Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90473 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 21:40:05

Yana demoqchimizki, gumondagi yoki guvoh o‘smirni so‘roq qilish shunchaki odatiy ish emas, balki ilmiy tahlilga asoslangan jarayon bo‘lmog‘i zarurdir. Agar bolalar jarrohi amaliyot chog‘ida ehtiyotsizlik qilib bitta tomirchani uzib yuborsa bola jisman nobud bo‘ladi va ba’zan biz u jarrohni jinoiy javobgarlikka tortishga urinamiz. Agar tergovchi o‘smirning ruhiy olamini toptab qo‘ysa, jamiyat ruhi sog‘lom bir odamni yo‘qotgan hisoblanadi. Jisman nobud bo‘lgan bola tufayli bir oila aziyat chekadi, vaqt o‘tgach, g‘am-alam asta unutiladi. Ruhan nobud qilingan o‘smirdan esa jamiyat aziyat chekadi va buning g‘am-alamlari darrov unutilmaydi. Tergovchining tig‘i - aql va til, tig‘ uriladigan joy esa o‘smirning qalbi va ongidir. Buni unutmaslik shart.
Demak, tergovchi qarshisida o‘smir o‘tiribdi. Tergovchiga ham oson tutib bo‘lmaydi. Siz bilan biz o‘n besh yillar atrofida o‘zimiz tarbiya etgan farzandimizni qachon to‘g‘ri, qachon yolg‘on gapirayotganini ba’zan farqlay olmaymiz. Tergovchidan esa bir necha so‘roq mobaynida o‘smirning xulqini, odatini aniqlab, bunga erishishi talab etiladi. Gumondagi o‘smir: a) to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot berishi mumkin, b) yolg‘on gaplarni to‘qiydi, v) adashganligi tufayli noto‘g‘ri ma’lumotni aytadi. Bularni farqlab olishi uchun tergovchidan yuksak mahorat talab qilinadi. Birinchi holatda to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot gumonni tasdiqlashi yoki aksincha, gumonni inkor etib o‘smirni oqlashi mumkin. Ikkinchi va uchinchi holatda hamma narsa chalkashib ketadi, to haqiqatga yetib borilguniga qadar ish cho‘ziladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:40:38

P.ismli o‘smir o‘rtoqlari bilan tog‘ sayriga borishiga ruxsat berishmagani uchun ota-onasidan arazlab, uydan chiqib ketadi. Ikki oyga yaqin daydib yuradi. So‘ng o‘g‘irlik qilayotganida qo‘lga olinadi. Bunday holatda tergov ishi qiyin kechmaydi. Avvalo bola jinoyat ustida ushlandi. Guvohlar bor. Bundan tashqari bola bahonalarni qalashtirmay aybiga iqror bo‘ldi. Shu bilan birga bunga qadar yana o‘n yetti marta bosqinchilik qilgani, «Azroil» va «Iblis» laqabli ashaddiy o‘g‘rilarga qo‘shilib dahshatli jinoyatlarga sherik bo‘lganini ham tan oldi. Uning ma’lumotlari tekshirib ko‘rilganida barchasi yolg‘on ekani ma’lum bo‘ldi. Xo‘sh, yolg‘on to‘qishdan bolaning muddaosi nima edi? Tergovchini chalg‘itish yoki laqillatishmi? Yo‘q, u buni xayoliga ham keltirmagan. Tergov jarayonlaridan mutlaqo bexabar bo‘lgani sababli «gapimga ishonishadi-yu, qamab yuborishadi», deb o‘ylagan. Aytgan jinoyatlarining har biri qaerda sodir bo‘lsa, o‘sha yerga borib, ko‘rsatib, isbot qilib berishi lozimligini bilmagan. Birinchi va ikkinchi ma’lumoti isbotini topmaganidan keyinoq yolg‘oniga iqror bo‘lgan. «Nima uchun bunday qilding?» degan savolga javob bermadi. Bera olmasdi ham. O‘smirlar ruhiyatini yaxshi bilgan tergovchi uning o‘zi aytmasa ham, maqsadini anglab, og‘ir jazo bermadi. Uydan ketishni o‘zicha qahramonlikka yo‘ygan o‘smir kichik bir o‘g‘irlik bilan qamalib ketishni o‘ziga isnod deb bilib, «obro‘yi»ni oshirmoqchi bo‘lgan. Qamoqda ham, ozodlikka chiqqanidan keyin ham mayda emas, e’tiborli o‘g‘ri martabasida yurmoqlikni orzu qilgan.
Katta yoshdagilarni tergov qilish jarayonlarida ham yolg‘on, iqror bo‘lmaslik, tuhmat kabi holatlar uchrab turadi. Kattalar aytadigan yolg‘onlarini avval puxta o‘ylab, ma’lum odamlar bilan kelishib olib so‘ng ishontirishga harakat qilishadi. Yolg‘on guvohlar ham topishadi. O‘smirlarda mana shu puxtalik yetishmaydi. Videokassetalarni o‘g‘irlashda ayblanayotgan Ch. «yolg‘iz o‘zim edim», deb tergovchini ishontirmoqchi bo‘lgan. Tergovchi o‘g‘irlangan 170 videokassetani qopga joylab, ko‘tar, deydi. Shubhasizki, u ko‘tarolmaydi va oqibatda sherigi borligini aytishga majbur bo‘ladi. Avvalgi holatdagi bilan bunisidagi yolg‘onni solishtirilsa o‘zga-o‘zga manzara yuz ochadi. Yana bir tergov bayonini lozim ko‘rdik-ki, unda butunlay o‘zga holat ko‘zga tashlanadi. Diskotekada boshlangan janjal qotillik bilan tugaydi. To‘rt o‘smir o‘zlariga yoqqan qizga o‘ralashgani uchun Z. ismli yigitchani ayovsiz kaltaklab o‘ldiradilar. To‘rtovlon o‘sha tundayoq qo‘lga olinadi. To‘rttalasa Z.ni urganini tan oladi ammo o‘limga sabab bo‘luvchi zarbani kim berganini aniqlashga kelganda har biri o‘zini oqlashga tushadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:40:52

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra Z. temir tayoq bilan urilgani tufayli jon bergan. Temir tayoqda barmoq izlari yo‘q - qotil artib tashlashga ulgurgan. Aybdorlardan ikkitasi «temir tayoq O‘.ning qo‘lida edi», deb ko‘rsatma berdilar. O‘. esa buni rad etib, «M. urgan», deb qattiq turib oladi. Shunda mana bu savol-javob bo‘lib o‘tadi:
Tergovchi - Z. kaltaklanayotganda siz qaerda edingiz, ko‘chadami?
Ayblanuvchi - Yo‘q, men ichkarida, diskotekada qoluvdim.
Tergovchi - Atrofingizda kimlar bor edi?
Ayblanuvchi - Esimda yo‘q.
Tergovchi - Z.ni temir tayoq bilan M. urdi, deb sizga kim aytdi?
Ayblanuvchi - O‘zim ko‘rdim.
Tergovchi - Qanday ko‘rasiz, axir siz ichkarida, diskotekada edingiz-ku?
Albatta bu mantiq oldida ayblanuvchi darrovgina bosh ega qolmaydi. Yangi-yangi yolg‘onlar to‘qishga urinadi.
Mutaxassislar yordamida 250 tergov ishlari o‘rganilganda mana bu holat aniqlandi: o‘smirlarning 158 tasi (63,2%) to‘g‘risini aytib, aybiga iqror bo‘lgan. 73 tasi (29,2%) yolg‘on to‘qigan. 19 tasi (7,6%) adashganlari tufayli ishonchsiz ma’lumotlarni berganlar. Yolg‘on to‘qigan 73 bola bilan suhbatlashilganda ma’lum bo‘ldiki, ularning yarmidan ko‘prog‘i shu yo‘l bilan jazodan qutilib qolish chorasini izlagan. 16,4 foizi sheriklarini yashirish maqsadida, 11,1 foizi esa sheriklaridan o‘ch olish uchun yolg‘on to‘qigan. 8,5 foizi do‘stlikka sadoqat tushunchasini noto‘g‘ri anglagani tufayli, 9,6 foizi qarindoshlarini himoyalash umidida, 3,7 foizi esa o‘zining mardligini isbotlash niyatida yolg‘on gapirganlar.
Bu raqamlar nimani ko‘rsatyapti? To‘g‘risini aytib, aybiga iqror bo‘lganlar, pushaymon yeganlar ozodlikka chiqqanlaridan keyin jinoyat olamini butunlay tark etadilar, deyishimizga asos bor. To‘g‘risini aytish - noto‘g‘ri yo‘lga kirganligini anglab yetishining dalolatimi? Yolg‘on gapirganlar jinoyat olamida bir umrga qolib ketadilar, deb xulosa chiqarishga shoshilmaylik. Ularning bu zulmat olamiga qaytish yoki qaytmasligi bizning munosabatimizga bog‘liq-ki, bu haqda keyinroq alohida fikr yuritamiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:41:45

To‘g‘risini aytish - jinoyatga iqror bo‘ldi, degan gap emas. To‘g‘risini aytib, ayblovni inkor qilish ham mumkin. Shu o‘rinda tergovchiga yana qiyinchilik tug‘iladi, ya’ni buni «o‘zini oqlash uchun to‘qilayotgan yolg‘on» sifatida qabul qiladi. Oqibatda tergovchi xayolidagi gumonni haqiqat o‘rnida ko‘rib, o‘smirning shu yolg‘onni tan olmog‘ini istaydi. Ch.ning o‘limi xususidagi jinoiy ishni o‘rganish jarayonida shunday voqea yuz berdi. Ch.ismli bola Q. ismli do‘sti bilan mushtlashgan. Bu mushtlashishni ko‘rgan guvohlar bor. Buni Q.ning o‘zi ham inkor qilmaydi. Jag‘idan musht yegan Ch. yiqilib tushadi. Ertasiga biqini og‘riyotganidan shikoyat qiladi. Uni kasalxonaga olib boradilar. Og‘riq to‘xtamaydi. Ikki kundan so‘ng amaliyot (operatsiya) qiladilar. Ch. jigari shikastlangani oqibatida vafot etadi. Ota-onasi uning o‘limida Q.ni ayblashadi. Amaliyot qilgan jarroh jigar qattiq zarba tufayli ezilgan, deb xulosa chiqaradi. Jigar nima sababdan ezilishi mumkin? Tepki orqali. Tergovchining xulosasi shu edi. Q. esa urganiga iqror bo‘lgani holda, «tepmadim», deb turib oldi. Tergovchi buni o‘jarlik, yolg‘on vositasini o‘zini himoya qilish, deb qabul qildi. Mushtlashuvni ko‘rgan bolalarning birontasi ham Q.ning tepganini tasdiqlashmadi. Shunga qaramay, tergovchi «Ish»ni yakunlab sudga oshirdi. Sud esa tergov natijalaridan qoniqmay uni qaytardi. Qayta tergov bilan shug‘ullangan xodim shoshilmadi. Mushtlashuvga guvoh bo‘lgan bolalardan odatdagidek «Q.tepdimi?»-deb emas, «Ch. kaltak yegandan keyin yiqildimi?»- deb so‘radi. Bolalarning barchasi «yiqilmadi,jag‘ini ushlab qochdi», - deb javob qaytarishdi. Shunda tergovchi Ch.ning qaysi tomonga qochgani bilan qiziqdi. Bolalarning bu savolga javoblari ham bir hil bo‘ldi. Tergovchi Q.ning orqadan quvmaganini ham aniqladi. Demak, agar Ch. yiqilmagan bo‘lsa, Q. qanday qilib uning jigariga qattiq zarba berishi mumkin? Agar Ch. jag‘iga tushgan musht zarbasidan yiqilsa-yu, biron tosh ustigami yo to‘nkagami o‘ng tomoni bilan tushsa jigari ezilishi mumkin. Q. sport, xususan jang usullari bilan shug‘ullanmagan. Jismoniy jihatdan ham boshqalardan ajralib turmaydi. Maktabdagilar uni urushqoq bola sifatida ta’riflashmagan. Tergovchida uning kuchli zarba bera olishiga shubha uyg‘ondi. Xo‘sh, unda nima bo‘lgan? Tergovchi Ch.ning mushtlashuv kuni emas ertasiga og‘riqdan noliganiga e’tibor berdi. Shuning barobarinda vrachlarning hatti-harakatlari bilan qiziqdi. Amaliyot nima uchun bemor shikoyat qilgan kuni emas, ikki kundan keyin qilindi, degan savolga javob izladi. Kasalxona jarrohlarining xulosasi bilan kifoyalanmay eksgumatsiya (murdani qabrdan olib qayta tekshirish) qildirdi. Shulardan ma’lum bo‘ldi-ki, vrachlar vaqtni o‘tkazib so‘ng muolajaga kirishganlar. Vaqtida amaliyot qilinsa, bolaning hayotini saqlab qolish mumkin ekan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:41:58

Tergovchi «Ish»dagi eng muhim narsani ham aniqladi: Ch. ertasiga velosipedda ketaturib yiqilib, yo‘l chetidagi toshga biqini bilan tushgan ekan. Biqinini ushlab «voy«voylab» o‘tirganini ko‘rgan bolalarni ham, Ch.ga achinib, biqinini silab qo‘ygan ayolni ham topdi. Shuning bilan «ehtiyotsizlik oqibatidagi qotillik» degan ayblov chippakka chiqdi.
Kaminaga bu voqeani IIV Akademiyasining tinglovchisi aytib bergan edi. U boshiga tushgan bu savdolardan so‘ng tergovchi bo‘lishga ahd qilgan ekan. «Hayotimni saqlab qolgan tergovchiga bo‘lgan hurmatim haqqi, uning kasbini egallashga, hamisha adolat yo‘lidan yurishga ahd qilganman»,- dedi. Keyin afsus bilan: «o‘rtog‘imning o‘limiga men sababchi bo‘lmasam ham uni urganimdan hozirgacha pushaymonman. Bu pushaymonlik to umrimning oxirigacha ham meni tark etmasa kerak.»- dedi.
Z. ismli yigitchaning taqdiri esa o‘zgacharoq bo‘ldi. U maktabda urushqoqligi bilan nom chiqargan edi. Sport to‘garagidan aynan shu bezoriligi uchun haydalgandi. Militsiya ro‘yxatiga tushib qolishiga ham shu illati sabab edi. Lekin uni mushtumzo‘rligi uchun emas, nomusga tekkani uchun qamashdi. Jinoyatchini tanish marosimida qiz tergovchining maslahatiga amal qilib, Z.ni ko‘rsatdi. Keyin esa ko‘rsatmasidan qaytdi. Biroq, tergovchi «aytilgan so‘z - otilgan o‘q», shioriga amal qilib, qizning keyingi gaplarini inobatga olmadi, «Ish»ni chalkashtirishni istamadi. Qiz qurilishi bitmagan imorat ichida zo‘rlangan edi. Z. esa shu imoratga yaqin do‘konchada amakisi bilan birga ishlardi. Uni ayblash uchun shuning o‘zi kifoya qildi. Qiz bitmagan imorat ichiga o‘z oyog‘i bilan kirib borgan, birov uni majburlab sudramagan. Uning kiyim-boshlari butun.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:42:29

Tanasida ham shilingan, ko‘kargan joy yo‘q, xullas kuch bilan zo‘rlash alomatlari yo‘q. Shunday ekan, uni zo‘rlangan jabrlanuvchi deyish o‘rinlimi? U ko‘rsatmasida «uch yigit imorat ichiga aldab olib kirishdi»,-deb yozgan. Bitmagan imorat ichiga nima deb aldab olib kirish mumkin? Uyga biron narsa ko‘rsatish bahonasida aldab olib kirish mumkindir. Mantiq shuki, qiz nima uchun borayotganini bilgan. Aniqroq aytilsa, o‘zida istak bo‘lgan. Agar uch yigit orasida Z. bo‘lgan taqdirda ham unga qo‘yilayotgan aybni o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri kelardi. Undan tashqari qizning ko‘rsatmasida yigitlarning uchta ekanligi aniq aytilgan. Dastlabki tergovlarda Z.ga «sheriklaringni aytasan!» - deb zug‘um qilgan bo‘lishdi. Keyinroq esa bu dalil ham e’tibordan ko‘tarilib, Z.ning o‘zi yakka aybdor sifatida hukm qilinadi. Shubhasizki, Z.ning ota-onasi bu hukmga rozi bo‘lishmaydi. Qayta bo‘lib o‘tgan sud uni aybsiz, deb topadi. Endi prokuratura bu hukmga rozi bo‘lmaydi. Uchinchi marta bo‘lib o‘tgan sud Z.ni yana qamoq jazosiga hukm qiladi. Ota-ona endi respublika prokuraturasiga arz qiladilar. «Ish» prokuratura tergovchisi tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, Z. ozod etiladi. Adolatning tantana qilgani yaxshi. Ammo bu shodlik yuzaga chiqquniga qadar Z. bir yil qamoqda o‘tirdi. «Hayot - shafqatsiz, adolat esa umuman yo‘q»,- degan fikrni haqiqat o‘rnida ongiga singdirdi. Ozodlikka xursandchilik bilan chiqmadi, yuragida qasos o‘ti bilan chiqdi. «Nomusga tegish, zo‘rlash qanaqaligini senlarga ko‘rsataman», degan ahdini amalga oshirdi. U to qo‘lga olingunga qadar bir necha qizni sharmsor qilishga ulgurdi. Biz ba’zan «ayrim jinoyatlar ochilmay qolyapti», deb noliymiz. Ba’zan «mana bunday ochiladigan bo‘lsa ochilmay qolgani ham yaxshiroq edi», deging keladi. Bitta xato bir necha jinoyatlarni tug‘dirdi.
Bu misollarni e’tiboringizga havola etmoqlikdan maqsad - ishda uchraguvchi kamchiliklarni bo‘rttirib ko‘rsatish emas. (Xato-kamchilik hamma sohada ham bor. Faqat «xato qilmoqlik bordir, tuzatmaslik oqibati - hordir», degan hikmatga amal qilinsa yanada yaxshi.) Maqsad - o‘smirlar bilan ishlovchi tergovchi zimmasidagi mas’uliyatni bo‘rttirib ko‘rsatish. Biz o‘smirlar taqdirini hal etuvchi «Ish»larni bu sohani yaxshi biladigan, o‘smirlar ruhiy olamidan xabardor mutaxassislarga ishonish kerak, degan fikrdamiz. Har qanday bastakor bolalar yoki yoshlar uchun qo‘shiq yaratavermaydi. Jarroh har qancha mohir bo‘lmasin, bolalarga tig‘ urishga jur’at etavermaydi. Ko‘p sohalar «kattalar» va «bolalar» degan bo‘limlarga ajratilgani kabi militsiya va prokuratura tergov bo‘limlarining, sudlarning ham maxsuslashuviga vaqt yetmadimikin? Bolalar ahloq tuzatish mehnat koloniyasi kattalarnikidan alohida bo‘lgani kabi bu yerga yetib kelgungacha o‘tadigan jarayonlar ham ajratilgani durust edi. Qonunga ko‘ra, sudgacha bo‘lgan jarayonda bolalar va o‘smirlar kattalardan alohida qamoqda ushlanishlari shart. Bunga sharoit barcha yerda mavjud bo‘lmaganidanmi yoki e’tiborsiz qaralganidanmi, hamisha ham rioya qilinavermaydi. O‘smirlar ba’zan ashaddiy jinoyatchilar o‘tirgan xonaga qo‘yiladiki, buning natijasini gapirmasak ham tushunarlidir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:42:42

O‘smir har qancha og‘ir jinoyat qilmasin, uni yaxshilar ro‘yxatidan batamom o‘chirib, yomonlar safiga umrbodga tirkab qo‘ymay, unga «adashgan» sifatida munosabatda bo‘lsak ayni muddaodir. Adashgan o‘smirni ashaddiy jinoyatchiga aylanib ketmasligining choralaridan biri esa - huquqqa doir idoralar vakillarining jazolovchi kuch emas, shafqatli va adolatli do‘st sifatida ish yuritishlaridir.
Militsiya ishlarida «mahfiylik» degan tushuncha bor. Mahfiylikni inkor etish mumkin emas. Hamma ishni ochiq-oydin olib borish imkoni ham yo‘q. Ko‘p jinoyatlar mahfiy ravishda amalga oshiriladi, izlar berkitiladi. Uni fosh etishda ham huddi shu yo‘ldan boriladi. Lekin bolalar va o‘smirlarga doir ishlarda mahfiylik chegarasini ozgina ochish kerakmikin? Masalan, axloq tuzatish koloniyasidagilarning nechtasi qaysi viloyat, qaysi tumandan ekani, jinoyat turlari, tarbiyalanuvchilarning o‘zlarini tutishlari kabi ma’lumotlar jamoatchilikka ma’lum qilib turilsa, o‘smirlar orasida olib borilayotgan ishlarda nafi tegarmidi,deb o‘ylaymiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:43:16

NAQADAR SHAFQATSIZSAN, EY YORUG‘ DUNYO!

*«O‘zingdan ko‘r...»

*Yozuvchining ko‘z yoshlari

*Qamash shartmi?

*Burgaga achchiq qilib

Sarlavhada o‘qiganingiz bu nido xayolimiz mahsuli emas. Yurakdan vulqon kabi otilib chiqqan bu alamli xitobni biz ozodlikdan mahrum etilgan yigitchaning kundalik daftarida o‘qidik. Jinoyatchi o‘smirlar saqlanadigan yerni «koloniya» deb atalishini aytdik. Endi uning mazmuniga kelsak, «koloniya» - lotin tilida o‘zga yurtdan kelib joylashishni anglatadi. Shunga ko‘ra, jinoyat olamidan yulib olinib majburan joylashtirilganlar, degan mazmunda qabul qilsak ham bo‘lar. Bu yerga hukm qilinganlarni kattalar kabi «mahkum», deb atashmaydi. Bundagilarning nomi - «tarbiyalanuvchi»dir. Militsiya xodimlari esa «tarbiyachi zobitlar» deb yuritiladi. Bu yer nima deb atalishidan qat’i nazar qamoqxona bo‘lsa-da, kattalarniki kabi qurolli soqchilar bilan qo‘riqlanmaydi. Bunda dars o‘tiluvchi sinfxonalar, hunar o‘rgatuvchi ustaxonalar mavjud. Xullas, jinoyatchini emas, adashgan bolaning ko‘zini ochib, to‘g‘ri hayot yo‘liga yo‘llovchi barcha zarur masalalar inobatga olingan.
Mening tog‘am, atoqli yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy Stalin zamonida «xalq dushmani» degan tuhmat bilan qamalib, Qarag‘anda ko‘mir konlarida umrlarining to‘rt yilini o‘tkazgan edilar. Gap kelganda aytib o‘tsam, «Farg‘ona tong otguncha» romanining birinchi kitobi shu qamoqxonada yozilgan edi. Tog‘am qamoqdaliklarida suyukli farzandlaridan biri Oyzuhra opam o‘n uch yoshlarida vafot etganlar. Tog‘am oqlanib, ozodlikka chiqqanlaridan so‘ng qizlarining xotirasiga atab, o‘smirlar hayotidan hikoya qiluvchi «Bizning roman» qissasini yozgan edilar. Oradan yillar o‘tib, qarilik yoshiga yetganlarida shu qissaning davomini yozish istagi tug‘ildi. «Asar qahramoni To‘lavoy sho‘xlikdan shumlikka o‘ta boshlagan edi. Shumlikning oqibati nima bo‘ladi, shuni yozmoqchiman», dedilar. Asar davomini mo‘l qo‘ygan ham edilar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:43:42

Reja bo‘yicha, yozuvchining uyiga oqshom chog‘i notanish bir kishi kirib keladi. Ma’lum bo‘lishicha, u adibning kitobdagi qahramoni - To‘lavoy ekan. «Siz meni yozishga yozib qo‘yib, keyin unutdingiz. Siz yozgan voqealardan so‘ng men yomon yo‘lga kirib ketdim. Qamaldim. Shundan keyingina ko‘zim ochildi. Endi boshimga tushgan savdolarni yozing, toki boshqalarga o‘rnak bo‘lsin»,- deydi u. Tog‘am rejalarini gapira turib, «kimning boshiga nima tashvish tushsa o‘zgadan emas, o‘zidan ko‘rsin. Yangi asarning nomi shuning uchun «O‘zingdan ko‘r», deb ataladi»,- dedilar. O‘sha paytda kamina Yozuvchilar uyushmasida jamoatchilik asosida boshqaradigan «fantastika va detektiv adabiyoti kengashi» bolalar axloq tuzatish mehnat koloniyalarini otaliqqa olgan edi. Biz har yakshanbada turli adabiy uchrashuvlar tashkil qilar edik. Tog‘amning niyatlarini eshitgach, «bolalar koloniyasiga borib kelasizmi?»-deb so‘radim. Ochig‘i, «qamoqxona nimaligini yaxshi bilaman, borishim shart emas», degan javob kutgan edim. Lekin xastaliklariga qaramasdan mahbus - tarbiyalanuvchilar bilan uchrashish istagini bildirdilar. Koloniyadan qaytib kelganlaridan so‘ng «uchrashdingizmi, taassurotlaringiz qanday?»- deb so‘radim. Shunda yozuvchi ko‘zlarida yosh paydo bo‘ldi. Lablari titrab, darrov gapira olmadilar. Bir ozdan so‘ng yig‘lamsirab: «Shu bolalar qamoqda o‘tiradigan bolalarmi, a? O‘qish o‘rniga, ota-onasi bag‘rida o‘ynab-kulish o‘rniga nima uchun qamoqda o‘tirishibdi?»-dedilar. To‘rt yil urush fojialarini ko‘rgan, Stalingraddan Berlingacha borgan, so‘ng esa tuhmat bilan qamoq jafolarini ko‘rgan odamning diydasi qattiq bo‘lishi kerak edi. Lekin yozuvchining qalbi tosh emas edi. U bolalarning ozodlikdan mahrum ekanliklariga chiday olmadi. O‘sha uchrashuv xasta yurakka ilhom va dalda berib axloqiy asarni yozdilar. Bu asar yozuvchining vasiyati o‘rnida qoldi.
Yozuvchilar hissiyotli bo‘lishadi, dersiz? Ha, to‘g‘ri. Lekin hissiyotsiz odam ham bu yerdagi bolalarning mungli nigohlarini ko‘rsa ezilib ketishi aniq. Tarbiyalanuvchilar sirtdan qaralganda mo‘’min qobil ko‘rinsalar-da, ularning bu yerga kelgunlaricha qilgan qiliqlari, ayrimlarining bu yerda ko‘rsatayotgan xunarlari bilan tanishsangiz, ehtimol achinish hissidan holi bo‘larsiz. Mirzakalon Ismoiliy kabi hamma ham hissiyotga berilib, ko‘ziga yosh olavermaydi. O‘sha yillari yana bir yozuvchini koloniyadagi uchrashuvga taklif qilganimizda u qat’iy rad etib: «Bu tadbirlarning sira foydasi yo‘q, u yerga tushganlarning birontasi ham odam bo‘lib chiqmaydi»,- dedi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:43:58

Uning gapi bizga malol keldi. Agar o‘sha yerda uning farzandimi yo nabirasimi yoki jiyanimi bo‘lganida bunday shafqatsiz tarzda gapirmas edi. Barchamiz uchun afsusli yeri shundaki, o‘sha yozuvchimizga o‘xshab fikrlaydiganlar oramizda ozmi-ko‘pmi uchraydi. «Bolalar koloniyalari yanada pishib yetilgan, uddaburro jinoyatchilar yetishtirib beruvchi maktabdir», deguvchilarni ham uchratganmiz. Rasuli muhtaram sallollohu alayhi vasallam janobi Haqdan rivoyat qilgan so‘zda Olloh Taolo shunday buyuradi: «Ey bandalarim! Men bandamning gumonidaman. Men sen bilan birgaman. Agar mendan yaxshilikni gumon qilsang, yaxshilik bo‘ladi. Yomonlikni gumon qilsang, yomonlik bo‘ladi.» Shunga ko‘ra, biz qamoqdagi o‘smirlarga nafrat ko‘zi bilan qarasak, ulardan ham nafrat nazarini olamiz, ularning to‘g‘ri yo‘lni topa olishlariga ishonmasak, zulmni kasb qilib olgan ashaddiy jinoyatchiga ertami kechmi o‘zimiz ro‘para kelamiz, cho‘kayotganga yordam qo‘lini cho‘zmasak, bu gunohimiz uchun qachondir yo farzandimiz yo yaqin qarindoshimiz taqdiri bilan javob beramiz. Shularni unutmasak bas.
Mazkur risolani yozishga tayyorlanayotgan paytimizda jinoyatga doir qidiruv nozirlari, tergovchilar, sud hakamlari va shu sohaga yaqin kishilar bilan suhbatimiz chog‘ida «o‘smirlarni qamash shartmi, ularni tarbiyalashning o‘zga chorasi yo‘qmi?» degan savol bilan murojaat etdik. Ularning 93 foizi «qamash shart, qamoqda qanchalik uzoq o‘tirsa jamiyatning tashvishi shunchalik kamayadi», degan fikrni bildirdilar. «Jamiyatning tashvishi», deganda ular eng avvalo o‘zlarining tinchini o‘ylaganlari biz uchun sir emasdi. Bizni ajablantirgan narsa boshqa edi: suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, bolalarni uzoqroq qamash tarafdorlarining birontasi koloniyaga bormagan, undagi shart-sharoitlar, tarbiya usullari bilan tanish emas ekan.
«Bolalarni jinoyati uchun qamash shartmi?» degan muammo butun dunyodagi shu soha mutaxassislarini o‘ylatib keladi va har bir mamlakatda o‘ziga hos ravishda yechimni topishga urinishadi. Masalan, Chexiyada jinoyat bilan ushlangan bolalarning 20-26 foizigina qamoq jazosiga tortilarkan. Bu ko‘rsatgich Germaniyada 10-20, Polshada 4-6 foizni tashkil etarkan. Bu uch mamlakat bir-biriga qo‘shni ekanini e’tiborga olsak, masalaga yondashish bo‘yicha ham yaqinlik mavjud ekanini ko‘ramiz.

Qayd etilgan