Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90379 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 21:36:54

Jinoyatlar ildizini topish uchun turli mamlakatlar turli yo‘nalishlarda fikr yuritadilar. Bu tabiiy. Bir mamlakatdagi shart-sharoit bilan ikkinchi bir mamlakatdagisi orasida osmon bilan yer oralig‘i qadarli farq bo‘lishi mumkin. AQSh bilan Meksika yon qo‘shni. Ammo har ikkisida jinoyatning kelib chiqish sabablari va oqibatlari bir hil deya olmaymiz. Ayrimlar jinoyatchilikni diniy yo‘nalish bo‘yicha belgilamoqchi bo‘ladilar. Biroq, haqiqat shuki, islomni bayroq qilib olgan mamlakatlarda ham o‘smirlar orasida jinoyatchilik uchrab turadi. Falsafiy tushunchaga ko‘ra, sabab - oqibatni tug‘diradi. Har ikki tushunchani bog‘lab turuvchi ichki qonuniyat mavjud. Sabab va oqibat hayotning behisob zanjir halqalaridan biridir. Alohida sabab, alohida oqibat bo‘lmaydi. Ayniqsa hozirgi kunlarda mamlakatlar orasidagi ruhiy-ma’naviy chegaralar buzilib ketgan zamonda jinoyatlarga xos xastaliklarning «yuqishi» osonlashib qoldi. Agar yuz yil ilgari Misrda vabo tarqalsa, bu xastalik o‘sha atroflarga yuqishi, uzoq o‘lkalarga yetib kelmasligi ham mumkin edi. Bugungi kunda esa har qanday yuqumli xastalik eng uzoq mamlakatga ham bir necha kunda yetib bora oladi. Ma’naviy xastaliklar ham shunday. Jinoyat olamiga yetaklovchi bema’ni odatlar, qiliqlar ham o‘sha joyning o‘zida yo‘q bo‘lmay tarqayapti.
Bizningcha jinoyatning ildizi, o‘q tomiri har qanday jamiyatda bir yerda - noto‘g‘ri tarbiyada. Jinoyat daraxtini quritish uchun patak ildizlarni qirqib qo‘yish kifoya qilmaydi.
Jinoyatchilikni oilaviy sharoitga bog‘lab fikr yuritishga ko‘nikib qolganmiz. Bu haqda avvalgi boblarda bir-ikki so‘z aytgan edik. Birovlar nobop oilaning bolalari jinoyatchi bo‘ladi, desa, boshqalar boylarning tantiq farzandlarini ayblashadi. Tadqiqot natijalari esa o‘zgacharoq haqiqatni ayon qiladi. Ahloq tuzatish koloniyasiga borsangiz, turli oilalarning farzandlarini ko‘rasiz. U yerda bir yil nobop oilalarning bolalari ko‘proq bo‘lsa, ikkinchi yil boylarniki ko‘payishi mumkin. Raqamlar muqim emas, o‘zgarib turadi. (Yana haqiqat shuki, boylarning farzandlari kam, degani ular orasida jinoyatchilik ozroq ekanini anglatmaydi. Ular jinoyatchi bolalarining ishini qamoqqa olib kelmaslikka harakat qiladilar.) Biz o‘rgangan vaqtda ahvol bunday edi: qamoqqa tushgan bolalarning 61 foizi jinoyat ko‘chasiga kirguniga qadar ota-onasi bilan yashagan. Turmush sharoitlari unchalik yomon ham bo‘lmagan. Jinoyatchilarning 28 foizi faqat onasi bilan yashagan, otasiz o‘sgan. 7,6 foizi ona va o‘gay ota bilan bilan, 1,1 foizi ota va o‘gay ona bilan birga yashashgan. Jinoyatchilarning 2,3 foizini ota-onasiz yetimlar tashkil etgan. O‘rganilgan paytda jinoyatchilar orasida faqat otasi bilan yashovchi o‘smirlar yo‘q edi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:37:07

Mazkur tadqiqot jinoyat turlariga bo‘linib o‘rganilganda sal o‘zgacharoq manzara yuzaga keldi. Ashaddiy o‘g‘rilarning 27,3 foizi bu yo‘lga o‘tgunlariga qadar ota-onalari bilan birga yashaganlar. Hayotdan noliydigan tomonlari bo‘lmagan. 17,3 foizi yetim bo‘lgan, 49,1 foizi otasiz o‘sgan, 6,3 foizi onasiz ulg‘aygan. Bunday tadqiqot bezorilarga doir ishlar yuzasidan o‘tkazilganda bezori o‘smirlarning 32 foizi ota-onasi bilan yashaganligi, 68 foizi esa otasiz o‘sganligi, ya’ni ota tarbiyasidan bebahra ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Qishloq bilan shahardagi jinoyatga doir ahvolga qisqa bo‘lsa-da, to‘xtaldik. Endi yana bir muhim masalaga jinoyatlar sodir etiladigan vaqtga diqqatingizni tortamiz. Bir necha tumanlarda fosh etilgan jinoyatlarning sodir etilgan kuni va vaqti o‘rganilganda quyidagi manzaraga guvoh bo‘ldik: Jinoyatlarning 1,1 foizi ertalabki vaqtga to‘g‘ri keladi. (Agar jinoyatni o‘g‘irlik, deb belgilasak, eng kam o‘g‘irlik ertalab bo‘lgan.) Kunduzga 19,2, kechki paytga 56, tungi paytga 23,7 foiz jinoyat to‘g‘ri kelyapti. Bu raqamlardan qiziq holat aniqlanyapti. Biz «ota-ona kunduzi ishda band bo‘lgani sababli bolalar jinoyat ko‘chasiga kirib ketyaptilar», deb tashvishlanamiz. Raqamlar esa boshqacha so‘zlashyapti. Jinoyatning asosiy qismi ota-ona uyda ekanida sodir etilyapti. Bu qanaqasi? Biz adashyapmizmi yoki raqamlar aldayaptimi? Shu mulohazada oradan bir yil o‘tib boshqa shahardagi vaziyatni o‘rganganimizda ham shunga yaqin natijaga guvoh bo‘ldik. Demak, «bolaning jinoyat ko‘chasiga kirib ketishiga asosan ota-ona aybdor», degan da’voimiz asosliroq bo‘lib chiqyapti. Kechqurun yoki tundagi jinoyati uchun qo‘lga olingan o‘smirlarning ko‘p qismi ota-onasi bilan yashagan. Shunday ekan, bu ota-ona «kechqurun yoki tunda qaylarda va kimlar bilan daydib yuribsan?»- deb tergamaydimi? Avvalgi boblardan birida ko‘chada davra qurib o‘tiruvchi, «stolba qorovullari», deb nom olgan, ko‘rinishidan beozor bolalar haqida gapirgan edik. «Ko‘rinishidan beozor» deyishimizning boisi shuki, ular bir soniyaning o‘zida ayovsiz to‘daga aylanib qolishlari hech gap emas. Aytaylik, shom qorong‘usida ko‘chadan bir yigitcha bilan qiz o‘tib boryapti. Ehtimol ular sevishganlardir, balki aka-singildir, buning farqi yo‘q. «Stolba qorovullari»dan biri beozor ravishda qizga gap otadi. Uning ko‘nglida shumlik bo‘lmaydi. (yoki aksincha, janjal chiqarish maqsadida qitmirlik qilishi ham mumkin.) Yigitchaga bu qiliq yoqmaydi, javob qaytaradi. So‘z janggi qo‘l janggiga aylanadi. Olti o‘smirdan uchtasi «qo‘ylaring», deb janjalni oldini olishga urinsa-da, qolgan uchtasi qilg‘iliqni qilib qo‘yadi. Ko‘ribsiz-ki, bu yog‘i qamoq, tergov... Ota-ona esa «o‘g‘lim ko‘chada o‘rtoqlari bilan gaplashib o‘tiribdi», deb o‘ylab televizorini hotirjam tamosha qilaveradi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:37:40

O‘rganilgan davr natijalariga ko‘ra o‘smirlar ishtirokidagi jinoyatning 72 - 95,6 foizi oddiy ish kunlarida, 28 - 4,4 foizi bayram kunlari sodir etilarkan. Ehtimol bunga huquq idoralari tomonidan bayramlarda nazoratning kuchayishi sabab bo‘lar? Agar shunday bo‘lsa, nazoratni susaytirmaganimiz ma’quldir?
Jinoyat sodir etilgan joylarga e’tibor qilsak, birinchi o‘rinda do‘konlar va muassasalarni ko‘ramiz. Keyingi pog‘onada ko‘p qavatli uylarning hovlilarida sodir etilgan jinoyatlar turadi. Keyin ko‘chadagi, so‘ng uylarning ichidagi, bog‘dagi, poezd vagonlaridagi va bozordagi jinoyatlar oldinma-keyin o‘rin oladilar.
E’tiboringizga havola etilgan raqamlar vaqt o‘tgani sayin bir oz o‘zgarsa-da, mohiyati o‘zgarishsiz qolaveradi. Ko‘p yillik kuzatishlar bizni shu xulosaga olib keldi.

JARROHNING TIG‘I

*To‘g‘rilik uchun jazo.

*Tuhmat ildizi.

*Tergovchi - tarbiyachi?

*Feminizatsiya...

Kim militsiya noziri bo‘la oladi? Bizda bu kasbga tayyorlaydigan maxsus o‘quv dargohi yo‘q. Ba’zan oliy o‘quv yurtini bitirib, militsiyada ishlashga xohish bildirganlarni shu xizmatga qo‘yadilar. Bu xizmatdagi odam, aytaylik, oliy ma’lumotli pedagogdir. Bolalar ruhiyati bo‘yicha ma’lum bilimga egadir. Lekin bu o‘rinda maxsus bilim talab qilinadi. Militsiyaning bolalar bilan ishlash bo‘limiga boshqa bo‘limlarda ishni qoyil qilolmagan yoki bir ayb bilan nazardan qolganlar ham o‘tkaziladi. Aytmoqchimizki, bolalar bilan ishlash bo‘limi militsiyada eng martabasi past bo‘lim hisoblanadi. Jinoyatchilikka qarshi kurashda yaxshi natijaga erishilsin, desak, militsiyadagi bu munosabatni o‘zgartirish kerak.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:37:53

Sinfdagi bir o‘g‘irlik tufayli militsiyaning nazorat ro‘yxatiga tushgan bolaning boshida balo buluti chaqin chaqib turadi. Shu mahallada yoki yon-atrofda biron uyni o‘g‘ri ursa, jinoyatga doir qidiruv bo‘limi noziri bolalar bilan ishlash bo‘yicha hamkasbiga murojaat qiladi va ishni shu ro‘yxatda turuvi bolani iskanjaga olishdan boshlaydi. Uning uchun eng muhimi - bola o‘g‘riligi uchun ro‘yxatda turadi. «Bola bolalik qilib, sho‘xlik yoki tushunmovchilik vajhidan o‘rtog‘ining narsasini o‘g‘irlabdi. O‘g‘irlik ko‘chasiga butunlay kirish xayolida yo‘qdir», deb mulohaza qilmaydi. Avvalo o‘sha bolani yaxshilik bilan so‘roq qiladi. «Agar o‘zing bo‘yningga olsang, yoki sheriklaringni aytib bersang qo‘yib yuboraman»,- deydi. Keyin iskanjaga oladi. Ana endi tuhmatga uchragan o‘smirning ruhiy holatini tasavvur eting-da, risolamizning avvalida bayon qilganimiz tuhmat yukiga chidolmay o‘g‘irlikni kasb egan odamni eslang.
Farg‘onaning qishloqlaridan biridagi birodarimizni yo‘qlab bordik. Niyatimiz darrov qaytish bo‘lgani uchun avtomashina oynaklarini ochiq qoldirdik. Taxminan yarim soatlardan keyin chiqib qarasak, buyumlarimiz yo‘q. Mezbon hijolat bo‘lib, militsiyaga qo‘ng‘iroq qildi. Dam o‘tmay ko‘chada onaning fig‘oni eshitildi: «Mening bolam o‘g‘ri emas, nega uni qiynaysizlar. Uning jigari kasal...» Tashqariga chiqqan edik, ona bizni aybladi. Bilsak, militsiya o‘g‘irlik haqida xabar topishi bilan shu ko‘chada istiqomat qiluvchi, nazoratdagi o‘smirni ushlab olib ketibdi. Ular gumon uyg‘onmasdan oldin so‘rab-surishtirishmagan, hatto o‘ylab ham ko‘rishmagan. Onaning «bolam uyda, yonimdan jilgani yo‘q»,- degan nolasiga ham e’tibor berishmagan. To‘g‘ri, ota yoki ona bolasining aybini yashirish uchun ham ko‘p hollarda yolg‘on guvohlik beradilar. Shuning uchunmi, militsiya ularga e’tibor bermay qo‘ygan. Lekin gumondagi o‘smirni darrov tergov qamoqxonasiga kiritib qo‘yilishini ma’qullashimiz qiyin. Biz «o‘g‘irlik masalasida da’voimiz yo‘q, buyum topildi», deb tilxat berganimizdan so‘ng o‘smirni ozod qilishdi. Keyinroq o‘g‘rining boshqa odam ekani ma’lum bo‘ldi. Agar da’vodan voz kechilmaganida kim biladi, bu begunoh o‘smirni nimalar kutardi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:38:11

Yana bir voqeaning bayoniga o‘tishdan oldin izoh berishni lozim topamiz. Risolamizdan o‘rin oladigan jinoyatga doir voqealar ayrim ma’murlarning g‘ashiga tegmasin, isbot da’vo etmasinlar, degan niyatda bu voqealarning boshqa mamlakatlarda ro‘y berganini aytib, bizlarda ham uchrashi mumkinligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Maqsadimiz kimnidir ayblash emas, balki shu voqealarni tahlil qilib, fikrlashdir.
Endi gap begunoh ravishda ikki oy qamoqda o‘tirgan o‘n olti yoshli yigitchaning taqdiri haqida boradi. Maktabdan chiqib kelayotgan E.ning qimmatbaho kiyimini kimdir yo‘lda yechib oladi. Bu haqda E.ning onasi militsiyaga arz qiladi. Arzida T.dan gumoni borligini aytadi. Ma’lum bo‘lishicha, shu maktabda o‘qiydigan T. uning o‘g‘lini bir-ikki urgan ekan. Bolalar bir-birlari bilan arzimagan narsa uchun ham tez-tez mushtlashadilar. Ko‘p o‘tmay yana qadrdonlashib ketadilaru bu harakatlarining vaqti kelsa ayb sifatida taqalishini o‘ylab ham ko‘rmaydilar. E. manmanligi, boyligiga kerilib, boshqalarni haqorat qilgani uchun T. uning esini joyiga keltirib qo‘yish uchun urgan, kiyimini yechib olish xayoliga ham kelmagan edi.
T.ning onasi M.ga sinf rahbari qo‘ng‘iroq qilib, maktabga tez yetib kelishi shartligini bildiradi. «Militsiya xodimlari o‘g‘lingiz bilan gaplashishmoqchi, T. bir-ikki masalada guvohlik berishi kerak»,- deydi. O‘sha kuni T.ning isitmasi baland, uyda yotgan edi. Onasining bu vaji qabul etilmay, ish shoshqich ekani ta’kidlandi. M. o‘g‘li bilan maktabga keldi-yu, militsiya vakilining birinchi so‘zlaridanoq gap guvohlik haqida emasligini angladi.
-O‘g‘irlikni bo‘yningga olsang, o‘zingga oson bo‘ladi, hoziroq qo‘yib yuboraman. Agar tonsang, jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz qilaman, u seni albatta taniydi. Sheriging ham seni ko‘rsatadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:38:58

T.ning tan olmasligi militsiya uchun haqiqatni anglatmas edi. U qoidaga muvofiq, jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz qilindi. Bir necha bolalar orasidagi T.ni «Mana shu», deb ko‘rsatdi. Ko‘cha bolalari orasida e’tibori bo‘lgan «Bo‘ri» laqabli o‘smir o‘g‘irlikni bo‘yniga olib, sherigi sifatida T.ni ko‘rsatdi. «Bo‘ri»ning o‘g‘irlagani rost, ammo sherigi T. emas, balki 19 yoshli boshqa yigit edi. Agar bu isbotini topsa, avval ham sudlangan bu yigit qattiq jazo olmog‘i mumkin bo‘lardi. «Bo‘ri» uni himoya qilish maqsadida T.ni ko‘rsatdi. E.ni esa «T.dan da’vo qilmasang - o‘lasan», degan ma’noda qo‘rqitdi. Albatta, buni militsiya xodimi bilmas edi va T.ning o‘jarligi uni g‘azabga solardi. U M.ga ham bir necha marta «O‘g‘lingizga ayting, qaysarlik qilsa o‘ziga qiyin, bo‘yniga olsin», deb murojaat qildi. «Men o‘g‘limning o‘g‘ri emasligiga ishonaman. Ishona turib unga qanday qilib «o‘g‘riligingni tan ol», deyman?»- degan javob militsiya xodimini qanoatlantirmadi. «O‘g‘lingiz o‘sha kuni qaerda edi, nima bilan shug‘ullangan?»- degan savolga mushtipar ona o‘sha paytda aniq javob qaytara olmadi. Chunki o‘g‘irlik salkam bir oy oldin sodir bo‘lgan, T.ning qaerda bo‘lganini eslash qiyin edi. M. militsiyadan qaytib, o‘g‘lining narsalarini yig‘ishtirayotganida cho‘ntakdagi chaqiruv qog‘ozini ko‘rdi-yu, ko‘ngli yorishdi. Esladi: o‘sha kuni o‘g‘liga harbiydan chaqiruv qog‘ozi kelgandi. M. hamkasbi bilan uyga qaytgan, o‘g‘li bu chaqiruvdan quvonib ularni kutib olgan, qog‘ozni ko‘rsatgan edi. Harbiyga chaqiruv T.ning nazarida balog‘atga yoshiga yetganligi, kattalar safiga qo‘shilganini isbot etuvchi guvohnomaday tuyulgandi. M. bu suyunchlik xabar bilan yana militsiyaga keldi. Dugonasi guvohlik berdi. Biroq, bu guvohliklar inobatga o‘tmadi. Chunki T.ning o‘sha kuni uyda bo‘lgani kech eslandi, M.ning dugonasi yolg‘on guvohlik berishi ham mumkin. Tarozining ayblash pallasida esa yolg‘onligi noma’lum muhimroq dalillar turibdi.
M. shundan so‘ng haqiqat va adolat istab ko‘p idoralarga murojaat qildi. Uni yaxshi kutib olishardi, da’vosini diqqat bilan eshitishardi, lekin so‘zlarida haqiqat borligiga gumon qilib, militsiyadagi yolg‘on dalillarga ishonishardi. Bu holatdan ajablanmasa ham bo‘ladi. Hayotning beayovligi ham shunda: haqiqatga ishonish qiyin, yolg‘onga esa darrov ishona qolamiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:39:10

Onalarga xos metin irodaga tan bermoq kerak. M. iziga chekinmadi. O‘g‘lining aybsizligini isbotlash uchun mustaqil ravishda o‘ziga xos tergov boshladi. O‘g‘lining maktabdagi do‘stlari bilan suhbatlashdi. Tez orada ma’lum bo‘ldi-ki, «Bo‘ri» qilgan ishidan mag‘rurlanib, o‘g‘irlikning ertasigayoq ayrim bolalarga maqtangan ekan. «Paxan» oyog‘idan ushlab turdi, men yechintirdim»,- degan gapi haqiqat yo‘lini yorituvchi nur edi go‘yo. Ammo bolalar, ayniqsa ularning ota-onalari guvohlik berishdan bosh tortardilar. Chunki guvohlik natijasida «Paxan» va uning atrofidagilardan jazo olmoqliklari xavfi bor edi. M. «Paxan» haqidagi ma’lumotni militsiyaga yetkazganida ular tekshirish o‘rniga «o‘g‘lingizni chiqarib olib, boshqa begunohni o‘tqizmoqchimisiz?» degan ta’nani eshitdi. Ajablanarlisi shundaki, «Paxan» - militsiyaning doimiy nazoratidagi yigit. U haqdagi har bir ma’lumot inobatga olinishi shart. Lekin M. bu safar ham umidsiz qaytdi. Unga militsiya xodimining gapi og‘ir botdi: uning o‘zi ham bir aybsizni chiqarib ikkinchi bir aybsizni o‘tqazishdan havotirda edi. O‘sha kunlari M.ning ishini Xudo o‘ngladi. Maktabdagi uch bola guvohlik berishga ko‘ndi. Rahbariyatga qilgan murojaati inobatsiz qolmay, jinoiy ish boshqa xodimga olib berildi va yangi tergovchi barcha da’volarni sinchiklab o‘rganib chiqdi. «Bo‘ri» ham, E. ham yolg‘on guvohlik berganlarini tan oldilar. Ma’lumki, yolg‘on guvohlik berish ham jinoyat, ammo bu holat o‘smir yoshidagilarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Shunga ko‘ra, «Bo‘ri» shartli ravishda jazolandi. Aybni darrov bo‘yniga olgani uchun u suddan oldin ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turilmadi. «Paxan» esa talonchilik qilmagani, faqat jabrlanuvchining qo‘lidan ushlab turgani uchun yengil jazo bilan qutuldi. Jabrni adolat istagan yigitcha tortdi. U oilada yaxshi tarbiya ko‘rgani, irodasi mustahkamligi uchun, adolatga ishonchi bor bo‘lgani uchun yengib chiqa oldi. Yomon nom olib qamoqdan chiqib ketguncha, azoblansa ham nomini pok saqlab qolish uning uchun muhim bo‘ldi.
Siz bu voqeani ruhiy tomondan qanday sharhlaysiz? Barcha o‘smirlar ham bu qadar irodaga ega emaslar, degan fikrga qo‘shilasizmi? Endi tasavvur qilaylik-chi, T. qamoq azobiga chidolmay o‘g‘irlikni bo‘yniga oldi. Shartli ravishda jazolandi. Endi undan nima kutish mumkin? Adolat borligiga umuman ishonchi yo‘qolgan o‘smirning hayoti endi qanday bo‘ladi? Ertaga «Paxan»ga qo‘shilib, o‘sha E.ni yoki boshqa bir bolani tunamaydi, deb kim kafolat beradi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:39:21

Endi voqeaga huquqshunos ko‘zi bilan qarab tahlil qilaylik:
Bu o‘rinda ommatan militsiyani, xossatan ishni yuritgan tergovchini umumiy holda ayblashimiz va «hamisha shunday bo‘ladi, tuhmat bilan qamab yuborish odatiy hol», deb xulosa chiqarmog‘imiz noo‘rindir. Mazkur voqeada qasddan, ataylab adolatsizlik qilinmayapti. Bunda tergovchining va nozirning eng katta kamchiligi - o‘smirlar ruhiyatini, jinoyatchi o‘smir bilan ishlashda zarur o‘ziga xoslikni bilmaslikdadir. Tergovchilar katta yoshdagi jinoyatchini, gumondagi shaxsni yoki guvohni so‘roq qilishganda ham, o‘smirlardan biron gapmi ma’lumotmi olish istagida bo‘lishganda ham bir hil uslubni qo‘llaydilar. Ularning ishidagi xato aynan shundan boshlanadi. Tergov chog‘ida aldash, gunohni boshqaga ag‘darishga urinish kattalar orasida boshqacha, o‘smirlar orasida o‘zgacharoq kechadi. Birinchi marta jinoyatga qo‘l urgan katta yoshdagi odam bilan o‘smirning ruhiy olamida ham jiddiy farqlar mavjud. Aytaylik, birinchi marta odam o‘ldirgan katta yoshdagi kishi yashirinishga harakat qilsa, o‘smirni jinoyat sodir bo‘lgan joy o‘ziga tortaveradi. Katta yoshdagi qotilga nisbatan o‘smirda qo‘rquv kuchliroq bo‘ladi. Katta yoshdagi faqat bo‘lajak jazodan qo‘rqsa, o‘smirni marhum ta’qib etganday bo‘laveradi. O‘smirlar xuddi mana shu kechinmalari tufayli tezroq qo‘lga olinadilar.
O‘smirlar orasida tuhmat, ya’ni aybni begunoh odamga to‘nkash, yoki boshqa bir odamni himoya qilishga urinish ko‘p uchraydi. O‘smir qilg‘iliqni qilib qo‘yadi-yu, ammo hibsga olinish, qamoq, tergov kabi holatlarga ruhan tayyor bo‘lmaydi. Ayrim o‘smirlar nima deb bo‘lsa ham militsiya qo‘lidan tezroq qutilib ketishni o‘ylashadi. Ba’zi tergovchilar «o‘rtog‘ingni himoya qilib ovora bo‘lma, u aybini tan oldi, endi aldab bizlarni laqillatma, o‘zingni ham o‘rtog‘ingni ham qiynama», degan mazmunda gapirib, uni yolg‘on haqiqatga ishontiradilar. O‘smir «bu yerda baribir adolat yo‘q», degan ishonchda tergovchi chizib bergan chiziqdan yura boshlaydi. Zikr etilmish voqeadagi T. kabilar esa kam uchraydi. Mazkur voqeada ashyoviy dalil, gunohkorni tanish marosimi tergovchi uchun asosiy qurol vazifasini o‘tagan. Bunaqa paytda jabrlanuvchiga tergovchi tomonidan yo‘l-yo‘riq ham ko‘rsatilib turilish holati ham kam bo‘lsa-da, uchrab turadi. «Sen uning ko‘rinishini yaxshi eslab qolmagandirsan. O‘ngdan ikkinchi bolaga yaxshilab qara, biz uni yaxshi bilamiz. U aybini bo‘yniga ham olgan. Biz seni deb yugur-yugur qilib yuribmizmi, endi sen ham bizlarga yordamlashib yubor», deyilsa jabrlanuvchi nima qilardi. Gumondagi shaxs shu yo‘l bilan jinoyatchi sifatida tanilgach, u nima qila olardi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:39:35

Ikkinchi tergovchi salafidan farqli o‘laroq, birinchi galdagi vazifa sifatida jinoyatchini aniqlashni emas, adolat qilish zarurligini belgiladi. U ikki oydan ziyod vaqt mobaynida o‘smirning «sinmay» turishini befarq qoldirmadi. Buning shunchalik o‘jarlik emasligini, bu qaysarlik zaminida haqiqat borligini seza oldi.
Tergov qilinayotgan o‘smirga ko‘pincha yoshiga qarab baho beriladi. Bu xato uslubdir. Chunki 16-17 yoshdagi ayrim o‘smirlarning dunyoqarashi, atrof-muhitni anglash miqyosi, o‘z qilmishiga baho bera olishi 14-15 yoshli bolaniki kabi ham bo‘lishi mumkin. Aql-zakovat, qobiliyat darajasi bir hil bo‘lmagani sababli boladagi ongning rivojlanishi bir hilda kechmaydi. O‘smirning so‘roq chog‘i o‘zini tutishida bu ham muhim ahamiyat kasb etadi-ki, tergovchi mazkur holni e’tiborga olmog‘i zarurdir. Harbiylar orasidagi jinoyatchini harbiy tergovchi so‘roq qilgani kabi o‘smirlar ishini ham alohida tajribaga ega tergovchilar yuritgani durust, deb o‘ylaymiz. Ya’ni jinoyatga doir qidiruv va tergov bo‘limlarida, sud va prokuratura idoralarida faqat o‘smirlar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning mavjudligi maqsadga muvofiqdir. Tibbiyotda bolalarning va kattalarning shifokorlari alohida bo‘lgani kabi bu sohada ham boshqa-boshqa bo‘lgani yaxshi natija beradi, degan fikrdamiz.
To‘g‘ri, jinoyatga doir qidiruv bo‘limi noziri yoki tergovchi tarbiya ishlari bilan shug‘ullanmaydi. Ammo unda tarbiyachiga xos xislatlar bo‘lmoqligi maqsadga muvofiqdir. Chunki so‘roq jarayonida u o‘smirlarga xos bir qancha ruhiy jihatlarni hisobga olmoqligi joizdir. Aytaylik, bir o‘smir qiziqqonroq, jizzakiroq, boshqasi esa aksincha, g‘oyat bosiq, kamgap, yana biri mijg‘ovroq. Tergovchi barchasiga bir hilda muomala qilsa ijobiy natijaga erisha olmasligi mumkin. Demoqchimizki, o‘smirlarning fe’l-atvorlariga qarab tergov uslubi tanlanishi lozim. Masalan, qat’iylik, talabchanlik, jiddiylik uslubini loqayd, beg‘am, sovuqqon yoki pitrak, serharakat o‘smirga nisbatan qo‘llash mumkin. Dilgir, g‘amginlikka moyil, ma’yus o‘smirga esa bu uslub salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:39:48

Aytmoqchi bo‘lgan gapini ham unutadi, yoki qaysarlik to‘niga o‘ralib olib «nima qilsang qilaver», degan ma’noda javob bermay qo‘yishi ham mumkin.
O‘smirlarning har bir avlodida o‘ziga xos o‘zgarish kuzatiladi. O‘tgan asrning oltmishinchi yillaridagi o‘smir bilan yangi asrning o‘smirlari orasida katta farq mavjudligini hech kim inkor etmaydi. Ammo keyingi o‘n yil orasida o‘smirlik olamiga kirib kelayotganlarning ruhiy olamida, fe’l-atvorida farq mavjudligini barcha ham sezavermaydi. Mutaxassislarning kuzatishicha, o‘g‘il bolalarning his-tuyg‘ularida, fe’l-atvorlarida (xarakterlarida) ilmiy tilda «feminizatsiya» degan xolat kuzatilyapti. Lotincha «femina» - «ayol» ma’nosini bildiradi. Mazkur ilmiy atama o‘g‘il bolalarda qat’iyatsizlik oshib borayotganini anglatadi. Kengroq ma’noda sharhlasak, o‘g‘il bolalar jiddiy bir qarorga kelishda sustlik qiladilar, ularda mas’uliyatga nisbatan qo‘rquv mavjud, boshqarishdan bo‘yin tovlamoqlik, mustaqil qarorga kelishdan qochishga urinish, irodasizlik va o‘ta ta’sirchanlik sezilyapti. Bular erkaklarga xos bo‘lmagan xolatlar ekanini ta’kidlamasak ham bo‘lar. Buning asosiy sababi qilib olimlar maktab o‘qituvchilarining asosan ayollardan iborat ekanini ko‘rsatishadi. Maktab o‘qituvchilarining 80-90 foizi ayol ekani va buning muhim ijtimoiy muammo ekani dunyodagi ko‘p mamlakatlarga xosdir. Qiziqda, o‘g‘il bolani uyda onasi, maktabda yana ayol muallima tarbiyalasa, ulardagi ayrim odatlar o‘tmaydimi? Oiladagi 4-5 qiz orasida ulg‘aygan o‘g‘il bolaning fe’l-atvorini kuzating. Arzimagan gapdan ham ta’sirlanib yig‘lab yuborishi fikrimizga dalil emasmi? Tarbiyachilar orasida erkaklarning ko‘proq bo‘lishi masalasiga biz to‘xtalib o‘tirmaymiz. Biz o‘g‘il bolalar fe’l-atvoridagi mazkur jihatlarga tergovchi va nozirlarning e’tiborlarini tortmoqchimiz xalos.
O‘smirni militsiya nazoratiga olish masalasiga ikki hil munosabat mavjud. Bir toifa odamlar buni xonadonlari uchun fojia sifatida ko‘radilar va buni qamoqqa olib boruvchi darvozaning ochilishiday qabul qiladilar. Ikkinchi toifa odamlar nazoratga olinmish bolaning qismatida qamoq borligiga to‘la ishonadilar. Bolani nazoratga olish nihoyatda nozik masala. To‘g‘ri nazorat qilish yaxshi natija berishi shubhasiz, noto‘g‘ri nazorat esa salbiy oqibat bilan yakunlanadi. O‘g‘irlik bilan qamalganlarning 30-35 foizi avval militsiya nazoratida turganlari fikrimizni isbot etadi.

Qayd etilgan