Tursunoy Sodiqova. Dunyo buyuk uquvxonadur  ( 44022 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Ansora  02 Mart 2010, 11:53:46

* * *

Yuqori sinflar bilan katta tayyorgarlik ko‘rib, viloyat teatridan ijaraga kiyimlar olib, adabiy kechalar o‘tkazardik. Birinchi yili Abdulla Qahhorning "œOg‘riq tishlar" dramasidan, kelgusi yili Said Ahmadning "œKelinlar qo‘zg‘oloni" komediyasidan ko‘rinishlar sahnalashtirdik. Bu murakkab ish. Ammo o‘quvchilarga rosa yoqardi, ularning yayraganini ko‘rib, o‘zim ham maza qilardim. Ming afsuski, bizning bu ishlar maktab ilmiy mudiriga yoqmasdi:
— Bolalar bilimdan chal-
g‘iydilar, bunday tomoshalarga vaqt sarflamay, uyida ko‘proq dars tayyorlasin, — derdi u.
To soat 6 bo‘lib, mudir uyiga ketmaguncha bolalar bilan burchak-burchakda berkinib turardik. So‘ng kechki sakkiz, to‘qqizga qadar tayyorgarlik olib borardik. Mudir oxiri direktorga gap yedirib, maktab zalidagi sahnani buzdirib yuborishgacha bordi. Ammo o‘sha sahna o‘rnidagi yerda bo‘lsa ham, baribir spektakllar qo‘yaverdik, lirik kechalar o‘tkazaverdik! Tomoshamiz doim gavjum bo‘lar, ota-onalargacha yig‘ilib kelishardi. Shuncha odam ma’naviy ozuqa olyaptimi, demak, to‘g‘ri ish qilyapman, deb o‘ylardim men...
 Qiziq ustida uncha bilmagan ekanman. Mana endi hayotni obdon kuzatib, yoshim bir joyga kelganda afsus chekyapman: rahbarlar bizdan unumli foydalanmabdilar. Nega desangiz, maktabda ishlagan paytlarim eng g‘ayratga mingan, kuchga to‘lgan faslim ekan. Agar o‘sha davrimizda rahbarlardan ishonch va hurmat tuyib turganimizda, qadamiga kayfiyatimiz tushavermaganda, turfa tashabbuslar, yangidan-yangi g‘oyalar bodroqday ochilib ketarmidi?! Inson o‘z ichki imkonida nimalar borligini deyarli bilmay o‘tadi. Agar rahbar mohir bo‘lsa, har bir fe’lning jon nuqtasini topa bilsa, bir muallim to‘rt kishilik ishlab berishi mumkin, yana o‘z xohishi bilan! Maktab rahbarida gap ko‘p ekan. 

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:58:30

* * *

Men bir maktab direktorini bilaman. Alloh u insonni rahmatiga olgan bo‘lsin. Ismi-sharifi Muhammadjon Sultonov edi. Andijon shahridagi 11-maktabni boshqarardi. Far-
zandlarimning  bari uning qo‘lida tahsil olganlar.
O‘quvchilar uni yoppasiga yaxshi ko‘rardi, desam xato bo‘lmas. Maktabni to‘ldirib turgan narsa direktorning o‘quvchilarga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati edi. U faqat o‘qituvchilik uchun yaratilgan edi, tug‘ma murabbiy deb shu kishini ko‘rsatsa bo‘lardi.
U o‘quvchilar bilan astoydil gaplashar, hazillashar, o‘rni kelganda talabchanlikni ham joyiga qo‘yardi. Fanlardan olimpiadalar boshlanganda devorlarda rag‘bat va ilhom beruvchi alvon shiorlar paydo bo‘lardi. Musobaqalarga jo‘natish oldidan direktor har bir o‘quvchi bilan alohida suhbat qilardi, ruhini ko‘taradi. Ularga ishonch bildirib, kuzatib qolardi. O‘quvchilar olimpiadadan qaytadigan kun esa erta tongda eshik oldida baland qomatlarini egib, ularni o‘zi kutib oladi. Birma-bir ko‘rishib, har biriga munosib gap topib, xursand qilardi.
Shuni ham aytish kerakki, har yili shahar va viloyat olimpiadalariga bu maktabdan 20-30 chog‘lik bola qatnashardi. Yilda to‘rt-besh nafari respublika olimpiadasi g‘olibi bo‘lib qaytardi. G‘oliblarni qutlaydigan kun bayramga aylanib ketardi. Hujjatlar va yorliqlar musiqa sadolari ostida topshirilardi, sovrindorlarning yelkasiga g‘oliblik lentalari tashlanadi... Bunday maktabda o‘qish ham, ishlash ham omad-ku, birodar!
... Qizim hikoya qilib beradi. Muhammadjon Sultonov o‘zi biologiyadan dars berardi. O‘sha kunlari muallimlar zo‘r berib, talashib, tortishib, yaxshi o‘quvchilarni olimpiadalarga tanlayotgan  payt ekan. Direktor
darsga kiribdi-da, bolalarga birma-bir nazar tashlab turib, yaxshi o‘zlashtirmaydigan, to‘polonchi bir o‘quvchining ro‘parasiga to‘xtab:
— Olimpiadaga qatnashishni xohlaysanmi? — debdi. Sinf piqillab kulib yuboribdi. Bola esa hangu mang, uyatdan qizarib ketgan.
— Biologiyadan shahar olimpiadasiga sen borasan, — debdi muallim qat’iy, — ertadan tayyorgarlikni boshlaymiz!
Qarangki, shu o‘quvchi shaharda g‘olib bo‘lib, viloyatda ikkinchimi, uchinchimi o‘rinni olgan ekan.
Bola murabbiyning qo‘lida bamisoli bir polapon, befarq bo‘lsang, qanotlari qunishib yoki qayrilib, majruh jon bo‘ladi, ixlos qo‘ysang, sor lochinga aylanadi.     

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 11:59:21

OILA HAM BIR MAKTAB, OTA — BOSH MURABBIYDIR

Birodar, Sharqning taomili shunday, sharif hadislar ham deydiki, "œerkak  oilada birinchi rahbardir". Ota-bobolarimiz bu udumga jiddiy rioya qilganlar va o‘g‘il bola zotiga yoshligidan talabni qattiq qo‘yganlar. Hunar o‘rgatuvchi ustozlar ham, maktab mudarrislari ham, ota-onalar ham yigitchilik ilmini uzluksiz singdirib borganlar. Erkak uyning qo‘rg‘oni, to‘rt tarafdan keladigan yaxshi-yomon kunlarda oilaning balogardoni bo‘lgan. Unga yukunganlar, unga suyanganlar. Undan o‘rganganlar, unga maslahat solganlar. Chunki erlarning ma’naviy bilimi, qo‘lidan keladigan ishlari shu darajotda bo‘lgan. Onalar esa juftlarining bo‘ylarini farzandlariga faxr bilan ko‘rsatib, "œotangizga o‘xshang, ota o‘g‘il bo‘ling" deb tarbiya berib kelganlar.
Ammo bugun ishdan kela solib ag‘anab yotadigan yoki kunda shirakayf kelib dunyodagi eng hunuk, eng uyatli tomoshalarni ko‘rsatadigan, yo choyxonayu oshxonadan beri kelmaydigan erkak o‘z bolasiga nimani o‘rgatadi, to‘g‘rirog‘i, u shu turishda murabbiy bo‘lishga haqlimi?! Eri bo‘la turib, ro‘zg‘ordagi erkakcha ishlarni doim o‘zi bajaradigan ayolning o‘g‘li nimani ko‘rib o‘syapti?! Derazasining singan ko‘zi bir yildan beri qo‘yilmayotgan, uyi o‘n yildan beri oqlanmagan, hovlilarini tikon bosib ketgan yoki suvining jo‘mragi bir yildan beri buzilib yotgan erkakni ko‘rsatib, yaxshi o‘g‘il tarbiyalab bo‘ladimi?
Birodar, ayting-chi, bolaning otasi tirik tursa, ammo uni bu turishda ibrat uchun ko‘rsatib bo‘lmasa, bu balolig‘ kunda ona nima qilsin, "œbolam, otangning aybg‘inalari bor, sen xo‘v Faloniyga o‘xshagin" deb, bolasiga qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘ydagi nomahram erkakni ko‘rsatsinmi?! Dunyodagi eng baxtsiz ayol shu, bu uydagi farzand ham sho‘r peshonadir.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:00:05

***

Ilm — nur, bolangiz nurni qabul qilib oladigan zamin, makon. Shu zamin TOZA bo‘lsagina nur singadi, undan bog‘ unadi, yo‘qsa, alafzor bo‘ladi. Shu zaminning bog‘ bo‘lishi uchun uning egasi sifatida, hurmatli ota, bolangizni nima bilan sug‘orib, nima bilan oziqlantiryapsiz? Siz halol yo‘l bilan pul topyapsizmi? Savdoda, oldi-berdida odilmisiz? Siz olib kelayotgan rizqda birovning haqi yo‘qmi? Bolangiz birov norozi bo‘lib bergan "œsovg‘a"ni kiymayaptimi? Sudxo‘rlik bilan topgan foydangizni to‘y, ehsonlaringizga aralashtirmayapsizmi? Agar shunday xatolaringiz bo‘lsa, ming dod soling, ming sakrang:  bolangiz — ifloslangan zamin, tarbiyani qabul qilmaydi! O‘nta mamlakatda tahsil olsa ham, oxiri voy: boy bo‘ladi, ammo baxtsiz bo‘ladi. Yashayveradi, ammo dardmand bo‘ladi. Baxtli, sog‘lom bo‘lishi mumkin, ammo Yaratgan uni bag‘ritosh qilib qo‘yadi, kuch-quvvatdan ketganingizda sizni mehrga, muruvvatga zor qiladi, xor qiladi!
Bu mening to‘xtamim emas, dunyoning, yashashning falsafasi shunday. Atrofga yaxshilab qarang, birodar, chor-atrof isbotga to‘la! Ko‘ring va qo‘rqing!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:00:27

***

Ixlos qo‘yib, qiynalib qurgan uyingiz, to‘plagan mol-dunyoingizni sizdan keyin bolalaringiz talashib, sudlashib, sharmandalarcha xomtalash qilmasin desangiz, og‘a-iningiz bilan hovli-joy, meros talashmang. Aksincha, ularni uylik-vatanlik bo‘lishlari uchun yordamlashing, ular muruvvatingizni bilsa ham, bilmasa ham, topganingizdan bir bo‘lagini (ortinganingizni) jigarlaringizga ilining.
Hadeb ayolingiz va bolalaringiz atrofida aylanavermay, qishloq-qirimlarda qolgan qondoshlaringiz uchun ham bezovta bo‘ling, borib diydorlashib turing! Va bu ishlaringizni bolalaringiz ko‘rib tursin. Ota-buvangiz o‘tgan joylarni ularga ziyoratgoh deb uqdiring, go‘dakligidan yetaklab olib boring, mehrini bog‘lang. Bolalaringizni yoningizga olib, kindik qoningiz to‘kilgan mahallalar, ota-onangizning yoshligi o‘tgan ko‘chalarga hech yo‘q to‘rt tup terak ekib keling!   Buni ruhlarni shod etish deyiladi. Evaziga esa farzandlaringizda imon uyg‘onadi, vijdon uyg‘onadi. O‘zingiz ikki dunyo saodatiga ega bo‘lasiz, inshoolloh!
Siz gaplarimni malol olmang, ensangiz qotmasin, ming bir bahona aytib, o‘zingizni oppoq ko‘rsatmang. Hamma o‘zi uchun yashaydi, men dunyoga bir marta kelaman, deydigan bo‘lsangiz, erta o‘tib, indinga o‘ng tizzangizga birini, so‘l tizzangizga yana birini o‘tqizib katta qilgan, joningizning ikki pallasi — o‘g‘il-qizingiz siz tirik turib, bir-birlaridan tonib ketadilar. Ota-onasining o‘limida ham ters qarashib, xo‘mrayishib fotihachi kuzatadigan xudobexabarlar yo‘q deysizmi!
 Jon o‘zingizniki, dunyodan o‘shanday azoblar bilan ketmayin desangiz, yaroqli paytingizda og‘a-inilaringiz ko‘nglini va rizoligini olib qoling, birodar!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:01:56

***

Andijonda o‘z farzandlarini chaqaloqligidan sizlab gapiradilar, ayniqsa, o‘g‘illarini! Buni bugungi andijonlik o‘ylab topgan emas. Uning zamirida bir hikmat borki, mazkur udum allaqachonlardan beri yashab kelyapti. Bu "œSiz o‘g‘lonsiz, bolam. Oilani tikkalab turguvchisiz. Siz borsiz, demak biz xotirjammiz, sizni hurmat qilmay, kimni hurmat qilaylik" degan ishora emasmi? G‘urur, or, tarbiyasi shu emasmi? Bunday e’tibor bolada "œsizlanish"ga loyiq bo‘lishga harakat uyg‘otmaydimi?
Bola birovni ayashni ham, mehr-sadoqat ko‘rsatishni ham, erlik, ayollik ilmini ham asosan uyidan oladi. Siz — novda, bolangiz g‘unchangizdir, birodar!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:02:24

***

Bir yig‘indan chiqib kelayotsam, qirq bilan ellik o‘rtasidagi devqomat bir erkak juda mustar holda, maslahatlik ishi borligini aytdi. Chetroqqa chiqib eshitib ko‘rdim. Uning puldor o‘tgani, dunyoda eng sevgan mashg‘uloti  pul topish bo‘lgani, o‘ldirsa ham pul o‘ldirsin deydiganlardan ekanligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Ma’lum bo‘ldiki, u uyidan chiqib ketgan. Va nima uchun chiqib ketish sabablarini ayta ketdi!  Sanog‘i yo‘q pullar topgani, ayoliga oltin idishlarda ovqat yedirib, zarlarga o‘rab, Yer sharida uni olib bormagan  birorta qimmat kurort qolmagani va hokazolarni ipga tizganday sanar edi. Va "œmenday erdan ajrashishi nonko‘rlik emasmi" deya bo‘g‘ilardi. ( Mening esa ko‘nglim behuzur bo‘ldi. Bola-chaqasiga ketgan sarfini minnat qilgan erkakday xunuk maxluqot yo‘q dunyoda!) So‘ng ayolining uni qamatishgacha borganini aytib, ko‘ziga yosh oldi.
— Falokatingiz aribdi, pulga sig‘inib yuborganingiz uchun, xudoyim sizga shunday qismat beribdi. Endi Allohdan boylik emas, avvalo xotirjamlik so‘rang va hayotingizni qaytadan quring, — dedim.
— Yo‘q, opa, — deydi u mo‘ltirab, — men oilamga qaytishim kerak. Qanday yo‘l tutsam, xotinim men bilan yarasharkin?
Gapining paynovidan anglab qoldimki, u bola-chaqasi yoki ayoli bilan birga bo‘lmoqqa emas, xotinning qo‘lida qolib ketgan mol-dunyoga sheriklikni tiklash uchun yarashmoqchiga o‘xshaydi. Suhbat davomida joyini topib, uning fikrini o‘zgartirish, yuragiga yo‘l topish, gunohu savobga misollar keltirib, qalbining ko‘zini ochishga chandon harakat qildim. Ammo uning dili qulf edi, bu johilga Yaratganning o‘zi yordam qilsin! U tinmay "œo‘g‘lim bilan qizim katta bo‘lib qolishdi, men ularning yonida bo‘lishim kerak," degan gapni pesh keltirardi. Asl maqsad esa haligi! Bu erkak shu qadar betoqat ediki, molu davlatdan ayru tushgandan ko‘ra, ayoli botirgan balchiqda emaklab yursa ham mayli, quruq qolmasa bo‘ldi! Uning uchun or-nomus, hamiyat, elning nazari bir tiyin! Yigitchilik toptalsa ham mayli!
 Birodar, ayting-chi, bu otaning, bu er-xotinning o‘g‘li, qizi ertaga qanday tutum tutadi va jamiyatga qanday bola beradi?

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:02:54

***

Yana o‘sha erkakning suhbatiga e’tiboringizni tortaman.
— Qizim pul so‘rab keladi, ortinganimni beraman, hech qoniqmaydi. Bir kuni mashinangizni berib turing, bir-ikki kun minib beraman, dedi. Berdim. Ha deganda qaytaravermadi. Qidirib topdim, ha desam, kirakashlik qilyapman, sizning berganingiz nimaga yetardi, axir pul topishim kerak-ku, agar mashinani qaytib olsangiz, o‘zimni savdoga qo‘yaman,  dedi. Shuning uchun, indamay qolaverdim, — deydi ko‘zini jovdiratib!
Bo‘g‘ilib qoldim. Bu odamning o‘zbek tilida gapirayotganidan, millatdoshim ekanligidan, uning erkak ekanligidan nomus qilib ketdim. Qiz bilan ota orasidagi muzokarani qarang! Shohona uylarda yashab turib, onasi tirik turib, bo‘yiga yetgan qizning kirakashlik qilishi sizga qanday eshitildi? Bu hol otani bezovta qilmayapti, qizining keyingi shartidan sal g‘ashlanib turibdi, xolos. Axir u qiz bir tup rayhonday bo‘lsa, ertalabdan kechgacha necha yaxshi, necha yaxshimas odam mashinaga tushib, chiqib tursa! Yaxshi-yomon nigohlarning o‘zi uni kirlantirmaydimi?!
Har kimning ham bolasi bunday qilolmaydi, otasi shu erkak bo‘lgani uchun qizi shunga jur’at qildi, daraxti arzon bo‘lgani uchun, danagi sho‘r chiqib turibdi.
Bu qiz hozir shaytoniy ishtiyoqqa to‘lib turibdi, otasidan bir ishora bo‘lsa bas, ya’ni "œmashinani qaytar" buyrug‘i bo‘lsa, tamom, "œo‘zini savdoga qo‘yish"ni boshlab yuboradi. Qo‘ng‘izdan qo‘ng‘iz, suvarakdan suvarak tarqaydi.
Kimdan kim bino bo‘lganini ko‘rib turibsiz, birodar!
Yo rab!
Ki erkak qandayin erkak, yuzida yuzta rang bo‘lsa,
Ki u er qanday er, ahli ayolin holi tang bo‘lsa.
U qay zotki, oti eru so‘zida quvvati yo‘qdir,
Qizu o‘g‘lin huzurinda ibratu izzati yo‘qdir.
Gulni gulga, sherni sherga, yigitni erga o‘xshatg‘il,
Vatanni erkagin tikla, o‘g‘li bor yerga o‘xshatg‘il!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:03:21

ONA BUYUK MURABBIYDIR



Ayol borki, ona bo‘lishni orzu qiladi. Onalik esa bittagina yumushdan iboratdir. Ya’ni u — murabbiylik. Onalikka saylangan odam  umrining oxirigacha shu kasbi korga ham saylanadi. U nafaqat bolasiga, balki juftiga ham murabbiydir. Jufti bilan farzandiga kerak bo‘ladigan atrofdagi hamma odam va hamma narsaga murabbiy va himoyachidir! Onalik unvoni va saltanatiga ega bo‘lgach, ayolning yuragi qayta yaraladi, jami faoliyati, falsafasi shu saltanatning iqlimiga moslashadi. Ayol ona bo‘lgach, o‘zini unutadi, qatordan chiqaradi. Hatto uning o‘zida o‘zi  uchun joy qolmaydi: xayoli bolasida, ko‘zi faqat uni qidiradi, tilida faqat u, dilida faqat u, qo‘li doim unga nimadir yasaydi, oyog‘i bolasining tashvishi bilan u yoqdan bu yoqqa yugurgani yugurgan. Aqli raso ayol borki, onalikning yo‘lida bittagina umrini qurbonliqqa qo‘yadi! Bu mo‘’jiza zotni Yaratguvchiga hamdu sanolar va tasannolar bo‘lsin!
Ayol borki, onasining tutumini tutadi. Erkak zoti borki, umrining poyonigacha onasining damlagan choyi, pishirgan ovqatini qo‘msab o‘tadi. Onasini yo‘qotgan odam borki, to yetgan joyigacha uning nasihat va vasiyatlariga amal qilishga harakat qiladi.  Bundog‘ o‘ylab qarasang, bu dunyoning asosiy tarbiyachisi ONAI MUHTARAMALARDIR! Ularning poyi qadamlariga ming tasadduq bo‘laylik!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:04:34

***

Qush borki, inida, odam borki, onasida ko‘rganini qilar ekan, ilm degan narsani avvalo ayol zotiga bersin! Uning fe’lu atvoriga poklik bersin! Yuragiga g‘ayrat va shijoat, o‘zidan MURABBIY yasab olguncha iroda, sabr, qanoat va salomatlik  bersin!
Bolasi hali zaminga tushmay turib, ona unga berarining to‘qson foizini berib bo‘ladi. Ona joni, qoni, suti bilan bolasining sifatini yasab bo‘ladi. Shuning uchun ham, onalikka tayyorlashni qiz bolaning sochi jamalak paytidan boshlash kerak.

***

Qizlarimiz yoshligidan kitobxon bo‘lishiga intilaylik. Kitob uning xayollariga qanot beradi, tafakkuri o‘sadi, inson ruhiyati bilan tanishtiradi. Kitob ko‘rgan kishi odamlar bilan muomalani o‘rganadi. Kitob unga dunyoni ko‘rsatadi. Hayrat beradi, sevinch va qayg‘u qaerdan bino bo‘lishini bildiradi. Axir, bu ulg‘ayish degani. Va qizimizning bu bisoti bir kuni bolasiga bexato o‘tadi.

***

Qiz farzandlarni sayru sayohatlarga ko‘p olib chiqmoq kerak. Toki uning ko‘zlari kengliklarni, tog‘larni, daryo-ko‘llarni ko‘rsin, ruhiyati, tomir-tomirlari yayrasin. Lolazor qirlarni ko‘rib tuyg‘ulari alvonlansin! Gullagan shaftolizor, olmazorlar ichida yuraklari gulga to‘lib ketsin! Ana o‘shanda undan bahorday bolalar dunyoga keladi!

Qayd etilgan