Shuncha yil yozuvchilik qilib, hali Tog’aydek qo’lyozma ustida uzoq ishlaydigan yozuvchini ko’rmaganman. Bir suhbatimizda Tog’ay: «Men hech kimdan qo’rqmayman. Har qanday zo’ravon bilan tikka olisha olaman. Ammo kitobxondan qo’rqaman. O’lay agar, juda qo’rqaman», degandi.
«Yulduzlar mangu yonadi» degan birinchi qissasi unga juda katta shuhrat keltirdi. Asar qo’lma-qo’l bo’lib o’qildi. Bu qissasini Tog’ay o’z tanasidan chiqib ketib, o’zini ham, atrofidagi jami narsalarni, odamlarni, bahoru kuzlarni, qishu saratonlarni, osmonni to’ldirgan turnalarni unutib, bir darvesh qiyofasiga kirib, dalli devona bo’lib yozdi.
Undan, shu qissani qanday yozganingni eslay olasanmi, deb so’raganimda, u jindek iymanib, o’ngimda emas, tushimda yozgandekman, deb javob bergandi.
Tog’ay Murodning mashhur «Otamdan qolgan dalalar» romanida turkiylar birligi tilga olinadi. Asar qahramoni Dehqonqulning ota-bobolari asli Farg’ona tomonlardan. Chor hukumati Turkistonni zabt qilganda, Dehqonqulning o’ta taqvodor bobosi Jamoliddin ketmon surbet, axloqsiz chor zobitlari tomonidan oyoq osti qilinayotgan, ming-ming yillik urf-odatlar, vodiy ahliga xos bo’lgan pokizalik toptalayotganidan, Simda (Sim Farg’onaning avvalgi nomi) islovatxona ochilganidan, har qadam qovoqxona (kabak) bo’lib ketganidan, kofir zobitlar musulmon ayollariga hirs bilan tikilayotganidan dili og’riydi. Endi u Farg’onaning pok suvi, rizq-nasiba beradigan toza tuprog’i harom bo’ldi, deb bola-chaqalarini olib boshi oqqan tarafga ketadi. Taqdir taqozosi bilan bu darbadar oila cho’llarda sarson-sargardon bo’lib Surxonning Denov taraflaridan qo’nim topadi.
Jamoliddin ketmonning o’g’li surxoni Aqrab bosmachilarga qo’shilib, haqoratlar, kamsitishlar uchun bu dunyodan irganib yashagan otasi uchun chor hukumatidan o’ch olishga ahd qiladi.
O’zbekning boyliklarini tashib ketayotgan, oltinlarini qoplab orqalagan bosqinchilarni ko’z ochirmay o’qqa tutaveradi, o’qqa tutaveradi.
Inqilob bo’lib, endi ko’ksimizga shamol tegadi, deganlar tillarini tishlab qoldilar. Chorizm boshlagan talonchilikni sho’ro undan o’n chandon oshirib davom ettirdi. Buxorodan vagon-vagon oltinlar Maskov tomon keta boshladi. Xonadonlarda ko’z qorachig’idek saqlanayotgan noyob buyumlar, ming yillarning nari-berisida yozilgan, fanga, tarixga aloqador qo’lyozmalar tashib ketildi. Qo’mondon Frunze bilan Kuybishev Buxoroni ship-shiydam qildi. Budyonniy esa Boysunni taladi...