Bilmayin bosdim tikonni - tortadirman jabrini,
Bilsam erdim, bosmas erdim, tortmas edim jabrini...
Bu - qalb nolasi, kechikib ochilgan ongning qayg‘uli faryodi. Endi buning qanchalar foydasi bor, Xudo biladi.
Bundagi tarbiyachilar turli usullar va uslublar bilan bolalarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llashga urinadilar. Biz ularning ishlarini tahlil etib, tanqid qilish fikridan uzoqmiz. Ammo haqiqat shuki, bundagi qayta tarbiyaning oqibati jamiyat kutgan darajada bo‘lmayapti.
Roviylar derlarkim: «Bir yigitcha o‘g‘rilik hunarini egallamoqchi bo‘libdi. Unga: «Eng zo‘r va mahoratli o‘g‘ri Bag‘dodda yashaydi, borib, o‘shanga shogird tush», deb maslahat beribdilar. Yigitcha maslahatga amal qilib, Bag‘dod shahriga boribdi, mashhur o‘g‘rini topib, muddaosini aytibdi. O‘g‘ri mamnuniyat bilan uni kutib olib, mehmon qilmoqchi bo‘libdi. Yigitcha taomga o‘ng qo‘lini uzatishi bilan, bilagiga urib: «Ovqatni chap qo‘ling bilan yeysan!»- deb buyuribdi. Yigitcha buyruqqa itoat etmoqchi bo‘libdi-yu, ammo chap qo‘lda taom yemoqlikning ilojini qilolmabdi. Oxiri: «Ustoz, men uzoq yo‘l yurib keldim, toliqdim, ochman. Chap qo‘lda yegin, deb meni qiynamang»,- deb yolboribdi. Shunda ustoz bo‘lmish o‘g‘ri debdi-ki: «Taomni faqat va faqat chap qo‘lda yeysan. O‘g‘ri bo‘lmoqlikning birinchi sharti - shudir. Sababki, o‘g‘irlik qilib yurib, qachondir tuzoqqa tushishing tayin. Ana shunda sening o‘ng qo‘lingni kesadilar. O‘ng qo‘ldan ajralganingda chap qo‘lda ovqat yeyishga qiynalmaysan.» Bu gapni eshitgan yigitchaning ko‘z oldiga kesilgan qo‘li kelib, o‘g‘rilik hunarini olmoqlik orzusidan voz kechgan ekan.» Mazkur rivoyat har qancha ibratli bo‘lmasin, qamoqdagi bolaga yetarli ta’sir eta oladi, deya olmaymiz. Bag‘dodlik ustoz bir-ikki hunarni o‘rgatib, bir-ikki o‘g‘irlikka olib borgandan keyin chap qo‘lda taom yemoqlik shartini aytganida o‘sha yigitcha ham orzusidan qaytmagan bo‘lardi.