Pirimqul Qodirov. Avlodlar dovoni (roman)  ( 244078 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 49 50 51 52 53 54 B


Ansora  07 Fevral 2010, 14:28:29

Salim o‘ylab turib:
— Ko‘tarildi, — deyishga majbur bo‘ldi.
— Chindan ham, so‘nggi yigirma yillik ko‘tarilish Hindiston tarixida ming yilda bir uchraydigan ulkan hodisa bo‘di, — dedi Salima begim. U tarix kitobla¬rini ko‘p o‘qigan, elchilik ham qilgan. Qalami o‘tkir shoira bo‘lganligi uchun Abulfazl vafot etganidan beri yozuv-chizuv ishlarida, chet ellardan olinadigan ba’zi nozik maktublarga javob yozishda Akbarga ko‘maklashadi. U Akbardan ijozat so‘rab, Salimga Angliya, Ispaniya, Fransiya va Xitoy elchilari olib kelgan maktublardan ba’zi joylarini aytib berdi: — Qarang, amirzodam, sharq-u g‘arbning shunday obro‘li davlatlari hazrat otangizni islom olamining bugungi eng ulug‘ podshosi deb tan olmoqdalar. «Sulhi kull» siyosatini katta ma’naviy jasorat deb atamoqdalar. Otangiz amalga oshirgan islohotlar islom olamining jahon miqyosidagi obro‘sini oshirmoqda, musulmon davlatlari yangi yuksalishlarga, yangilanishlarga qodir ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday buyuk yuksalish-u yangila¬nishlar Sohibqiron Amir Temur davridan buyon endi sodir bo‘lmoqda. Eng iste’dodli musavvirlar hazrat otangizni bobokaloningiz Amir Temur suratiga yonma-yon qo‘yib tasvir etganlarini siz ham ko‘rgansiz. Dunyoda hozir uchta eng qudratli davlat bo‘lsa, biri Hindistondir. Buni sharqda Xitoydan tortib, g‘arbdagi Farangistongacha barchasi tan olmoqda. Shunday bo‘lgach, nechun biz g‘ayridinlar ummonida o‘zligimizni saqlay olmas ekanmiz? Aksincha, ota¬¬ngiz barpo etgan ulug‘ davlat bu ummonda o‘zli¬gi¬mizni yanada mahkam saqlashga imkon bermaydimi?
Salima begim shoirona bir ehtiros bilan so‘zlagan sari, Rani Jodxa Bay unga mahliyo bo‘lib tikilar, uning nazarida Salim hoziroq otasining oyog‘iga tiz cho‘kib, Dini ilohiyni qabul qiladigandek bo‘lar, shundan keyin Akbar uni valiahd deb e’lon qilsa, hammalari murod maqsadlariga yetardi. Chunki Salimning ham eng katta maqsadi — valiahd bo‘lish edi. Biroq Salim o‘z diliga hali astoydil o‘rnashmagan yangi e’tiqodni xushomad tarzida nosamimiy qabul qilishni o‘ziga ham, otasiga ham munosib ko‘rmasdi. U ikki o‘t orasida qolgandek mushkul ahvolga tushdi, yuzi bo‘g‘riqib, yonoqlarida, hatto bo‘ynida ter tomchilari yiltiradi... O‘g‘lining lablari qaqrab, yorilay deb turganini Akbar endi ko‘rdi. Qarsak chalib savdarni chaqirdi-da, obihayot keltirishni buyurdi.
Akbar uchun maxsus tayyorlanadigan bu yaxna ichimlikka darmon beradigan, asabni tinchitadigan dorivor giyohlar qo‘shilgan edi. Salim oltin piyolaga quyilgan muzdek obihayotni ichib, ancha tetiklandi. Otasiga minnatdor ko‘zlar bilan qarab dedi:
— Hazrat otajon, sizdan ham, munis onajonlarimdan ham yashiradigan sirim yo‘q. Sizning dushmanlaringiz — mening ham dushmanimdirlar. Sizni g‘ayridinlar Xitoy-u Farangistonda maqtaganlari sari Turon-u Eronda, Arabiston-u Rumda bizni ming maqomga solib, «kofiru ma’jusiy» deb yomonlamoqdalar. Hatto sizga oq sut bergan enagalar orasida Rupa Rani nomli hind ayoli borligini dalil keltirurlar...
— Rost, men ham bu gapni eshitdim. Go‘yo kofirlig-u ma’jusiylik menga ona suti bilan kirgan emish, endi faqat jon bilan chiqar emish!

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:28:41

Salimning o‘zi ham hind dinidagi onani emganligi uchun bu so‘zlardan dahshatga keldi:
— Onaning oq sutini ham qoraga bo‘yaydigan bunday manfur yog‘iylarga dastak bermaslik uchun faqir «Lo iloha illollohu»ni dilimga mahkam joylamishmen! Undan voz kechishga qo‘rqamen!
Akbar xiyol jilmayib so‘radi:
— Sizningcha men kalimayi shahodatdan voz kechmishmenmi?
— Yo‘q zinhor! Axir siz har kuni besh vaqt namozni kanda qilmaysiz! Juma kunlari jome  masjidiga doim namozga borishingizni el-ulus yaxshi bilur. Faqat g‘arazgo‘ylar...
— G‘arazgo‘ylar faqat siz-u bizdan emas, Qu¬r’¬on-u Hadisdek muqaddas kitoblardan ham qusur izlaganlari sir emas-ku. Ayniqsa, ota yurtimiz Turkis¬tonda islom dinini boylig-u mansab orttirish vositasiga aylantirgan tamagirlar eng ulug‘ allomalar boshiga ne kulfatlarni solmadi! Hadis ilmida dunyoda tengsiz avliyo Ismoil Buxoriyni g‘arazgo‘ylar somoniylarga yomon ko‘rsatib, Buxorodan qanday quvganlari senga ma’lummi?
— ma’lum, hazratim!
— «Alqonunni» yaratgan ulug‘ hakim Shayxurrais Ibn Sino nechun Turondan quvg‘in qilindi? Hindiston haqida buyuk kitob yozgan Beruniy nechun vataniga sig‘madi? Bizning bobomiz Bobur Mirzo nechun tug‘ilgan yurtidan judo bo‘ldi? Chunki bu ulug‘ siymolar islomning umuminsoniy g‘oyalariga tayanib, boshqa dinlarga bag‘rikenglik bilan qaragan edilar. Ular barcha xalqlarni Odam ato va Momo havodan tarqagan birodarlar deb bilganlar. Dili tor hukmdorlar shunday ulug‘ siymolarni vatanidan quvish bilan Tu-ronni tanazzulga duchor qilmadilarmi? Bir vaqtlar jahon madaniyatining peshqadam markazlaridan bo‘lgan Turon hozir qo‘shni yurtlardan uzilib, ortda qolib, jaholat ichida xarob bo‘lmoqda-ku! Nahotki siz Hindistonning ham shu ahvolga tushishini istaysiz, o'g'lim?

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:29:24

— Bunday istaklardan tangrim meni asrasin, hazratim! Mening muqaddas tilagim shulki, ota yurtimiz Turkiston ham Amir Temur bobomiz davridagi yuksakliklarga qayta ko‘tarilsin!
Bu so‘zlardan Akbar yengil bir so‘lish oldi, Salimga atalgan iliq bir otalik mehri qalbida yana uyg‘onayotganday bo‘ldi. Koshki Salim otasining ishini davom ettiradigan va yuqori bosqichlarga ko‘tara oladigan darajaga yetsa-yu, Akbar qolgan umrini o‘g‘li bilan inoq yashab o‘tkazsa!..
— Muqaddas tilak! — dedi Akbar o‘g‘lining so‘zlarini yoqtirib. — Odamning dilida muqaddas tuyg‘ular bo‘lmasa imon-u e’tiqodi barbod bo‘lg‘ay. Siz bilan mening muqaddas tilaklarimiz bor ekan, endi ularni ro‘yobga chiqarish yo‘llarini ham birga izlaylik. Siz «Lo iloha illolloh»ni Farid Buxoriylar talqinida keltirdingiz. Bunday talqin boshqa dinlarni tan olmaslikka chorlaydir, g‘ayridinlarda jizya olishga yo‘l ochadir. Jizya esa nafsi katta ulamolarga boylik keltiradir. Boy bo‘lganlaridan so‘ng katta martabalarga intiladilar. Holbuki, islomni muqaddas deb bilgan so‘fiylar boylig-u martabani tan olmaganlar. Shahrisabzda Amir Temurning piri Amir Shamsiddin o‘zlarini Kulol deb ataganlar, boylig-u martabadan voz kechib, kulollik mehnati bilan ro‘zg‘or tebratganlar. Buxoroda o‘tgan hazrat Bahovuddin Naqshband naqqosh bo‘lganlar, o‘z hunarlari hisobiga kun ko‘rganlar. Ulardan keyin kelgan mullo-yu eshonlar aksini qilib nafsga berildilar, nazr-niyoz bilan boy bo‘ldilar, qo‘sha-qo‘sha xotin oldilar. Mana menga xabari keldi: Turonda hukmron bo‘lgan Jo‘ybar shayxlari Buxoro atroflaridagi juda ko‘p yer-u mulkka ega bo‘lib, boylik orttirishda xonlar bilan musobaqa qilur ekanlar. Buning oqibatida el-yurt qashshoq¬lashib, Turon tanazzul botqog‘iga tobora chuqur botib ketmoqda. Holbuki, barcha ulamolar islom diniga Bahovuddin Naqshband kabi beg‘araz xizmat qilsalar, ota yurtimiz yana yuksalgan bo‘lur edi. Turkiyani yuksaltirgan siymolardan biri Jaloliddin Rumiy din-u millat ayirmay, barcha inson zotini birday ulug‘lagan. Muslim-u nasora, otashparast-u yohudiy — hammasiga atab Rumiy go‘zal masnaviylar bitgan. Rumiy vafot etganda uni turli din, turli millat vakillari birgalashib dafn etganlar. Yoki Alisher Navoiyning «Xamsa»sida turli din, turli millat vakillari birgalashib, butun odamzodni yomon balolardan saqlaydigan Saddi Iskandariy qurganlarini eslang. Nahotki shunday ulug‘ so‘fiylar «Lo iloha illollohni» yaxshi tushunmaganliklari uchun turli din vakillariga birodarona munosabat qilgan bo‘lsalar? Qur’oni karimning «Hujarat» surasi turli millat-u qavmlarni bir ota, bir onaning farzandlaridek birodar bo‘lib yashashga da’vat etgani yodingizda bormi?
Salim titroq qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yganicha avval onalariga, so‘ng otasiga uzrli ko‘zlar bilan qaradi:

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:30:14

— Hammasi yodimda bor, hazrat otajon. Men bugun siz ko‘tarilgan ma’naviy yuksaklikni har qachongidan ham aniq tasavvur etmoqdamen. Sulhi kullga, tinch-totuv yashashga men ham imon keltirurmen! Faqat siz kabi ulug‘ so‘fiylar ko‘tarilgan yuksaklikka har kim o‘z ruhi, o‘z zakovati, o‘z imon-u e’tiqodi bilan ko‘tarilishiga endi aqlim yetmoqda. Fotiha beringiz, toki shu yuksaklikka... ko‘tarilish menga ham nasib qilsin!
Salim otasi oldida xushomad qilmay, samimiy so‘zlagani qadrli tuyuldi. Akbar:
— Omin, shu maqsadga yeting! — deb yuziga fotiha tortdi.
Shu bilan ota-o‘g‘il urush-yurushsiz tinch yashay boshladilar. Salim otasining hurmatini joyiga qo‘yib muomala qilar, ammo imon-u e’tiqod to‘g‘risida boshqa so‘z ochmas edi. Akbar uning o‘z yoqtirgan muhiti va ixlosmandlari ta’siridan chiqib ketolmasligiga ishongach: «Oqibati ne bo‘larkan?» — deb o‘yga toldi. Uch o‘g‘il o‘stirib birortasidan ko‘ngli to‘lma¬sa... Yoki Dakandagi kichik o‘g‘il Doniyol ichishni tashlab, aqlini yig‘ib olarmikan? O‘shanda Akbar Doniyolni valiahd tayinlashi mumkin. Salim norozi bo‘lsa, Doniyolning yonida tadbirkor Abdu¬rahim xoni-xonon bor. Man Sinx ularga yordam berishi aniq. Ko‘plashib Salimni tinchitishar. «Ajab dunyo! — deb so‘nggi o‘yidan uning o‘zi taajjub qildi: — Shunday ulkan davlatni boshqargan odam, tilab olgan o‘g‘illarimni yo‘limga sololmasam-a!.. Bu ne achchiq nasiba?»

_____________
* Salim xuddi shu so‘zlarni keyinchalik o‘zining «Tuzuki Jahongiriy» deb atalgan kitobida yozib ketgan.


Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:30:41

XOTIMA

Akbarga berilgan hayot jomining tubidan yana bir og‘u chiqdi. O‘ttiz uch yoshli Doniyol Dakanda xuddi Murod kabi muttasil ichkilik ichishdan oqtutqaloq bo‘lib vafot etdi. Avvalgi judoliklar ustiga qo‘shilgan yana bir malomatli o‘lim Akbarga navbatdagi qaq-shatqich ruhiy zarba bo‘lib tushdi. U o‘zining umri ham oxirlab qolayotganini sezib, so‘nggi marta Dehliga bordi. Ota-onasi qo‘yilgan maqbarada bir necha soat o‘ltirib, marhumlarning xoki bilan vidolashdi. Dehlidan Fathpur-Sekriga o‘tib, o‘zi qurdirgan saroylar, e’tiqodxona va tasvirxona binolarini bir-bir aylanib chiqdi.
Aziz ko‘ka, Man Sinx va Abdurahim uning ikki yonida bormoqda edilar. To‘rtovlon Salim ota maqbarasini ziyorat qildilar, roja Birbal va Abulfazl turgan uylarni kirib ko‘rdilar. Poytaxt ko‘chib ketgandan so‘ng bo‘m-bo‘sh bo‘lib huvillab qolgan Panj Mahal qasri, Devoniom, Devonixos Akbarda ma’yus xotiralar uyg‘otdi. U hayotining eng jo‘shqin yillari o‘tgan kimsasiz binolarga qarab:
— Alvido! — deganda tosh devorlardan bo‘g‘iq aks sado qaytdi. — Hayhot, men ishongan ko‘p narsalar sarob bo‘lib chiqdi. Diniy adovat hamon tugagan emas! Sulxi qull e’lon qildig-u, ammo urushdan boshimiz chiqmadi! Otam rahmatli tabiatdagi uyg‘unlig-u muvozanatni davlat tartibotiga joriy etmoqchi bo‘lgan edi. Lekin bu — amalga oshmaydigan xayolot ekanini umrining oxirida fahmladi. Men butun odamzodni ruhan birlashtirmoqchi bo‘lganim ham hali-beri amalga oshmaydigan bir xayolot ekanini endi sezib turibmen. Balki buning uchun asrlar ke¬rakdir. Insonning umri shunchalik qisqa!
Akbar Sekri tepaligi ustidan shimol tomonga ti¬kilib, uzoqlarda Kashmir ko‘llari ichida suzib yurgan kemalarni, Kobul daryosi bo‘yidagi bog‘larni ko‘z oldiga keltirdi.
— Bir armonim — Samarqand-u Andijonlarni ko‘rish nasib qilmadi, — deb qo‘ydi. — Lekin shukur qilishim ham kerak. Mana shu binolarni qurdik. Yonimda oltmish to‘rt yildan beri sadoqatini buzmay kelayotgan Azizdek ko‘kaldoshim bor. Roja Man Sinx bilan qirq yildan berli inoqmiz. Farzandlarimdan ko‘rmagan mehr-u oqibatni tutungan o‘g‘lim Abdu¬rahimdan ko‘rmoqdamen. Uchovlaringizdan ham ming marta rozimen!

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:31:01

Akbar Agra qal’asiga qaytganda nevarasi Xisrav bilan Xurram uni qarshi oldilar. Akbar ikkovini fil¬xonaga boshlab kirdi, har biriga eng yoqtirgan fillarini taqdim qilmoqchi bo‘ldi.
Filxonada Akbarning eski qadrdoni Bhishan Chand sarkor edi. o‘n sakkiz yoshli Xisrav Namudor degan ulkan bir filni ma’qul ko‘rdi. U onasi Shoh begimning o‘limiga otasi sabab bo‘lganini bilgandan beri Salimni suymas edi. Akbar Ollohobodga qo‘shin tortganda Xisrav ham otasiga qarshi urushga qatnashmoqchi bo‘lib birga otlangan edi. Man Sinx bilan Aziz ko‘ka Xisravni Salimning o‘rniga valiahd deb e’lon qilish tarafdori edilar. Lekin Akbar ota-bola dushmanligini alanga oldirmaslik uchun bu fikrdan qaytdi. Hozir u Xisravga Namudorni taqdim qilar ekan:
— Nevaralarim, sizlar ham shu filday qudratli, filday bardoshli bo‘linglar! — dedi. — Bhishan Chand — mening qirq besh yillik qadrdonim. Bag‘ri keng hind xalqining zahmatkash farzandi. Bobur bobomizning Tohir degan zahmatkash qadrdoni bor edi. Senlar ham halol zahmatkashlar orasidan Tohirdek, Salim otadek, Bhishan Chanddek qadrdonlar topinglar! Eng og‘ir damlarda shularday beg‘araz, halol odamlarga suyaninglar.
Bu yil o‘n uch yoshga kirgan va otasidan ham ko‘hlik yigitcha bo‘lib borayotgan Xurram eng bo‘yi baland qora filni yoqtirib qoldi. Akbar bu filni nevarasiga taqdim etar ekan:
— Buning nomi — Zinhor! — deb tushuntirdi. — Fil juda ziyrak jonivor. Yaxshilikni ham, yomonlikni ham unutmagay. Filga zinhor yomonlik qilmagin. Ota-bobolaringdan faqat yaxshi fazilatlarni olinglar-u nuqsonlarimizga zinhor ergashmanglar!..
Akbar milodiy 1605-yilning kuzida bir oycha kasal bo‘lib yotdi. Vafotidan sal oldin Salimni huzuriga chaqirib, boshiga o‘zining Ko‘hinur olmosi qadalgan sallasini, egniga to‘nini kiydirdi. So‘ng Akbar o‘zining boshi ustiga e’zozlab osib qo‘yilgan Amir Temur qilichini Salimning beliga taqdirdi.
— Bu qilichga «Kuch adolatdadir» degan bashorat bitilganini bilursiz, o‘g‘lim, — dedi Salimni «siz»Â¬lab.— Ikki yuz yildan buyon avloddan avlodga o‘tib kelgan bu qilichni faqat adolat uchun kurashda ishla¬ting. Sohibqiron bobokalonimiz bizga aql-u insofni, murosa-yu ma’rifatni, mehr-u oqibatni vasiyat qilganlarini zinhor unutmang.
— Men buni umrbod yodda tutgaymen! — dedi Salim. — Sohibqiron bobomiz vasiyatlaridan ilhom olib, men ham tuzukot bitmoqdamen!
— Ilohim yaxshi niyatlaringizga yeting!
Akbar olamdan o‘tgach, bek-u a’yonlar yangi hukm¬dorga sadoqat bildirish uchun devoniomga yig‘il¬dilar. Shunda Salimning Nuriddin Muhammad Jahongir nomi bilan taxtga chiqajagini birinchi bo‘lib e’lon qilish Farid Buxoriyga topshirildi. Mavlono Farid eng katta orzusi ushalganidan ovozi sururli jaranglab, baxtiyorlik tuyg‘usini yashirolmay, bu topshiriqni bajonidil ado etdi... Albert Pereyro esa keksayib o‘z vataniga qaytib ketdi va Akbarga qarshi olib borgan maxfiy ishlari uchun katta martabalarga erishdi.
Akbarni Agradan besh mil beridagi Iskandar degan joyga, o‘zi tarxini chizgan maqbaraga dafn etdilar. Maqbarani o‘n ikki yil davomida ulug‘vor bir obida shaklida qurib bitirishga Maryami Zamon Jodxa bay bilan Salima begimning ko‘p mehnatlari singdi. Ular ikkovi ham sakson yoshdan oshib, opa-singillarday inoq yashadilar. Vafot etganlaridan so‘ng esa Akbar maqbarasining ikki qanotidan abadiy o‘rin oldilar.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:31:30

Bu orada Xisrav otasiga qarshi isyon ko‘tarib, yengildi-yu, ko‘zi ko‘r qilindi. Ko‘proq bobosiga tortgan Xurram boburiylar xonadonining eng iste’dodli vakili bo‘lib yetildi va keyinchalik Shohjahon nomi bilan tanilib, mashhur Tojmahalni qurdirdi. Ammo ungacha Akbar Fathpur-Sekrida qurdirgan muhtasham e’tiqod uyini johil xurofotchilar tag-tugigacha buzib, yakson qilib tashladilar. Shu bilan ular Akbarning turli ellar va e’tiqodlarni ahil qilishga qaratilgan g‘oyalarini ham tarix sahifalaridan o‘chirib yubormoqchi bo‘ldilar.
Lekin oradan o‘tgan to‘rt asr davomida Akbarning ma’naviy izlanishlari va umuminsoniy g‘oyalari unutilmadi. Uning nomi hindcha, ruscha, inglizcha, forscha, ispancha va boshqa tillarda bosilgan kitob¬larning sarlavhalarida uchrashi bejiz emas.
Fathpur-Sekrining dunyo taniydigan me’morlik obidalari Akbarning ijodkor ruhi hamon tirik ekanini va hali ham odamlarga badiiy zavq berishini ko‘rsatib turadi. Iskandardagi  Akbar maqbarasiga Hindis¬tonning uzoq-yaqin o‘lkalaridan va jahonning turli mamlakatlaridan turnaqator odamlar keladi.
Akbar maqbarasiga kelib gul qo‘ygan siymolar orasida hind xalqining ulug‘ farzandi Javoharlal Neru ham bo‘lgan. Javoharlal Neruning ingliz mustamlakachilari qamoqxonasidan o‘z qizi Indira Gandiga yozgan maktublarida* Akbar Hindistonni birlashtirgan va hind millatiga ota bo‘lgan ulug‘ siymolar qatorida qalamga olinadi. «Faqat shohlik martabasidan bo‘lak hech vaqosi bo‘lmagan behisob ko‘p tojdorlar orasida Akbarning chinakam mardona qiyofasi yuksakka bo‘y cho‘zib, haligacha bizni qoyil qilib kelayotgani hayron qolarli hol emasmi!» — deb yozadi Javoharlal Neru.
Kishini hayratga soladigan yana bir hodisa — Bobur va Akbar mansub bo‘lgan sulolaning asrdan asrga va mamlakatdan mamlakatga o‘tib, besh asrdan ortiq umr ko‘rganligidir. «iste’dod meros bo‘lib o‘tmaydi» degan aqida bor.

Qayd etilgan


Ansora  07 Fevral 2010, 14:32:00

Lekin Amir Temurning ulug‘ iste’dodi kichik o‘g‘li Shohruh orqali Ulug‘bekka o‘tganligi, uning o‘rtancha o‘g‘li Amiranshoh esa otasining o‘lmas dahosini chevarasi Mirzo Boburga yetkazib berganligi tarix tomonidan tasdiq etilgan hodisalardir. Ayniqsa, Amir Temurning ulug‘ davlat arbobi va yengilmas sarkarda sifatidagi iste’dodi ikki asrdan so‘ng Akbarda yangi bir shaklda qayta tirilgani sharqning barcha mashhur tarixchilari tomonidan e’tirof etilgandir. Akbarning me’mor sifatidagi iste’dodi esa uning nevarasi Shohjahonda yanada baland bosqichga ko‘tarilgani — bu sulolaga xos irsiy daho insoniyat tarixida kam uchraydigan bir qudrat va umrboqiylik bilan hayratomuz mo‘jizalar yaratganini isbot etadi.
Bu ulug‘ sulolaning sarzamini bizning qadimiy Turkiston ekanini ko‘p mamlakatlar hali bilmaydi. Chunki Bobur va uning avlodlarini «Ulug‘ mo‘g‘ullar» deb atash bir odat tarzida ko‘pgina mamlakatlarda saqlanib kelmoqda. Holbuki, Bobur ham, uning avlodlari ham o‘zlarining turkiy ulusdan ekanliklarini ta’kidlab yozganlar va temuriyzoda bo‘lganliklari bilan iftixor qilganlar.
Yaqin vaqtlargacha O‘zbekistonni tanimagan-bilmagan yuzdan ortiq mamlakatlar hozir bizni tan olib, elchilar yubormoqdalar. Ishonamizki, O‘zbekiston mustaqilligiga xayrxoh mamlakatlar undan sun’iy ravishda begona qilingan bu ulug‘ tarixiy siymolarning ota yurti— bizning bugungi Vatanimiz ekanini jahon miqyosida tan oladigan kunlar keladi.

1983—1993. Do‘rmon
_____________
* Javoharlal Neruning o‘z qiziga yozgan bu maktublari keyinchalik «Dunyo tarixiga bir nazar» nomli uch jildli asar shaklida nashr etilgan.

Islom.uz ma'rifat markazidan olindi.


Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2010, 09:56:29

Humoyun va Akbar (Avlodlar dovoni)



Muallif: Pirimqul Qodirov
Hajmi: 1,16 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan