Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90465 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 20:36:29

Yangi jamiyatga o‘tar chog‘idagi qiyinchiliklar sabab bo‘lib, yurtimizda avvaliga bu masalada ilgarilash yetarli bo‘lmadi. Keyingi yillarda bu kamchiliklarga barham berilyapti. Ayniqsa bolalar va o‘smirlarni sportga jalb etishga berilayotgan e’tiborni sobiq ittifoq hududidagi hech bir mamlakatda uchratmaymiz. Shunga qaramasdan bo‘sh vaqtga doir masalalarda qilinadigan ishlar ko‘p. Shu masalalarni hal qilish uchun ham «Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi» tuzildi. Mazkur jamg‘arma Homiylik kengashining Oqsaroyda bo‘lgan majlisida (2003 yilning 4 iyun kuni) ta’kidlanishicha, Respublikada 6 million 528 ming nafar olti yoshdan o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan bola bor. Jamg‘arma raisi A.Mirqosimovning axboroticha, ana shu bolalarning 432 ming nafari, ya’ni 6,7 foizigina sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Xalq ta’limi vaziri R.Jo‘raevning ma’lumotiga ko‘ra esa 26 foiz bola shug‘ullanarkan. Oddiy hisobdan xabardor odam ham bu raqamning to‘qima ekanini anglab olishi qiyin emas. Chunki bir yarim milliondan oshiq bolaning muntazam sport bilan shug‘ullanishini tasavvur qilish qiyin. Bunday raqam rivojlangan mamlakatlarda ham yuqori ko‘rsatgich hisoblansa kerak. Yana respublikamizdagi mavjud sport inshootlaridan 30-40 foizigina ishlayotgani hisobga olinsa davlat rahbarining tashvishlarini anglash mumkin. Ikki rahbarning axborotidagi ikki xil manzaraga e’tibor qaratgan Respublika Prezidentining tanbehlari g‘oyat o‘rinli: «Gap raqamlarda emas. Asosiysi, bu raqamlar, ko‘rsatgichlarning bugun qilayotgan ishimizga qarab ertaga o‘sishi, o‘zgarishidir. Xo‘jako‘rsinga raqambozlik qilishdan ko‘ra, sog‘lom avlod tarbiyasi muhim ekanini unutmaylik. Bu boradagi barcha ishlarimiz mavsumiy emas, davomli, chuqur o‘ylangan bo‘lmog‘i darkor. («Ma’rifat» gazetasi, 7 iyun)

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:36:44

Tadqiqotimiz davomida bir qancha to‘garaklarning ishlari bilan qiziqdik. Ro‘yxat daftari havasni keltiradi. Agar shu ro‘yxatga ishonilsa, to‘garak bola bilan to‘la. Aslida esa ro‘yxatdagilarning yarmisi ham yo‘q. «Bolalar biron sabab bilan kelmagandir», deb o‘ylagan edik. Biroq to‘garak rahbarlari ularning oxirgi marta qachon ko‘rganlarini eslay olmadilar. Biz «bolalar ro‘yxatga atay qo‘shib yozilgan, bunday bola umuman bu yerga qadam bosmagan»,- degan da’vodan uzoqmiz. Gap shundaki, rasm to‘garagigami yo boksgami o‘sha bolalar kelishgan, biroq uch-to‘rt marta qatnashib tashlab ketishgan. Sabab?
1. To‘garak ishi uchun zarur sharoit yo‘qdir.
2. Bolaga yetarli e’tibor berilmagandir.
3. To‘garak rahbari boladagi qiziqish cho‘g‘ini alangaga aylantira olmagandir.
4.To‘garak rahbari o‘zining noto‘g‘ri muomalasi bilan bolani bezdirib qo‘ygandir.
Bu o‘rinda asosiy aybdor o‘sha to‘garak rahbari, desak, yanglishmaymiz. To‘garak rahbari yaxshi rassom yoki yaxshi bokschidir. Lekin unda bu ishda g‘oyat muhim hisoblanmish tarbiyachilik iqtidori yo‘qdir. San’atga yoki sportga mehri a’lodir, biroq, bolalarga mehri sayozdir. Boshqa ish yo‘qligidan shu to‘garakka kelgandir. Bunday odamlarni o‘z sohalaridagi yuksak mahoratlaridan qat’i nazar, bolalar bilan ishlashga jalb etmagan ma’qulroq. Vaqtida chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan, endi trenerlikni kasb etgan odam agar sabrli bo‘lmasa, bolalarga xos fe’l-atvorni bilmasa, bolalar ruhiyatini anglay olmasa, bolalardagi qaysarlik kabi illatlarga chidami yetmasa bu sohada ishlay olmaydi. Bolaga katta talab qo‘yadi. Bola bajara olmasa, baqiradi, haqorat qiladi. Oqibat esa ayon. Ba’zan esa bolani to‘garakdan rahbarlarning o‘zlari haydab yuboradilar. Bu ishlari uchun hech kimga hisobot bermaydilar. Chunki bola haydalgani bilan ro‘yxatda ishtirokchi sifatida turaveradi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:36:57

Maktab bola har qancha yomon bo‘lmasin, uni hayday olmaydi. Chunki majburiy ta’lim haqida qonun bor, bola haydalsa qonun buziladi. Bu qonun to‘garakka taaluqli emas. Haydasa bo‘laveradi. Maktab bolaning ota-onasi bilan doimiy aloqada. Bolaning axloqi masalasida otani yoki onani tez-tez yo‘qlab turadi. Maktabda «Ota-onalar qo‘mitasi», «ota-onalar majlisi» degan gaplar bor. To‘garakda esa bular yo‘q. To‘garak rahbari shogirdining oilaviy ahvolini deyarli bilmaydi. Suhbatlarimiz davrida biz shunga amin bo‘ldik. «Shuncha bola to‘garagingizga kelmay qo‘yibdi, sababi bilan qiziqmadingizmi?»- degan savolimizga esa tayinli javob ololmadik.
To‘garaklarda ishlayotganlar o‘zlarini eng avvalo tarbiyachi deb hisoblashlari shart. Ularning mohir rassom, naqqosh, bokschi yoki futbolchi ekanliklari ikkinchi darajali masala. Afsuski, bizda bunday talab qo‘yilmagan. To‘garak rahbarlaridan «To‘garagingizda nechta bola bor, nechtasi ko‘rikda (yoki musobaqada) g‘olib keldi?» degan hisobot so‘raladi. «Tarbiyaga doir nima ish qilding?» deb so‘ralmaydi. To‘garak rahbari: «Maktabda qanday o‘qiyapsan, mashg‘ulotdan chiqib to‘g‘ri uyga ketyapsanmi yoki biror ovloqdagi bolalarga qo‘shilib bevoshlik qilyapsanmi?»- deb qiziqmaydi. Ayni choqda ota yoki onalarning aksari «bolam kimdan nimani o‘rgangani qaerga boryapti, mashg‘ulotlarni kanda qilmay qatnashyaptimi yoki to‘garak bahonasida uydan chiqib sanqib yuribdimi?»- deb surishtirishmaydi. Bola maktabdagi o‘qishdan qolsa ota-onasiga darrov xabar borishini biladi va intizomga bo‘yinsunishga majbur bo‘ladi. To‘garakda intizom yo‘qligini ham biladi va bundan ustalik bilan foydalanadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:37:10

To‘garak rahbari bola qalbini kashf eta olish mahoratiga ega bo‘lishi shart. Unda maktab o‘qituvchisida bo‘lmagan imkoniyat va imtiyoz mavjud. Bola u yoki bu fanni yoqtirmasa ham shu darsda o‘tirishga majbur. Lekin to‘garakni o‘zi xohlab kelgan, demak ayni shu xohishni o‘ldirishdan ehtiyot bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Poytaxt atrofidagi to‘garaklardan ayrimlarini o‘rganganimizda to‘garak rahbarlaridan 55-60 foizigina o‘rgatayotgan mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotli ekani aniqlandi. Bularning ham yarmidan ko‘pi pedagogika fanidan bebahra. (Bundan ajablanmasak ham bo‘ladi. Chunki pedagogika yo‘nalishidagi o‘quv dargohlarida ham bu fan yetarli darajada o‘tilmaydi. Umumiy o‘tiladigan darslarning besh-olti foizini tashkil etadi.) To‘garak rahbarlari orasida o‘rta ma’lumotlilar ham anchagina. Eng achinarlisi, bu to‘garak rahbarlarining yarmidan sal ko‘prog‘igina o‘z sohasida muqim ishlaydi. Bir yil, hatto yarim yil ishlab ketuvchilar ham bor. Ana endi bolalarning qiziqishini oshirib, u yoki bu hunarga jalb etish qanday ahvolda ekanini tasavvur etavering.
Bu sohadagi jiddiy kamchiliklardan biri - maktab bilan to‘garaklar orasida aloqa, bog‘liqlik yo‘q. To‘garak rahbari maktabga kelmaydi, o‘qituvchi esa to‘garak bilan qiziqmaydi. To‘g‘ri, talab qilingan ma’lumotnomalarni to‘ldirish uchun sinf rahbari o‘quvchilarning qanday to‘garaklarga qatnashishi bilan qiziqadi. «Sinfimdagi shuncha bola shuncha to‘garakka qatnashadi», deb hisobot beradi. Sentyabr oyidagi hisobot may oyiga qadar sobit turadi, o‘zgarmaydi. Undan tashqari ayrim sho‘xroq bolalarni tarbiya etish maqsadida uni to‘garaklar bilan band etishga intilishadi. Bir maktabdagi hisobot bilan qiziqib, ayrim bolalarning besh, hatto yetti to‘garakka a’zo ekanidan ajablandik. «Nahot, bu bolalar shuncha to‘garakka qiziqsalar?»- deb so‘raganimizda «Qiziqishga qiziqmaydi, majbur qilamiz. Bularga bo‘sh vaqt qoldirmaslik kerak, bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lsa buzilib ketadi»,- degan javobni eshitdik. Bolalarning o‘zlari bilan suhbatlashganimizda ularning mazkur to‘garaklarga mutlaqo qiziqmasligi, eng muhimi va eng achinarlisi - qatnashmasligi ma’lum bo‘ldi. Ular sinf rahbarining zo‘ri bilan to‘garakka yozilib qo‘yishganu mashmashadan qutilishgan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:37:50

Ota-ona ham, maktab ham, xullas, o‘smirning atrofidagi barcha undan yaxshi o‘qishni, mehnatkash bo‘lishni talab qiladi-yu, uning to‘g‘ri dam olishi bilan hamma ham qiziqavermaydi. Qiziqqanlar ham bir hildagi reja bo‘yicha ish olib borishadi. Holbuki, Toshkentdagi o‘smir bilan G‘ijduvondagi o‘smirning qiziqishi, sharoiti, imkoniyati butunlay boshqa-boshqa-ku? Undan tashqari bolaning yoshi ulg‘aygani sayin u ham jismonan, ham ma’nan shakllanib boradi. Uning bo‘sh vaqtiga mos dam olishni tashkil etish esa qiyinlashadi. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning 43,4 foizini bo‘sh vaqtdan unumli foydalanishga jalb etish mumkin ekan. 56,6 foizi esa bo‘sh vaqtidan o‘zicha foydalanishni istaydi. Yosh ulg‘aygan sayin bu raqamlar ham yomon tomonga o‘sib boradi. Ya’ni, 14-15 yoshli bolalarning 38,8 foizi, 16-17 yoshlilarning 35,2 foizini foydali dam olishga jalb etish mumkin bo‘larkan. Qizlar orasida esa ahvol bundanda yomonroq. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan qizlarning 41, 14-15 yoshlilarning 21, 16-17 yoshli qizlarning 14 foizigina kattalar taklif etgan tadbirni qabul qiladi. Biz mana shu o‘sish, shakllanish jarayonini hisobga olamizmi? So‘rovlarimizdan ayon bo‘ldi-ki, maktab o‘quvchilarining 35,5, kollej talabalarining 42, ishlovchi o‘smirlarning va ishlamaydigan, o‘qimaydiganlarning 67 foizi bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazish bo‘yicha kattalar tomonidan taklif etilgan tadbirlarda ishtirok etishni istamaydilar. Ba’zi o‘smirlar uchun esa bunday tadbirlarda ishtirok etish ham etmaslik ham farqsiz. Ba’zilari ota-onasi yoki o‘qituvchining zo‘ri bilan ishtirok etishi mumkin. Misolga murojaat etaylik: sir emaski, teatrlarimizga bolalar zo‘rlab olib boriladi. O‘rta yoshdagi bolalarga chipta tarqatish uncha mashaqqat tug‘dirmaydi. O‘smirlar esa bo‘yin tovlashga urinishadi va sinf rahbarining tanbehlaridan bezib pul to‘lashadi-yu, teatr tamoshasiga esa borishmaydi. Borganlari ham to‘polon qilib atrofdagilarni bezdirishadi. Maktabda dars paytida qilolmagan qiliqlarini o‘sha yerda qilishadi. O‘ziga ishongan o‘smirlar esa pul to‘lash chog‘ida «Sazangiz o‘lmasin, deb to‘layapman, tamoshangizga bormayman»,- deb sinf rahbarini ogohlantirib qo‘yishadi. O‘qituvchiga shunisi ham tuzuk. Ko‘chaga qancha kam bola bilan chiqsa shuncha bexavotir. Teatrga ham shunisi tuzuk: qancha kam bola kelsa shuncha tinchlik bo‘ladi. Eng muhimi - chiptalar to‘la sotilgan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:38:23

Qaysi maktabda yoki mahallada yoki uyda zerikish kasali mavjud bo‘lsa, o‘sha yerda o‘g‘richalarning, yolg‘onchilarning, zulm sari og‘ayotgan shumliklarning tug‘ilishini kutmoq kerak.
Maktabdagi tadbirlarga o‘g‘il bolalarni tortish qiyin. Har turli tadbirlar asosan qizlarning ishtirokida o‘tadi. Jalb qilingan o‘g‘il bolalar yodlab berishi shart bo‘lgan she’rni ham chaynalib-chaynalib zo‘rg‘a aytadi. Yig‘ilganlar huzurida hijolat bo‘laveradi. Majburlash orqali yodlagani, majburlash orqali sahnaga chiqqanini sezish qiyin emas. Toshkentning Yunusobod mavzeidagi bir maktabda shuning aksini ko‘rdik. Adabiyot muallimasi o‘zining shaxsiy tashabbusi bilan dramma to‘garagi tashkil etgan. Maktab o‘quvchilari o‘zlariga yoqqan asarni saxnalashtira boshlashgan. Muallima teatrda ishlaydigan artist dugonasini ham bu ishga jalb qilgan. To‘garakdagi ish uchun u ham, muallima ham bir tiyin haq olmaydi. E’tiborli joyi shuki, saxnalashtirilgan asarda o‘ttizdan ortiq o‘g‘il bola ishtirok etgan. Yanada e’tiborlisi, biz «bo‘ysunmas» deb ta’riflagan toifadagilar ham jalb etilgan. Bo‘ysunmaslikda dong chiqargan o‘smirga bosh rol ijrosi berilganda barcha ajablanibdi. Avvaliga o‘smirning o‘zi ham o‘ziga bildirilgan ishonchdan gumonsiragan. Keyin ijodiy muhitga qo‘shilib ketgan. Bir kuni repetitsiya paytida maktabda chiroq o‘chib qolibdi. Shunda mashg‘ulotni ko‘chirishni istashmay, to‘garak rahbarining eri boshqaradigan avtobusda davom ettirishibdi. Oqibatda bolalar sahnalashtirilgan asar faqat maktabda emas, Abror Hidoyatov nomidagi teatr sahnasida ham ko‘pchilikka namoyish etildi. Xalq ta’limi vaziri, shahar xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining ham bu tamoshaga kelishlari bolalarni yanada ruhlantirdi. Bizda ana shunday fidoyilar ham bor. Faqat ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi hamkasblar va rahbar janoblar kamroq.
Fikrimiz isboti uchun bir voqeani bayon qilay: Men bolaligimda ulug‘ shoir Quddus Muhammadiy boshqargan adabiyot to‘garagiga qatnashganman. Bu to‘garak mening yo‘l tanlashimda muhim ahamiyat kasb etgan va u kunlarni minnatdorlik bilan eslayman. Ustoz bizga ko‘p narsani o‘rgatib, qarz qilib qo‘yganlar, qarzni uzish kerak, degan fikrda jamoatchilik asosida, ya’ni maosh olmasdan adabiyot to‘garagi ochish orzusi tug‘ildi. Eski Jo‘vada Oxunboboev nomidagi madaniyat uyi bo‘lardi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:38:39

Shu joyga murojaat etdim. Direktor janoblari «Mendagi to‘garaklarning hammasiga pul to‘lab qatnashishadi. Har bir xonaga pul to‘lash kerak»,- dedilar. Direktorni ayblash ham insofdan bo‘lmas. Faqat ugina emas, boshqa madaniyat uylari-yu, saroylari ham iqtisodning yangi bozor usuliga o‘ta boshlashgan edi. Madaniyat uylari mayda-chuyda firmalarning idoralariga, billiardxonalarga, diskotekalarga... aylangan damda adabiyot to‘garagi uchun bepul xona berish u kishiga g‘alati tuyuldi. Ma’naviyat va iqtisodga doir gaplarimizdan so‘ng bitta bo‘sh xona beradigan bo‘ldilar va dedilarki: «o‘tirishga stulni o‘zingiz topasiz». Nailoj! Bir sabab bilan Sobir Rahimov tuman hokimiga uchrashganimda voqeani aytib, o‘n beshta stul topishda ko‘mak so‘radim. Va’da berildi. Oqibat shuki, stul ham yo‘q, xona ham yo‘q. To‘garak ochilmadi. Uch yildan keyin bu bino umuman buzib tashlandi. Orzuni amalga oshirish uchun maorifchilarga murojaat qildim. Durust, ular stul so‘rashmadi. To‘garak ochildi. Ammo alohida xona ajratilmadi. Bir safar tikuvchilarning xonasida, bir safar duradgorlarning xonasida adabiyot to‘garagi o‘tadi. Bundan xafaligimiz ham, ajablanishimiz ham yo‘q, chunki biz elliginchi yillarda to‘garakka qatnaganimizda ham ahvol shu edi.
Endi fikrimizga qaytsak, bolalar bilan ish olib borishga mutlaqo yaroqsiz odamlar ham uchraydi. Hadeb boshqa sohalarni tanqid qilavermay, misolni o‘zimizdan olsak, bir adabiyot to‘garagining rahbari, shoir birodarimiz mashg‘ulotdan keyin o‘smir yigitlar bilan pivoxo‘rlikka borarkan. Bu odam bilan birga yurgan bolalardan shoir chiqadimi yo yo‘qmi, bilmayman. Ammo mayxo‘r chiqishi haqiqatga yaqinroq. Bunga o‘xshagan misollarni sport sohasidan ko‘proq keltirishimiz mumkin. Bolalar qamoqxonasida o‘tirgan besh o‘smir treneri bilan ulfatchilikdan keyin yo‘lto‘sarlik qilib qo‘lga tushishgan. Qonunga binoan trener ham jazolangan. Lekin vaqt o‘tgandan keyin beriladagin jazodan naf bormi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:38:54

Davlat bolalarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri yo‘nalishga burish muhimligini inobatga olib allaqancha mablag‘ ajratadi. Biroq, bu sohadagi ishlarning samarasi bilan qiziqish yetarli emas. To‘g‘ri, vaqti-vaqti bilan hisobotlar to‘planadi. Qog‘ozdagi hisobotlarda ishlar besh, ammo amaldagi natija qoniqarli emas.
Har qanday jamiyatda yaxshi (ya’ni ibratli) yoki yomon (ya’ni illatlar botqog‘iga botib yotgan) oilalar mavjud bo‘ladi. Shunday ekan, tarbiyaga faqat oila mas’ul, oilaga to‘la ishonish mumkin, degan fikrga qo‘shilishimiz qiyin. Ayrim mutaxassislar bu borada maktabni asosiy o‘ringa qo‘yib, maktab oilani boshqarishi shart, maktab jamiyat tomonidan belgilangan tarbiyani amalga oshiruvchi vositadir, deb belgilashadi. Bu amalga oshsa qani edi. Ammo aroqxo‘rning oilasini maktab tomonidan boshqarish u yoqda tursin, unga ta’sir etishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun ham bu fikrni orzuga yo‘g‘rilgan nazariya, desak, yanglishmasmiz.
Hali bevoshlik ko‘chasiga o‘tmaganlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llash bir masala bo‘lsa, bu ko‘chaga o‘rgana boshlaganlarni qaytarish o‘n karra og‘irroq masaladir. Chunki, buzilmagan bolalarni o‘sha to‘garaklarda ko‘rish mumkin. Biroq, izdan chiqqanlarni bu joylarda uchratmaysiz. Ularni faqat voyaga yetmaganlar bilan shug‘ullanuvchi nazoratchi ro‘yxatidagina ko‘ramiz. Biron yerda o‘qimaydigan, biron hunar olishga intilmaydigan, biron to‘garakka qatnashmaydigan o‘smirlarni bo‘sh vaqtdan to‘g‘ri foydalanishga jalb etish bilan qiziqqanimizda biz surishtirgan joylardagi ahvol 2-3 foizni tashkil etdi. O‘rganilgan joylarda militsiya nazoratchisi ro‘yxatida turuvchi o‘smirlarning 36 foizigina turli to‘garaklarga qatnaydi. 10,3 foizi bir oz shug‘ullanib, so‘ng sovub, tashlab ketgan. 19 foiz o‘smirda shug‘ullanishga umuman qiziqish yo‘q, taklif etilgan to‘garaklarning birontasiga bormaydi. 17,3 foiz o‘smir esa to‘garak deyilsa narigi mahalladan aylanib o‘tadigan bo‘lgan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:41:44

Albatta bu raqamlar ma’lum joyga xos, barcha yerlar uchun umumiy, deya olmaymiz. Ammo raqamlardagi ozgina farq deyilmasa, hamma yerda xo‘roz bir hilda qichqiryapti. Nega shunday? Bu o‘rindagi muammolarga diqqatingizni jalb qilamiz : 1. O‘smirga «shaxmat-shashka to‘garagiga kel»,- deb taklif qilsangiz sizni mazax qilib kuladi. O‘smirlarni o‘ziga jalb qila oladigan muassasalarimiz esa oz. 2.Qamalib chiqqan o‘smir shu to‘garakka kelsa ham qabul qilmaslikka urinamiz. Chunki u, boshqalarni ham buzib yuboradi, deb hisoblaymiz. «Ehtiyot - shart!» - bizning shiorimiz shunday, to‘g‘ri emasmi? 3.O‘smirlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan to‘garaklar oz ekani bir masala, ularning asosan shahar markazida ekani ikkinchi masala. Ayrimlarining pullik ekani yanada muhimroq masala.
Agar Toshkentning Beshqayrag‘ochida yashaydigan o‘spirin chavandozlikni havas qilsa, u shaharning narigi burchiga borishiga to‘g‘ri keladi. Qishloqlardagi ahvolni aytmasak ham bo‘lar. Tog‘dagi bir qishloqda yashaydigan bola skripkachi bo‘lishni xohlasa, ehtimol orzu orzuligicha qolib ketar. Pullik to‘garaklar yanada murakkabliklar tug‘diradi. O‘spirin hali pul ishlab topmaydi, demak, ota-onasiga yuk. Agar u tennis bilan shug‘ullanishni istasa-yu, otasi xohlamasa, demak, pul yo‘q. Agar ota istasa-yu, bola xohlamasa, pul bekorga sovurildi hisob.

Ba’zan mana bunday holat ham yuz berishi mumkin: bola aviamodelchilar to‘garagiga qatnaydi. Oilasi shaharning boshqa dahasiga ko‘chgach, qatnash imkoni bo‘lmaydi. (Imkon deyilganda faqat moddiy masala tushunilmasligi kerak.) Yangi uylariga yaqin yerda bunday to‘garak yo‘q. Ota-ona uni mavjud to‘garaklardan biriga, aytaylik, musiqaga da’vat etishadi. Bola istamaydi. Ota-ona uning o‘jarligidan ranjiydi. Hatto urishishadi. Bolaning ruhiy holatini esa hisobga olishmaydi. Avval aytganimizday, ayrim bolalar qiziqishlarini tez-tez o‘zgartiraverishlari mumkin, ayrimlari esa bitta tanlaganlarida sobit turadilar.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:42:01

Bundaylarga sharoit yaratib berilmasa hamma narsadan soviydi, qiziqishlari so‘nib «ko‘cha bolasi»ga aylanib qoladi. O‘rni kelganda uzoqdagi to‘garaklarga qatnovchi salohiyatli bolalar uchun sharoit yaratib berish masalasiga diqqatingizni tortmoqchimiz. Hatto moddiy jihatdan kamchiligi yo‘q oilalar ham bolalariga yo‘lkira berishni istamay, uzoqdagi to‘garakka bormay qo‘ya qolishini xohlashadi. Kam ta’minlangan oilalar esa ma’lum. Shunday ekan, to‘garaklarga qatnaydigan bolalar yo‘lkira to‘lashdan ozod qilinsalar bo‘lmasmikin? Ma’naviyat masalalari ko‘rilayotgan majlisda shu taklif bilan Toshkent shahar hokimiga murojaat qildik. Shu bolalar yo‘lkira to‘lagani bilan boyib, to‘lamasalar kambag‘al bo‘lib qolinmaydi, dedik. Taklif ma’qul kelganday bo‘ldi-yu, ammo amalga oshmadi, hatto o‘rganib chiqilmadi. Ma’naviyatga katta e’tibor berilayotgani yaxshi. Lekin bolalar va o‘smirlarning bo‘sh vaqtiga taaluqli muammolar ham ma’naviyat doirasiga kirishini unutmasak durustmidi?
Bolalarning bo‘sh vaqtidan unumli foydalanish haqida gap ketganda eng avvalo ularni jismoniy tarbiya - sportga tortish fikri ilgari suriladi. Biz bu fikrni inkor etmaymiz. Ruhiy salomatlik jismoniy salomatlikni ham talab etadi. Sport bilan shug‘ullanuvchi o‘smirlar bilan o‘tkazgan suhbatlarimizda ularning 80 foizi sport hayotlari uchun muhim ekanini aytishdi. 20 foiz o‘smir esa hayotdagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishda sport katta yordam berganini ta’kidlashdi. Hatto «bo‘ysunmas»larning 80 foizi ham shunga yaqin fikr bildirishdi. To‘g‘ri, jismoniy tarbiya boladagi mavjud iroda kuchiga quvvat beradi. Abdulla Avloniy hazratlari badan tarbiyasiga e’tiborlarini qaratib, shunday fikr bildirgan ekanlar: «Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordir.

Qayd etilgan