Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90460 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 21:44:12

Shu tomonlardagi mutaxassislarning fikricha, bolalarni ko‘pi bilan olti hafta qamoqda ushlab turish kifoya qiladi. Bola qamoqda ko‘p o‘tirgani sayin undagi ijobiy xislatlar kamayib, salbiy illatlar ko‘payib borishi mumkin ekan. Polshaga xos bu dalil u yerdagi bir tadbirni yodimga tushirdi. Mamlakatda «bolalar va yoshlar orasidagi giyohvandlikka qarshi barchamiz birgalikda kurashamiz!» degan shior kun tartibiga qo‘yilib, odamlar belgilangan kun va soatda ko‘chaga chiqib, bir-birlarining qo‘llaridan mahkam ushlab, jonli zanjir hosil qilganlar. Bu manzara jamiyatning o‘z farzandlari taqdiriga befarq emasligiga ishora emasmi?

Keyingi yillarda bizning yurtimizda ham bu masalaning ijobiy hal etilishiga e’tibor qaratilyapti. Ayrim hollarda bolalar qamalmay, jamoatchilik tarbiyasiga topshirilyapti. Ba’zi bolalarni mahallalar himoyalariga olishyapti. Ma’lum jinoyat uchun belgilangan jazo muddati ham qisqartirilyapti. Avfi umumiyda ham birinchi galda bolalarga imtiyoz berilyapti. Bu tadbirlar kelgusida yaxshi natijalar berishiga umidimiz bor. Ammo jazo belgilashdagi liberallashuv jarayonida jazo muddatini kamaytirish bilangina kifoyalanmay, qadim donishmand Aflotun aytganiday, masalaning ma’naviy tomonini ham yechishga urinish kerak. Bu nima degani? Deylik, bir odamning jinoyati uchun yetti yildan o‘n yilgacha qamoq jazosi berilishi kerak. O‘sha odam o‘zining jinoyatini shu darajada his qilsinki, «etti yilmi, o‘n yilmi - o‘zing tanla», deyilsa ma’naviy yuksaklik ila: «mening jazoim o‘n yilga loyiq», desin, hakam esa uning aybini tushunib yetganini inobatga olib, eng kam jazoni belgilasin. Shunga ko‘ra, bolaning qamoqda uzoq o‘tirishi muhim emas. Muhimi - u qanday ayb ish qilib qo‘yganini tushunib yetsin va bu yo‘ldan qaytsin.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:44:25

Qamalgan bolalarning taqdirini ko‘p yillardan beri kuzatayotgan kishi sifatidagi bizning xulosamiz shuki, burgaga achchiq qilib ko‘rpa kuydirmaslik kerak. To‘g‘ri, badbin odamlar o‘ylaganidek, tuzalishi amri mahol bo‘lgan yigitchalar ham bor. Ammo undagilarning ko‘pi bu yerdan qutilib chiqqach, halollik yo‘lida yurmoqlikni orzu qiladi. Ozodlikka chiqquncha esa...
Ozodlikdan mahrum etilishning o‘smir ruhiyatiga qanchalar ta’sir etishini bayon etishga qalam ojiz. Kechagina hamma aybni o‘z bo‘yniga olib mardlik qilayotgan yigitcha bu ostonadan hatlagach, boshqacha odamga aylanadi. Ozodlikdagi, hatto tergov davridagi erkaliklarini, injiqliklarini bu olam ko‘tarmaydi. Bola faqat issiq uyidangina, yaxshimi-yomonmi do‘stlari bag‘ridangina emas, ko‘nika boshlayotgani jinoyat olamidan ham yulib olinib bu yerga tashlanadi. Endi u mehnat qilishga majbur, ammo mehnat turini o‘z istagiga ko‘ra tanlay olmaydi. Bunda o‘ziga o‘xshaganlar bor, biroq, istagani bilan so‘zlashib, istamaganidan nari yurish huquqidan mahrum. Bo‘sh vaqti ko‘p, lekin xohlagan musiqani eshitolmaydi, istagan paytda yotib xordiq chiqarolmaydi Hatto taomlanish borasida ham qat’iy chegaralar orasida yashay boshlaydi. Uning to‘g‘ri gapiga ham ishonqirashmaydi, hatta-harakatini gumon bilan kuzatishadi. Uyidagilar kiritgan narsalarni titib tekshirishadi. Bunday cheklash, chegaralash, ta’qiblarni bola koloniya tartibi sifatida emas, balki o‘zi uchun xorlik va xo‘rlik deb qabul qiladi.
Bolasi koloniyaga tushgan oila yanada og‘irroq ma’naviy azobga duch keladi. (Nobop oilalar bundan mustasno. Ular uchun farzand o‘z bag‘ridami yo qamoqdami - baribir.) Demak, simtikonli baland devorning har ikki tomonida alam va qayg‘u o‘zining temir tirnoqlari bilan tirik jonlarni azobga solaveradi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:44:36

Bilmayin bosdim tikonni - tortadirman jabrini,
Bilsam erdim, bosmas erdim, tortmas edim jabrini...
Bu - qalb nolasi, kechikib ochilgan ongning qayg‘uli faryodi. Endi buning qanchalar foydasi bor, Xudo biladi.
Bundagi tarbiyachilar turli usullar va uslublar bilan bolalarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llashga urinadilar. Biz ularning ishlarini tahlil etib, tanqid qilish fikridan uzoqmiz. Ammo haqiqat shuki, bundagi qayta tarbiyaning oqibati jamiyat kutgan darajada bo‘lmayapti.
Roviylar derlarkim: «Bir yigitcha o‘g‘rilik hunarini egallamoqchi bo‘libdi. Unga: «Eng zo‘r va mahoratli o‘g‘ri Bag‘dodda yashaydi, borib, o‘shanga shogird tush», deb maslahat beribdilar. Yigitcha maslahatga amal qilib, Bag‘dod shahriga boribdi, mashhur o‘g‘rini topib, muddaosini aytibdi. O‘g‘ri mamnuniyat bilan uni kutib olib, mehmon qilmoqchi bo‘libdi. Yigitcha taomga o‘ng qo‘lini uzatishi bilan, bilagiga urib: «Ovqatni chap qo‘ling bilan yeysan!»- deb buyuribdi. Yigitcha buyruqqa itoat etmoqchi bo‘libdi-yu, ammo chap qo‘lda taom yemoqlikning ilojini qilolmabdi. Oxiri: «Ustoz, men uzoq yo‘l yurib keldim, toliqdim, ochman. Chap qo‘lda yegin, deb meni qiynamang»,- deb yolboribdi. Shunda ustoz bo‘lmish o‘g‘ri debdi-ki: «Taomni faqat va faqat chap qo‘lda yeysan. O‘g‘ri bo‘lmoqlikning birinchi sharti - shudir. Sababki, o‘g‘irlik qilib yurib, qachondir tuzoqqa tushishing tayin. Ana shunda sening o‘ng qo‘lingni kesadilar. O‘ng qo‘ldan ajralganingda chap qo‘lda ovqat yeyishga qiynalmaysan.» Bu gapni eshitgan yigitchaning ko‘z oldiga kesilgan qo‘li kelib, o‘g‘rilik hunarini olmoqlik orzusidan voz kechgan ekan.» Mazkur rivoyat har qancha ibratli bo‘lmasin, qamoqdagi bolaga yetarli ta’sir eta oladi, deya olmaymiz. Bag‘dodlik ustoz bir-ikki hunarni o‘rgatib, bir-ikki o‘g‘irlikka olib borgandan keyin chap qo‘lda taom yemoqlik shartini aytganida o‘sha yigitcha ham orzusidan qaytmagan bo‘lardi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:45:09

Koloniyada belgilangan tartib-qoida har qancha nazorat qilinmasin, unga bo‘ysunmaydiganlar, yoki tartib buzuvchilar uchrab turadi. Bu yerga kirganimizda boshliq bir yigitchani chaqirtirdi. Tarbiyalanuvchining egnida eskiroq paxtalik kaltato‘n diqqatimizni tortdi.
-Kecha yangi paxtalik oluvding, qayoqqa gum qilding?-deb so‘radi boshliq.
Yigitcha darrov javob bermay, boshini xam qilib turaverdi. Savol yana takrorlangach, «yo‘qotib qo‘ydim», dedi. Boshliq bizning oldimizda haqiqatni oshkor qilishni istamay, uni chiqarib yubordi-da: «Aldayapti,-dedi,- bir quti sigaretga almaс‰tirib yuboribdi.» Yigitcha almashtirmasa-da, kechasi almashtirib qo‘yishlari yoki ochiqchasiga zo‘rlik bilan tortib olishlari ham mumkin edi. Huddi ko‘chadagi kabi bu yerda ham «zo‘r»lar mavjud va ular bolalarga sezilarli salbiy ta’sirlarini o‘tkaza oladilar. Ayrim bolalar koloniya ma’muriyatidan emas, ko‘proq o‘sha «zo‘r»lardan qo‘rqadilar. Mutaxassislarning kuzatishlaricha, koloniyadagilarning chorak qismi boshqalarni tartibni buzib turishga undar ekan. Beshdan bir qismi esa ma’muriyatga bo‘ysunmasligi, qochishga urinishi bilan ajralib turar ekan. 10-13 foizi esa tartibni buzishga boshqalarni ham jismonan, ham ma’nan majburlar ekan. Mana shunday tashqi ta’sir natijasida bu yerdagi adashganlar «ma’naviy boylik», «jamiyat manfaati» degan tushunchalardan uzoqlashaveradilar. Hatto vaqt o‘tgani sayin ular uchun inson hayotining sariq chaqachalik qadri qolmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:45:21

Ozodlikda ularning atrofida ozmi-ko‘pmi sog‘lom muhit bo‘ladi. Tutqunlar esa bundan mahrumlar. Ular ozodlikdagi tengdoshlaridan har tomonlama ortda qoladilar.
Koloniyaga tushganiga hali bir yil bo‘lmagan bolalardan «Kuch ishlatmasdan biron nimaga erishish mumkinmi?» deb so‘raganimizda ularning 48 foizi «Mumkin», deb javob berishdi. Bu yerda ikki yarim-uch yildan beri o‘tirganlardan so‘ralganda esa bu raqam 13 foizni tashkil etdi. Bir yil o‘tirganlarning 14 foizi shafqat va mehribonlikni ojizlar ishi, deb baholagan bo‘lsalar, ikki yarim-uch yil o‘tirganlarning 33 foizi shunday fikrni bildirdilar. Demak, bola qamoqda qancha ko‘p o‘tirsa, shuncha ko‘p shafqatsizroq bo‘lib borarkan.
Baland devor bilan o‘ralgan koloniyaning yozilmagan, ammo bajarilishi majbur o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. Bu o‘rinda ma’muriyat ta’sis etgan qoidalar nazarda tutilmayapti. Xuddi kattalar qamoqxonasida bo‘lganidek, bu yerda ham norasmiy xo‘jayinlar - «zo‘r»lar mavjudligini aytdik. «Tarbiyalanuvchi»lar orasidagi munosabat ko‘p hollarda ularning istagi asosida yuritiladi. «Xo‘jayinlar» - yoshi katta, qayta-qayta qamalganlardan iborat bo‘ladi. «Tarbiyachi-zobit»larni qiynovchi aosiy masalalardan biri ham shu «xo‘jayin»lardir. Bolalarni qo‘rqitib, zo‘rlab, hatto qiynab o‘z olamlariga tobe qiluvchilar ham aynan shulardir.
Ostona hatlab kirgan jinoyatchi o‘smirni kutib oluvchilar unga jinoyatiga qarab muomala qiladilar. Qotilga bir munosabat, o‘g‘riga boshqacharoq, nomusga teguvchiga esa butunlay o‘zgacha. Nomdorroq jinoiy guruh qatorida qamalganlarning martabasi balandroq, adashib pushaymon yeyayotganlarniki quyiroq, ehtiyotsizligi oqibatida jinoyatga tasodifan aralashib qolganlarniki yanada boshqacharoq. «Tarbiyalanuvchi»lar orasidagi zulm, zo‘rlik, adolatsizlik oqibatida turli ko‘ngilsiz holatlar uchrab turadi-ki, bu haqda siz bilan bizga ma’lum qilinmaydi. Biz mazkur bobda bularni tadqiq qilishni muddao qilib qo‘ymaganmiz. Bizning maqsadimiz ozodlikdan mahrum bolaning ruhiyatidagi o‘zgarishlarni o‘rganish.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:45:39

Bir masala bo‘yicha ozod yigitcha bilan tutqun o‘smirning fikri ayri-ayri bo‘lishi tabiiydir. Hayotga qarash, uni tushunish, xulosa qilish ham turlichadir. Siz bilan biz diqqat qiladigan nuqta ham aynan shu yerda: o‘smir ozodlikka hayot haqidagi o‘zgacha fikr bilan chiqadi. Undagi o‘zgacha fikr faqat o‘z aqlining mahsuli, deya olmaymiz. Bola har qancha aqlli bo‘lmasin, uning dunyoqarashiga atrofidagilarning ta’siri sezilarli bo‘ladi.
«Agar sizga pul zarur bo‘lib qolsa qaerdan topasiz?» degan savolga ozodlikdagi o‘smirlar bunday javob qaytardilar: so‘ralganlarning 37 foizi ota-onasi yoki qarindoshlaridan iltimos qilishini aytdi. 33 foizi o‘rtoqlaridan qarz olishga umidvor. 24 foizi biron yerda ishlab topishiga ishonadi. 6 foizi biron buyumini sotishi mumkin ekan. Tutqundagi o‘smirlarning javoblari esa bulardan anchagina farq qiladi. Ularning ko‘pchiligi «har qanday yo‘l bilan ham topish» tarafdori. «Har qanday yo‘l», deyilganda o‘g‘irlik yoki talonchilik nazarda tutilgani aniq. Lekin bolalar bu yo‘lga «tilanchilik qilish ham ayb emas», deb qo‘shimcha qildilar. Lekin bu qo‘shimchaga uncha ishonmadik, bu yerdan chiqqanlar tilanchilik qilishmasa kerak, deb o‘yladik. Tutqunlikdagilardan so‘ralganlarning yana bir guruhi «mo‘may pul topish uchun tavakkal qilish kerak», deb aytishdi. «Tavakkal»ning ma’nosini ham sharhlash shart emasdir. Har holda ozodlikdagi bolalar pul uchun tavakkal qilmoqlikni nodonlikdan, deb hisobladilar. Qamoqdagilar esa «pul qanday topilishi muhim emas, muhimi pul topish!» degan fikrda qat’iy qoldilar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:45:51

O‘smirlar dunyoqarashini aniqlash uchun turli savollar berildi. «O‘zingga istamagan narsani birovga ham istama» - ozodlikdagilarning 67 foizi, tutqunlarning 31 foizi shu aqida bo‘yicha yashamoq mumkin, deb hisoblaydi. «Agar birovning manfaatiga zid kelmasa, har bir odam o‘z istagi bilan yashashi kerak» - ozodlikdagilarning 59 foizi shunday fikrda. Tutqundagilarning ko‘pi savolni «har bir odam o‘z istagicha yashashi kerak», deb tuzatishibdi. «Qizlar erkaklarning talabini qondirish uchungina mavjud» - ozodlikdagilarning 29 foizi,tutqunlarning 82 foizi shu fikrda. «Mayxo‘rlik - dunyo lazzatidir.» - ozodlikdagilarning 28 foizi, tutqunlarning 77 foizi shu shiorni ma’qul ko‘rdi. Mazkur tadqiqot o‘n olti yoshli o‘smirlar orasida o‘tkazildi. Qonun masalasidagi so‘rov ham turli natija berdi. Bizga bu borada tutqunlarning fikri muhim: 47 foiz o‘smir qonun bilan mutlaqo qiziqmaydilar va qiziqmasliklari sababini tushuntirib bera olmaydilar. 17 foizi qonunni o‘rganish istagida, ularning fikricha qonun inson huquqlarini himoya qila oladi. 36 foiz bola esa bu fikrga qarshi.
Bolalarning kuchga munosabatlari ham bir hil emas. Ayniqsa qamoqdagilarning bu sohadagi fikrlari butunlay o‘zgacha. Ulardan «O‘zaro kelishmovchiliklarni qanday hal qilgan ma’qul?»- deb so‘raganimizda yarmidan ko‘pi kuch ishlatishni ma’qul ko‘rdilar. Holbuki ozodlikdagi bolalarning qariyb yetmish foizi kelishmovchilikni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdorlari edilar. (Farqqa e’tibor bering!) Tutqundagi 21 foiz bola tinch yo‘l tarafdori bo‘ldi. 17 foizi boshqa biron yo‘l topish kerak, deyishdi. Ammo qanday yo‘l ekanini o‘zlari ham aniq bilishmadi.
«Birovning so‘kishiga qarshi qanday javob qilish kerak?» degan savolga ozodlikdagi bolalarning 33 foizi «musht bilan», deb javob qilishdi. (Ayrimlari «javob so‘kishning turiga bog‘liq. Agar onadan so‘kilsa mushtdan boshqa chora yo‘q», deb izoh berishdi.) 55 foizi «so‘kishga so‘kish bilan javob qilib masalani oydinlashtirish kerak», dedi. 12 foizi «Birov so‘ksa, eshitsa ham eshitmaganga olib indamaslik kerak», degan og‘ir vazifani zimmalariga oldilar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:46:05

O‘zaro kelishmovchiliklarni kuch bilan hal etish tarafdorlarining qariyb to‘qson foizi so‘kkan odamni albatta musht bilan «siylash» shart deb hisobladilar. O‘n foizi so‘kishga so‘kish bilan javob qaytarish bilan kifoyalanar ekanlar. So‘kishni eshitib, eshitmaganga olish bu toifa uchun uyat ekan. O‘zaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilsa bo‘ladi, deb hisoblovchi bolalarning 45 foizi so‘kishga so‘kish bilan javob berishni to‘g‘ri, deb hisobladilar. Faqat 14 foizi musht ishlatishni so‘nggi chora, deb bildilar.
Xo‘sh, kuch ishlatish tarafdorlari kimlar? Siz albatta «zo‘r»lar, dersiz? Fikringizni rad etmaymiz. Ammo faqat ular emas, afsusli joyi shunda. Hayotda ko‘p kaltaklangan yoki haqoratlangan o‘smirlar, boshqacharoq aytsak «alamzadalar» kuch ishlatish tarafdorlarining aksarini tashkil etadilar. Yana afsusli jihati shundaki, bu alamzadalar fikrlarini amalga oshirishga juda yaqin bo‘ladilar.
Kelishmovchiliklarni faqat kuch ishlatish yo‘li bilan hal etish tarafdorlarining ozodlikdagi hayotlari bilan qiziqqanimizda mana bu manzara namoyon bo‘ldi: ularning 13 foizi otasi tomonidan doimiy ravishda kaltaklangan, 9 foizini onalari va akalari savalagan, 6 foizi sinfdoshlari tomonidan, qolgan qismi ko‘chadagi tanish-notanish bolalar tomonidan kaltaklanib turilgan.
O‘smir yoshidagilarning kamdan kam qismi yolg‘iz paytida birov bilan mushtlashadi. To‘da bo‘lib olib mushtlashishlarini avval ham aytib, bir-ikki misol ham bayon qilib edik. Endi tutqunlikdagi bolalarning shu masalaga doir qarashlari bilan tanishsak. Albatta, koloniyada to‘dalarga bo‘linib olib, ochiqchasiga mushtlasha olishmaydi. Ma’muriyat bunga yo‘l qo‘ymaydi. Kaltaklash pinhona tarzda amalga oshiriladi. Lekin bundagilarning hammasi bo‘lmasa-da, ma’lum bir qismi ma’lum to‘daning a’zosi sifatida mushtlashuvlarda ishtirok etgan. Ba’zilarning bu ishtiroki jazosiz qolgan bo‘lsa, ba’zilari aynan shu ishtiroki uchun, o‘zlarining tillari bilan aytilsa: «arzimagan ish uchun» qamalishgan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:46:16

«Agar notanish yoki sizga raqib bo‘lgan to‘da bilan mushtlashish zaruriyati tug‘ilsa, siz nima qilar edingiz?» -degan savolga so‘ralganlarning 79 foizi «sheriklarimni qo‘llash uchun men ham urushaman»,- deb javob qaytardi. 20 foizi olishuvni to‘xtatishga harakat qilishini aytdi. Qolgani bunaqa mash-mashadan o‘zini chetga olmog‘ini bildirdi. Ma’lumki, bunaqa olishuvda ba’zan qurol ham ishlatishadi. Shu masalaga munosabatlari so‘ralganda do‘stlarni himoya qilish uchun mushtlashuvchilarning 60 foizi qurollanishga shay ekanliklarini bildirdilar. 13 foizi esa qurol ishlatishni rad etdi. Qolganlari aniq fikrga kelolmadi. Qurol ishlatish tarafdorlarining 28 foizi qo‘liga pichoq, kastet, zanjir yoki shu kabi sovuq qurol olishi mumkin ekan. 23 foizi o‘zi yasagan maxsus moslamadan foydalanishni a’lo ko‘rar ekan. Mana shu nuqtaga e’tibor beraylik. Birinchi toifa qo‘liga nima tushsa shuni ishlatadi. Ikkinchi toifa esa maxsus moslama yasab tayyorlanyapti. Birinchi toifa quroldan foydalanmasligi ham mumkin. Ikkinchisi albatta ishlatadi. 10 foiz bola gazli ballonchalarni, 6 foizi to‘pponcha yoki qirqma miltiqni, 4 foizi portlovchi biron moddani ma’qul ko‘rdi. Bu raqamlar bekorga keltirilmayapti. Diqqat qiling: ular shunchaki mushtlashuvni nazarda tutishmayapti. Bu mushtlashuv bolalarning bezoriligi ham emas. Bu raqamlarning ortida zulm sharbatidan mast jinoyatchilar turibdi. Qamoqda o‘tirgan yerida qurol ishlatishni ma’qul ko‘rayotgan o‘smir ozodlikka chiqib, xayolini amalga oshirmaydi, deb kim kafolat bera oladi?
Jinoyati uchun jazoga hukm qilinganlarning barchasi aralash tarzda bitta koloniyaga yuborilmaydi. Maydaroq jinoyatlar uchun alohida, jiddiyroqlari uchun boshqa koloniya mavjud. Lekin bu ham koloniyadagi tabaqalanishning oldini ololmaydi. Har ikkovida ham «zo‘r»larning tabaqasi boshqalarga ta’sir o‘tkazaveradi. Tutqunlikdagi bolalarning yoshlari ham tabaqalanishga ta’sirini o‘tkazadi. Tabiiy-ki, 14-15 yoshdagi bolalar «zo‘r»lik shohsupasiga da’vo qilolmaydilar. Aksincha, yoshi kichik bo‘lgani sayin yuqoridan tazyiq kuchayib boraveradi. Huquq ilmida qayta-qayta qamaluvchilarni «retsidivist» deb ataydilar. Siz ehtimol retsidivistlik kattalarga hos, dersiz? Ha, bizga shunday tuyuladi. Ammo afsuslar bo‘lsinkim, bu hol o‘smirlar orasida ham uchrab turadi. Koloniyada o‘tirgan retsidivistlarning yarmidan ko‘pi birinchi marta 14-15 yoshida qamalgan. 10-14 foizi esa 16-17 yoshida qamalgan. Holbuki, 16-17 yoshlilar 14-15 yoshlilardan ko‘proq qamalishadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:46:33

Koloniyada tarbiyachi-zobitlarga mushkullik tug‘diruvchi yana bir narsa - bundagilarning har biri o‘zicha bir olam. Ruhiy holati jihatidan bir-biriga yaqinlashmaydi. Ozodlikda bir sinfda o‘qiydigan bolalarning dunyoni anglash masalasida bir-biriga yaqinligi mavjud bo‘ladi. Chunki ko‘p yillar davomida ular bir muhitda tarbiyalanadilar. Tutqunlikda esa o‘zgacha holatni kuzatamiz. Misol uchun qotillarni olib ko‘raylik: huquq nuqtai nazaridan ularning nomlari bir - qotil. Ammo qotillik sabablari va bajarish usullari har hil bo‘lganidek, jazo paytidagi ularning ruhiy holatlari, pushaymonlik darajalari ham turlichadir. Avvalroq hikoya qilganimiz, xorij kinolarini ko‘p ko‘rish ta’sirida onasi va akalarini o‘ldirgan o‘smirni eslaylik. Endi uning yonidagi yana bir qotilni ko‘z oldimizga keltiraylik. Bu bolani ko‘chaning «zo‘r»laridan ikkitasi uzoq vaqt qiynagan. Oxiri uni quvib kelib uyiga bostirib kirgan. Shunda farzandini himoya qilmoqchi bo‘lgan otani ham kaltaklashgan. Bu xo‘rlikka chiday olmagan bola oshxonadan pichoq ko‘tarib chiqib «zo‘r»larga tashlangan. Ularning biri bolaning ko‘z oldida jon taslim qilgan, ikkinchisi kasalxonda o‘lgan. Bola ehtiyot chorasini meyordan oshirib yuborgani uchun qamalgan. Ana endi har ikkala qotilning kundalik turmushini his qilishga urinib ko‘ring. Ikkalasi ikki olam emasmi? Siz aytishingiz mumkinki, birinchi bola tuzalmaydi, ozodlikka chiqqanidan keyin ham qonsirab odam o‘ldiraveradi. Bu gumoningizda ehtimol jon bordir. Lekin bu o‘rinda ham umiddan cheklanmaslik kerak. To‘g‘ri, dastlabki kunlari bola qanday mudhish jinoyat qilib qo‘yganini yetarli idrok eta olmadi. Lekin vaqt o‘tib, hushi o‘ziga kelishi mumkin-ku? Pushaymon olovida kuyishi mumkin-ku? Ikkinchi bolaning afsusli kunlarini bayon etmasak ham bo‘lar. Biz boshqa narsadan havotirdamiz: o‘z saflarini yoshlar hisobiga to‘latib boruvchi jinoyat olami bularning qaysi birini o‘z bag‘riga tortishga urinar ekan?

Qayd etilgan