bor. Shu boisdan ham hilvat joylarni nazoratdan chetda qoldirmaslik zarur.
Biron bolaning giyohvandga aylanib qolganini eshitsak, afsuslanib: «shunday aqlli bola ularga qanday aralashib qoldi?»- deymiz. Giyohvand to‘dalar faqat o‘zlari kayflanib qolmasdan o‘zgalarni ham bu yo‘lga tortishga harakat qiladilar. Giyohvand moddalarni sotuvchilar saflariga yangi bolani tortganlarni bepul qora dori berish bilan rag‘batlantirib turadilar. Bu safga qo‘shilib qolish esa uncha murakkab emas. Giyohvandlik haqidagi hujjatli filmga stsenariy yozish uchun ma’lumotlar to‘playotganimda ko‘pgina kutilmagan voqealarga guvoh bo‘lgan edim. Mana, shulardan biri: yuqori sinf o‘quvchilari maktabni bitirish oldidan tog‘ sayriga chiqadilar. Bolalardan biri nasha o‘rab chekib, boshqalarni ham da’vat etadi. «Nima bo‘larkin?»-degan qiziqish bilan ayrimlar, jumladan, qizlar chekib ko‘rishadi. Giyohvandlik olamining eshigini ochish uchun shu birgina chekish ham kifoya qiladi. Kamdan kam bolalar keyingi chekishdan o‘zlarini to‘xtatib qola oladilar. O‘sha tog‘dagi qiziqish bilan chekish I. ismli qizni o‘ziga bandi qilib oldi. U asta-sekin giyohvandga aylandi. U yaxshi o‘qirdi. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi. Ammo ikkinchi yili tashlab ketdi. Turmushga chiqdi. Farzandlari o‘lik tug‘ilavergach, turmushi ham buzildi. Qoradoriga pul topish maqsadida oxiri o‘g‘rilarga qo‘shildi. Shu tarzda gulday umr xazon bo‘lishi mumkin edi. I. kech bo‘lsa-da, esini yig‘ib oldi. Davolana boshladi. Ba’zilar ashaddiy giyohvandlarni davolab bo‘lmaydi, deb hisoblaydilar. Bu xato fikr. To‘g‘ri, davolanish juda qiyin va uzoq davom etadigan jarayon, lekin noumid qaramaslik kerak. Giyohvandni davolash uchun dori-darmonlarning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu borada yana ikki muhim omil bor: biri - bemordagi iroda kuchi, ikkinchisi - atrofidagilarning, ya’ni siz bilan bizning unga nisbatan mehr-shafqatli bo‘lishimiz. Undagi irodaning kuch olishiga siz bilan bizning xayrixoxligimiz juda muhim. Ham jismoniy ham ruhiy azoblarni yengayotgan bemor yonida mehribonlarning turishi zarur ahamiyat kasb etadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:26:05

Uni ayblash, tanqid qilish ma’nosidagi gaplar, uzundan uzoq nasihatlar, «giyohvand bo‘lib nima orttirding?» kabi dashnomlar uni battar ezadi. Irodasini battar parchalaydi. Mayxo‘rni mayxo‘rlar, giyohvandni giyohvandlar o‘z bag‘rilariga mamnuniyat bilan olishdi, biz nima uchun ularni ko‘kraklaridan itarishimiz kerak? Nega botqoqdan tortib olishga harakat qilmaymiz? To‘g‘ri, hamma ham shunday emas, barchani birday ayblamoqchi emasmiz. Lekin mayxo‘r va giyohvand o‘smir uchun asosan uning ota-onasi va yaqinlari qayg‘uradilar. Da’voimizni o‘zgacharoq tarzda ifoda etaylik-chi: mayxo‘r yoki giyohvand o‘ziga yetti yot begona bolani bag‘riga oladi. Biz-chi, biz yetti yot begona bolani bu botqoqdan tortib, o‘zimizning bag‘rimizga olishga urinamizmi?
Tog‘dagi nasha chekish voqeasini bekorga eslamadik. Birinchi marta totib ko‘rish turli o‘smirlarda turlicha holatda bo‘ladi. Ularning ko‘proq qismiga giyohvandlarning hayoti ozod va erkin, totli va huzurbahsh ko‘rinadi.Mana shu aldamchi his, yoki havas ularni bu olamga tortib keladi. Yana ma’lum bir qismi davradagilar qo‘rqoq demasliklari uchun birinchi marta totib ko‘radi. Boshqa bir toifa esa giyohvandlar maqtagan kayf-safodan bahramand bo‘lish istagiga bo‘ysunib qoladi. Suhbatlashilgan giyohvandlarning har ikkidan biri o‘rtoqlari oldida uyalib qolmaslik uchungina nasha chekishni boshlaganlarini aytishdi. Davolanayotgan giyohvandlar bilan suhbatlashilganda ularning 25 foizi ko‘chada, ulfatchilikda o‘rganganlarini bildirishdi. 12 foizi diskotekada orttirgan tanishlaridan o‘rganganini, yana bog‘da sayr qilib yurib, to‘daga duch kelganini yoki yotoqxonalardagi tanishlari taklifi bilan totib ko‘rganlarini aytishdi.
(Jinoyatchilar haqida gapirganimizda «o‘smir» deb asosan o‘g‘il bolalarni nazarda tutyapmiz. Bunga sabab jinoyatchilarning o‘ndan to‘qqiz qismini o‘g‘il bolalar o‘ndan bir qisminigina qizlar tashkil etadi. Avvallari qizlarning asosiy qismi chayqovchiligi yoki o‘g‘riligi uchun qamalardi. Hozir jinoyat turlari o‘zgardi. Endi «chayqovchilik» deb atalmish jinoyat turi yo‘q. Oldi-sotdi erkin tarzda. Hozir qizlar o‘g‘irligi yoki o‘g‘rilarga sherikligi, tovlamachiligi, giyohvandligi yoki giyohvand moddalarni sotish bilan shug‘ullanganligi kabi jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum etiladilar. Ular orasida og‘ir jinoyatlar juda kam, yo‘q darajada desak ham bo‘ladi.)

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:26:31

Jinoyatchilar orasida ruhiy xastalar ham uchraydi. Ular qamalmaydilar, maxsus muassasalarda davolanadilar. Mayxo‘r va giyohvand jinoyat qilayotgan paytida ruhiy xastadan farqlanmaydi. Ammo ruhiy xastalarning kasalligi tabiatdan, mayxo‘r va giyohvandlar esa o‘zlarini o‘zlari majburlab shu holga olib keladilar.
O‘smirlarning ruhiy holatini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ancha mushkul masala. Agar biron ota-onaga «farzandingizni psixiatr ko‘rigidan o‘tkazing», desangiz ular «nima, mening bolam jinni ekanmi?» deb ranjishlari tabiiy. O‘smirlik olamiga o‘tayotgan boladagi biologik o‘zgarishlarni aytgan edik. Ruhdagi o‘zgarishlar ham ana shuning natijasi o‘laroq yuzaga keladi. (Tibbiy tilda buni «ruhning parchalanishi» deb nomlanishini aytdik.) Bir maktab o‘quvchisining yurish-turishi, gap so‘zlarida o‘zgarish seziladi. U dugonalariga ham, muallimlariga, hatto ota-onalariga ham qo‘pollik qila boshlaydi. O‘qish haqida o‘ylamay qo‘yadi. Tibbiy sohadan bir oz bilimi bo‘lgan muallima qizning ota-onasiga uni psixiatr vrachga ko‘rsatishni tavsiya qilganida avval baloga qolay deydi. Qizning fe’l-atvori yomon tomonga qarab o‘zgarib boravergach, ota-ona noiloj vrachga uchraydilar. Tajribali psixiatr o‘smir qizdagi o‘zgarishning sababini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, qizchaning oshqozon va ichagida xastalik yuz ocha boshlagan. Buning oqibatida u jinsiy jihatdan balog‘atga yetish bobida dugonalaridan ortda qolgan. O‘g‘il bola ham, qiz bola ham bunaqa paytda ruhan tushkunlikka tushadi. Ulardagi ruhning parchalana boshlashiga ichki kasallik ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, oiladagi nobop holatlar, ya’ni er-xotin janjallari, erning xotinni do‘pposlashi kabi voqealar ham bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolaning ruhiyatida o‘zgarish bo‘ldi, degan gap vrach tomonidan darrov jinnixonaga yotqiziladi, degani emas. Psixiatrdan tashqari ruhshunos (psixolog) degan mutaxassislar ham bor. Ko‘pgina o‘smirlarga aynan ularning yordamlari zarur bo‘ladi. Afsuski, ota-onalar ularga ham kam murojaat qiladilar. Kunlari folbinlarga yugurish bilan o‘tib, vaqtni boy beradilar.
K. ismli bola ham ota-onaning be’etiborligi oqibatida jinoyat ko‘chasiga beihtiyor kirdi. Buni ilmiyroq ta’birda: «ihtiyorida bo‘lmagan, boshqarishga qurbi yetmagan ruhiy kuch ta’sirida jinoyat qildi», desak ham bo‘ladi. K. bolalik chog‘idayoq aqlan zaifligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Hozir o‘qishni eplay olmagan bolalar sinfda qoldirilmaydi. Har qanday sharoitda ham unga «uch» baho qo‘yib bo‘lsa-da, sinfdan sinfga o‘tkazadilar. Ilgari bunday emasdi. Bir sinfda ikki hatto uch yil o‘qiydiganlar uchrardi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:32:53

Ularning aksari dangasaligi uchun emas, aqlan zaifligi uchun darslarni o‘zlashtira olishmasdi. Ota-ona va o‘qituvchilar esa uni zo‘r berib yaxshi o‘quvchiga aylantirishga urinaverishardi. Hozir beshinchi-oltinchi sinfga qadar ham muallimlar bunday bolalarni chidam bilan o‘qitaveradilar. Tasavvur qiling: harf taniy olmagan bola oltinchi sinfda o‘qisa?! K. ham shunday edi. Muallimlar uning aqlan zaifligini sezishardi, ota-onasiga tushuntirishga harakat qilishardi, biroq, ular «mening bolamni jinniga chiqaryapsanlarmi?»- deb janjal ko‘tarishardi. Ular hatto alohida muallimlar yollab K.ni qo‘shimcha ravishda o‘qitishdi. Foyda bo‘lmadi. Ular «dushmanlarimiz bolamizni duo bilan bog‘lab tashlashgan»,- deb folbinlardan mo‘’jiza kutishdi. To‘g‘ri, K. jinni emas edi. U faqat atrof muhitni aqlan tanishda g‘oyat sust edi. Ko‘rganini tahlil etish, xulosa chiqarish qobiliyatidan mahrum edi. Shu bois biron noto‘g‘ri ish qilayotganini o‘zi anglab yetolmasdi. K. ota-onalarining istagi bilan sakizinchi sinfni bitirdi. So‘ng uni ishga joylashdi. K. dastyorlikni ham eplab bajarolmasdi. U yoshi kattaroq ishchilar uchun ermak edi. Uni masxaralab kulardilar. Ba’zan masxara bo‘layotganini anglab, achchiqlanardi. Ba’zan esa odamlarning nima sababdan kulayotganlarini bilolmay ajablanardi. Oqibat shu bo‘ldi-ki, K. doimiy masxaralanayotgani uchun ularni jazolashga ahd qildi. Jazoni o‘zi belgiladi. Ishxonadagilar uchun ermak bo‘lmish magnitolani o‘g‘irladi. Esi butun odam bu ixcham magnitolani kunduz kuni ham olib ketishi mumkin. Chunki ishchilarning dam oladigan xonasi hamisha ochiq bo‘ladi. K. esa kechasi kelib, eshik qulfini buzdi. Buyumni olib chiqib ketayotganida qorovul uni to‘xtatdi. K. esa guvohdan qutulmoqchi bo‘ldi. Bu ishda K. aybdor deb topildi. Undagi ruhiy xastalik jinoyatga yetaklovchi sabab, degan xulosaga kelinmadi. Buni biz elektr lampochkaga qiyoslaymiz: buragichni burasangiz, lampochka o‘chadi. Ruhiy xastalik ham shunday. Ma’lum muddatda ongi tamoman xiralashadi, ro‘parasidagi oq-qorani ajrata olmaydi. Keyin esa lampochka yorishgani kabi odatdagiday yashayveradi. Agar K.ning aqli raso bo‘lganida qorovulning joniga qasd qilmasdi. «Shu magnitofon zarur bo‘lib qoldi, ertaga olib kelaman»,- deb ketaverardi. Qorovul ham «sen o‘g‘irlik qilding»,- deb yoqasidan bo‘g‘magan edi. Ammo, nailoj, ruhiy kasalliklarga doir fanning bu masalalarga qarashi o‘zgacha. Shunday ekan, ruhan xastaligi sezilgan o‘smirlarni nazardan qochirmaslik kerak. Ularning har bir harakatlari, gaplari ota-ona, qarindosh-urug‘ning e’tiborida turmog‘i lozim. Ularni masxaralab kulish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik shart.

Qayd etilgan