Tursunoy Sodiqova. Dunyo buyuk uquvxonadur  ( 33262 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Ansora  02 Mart 2010, 11:41:52

JAZOLASH MURABBIYLIK EMAS

 U maktabning katta ustozlaridan biri edi. Har bitta gapini salmoqlab, past ovozda, g‘oyat aqlli qiyofada gapirardi. Ammo fe’li chatoq edi.
Yo‘lakda bir bola birorta qizning sochini tortib qo‘ysa yo bir — biri bilan quvlashsa, ko‘rdimi, tamom, darhol xonasiga qamaydi. Bir pasdan keyin bola bechora ko‘zida yosh, qulog‘ining tagi qizargan holda chiqib kelaveradi. Darsida o‘quvchilarini eplab tinchitolmagan o‘qituvchilar bu "œmohir" tarbiyachiga "œgunohkorlarni" olib chiqaveradilar, u esa surishtirmay jazolayveradi. Ba’zan bola sho‘rlik uning hukmi bilan soatlab o‘qituvchilar xonasida tik turishga majbur.
Bir kuni ish bilan shu odamning xonasiga kirib qoldim. Yettinchi sinfning bir bolasi yig‘lab-ko‘pchib turibdi. Bilsam, u yomon ish qilibdi. Uyidan 150 so‘mni (u paytda bu katta pul) bildirmay olib chiqib, yarmiga o‘rtoqlarini mehmon qilibdi, yarmini o‘g‘irlatib qo‘yibdi. Arz bilan kelgan bolaning onasi ekan... U o‘quvchiga uch yildan beri dars berardim, bilamanki u yomon bola emas. Bolalik-beboshlik qilib qo‘ygani aniq. Vaziyatga quloq solsam, mudir besh yuz o‘quvchini yig‘ib, "œgunohkor"ni sazoyi qilmoqchi, boshqalarga ham shu yo‘l bilan "œsaboq" bermoqchi bo‘lyapti. Bolani tashqariga chiqarib yubordim. Mudir bilan ancha tortishdik.
— Bugun uyidan olib chiqibdi, ertaga birovning cho‘ntagidan oladi, uni ko‘pning o‘rtasida bir qo‘rqitib qo‘yish kerak, — derdi u.
U deb, bu deb, oxiri agar yana shunday qilsa, o‘zim javob beraman, degan va’da bilan uni shashtidan qaytardim. Bolaning o‘zi bilan esa bir marta ko‘ngildagiday gaplashib oldik, tamom, bu hol boshqa takrorlanmadi... Agar u o‘shanda sazoyi qilinganidami, yo alamidan yana shu ishga qo‘l urardi, yo uning oti bir umr "œo‘g‘ri" bo‘lib qolardi. Hozirda u bir korxonaning ilg‘or ishchilaridan, tinib-tinchib, elning nazarida yuribdi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:43:39

BO‘RIGA TOPSHIRILGAN QO‘ZICHOQLAR

Goho rahm-shafqatni ham me’yoridan oshirib yuboramiz. Qaysidir o‘qituvchining kasbiga butunlay nomunosib ekanligini hamma ko‘rib tursa ham, undan faqat ziyon yetib tursa ham, darhol bahridan o‘tolmaymiz: bolalik deymiz yo ayol deymiz, beva deymiz yo ... falonchiga qarashli deymiz va hokazo. Uning uch yo to‘rt bolasiga qayg‘uramiz, ammo yuzlab xalq farzandlarining bilimi, tarbiyasi, taqdirini qo‘zichoqni bo‘riga topshirganday ularning qo‘liga topshiramiz! So‘ngra loqayd, dunyoqarashi tor, chalasavod odamlar qaerdan keldi deb, fig‘on chekib yuramiz! Xo‘sh, qachongacha shunday qilamiz?! Eng injiqlik bilan mutaxassis tanlanadigan joy maktab bo‘lishi kerak. Chunki bu dargohda jamiyatning sifat masalasi hal qilinadi.

***

Bir muallima bor edi. O‘zi chiroyliyu axloqi xunuk edi. Eng dahshatlisi shuki, u ezgulik fani — adabiyotdan dars berardi.  Qilmishlarini eshitib, uning ko‘ziga siz uyalib qarolmasligingiz mumkin, ammo unda na andisha, na hayo bor edi, go‘yo yengiltaklik unga unvon qilib berilganday, qomatini g‘oz tutib,  bir gapirib, o‘n kulib yurardi. Maktab rahbarlari ham unga botinib gapirolmasdilar. Sababi, eri nufuzli idorada ishlardi. Bu muallimaning dars berolmasligi bir sari, ammo uning aqli rasoligiga hali-hanuz gumonim bor: agar o‘quvchi ayb ish qilsa, qirq besh minut davomida stulni boshi uzra ko‘tarib turishga majbur qilar ekan! U bola o‘n yosh, o‘n bir yosh! Ayolning, onaning ham diydasi shunday qattiq bo‘ladimi?



Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:47:24

***

Yana bir toifa muallimlar bor. Bundaylarni maktab rahbarlari maqtaydilar, hatto ibrat qilib ko‘rsatadilar. Chunki ularning darslarida davomat joyida, o‘quvchilar jon hovuchlab bo‘lsa-da, shu o‘qituvchining topshiriqlarini bajaradilar. Nafsilamrini aytganda, o‘qituvchi fanini yaxshi biladi. Ammo bolalar har gal unga ro‘baro‘ kelganlarida bir qalqib oladilar. U kirsa, sinfga ilon kirganday bo‘ladi. A’lochiyu ikkichi yuragini changallab, kichrayib o‘tiradi. Chunki bu zot xohlagan paytida o‘quvchining boshida haqorat toshini sindiraveradi. Javobda sal adashdingmi yo yonboshingga sal qarab qo‘ydingmi, tamom! Dars tayyorlamasang-ku tugadim deyaver! Hayo, andisha yo‘q. Otilayotgan malomat toshidan vujudingga o‘t ketadi, yer yorilsa, kirib ketsam, deysan. Muallim esa sinfdan mag‘rur va masrur chiqadi. Bolalarning uni ko‘rganda zir titrashlari, sarosimaga tushishlaridan zavq oladi. "œMana, qattiq turganim uchun, bolalar fanimni yod olyaptilar" deya g‘ururlanib ham qo‘yadi.
Aslida bu muallimni jazolash kerak! Chunki u murg‘ak insonning yuragini darz ketkizyapti, asablarini qaqshatyapti. Kelajakka hurkak musichalar emas, ruhiyati butun, sog‘lom kishilar kerak!

***

Bir kuni o‘zini o‘ta "œziyrak" biluvchi bir muallim Amerika ochganday iljaydi-da:
— Falonchi qizga bir yigitdan g‘alati xat kelibdi, o‘qib beraymi? — dedi.
Boshqa bir o‘qituvchi esa:
— Nima uchun zo‘rg‘a "œuch"ga tortadi desam, ishlar oshiq-ma’shuqlik ekan-da! Yaramasning ota-onasini chaqirtiring, xatni ko‘rsating. Bugun xat yozsa, ertaga yetaklashib ketadi, - deya hukm o‘qidi!
Yuragim zirqirab ketdi. O‘qituvchilarmi bular yo maqtullarmi?! Agar aytgan ishlarini qilsalar, bolaning yuragi nima bo‘ladi? Ularning qo‘lidagi mushuk emas, odam bolasi-ku! Mushukni ham irg‘itib o‘ynamaydilar axir!
Bola — bugun bola. Ertaga ulg‘ayadi. Haligi muallimlar shularning orasida yashaydi. Ayting-chi, endi uning qanday obro‘si bo‘lsin? Bu qismatni-ku o‘zi sotib oldi, ammo undan bolalarga yetgan ziyonni qanday qoplab bo‘ladi!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:48:00

***

 "œAldagani bola yaxshi" naqlini dastur bilib, o‘quv maskanlarining badaniga yopishib olgan o‘z kanalari, zararkunandalari bo‘ladi. Ular har ikki qadamning birida uchraydi. Aksariyati iligida illati bor odamlar. Ochiq muttahamlik o‘tmaydigan joyda yozishga tushadilar. Bundaylar bor joyda rahbar bo‘lish ham, yonma-yon ishlash ham oson emas. Qani, bu "œyozg‘uvchi"ning ishidan ayb topib ko‘rsinlar-chi, dars soatini ozroq ajratsinlar-chi! Uning xatlari sabab, maktabni necha bor bemahal tekshiruvchilar bosgani bosgan. Bir kuni shundaylardan biri direktorga shang‘illay ketdi:
— Hali men darsimni eplolmay qoldimmi?! Beva xotinning oyligini kamaytirishni ko‘rsatib qo‘yaman senga! Shunday qilamanki, qochgani teshik topolmay qolasan!
O‘zi uddalab dars o‘tolmaydi. O‘qituvchilarning dami ichida, xatosini aytsangiz, ko‘cha demaydi, o‘quvchilarning orasi demaydi, jami xunuk atamalarni bo‘yningizga ilib tashlaydi, gapi qolmasa, behush bo‘lib yotvoladi!... Ammo u hammadan ko‘ra xotirjam yashaydi. Chunki maktabning "œnorasmiy xo‘jayini"! Hech kim mushugini "œpisht" deya olmaydi. Quroli — andishasizlik! Axir ko‘ra-bila turib, bolalarni uning qo‘liga topshirish shaytonni imom saylashday gap-ku!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:48:23

***

Bunga ancha yillar bo‘ldi. U maktabning jamoasi ahil, direktori hammaga manzur, mohir tashkilotchi edi. Ammo ular bilan bir xulqi yomon ayol ham ishlardi. Uning ko‘cha-ko‘ydagi qilmishlari jamoani qattiq xijolatga solar, buning ustiga ishini ham eplay bilmasdi. Rahbar uni bir necha bor insofga chaqirdi, obro‘lik muallimlar o‘rtaga olishdi, bo‘lmadi. Hech natija bo‘lmagach, uni ishdan bo‘shatishga qaror qilindi. Biroq ayolga darhol yo‘l ko‘rsatuvchilar topildi. Ularning maslahati bilan u imzoli va imzosiz shikoyatbozlikni boshlab yubordi. Bu sho‘ro paytida edi, Moskvagacha yozdi. Qarabsizki, eri yo‘q, uch bolali ayolni ishdan bo‘shatgani uchun direktor o‘z vazifasidan chetlatildi.
 Bu odam direktor qilib tayinlanganda maktabning endigina poydevori yotqizilayotgandi. Taxtalarning ichida tunab yurib, uni maktab holiga keltirdi. Necha ozib, necha to‘zdi va besh-olti yilning ichida bu maskan shahardagi eng obro‘li maktablar qatoridan joy oldi. Shunday fidoyi, bo‘lmaydiganni ham bo‘ldiradigan jonsarak odam ketib,   battol ayol ishlab qolaverdi.  Bu nopok ayolni nafaqat o‘qituvchilikdan, balki onalikdan ham mahrum qilinsa, odillik bo‘lardi aslida!
Darsliklarni mukammallashtirish, o‘quv uslublarini yaxshilash bilan birga o‘qituvchi tayyorlashning sifatini yaxshilash, ularning safini tozalash ham eng muhim masaladir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:49:42

RAHBAR MA’NAVIYATI

Yetmishinchi yillar. "œSvetofor" o‘yini maktab hayotiga endigina kirib kelayotgan payti. Andijon shahri bo‘yicha bu o‘yinni bizning maktab boshladi. Men endigina beshinchi sinfga rahbar bo‘lgandim. Bu o‘yinni sinfim uchun so‘rab oldim. Chunki bu sinf g‘oyat qoloq edi. Ularning kayfiyati yangilanmasa, bolalarning qalbi uyg‘otilmasa, sinf hali-beri risolaga tusholmaydiganday tuyulardi. Yuragim cho‘chib tursa ham, tavakkal qilib tayyorgarlikni boshladik.
Harakatlarimiz qizigandan-qizib ketdi. Men o‘tirvolib, bolalarga yubka, pilotka tikaman. Ular esa atrofimda chug‘urchuqday savol-javob qilishadi. Bolalardagi junbushga kelgan harakat meni cheksiz zavqlantirar, tongdan qorong‘u tushguncha maktabda qolib ketardim. Mazasi qochib qolgan o‘g‘il-qizimni ham dori-porisi bilan maktabga olib kelardim.
Dastlabki "œSvetofor" o‘yinida savollarni hakamlar hay’ati emas, jamoa a’zolari berar, har ikki taraf ham javobi qiyin keladigan savollar qidirardilar. Savollarning ichida avtomobilning tuzilishidan tortib, tarixigacha, yo‘l belgilari, sonsiz qoidalar, satira, yumor, dramatik parchagacha bo‘lardi. Shu tarzda ikki oycha tayyorlandik. Biz yettinchi sinf o‘quvchilari bilan bellashadigan bo‘ldik. 5-sinfga 7-sinf qarshi qo‘yilishining o‘zi birinchi noodillik bo‘ldi. Xo‘p dedim, qaytaga o‘quvchilarimga rag‘bat berishga, ruhini ko‘tarishga urindim.
Mana, o‘yin kuni ham keldi, menikilar sahnada harbiychasiga g‘oz turishibdi. Boshlarida svetoforning uch rangidagi pilotkalar, o‘g‘ilu qizning ko‘ylaklari oq, shimu yubkalar havo rangda. O‘zlariga rosa yarashgan. (Har bir qizning sochini ikki-uch martadan turmaklab chiqqanman!) Shu ko‘rinish bilanoq biz 1:0 ga yutib turardik! Raqib sinf esa bechora ahvolda edi. Biznikilarni ko‘rgach, ruhlari yanada tushib ketdi. O‘n beshovi o‘n besh xil ko‘rinishda, qo‘llar boshqa yoqqa, oyoqlar boshqa yoqqa qiyshayadi. Nutqda na urg‘u va na nuqta, vergul bor! (To‘g‘risini aytsam, bu bolalarga rahmim kelib ketdi!) Xullas, savol-javoblar poyoniga yetdi. Mening sinfim eng ko‘p ochko to‘pladi. Lekin hay’at raisi (direktor) kutilmaganda 7-sinfni g‘olib deb e’lon qildi! Hech yo‘q durang ham emas!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:50:20

Bolalar tugul o‘zim ham gangib qoldim. Tomoshaga kirganlar hangu mang! O‘quvchilarimni bir amallab  tinchitdim-da, direktorning oldiga keldim. Hay’atning yana bir a’zosi bo‘lgan ilmiy mudir:
— Siz xafa bo‘lmang, sinfingizga gap yo‘q, ammo 7-sinf bo‘la turib, 5-sinfga yutqazsa, uyat bo‘lardi-da, shuning uchun shunday qildik, — dedi yuziga faylasufona tus berib.
Va aqling bo‘lsa, mening donoligimni keyin tushunib olasan, hozir ovozingni o‘chir, deganday ma’noli bosh irg‘ab qo‘ydi!
Ana sizga "œpedagogika"! Birodar, o‘zingizni bir zum o‘rnimga qo‘yib ko‘rdingizmi? Tilimga kalima kelmay qoldi. Bolalarimning oldiga borib, irodamni to‘pladim-da:
— Rahmat sizlarga. Ishonchimni oqladingiz. Hamma guvoh, siz yutdingiz, bolalarim. Endi borib dam oling, — deya ularni sinfga boshladim. Ular churq etmas, birining rangi oqargan, kimdir labini tishlab, bazo‘r turar, kimdir piq-piq yig‘lar edi.
Uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin direktor meni chaqirib, hech narsa bo‘lmaganday:
— Maktabimiz shahar nomidan falon tuman bilan bellashar ekan, sinfingizni tayyorlang, — dedi.
— G‘olib sinf boradi! — dedim gapini kesib.
U esa:
— Tavba, kap-katta odamsiz-ku, yosh bolalarning mayda-chuyda ishi deb shuncha bo‘g‘ilasizmi? — dedi iljayib.
Hali suyagi qotmagan o‘n besh nafar bolaning adolatsizlikka urilishi, qanotlarining sinishi "œmayda-chuyda" gap ekanmi? Ularning zavq-shavqlari endigina uyg‘onib, uxlab yotgan ichki g‘ayratlarini endigina ishga solgan paytimda hafsalalarining pir bo‘lishi shunchaki narsami? ...
Xullas, kuningni, umringni, ko‘nglingni muzlatadigan bunday «aysberg»lar ruhimizni qaqshatib yonimizda yashayverdilar, tishni tishga qo‘yaverdik. Ammo o‘sha "œqoloq" sinfim boshlagan ish esa maktabimiz dovrug‘ini butun respublikaga olib chiqdi. Mamlakat bo‘yicha o‘tkazilgan "œSvetofor" telemusobaqalarida bir necha bor sovrindor bo‘ldik. 

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:50:40

* * *

Bir yili esimda, navbatdagi respublika o‘yini arafasida uch yashar qizim og‘rib qoldi. Ishga sho‘ng‘ib ketib, shamollashini o‘tkazib yuboribman, kasalxonada uzoq yotib qoldik. Bolalarim esa o‘yinda qatnashishi shart. Agar yutqazib qo‘ysalar, menga fojiaday tuyulardi! Darveshlikni qarangki, o‘quvchilarimni kasalxonaga chorlayman, o‘nta-yigirmata bo‘lib kelishadi. Qizimga hamshirani soqchi qilib qoldiraman-da, kasalxona hovlisining chetroq burchagini topamiz va ochiq havoda, childirmayu rubob chalib, musobaqaning tabrik qismini tayyorlaymiz. Yana uning ustiga qish, oyog‘imizning osti qor!...
Jonim og‘rib turgan bolamning ichida bo‘lsa, rahbariyat rag‘bat berish o‘rniga faqat
xalaqit bersa, bu ishimga hech kim chapak chalib turmasa, shu menga zarurmidi? Yana shuni eslaymanki, o‘n yil maktabda ishlagan bo‘lsam, o‘shancha yil boshim og‘rirdi va eng kuchli dorilarni ichdim. Maktabdan ketdimu og‘rig‘im tindi! Demak, jismi jonim, ayniqsa, asablarim juda tarang holatda ishlagan ekanman. Nima uchun o‘zimni shu qadar qiynadim, deyman! Ammo ... agar shu savolni o‘sha paytda birov menga bersa, yuz-ko‘ziga qaramay sapchir edim-ov! Chunki bolalarning ko‘zi, ularning menga ishonib turishlari, suyanib turishlari  cheksiz quvvat berar, harakatga chorlayverardi. Nima qilsam, bolalarning ko‘ngli uchun qilarkanman. U kunlar mashaqqatli edi, ammo har bir daqiqasi men uchun bayram edi, xotirlagan sari maza qilaveraman...     

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:51:28

* * *

O‘sha direktorimizni hali-hanuz hurmat qilaman. U odam juda oriyatli, og‘ir-bosiq, manmanligi yo‘q, gina saqlamaydigan edi. Ammo uning bittagina aybi bor edi — xodimlariga rag‘bat berishni bilmasdi. Ha degani tuyaga mador, deganlariday, mehnat qilayotgan odam rahbarning ko‘ziga mo‘ltirab turadi. Men ishonchni oqlayapmanmi, yo‘qmi, shu kasbga yaroqliligim atrofga sezilayaptimikin  deb yuragi g‘umillab yuradi. Alloh maqtovni sevadi, degan gaplarimiz bor, Yaratgangaki maqtov yoqsa, bandasiga yoqmaydimi? Qur’oni karimda "œbir-biringizdagi fazilatlarni sezganingizni  bir-biringizga sezdiringiz"  degan joyi bor ekan. Bu qutlug‘ "œsezdi-
rish"dir, chunki u insonni o‘ziga ishontiradi, zahira ilhomlari, quvvatlari uyg‘onadi. Qarabsizki, bir harakati ikkiga aylanib, faoliyati jadallashadi. Axir bu taraqqiyot degani-ku!
Bir kuni direktor chaqiryapti, deyishdi. Xonasiga kirsam, allanarsa yozayotgan ekan. Meni ko‘rgach, befarqqina qarash qildi-da:
— Ha, keldingizmi, mana bu sizga ekan, — deya qizil jildli narsani "œtap" etkizib stol-
ga tashladi va yana boyagiday yozishga tutindi.
Olib chiqib qarasam, Xalq ta’limi vazirligining zarhal harflar bilan yozilgan "œFaxriy yorlig‘i" ekan. Insonchilik — nuqsonchilik-da, ba’zan qonimizda izzattalablik ko‘pchib turadi: rahbarning bu ishi menga hurmatsizlikday tuyuldi. Yuragim yig‘laganday bo‘ldi, to‘g‘risi, yig‘ladi ham! 
Turgan gapki, bu mukofotga meni rahbarning o‘zi tavsiya qilgandir, ha mundog‘ bir ochiq chehra bilan, "œxudo xayringizni bersin, mana bu sizning xizmatingiz uchun" deb topshirsa yarashmabdimi?!
Shunday paytlarda qadringni qidirib qolarkansan. Mana shunaqa rahbarlar qo‘lida tashabbuslar o‘ladi, g‘ayratlar so‘nib, bor narsa ham yo‘qola boradi!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:53:00

* * *

Yana bir misol. Qarasam, respublika g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilarimga hech qayoqdan hech qanday rag‘bat yo‘q. Shundan so‘ng viloyat yoshlar qo‘mitasiga borib, mulohazalarimni aytdim. Ular jamoaning eng faol a’zosi uchun "œArtek"ka imtiyozli yo‘llanma va’da qilishdi.
Bir kuni tasodifan maktab kattalarining suhbatini eshitib qoldim. Bilsam, haligi yo‘llanma kelgan ekan. Ular zo‘r berib, uni kimga berishni muhokama qilishardi. "œBu musobaqaning rejissyori ham, mardikori ham anovi devona edi, bir og‘iz fikrini bilaylik" deyish yo‘q! Biri "œFalonchi birinchi sinfdan beri a’loga o‘qiydi, shunga beraylik", desa, boshqasi "œFalonchi oila juda faol, o‘shalarning bolasiga beraylik", der edi. Miyamga qon quyilay dedi, qani bir ko‘ray-chi, dedim-da, yo‘llanmani shartta olib chiqib ketdim... So‘ng bolalarni yig‘ib, ular bilan obdon maslahatlashib, ovozga qo‘yib, musobaqaning boshidan sidqidildan faol qatnashgan, ammo o‘zi o‘rtacha o‘qiydigan o‘quvchini "œArtek"ka yubordik.
Faqat "œbesh" olish uchungina o‘qishga mukkasidan ketgan, na sinfning, na maktabning yoniq hayotiga aralashmaydigan, birorta sinfdoshiga na o‘qish, na boshqa ishda yordam qo‘lini cho‘zmaydigan, ipak qurtiday o‘ziga o‘zi o‘ralib yashaydigan xudbin bolani nega qadrlash kerak?
Mayli, "œto‘rt"ga o‘qisin, goho "œuch", adashib "œikki" ham olgan bo‘lsin, ammo undan atrofga naf tegsin, odamlar uchun hamisha yaxshilikka moyil bo‘lsin, bolani baholashda dastlab shu tomoniga qaraylik. Bu harakatimiz bilan odamiylik birinchi o‘rinda ekanligini bolalarga ta’kidlab borgan bo‘lamiz.

Qayd etilgan