Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90354 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 19 B


AbdulAziz  24 Fevral 2010, 08:11:39

Jinoyatning uzun yo'li



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 399 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Fevral 2010, 08:13:18


Bugun mamlakatimizda Tohir Malik kitoblari kirib bormagan xonadon yo‘q hisobi. "œShaytanat", "œAlvido, bolalik", "œSo‘nggi o‘q"... Adib asarlarida jinoyatchilik olami, uning qullariga aylanib qolgan bandalar fojiasi, ayniqsa, yoshlar, o‘smirlarning ushbu jirkanch muhit to‘riga tushib qolganlari tahlil qilinadi.

E’tiboringizga havola qilinayotgan "œJinoyatning uzun yo‘li" risolasida o‘smir-yoshlarning to‘g‘ri yo‘ldan adashishlari sabablari haqida mulohaza yuritilgan. O‘ylaymizki, sevimli yozuvchingizning ushbu asari ham Sizda katta qiziqish uyg‘otadi.

Tohir MALIK

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:32:43

Tohir MALIK

JINOYATNING UZUN YO‘LI

OSTONA

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Bizlarni yaratgan, bu kunlarga yetkazgan, farzandu nabiralar bergan robbimiz Ollohga behisob-behisob ravishda hamdlarimiz bo‘lsin. Olloh taoloni poklab yod etganimiz holda bermish eng ulug‘ ne’matlari — farzandu nabiralarimizni yomon nazarlardan, qora niyatlilarning qora niyatlaridan, zolimlarning zulmidan hamisha asramog‘ini, sog‘lik va omonlik, iymon va diyonat bilan voyaga yetmoqliklarini nasib etmog‘ini so‘rab duolar qilamiz.
Farzandlar haqqiga duo qilib so‘z boshlashimiz bejiz emas. Mazkur risolani qo‘lga olgan siz — azizlarning biringiz ehtimol kechagina to‘ng‘ich farzandingiz yoki nabirangizning tug‘ilishi munosabati bilan suyunchilar ulashgandirsiz. Biringiz o‘g‘lingiz yoki qizingizni unashtirib, ularga Ollohdan baxt tilayotgandirsiz. Fursatdan foydalanib, biz ham sizga qo‘shilib ularni duo qilamiz. Yaratgan Olloh ko‘p qatori ularga ham shirin-shirin farzandlar bersin.
Xonadonda farzandning tug‘ilishi — Olloh nasib etgan ulug‘ ne’matga ega bo‘lish beqiyos baxt hisoblanadi. Bola tug‘ilishi bilan ota bilan onaning, bobo bilan buvining va boshqa qarindoshlarning qalbida shirin bir umid ham tug‘iladi. Endi xonadon kelajakda ushalajak umid bilan yashay boshlaydi. Bu umid ba’zan tilga ko‘chadi: "œFarzandimiz falon-falon martabalarga erishsin..." kabi niyatlar aytilib, duolar qilinadi. Farzand ulg‘aya borgan sayin qalbdagi umid qanotlarini keng yoyaveradi.
Ana shunda... Xudo ko‘rsatmasinu... ammo kimlarningdir qalblaridagi umid qanotlari bexos sinadi. Kutilajak baxt qora tunga, shodlik qayg‘uga aylanadi.
Ana shunda... "œBu fojiaga kim sababchi?" "œFojia qachon boshlangan edi?", degan savollarga javob izlash boshlanadi.
Ana shunda... Aybni o‘zimizdan emas, boshqalardan qidiramiz.
Qalbda shirin umidning tug‘ilgani yaxshi. Xayrli duolar yanada yaxshi. Biroq, farzandning baxtiyorligi uchun bu kifoya emas.
Hech kim bolasi tug‘ilganida "œBolam o‘g‘rilikni kasb etsin" yoki "œGiyohvandlarga qo‘shilsin", deb umidvor bo‘lmaydi. Duo ham qilmaydi. Afsuskim, ayrim hollarda yaxshi umidi ushalmay, kutmagani bir fojiaga yo‘liqib, dog‘da qoladi.
Nega shunday?


Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:33:42

Yaqinda sud idorasida bir kishining ho‘ngrab yig‘lagani diqqatimni tortdi. U sud hukmidan norozi bo‘lib, "œO‘g‘lim o‘g‘ri emas, u mollarni sotgan xolos, o‘g‘irlanganini bilmagan", deb yig‘lardi. Unga kimdir achinardi. Kimdir esa... Biz ham achinamiz. Har holda o‘zi yemay yedirib, o‘zi kiymay kiydirib, bolasining oyog‘iga tikon kirsa o‘z qalbi yaralangan ota yoki onaning bunday fojiaga duch kelgandagi ahvolini tushunish kerak. Lekin bu jinoyatga olib kelgan u z u n yo‘lni ham diqqatdan qochirmaslik lozim. Biz "œuzun" so‘ziga bejiz urg‘u bermadik. Shunchaki "œJinoyat yo‘li", deb qo‘ysak ham bo‘lardi. O‘ylab qaralsa, bayon qilganimiz jinoyatning tarixi uzun emasdek: kimdir o‘g‘irlik mollarni olib kelib berganu yigitcha sotayotganida qo‘lga tushgan. Bu voqea uchun ota yoki onani ham ayblab bo‘lmas. Lekin masalani chuqurroq tahlil etsak, o‘zgacha manzarani ko‘ramiz.
Bu voqeaning tahliliga nasib etsa yana qaytarmiz. Hozir esa risolani yozmoqdan maqsadimizni anglatsak: demak, jinoyatning yo‘lini "œuzun" deb izohladik. Xo‘sh, bu uzun yo‘l qachon va qaysi nuqtada boshlanadi? Hech bir bola jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmas ekan, hech bir ota-ona farzandining yomon yo‘llarda sanqishini orzu qilmas ekan, hayot yo‘lining qaysi nuqtasida noxush burilish sodir bo‘ldi? Bu burilishni kim birinchi bo‘lib payqashi, kim birinchi bo‘lib chora ko‘rmog‘i joiz edi? Ota-onami, maktabmi, militsiyami yo qo‘ni-qo‘shnilarmi? Mazkur risola orqali sizlar bilan shu xususda bahs yuritishni niyat qilganmiz. Avvaldan uzr so‘rab aytamizki, maqsadimiz siz azizlarga aql o‘rgatish emas. Mazkur risolani qo‘lga oluvchilar orasida hayotning eng murakkab muammolariga ham javob topishga qodir donishmand birodarlarimiz borligini hozirdan sezib turibmiz. Biz ham ko‘p qatori hayotni, xususan o‘smirlar hayotini, yanada aniqroq aytsak, jinoyat olamiga kirib qolganlar hayotini kuzatib, tahlil qilib, ma’lum bir fikrlarga kelganmiz. Bayon qilajagimiz fikrlar sizlarni balki o‘ylantirar, balki rad etarsiz. Shu bois ham risoladan maqsadni sizlar bilan g‘oyibona tarzda bo‘lsa ham bahslashmoqdan iborat, deb belgiladik.
Demak, siz bilan bizni qiziqtirgan dastlabki masala:

BURILISH NUQTASI yoki "œKim aybdor?"

 "œFalonchi"ning kasri

 Bigizga aylangan to‘g‘nag‘ich

 O‘g‘rining bolasi — o‘g‘rimi?

 O‘g‘il isyon etdimi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:35:48

Masalani "œburilish nuqtasi" deb belgiladigu ammo, bunga hech kim aniq javob berolmasa kerak, deb o‘ylaymiz. Har bir jinoyat yo‘lining o‘ziga xos boshlanish nuqtasi mavjudligi ma’lum. Uni belgilashda ota-ona bir, maktab boshqa, militsiya esa, o‘zga fikrda bo‘ladi. Yuqoridagi voqeaga qaytsak, militsiya uchun muhimi — o‘g‘irlik mollar sotilayotgan paytda jinoyatchi qo‘lga olindi. Sotuvchi o‘smir maktabda yaxshi o‘qiganmi, otasining gapini ikki qilmaganmi kabi masalalar militsiyani mutlaqo qiziqtirmaydi. Agar bu voqeadan maktab ahli xabar topsa "œOtasi bolaning o‘qishidan boxabar bo‘lib turganida, maktabdan chiqarib olmaganida boshiga bu tashvish tushmas edi", degan xulosaga kelishadi. Demak, ular to‘g‘ri hayot yo‘lining jinoyat so‘qmog‘iga buriluvchi nuqtasini aynan bolaning maktabdan ketgan onidan deb belgilashadi. Ota-ona esa bolaning bozorda "œfalonchi" bilan topishib qolgan kunini la’natlashadi. "œO‘sha "œfalonchi" bilan yaqinlashmaganida bu ko‘rgilik yo‘q edi", degan to‘xtamga kelishadi.
Bizningcha esa, bu baloli yo‘lning boshlanishini ancha ilgariroqdan izlash kerak bo‘ladi. Bir rivoyatni turli xilda ko‘p eshitamiz: ota donishmanddan "œBolamning tarbiyasini qachon boshlay?" deb so‘rabdi. "œBolangiz necha yoshda?" deb qiziqibdi donishmand. "œBir oylik bo‘ldi", degan javobni eshitgan donishmand: "œBir oy kechikibsiz", degan ekan. Bu gap ayrimlarga shunchaki olib qochishdek tuyuladi. Ko‘pchilik bolani tug‘ilgan onidan boshlab qanday tarbiya qilish mumkinligini tasavvur eta olmaydi. Bola uch kunligidayoq onasini boshqalardan ajrata olishi to‘g‘risidagi haqiqatga ham ayrimlar ishonishmas. Unda mana bu ilmiy tadqiqotga nima deymiz? Tadqiqotchi olimlar bir homilador ayolga har kuni ayni bir vaqtda faqat bitta ertakni so‘zlashgan. Bola tug‘ilib, olti yoshga yetganda turli ertaklarni so‘zlab bera boshlashgan. Ayol homiladorlik davrida tinglagan ertakka gal kelganida, dastlabki jumlalarni eshitiboq bola "œMen bu ertakni bilaman", deb so‘zlab bergan. Bu rivoyat emas, ilmiy haqiqat! Demak, bola onaning qornida ekanidayoq tashqi dunyo bilan aloqada bo‘lar ekan. Shundanmikin, donishmandlar "œtarbiya bola tug‘ilmasidan avval boshlansa yanada yaxshi", deyishgan ekan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:36:03

Roviylar derlarki, bir shaharning meshkobchisi taqvodor donishmandga arz qilibdi: "œO‘g‘lingiz har kuni bigiz bilan meshlarimni teshyapti. Sizday ulug‘ odamning farzandiga shu ish munosibmi?" Donishmand mulzam bo‘lib, uzr so‘rabdi, meshlarning haqqini to‘labdi-da, xotinini chaqirib voqeani bayon qilibdi. So‘ng "œBiz bolamizga bunday tarbiya bermagan edik. Luqmasiga harom aralashib qolmadimi ekan?" — deb so‘rabdi. Xotini picha o‘ylagach: "œEy xojam, siz nima topib kelgan bo‘lsangiz biz o‘shanigina yeymiz. Bizdan gumoningiz noo‘rindir", — debdi. Donishmand esa: "œMen uyga harom luqma keltirganimni eslay olmayapman. Tongga qadar yana o‘ylaylik",- debdi. Tongda xotini aybdor odamning siniq ovozi bilan debdi: "œEy muhtaram xojam, bir voqeani bexos yodladim: shu bolaga homilador ekanimda mehmonga borib edim. Dasturxon noz-ne’matga to‘la edi. Undagi po‘rtaxo‘l (apelsin) ishtahamni qitiqlab, nafsimni o‘zimga hukmron qilib qo‘ydi. Eshitib edim-ki, homiladorlik chog‘ida ayol yegisi kelgan narsadan tatib ko‘ra olmasa bolasi nogiron bo‘lib tug‘ilmog‘i mumkin ekan. Mezbon nechundir "œoling, yeng" demadi. Nafsim esa, tinchimadi. Oqibat, mezbon chiqib ketgach, po‘rtaxo‘lni qo‘limga olib, to‘g‘nag‘ich ignasi bilan asta teshdim-da, bir tomchi sharbatini simirdim. So‘rab olinmagani uchun balki shu luqma harom bo‘lgandir?" Xotinining iqrorini eshitgan taqvodor donishmand: "œHa, barakalla! Anglab yetibsiz. Siz o‘n yil avval rizoliksiz qo‘lga olgan kichkina po‘rtaxo‘l bugun katta meshga, to‘g‘nag‘ichingizning kichkina ignasi esa, endi o‘g‘lingiz qo‘lidagi bigizga aylanibdi. Tezda o‘sha xonadonga boring-u voqeani bayon qilib, o‘sha bir tomchi sharbat uchun rozilik oling", — degan ekan.
Hali tug‘ilmagan bolaning tarbiyasi haqida gapirilganda istaymizmi-istamaymizmi, nafs va luqmai halol haqida o‘ylab ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi. Bolani halol yo‘l orqali topilgan osh-non bilan taomlantirmoqlikning afzalligi haqida barcha zamonlarda, barcha jamiyatlarda, barcha dinlarda ta’kidlanib kelingan. Harom yo‘l bilan, ya’ni, birovning haqiga xiyonat qilib, kimnidir norizo etib topilgan nonning oqibat halokat keltirmog‘idan ogohlantirishgan. Birov bu ta’kidlarga, bu ogohlantirishlarga quloq tutgan. Luqmaning halolligiga qat’iy rioya qilgan. Bir emas, yarim kosa taom bilan kifoyalangan, yilda uch-to‘rt emas, ikki-uch yilda bir yangi kiyim kiygan, sabrni har narsadan ustun qo‘ygan va buning evaziga ikki dunyo saodatini topgan. Boshqa birovlar esa, bu ta’kid, ogohlantirishlarni nazar-pisand qilmagan. Oqibatda ham jismoniy, ham ruhiy azoblar bilan «taqdirlangan».

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:36:14

Bir rivoyatni aytib berishgan edi. Insonning tarbiyasi uchun foydali, deb o‘ylaymiz. Hali tug‘ilmagan bolani halol luqma bilan ta’minlash haqidagi fikrimizni shu rivoyat bilan quvvatlantirishni lozim topdik:
Bir bola yurtning donishmand kishisiga salom bergan ekan, u zot alik olib "œHa, haromi, senmisan", — deb qo‘yibdi. Bu gapdan bolaning ko‘ngli og‘rib, uyiga yig‘lab boribdi. Bolaning otasi voqeadan ogoh bo‘lgach, ajablanib, Donishmandga uchrab debdiki: "œEy hurmatli zot! Meni xotinimga o‘zingiz nikohlab qo‘ygan edingiz. Bizning farzandimiz nechun haromi bo‘lsin?" U otaning norizoligiga javoban aytibdiki: "œNikohlab qo‘yganim rost. Ammo, falon yilning falon kuni sen ko‘chadan o‘taturib katta bir o‘tinni ko‘rdingu uni uyingga olib kelding. Xotining shu o‘tinni yoqib taom pishirdi. Ikkoving shu taomni yedilaring va qo‘shildilaring. Buning oqibatida shu bolang tug‘ildi. O‘ylab ko‘rchi, o‘sha o‘tinni sen halol yo‘l bilan topib, uyingga keltirganmiding?"
Deydilarki, "œQush uyasida ko‘rganini qiladi". Izoh berishimiz mumkinki, qush hali uyasida ko‘rmasidanoq nimalar qilishni biladi. Inson bolasiga kelsak, aytadilarki, bola uyida namoz o‘qiyotgan ota-onasini ko‘rsa u ham shunga ergashadi. Chekayotgan yoki ichayotgan ota-onani ko‘rib ularga taqlid qiladi, ularning qilig‘ini qaytaradi. Bolalarning "œmehmon-mehmon" o‘yinini kuzatsangiz bunga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Bola nihoyatda sinchkov, nihoyatda kuzatuvchan bo‘ladi. Siz bilan biz e’tibor qilmagan harakatni darrov o‘zlashtiradi, siz bilan biz e’tiborsiz aytib yuborgan so‘zni qulog‘iga darrov quyib oladi. Lekin namozxonning bolasi hamisha ham namozxon bo‘lavermaydi, aroqxo‘rning bolasi esa, aroqxo‘rlikni kasb qilmaydi. Bunga nima deymiz? Ko‘p hollarda ziyrak bolalar aroqxo‘rlikning halokatli oqibatini yosh ekanliklaridayoq tushunib yetadilar. Otalarining yoki onalarining bu sharmandali hollaridan uyaladilar. Aroqxo‘rlikka qarshi qalblarida nafrat uyg‘onadi va ular shu nafrat bilan ulg‘ayib, bu illatdan uzoqlashadilar. Endi namozxonning benamoz far
zandlari haqida so‘zlasak: ulamolardan biridan "œIlmli, hatto qori odamlarning farzandlari nima uchun e’tiqodsiz chiqib qolishadi?" — deb so‘raganimizda u janoblari "œO‘sha ilmlilar tomoqlaridan o‘tayotgan taomning halol yoki haromligiga bee’tibor bo‘lganlar. Bu demak, ilmlariga amal qilmaganlar. Buning mukofotini esa, farzandlari orqali oldilar",- deb javob qaytardilar. Biz bu javobdan qanoatlandik. Sizga ham bu xulosa ma’qul tushar, deb o‘ylaymiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:36:38

Tibbiy jihatdan, aniqrog‘i irsiyat qonunlari doirasida kuzatadigan bo‘lsak, ota-onalarda mavjud xafaqonlik, sil, qand kabi xastaliklar oradan yillar o‘tib farzandda bosh ko‘taradi. Ota-onaning tashqi ko‘rinishlari, ovozi, hatto yurish yo‘sini ham farzandga ko‘chadi. Shunday ekan, fe’l-atvori ham o‘tishi ma’lum. Ayni shu o‘rinda bahsli mulohaza uyg‘onishi mumkin: demak, o‘g‘rining bolasi o‘g‘ri, to‘g‘rining bolasi to‘g‘ri bo‘larkan-da? Farzand ota-onasining yomon illatlaridan qutula olmas ekanda? Biz bu da’voni inkor etuvchilar qatoridamiz va avvalroq bayon etgan fikrimizda sobit qolamiz. Hindlarning "œDaydi" degan bir filmi bo‘lardi. Raj Kapurni ilk marta tanitgan bu filmni o‘tgan asrning elliginchi yillarida odamlar yig‘lab-yig‘lab tomosha qilishardi. Filmda muhim ijtimoiy masalalar kun tartibiga qo‘yilgan edi. Jaga ismli o‘g‘ri sudyaning "œO‘g‘rining bolasi o‘g‘ri bo‘ladi", degan shiorini yo‘qqa chiqarish uchun uning o‘g‘lini o‘g‘ri qilib tarbiyalaydi.
Shoirlar hayotni gulshanga qiyoslashadi. Chindan ham jinoyatlardan xoli hayot beqiyos darajada go‘zaldir. Ammo, afsus shuki, bu gulshan orasida tikanaklar ham mavjud. Diyonat olami bilan yonma-yon shaytanat olami ham yashaydi. Ular orasida mustahkam devor yo‘q. Adashgan banda, ayniqsa yosh chog‘ida shaytonlar yetovidagi olamga o‘tib qolishi mumkin. Bu olamning faqat bitta yo‘lagi bor. Bu yo‘lak har qanday odamni xorlik dashtidagi o‘lim changaliga olib boradi.
Yusuf Tovasliy hazratlari bir rivoyat aytadilar:
Xalifa hazrat Umar yaqinlari bilan suhbat qurib o‘tirganlarida bir keksa odam xonaga o‘g‘lini boshlab kirib shikoyatini bayon qilibdi:
— Ya Amiral-mo‘’minin! Ko‘rib turganingiz bu yigit kaminaning o‘g‘lidir. Ammo, u farzandlik burchidan bo‘yin tovlaydi, so‘zlarimga quloq osmaydi.
Bu shikoyatni eshitib ajablangan hazrat Umar nobop o‘g‘ilga xitob qilibdilar:
— Ey o‘g‘il, sen Ollohdan qo‘rqmaysanmi! O‘g‘ilning otaga qarshi chiqmog‘ini qaydan o‘rganding? Otangning senda haqlari bor, ularni qanday uzmoqchisan?
Yigit bir oz mulzam bo‘lgani holda asta javob qaytaribdi:
— Menga bag‘oyat to‘g‘ri tanbeh berdingiz, ya Amiral-mo‘’minin. Otaning o‘g‘ilga bo‘lgan haqlari benihoyadir. Ammo, farzandning ham ota-onada haqlari bormi? Otaning o‘g‘il oldida burchlari yo‘qmi?
O‘g‘ilning itoat hududida turib, donolik bilan bergan savoli hazrat Umarni ta’sirlantirib, u zot batafsil javob qaytaribdilar:

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:36:50

— Shubhasizki, otaning burchlari mavjud. Bu burchlarning ayrimlariga hali bola tug‘ilmasidan avval rioya etmoqqa majbur. Xususan, uylanish vaqti kelganida nomusli ayolni nikohiga olishi kerak, toki bola tug‘ilgach, onasining o‘tmishidan uyalmasin. Farzand tug‘ilgach, unga yaxshi ism qo‘yishi joiz, toki bola o‘zining ismini eshitganida izza chekmasin. Bolaga yaxshi tarbiya berishi, xususan, aqli yetganicha dinni o‘rgatmog‘i shart, toki farzand bolalik chog‘idanoq to‘g‘ri yashamoqlikning sirlaridan xabardor bo‘lsin, hayotning tikonli so‘qmoqlarida qoqilib aziyat chekmasin. So‘ng esa, uylanish yoshiga yetganida besabab paysalga solmay, aqlli, iffatli, bokira qizga uylantirishi zarur. Buning aksi bo‘lsa, farzandiga yomonlik qilgan bo‘ladi. Chunki ota-onaning yomon fe’li bolaga ham o‘tadi. Shuning uchun nomus ahlidan birini topish ota-ona burchidir.
Hazrat Umarning javobini eshitgan yigit, so‘zlamoqqa izn so‘rab debdiki:
— Ayni hikmatlarni so‘zladingiz, ya Amiral-mo‘’minin. Ammo, haqiqat shuki, siz bayon etganlarning hech birini otam ado etmaganlar. Bu burchlarini bajarmaganlar. Onam bo‘lmish ayolni qul bozoridan sotib olib, fe’l-atvorlarini, nasl-nasablarini bilmaganlar. Siz chiroyli ism qo‘ymaklikni ta’kid etdingiz. Otam esa "œJual", (ya’ni sahroning qora qo‘ng‘izi) deb ism qo‘yganlar. Tarbiya bermakni, dinni o‘rgatmaklikni butkul unutganlar. Yoshim anchaga bordi, biroq, uylantirish haqida o‘ylamaydilar.
Yigitning so‘zlaridan ta’sirlangan hazrat Umar shunday debdilar:
— Ey odam! Sen o‘zingni "œotaman" deb da’vo qilyapsan. Yana "œO‘g‘lim menga isyon qiladi, gaplarimga quloq solmaydi, menga azob beradi", deb noliyapsan. Aslida esa, sen o‘g‘lingga isyon etgansan. O‘g‘lingga yomonliklarni ravo ko‘ribsan. Unga sen o‘zing jafo qilibsan. Xatoni sen qilgansan. Endi men senga nimani ravo ko‘rishim mumkin? Endi senga men qanday yordam beray? Endi harna bo‘lsa ham chidaysan — boshga tushganni ko‘z ko‘rar. O‘zingga o‘zing yomonlikni ravo ko‘ribsan, boshqalardan ayb qidirma...
Rivoyatdan ma’lum bo‘lyapti-ki, biz izlayotgan jinoyat yo‘liga burilish nuqtasini faqat onaning homiladorlik vaqtidan emas, balki undan ancha ilgariroqdan izlasak ham bo‘lar ekan. Sharafli hadislarning birida zikr etilishicha, bola pok ravishda tug‘ilarkan. Uning oqibatda mo‘’min yoki kofir bo‘lmoqligi esa, ota-onaning tarbiyasiga bog‘liq ekan. Mazkur mazmunni suhbatimiz mavzuiga ko‘chirsak, bolaning to‘g‘ri yoki jinoyat yo‘lini tanlashi ota-onaning hatti-harakati bilan belgilanarkan. Aybdorlarni maktabdan yoki militsiyadan qidirmog‘imizda esa, ma’no yo‘qligini inkor etmasak ham bo‘lar. Zotan, ma’lum nuqtalarda ularning xatosi tufayli ham asosiy burilish nuqtasi sodir bo‘lmog‘i mumkinki, bu haqda ham o‘rni kelganda fikrlashamiz. Mazkur bobga yakun yasashdan avval uzoq tarixga ega bo‘lgan, ko‘pgina manbalarda turli ko‘rinishda zikr etilgan rivoyatni eslaymiz:

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:37:01

Uch-to‘rt yoshli go‘dak qo‘shnisinikidan tuxum olib chiqib onasiga beradi. U bu qilmishining o‘g‘irlik ekanini bilmaydi. Tuxum ko‘ziga chiroyli ko‘ringani uchun olgan. Harom va halolning farqiga borishi lozim bo‘lgan, ammo, bunga amal qilmaydigan johil ona esa, bolasini qaytarish o‘rniga tuxumni uning qo‘lidan olib:
— Mening aqlli bolaginam, onasiga mehribon shiringinam, — deb alqaydi.
Bola esa, qo‘shnisinikidan tuxum (o‘g‘irlab) olib chiqishni odat tusiga kiritadi. Chunki onasining maqtovlaridan bu ishni xayrli deb biladi. Oqibatda bola ulg‘aygani sayin o‘g‘irlik miqdori ham orta boradi. Tuxumdan tovuqqa, tovuqdan qo‘yga... Nihoyat, u ashaddiy jinoyatchiga aylanadi-yu, qo‘lga tushib o‘limga hukm qilinadi. Ona esa yolg‘iz o‘g‘liga shafqat qilishlarini so‘rab yolboradi. Onaning iltijolari e’tiborsiz qoldirilib, o‘g‘ri yigit dor ostiga keltirildi. Unga: "œSo‘nggi tilagingni ayt, bajaraylik", — dedilar. Yigit: "œO‘limim oldida onajonimning tillaridan bir o‘pay", — deb iltimos qildi. Onani yaqin keltirdilar. Yigit onasining tilini o‘pish o‘rniga tishlab uzib tashlaydi. Olomon: "œBu qattol buncha bemehr ekan", — deb uni la’natlaydi. Shunda yigit: "œMeni jinoyat yo‘liga burib, dor ostiga olib kelgan shu tildir. Avval u jazo olmog‘i kerak edi", — degan ekan.
Endi bozorda o‘g‘irlik molni sotib jazolangan yigitning otasini eslaylik: uning tili farzandiga "œBolam, sen hali yoshsan, bozorga intilaverma. Bozor shaytonning masjidi ekan, unda har turli nayranglar borki, yaxshi yomonni ajratishga hali sening murg‘ak aqling zaiflik qiladi. Birov senga molini arzonroqqa sotishga intilsa, bilki, u mol gumonlidir. Ko‘proq foyda olish hissi ko‘zlaringni ko‘r qilib qo‘ymasin..." — dedimi ekan? Demagandir... Bu kabi tanbehlarni kim berishi kerak edi? Ota ayblayotgan militsiyami yoki sud idorasimi yoki maktabmi? Yigit belgilangan jazo muddatini o‘tab chiqqanidan keyin shubhasiz, bo‘lib o‘tgan voqea oilada muhokama qilinadi. Ajab, ular qanday xulosaga kelishar ekan? Ota yoki ona "œBolam, endi bozorga yo‘lama, bu sen qiladigan ish emas ekan", deyisharmikin? Bizningcha, ular to‘g‘ri xulosa chiqara olmasalar kerak. Aksincha, qamoqdan qutqarib qolishga yoki boshqa ishlarga sarflangan xarajatlarni chiqarib olishni o‘ylashar. Ana shunda hayot yo‘lidagi ikkinchi burilish nuqtasi boshlanmasa edi... Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, deyishadi. Basir ko‘zlar esa, ketma-ket yo‘qotaveradilar, afsusli yeri shunda...

Qayd etilgan