Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90435 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 20:48:34

Garchi faylasufu boshqa olimlar bu «Men» xususida ko‘p asrlardan beri bosh qotirsalar-da, biz o‘z farzandimizdagi bu jarayonga yetarli e’tibor bermaymiz. Siz bilan bizdan masalaga faylasufona yondoshish talab etilmaydi. Biz bolamizga mehribon, sinchkov ota-ona sifatida yaqinlashsak bas.
Biron tanishimiz yoki qarindoshimiznikiga bir yil o‘tkazib borsak, bolalarini ko‘rib: «Qarang-a, o‘g‘lingiz kap-katta bo‘lib qolibdi», deb hayratlanamiz. O‘z farzandimiz o‘z qanotimiz ostida kun sayin emas, soat, daqiqa sayin o‘sib ulg‘ayayotganini esa sezmaymiz. Bola o‘zini anglash jarayonida biz berayotgan adabdan tashqari atrofdan olayotgan taassurotlari asosida o‘zicha fikr yuritadi. Bolaga maktabda yoki uyda sharafli hadisdagi «Beshikdan to qabrga qadar ilm egalla», hikmatini yoki Xitoy faylasufi Konfutsiyning: «Uyda yoshlar ota-onalarini izzat qiladilar. Xonadondan tashqarida kattalarning gaplariga quloq osadilar, haqiqatgo‘y va ehtiyotkor bo‘ladilar. Barchaga, ayniqsa odamiylikni fan qilgan insonlarga muhabbatda bo‘ladilar. Shu harakatlaridan so‘ng kuch-quvvat topa olsalar ilm olmoqqa intiladilar», degan dono so‘zlarini singdirishga harakat qilindi, deylik. Bola bu so‘zlarning to‘g‘ri ekanini tan oladi. Lekin ko‘chada, masalan, choyxonada doimiy ravishda bekor laqillab o‘tiruvchilarni ko‘rib, bu haqiqatga amal qilish shart emas ekan, degan fikrga kelmaydimi?
Ba’zi ota-onalar farzandidan ranjib «Hech gap tushuntirolmayman», deb nolishadi. Chindan ham bolaga gap uqdirish oson emas. Xo‘sh, o‘zimizchi, farzandlarimizning gaplarini, xohishlarini darrov tushunamizmi? Ota-ona bilan farzand o‘rtasida tushunishlik bobidagi kelishmovchilik qachon paydo bo‘ladi-yu, u qanday hal etiladi? Hal etish chog‘ida bolaning o‘zini tanish, anglashga intilayotgani hisobga olinadimi? Ba’zi o‘smir otasi yoki onasiga maqsadini anglata olmay «Siz tushunmayapsiz!»- deb yuboradi. Ota-ona buni eshitib: «Ha, endi biz tushunmaydigan bo‘lib qolganmiz»,- deb ranjishadi. Ranjish o‘rniga bolamiz aytayotgan masalaga uning ko‘zi bilan qarab, uning ongi bilan fikrlab ko‘rsak-chi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:48:57

Aflotun hakim debdilarki: «Farzandlaringiz ilm va adabini o‘zingizning ilm va adabingiz bilan cheklamang, ularni kelgusi zamon uchun tayyorlang, chunki ular sizning zamonangiz emas, kelgusi zamon odamlari bo‘ladilar.» Bu dono fikrning isboti uchun bir misolga murojaat etaylik: yoshlarning kiyinishlari har yili bir hil bo‘lavermaydi. Kattalarning bu masaladagi qarashlari ham bir hil emas. Deylik, o‘smir qiz tor shim kiyishni yoqtiradi. Bu - uning zamonaviy kiyinish madaniyatiga bo‘lgan munosabati, madaniyatni o‘zicha anglashi. Bu kiyinishda u zarracha yomonlik ko‘rmaydi. 40-45 yoshli ota-onasi ham unga e’tiroz bildirmay «Ha, endi yoshlarning rasmi shu-da», deb qo‘ya qolar. Ammo qizchaning shim kiyishiga buvisi va buvasi mutlaqo qarshi bo‘ladi. Bunda ular behayolikni ko‘radilar. O‘zni endi-endi anglay boshlayotgan qizcha uchun bu ziddiyat ham ta’sir etishi mumkin.
O‘rni kelganda ta’kid joizki, bola tarbiyasida buvi bilan boboning ishtiroki juda muhim. To‘g‘ri, ular bolani ota-onaga nisbatan ko‘proq erkalatadilar. Bola ota-onasi tomonidan jazoga tortilishini bilsa darrov buvisi yoki bobosi himoyasiga oshiqadi. Shuning barobarinda maslahat lozim bo‘lsa birinchi galda ularga murojaat etishadi. Barchamizga ma’lumki, 50-60 yoshlardagi buvi bilan boboning hayot tajribasi 35-40 yoshlardagi ota bilan onanikidan boyroq. Shunday ekan, ular tomonidan berilguvchi foydali maslahatlarning qadriga yetmoqlik lozim bo‘ladi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadi-ki, buvisi va bobosi bor xonadondagi bolaning tarbiyasi boshqalarnikidan farqlanadi. Hozir ayrimlar yigirma yoshidayoq ota yoki ona bo‘lishyapti. Agar ular alohida yashashsa bolaga beriladigan tarbiyaning qanday bo‘lishini tasavvur qilavering. Televizordagi qiziq xangomaga guvoh bo‘lgan edim: birinchi farzandni ko‘rgan ota ayoli va o‘g‘lini tug‘ruqxonadan olib chiqadi. Kechki payt qarasaki, ahli ayoli choyshablarni yuvyapti. «Nima qilyapsiz?» deb so‘raydi yosh ota. «O‘g‘lingiz bo‘ktiribdi, yuvyapman», debdi yosh ona. «Ie, darrov-a?» deb ajablanibdi yosh ota. Qarang, ota bo‘lmish yigit chaqaloq bir-ikki yoshidan boshlab bo‘ktirsa kerak, deb o‘ylaganmikin? Hali o‘zlari tarbiyaga muhtoj, hali hayot so‘qmoqlarini yaxshi anglamagan yosh ota-onalarga buvi va bobolarning e’tibori, ko‘magi juda-juda zarur.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:49:21

Ta’bir joiz bo‘lsa, bolalikdan o‘smirlik olamiga o‘tishlik - kishining qayta tug‘ilishidir. Endi faqat atrofni ko‘radigan odamcha emas, bu borliqda o‘zini ham ko‘ra oladigan, fikrlaydigan shaxs tug‘iladi. Birinchi tug‘ilishda go‘dak chinqirib go‘yo deydiki: «Mana men yorug‘ dunyoga keldim. Quvoning va bundan buyog‘iga men uchun tashvishlar cheking. Men hozircha sizning yordamingizga muhtojman. Bir daqiqa bo‘lsin, meni unutmang. Meni avaylang, har bir nafasimni kuzatib, beshigim yonidan jilmang. Sizlarning mehringizga, shafqatingizga ehtiyojim bor! Sal o‘tmay meni atak-chechak qilib yurg‘izing, yiqilsam - turg‘izing, boshimni silang...» Odam ikkinchi bor tug‘ilishida butunlay o‘zgacha ohangda deydiki: «Endi men qanotlaringiz ostidagi polopon emasman, hadeb qo‘limdan ushlab yetaklayvermang, hadeb izimdan yuravermang. Bosgan qadamlarimga ishonchsizlik bilan qaramang. Yo‘rgakda tutishga intilmang, beshikdagi holimni unuting. Men mustaqil odamman. Qo‘limdan yetaklashga urinmang. Men ro‘paramda baland tog‘ni ko‘rib turibman Uning yuksak cho‘qqilari bor. Bu tog‘dan o‘zim mustaqil ravishda oshib o‘tmoqchiman. Bu - mening hayotdagi maqsadim. Men cho‘qqiga ko‘tarilishni boshlayapman. Har bir qadamim bilan men yuqoriga ko‘tarilayapman. Ro‘paramdagi ufq tobora kengayyapti. Yanada ko‘proq odamlarni ko‘ryapman. Ularni tushunishga harakat qilyapman. Mehr o‘rniga adolatsizlik, ilm o‘rniga johillik, shafqat o‘rniga zulmni ko‘rganimda qo‘rqib ketyapman. Men bu borliqda tayanchga muhtojligimni sezyapman. Men aqlli, dono, adolatli odamga zorman. Men yonimdagi kuchli va donishmand odamga suyansamgina cho‘qqiga chiqa olaman. Ammo men buni hech kimga ayta olmayman. Muhtojligimni tan olishim - men uchun isnod. Hamma meni «mustaqil qadam tashlovchi odam bo‘lib yetilibdi, cho‘qqini o‘zi zabt eta oladi», deb hisoblashini xohlayman.» Agar o‘smirlik olamiga o‘tgan farzand ota-onasiga bir nima demoqqa jur’at va istak topa olsa edi, ehtimol shularni aytarmidi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:49:37

Farzandlarimizda 10-11 yoshdan to 14-15 (o‘g‘il bolalarda ba’zan 16) yoshgacha tibbiy til bilan aytganda, anatomo-fiziologik jihatdan keskin o‘sish sodir bo‘ladi. Go‘yo tabiat haykaltaroshu o‘zining ijodiga xos bu jonli haykalni tezroq takomilga yetishtirishga urinayotganday. Bu jarayon sirtdan qaraganda ovozning do‘rillashida (Buni «ovozi rasta bo‘lbdi», deymiz) seziladi, bo‘yning o‘sishida ko‘rinadi va biz asosan shunigina payqaymiz. Ichki to‘lqinlarni, o‘zgarishlarni sezmaymiz. Biz haykaltaroshga o‘xshatgan tabiat o‘smirning ham jismoniy, ham jinsiy o‘sishini hisobga olishga ulgurolmayotganga o‘xshaydi.Bolaning suyaklari shu darajada tez o‘sadi-ki, uning mushak to‘qimalari bu o‘sishga monand rivojlana olmay qoladi. Ana shunda o‘smirning mushaklarida og‘riqlar paydo bo‘lib o‘zini ham, ota-onasini ham havotirga soladi. Bolaning tashqi ko‘rinishida (ayniqsa 13-14 yoshida) keskin va sezilarli o‘zgarish sodir bo‘ladi. Uning qomati qo‘pollashadi, uzun va ingichka qo‘l-oyolarini qanday boshqarishni bilmay qoladi. Bu o‘sish yoshida qizlar qadlarini egibroq yurishga odatlanib qoladilar. Agar aynan shu yoshda bolalarning o‘zlariga, yurish-turishlariga e’tibor berishlari ortajagi inobatga olinsa, ularning bu beo‘xshovlikdan qanchalar iztirobga tushishlari, oqibatda asabiy va qaysar bo‘lib qolishlari sababini tushunishimiz mumkin. O‘smir doimiy ravishda o‘zining qomati bilan boshqalarnikini solishtiradi. Agar boshqalardagi fazilat, aytaylik, adl qomatni o‘zida ko‘rmasa siqila boshlaydi.
Bu yoshda badandagi quvvatning asosiy qismi jismoniy o‘sishga sarf etilishi natijasida o‘smir o‘zini behol seza boshlaydi. Qo‘shimcha dam olishga, tartibli ravishda quvvatli taom iste’mol qilishga ehtiyoji kuchayadi. Agar bola biz aytgan ishni bajara olmasa, asabiylashamiz, uni urishamiz. «Charchadim», desa buni bahona sifatida qabul qilib «Yosh bola narsa uyalmaysanmi, shu yoshda ham charchaydmi?»- deb uyaltiramiz. Ota-onalarning juda oz qismi farzandidagi bu jismoniy va jinsiy o‘zgarishlarni hisobga oladi. O‘zining ham bir paytlar shu jarayonni bosib o‘tganini unutib qo‘yadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:50:10

Tibbiyotchi olimlarning kuzatishicha, bu yoshda yurakning hajmi ham kengayar ekan. Qon tomirlari esa shunga mos ravishda kengaymay ikki-uch yil avvalgi holatini saqlab qolarkan. Qon bosimi oshishini biz kattalarga xos kasallik deb bilamiz. Holbuki, aynan shu o‘smirlikka o‘tish yoshida (o‘g‘il bolalarda 12-13, qiz bolalarda 10-12 yoshda) qon bosimi 140, ba’zan 150ga qadar ko‘tariladi. To‘qqiz yoshli bolaning qon bosimi 90 ekani hisobga olinsa, bu o‘sishning miqyosini his etish mumkin. Bosimning bunday oshishi vaqtinchalik holat. Bu paytda o‘smirning boshi aylanadi, ovqat hazm qilishi ham buziladi, qorin atrofida og‘riqlar sezadi.
O‘smir o‘zidagi bu noxush o‘zgarishlar sababini anglayolmay qiynaladi. Sabablarni ota-onasidan so‘rashga uyaladi. Harakatlarini jonlantirish evaziga bu noxushliklardan qutulmoqchi bo‘ladi-yu, ammo battar holsizlanib qoladi. Badandagi turli a’zolarning bir xilda, bir-biriga mos ravishda o‘smasligi ko‘krak qafasi va o‘pkada ham seziladi. Qon bosimi oshishi oqibatida bolaning ko‘kragi qisiladi, yurak urishi tezlashib, kechalari uxlay olmaydi. Hatto yurak urishida meyor buziladi.
Biz, kattalarning kamchiliklarimizdan biri - farzandlarimizdagi mana shu jismoniy o‘sish jarayonida jinsiy uyg‘onish boshlanishini e’tiborsiz qoldiramiz. «Bolamiz katta bo‘lib qoldi, ulg‘ayyapti», deb quvonib yuraveramiz. Bu jarayon tufayli bolaning fikrlashida, his-hayajonlarida, kattalar bilan, hatto o‘z tengdoshlari bilan muomalasida jiddiy o‘zgarish sodir bo‘layotgani esa bizlarni tashvishlantirmaydi, sergaklantirmaydi. To‘g‘ri, farzandimiz muomalasidagi o‘zgarishni sezamiz ammo biz ham muomalamizni o‘zgartirishimiz zarurligini fahm etmaymiz. Afsusli yeri shundaki, bizda hali ham jinsiy tarbiya masalasi ikkinchi hatto uchinchi darajali hisoblanadi. Ota-ona farzandlari bilan bu haqda gaplashishni uyat deb biladilar. Yaxshiki, ayrim onalar qizlariga kerakli e’tiborni qaratadilar. Otalar esa o‘g‘illari bilan bu haqda deyarli gaplashmaydilar Shuning natijasidamikin, ota bilan o‘g‘ilning orasidagi masofa yaqinlashish o‘rniga uzoqlashib boraveradi. Zarur tarbiya ota-ona tomonidan berilmagach, o‘smir o‘ziga kerakli odobni horijning behayo filmlaridan oladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:50:38

Tanishimizning o‘n yettiga to‘lmagan farzandi bir qizni zo‘rlashda ayblanib, qamaldi. Ikkinchi tanishimiz bu voqeani sharhlab, dediki: «Ayb otasida. Bir kuni hojatxonasiga kirsam, yalang‘och ayollarning suratlarini osib tashlashibdi. «Bu nima qilganinglar?» desam, «Hozirgi yoshlarning erotik tarbiyasiga e’tibor berish kerak,shunaqa suratlarni ko‘rsa ko‘zi pishadi-da, yomon yo‘ldan tiyiladi», deydi. Mana, oqibat - ko‘zi ham pishmadi, o‘zi ham tiyilmadi, battar bo‘ldi, erotik tarbiyasi o‘zining boshiga tashvish soldi.» Yevropaliklar «erotik tarbiya», deb atayotgan narsani biz «jinsiy tarbiya», deb tushunadigan bo‘lsak, bu sohada nihoyatda ehtiyotkor bo‘linmog‘i shart. Chunki «erotika»ning nechog‘li zarar ekaniga bu tarbiyaning tarafdorlari bo‘lmish Yevropa va Amerika qit’asi mamlakatlari guvoh bo‘lib turishibdi. O‘smirlar orasida jinsiy xastaliklarning va qamalishlarning ortib borayotganini biz ta’kid etmasak ham bo‘lar. Bu tarbiya alamini totayotgan mamlakatlarning fig‘oni ko‘kka uchayotgan damda sharqqa olib kelmoqlikka urinish aqlsizlik emasmi? Amerika yoki Yevropadagi «donishmandlar» «San’atdagi erotika tarbiyaga yordam beradi, seksni ko‘rsatish zararli», deyishadi. Biz ularga o‘zbek maqoli bilan javob beraylik: «Oq it - qora it, bari bir it emasmi?» Endi mazkur atamaning lug‘aviy ma’nosiga kelsak, asli yunoncha bo‘lgan bu so‘z jinsiy xirslarni benihoya darajada qo‘zg‘otishni, ishqiy maishatga intilishni anglatadi. Esi butun odam uchun bunda ijobiy ma’no mutlaqo yo‘q. Ijobiy tarbiya haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Ba’zilar «Erotikaga doir filmlarni o‘smirlar ham ko‘rsa bo‘ladi, faqat uning oqibatini tushuntirish kerak»,- deydilar. Bu «donolar»ga aytamizki: «Afandilar, siz o‘smirga behayo lavhani ko‘rsatdingizmi, tamom, uning ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar bo‘ldi. Yaxshi narsani ko‘rishni, yaxshi gapni eshitishni istamaydi. Uning xayoli faqat ko‘rgan lavhasi bilan band.» Shunday ekan, erotikani jinsiy tarbiya usuli demoqlik - ahmoqlikdan boshqa narsa emas.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:50:53

Bu yoshga yetgan o‘smirning miya qobiqlarida, asab hujayralarida ham jiddiy o‘zgarishlar kuzatiladi. U bolalarcha fikrlashdan voz kechib mavhum fikrlashga o‘ta boshlaydi. O‘smirlarning (Qizlarda ertaroq, yigitchalarda sal kechroq) fikrlash tarzida muhim o‘ziga hoslikni ko‘rish mumkin. Ya’ni: maktabda eshitganlari, kitoblardan o‘qib bilganlari, atrofni kuzatish natijasida tushunganlarini o‘zining shaxsiy o‘y-xayollari, xislari, tashvishlari bilan solishtirib ko‘radi. Ko‘rgan-eshitganlaridan o‘zining manfaatiga, qiziqishiga, qarashlariga moslarini ayirib oladi. Ayirib olish, solishtirish vaqt o‘tgan sayin kuchayib boraveradi. O‘zini o‘zi anglash jarayonidagi muhim omil hisoblanmish bu narsa ruhshunoslar tilida o‘z qilmishiga o‘zicha baho berish, o‘zicha fikr bildirish, o‘zicha kuzatish, o‘zicha qabul qilish deb ataladi va ota-onalar, muallimlarni tashvishga soluvchi turli kelishmovchiliklarni yuzaga chiqaradi. O‘smir ongida «Ota-onam kabi, o‘qituvchilarim va boshqa kattalar singari men ham alohida shaxsman», degan fikr uyg‘onadi. Bu fikr ajib bir kashfiyot singari uni avvaliga hayron qoldiradi so‘ng yangi-yangi fikrlar oqimiga yo‘l ochadi. Go‘daklik chog‘ida hech kim o‘zini otasi yoki muallimi bilan tenglashtirmaydi. «Men ham otam kabi shaxsman», degan ishonch o‘smir ongidagi shoxsupada o‘tirgan ota-onani, muallimni pastga tushiradi. Endi o‘smir kattalarning hatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib, olam-olam kamchiliklar topa boshlaydi. Boshqalarni kuzatgani sayin o‘ziga bo‘lgan e’tibori ham kuchayadi. O‘ziga bo‘lgan e’tibor hamma vaqt ham o‘zini yaxshilashga qaratilmaydi. Mana shu nuqtada atrof muhitning tarbiya kuchi, ma’naviy boyliklardan foydalanishning qay darajada ekani muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:51:06

Yosh bola tarbiyachining (ota-ona yoki muallimning) «bu yaxshi - bu yomon, bu mumkin - bu mumkin emas», degan gaplariga ishonadi. Bu gaplarni u haqiqat o‘rnida qabul qiladi. Tarbiyachi ham o‘zini yosh boladan ustun qo‘yib o‘rganib qoladi. U kechagi yosh bolaning bugun o‘smirlik olamiga kirganini, unda kattalar bilan tenghuquqlik da’vosi uyg‘onganini, kattalar singari endi o‘zini o‘zi erkin boshqarish istagida yonayotganini, atrofida faqat borliqni emas, balki bu borliqda o‘zini ham ko‘rayotganini, o‘zi uchun joy - o‘rin talab qilayotganini tasavvur ham etmaydi. Tasavvur etmadimi, buyruq va talab yo‘lidan voz kechmadimi, demak, u yangi shaxsning tug‘ilayotganini sezmabdi, tarbiyada xatoga yo‘l qo‘yibdi. «Bolam (yoki o‘quvchim) mening gaplarimni sariq chaqaga olmaydi», degan nolishlar aynan mana shuning oqibatidir. Bu o‘rinda sababni bolaning qaysarligidan emas, o‘zimizdan ham qidirishimiz kerak bo‘ladi. Sergak tarbiyachi o‘smirning fe’lidagi o‘zgarishlarni nazardan chetda qoldirmaydi. O‘smirning kattalar gap-so‘zlariga ehtiyotlik, ba’zan tanqidiy munosabatda bo‘lishi, o‘jarligi, arzimagan narsaga ham tez asabiylashishi, ba’zan esa qo‘pollashib qolishi tarbiyasining buzilishdan nishona emas, balki vujuddagi tabiiy o‘zgarishlarning ta’siridir. Bunaqa paytda «Tamom, bola buzila boshlabdi!» deb hukm chiqarib, darrov keskin choralar ko‘ra boshlash yaramaydi.
Biz - kattalar bolalarni kuzatib yuramiz, ularning hatti-harakatlariga baho beramiz, turli davralarda ular haqida so‘z yuritamiz. Bu sohada biz osmonda, bolalar yerda. Biz yerda ham shunday hayot davom etishini o‘ylab ko‘ramizmi? Bolalar bizni sinchiklab kuzatishlarini, tilimizdan uchgan gaplarni muhokama etishlarini, ba’zan bizning sha’nimizni himoya qilib, ba’zan esa balchiqqa bulg‘ashlarini, eng muhimi aytgan gapimiz bilan ishimizning bir-biriga mos yoki mos emasligini tahlil etib, xulosa chiqarishlarini bilamizmi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:51:28

Kim «Farzandim men haqimda mana bu, mana bu fikrda», deb aniq ayta oladi. Bir xonadonda kuzatgan edim: ota sigaretni bemalol tutatib olib, chekishga o‘rganayotgan o‘g‘liga tanbeh bergan edi. O‘zicha chekishning zarari haqida gapirgach, agar gapga kirmasa kaltaklanishi aniqligini ma’lum qilish bilan tarbiyaviy soatni yakunladi. Bola «O‘zingiz-chi?» degan savolni bergisi keladi ammo va’da qilingan kaltakka muddatidan oldin yetishib qolishidan qo‘rqib indamaydi. Indamaydi-yu, pana-panada chekishini davom ettiraveradi. Ichkilikning zarari to‘g‘risida gapirgan boboga nabira «O‘zingiz ham rosa ichgansiz-ku?»- deb ta’na qiladi. Bobo «Ha, ichganman, o‘shaning zararidan hozir ko‘p kasal bo‘laman»,- deb fatvo topadi. Biroq, o‘smirga bu gap ta’sir qilmaydi. Bu o‘rinda, avval aytganimiz shaxsiy namunani, xurmo yeyishni kamaytirgan donishmandni eslasak joiz.
Yaqinda safarda bo‘lganimda bir kishi menga xotira daftarini ko‘rsatdi. O‘n olti yoshida u ibratli bir kashfiyot qilgan ekan. Daftarning bir sahifasida ota-onasi, qarindoshlari, o‘qituvchilarning ta’rifu tavsifi, ularning o‘smir ko‘ziga ko‘ringan qusurlari, ikkinchi sahifasida esa uning o‘z ishlari, xato -kamchiliklari bayon etilgan edi. Ajabki, kattalarning xato-kamchiliklari, hatto yomonliklari o‘smirnikidan ancha ko‘p ekan. Bunday kuzatishlarini hamma ham daftarga yozavermaydi. Ammo deyarli hammada bunday tahlil mavjud. Ozmi-ko‘pmi deyarli har bir o‘smir atrofda ko‘rgan-bilganlari asosida o‘zini o‘zi tarbiyalashga ham harakat qiladi. Tashqi ta’sir bizning gapimizdan ko‘ra ko‘proq quvvatga ega bo‘ladi. Xalqda «Hamma o‘z qarichi bilan o‘lchaydi», degan naql bor. O‘smir o‘qigan, ko‘rgan, bilgan narsalarini o‘z ongi darajasida tahlil qiladi va ko‘pincha biz kutmagan voqealar sodir bo‘ladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:51:43

Aytaylik, bir kitobda o‘smir o‘limning tasvirini, hayot va o‘lim haqidagi mushohada bayonini o‘qidi. Siz bilan biz uchun bu oddiy bayon. Odamlarning, hatto eng yaqin kishilarimizning vafotiga ko‘nikkanmiz, bu masalada diydamiz qotib qolgan. Qachondir bu dunyoni tark etishimizni his qilmasak ham bilamiz. Bu dunyoda ko‘rganimizni ko‘rdik, u dunyoga rixlat qilish kattalar uchun u qadar fojea bo‘lib tuyulmas. Ammo o‘smir buni butunlay boshqacha qabul qiladi. O‘lim bayonini o‘qigach, unda «Men ham o‘lamanmi!» degan azobli fikr uyg‘onadi. Ruhiy qiynoqqa ham tushadi. Men shunday bolani kuzatgan edim. U birdaniga hamma narsaga befarq bo‘lib qolgan edi. Ko‘chada o‘rtoqlari o‘ynasalar qo‘shilmaydi, o‘rtoqlari qizlarga gap otadilar, tegajoqlik qiladilar, u esa e’tiborsiz. Uni »Hamonki hamma o‘lar ekan, odamlar nima uchun bu qadar o‘ynab-kuladilar, nima uchun mayda-chuyda narsalarni talashadilar, bir-birlari bilan urushadilar?» degan savol qiynardi. Avvallari agar biron o‘smirda bunday holat kuzatilsa, tarbiyachilarimiz «dindorlar yoshlarni u dunyo azoblari bilan qo‘rqitib, miyasini zaxarlagan», degan xulosaga kelishardi. Bu noto‘g‘ri tushuncha. O‘smirga diniy gap aytilmasa ham, biz zikr etganimizday kitobda o‘lim haqida o‘qimasa ham hayotdagi bir voqea sabab bo‘lib shunday ruhiy azobga bandi bo‘lib qolishi mumkin. Kuzating-a, otasi yoki onasi (yoki aka-opasi) vafot etgan 25-30 yoshli odam bilan o‘smirning ruhiy holati bir hilmikin? 25-30 yoshli odam otasini dafn etib kelgach, kechasi yotib uxlashi mumkin. Ammo o‘smir uxlay olmaydi. Hatto xaftalab ko‘ziga uyqu kelmaydi. Ruhiy azoblari kattalar his qila olmaydigan darajaga yetadi. Otasining vafotidan so‘ng hotirjam yashashda davom etayotgan aka-opalaridan nafratlana boshlaydi. «Agar hayotning intihosi shu bo‘lsa, bu dunyoda yashash shartmi? Men ham bir kuni uylanaman, xotinimni, bolalarimni boqaman, katta qilaman, keyin o‘laman. Go‘rga qo‘yib kelishgandan keyin ular ham chaqchaqlashib yashayverishadimi?..» O‘smir hayotning achchiq haqiqatini shu ko‘rinishda angladi.

Qayd etilgan