Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90441 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 21:46:48

Koloniyada o‘g‘irlik bilan qamalganlarni ko‘proq uchratish mumkin. Retsidivistlarning ko‘proq qismini ham aynan o‘g‘rilar tashkil etishadi. Shu bois o‘g‘ri-o‘smirlarga xos ayrim jihatlarga e’tiboringizni tortamiz. Avvalo ta’kid joizki, o‘g‘rilikning barchasi ham ochilavermaydi. Buning sababi: o‘g‘rilik hunari ibtidoiy ko‘rinishdan chiqib, mukammallik darajasiga ko‘tarildi. O‘g‘rilar militsiyani chalg‘itishning ko‘p usullarini egallaganlar. Ikkinchi sababi: militsiya xodimlari mayda o‘g‘irliklarni ochishga unchalik rag‘bat bildirmaydilar. Da’voimizning isboti uchun ikki misol keltiramiz: mehmonlar bilan muzeyga kirib ketdig-u, buyumlar mashinada qolaverdi. Haydovchi ham muzeyga qiziqib kiribdi-yu, eshikni ochiq qoldiribdi. Oqibat ma’lum: kimningdir sumkaga ko‘zi tushgan-u, eshikni ochib xotirjamlik bilan olib ketavergan. Gavjum ko‘cha, birov ko‘rgan, birov ko‘rmagan. Mehmon huzurida hijolat bo‘lib militsiya chaqirildi. Militsiya birinchi navbatda haydovchini burovga oldi. Mehmon kuzatib yuborilgach, militsiya noziri «o‘g‘rini topaylikmi?»- deb so‘radi. (Savolning ajabtovurligini qarang!) Da’vogar tomon «Topa olasizmi?» - deb so‘rab, ochiqchasiga «yo‘q»- degan javob oldi-yu, ularni bezovta qilgani uchun uzr so‘rab da’vosidan voz kechuvchi arizani yozib berdi. Ikkinchi holatda mashina yukxonasi ochilib, diplomat o‘g‘irlangan. Uni ko‘rganlar bor. Da’vogarning o‘zi o‘g‘rilarning sherigini ko‘rsatib bergan. Uning aytishicha, mashinani qo‘yib qulflayotgan paytda bir bola «zira oling, amaki», deb kelgan. Shu bahonada mashinani kuzatgan. Haydovchi shu bolani nazoratga olishni iltimos qildi. Ammo uning gumoniga e’tibor berilmadi. Oradan bir oy o‘tgach, tergovchidan maktub oldi. Unda aytilishicha, avfi umumiy xususidagi qarorga binoan o‘g‘irlikka doir jinoiy ish to‘xtatilgan ekan. O‘smirlar orasida o‘g‘irlikning kamaymayotganiga yana qanday sabab izlash kerak? O‘rni kelganda aytish joizki, o‘n yil avval yurtimizda mashina o‘g‘irligi avj olgan edi. Bu jinoyat uchun jazo kuchaytirilgach va militsiya xodimlarining harakatlari sezilarli jonlangach, ijobiy natijaga erishildi. Bunday jinoyatlar eng past darajaga tushdi. Keyingi paytda jazo yumshatilgach, jinoyatning bu olamida yana jonlanish sezildi. Jazoni liberallashtirish haqida gapirganimizda masalaning bu tomonini ham o‘ylab ko‘rishimiz kerakmikin?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:46:59

Endi avvalgi masalamizga qaytsak, tutqundagi o‘g‘rilarning biz o‘rgangan paytdagi 39,6 foizi bittagina o‘g‘irligi uchun qamalgan ekan. Umumiy hisobda olinganda esa o‘smirlarning 60 foizi to‘da bo‘lib ish ko‘rganlar. Bir necha o‘g‘irlikni bo‘yniga olganlarning ma’lumotiga ko‘ra, ularning 7,5 foizi haftada ikki-uch marta o‘g‘irlik qilgan. 17 foizi oyda ikki-to‘rt marta, 20,7 foizi esa uch oyda to‘qqiz-o‘n marta «ov»ga chiqqan. O‘smirlarga xos o‘g‘irlikning kattalarnikidan farqli tomoni shundaki, ularning harakati maxsuslashmagan bo‘ladi. Boshqacharoq aytsak, tasodiflardan foydalanishga harakat qilishadi. Masalan, qaerningdir eshigi ochiq qolgan, kimdir pulini yashirgan joyini oshkor qilib qo‘ygan yoki avtomashina qarovsiz qolgan... Mashina ichidagi qimmatbaho buyumni ko‘rgan bola tosh bilan oynakni urib sindiradi-yu, oladi, ketadi. Jiddiyroq o‘g‘irlikka jur’ati yoki malakasi yetishmaydi. Biron muassasaga tushish uchun signalizatsiyani bartaraf etish zarur, yo‘l-yo‘riqni puxta o‘rganish kerak. Undan tashqari o‘g‘irlangan molni sotish muammosi ham bor. O‘g‘irlangan velosipedmi yo radioga doir asbob uskunami, oziq-ovqatmi, bularni sotish qiyin emas. O‘smirlar o‘g‘irlangan molni tezroq sotishga urinib uni juda arzon-garovga pullaydilar. Tijorat ahli o‘smirlardan mol sotib olayotganda kimlar bilan savdo qilayotganini biladi. Ammo ko‘zini chirt yumib, huddi halol topilgan molni olayotganday bo‘ladi. Militsiya iziga tushsa «o‘laman, sattor, o‘g‘irlanganini bilmas edim», deb tonadi. Gap savdoga taqalganida bir masalani ko‘ndalang qo‘ymasak bo‘lmas: «bola va savdo», «savdoning bola tarbiyasiga salbiy ta’siri», degan muammoni jamiyat hal qilishi kerakmi yo yo‘qmi? Avvallari bu masalaga jiddiy qaralardi. Rivojlangan mamlakatlarda hozir ham jiddiy munosabatda bo‘linadi. Balog‘atga yetmaganlar savdo ishiga qo‘yilmaydi. Bizda esa bu to‘g‘on buzilib ketdi. Bolalarni hamma yerda, katta bozordami yo kichikroq do‘konchadami ko‘rish mumkin. Ular uchun kunduz va kechning ham farqi yo‘q. O‘n uch- o‘n to‘rt yoshli bolalarni aroq yoki sigaret sotayotganlarini ko‘rib ajablanmaymiz-u, ammo «falonchining o‘n uch yashar o‘g‘li qoradori sotayotganida qo‘lga tushibdi», degan xabarni eshitsak lol qolamiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:47:23

Qamoqqa tushgan o‘smirlarning ko‘p qismi adashganini, jinoyatiga yarasha jazo olayotganini anglab yetadi, bu yerdan qutilib ketish kunini orziqib kutadi. Ma’lum bir qismi esa bu yerga tushib qolishga o‘zini sababchi qilmaydi, o‘g‘ri to‘dasining boshlig‘ini yoki boshqa bir a’zosini qoralaydi. Bu yerdan qutilib chiqqach, ishni pishiqroq qilish, ya’ni durustroq to‘daga qo‘shilishni rejalashtiradi. Ba’zan shu yerning o‘zidayoq ishonchli «zo‘r»ni ko‘rsa, uning etagini tutadi. Shu nuqtada «zo‘r»lar bilan ularning manfaati birlashadi. Qo‘lga tushgunicha kattalarning to‘dasida dastyorlik qilgan, bu yerda esa «zo‘r»lardan biriga aylangan yigit kelajagini o‘ylab atrofiga ishonchli bolalarni to‘plashga intiladi.
Bir o‘smir mastlikda ketaturib do‘koncha oynagini sindiradi-yu, qimmatbaho molni olib ketayotganida qo‘lga tushadi. Yangi o‘g‘riboshi bunaqalarga uncha qiziqmaydi. Bundaylarni shu yerning o‘zida ishlatishi mumkin. Bir yigitcha puli bo‘lmagani tufayli do‘kondordan qarzga bir quti sigaret so‘raydi. Iltimosiga javoban haqorat eshitgach, kechasi o‘rtog‘i bilan kelib do‘konni talaydi. Izni berkitish maqsadida bir kechaning o‘zida yana ikki do‘konchani talaydi. Bo‘lajak o‘g‘riboshi «zo‘r»larga mana shunaqalari kerak
Hozirgi kunda barcha sohalarda isloh ketayotganini nazarda tutib, bu yo‘nalishda ham jiddiy islohotlar zarurligini ta’kid etmoqchimiz. Bu soha hamisha mutahassis olimlar nazoratida bo‘lmog‘i va ish uslublari zamonga qarab o‘zgarib bormog‘i shart. O‘n besh-yigirma yil avvalgi o‘smir-o‘g‘ri bilan bugungisining orasida osmon bilan yercha farq bor. Bugun ehtimol katta-katta koloniyalardan voz kechish maqsadga muvofiq bo‘lar. Buning o‘rniga har viloyatda, ehtimol har vohada kichikroqlarining bo‘lgani durustdir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:47:43

O‘smirlarning ota-onalari va yaqinlari bilan ko‘rishib turish imtiyozlarini kengaytirish balki yaxshi samara berar. Balki sinfdoshlarining kelishini tashkil etishda ma’no bordir? Ruhiy tomondan doimiy ravishda tajribalar o‘tkazilib turilishi, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yilishidan bo‘ladigan foydani hech kim inkor etmasa kerak. Bizningcha, bu yerda shunchaki «tarbiyachi-zobit»lar emas, ilmiy tadqiqotga moyilligi bor kishilar ko‘proq ishlagani ma’qul. Chunki u koloniya ostonasini hatlab kirib kelgan o‘smirni nazorat qilinuvchi shaxs deb emas, tarbiyaga va shafqatga muhtoj inson, deb qabul qilib olishi kerak. Tarbiyachi-zobitlar tarbiyalanuvchi o‘smirni jinoiy ishda bayon etilgan ma’lumotlar asosida biladilar. Biz ularning ishlarida nafi tegar, degan umidda bir-ikki taklifni aytmoqchimiz:
Har bir tarbiyachi-zobit tarbiyasidagi o‘smir haqida mana bu ma’lumotlarni so‘rab, bilib, aniqlab olsa yaxshiroq bo‘lardi:
*Koloniyaga tushguniga qadar qanday sharoitda yashadi va tarbiya ko‘rdi? Ota-onalari bormi, ular qanday yumushlar bilan bandlar? Oilada yana boshqa farzand bormi? Oilada sudlanib, qamalganlar bo‘lganmi? Ruhiy xastalar yoki mayxo‘rlar mavjudmi?
*Oilaning moddiy ahvoli qanday?
*O‘smirning qamalguniga qadar o‘qishga yoki ishga bo‘lgan munosabati.
*Bundan avval qamalganmi, militsiya ro‘yxatida turganmi, axloqi jamoatchilikda muhokama qilinganmi, mayda jinoyati uchun jazo olganmi, mayxo‘rligi tufayli xushyorxonaga tushganmi?
*Uni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun qanday choralar qo‘llanilgan, bu choralar nima uchun ijobiy natija bermagan?
*Jinoyat sodir etishiga qanday sharoit turtki bo‘ldi?
*Jinoyat ko‘chasiga kirib qolgunicha qilgan ayblari uchun ko‘rilgan chora nima uchun unga ta’sir qilmadi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:47:56

*U hayotdagi o‘rnini to‘g‘ri ko‘ra oladimi, o‘z kuchiga to‘g‘ri baho beradimi, insonning mehnat qilishi lozimligini to‘g‘ri anglaydimi?
*U biron hunarga qiziqadimi, shu hunar tufayli tirikchilik qila olishiga ishonadimi?
*Madaniy va ma’naviy saviyani oshirish, deganda nimani tushunadi. O‘zining saviyasini oshirishga intilishi bormi? O‘qishga qiziqishi-chi? O‘qib, yuqori martabalarga erishmog‘iga ishonadimi?
*Irodasi qay darajada? Fe’l-atvori boshqalarnikidan qaysi jihatlari bilan farqlanadi?
*U nimalarga ko‘proq qiziqadi? Uning qiziqishi jamiyat manfaatiga zid emasmi?
*Unda qanday qobiliyat mavjud?
*Do‘stlikni qanday tushunadi? Kim bilun o‘rtog‘-u, kim bilan yov?
*Koloniyaga, o‘zining bo‘linmasiga munosabati qanday?
*Atrofidagilarning muvaffaqiyatidan quvonadimi?
Tarbiyalanuvchi o‘smirning boshqalar haqidagi fikrini bilishda juda va juda ehtiyotikor bo‘lish talab qilinadi. Buni ular chaqimchilik o‘rnida qabul qilishlari ham mumkin. Tutqunlikda esa chaqimchilikning kechirilishi qiyin.
Sovet jamiyatining so‘nggi o‘n yilligida bolalar koloniyasi ostonasini 1,2-1,5 million o‘smir bosib o‘tgan edi. Shu dalilning o‘ziyoq jamiyat yaralarining yiringlab ketganini ko‘rsatib turibdi. Bolalarni ayovsiz ravishda qamashdan qaytmagan jamiyatning ahvoli bu bo‘ldi.
Koloniya jazo maskanimi yo tarbiya o‘chog‘imi, degan savolga darrov javob qaytarishga urinmaylik. Nima bo‘lganda ham u yerda g‘oyat ziyraklik zarur. Agar o‘smirni qamamay tarbiyalashning imkoni bo‘lsa, shu imkoniyatdan foydalanish zarur. Bu fikr nazariy jihatdan qaralsa, to‘g‘ri, ammo amaliyotchilar buni qabul qilishlari qiyin. Demak, o‘rta yo‘lni topishimiz kerak bo‘ladi. Ehtimol fanning bu sohasida yangi yo‘nalish ochishning fursati yetilgandir? Fanda «biofizika», «biokimyo» kabi qo‘shma yo‘nalishlar mavjud. Balki huquq ilmi bilan ruhshunoslik ilmi ham bir nuqtada birlashar? «Huquqshunos-ruhshunos» fani qad rostlasa bolalar jinoyatchiligiga doir ko‘p masalalar ilmiy jihatdan hal bo‘lar?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:48:27

ASSALOM, OZODLIK...
YOXUD ISHONCHSIZLIK DUNYOSI


Uzoq vaqt to‘shakka mixlanib yotgan bemor, shifo nishonasi sezilsa ham darrov oyoqqa turib ketolmaydi. Ayrimlarini xuddi go‘dakligidagi kabi atak-chechak bilan yurishga o‘rgatiladi. Qamoqdan chiqib kelgan bolaning ruhiy ahvoli ham shunga o‘xshash bo‘ladi. U necha yil o‘tirganidan qat’iy nazar, ozodlikdagi hayot tarzidan ancha uzoqlashgan bo‘ladi. Uning suhbatlashishdagi qo‘polligi, noo‘rin so‘zlarni ko‘p ishlatishi, ovqatlanishdagi shoshishi, atrofidagilarga gumonsirab boqishlari - bular boshqalar ham sezishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlardir. Ularning ichki tuyg‘ulari - o‘zgalar uchun yopiq qasrdir. Qamoqdan qutilib chiqqan o‘smir umid qilgani - ozodlikda o‘zini noqulay xis qila boshlaydi. Hatto ota-onasi yaqinlari bilan suhbatlashishdan lazzat olmaydi. Balki o‘rganib qolgani jinoyat olamining fuqarolari bilan gaplashib o‘tirishni qo‘msaydi. Uyidagilar davrasida xomush o‘tirgan chog‘ida qamalib chiqqan biron odam yo‘qlab kelsa, uning chehrasi ochiladi. O‘sha odam bilan suhbatlashishni istaydi. Uning bu holatini qamoqqa qaytish ilinji bor ekan, deb baholamaslik kerak. Zero, ayrim o‘smirlarni aynan shu qo‘msash jinoyat olamiga qaytaradi. Shu o‘rinda mantiqsizlik borday ko‘rinadi: o‘smir tutqunlik davrida ozodlikka intildi, koloniyadagi tartiblardan bezdi. Endi o‘tmishni qo‘msashini nima deb asoslash mumkin? Qamoqda o‘tgan oylar, yillar begonalar bilan yaqinlashtirdi, ayni choqda esa yaqinlaridan uzoqlashtirdi.
Agar bola o‘g‘irligi uchun qamalib chiqqan bo‘lsa, undan hadiksirash boshlanadi. Qarindoshlarinikiga borsa «biron narsani o‘marib ketmasin», deb izidan ko‘z uzishmaydi. Militsiya ham uning tavbasiga ishonmay, nazoratini susaytirmaydi. Bola koloniya tutqunligidan ozod bo‘lsa-da, har tomonlama nazorat tutqunligida qolib asabiylasha boshlaydi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, qamoqdan chiqqan o‘smirni jamiyat quchoq ochib kutib olmaydi. Aksincha jinoyat olami quvonib qarshilaydi. Kerakli narsalar, xususan mablag‘ bilan ta’minlaydi. Oqibatda to‘g‘ri yashash istagida chiqqanlarning ayrimlari tavbalarini unutadilar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:48:38

Qamalib chiqqanlarni birov ishga qabul qila qolmaydi. Ular avvalgi ishlariga ham qaytolmaydilar. Kompyuter o‘yinxonasining boshlig‘i shunday bolani ishga qaytib olmadi. «Komyuterlarim o‘g‘irlansa kim to‘laydi?» dedi. Moddiy tomondan qaralsa, u haq. Lekin uni ma’naviy tomon mutlaqo qiziqtirmaydi. Qamalib chiqqan bola undan o‘ch olish uchun ham o‘yinxonasini o‘marib ketishi mumkinligini o‘ylamaydi.
Ch. ismli o‘smir bezoriligi uchun ushlanib, qamalishi lozim bo‘lganida u ishlaydigan korxona o‘rtaga tushib, kafillikka oladi. Bu albatta, olijanoblik belgisi. Ammo kafillikka olish - qamoqdan qutqarib qolishgina emas. Korxonaning kafillikka olgani - shu yigitchani o‘zimiz tarbiya qilamiz, degan va’dani anglatadi. Ch. qamoqdan qutilib qolgach, ikki oydan so‘ng ishdan bo‘shab ketadi. Korxona uni olib qolishga harakat ham qilmaydi. Kafillikka olishga olib qo‘yib, keyin «bitta bezoridan qutulsak qutulibmizda», deydi. «Kishini mehnat tarbiyalaydi», deymiz. Bu haqiqatni inkor etmaymiz. Ammo har qancha ishlashga majbur qiling, agar ma’naviy kamolot masalasi hal etilmasa, bu zo‘raki mehnat ijobiy samara bermaydi. Korxonada ma’naviy kamolot masalasi bilan shug‘ullanuvchi odam yo‘q edi. Ch.dan ertadan kechgacha dastgoh yonidan jilmay ishlashni talab etishdi. Kunda necha martalab uni qamoqdan olib qolishganini ta’na qilishdi. Ch. bu yerdan ketdi-yu, ozod qushga aylandi va nodon qush kabi yana tuzoqqa ilindi. U bir yarim yil koloniyada o‘tirib, yaxshi xulqi uchun muddatidan ilgari ozod qilindi. Avval ishlagan joyiga qaytmoqchi bo‘ldi. Olishmadi. Qamoqdagi «zo‘r»larning tavsiyasi bilan kattalar to‘dasi uni bag‘riga oldi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:57:26

K.ning taqdiri o‘zgacharoq bo‘ldi. U qamoqdan chiqib ota-onasi yoniga qaytmay, shaharda yashaydigan buvisinikiga keladi. Shu yerda yashab, to‘g‘ri yo‘lga tushishni niyat qiladi. Ammo ishga joylashishga ulgurmay buvisi vafot etadi. Uyni nabirasi nomiga vasiyat qilgan bo‘lsa-da, K. shahar ro‘yxatiga(propiskasiga) olinmaydi. Bu degani uni birov ishga ham ololmaydi. Oqibat K. ham jinoiy to‘dadan panoh topadi.
Qamalganlarning aksari ishdan yoki o‘qishdan haydalishgan bo‘lishadi. Korxona va muassasalar 18 yoshga to‘lmagan o‘smirni o‘z xohishicha ishdan bo‘shatishga haqli emaslar. Ular bunday hol yuzaga kelganda voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari bilan maslahatlashgan holda ma’lum bir qarorni qabul qilishlari kerak. Bu o‘rinda qonunni buzsalar-da, hech kim ularga biron chora ko‘rmaydi. Xatto sudda «shu o‘smir ishdan haydalib ko‘chada qolgani uchun jinoyat qildi», degan gapni eshitmaymiz. Aksincha uni shaxsini aniqlash jarayonida «yomonligi uchun ishdan ham haydalgan», deb ta’kid etiladi. «Bola yomon ekan, uni yaxshi toonga burish uchun qanday chora ko‘rildi?» degan savol kun tartibiga qo‘yilmaydi.
Ayrim yillardagi kuzatuvlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, qamalganlarning 53-60 foizi jinoyat bilan qo‘lga olinguniga qadar biron yerda ishlagan, 35-40 foizi esa o‘qigan. 5-6 foizi hech qaerda ishlamagan, o‘qimagan. Demak, ishlagan va o‘qiganlar qamoqdan chiqib boradigan joylari tayin. Ammo... Hamma balo shu «ammo»da. Qamoqdan chiqqanlarning 10-15 foizi yarim yil orasida yana jinoyat bilan sudlanishining sababi ham o‘sha «ammo»da.
Qamoqdan chiqqan o‘smirlarni kattalarning pishib-etilgan to‘dasi ehtiyotlik bilan qatoriga oladi. Ularga jiddiy ish topshirilmaydi. Ularga asosan dastyorlikni topshirishadi. Chunki ular o‘smirlar bilan ishlashning xatarli ekanini bilishadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:57:46

O‘smirlarni qatoriga bemalol tortaverishi mumkin bo‘lgan to‘dalar asosan 20-25 yoshdagilar bo‘lishadi. Yoki jinoyat olamida ishi yurishmagan yakka shaxslar ham o‘zlariga tortishga urinadilar. O‘smirlarni jinoyatga tortish qonun yo‘li bilan jazolanadi. Lekin ularni jazoga tortish oson ish emas. Z. ismli bola taksi yollab, ovloqroq yerga borganda haydovchining boshiga bolg‘a bilan urib behush qiladi-yu, pulini o‘marib, qochadi. Buni bola o‘z tashabbusi bilan qilgan ham bo‘lishi mumkin. Lekin ayni holatda unga qo‘shni uyda turuvchi S. ismli aroqxo‘r yo‘l-yo‘riq o‘rgatgan. Ammo bu aybni u bo‘yniga olmaydi. Militsiya esa oqilona yo‘l tutib, Z.ni ham qo‘yib yuboradi. Oradan vaqt o‘tib, «ustoz-shogird» do‘kon qulfini buzishayotganida birgalikda qo‘lga olinadilar.
Jamiyatdan mehribonlik ko‘rmagan o‘smirlarning ayrimlari 2-3 yoki 4-5 kishi bo‘lib o‘zlaricha to‘da tuzishlari ham mumkin. Lekin bu to‘dalarning umri uzoq bo‘lmaydi. Tez orada qamoqqa qaytish bilan yakunlanadi. Qamoqdan keyingi chiqishida qanday dunyoqarashga ega bo‘lishini aytish shartmikin?
Demoqchimizki, bo‘ysunmas bolalarni jinoyat jari yoqasida tutib qolish uchun qanchalik ziyraklik, mehr-shafqat, donolik zarur bo‘lsa, qamoqdan chiqqanlar uchun bu e’tibor ikki karra zarurroqdir. Shuni nazarda tutib bir taklifni o‘rtaga qo‘ymoqchimiz:
Qamoqqa tushgan o‘smirlar va ozodlikka chiqarilganlar bilan ish yurituvchi bir xayriya jamg‘armasi tuzilsa. (Ehtimol uning nomi «Shafqat» bo‘lar?) Jamg‘arma bolani qamoqqa tushgan onidan boshlab nazoratiga olsa. Ya’ni vaqti-vaqti bilan undan xabardor bo‘lib tursa. Lozim bo‘lganida koloniya ma’muriyati oldida uning huquqini himoya qilsa. Agar bolaning ota-onasi yordamga muhtoj bo‘lsa, ularga ham ko‘mak berib tursa. Xullas, tutqun o‘smir o‘z atrofida mehribonlar borligini, ozodlikka chiqsa xor bo‘lmasligini xis qilib tursa. Jamg‘arma faollari uni qamoqdan chiqib kelishidan kutib olishsa. Ozodlikdagi hujjatlarini rasmiylashtirishni tezlatishga yordam berishsa. Xullas, barcha sohada uning huquqlarini himoya etsa. To ishga joylashib, o‘zini o‘nglab olguniga qadar moddiy jihatdan ham ko‘maklashib tursa. Xullas, adashgan o‘smirning hayotdagi o‘z o‘rnini topishi uchun nimaiki zarur bo‘lsa, shu ishlarga mas’ul bo‘lsa, qamoqxonaga qaytarib boradigan yo‘llar tamoman berkilarmidi...

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:58:03

Qamoqdan chiqib kelgan o‘smirning ko‘ngli o‘ksik ekanini zinhor unutmasligimiz kerak. Ko‘ngli cho‘kkan odamning ko‘nglini ko‘tarmoqlik, savob deydilar. Hazrat Navoiy buning savobini buzilib yotgan Ka’bani obod qilish martabasiga tenglashtiradilar. Deydilarkim:
Kimki, bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay
Onchi borki, Ka’ba vayron ersa obod aylagay.
Va nihoyat:
Va nihoyat, fikrlarimizni xulosalash fursati yetdi.
Avvalo fikrlarni bayon etmog‘imizda kuch-quvvat bergan, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan robbimiz Ollohga shukrlar qilamiz. Biron yerda adashgan bo‘lsak tavba qilamiz va siz azizlardan, ham uzr so‘raymiz. Vaqtingizni ayamay biz bilan muhim bir masalada hamsuhbat bo‘lganingiz uchun rahmatlar aytamiz. Olloh to qiyomatga qadar zurriyodlaringizni jinoyat olami balolaridan asrasin.
Hazrat Navoiy degan ekanlarkim:
Kimsa ming yil komronlik qilsa bilkim, arzimas
Dahr aro bir lahza bo‘lmoqqa birov komi bila.
(Aytilmoqchikim, ming yil murodu maqsadingga yetib shodu xurramlikda yashaganing o‘zgalarni murodiga yetkazmakka sarf etgan bir lahza umringga arzimaydi.)

Qayd etilgan