Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90470 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 21:33:07

Aqlan zaiflarni xalqimiz orasida turlicha nomlaydilar: tentak, ahmoq (aqlsiz), telba, merov, devona, jinni. (Yoki devonasifat, jinnisifat...) Tibbiyot sohasida ham buni turlarga ajratib o‘rganadilar, jinoyatga doir holatlarda ana shu turlar inobatga olinadi. Bu sohada «shizofreniya» (aqlan zaiflikning, boshqacha aytganda ruh parchalanishining boshlanishi) deb nomlanmish xastalikning bolalikka xos ekanini unutmaslik kerak. Mutaxassilarning aniqlashlaricha, bu xastalik qizlarga nisbatan o‘g‘il bolalarda uch marta ko‘proq uchrarkan. Bu dalil kimlarga ko‘proq e’tibor bermoq lozimligini ko‘rsatadi. Kattalar mazkur xastalikning dastlabki davriga e’tiborsiz qaraydilar yoki buni bolaning injiqligi, tarbiyasizligi yoki asabiyligi natijasi, deb o‘ylaydilar. N. ismli qizning taqdiri ham shunday bo‘lgan. 12 yoshiga qadar yaxshi o‘qib, yaxshi yurgan qizcha dastlab injiqlik boshlangan. Ota-onasi buni o‘smirlikka o‘tish jarayonining alomati, deb hisoblashgan. Keyin gapga quloq solmaslik, gapga ters javob qaytarishlikka o‘tilgan. Keyin asabiy ravishda qo‘liga nima tushsa otib yuborish boshlangan. Uning kulib yuborishi ham, asabiylashishi ham oson bo‘lib qolgan. Maktabda hatto bolalar ham undan qo‘rqadigan bo‘lib, «psix» deb laqab qo‘yib olishgan. Maktab undan tezroq qutilish choralarini izlagan, u «bezori» sifatida militsiya nazoratiga ham o‘tkazilgan. Lekin militsiya uning hatti-harakatida jinoyatga moyillikni sezmagani uchun jiddiy e’tibor bermagan. N. 16 yoshga to‘lganida otasi vafot etgan. Otadan ajralgani haqidagi xabarni mutlaqo hissiz ravishda qabul qilgan. G‘assol ish boshlamay turib «otang bilan xayrlashib ol», deb chaqirishganda o‘likka qarab turib kulib yuborgan. Birov «jinni bo‘lib qolibdi», degan, boshqasi «o‘tkinchi holat», deb hisoblagan. 17 yoshga to‘lganida diskotekada tasodifiy tanishgan yigitga onaning rizoligisiz, to‘ysiz erga tegadi. Oradan ko‘p o‘tmay ajralishadi. Onasining gaplariga mutlaqo quloq solmaydi. Batafsil bayonimizdan sezayotgan bo‘lsangiz kerak, oddiy injiqlik ko‘rinishida boshlangan xastalik asta-sekin kuchayib boryapti. Uning so‘ng nuqtasi shu bo‘ldiki, onaning navbatdagi nolishidan bezib uni bo‘g‘ib o‘ldiradi. Keyin murdani joyiga yotqizib qo‘yadi. Shunda o‘lik unga qarab kulganday tuyuladi. N. oshxonadan boltani olib chiqib, kallani chopadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:33:21

Keyin charchaganday bo‘lib, yotib uxlaydi. Uyqudan turgach, boshi chopilgan onasini ko‘rib dahshatga tushadi-da, militsiyaga yuguradi. U tergov paytida ham, sud jarayonida ham hatti-harakatlarini tushuntirib bera olmadi. Birovlar uning vahshiyligidan dahshatga tushishgan bo‘lishsa, boshqalar shu paytgacha xastalikni davolatishga urinilmaganidan ajablanishdi. Sud N.ni maxsus ruhiy shifoxonada uzoq muddatli majburiy davolashga hukm etdi. Endigi davolanish qanday samara berar ekan? Shifo topgan taqdirda ham boshi uzilgan onasining qiyofasini unuta olarmikan?
Ruhiy xastalikka doir tibbiyotda tutqanoq, manikal-depressiv psixoz, miyaning lat yeyishi oqibati, turli kasalliklarning asorati hisoblanmish entsefalit kabi o‘nlab turlari mavjudki, bularning aksari bolalikda boshlanadi va mutaxassislarning fikricha, muolaja vaqtida boshlansa yomon oqibatlarning oldi olinishi mumkin.
Matbuotda bir jinoyat tafsilotini o‘qib qoldim. Unda bir yigitchaning o‘z kennoysini o‘ldirishi tafsiloti berilgan. Qotil jinoyat sodir bo‘lishidan ancha avval boshidan jarohatlangan ekan. Shundan keyin bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib yuravergan. Sud jarayonida u tibbiy tekshiruvdan o‘tganda ruhiy kasallik yo‘q, deb xulosa berishgan. Ularning ta’kidlashlaricha, qotil kennoyisini dazmol bilan urishdan oldin uni elektr tokidan uzgan, murdaning ustidan qaynab turgan sho‘rvani quyishdan avval gazni o‘chirgan, uydan chiqishda eshikni qulflagan. Tibbiy tahlil buni esi sog‘likning belgisi, deb belgilagan. Biz bu borada ular bilan bahslashmaymiz, qotilni ko‘rmaganmiz, u bilan suhbatashmaganmiz. Lekin boshining jarohatlanishi tufayli xastalikdan nolib yurishi bejiz bo‘lmagandir. Kennoyisi bilan janjalni boshlaganida ehtimol, esi sog‘ bo‘lgandir. Ammo asabiylasha boshlagach, undagi ruhning parchalanishi tezlashgan, nima qilayotganini o‘zi ham bilmay qolgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki ongi xiralashmagan holatida kennoyisini dazmol bilan ura boshlasa, uning joni chiqqanini ko‘rgach, qo‘rquv talvasasiga tushadi. Murdaning ustiga qaynab turgan sho‘rvani ag‘darishi uning ayni o‘sha onlarda xastalikka bandi bo‘lganini bildirmasmikin? Bunday xastalik doimiy davom etmaydi. Buni xalqda «jinniligi (yoki kasalligi) tutib qoldi», deb ham ataydilar. Qotil bilan kennoyi orasidagi janjalni keltirib chiqargan yana bir omil bo‘lishi mumkinki, bu haqda yana bir jinoyat tafsilotini bayon qilgach, fikrlashamiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:33:55

Biz qaynona-kelin munosabatlari haqida ko‘p gapiramiz. Ammo qayni (yoki qaynog‘a) - kelin orasidagi munosabat e’tiborimizdan chetda qoladi. Agar qayni yosh bola bo‘lsa kennoyisi uni o‘z ukasiday ko‘rib, mehribonlik qiladi. Yosh qayni ham kennoyisini o‘z opasini yaxshi ko‘rganday izzat qiladi. Lekin o‘smirlik olamiga kirgan qaynida o‘zgacha xis uyg‘onishi ehtimoli ham bor. Buni «orada shayton bor», deydilar. Tibbiy tilda aytilsa, o‘rtada hirs degan jilovlanmas tuyg‘u bor. Aka va uka yigirma yilning nari-berisida hamisha birga bo‘ladilar. Xatto bir xonada yotib-turadilar. Aka uylangach, uka yolg‘iz qoladi. Kech tushganda kelin-kuyovning yotoqlariga kirib ketishlari o‘smir ruhiga sezilarli ta’sir etadi. U tuni bilan to‘lg‘onib, uxlamay chiqishi ham mumkin. Bunaqa paytda uning ongini hirs zaxarlay boshlaydi yoki akasidan ayirib qo‘ygani uchun kennoyisidan nafratlandi. Boshqacha aytsak, o‘ziga xos rashk paydo bo‘ladi.
Dam olish kuni aka ukasiga pul berib, pivo oldirib keladi. Akaning mehribonligi tutib, ukasini ham pivo bilan siylaydi. Suhbatlashib o‘tirib gap kennoyisiga borib taqalganda, uka «xotiningni xaydab yubor, oyimni hurmat qilmaydi», deydi. Ma’lumingizkim, xonadonda qaynona-kelin orasida janjal chiqsa, qayni hamisha kennoyisiga qarshi turadi. Onasining nohaqligini bilib tursa ham, uning yonini oladi. Pivodan sarxush ukaning talabiga faqat onaga bo‘lgan behurmatlik sabab emasdi. Asosiy sabab - yuqorida zikr etganimiz ruhiy holat edi. Ammo bu ichki sirning hech zamon sirtga chiqarilmasligi ham ma’lum narsa. Xullas, aka-uka orasida janjal boshlanib, uka panshaxani akasining ko‘ksiga sanchadi. Jinoyat sodir bo‘lgandan keyingina ota-ona «bolamda ruhiy kasal bo‘lsa kerak, bo‘lmasa akasini o‘ldirarmidi», deb da’vo qilishadi. Biz barcha qaynilar kennoyisiga nisbatan shunday munosabatdalar, degan da’vodan yiroqmiz. Biroq, ota-onalar bu masalaga e’tiborsiz qaramaganlari ma’qul, deb hisoblaymiz. Ayniqsa yigitchalarning kennoyilari bilan bir uyda yolg‘iz qolishlariga yo‘l qo‘yilmagani ma’qul. Chunki orada o‘smir ruhini osongina parchalashga qodir shayton alayhila’na bor...

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:34:09

Shahardagi jinoyat bilan qishloqdagisini ayri-ayri holda tahlil etmoqlik talab qilinadi. Shaharda o‘smirning jinoyat ko‘chasiga kirishi osonroq. Shaharda jinoyat qilish uchun ham, uning izini yopish uchun ham sharoit qishloqdagidan yaxshiroq. Shaharda o‘smirning nazoratsiz bo‘sh vaqti ko‘p, qishloqdagi o‘smir bu imkoniyatdan mahrum. Shaharda ko‘cha «zo‘r»lari, nashavand, giyohvand to‘dalari yetarli, O‘smir ba’zan o‘zi istab, intilib, ba’zan beihtiyor ravishda ularga qo‘shiladi. Qishloqda bu imkoniyat ham cheklangan. Shu kabi sabablar tufayli shaharda jinoyatchilik qishloqdagidan ko‘ra ko‘proq. Jinoyat turlarida ham sezilarli farq mavjud. Qotillik, nomusga tegish, katta miqdordagi o‘g‘irlik yoki bosqinchilik qishloqda kamroq uchraydi. Qamalib chiqqan yoki bo‘ysunmas o‘smirni qishloqda nazorat qilish osonroq. Ko‘pchilikning nazoratida ostidagi o‘smirni jinoyat ko‘chasining ostonasida ushlab qolish imkoniyati mavjud.
Avvaldan puxta o‘ylangan, rejalangan jinoyatlar ham qishloqda kamroq uchraydi. Bu yerdagi jinoyatlarning ko‘pi tasodif tufayli bo‘lishi mumkin yoki kattalar tomonidan uyushtiriladi. Toshkent yaqinidagi shaharchada ikki o‘smir telefon kabelini kavlab o‘g‘irlayotganda qo‘lga tushishadi. Ularni kattalar ishga solgani shubhasizdir. Ular oddiy narsani - kabelning bir yeri kesilsa o‘sha zahoti kuzatuvchilarga signal berilib, ma’lum bo‘lishini bilmaganlar. Shuningdek, davlatga to‘rt million so‘m (to‘rt ming dollar atrofida) zarar keltirganlarini xayollariga ham keltirmaganlar. Bu ishga da’vat qilgan kattalar ularga o‘n dollar va’da qilganlar. O‘smirlar kabeldagi mis va qo‘rg‘oshin qoplamalar eritilib, sotilishidan ham bexabar bo‘lganlar. Nazoratchilar yetib kelishganda o‘smirlardan biri qochgan, qo‘lga tushgani esa «kabelni bir o‘zim olyatuvdim»,- deb turib olgan. «Nima uchun belkurak ikkita edi?»- degan savoldan keyingina sherigini aytgan. Shunda ham ish buyuruvchilarning kimligini aytishmagan. «Bozorda ko‘ruvdik, tanimaymiz»,- deb turib olishgan. Kattalar o‘n dollar va’da qilishganda ishning bu tomonini pishiqlab qo‘yishgani aniq. O‘smirlarning ota-onalari uchun bu jinoyat arzimas gapday tuyulgan. Kabelni kavlabdi, kesibdi... Shunga shunchami? Bolalikda bunaqa bevoshlik bo‘lib turadi-da. Moddiy zarardan tashqari agar o‘sha aloqa vositasi mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lsa-chi? Yoki kasalxonalar ma’lum muddat aloqasiz qolgan bo‘lishsa-chi? Shu tufayli bemorga vaqtida yordam berilmasa-chi? Ota-ona bularni o‘ylamaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:34:24

Ular birinchi galda bolalarini qamoq jazosidan qutqarib qolmoq tashvishidan bo‘ladilar. Militsiyadagilarni ko‘ndirishgach, ular mehribonlik qilib bolalarni qutqarish «yo‘li»ni o‘rgatadilar. Da’vo qiluvchi tashkilot, ya’ni aloqa idorasi «da’voimiz yo‘q», deb ariza bersa, bollarni qo‘yib yuboramiz»,- deyishadi. Shubhasiz, ota-ona shu idora rahbariga uchraydilar, avvaliga yalinadilar, so‘ng «Senda vijdon bormi, bolalarni juvonmarg qilasanmi!»- deb koyishadi, ayblashadi. Qarang, ota-ona jinoyat qilgan bolasini emas, jabr ko‘rgan idorani ayblayapti. Aytaylik, aloqa idorasi da’vosidan voz kechib, moddiy zararni davlat hisobidan qopladi. Ya’ni ta’mir ishlari davlat hisobidan bo‘ldi. Bolalar ozod etildi. Ehtimol ular bu ishga boshqa qo‘l urishmas. Lekin ishboshi kattalar boshqalarni da’vat etmaydilarmi? Boshqalar «qo‘lga tushsak baribir qamalmas ekanmiz», deb ishga kirishmaydilarmi?
O‘smir hali bola yoshidayoq o‘zini boshqalar bilan taqqoslaydi. Ham husnini, ham kiyim-boshini, ham oila va maktabdagi mavqeini solishtiradi. Bu degani uning qalbida rashk, o‘zining omadsizligidan norizolik uyg‘ona boshlaydi. Bu illat keyinchalik boshqa bir illatni uyg‘otadi uni o‘ch olishga undaydi. O‘ch olish avval kichik doirada bo‘ladi. Masalan, o‘smirning ko‘ngil qo‘ygan qizini boshqa bir boyroq yoki chiroyliroq yoki e’tiborliroq bola o‘ziga qaratib olsa uning adabini berib qo‘yish chorasini izlaydi. Agar jismoniy jihatdan kuchi yetmasa turli pastkashliklardan: chaqimchilik, tuhmat, biron buyumiga yashirinchi shikast yetkazishlardan ham qaytmaydi. Bir ko‘chada yashovchi badavlatroq xonadonning ko‘chada qoldirgan avtomashinasini kimdir mix bilan chizib tashlaydi. Bu voqea takrorlangach, aybdorni poylab, ushlashadi. Ma’lum bo‘lishicha, shu xonadon farzandining sinfdoshi o‘ch olish maqsadida shunday qilar ekan. Mayda o‘ch olishlar shu bilan tugay qolsa koshki edi. Bu norozilik bola ulg‘aygani sayin kuch to‘play boradi. Endi ular alohida shaxsdan emas, jamiyatdan o‘ch olishni reja qiladilar. Ularni jinoyat olamiga aynan shu illat boshlab kiradi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:34:42

Ana shunday omadsizlardan biri o‘ziga xos to‘da to‘playdi. Uning o‘zi o‘qishni yaxshi ko‘rsa-da, oliy o‘quv yurtiga kirolmagan, bolalik orzulari xazonga aylangan. Yoniga olgan sheriklari ham shunday: birining sportda, boshqasining musiqada, yana birining tijoratda omadi yurishmagan. Ular o‘zlarini hayotda adolatsiz ravishda jabr ko‘rgan hisoblab, omadlilarni jazolashga o‘tganlar. Jazolaganda ayovsiz, shavqatsiz bo‘lganlar. Ham talaganlar, ham o‘ldirganlar. Ular qo‘lga olinganlarida ma’lum bo‘lishicha, to‘daboshi ichmas, chekmas, ayollar bilan maishat qilmas ekan. Topilgan pulning oz qismi bilan qanoat qilarkan. Holbuki, talonchi va bosqinchi to‘dalarning asosiy maqsadlari - boyish va maishat qilishdan iborat. To‘daboshida bunday istak yo‘q ekan. Uning niyati - faqat o‘ch bo‘lgan.
O‘tgan asrning oxirrog‘ida Rossiyada sodir bo‘lgan jinoyatlar shodasi barchani o‘ylab ko‘rishga da’vat etadi. O‘ndan ziyod qiz-juvonni zo‘rlab, keyin o‘ldirib, so‘ng esa go‘shtidan chuchvara tugib yegan odamxo‘rning jinoyat yo‘lini ham o‘ch-qasos olish istagi belgilagan. Uning onasi suyuqoyoq bo‘lgan ekan. Ona uyga erkaklarni boshlab kelganida, u turli bahonalar bilan ko‘chaga chiqarib yuborilgan. Aynan shu holatlarda unda avvalo ayol zotiga nafrat, so‘ng esa jamiyatdan o‘ch olish hissi uyg‘ongan. Katta bo‘lgach esa, u bolalikdagi xayollarini amalga oshirishga kirishgan.
Jamiyat tomonidan beriluvchi jazo masalasini dunyo mamlakatlari o‘zlariga hos tarzda yechadilar. Masalan, Frantsiyada 18 yoshga to‘lmaganlar qamoqqa olinmas ekan. Biz o‘quvchi bolalarni maktabning o‘zida jazolash (Muallimlar tomonidan urish) tarbiyaga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblaymiz. O‘tmishda qo‘llanilgan bu usulni qoralaymiz. Amerikaning 13 shtatida esa bu masalaga o‘zgacha qarashadi. Bu shtatlarda qabul qilingan qonunga ko‘ra maktab muallimlari bevosh bolalarni jazolash huquqiga egalar. Bizda esa bo‘ysunmas bolalarga «koloniyaga berib yuboraman», deb do‘q uriladi xalos. Bunday do‘qdan cho‘chib yaxshilik tomon burilgan bolani hali hech kim uchratmagan bo‘lsa kerak. Bola bezor qilavergach, maktab ma’muriyati uni militsiya nazoratiga topshiradi. Ammo bu ham yetarli samara berolmaydi. Chunki bolani ro‘yxatga olgan militsiya noziri uning har bir qadamini doimiy ravishda kuzata olmaydi, bu - birlamchi. Bolani tarbiyalash bilan mutlaqo shug‘ullanmaydi, faqat nazorat qilish bilan cheklanadi bu - ikkilamchi. Uchinchi tomoni shuki, nozir faqat o‘smirning o‘zini kuzatadi, unga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan, jinoyat sari yetaklayotgan kattalarni nazorat qila olmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:34:58

Angliyada politsiya bola fe’l-atvorini o‘rganishni bog‘chadan boshlar ekan. Bog‘chada o‘yinchoqlarni zo‘ravonlik bilan tortib oluvchi, o‘rtoqlarini berahmlik bilan uruvchi, yoki chaqimchilik qiluvchi va shunga o‘xshash yomon illatlarga moyil bolalar ro‘yxatga olinib, kuzatib borilarkan. Ehtimol bu to‘g‘ri usuldir, o‘rtoqlarini berahmlik bilan uruvchi bola agar to‘g‘ri tarbiya qilinmasa kelajakda qotillikdan toymas bo‘lib chiqar. Kezi kelganda bizdagi bolalarni nazorat qiluvchi militsiya nozirlari haqidagi fikrimizni bayon qilsak: militsiyaning nazorat ro‘yxatiga tushdi, degani bolalarni yomonlikdan oz bo‘lsa-da, to‘xtatib turishini tan olmoq kerak. Ammo bu o‘rinda «qanday odam militsiya nazoratchisi bo‘la oladi?» degan muammo ham mavjud. Avvalgi bo‘limda to‘garaklarning rahbarlari birinchi galda tarbiyachi bo‘lmoqliklari lozim, degan fikrni bildirgan edik. Shunga ko‘ra militsiya nazoratchilarining tarbiyachi martabasida bo‘lishlari g‘oyat zarurdir. O‘smirga do‘q urib «nima qilib yuribsan, ishlayapsanmi yo o‘qiyapsanmi, bekor laqillab yursang qamatib yuboraman», degan bilan ish bitmaydi. Militsiya noziri o‘smirlar boshi uzra qamchi o‘ynatuvchi emas, yaqin, ishonchli, maslahatgo‘y do‘st maqomiga yetmas ekan, uning xizmatidan naf kam. U adashgan o‘smirga bevoshlik ko‘chasidan chiqib ketish yo‘lini ko‘rsata oladimi? Yechimi mushkul masala aynan shu yerda. (Bu masalada keyingi bobda alohida fikrlashamiz)
O‘smirlarning jinoyat ko‘chasiga kiruvlari jamiyatning og‘riq xastaliklaridan biridir. Sovetlar davrida buni kapitalizmga xos illat deb ta’riflashardi. Sovet jamiyatida o‘smirlar orasida jinoyatchilikning oshib borishini tan olgilari kelmay, ko‘p ma’lumotlarni yashirishardi, yoki kamaytirib ko‘rsatishardi. Oqibat shu bo‘ldi-ki, kasalni yashirganlari bilan isitmasi oshkor qildi. «Boburnoma»da zikr etilganidek:
Hazar kun zi dardi darunhoi resh,
Ki reshi darun oqibat sar kunad,
Baham bar mazan to tavoni dile,
Ki ohe jahone baham barzaad.
(Ya’nikim, ichki yaralar dardidan hazar qil! Chunki ichki yara axir yuzaga chiqadi. Qo‘ldan kelganicha har bir dilga ozor berma! Dildan chiqqan bir oh bir jahonni barbod qiladi.)

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:35:27

Donolar bashorat qilganday bo‘ldi - ichki yaralar yuzaga chiqdi.
Jinoyatning ildizi qaerda? O‘tmish jamiyat faylasuflari insonni inson tomonidan ezib ishlatilishi, shahsiy mulkchilik tuzumi va yaratilgan ne’matlarning bo‘linishidagi adolatsizlik - jinoyatni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardir, deb hisoblashardi. Ajablanarlisi shundaki, jinoyatning bu ijtimoiy-siyosiy sabablari sovet tuzumi davrida yo‘qotildi. Ammo jinoyatning o‘sib borish jarayoniga barham berishga ojizlik qilindi. O‘sha davrning va o‘sha jamiyatning olimlari bu xolni avvaliga «kapitalizm qoldiqlari» deb baholashdi. Keyinroq esa «burjua ideologiyasining o‘smirlar va yoshlar ongiga zararli ta’siri», deb ta’rifladilar. Ularning da’volaricha, kapital dunyosi mafkurasi va g‘oyasi tinimsiz ravishda, turli vositalar yordamida o‘smir va yoshlar ongini zaxarlashga urinar ekan. O‘sha davrda bu xususda e’lon qilingan maqolalarning birida fikrlarining isboti tariqasida aytilishicha, «Amerika ovozi» radiostantsiyasi turli kanallar orqali 37 tilda, umumiy hisobda kuniga 80 soat radioeshittirishlari berarkan. Shundan 56 soati SSSR va boshqa sotsialistik mamlakatlar aholisi uchun ekan. Yana kapitalistlarning «Taym», «Luk», «Layf» kabi jurnallari ham bor ekan-ki, bular ham burjua targ‘ibotiga xizmat qilarkan. O‘sha zamonning haqiqati shu ediki: nim yaxshi bo‘lsa - sovet turmush tarzi, nima yomon bo‘lsa burjua mafkurasining ta’siri. G‘oyalar va mafkuralar kurashi mavjudligi aniq, buni inkor etib bo‘lmaydi. Iqtisodiy manfaat mavjud ekan, bunday kurash va ziddiyat turli mamlakatlar orasida saqlanib qolaveradi. O‘tmish mafkurachilarining da’volari asossiz ekanini anglash uchun o‘rtaga bir savol qo‘yish lozim bo‘ladi: o‘smirlar va yoshlar orasida jinoyatchilik ko‘payib borayotganiga burjua mafkurasining zararli ta’siri sabab ekan. Durust, u holda jinoyat tufayli qamalganlardan so‘rash joizmikin, ular «Amerika ovozi»ni eshitganmikinlar, «Taym» va boshqa jurnallarni o‘qiganmikinlar? Sovet mafkurachilari qoralagan mafkura vositalari asosan siyosiy yo‘nalishda kurash olib borardilar. Ularda sovet turmush tarzining yaramas tomonlari fosh etilardi. O‘g‘irlikka, qizlarning nomusiga tegishga, odam o‘ldirishga, poraxo‘rlikka, talonchilikka... targ‘ib qilinmas edi-ku?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:35:55

Undan tashqari «Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi» degan narsalar mavjud edi-ku? Nahot sovetcha targ‘ibot burjuacha da’vat oldida ojiz bo‘lib qolgan bo‘lsa? U zamonlarda bular haqida o‘ylanmas edi, hamma aybdorlarni chetdan qidirish bilan mashg‘ul edi. Haqiqat esa o‘zgacharoq edi. Asosiy maqsaddan bir oz chalg‘isak-da, bugungi jinoyatlar ildizini aniqlashga yordami tegar, degan maqsadda ayrim dalillarga murojaat etmoqchimiz:
Sovetlar hukmronligining so‘nggi o‘n yilligida bolalar va o‘smirlar orasidagi jinoyatchilik keskin darajada o‘sdi. Jinoyatchilikni kamaytirish emas, uning o‘sishini to‘xtatish masalasini yechish ham mumkin bo‘lmay qoldi. Bu o‘sishni selga yoki qor ko‘chkisiga o‘xshatsak lof urmagan bo‘lamiz. Bugun Rossiya va uning qo‘shnilari bo‘lmish mamlakatlardagi uyushgan jinoyatchilik, yollanma qotillik, hatto jinoyatchilikning siyosiy o‘yinlarga aralashuvi natijasidagi fojialar sir emas. Xo‘sh bu yovuzliklar qachon tug‘ila qoldi? O‘tgan asrning saksoninchi-to‘qsoninchi yillarida jinoyat olamiga kirib kelgan o‘smirlar bugungi kunga kelib o‘ljalarini o‘ldirayotganda qo‘llari qaltiramaydigan ashaddiy qotilga aylanishgan. Bugungi «qonundagi o‘g‘rilar» endigina kissavurlikni o‘rganayotgan damlarda, ya’ni 1980-1990 yillar oralig‘ida, «bepoyon» deb sifatlanmish sovetlar mamlakatidagi jinoyatchilik bir hilda rivojlanmagan edi. Shu tufayli ular uch darajaga bo‘lingandi. Birinchi darajaga bolalar va o‘smirlar orasidagi jinoyatchilik benihoya tarzda o‘sayotgan jumhuriyatlar kiritilgan. Ya’ni Estoniya, Latviya va RSFSR bu borada «qora ro‘yxat»ning avvalida turardilar. Ikkinchi darajani Belorusiya, Moldova va Litva egallagandilar. Kavkaz va O‘rta Osiyo jumhuriyatlari so‘nggi pog‘onalarda turardilar. O‘sha yillari Latviyada har yuz ming aholiga hisoblaganda 857 jinoyat to‘g‘ri kelgan. Bu raqam butun SSSRga qiyosan olinsa, yigirma besh foiz ko‘proq degan gap edi. Rossiya va Estoniyada bu ko‘rsatgich yanada yuqori bo‘lgan. Biz o‘rganayotgan o‘n yillikda bu yurtlarda o‘smirlar orasidagi og‘ir jinoyatlar 30 foizga oshdi. Shundan, qotillik uch martaga, nomusga tegish, bosqinchilik va talonchilik esa ikki baravarga ko‘paydi. Latviyaning poytaxti hisoblanmish Riga shahrida mamlakat aholisining uchdan bir qismi istiqomat qiladi. Jinoyatlar soni taqsimlansa, Latviyadagi jinoyatlarning teng yarmi uning poytaxtiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:36:22

Shaharda har kuni 30-35 jinoyat ro‘yxatga olinsa, shuning 10-15tasini o‘smirlar amalga oshirar edilar. O‘smirlarning jinoyat olamiga kirib qolishlariga iqtisodiy qiyinchilikni sabab qilib ko‘rsatuvchilar mana bu dalilni o‘ylab ko‘rsalar durust bo‘lardi. Latviya va unga qo‘shni mamlakatlarda yashovchilar sovet davrida O‘zbekiston aholisiga nisbatan iqtisodiy jihatdan yaxshiroq ta’minlangan edilar. Bizda topilishi qiyin mahsulotlar, tansiq ne’matlar ularda to‘kin-sochin ekanini raqamlar ham tasdiqlaydi, borgan odamlar esa to‘kinchiliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib hayratlanib kelardilar. Asli bir bo‘lgan mamlakatda ana shunday noinsoflik mavjud edi. Masalaning bu tomonini siyosatchilarning e’tiboriga havola qilamiz. Biz esa iqtisodiy jihatdan kamroq ta’minlangan O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar orasidagi jinoyatchilik to‘kin-sochin Latviyaga nisbatan ikki baravar kam bo‘lganini ta’kidlab o‘tamiz. Sovetlar davrida hamisha maqtovga sazovor bo‘lgan Moskvadaga ahvolga faqat achinish mumkin. 1990-2000 yillar mobaynida Yevropaning eng katta shaharlaridan biri bo‘lmish Rossiya poytaxtida o‘smirlar orasidagi jinoyatchilikning umum jinoyatchilikdagi hissasi 6,7 foizdan 25,2 foizga ko‘tarildi. Diqqatni tortadigan yana bir jihati, yengilroq jinoyatlar kamayib, og‘ir jinoyatlar sezilarli darajada o‘sdi. Fikrimizning dalili uchun avvalgi boblarda bayon qilganimiz onasi va akalarini chopib tashlagan o‘smirni eslasak kifoyadir.
Mutahassislar jinoyatning kelib chiqishi masalalarini yechish maqsadida yaqin tarixga ko‘p murojaat etishlari tayin. Tarixdan haqiqat izlaganlarida ulug‘imiz Abdulhamd Cho‘lponning bir baytlarini e’tiborga olsalar:
«Derlarki: «Oylarning nurida vafo yo‘q!»
Demaslar ularki: «Ayb bizda, biz buzuq!»
(Sovet zamonasini eslashdan muddao shulki, bugun bizning jamiyatimizda ro‘y berayotgan jinoyatchilik o‘sha o‘tmishdan o‘tib kelgan yaramas merosdir. Sovet tuzumi davrida patos bog‘lagan yara endi ham jamiyatga azob bermoqda. Endi zamon boshqa, kasalni yashirishga urinish emas, uni davolashga harakat qilish zamonidir. Sodir etilgan jinoyatlarni tahlil etishdan maqsad ham shu - bularning takrorlanmog‘iga yo‘l qo‘ymaslik choralari izlash.)

Qayd etilgan