Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90442 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 20:52:42

Endi u borliqda o‘ziga ajratilgan o‘rindan ham norozi. Atrofdagilar ko‘ziga xunuk ko‘rinib, ular bilan uchrashmoqlikni, gaplashmoqlikni istamaydi. Hamma narsaga loqayd qaraydi. Hatto bu dunyodan ketishni ham o‘ylab qoladi. Bunday holda o‘smirning yaqinlari uni ruhiy kasallikka chalingan, deb o‘ylaydilar. Folbinlarga yuguradilar, domlalarga borib dam soldiradilar. Agar o‘smir ularning bu harakatlarini sezsa dardu g‘azabi battar oshadi. To‘g‘ri, o‘lim voqeasi sabab bo‘lib o‘smirning ruhi parchalandi. Buni tibbiy tilda «shizofreniya» deyishadi. Lekin bu telbalik, devonalik yoki jinnilik emas. Bu dardni kimyoviy dorilar bilan davolab bo‘lmaydi. Bu dardning davosi - yaxshi munosabat, chidam. Kattalar o‘smirning barcha qiliqlariga chidashlari kerak. O‘smirning bu dardi bir necha yilga ham cho‘zilishi mumkin. Uni fojia izdan chiqardimi, kutilmagan yaxshilikning ta’siri yana asliga qaytarishi mumkin. Bu jarayonda o‘smirga dildan so‘zlasha oladigan, sirlasha oladigan mehribon suhbatdosh kerak, juda kerak.
Tanishimizning janozasiga borganimda o‘n besh yoshli qizi «Amaki, hamma o‘lib-o‘lib, oxiri dunyoda hech kim qolmaydimi? Odam bilan jonivorning nima farqi bor unda? Baribir shunday o‘lib ketaversa dunyoda yashashning nima qizig‘i bor? Meni o‘qishga majburlashadi. Baribir o‘lib ketsam, bu ozgina hayotda bilimning menga nima keragi bor?»- deb so‘rab qoldi. Bunaqa paytda biz - kattalar bolalarni deyarli bir hil gaplar bilan ovutamiz. Chunki bizning yuragimizda bola qalbini tirnayotgan dard, azob bo‘lmaydi. Dardli savolga qaytarilgan dardsiz javobdan esa o‘smir qoniqmaydi.
Tanishlarimdan biri tashvishlanib:
- Keyingi kunlarda qizim g‘alati bo‘lib qoldi. O‘ylanib o‘tiraveradi, men bilan gaplashgisi kelmaydi,-dedi.
- Biror ko‘ngilsiz voqea yuz berdimi?-deb so‘radim.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:52:53

- Yo‘q, ko‘ngilni og‘ritadigan gap-so‘z bo‘lmadi. Uch kun oldin ertalab tursam, hovlida o‘tiribdi. Bitta kitobni ko‘ksiga bosib olgan. Yig‘layapti. Qizimning ertalab turadigan odati yo‘q edi. Jin-pin chalib ketibdi shekilli, deb qo‘rqib ketdim.
- Ko‘ksiga bosgani qanday kitob ekan? Qiziqmadingizmi?
- «O‘tgan kunlar» ekan. Endi kitob o‘qishga qo‘ymayapman.
Tanishim qizimdagi o‘zgarishning sababchisi deb kitobni ayblab, qisman to‘g‘ri xulosa chiqargan. U eng asosiy sababni tushunmagan: farzandining endi yosh qizcha emasligini, qizlik olamiga kirib, fikrlay boshlaganini sezmagan.
Shu voqeadan so‘ng bir maktabda kichik tajriba o‘tkazdik. Yuqori sinf o‘quvchilaridan Kumushning taqdiriga oid erkin insho yozib berishlarini iltimos qildik. Bolalar inshoni uyda yozib kelishlari lozim edi. Kutganimizdek, o‘g‘il bolalarning sakson besh foizi insho yozmadi. Yozganlari ham darslikdan tashqariga chiqmagan. Qizlar tomonidan yozilgan inshoning qirq foizida erkin fikrlashga intilish bor edi. Mazmunli deb hisoblaganimiz ana shu insholarning yarmidan ko‘prog‘ida Kumushning taqdiriga achinish bor. Kumushning o‘limida ayrimlari Otabekni ayblashgan. Agar ikkala xotinga bir hilda munosabatda bo‘lganda Zaynab kundoshini zaxarlamas edi, degan xulosaga kelingan. Bizni ajablantirgan insholarda qizlar Kumushning o‘limiga achinmay, balki «o‘limiga o‘zi sababchi bo‘lgan, o‘zi kundoshining g‘ashiga tekkan», deb hukm chiqarishgan.
Qizlarning bu fikrlari o‘smirlarning dunyoqarashlari zamonga xos ravishda o‘zgarib turadi, deb avvalroq bayon etgan da’voimizni yana bir bor tasdiqlasa kerak. Har holda oltmishinchi yoki yetmishinchi yillaridagi maktab o‘quvchilari bu tarzda insho yozmas edilar. «Otabek va Kumush chin muhabbat egasi», degan gapdan nari o‘tmas edilar. Kumushning o‘limiga bo‘lgan turlicha qarash, fojeadan turlicha ta’sirlanish o‘smirning borliqdagi o‘z o‘rnini qanday topishini belgilovchi omillardan biri desak ham bo‘ladi. Kumush o‘zining o‘limiga o‘zi sababchi, degan qiz erta nahorda turib, kitobni bag‘riga bosib yig‘lamaydi. Atrofdagilardan nafratlanmaydi. Uning his-tuyg‘ulari, iroda kuchi bo‘lakcha. Hayotdagi adolatsizlikni ko‘rganda tushkunlikka tushmaydi. Yengib o‘tishga intiladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:53:08

O‘smirning hayotda o‘z o‘rnini topishga intilishi bilan bir ozgina tanishgach, endi o‘z joniga qasd qilgan yigitcha bilan qizning taqdiriga qaytsak bo‘lar. Bu haqda siz ham o‘ylab ko‘rgandirsiz. Aslida voqea bunday bo‘lgan: o‘smir tarbiyasi buzilgan yomon bola emas. U o‘z mahallasida emas, shaharning boshqa qismida joylashgan litseyda o‘qiydi. Har bir maktabmi, litsey yoki kollejmi, kinoxonami, shuning atrofida «zo‘r»lar in qo‘ygan bo‘lishadi. Bu zo‘rlarni balog‘atga yetmaganlar bilan shug‘ullanuvchi militsiya xodimi ham biladi. O‘tgan-ketganda «bu yerda o‘tirmalaring», deb tanbeh ham beradi. Militsiya xodimining bundan bo‘lak harakatga xuquqi yo‘q. Bekor gap sotib o‘tirganlarni olib borib qamay olmaydi. Agar ular birovni urishsa yoki tunashsagina asos bo‘ladi. O‘sha «zo‘r»lar bu jinoyatga albatta qo‘l urishlarini bilsa ham, isbot-dalilsiz biror chora ko‘ra olmaydi. Xullas, biz aytgan yigitcha o‘sha «zo‘r»larning zug‘umiga duch keladi. Ular har kuni pul talab qilishadi. Ularning odati shundayki, kim aytilgan pulni berib tursa, talabni oshiraveradilar. Pul bermagan bola kaltaklanadi. Ma’lumki, ba’zi bolalar kaltakdan qo‘rqmaydi, musht yesa ham chidab yuraveradi. Ayrimlar esa hatto chertishdan ham zirillab turishadi. Biz aytgan yigiticha shunday toifadan edi. U avvaliga ovqatlanish uchun berilgan pullar bilan qutulib yurdi. Keyin talab osha boshlagach, buvisining qutisidagi puldan ola boshladi. Bunaqa paytda ba’zi bolalar ota-onasiga voqeani aytadi. Kattalar aralashgach, masala ijobiy hal etiladi ham. Lekin dardini ichiga yutadiganlar ham oz emas. Ular o‘zlaricha chora izlashadi, lekin topa olishmaydi. O‘sha yigitcha ham otasiga aytishi mumkin edi. Lekin aytolmadi. «E, latta, shularga kuching yetmaydimi, mishig‘ingni oqizib yurovur...»- deganga o‘xshagan gap eshitishni xohlamay aytmadi. U ikki o‘t orasida qoldi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:53:20

U o‘zini o‘g‘irligi uchun, qo‘rqoqligi uchun aybladi. Tunlari uxlamay o‘sha «zo‘r»lar bilan olishib chiqdi. «Ertalab boraman, «Nima qilsang qil, o‘ldirsang o‘ldir, pul yo‘q», deyman»,- deb qaror qiladi-yu, «zo‘r»larni ko‘rgach, dami chiqqan pufak holiga tushadi. Bora-bora buvisi puli yo‘qolganini biladi. Yigitcha uning «o‘limligimga yig‘ib qo‘ygan pulim edi-ya, qaysi bemehr oldi?»- degan gaplarini eshitib qoladi-yu, o‘n azobi ming bo‘ladi. Ichga yutilgan dard uni kemira boshlaydi. «Men oluvdim, shunaqa voqea bo‘luvdi», desa - olam guliston. Ota-onasi ham, buvisi ham bir oz koyib, so‘ng unutishardi. Yo‘q, bu bizning fikrimiz. O‘smirning fikri uning g‘o‘r g‘ururi boshqacha yo‘lga undaydi. Bir necha so‘zdan iborat gapni aytishdan ko‘ra o‘limni tanlamoqlik unga oson tuyuladi. Bu nuqtada iroda zaifligi, borliqni to‘g‘ri anglay olmaganlik, fikr oqsoqligi, tahlil va noto‘g‘ri xulosa chiqarish ustunligi uchrashib o‘ziga o‘lim hukmini tanlagan. O‘sha «zo‘r»lar bilan kurashish, otasi yoki onasiga adolatsizlikni tushuntirishga urinishdan ko‘ra o‘lish unga osonroq tuyulgan. Bu o‘rinda o‘smir o‘zligini tanishda adashdi. Bolasini hamisha tergab turuvchi ota-ona esa farzandi bilan o‘zlari oralaridagi masofa uzoqlashib borayotganini sezishmadi. O‘rtada ishonchsizlik devori ko‘tarilayotganini ko‘rishmadi. Tarbiya haqida gap ketganda ayrimlar «ota-ona bolasiga do‘st bo‘lishi kerak», deydilar. Shunday suhbatda bir ayol «Men - onaman, bolamga do‘st emasman. Meni ona sifatida hurmat qilishini xohlayman»,- dedi. Ayolning bu talabini inkor etmoq qiyin. Lekin «bolaga do‘st bo‘lish» deganda asl ma’noni anglamaslik kerak. Ma’lumki, o‘smir ota-onaga ayta olmaydigan ayrim gaplarni o‘rtoqlariga aytadi, ular bilan maslahatlashadi. Ularning maslahati bilan biron yaxshi yoki yomon ishga qo‘l uradi. «Bola bilan do‘stlashish» - farzandingizga shunday yaqin bo‘ling-ki, u dardini o‘rtog‘iga emas, sizga aytsin, siz bilan maslahatlashsin, demakdir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:53:35

O‘smirlardagi his-tuyg‘u darajasining bir-biridan farqlanishi hayotda o‘z o‘rinlarini tanlashlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. O‘zining joniga qasd qilgan yigitcha ta’sirchan, tuyg‘ulariga bandi bo‘ladigan toifadan edi. Agar u his-tuyg‘uga berilmaganida bu yo‘lni tanlamasdi. Afsuslanardi, uzr so‘rardi, vassalom. Demoqchimizki, tarbiyachi o‘smirlik olamiga o‘tayotgan yoki o‘tgan bolaning his-tuyg‘ulari bilan ham hisoblashishga majburdir.
Ikkinchi voqeaga kelsak, bu fojiada ham his-tuyg‘uning kuchi inobatga olinmagan. Bizda g‘alati bir odat bor: maktab o‘quvchisi sevib qolibdi, degan gapni eshitsak, xayolimizga darrov yomon fikr keladi. Sevibdimi - demak, buzila boshlabdi. Bizningcha, maktab yoshida sevish mumkin emas, maktab yoshida faqat o‘qish kerak, deb hisoblaymiz. Buni haqiqat o‘rnida qabul qilish - bizning nodonligimizdir. Chunki sevish-sevilishni biz belgilamaymiz, bu bizning istagimiz bilan bo‘lmaydi. Bu - tabiiy jarayon. Bola tabiat tomonidan uyg‘otildimi, bas, uni tosh qal’aga yashirib qo‘ysangiz ham ko‘ngliga sevgi oralaydi. Biz sevgiga qarshi yurmay, buning muqaddas tuyg‘u, benazir ne’mat ekanini avvalo o‘zimiz tushunib, so‘ng farzandimizga anglatishga urinishimiz kerak.
Bir maktabda shunday bo‘lmabdi. Yuqori sinfda o‘qiydigan qizga shu sinfdagi yigitcha muhabbat izhorini yozadi. Ittifoqo maktub o‘qituvchining qo‘liga tushadi-yu, olov bo‘lib yonadi. Bu muallima yuqorida zikr etganimiz - sevgini jinoyat o‘rnida qabul qiluvchi toifadan edi. U qizni turg‘izib ko‘pchilikning ichida izza qiladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:53:49

Bu ham yetmaganday «sinfdoshinglar buzuq yo‘lga kiribdi, unga tupuringlar», deb bolalarni tupurishga majbur qiladi. Qiz bu nomusga chiday olmay uyiga kelib o‘ziga o‘t qo‘yadi. Qiz bu bilan o‘zicha isyon etadi. Lekin uning bu isyonini atrofdagilar to‘g‘ri qabul qilishmaydi. Aksincha, «buzilgan ekan, sharmandalikdan qo‘rqibdi», deb xukm chiqarishadi. Agar qizning tuyg‘ulari kuchli bo‘lmaganida u dardni yig‘i bilan yengardi yoki muallima bilan gap talashib bo‘lsa-da, o‘zini himoya qilardi.
Quriyadagi jahon birinchiligida ishtirok etgan Turkiya terma jamoasida Umid Davala degan futbolchi o‘zining mahoratli o‘yini bilangina emas, sochi bilan ham ko‘pchilikning diqqatini tortgan edi. Uning sochi xuddi jo‘jaxo‘rozning tojini eslatardi. O‘smirlikda mashhur kishilardan birini yoki bir nechtasini «kumir» deb bilib, unga o‘xshashga intilish bo‘ladi. (Kumir -asli majusiylarning sanamga topinishi ma’nosini bildiradi. Hozir biror kimsaga g‘oyat ravishda ko‘ngil qo‘yib, uni joni-diliday ko‘rib, unga sajda qilish darajasida yaxshi ko‘rishi tushuniladi.) Turkiyalik bir yigitcha uchun bu futbolchi «kumir» ekan. Umid Davalaga o‘xshash havasi bilan sartaroshga borib sochini jo‘jaxo‘rozning tojiday qilib oldiribdi. Bu ishi otasiga yoqmay sochini oldirib tashlashni talab qilibdi. Ota-bola orasidagi kelishmovchilikning yakuni - bola isyon qilib, o‘zini osibdi. Bu satrlarni o‘qib «shunaqa ahmoqlar ham bo‘ladi», dersiz. To‘g‘ri, bolaning ishi ahmoqlik. Lekin, biz aqllilar uning aqlsizligi sababini nega vaqtida tushunmaymiz?
Shunga o‘xshagan voqea o‘zgacha yakun topganiga kamina guvoh bo‘lgan edi. Ota sartaroshga «o‘g‘lim kelsa sochini tag-tugi bilan olib tashlang», deb iltimos qilib ketadi. Sartarosh uning iltimosini ado etadi. O‘g‘il bundan g‘azablanadi, lekin u futbolchining ixlosmandi yo‘lini tanlamaydi. Uning isyoni bo‘lakcha - ikki o‘rtog‘i bilan kechasi kelib sartaroshxonani vayron qilib tashlaydi. Bu ishi uchun qamalgan bola bilan suhbatlashganimda u qilmishidan mutlaqo afsuslanmadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:54:07

«Sartarosh jazolanishi kerak edi, men uni jazoladim»,- dedi faxr va mamnuniyat bilan. «Bu otangning talabi bilan bo‘lgan-ku?»- degan so‘rog‘imizga: «Otam ham bundan buyon mening hayotimga o‘ylab aralashadigan bo‘ladilar»,- deb javob qaytardi.
Bular nima: O‘jarlikmi? Nodonlikmi? Ojizlikmi? Ha, o‘jarlik. Ha, nodonlik. Ha, ojizlik... Eng muhimi o‘smirning hayotda da’vo qilayotgan o‘z o‘rni uchun kurashi. Bu kurashda yengib chiqish uchun u har qanday choradan foydalanishga tayyor. Biz bu kurashning mohiyatini anglab, uni hayot-mamot jangiga aylantirmay, ba’zan chekinishimiz ham kerak. Urushda dono sarkardalar faqat xujum bilan emas, balki tadbir bilan ham yengadilar. Tarbiyada xujumni afzal biluvchilar unutmasinlarkim, bunday «jang»da farzandlar qalblaridan yaralanadilar. Yaralangan qalbga malham topa olamizmi? Bu majruh qalbni davolay olamizmi? Yaralash oson. Tuzatish-chi?
Yuqorida bayon qilganimiz o‘z-o‘zini o‘ldirish voqealarining o‘rganayotgan mavzuimizga aloqasi yo‘q, dersiz. Asti unday emas. To‘g‘ri, biz jinoyatga olib borishi mumkin bo‘lgan yo‘llarni kuzatyapmiz. O‘z-o‘zini o‘ldirish esa jinoyatning ayni o‘zi. Bunday qotillikni barcha dinlar qoralaydilar. Biz- musulmonlarda janoza o‘qilmaydi, nasarolarda bular hatto qabristonga kiritilmaydi, tashqariga ko‘miladi. Sharafli hadisda rivoyat qilinishicha, g‘azotda nom chiqargan lashkarga havas qilib sahobalar: «Ey Ollohning rasuli, bu odam jannatimi?» deb so‘raganlarida payg‘ambar alayhissalom: «Do‘zaxi», deb javob bergan ekanlar. Sahobalar bu javobning ma’nisiga yetmay yurgan kunlardan birida, og‘ir jangda o‘sha jangchi yaralanibdi-da, og‘riqdan qutulish maqsadida o‘z ko‘ksiga xanjar sanchib, jon beribdi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:54:52

Islom yo‘lida jonbozlik qilganlari ham inobatga olinmay do‘zaxi qavmida ketgan ekan. Avval aytganimizdek, atrofdagilarga isyon sifatida har bir o‘smir ham o‘zini o‘zi o‘ldiravermaydi va biz ortiqcha vahima qilayotganimiz yo‘q. Maqsad - o‘smirning ruhida kechuvchi har qanday o‘zgarishga nisbatan e’tiborni tortmoqlikdir.
O‘smirning biologik tomondan tez o‘sishini aytdik. Atrof-muhitni anglashi, ya’ni ijtimoiy jihatdan kamolga yetishuvi esa bu o‘sishdan ancha ortda qolgani sababli kattalar bilan ziddiyat kelib chiqadi.
Endi tasavvur qilaylik: ota va o‘g‘il yonma yon turishibdi. Ko‘zlari bir nuqtaga qadalgan. Bu nuqtani «borliqni baholash», deb ataylik. O‘g‘il biologik va ijtimoiy yetuklik orasidagi farqni ajrata olmaydi - ota esa bu ikki yetuklikni farqlaydi. O‘smir biologik va ijtimoiy yetuklikni bir deb biladi - Ota o‘g‘lini hali kamolga yetmagan shaxs sifatida ko‘radi. O‘g‘il balog‘at yoshiga yetganini anglab, o‘zini kattalar safida ko‘rishni istaydi - ota o‘g‘ilning bu da’vosini inkor etadi.
Ayni shu nuqtada farzand va ota-ona orasida kelishmovchilik, hatto kuchli ziddiyat paydo bo‘ladi. O‘smir o‘zini kamsitilgan hisoblaydi, ko‘ngli og‘riydi. Kamsitgan odamga nisbatan, agarchi u ota yoki onasi bo‘lsa-da, nafrat uyg‘onadi. Kattalarning mehribonliklari ham yoqmay qoladi, hatto g‘ashini keltira boshlaydi. O‘zini katta, mustaqil odam ekanini isbot etish chorasini izlaydi (Sartaroshxonani vayron qilgan bolani eslaylik). Odob doirasidan uzoqlasha boshlaydi. Kattalarning illatlaridan nusha ko‘chirishga urinadi. (Chekishga yoki mayxo‘rlikka o‘rganish bunga misoldir).

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:55:04

Bu o‘rinda ota-ona munosabatining ikki hil ko‘rinishini kuzatamiz. Bir toifa bolasini hali ham go‘dak fahmlaydi va hayot yo‘llarida doimo qo‘lidan ushlab, yetaklab yurishni xohlaydi. Boshqa toifa esa «bolam endi katta bo‘lib qoldi», deb uni o‘z holiga tashlab qo‘yadi. Bizningcha, har ikkala yo‘l ham xatarlidir. Tarbiyachi olimlar orasida «Bola emas, katta ham emas», degan ibora yuradi. Mana shu narsa ham ziddiyat keltirib chiqaruvchi omildir. Biz bolamizni tergasak: «Endi yosh bola emassan, kallangni ishlat!» deb tanbeh beramiz. Boshqa holatda esa «Sen hali yosh bolasan, bunaqa ishlarga aqling yetmaydi», deb kamsitamiz. Holbuki bu davrga kelib, farzandimiz biz sezmagan darajada ma’lum oqilikka ham ega bo‘ladi.
Roviylar aytmishlar: «Podshohning o‘ng tomonida o‘z o‘g‘li, chap yonida xos xizmatkorining farzandi o‘tirishardi. Podshoh o‘g‘lidan so‘radi-ki:
-O‘g‘lim, sen bu foniy dunyoda nimalarni orzu qilursan, ko‘ngling nimalarni qo‘msaydur?
-Molu mulkim behadligi bilan shuhrat qozonmoqlikni, hamisha sharob ichmoqligu beto‘xtov shikorlarga chiqmoqlikni, ayshu-ishrat dengizidan suzmoqlikni orzu qilurman,-dedi shahzoda.
Shunda podshoh mazkur savolni xos xizmatkorning o‘g‘liga berdi.
-Davlatpanohim, men shafqatli va marhamatli, xayr-sahovatli bo‘lmoqlikni, xalqqa xizmat etmoqlikni, jamiyatga foyda yetkazmoqlikni, barchaning mehru muhabbati, olqishini olishga yetishmoqlikni orzu qilaman,-debdi xizmatkorning o‘g‘li.
Hikoyatdan muddao shulki, har ikki farzand olamni o‘z otasining yonida turib ko‘rdi va unda shunga yarasha dunyoqarashi shakllandi. Ularning aytganlari shunchaki havoga uchuvchi orzular emas. Aynan shu orzular ularning hayot yo‘llarini belgilaydi. Qobil farzand - ota-onasi uchun misli gavhar bo‘lsa, noqobil farzand ular bo‘ynini bo‘g‘ib turuvchi misli ilondir, deydilar. Uning gavhar yoki ilon bo‘lmog‘i bizning tilimizdan uchuvchi so‘zlarning ma’nisiga, bosajak qadamimizning pok yoki nopokligiga bog‘liq.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:55:32

Donolar derlarkim: «Farzand - ota-ona uchun jondir. Bordi-yu, farzand noqobil bo‘lsa - ozori jondir. Yomon farzand ota-ona uchun badandagi og‘riq barmoqdir. Kesib tashlasa og‘rir, kesmasa yana bir balodir. Farzand ota-ona ko‘zining mehrgiyosi bo‘lsa ham, noqobili xas-xashak bilan barobardir. Demishlarkim, agar farzand yomon yo‘lga kirsa, unday farzandning boridan yo‘g‘i yaxshidir. Biron a’zoni ilon chaqib olsa, o‘sha yer kesib olib tashlanmasa, odam o‘lim topadi...»
Albatta, donolar fikri anchayin qat’iy va ayovsiz ko‘rinadi. Lekin nachora? Ota yoki ona juda kamdan kam hollarda farzandidan voz kechadi. Agar ilon chaqqan yerni kesib tashlamoq fikrini bugungi kun tiliga o‘girsak - yomonlikni kasb etgan farzandning qamoqqa hukm qilinishi yoki bevaqt o‘lim topishi bo‘lib chiqar? Har nima bo‘lganda ham bundan Ollohning o‘zi asrasin!
Farzandimizning bolalikdan o‘smirlik olamiga qadam tashlashi muborak bo‘lsin. U o‘zini o‘zi anglay boshladimi, bilaylik-ki, bu ham ulug‘ ne’matdir. U ulg‘ayganini bildirmoqchimi, marhamat qilaylik, ko‘kragidan itarmay, safimizga olaylik. Farzand - talablarimizni so‘zsiz bajaruvchi qul emas. U ham fikrlovchi ongli inson. Bizning talablarimiz esa hamma vaqt ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi.

QIL KO`PRIK

 Qozonga yaqin yurma"¢

 «Mening do‘stimni bilmaysiz»"¢

 Ikki ko‘zi do‘st uchun fido"¢

 «Birinchi paxan»"¢

Qayd etilgan