Tursunoy Sodiqova. Dunyo buyuk uquvxonadur  ( 43962 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Ansora  02 Mart 2010, 12:05:38

***

Musiqani, ayniqsa, milliy musiqamizni bolamizga beshikdalik paytidan eshittirib boraylik. Tasviriy san’at, milliy hunarmandchilikka mushtdayligidan boshlab e’tiborini tortaylik, toki undan tarqaladigan naslning ta’bi nozik bo‘lsin, umrni nima bilan bezashni o‘rgansin, zavq-shavq bilan yashash sirlarini biladigan bo‘lsin.

***


Qiz bolasi bor uyda aya-buvilar doim orasta yursinlar, yarashimli kiyinsinlar. Qizlar go‘zallikka tug‘ma intiluvchandir, ular, ayniqsa,  o‘z onalarini eng chiroyli bo‘lishini  xohlaydilar. Bu payt ularda did shakllanayotgan bo‘ladi, siz o‘z turish-turmushingiz bilan qizchangiz huzurida unga mudarrislik qilyapsiz, ko‘zlarini zeriktirmaylik, nigohlarini xunuklikka ko‘niktirmaylik.

***

Tunov kuni bolalarimning gurungi qulog‘imga chalindi. O‘ttizga yaqinlashib qolgan kenjatoyim bog‘cha bola paytlarini eslab, zavqlanib derdi:
— Tug‘ilgan kunimizda ayam yangi, chiroyli to‘shaklarga o‘tqizardilar, eslaysizmi?! O‘sha kuni hech kim ish buyurmasdi, noto‘g‘ri  ish qilib qo‘ysak ham urishmasdilar,  podshoh bo‘lib yurardik-a!
Opa-akalari gur-r etib unga qo‘shila ketishdi ... Tug‘ilgan kunlarida qanday yayragan bo‘lsalar, eslayotganda ham o‘shanday yashnab, charaqlab so‘zlardilar.  Ko‘rdingizmi, inson ruhiyati — mo‘’jiza. Go‘dakligida xush ko‘rgan bir lahzani o‘nlab yillar o‘tsa hamki, bag‘riga bosib yasharkan. Bu degani o‘ttiz yil burun bergan arzimagan rag‘batimiz ularni hanuz boyitib, qalban o‘stirib kelmoqda ekan!
Farzandlarimizning odamoxun, ko‘ngilparvar bo‘lishini xohlasak, ularning yuragini sindirib qo‘ymaylik, kayfiyati bilan hisoblashib katta qilaylik.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:07:23

***

Qizchalarimizga bir yarim, ikki yoshidan boshlab, ro‘molcha taxlash, sochiq taxlashlarni o‘rgataylik. Kirlangan qo‘lni, shira tekkan yuzni darhol yuvishni odat qildiraylik. O‘yinchoqlarini o‘z joyiga, kiyimlarini o‘z joyiga qo‘yishini qattiq nazorat qilaylik. Bu tartib uning fe’liga aylanib ketsin, shundagina bolasiga ham o‘tadi.
Insondagi rag‘batga ehtiyojmandlik Allohdandir. Bolalarning har bir to‘g‘ri ishini payqaganimizni o‘ziga bildiraylik va tashakkur bildirishni ham unutmaylik. Bola kichkina joni bilan bizni rozi qilishga tirishib, tirmashdi va roziligimizni oldi. Ilohim, bu insoniy fazl va rohatlar uning bolasiga ham o‘tsin!

***

Biz — daraxt, bolalar mevamiz emaski, ular shig‘il pishganda odamlarning oldiga qo‘ysak, bir o‘tirishda yeb, duo qilib ketaversalar va shu bilan ishimiz tugasa!  Bolalar aslimizni, naslimizni asrlardan asrlarga tashuvchilardir! Yaralishiga biz sababchi bo‘ldik, aslida ular Allohning ne’matlaridir! Xo‘sh, bu ne’matlarning ta’mini  biz buzib qo‘ymadikmi? Bolalarimiz nimaga yaroqligu nimaga yaroqsiz?! Ularni shu turishlarida odamlar orasiga qo‘yib yuborsak, hech kimga ziyoni bo‘lmaydimi, yaxshi inson bo‘lib yashay oladimi? Birodar, siz o‘zingizga shu savollarni berib ko‘rasizmi va qo‘rqib ketasizmi? Men juda qo‘rqaman ...
Ona qobirg‘alari ostida bino bo‘lgan kurtak qanday qilib insonga aylanadi? U onasining jon tarkibidagi jami unsurlardan shimib, yuragidan yurak ko‘chirib, fe’lidan rang olib, onasi siqilsa kichrayib, yayrasa yayrab odam shakliga kira boradi. U bir ilohiy mavjudlik, u ziyrak  quloq  va o‘tkir ko‘zdir — qorinda turib, tashqi muhitni eshitadi va ko‘radi, bitta ta’sirdan gurkirab o‘ssa, biridan tug‘ilmay turiboq zaha bo‘ladi!
Hurmatli ona oyim, nabirangizga murabbiylikni qizingiz voyaga yetmay turib boshlang.
 Hurmatli qaynona oyim, keliningiz kelgan kundan boshlab jonini parvarishlang, yuragini yashnating, toki u sizga jismonan va ma’nan butun bola tug‘ib bersin!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:08:04

***

Yuklik qizim, senga ona bo‘lish nasib etib turibdi. Bola sening joningdan yaraladi va senga bu yaralma uchun buyuk mualliflik unvoni beriladi. Qanday martabada ekanliging hamisha yodingda tursin! O‘z joningni, salomatligingni asrasang, bolangni ham asragan bo‘lasan. Tartib bilan ovqatlanmasliging, asabingni saqlay bilmaganing, zo‘riqib mehnat qilishing, o‘ta sovuq, o‘ta issiq ichra bo‘lishing, toru tang kiyinishlaring va hokazolar ichingdagi bolani azoblash, jazolashdir! Bolang biron bir aybli yoki nozik tug‘ilsa, sababchi o‘zing va faqat o‘zingdirsan! Chunki u sening badaningga yopishib turibdi, sen orqali nafas olib turibdi, aybdor sen bo‘lasan-da!

***

Emizikli payting bola uchun yanada nozik davrdir. Qo‘lingdagi bir parcha go‘sht sening iqlimingga qarab har soniyada o‘zgarib turadi. Har bir harakating bilan uning yo yaxshi, yo yomon qismatiga muhr bosib borasan. Agar uning ko‘zlariga shukrona bilan boqib, uning borligidan yayrab, baxtiyorlik bilan chiroyli duolar tilab, niyati shirin allalar aytib emizsang, bolangning butun jismi nurlanadi, ruhiyati chamanzor bo‘lib ketadi, tomirlarida sog‘lom va kuchli hujayralar uyg‘ona boradi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:08:47

***

Oyim qizim, sen yuklik va emiziklik paytingda hech kimni yomon ko‘rma, bola bu holatingda sut emas, nafrat emadi, katta bo‘lsa, odamovi, hammadan yomonlik kutadigan bo‘lib qoladi!
Birovni yomon ko‘rmaslikning iloji bor: biz ming bo‘g‘ilaylik, hammani yoppasiga o‘z didimizga moslay olmaymiz. Sening avloding boshqa, tarbiyang boshqa! Senga yoqmayotgan odam esa butunlay boshqa bog‘dan, farq qiladi-da! Musichadan chumchuqlikni, bo‘ridan qo‘ylikni so‘rolmaymiz-ku, har odamni o‘ziday qabul qil, u imkonida borini namoyon qilyapti, sen ham unga munosib muomala top, unga talablar qo‘yma!

***

Agar emizish paytida birovni qarg‘ab, jahl bilan o‘tirsang, bolang sut emas, qarg‘ish, g‘azab emadi. Bu degani ona bo‘la turib, dushmanning ishini qilding: norasida jonga nafrat, andishasizlik urug‘ini ekding, katta bo‘lsa, har kimdan kir qidiradigan, salga jahlga minadigan nodo‘st, alamzada bo‘lishi mumkin.

***

Yuklik va emizikli paytingda o‘zingni qo‘lga ol, pastkash va mayda tuyg‘ulardan xalos bo‘l, ya’ni o‘rinsiz rashk, vaqtinchalik yo‘qchiliklardan o‘ksish (har qanday qiyinchilik va yo‘qchilik o‘tkinchidir!) va ko‘zda yig‘ing bilan bola emizma! Ayni vaqtda bola sutmas, xuddi shu narsalarni emadi! Xudo ko‘rsatmasin, u ulg‘aysa, tund, hech narsadan ko‘ngli to‘lmaydigan, bo‘la-bo‘lmasga ko‘z yosh to‘kaveradigan, irodasi, shukronasi yo‘q, rohat nimaligini bilmay o‘tadigan tushkun kimsa bo‘lib qolishi mumkin!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:09:56

***


Boshqorong‘i yoki emizikli ayol ko‘ngli nima tusasa, yeyishi shart. Chunki u narsani onaningmas, bolaning badani so‘raydi. Bizning udumda qo‘shni kelinning ko‘zi nimaga tushsa, uminib qolmasligi uchun, ketidan albatta o‘sha narsadan nasiba chiqariladi. Chunki baliq suvdan tashqarida qanday betoqat bo‘lsa, ko‘ngli sust ketgan narsani yemasa, kelinlar shu ahvolga tushadilar. Qolaversa, bolaning ham bir murvati zaif tug‘iladi.

***


Ba’zan onalarda sut qochadi. Va bu bexosiyat sanaladi. Qachon va nima uchun sut qochadi? Onalar bir narsadan qattiq qo‘rqsalar, o‘ta yomon xabar eshitsalar yo onaning salomatligida inqilobiy o‘zgarish bo‘lsa, shu hol ro‘y beradi. Mana shu o‘rinda Yaratganning qudratiga tan bermay ilojimiz yo‘q! Va har bir insonga uning cheksiz muhabbat va muruvvati qaratilganining yana bir karra guvohi bo‘lamiz: ona quvonib emizsa, bola sutmas quvonch emadi, yig‘lab emizsa, ko‘z yoshini emadi deyapmiz. Yuqorida aytganimizday, ona juda qattiq siqilsa yo qo‘rqsa, uning suti bola uchun juda xatarli narsaga aylansa kerak. Shuning uchun go‘dakkinaning g‘amini Alloh yeydi va onaning sutini O‘zi to‘xtatadi, bola omon qoladi!

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:10:20

***

Qaynona oyim va kuyov yigit! Anovi bola emizib o‘tirgan juvon shunchaki bir inson emas, sizning avlodingizni, umringiz davomini, ikki dunyoingizni obod qiladigan zurriyodingizni  dunyoga keltirgan Allohning mo‘’jizasidir! Unga osmon bo‘lib, boshida panohlik qiling, zamin bo‘lib, uni o‘stiring, ko‘kartiring! Chunki u shu turishida yuz foyiz SIZ UChUN zahmat chekyapti.  Bolasiga yuklik  ayolning yomon — yaxshisi yo‘q! Axir u o‘zidan ODAM yaratyapti, unga ko‘mak bering, uni qo‘llang, qo‘ltiqlang! Undan nuqson qidirmang, o‘zingizga nomunosib saylamang! Bu ayol sizning ostonangizda tasodifan paydo bo‘lib qolmadi! U sizning niyatingiz, savob va gunohlaringiz, olgan duo yoki qarg‘ishlaringiz evaziga taqdiringizga bitilgan ulush! U — qismat! Siz shunga munosibsiz.
Yuklik yo chaqalog‘i bor kelinni o‘ksitmangiz, dilini og‘ritmangiz, to bolasini ko‘krakdan ajratguncha, kirpi bo‘lsa-da yumshog‘im deb turingiz.
Bola emizayotgan ayol birovdan qo‘rqmasin, cho‘chimasin. "œAna, hozir bir narsa deydi, mana aybimni aytadi yoki bugun ham ichib kelsa, nima tomosha ko‘rsatar ekan deb" vahima xavotir ichida yashamasin. Alqissa, bolasi hurkak, jur’atsiz va qo‘rqoq bo‘lib ulg‘ayadi. Bu zotning aynishidir, birodar!     

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:10:46

XOTIMA
Qismatimdan roziman

 Men atrofimni o‘rab turgan ne’matlardan umr bo‘yi qarzdor yashayapman. Ota-onamning yetti mozorga chiroq yoqib, kokil qo‘yib, kipriklariga o‘tqizib katta qilgan erka qizi edim. Meni bir bora ham chertmaganlar, so‘kmaganlar, tergamaganlar. Ular uchun men o‘lmay yursam bo‘ldi edi. Ko‘nglimga kelgan ishni qilib, og‘zimdan chiqqani muhayyo bo‘lib ulg‘aydim. Bag‘rim sidiriladigan armonim shuki, onajonim, dadajonim mendan hech qachon gina qilmadilar, hech narsa so‘ramadilar! Vodarig‘, ularning ko‘nglidagiday farzand edimmi? Bola topib, chigillari ota-onaday yozilib ketdimi yo yo‘q? ...Ko‘rib turibsizki, o‘zimning ko‘nglim to‘ladigan farzand bo‘la olmadim.
Xo‘sh, qanday beka bo‘ldim? Tongda ketib, shomda qaytib, uy bilan ishning oralig‘ida bo‘zchining mokisiday yuguraverdim. Ovqatning osonini pishirib, shosha-pisha kir yuvib, bo‘g‘ilib dazmol qilib, er deganning ko‘zigayu so‘ziga astoydil quloq sololmay, quloq solgani vaqt topolmay yashab keldim. Ming xijolatchilik bilan aytamanki, ko‘ngildagiday juft ham bo‘lolganim yo‘q!
Onaday ona bo‘loldimmi? Bolalarimga ertaklar aytish o‘rniga tunlari dasta-dasta daftar tekshirdim yoki o‘tirvolib she’r to‘qidim, ularning kayfiyati, xohishlarini so‘rash o‘rniga uyga zilday charchoqlarimu uyulgan qaboqlarimni olib keldim. Yuragimga sig‘ib, o‘g‘il-qizlarim bilan bog‘u rog‘larda yetaklashib, chaqchaqlashib yurmadim. Atrofimga o‘tqizib olib turfa kitoblar o‘qib berolmadim. Ko‘rib turibsiz, mening ona sifatidagi bahoim ham qoniqarsizdir!
Ammo Alloh menga o‘qituvchilikday kasbu kor berdi. Har bor sinfga kirib, bolalarning ko‘ziga ko‘zim tushishi men uchun huzur edi. Har gal saboq berar ekanman, yuragim bodroqday ochilayotganini, bo‘g‘zimga to‘lqinlanib, taxlanib, gurkirab kelayotgan so‘zlar bayoniga bitta tilim yetmay qolayotganini his etardim. Sinf go‘yo pianino, o‘zimni esa barmoqlarini zavq bilan klavishlar uzra yugirtirayotgan cholg‘uchiday  sezardim! Bu kasb jonimni toliqtirdi, sochimni oqartirdi, ammo men undan farax topdim,  qismatimdan ming bora roziman! Kasbiki kishiga rohat beryaptimi, ilmu hunaringdan boshqalar na’f olyaptimi, shuni ko‘rganing izlangan baxtdir!
 Taajjublisi shuki, men hech qachon o‘qituvchi bo‘laman deb orzu qilmaganman. Universitetni bitirgach ham, rejam gazeta-jurnal redaktsiyalarida ishlash edi, ammo taqdir maktabga yo‘naltirdi. Dastlabki bir yilda baribir bu yerdan ketaman deb yurdim. Ammo jonimning bir tolasi shu dargohga bog‘lanib qolayotganday tuyila bordi, ketishni o‘ylagan sarim, yuragim shuvillashga tusha boshladi. Yana picha ishlaychi dedim. Qarabsizki, shu tarzda maktabda makon topdim.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 12:11:21

YASHASIN SO‘Z!

 Men amin bo‘ldim, shoirlik kabi o‘qituvchilik ham ilohiy in’om ekan. Qoningda murabbiylikning xamirturushi bo‘lmasa, o‘nta o‘quv dargohini "œa’lo"ga  bitirsang ham, olim bo‘lishing mumkin, ammo orzudagiday o‘qituvchi bo‘lolmaysan. Xuddi, shoir qaysi sohada ishlamasin she’r yozavergani kabi, haqiqiy murabbiy ham qaerda, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, kimnilir, nimanidir o‘stirish, parvarishlash, himoyalash bilan umri o‘tib ketarkan.
Mana yoshim oltmishdan oshib boryapti. Maktabdan ketdim, ammo minbardan ketmadim, keta olmadim. Agar bir oy tinglovchilar qoshiga chiqmasam, yuragimning yuki og‘irlashib ketadi, go‘yo odamlarning omonati menda qolganday va tezroq egalariga topshirmasam, xiyonat qilayotganday betoqat bo‘laveraman. Bir she’rimda aytibman:
Meni so‘zdin judo qilma, so‘zimdin o‘zga bojim yo‘q,
Bayotim — so‘z, qanotim — so‘z, usiz dastu qulochim yo‘q...
Tilimning bulbuli ko‘ngling qatida gulni uyg‘otsa,
Muattar olamim shuldir, mening-chun o‘zga ochun yo‘q.
Shunday, murabbiyning dastmoyasi — so‘z. U so‘z bilan muolaja qiladi. Muallim tinmay so‘z yig‘adi, so‘ng ularni ustaxonasida charxlaydi, jilo beradi, keyingina odamlarga tarqatadi. Bu so‘zlar borib yuraklarda, xotiralarda o‘rnashadi, ildiz otadi va kuni kelib, egalarining taqdirida katta-kichik inqiloblar yasaydi! Albatta, shunday qismating uchun shukronalar aytasan! "œYashasin so‘z, yashasin minbar, yashasin murabbiylik!" deya hayqirging keladi.

"Ma'rifat" gazetasidan olindi.

Qayd etilgan