Tursunoy Sodiqova. Dunyo buyuk uquvxonadur  ( 33289 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


AbdulAziz  24 Fevral 2010, 08:24:47

Dunyo buyuk uquvxonadur



Muallif: Tursunoy Sodiqova
Hajmi: 90 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Fevral 2010, 08:27:00


Buyuk Yaratuvchi dunyoga turfa ne’matlarini sochib qo‘ydi va bu ne’matlarga bir-biriga rahnamolik qilishni buyurdi. Hukm ijro bo‘ldi: yo‘q narsa borga, ushoqlik ulug‘likka, oddiygina mavjudlik mo‘jizaga do‘ndi. Ya’ni, quyosh donga nur uzatib edi, bug‘doyzor bo‘ldi. Buloq hovuchida suv tashib edi, ildiz larzon boqqa aylandi.


Qush bolasini yedirdi, yetakladi, sor lochin bo‘ldi. Polapondakkina, kaftga siqqudaygina bir parcha go‘sht zaminga tushdi, otasi soyabon bo‘ldi, onasi balogardon bo‘ldi — hazrati Inson qad ko‘tardi!

Qo‘l siylamoqqa, ko‘z muhabbat uzatmoqqa, so‘z ko‘ngil o‘stirmoqqa  yaralgandir. Oyoq  bizni kimningdir qoshiga yetaklash uchun, quloqlarimiz roz tinglash, yurak odamlarni sevish va  sog‘inish uchun va ruhimiz esa bu yo‘qlash, bu asrash, bu mehr ulashishlardan yayrash uchun yaralgandir! Insonchilikning iqlimi shu, ota meros, ona meros farzu qarzimiz, yashash tarzimiz shu!

Demak, bu ko‘hna dunyo ulkan o‘quvxona, hamma har xil darajotdagi murabbiydir. Kim astoydil, kim o‘z holicha! Dunyoning yasharishi, insonlarning yuksalishi, niyatlarning ushalishi murabbiylikning quvvatiga bog‘liqdir.

Kimlardir o‘qitdi va sen ilmli bo‘lding. Kimlarnidir kuzatib,  tirikchilik yo‘llarini,  ro‘zg‘or tutishni o‘rganding va hokazo... Ammo shuni unutmaylikki, bizga hosil berayotgan har bir harakatimizning zakoti bo‘lishi shart! Insondagi to‘plangan ilm, tajriba ulusning haqidir, birovlardan o‘rganib, bir narsalik bo‘lyapmizmi, tamom, bu qarz! Darhol yonimizdagilarga  shu bilimni berib o‘tmasak bo‘lmas! Yo‘qsa, ertangi yo‘limiz barakotsiz bo‘lur, barakoti bo‘lsa-da, Yaratgan uni bizga yuqdirmagay, singdirmagay!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:28:12

MURABBIYLAR KIMLAR?

Murabbiylar kimlar? Bular otalar, onalardir. Bular aka-opa, amaki-tog‘a, amma-xolalardir. O‘qituvchilar, tarbiyachilardir. Bular hunar o‘rgatayotgan ustozlar, qo‘shni bolaga nasihat qilayotgan hamsoya, ibratli ertagu o‘gitlar xazinasi bo‘lgan buvi-buvalar va kelin tarbiyalayotgan qaynonalardir. Kamchiligingni birgalashib o‘nglayotgan do‘sting ham murabbiy! Garchi gaplashib ko‘rmagan bo‘lsang-da, sen
kiyinishini, muomalasini, yurish-turishini havas qilayotganing — ko‘z tanishing ham murabbiydir.
Agar ziyrak bo‘lsang, asfaltni yorib chiqayotgan maysa, intizom bilan bir chiziqqa tizilib uchayotgan laylaklar ham saboq berayotganini ko‘rasan. Yo‘lakda senga nazokat bilan yo‘l berib, kayfiyatingni ko‘targan yo‘lovchiyu  malolini solmay, besharpa yashab kelayotgan tamizli qo‘shninggacha bahosi yo‘q murabbiydir!
Bu dunyo to‘la murabbiy va dunyoda hamma mavjudlik murabbiyga muhtojdir! Atrofga xolis ustozlik, murabbiylik qilish — bu ibodat, murabbiylardan ishtiyoq bilan ilm, hunar va tajriba o‘rganish esa yana ibodatdir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:28:39

MURABBIY BO‘LISHNING SHARTLARI

Deylik, siz murabbiylikni hech orzulagan emassiz. Ammo shuni unutmaylikki, o‘rtada yurganki odam, jamoa bilan yashayotganki odam diqqat markazidadir. Uning har bir gapi, hamma ishi kuzatiladi. Demak, u murabbiylik maqomidadir. Insonning bir kamchiligi bor, o‘gitu nasihatlarni xushiga yoqsagina qulog‘iga oladi, asosan esa ko‘rganlariga taqlid qiladi, ergashadi. Shu nuqtai nazardan aytganda, bugungi o‘zimizni tutishimiz, kiyinishimiz va tutumlarimizdan yoshlar qanday andoza olyaptilar? Biz, kattalar, millatimiz, zotimizning rangi, tusida turibmizmi? Ona tilimizda o‘zimiz yayrab, birovlarning ham yuragini yozadigan qilib gaplasha olyapmizmi?
Insonlar ergashadigan fazlu kamolingiz bo‘lsa, koni savob ichrasiz. Agar atrofga qusuringiz o‘tsa, qancha odam sizni takrorlayotgan bo‘lsa, o‘shalarning jami gunohiga teng sheriksiz!
Deylik, siz ustozlikni orzu qilgansiz va shu yo‘ldasiz. Ammo jild-jild kitob o‘qib, yiqqan ilmini va’zga aylantirib, ko‘rgazmali qurollar to‘plab, turfa uslublar qo‘llab, o‘qityapman, uqdiryapman deyish hali murabbiylik emas. Siz insonlarning hech yo‘q bir shoxini ko‘kartirish, qulfi dilini ochish, dunyosini kengaytirish, kechagi holatidan bugunini yuksakroq qilish uchun bu ishga qo‘l urdingiz. Ammo oldin biling: umringizni
sarflab olib borayotgan harakatlaringiz ro‘parangizdagi tinglovchiga yuqyaptimi, yo‘qmi? Bori gap shunda!
Murabbiylikni xohlagan, shu kasbga o‘qiganki odam murabbiy bo‘lib qolmaydi. Ustozlikning o‘ziga xos parhezlari, bosib o‘tilmaydigan chegara chiziqlari bordir!
Birinchidan, dilingizda ustoz-tarbiyachilikning yozilganu yozilmagan qonun-qoidalariga bo‘ysunaman degan QASAMINGIZ bo‘lsin!
Ikkinchidan, NIYaTINGIZ SOF bo‘lsin!  Men odamlarni faqat yaxshilikka o‘rgataman deng, orqamda o‘z qo‘lim bilan yaratilgan fayzli bog‘lar qoladi deb tilang! Toki shogirdlaringiz sizning sharofatingiz bilan faqat savobga daxldor bo‘lsinlar.
Uchinchidan, haqiqiy murabbiy bo‘laman desangiz, birovga bir narsa o‘rgatishni  astoydil xohlang va sizdan ilm oluvchiga muhabbat qo‘ying! Har bir ishingizga  bemor bolasiga parvona bo‘layotgan onaday berilib, fidoyilik bilan tutuning. Buning otini IXLOS deydilar! Shu ishtiyoq sizda qancha kuchli bo‘lsa, Tangri sizga shuncha ko‘p uquv beradi, ep beradi, mushkullaringizni O‘zi osonlashtiradi.
Murabbiylikda ta’tilga chiqish, sog‘ligi, kayfiyatiga qarab faoliyatni to‘xtatish degan gap yo‘q. Yo‘lda ham, cho‘lda ham, hamma fasl, hamma manzilda, qo‘yingchi, umringizning oxirgi nuqtasigacha siz ish ustidasiz. Bu degani, sizning borligingiz, har bir so‘z, har ishorangiz odamlar uchun nur, madad va xaloskordir.       

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:29:20

BOLA — BUYUKLIK

Bola eng toza, eng nafis va eng buyuk mavjudotdir. Shuning uchun tozaki, u hali bu yoshda gunoh qilishga ulgurmagan bo‘ladi. Hamma narsaga hayrat va hayajon bilan qaraydi. U kattalarni juda aqlli, ishonchli, ibratli deb biladi. Bola rostu yolg‘oningizga chippa-chin ishonadi.
U g‘oyat nafisdir, uning hali himoya quvvati yo‘q, u bori-yo‘g‘i bir kurtak xolos, shu faslida uni sovuq urmasin, aldovga yo‘liqmasin, zarbaga duchor bo‘lmasin! Bir aldov bolada ming ishonchni poymol qilishi, bir zarba uning murg‘ak dunyosini ostin-ustin qilib yuborishi mumkin. Ayting, ayting, bolaligida sinib qolmasin bandasi. Hayotdagi qalban nogiron, ya’ni ichi tor, alamzada, qo‘rqoq, birovga ishonmaydigan, qahri qattiq odamlar  bolalar ko‘nglini asray olmaganlikning natijasidir.
Bolalarning buyukligi shundaki, ular Yer kurrasining ertangi egalari, kelajak tarixini bituvchilardir.
Ularning sharofati shundaki, ota bo‘lgan erkak o‘zini podshoh, ona bo‘lgan ayol esa o‘zini malika sanaydi! Ota-ona uchun farzand jannatiy ta’m, jannatiy iqlimlar beruvchi ne’matdir!
Ayting-chi, birodar, shunday buyuk zot qoshiga shunchaki ro‘baro‘ kelib bo‘ladimi? Bu ishga kirishmak uchun  qalban va jismonan poklik zarur. Katta taraddud zarur! Bir noqobil shifokor bir bemorning umriga kushanda bo‘lishi, no‘noq muxandis bir murvatni ishdan chiqarishi mumkin. Noqobil muallim esa har gal bir sinf bolaning ma’naviyatini kasal qilib chiqaveradi. Bu — xatar! Bu kechirilmas jinoyatdir!
 Nazardan qolganlar, qarg‘ish olganlar, loqaydlar tarbiya maskanlariga qadam bosmasliklari kerak. Avvalo ular o‘zlariga jabr, o‘zlariga qiyin qiladilar. Ular ishlayveradilar, ammo ularga o‘qituvchilikning puli yuqmaydi, ro‘shnolik ko‘rmaydilar, falokatlari arimaydi, niyatlariga yetmaydilar. Chunki  muqaddas kitoblarda "œneki bersak, egallab turgan kasbi koringizdan berurmiz" deb qo‘yibdi. Kasbga halollik ham bir ibodatdir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:29:57

USTOZ SHIKOYAT QILMAYDI!

Tarbiyachilikda eng xunuk narsa — o‘qituvchining o‘quvchidan shikoyat qilishidir. Oramizda shundaylar bor, bolalarni yaxshi-yomonga ajratadilar. Hatto ayrimlarini o‘zlariga dushman saylab, uni qitmirlik bilan ta’qib qiladilar. Hali o‘qituvchilar xonasiga, hali direktor, hali ilmiy mudir qoshiga ta’zirini bermoqqa tortqilaydilar. Darslaridan quvib soladilar. O‘sha sinfga rahbar bo‘lgan muallimga kun yo‘q, ko‘zga ko‘rindi deguncha shikoyat!
Tang qoladigan joyi shuki, ba’zan 15-20 yil ishlab qo‘ygan muallimlar ichida ham qaysidir sinfning to‘polonchiligi, davomati yomonligi yoki uning fanidan oqsovchilarning ko‘pligidan shikoyat qiladiganlar bor. Sinf rahbariga o‘tkazib qo‘ygan haqini talab qilayotganday, qo‘llarini bigiz qilib dag‘dag‘a qiladi!
 Hoy, birodar, bu bilan zaifligingni, yaroqsizligingni tomga chiqib e’lon qilmayapsanmi? Senga 45 minutlik dars hokimligi berildi.  Bolaga ilm berish degan kasbga besh yil o‘qigansan, bir necha yildan beri maktab atalgan bolazorda tajriba yig‘yapsan, nega bolaning tilini topolmaysan, shu kungacha nima ish qilib yurding? Dars seniki, fan seniki, bu soatning ish haqini ham sen olasanu bolalaringni sinf rahbari tinchitib bersinmi? Darsingni o‘tolmayotganingni qo‘y, eng yomoni, o‘sha sinfning intizomini buzib chiqyapsan! Bolalarda  hamma ustozni ham eshitish shart emas, ularni kalaka qilsa bo‘laveradi, degan fikr uyg‘otyapsan!
Kimki men faqat fanim uchun javob beraman, intizom bilan sinf rahbari shug‘ullanadi degan gapni aytsa, u muallim emas! Biz hatto bolaning ota-onasiga ham intizom uchun faqat siz qayg‘urasiz, deb ayta olmaymiz. Birinchi ishimiz — tarbiya. Keyin ilm! Ilm ilohiy ne’mat, uni esa tarbiya yo‘q joyga sochib bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:30:51

BOLA — GUL

Inson degan imoratni ko‘ngil ushlab turadi. Bolaning o‘sha joyini ehtiyot qiling. Ko‘ngli sinib qolmasin, u g‘oyat ta’sirchan — birovdan qattiq sovib qolmasin.  Qaerdan bilasiz, agar asrab-avaylansa, balki u ertaga buyuk inson bo‘lar,  elning dardini oladigan, mushkul ishlarning chorasini topadigan solih farzand bo‘lar. Mayli, undan olim chiqmasin, mansabdor chiqmasin, ammo u o‘zidan tarqaydigan  sulolalar boshi ekanligi aniq-ku, hech yo‘q, uning  hazrati insonligi, lekin hozircha juda  nafisligi yodimizda tursin!
Yurak yaralishdan mo‘rt narsa, sinamoqqa bolangizni qo‘shnining oldida bir uyaltirib ko‘ring! Jovdiragan ko‘zlaridagi xijolatchilikka yuragingiz uvishib ketadi, shu asnoda o‘zingizni yomon ko‘rib ketasiz, ishingizga pushaymon yeysiz! Siz esa 5-, 6-, 7-sinf, hatto bo‘yi yetib qolgan yigit-qizlarni o‘ttizta o‘quvchining o‘rtasida mulzam qilyapsiz. Bolaning bahorday vujudida nafrat uyg‘otyapsiz, iqlimini zaharlayapsiz! Bu hol yana bo‘laversa, uning beti qotadi, tanqiddan uyalmaydigan bo‘lib qoladi. Bola uchun so‘zning mo‘’jizasi yo‘qoladi, xohlagan kishisiga xohlagan gapini beparda gapiradigan beandishaga aylanadi. Bunday bolalar esa baxtli bo‘lolmaydilar, birodar!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:32:03

HAR BIR BOLA — BIR VATAN!

Bu voqea hech esimdan chiqmaydi. 4-sinfga rahbar edim. Bir o‘qituvchi o‘quvchilarim haqida shikoyat qildi, sinfga bo‘g‘ilib kirdim. Kayfiyatimni ko‘rib bolalar ham jim cho‘kishdi. Bir-ikki zardali tanbeh bergan bo‘ldim. Qarabsizki, uyulgan qovog‘imni ha deganda ocholmay, darsni boshlolmay turibman. Ular ham, men ham sukutda. Shu payt Murod degan o‘quvchim shitob bilan qo‘l ko‘tardi:
— Ha, nima deysan? — deyman xushlamay.
U derazaga o‘ychan tikilgancha, avval uzun "œuf" tortdi, so‘ng:
— Bugun havo juda yomon-a, — dedi hasratli ovozda.
Yana nima der ekan deb qarab tursam, o‘sha xomushligicha indamay yana o‘tirib oldi. Ajab holat! "œJahlim chiqib turganda havoni nega o‘rtaga solasan?" desam, bolaning obro‘si sinadi. U yaxshi bola. Hazilga yo‘ysam, sinfga qilgan shuncha siyosatim bekor ketadi. Shunda o‘zimni nohaq ekanligimni angladim, angladimu qovog‘imni ochmaygina:
— Nimasini aytasan, bugun og‘ir kun bo‘ldi. Sizlarni ham qiynab yubordim, shekilli, — dedim siniqlik bilan. Shu tarzda uzrimni aytib oldim o‘zimcha...
Havo tund. Mening qovog‘im soliq. Ustiga ustak zarda bilan turibman. Shikoyat uch kishi ustidan edi, qolgan yigirma sakkizta bolada nima ayb? 45 minut davomida ularning kayfiyatini buzishga nima haqqim bor edi? Bu bola-ku beg‘uborlik bilan yuragi siqilayotganini aytib yubordi, ammo bechora yoshlarning aksariyati biz, kattalarning, turfa fe’llarimizga chidab yashaydilar.
Biz, aqlli kattalar, toshi og‘ir fe’llarimizni kichkinagina norasida jonlarga yuklab o‘tayotganimizni hech o‘ylab ko‘ramizmi? Bu gap ota-onalarga ham tegishlidir. Biz farzandlarimizga deyarli har doim o‘zimizning kayfiyatimizga qarab muomala qilamiz. Ularning holati, yuragining ko‘tarish-ko‘tarmasligi bilan ishimiz yo‘q. Bola ham hamisha xursand yurmaydi-ku, uni ham o‘ylantiradigan o‘z dunyosi bor! Shoir Abdulla Oripovning bir yozmishida: "œHar bir inson — bir vatan, uning chegarasini buzib kiraverishga hech kimning haqqi yo‘q", deyiladi. Murabbiy esa insonlarni asrash va parvarishlash uchun dunyoga kelgandir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:33:15

"œBOLA — SHIRIN DUSHMAN"

Bola o‘zidan kattalarni kuzatib, ularga taqlid qilib, qitmirlik bilan izlaridan tushib, yaxshi-yomon tomonlarini o‘g‘irlab, o‘ziga yuqdirib boradi. Siz yosh yigit yoki qizga qarab, uning oilasi, mahallasiyu qishlog‘i, ustoziyu murabbiysining qandayligiga baho beravering.
O‘zimiz qolganda shoshilsak ham, bola bor joyda xuddi imtihon topshirayotganday ziyrak va hushyor turishimiz shart. "œBola — shirin dushman" deganlari haqqi rost! Sen kamchiliklaringni yashirib, aqling ko‘paygach, ularni bartaraf qilishga urinib yashaysan. Hatto allaqachon ayb ishlaringni to‘g‘rilab yuborgandirsan. U esa senda ko‘rgan o‘sha  xatoni xotira xaltasida ko‘tarib yuraveradi va bir kuni takrorlaydi, qarabsanki, elning o‘rtasida sharmanda qiladi! Kuydiradigan farzand borki, sifatsiz ota-ona va sifatsiz murabbiyning mahsulotidir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:34:04

LAFZ XUSUSIDA

Bolaga va’da berdingmi, albatta bajar. Eng mayda va’da ham va’da! Masalan, "œErtaga ko‘ylagingning dazmollanganini ko‘raman", "œTuflingning moylanganini tekshiraman", deb aytdingmi, ijrosini unutma. Ijroni bir marta unutsang, tamom, tarbiyaning jilovi qo‘lingdan ketadi! Bola  senga ishonmay qo‘yadi. Eng yomoni sendan hafsalasi pir bo‘ladi! Axir o‘sha kuni ko‘ylagini astoydil dazmol qilgan edi yoki tuflisini qanday yaraqlatib kelganini bir ko‘rsatmoqchi, sendan rag‘bat so‘zlarini eshitmoqchi edi! Undan ham yomoni shuki, "œFalonchi inson ham va’dasida turmasdi-ku, men ham gohida shunday qilsam nima bo‘libdi" deydi va fe’lida betayinlik boshlanadi!
Bergan va’damizni bajarishga imkon bo‘lmasa, ulardan albatta uzr so‘rash kerak. Boladan uzr so‘rash oriyat emas. Kattalar ham xato qilishi mumkinligini va xato qilgan odam uzr so‘rashi kerakligini ular yoshlikdan bilib borsinlar. Toki ulg‘ayganlarida "œMen ota-onaman yoki murabbiyman, kattalar uzr so‘ramaydilar", deydigan xudbinlarga aylanib qolmasinlar.

Qayd etilgan