Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122658 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 13:21:47

MAHMUD SATTOROV

TOG’AY MURODNI TANISH

(Mustaqillik adabiyotining tug’ilishi)

Tog’ay Murod bilan universitetda bir davrda (1966-71) o’qiganmiz. U jurnalistika bo’yicha, men filologiya sohasidan saboq olganmiz.  U Surxondaryoda tug’ilgan, men Qashqadaryoda. Bir zamin, bir fe’lli odamlar farzandlari ekanligimiz shundan.
Sobir Mirvaliev «O’zbek adiblari» degan kitob yozadigan bo’ldi. Professor menga o’z kitobiga mas’ul muharrirlik qilishimni taklif etdi. Jon deb rozi bo’ldim. Mirvaliev Tog’ay  Muroddan  o’zi haqida ma’lumot ololmay  qiynaldi. Oxir-oqibat mendan iltimos qildi. Men Tog’ay Murodga qo’ng’iroq   qildim.
— E, do’st, — dedi u, — meni Mirvaliev degan professor yo’qlatibdi. Said Ahmad aytdi. O’zim   haqimda ma’lumot yozib   berar emishman. Yozib bermayman, dedim. Tanimagan odamimga o’zim haqimda fikr berolmayman, dedim...
— Siz menga quloq soling, og’ayni, — dedim unga. — Bu kitob  — ma’lumotlar majmuasi. O’zbek adiblari haqida ixcham sahifalardan iborat. Yuzdan   ortiq   yozuvchi   kirgan. O’zbekning eng zo’r nasr ustasi kirmay qolsa, uyat bo’lmaydimi!? Sizdan nima ketdi! Tanish-tanimaslikning nima ahamiyati bor?
— Sizga jonim   bilan, do’st, — dedi u. — Hamma   ma’lumotni   berib yuboraman. Said  Ahmad   kitobimga   yozgan   so’zboshi bor. Hali   e’lon qilinmagan. Shuni ham yuboraman. O’z tarjimai holimni ixcham bayon etib, qaerda tug’ildim, o’qidim, xizmat qildim, nima yozdim, hammasini aytaman. Faqat kitob chiqqach, 20-30 tasini menga berasiz. Pulimga olaman. Do’st-dushmanga, mana   men, deyman. Tog’ay   Murodman, deyman.   Men   haqimda yozishibdi, deyman. Ko’rsataman. So’raganlarga beraman. Kelishdikmi?
— Kelishdik, jo’ra,  — dedim. — Faqat  u ma’lumotlarni  Sizdan  qanday olaman? Ma’suma haliyam «G’afur G’ulom»dami?
— Ha,  o’sha yerda  muharrir, — javob qildi Tog’ay Murod.
— Unday bo’lsa, Ma’sumadan berib yuboring. Men juma kuni peshindan keyin borib olaman.
Ma’lumotlarni aytilgan kun G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotiga borib, yozuvchining turmush hamrohi Ma’suma Ahmedovadan oldim. Tog’ay Murodning tarjimai holiga doir sahifalar o’z qo’li bilan tomdan tarasha tushganday tik yozilgan edi. Said Ahmadning «Tog’ay Murodning qo’shiqlari» degan kitob so’zboshisi mayin bir ohangday jozibali, ipakday muloyim bitilgandi. Shular asosida men Tog’ay Murodning ixcham «portret»ini yozdim. Ayrim adabiy xulosalarni, xudoning o’zi kechirsin, Said Ahmaddan o’g’irladim. Yozuvchining ixcham portreti bu turur:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:22:32

TOG’AY MUROD

(1948)

Tog’ay Murod (Mengnorov) o’zbek milliy adabiyotining noyob vakilidir. U 1948 yili Surxondaryo viloyatining Denov tumani, Xo’jasoat qishlog’ida tug’ilgan. Shu qishloqdagi 43-o’rta maktabni 1966 yilda tugallab, o’sha yili Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o’qishga kirgan. 1972 yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan. Respublika radiosi «Vatandoshlar» tahririyatida bo’lim muharriri bo’lib 1976 yilgacha xizmat qilgan.
Tog’ay Murod 1973-1974 yillarda Armiya saflarida xizmat qilib qaytdi. 1976-1978 yillarda esa «O’zbekiston fizkulturachisi» ro’znomasida tarjimon, 1982-1984 yillarda «Fan va turmush» oynomasida bo’lim muharriri bo’lib ishladi. 1985-1987 yillarda Moskvada, M.Gorkiy nomidagi Adabiyot  institutida tahsil olib qaytdi. Yozuvchi o’z ijodini 1976 yili «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi bilan boshladi. Bu qissa o’zbek adabiyotiga tug’ma iste’dod egasi kirib kelayotganidan darak berdi. Qissada Bo’ri polvon, Tilovberdi, Abil polvon obrazlarida o’zbek milliy kurashi badiiy ifodasini topdi. Adibning 1979 yilda bitilgan «Ot kishnagan oqshom» qissasi bu umidni chinakam haqiqat, ishonchga aylantirdi. Asar bosh qahramoni Tarlon ot kitobxon qalbiga qadrdon bir odamday kirib bordi.
Yozuvchining 1980 yili chop etilgan «Oydinda yurgan odamlar» qissasi o’zbek milliy adabiyotining noyob namunasi bo’ldi. Qissa qahramonlari Qoplon va Oymomo farzand ko’rish ilinjida kun, oy, yillarni bir-biriga ulab yashashadi. Hali tug’ilmagan bolaning bobosi, momosi bo’lib zurriyotni, bir-birlarini ardoqlashadi. Asar qahramonlari fojiasi umid va yorug’likka to’la mungli, hazin qo’shiq qilib kuylanadi.
Tog’ay Murodning 1985 yili bitilgan «Momo-Yer qo’shig’i» qissasi o’z g’oyasi, adabiy yo’nalishi bilan o’zga qo’shiq - qissalaridan ajralib turadi. Qissada milliy zamindan oyog’i uzilgan, Vatan tuprog’ida yashab, yuragida yurt tuyg’usi bo’lmagan, 80-yillar mafkurasi qurboni, G’arb adabiyotiga sig’indi banda bo’lib qolgan ijodkor obrazi o’zbekona kinoya bilan tasvir etiladi.
Tog’ay Murod iste’dodli tarjimon hamdir. U 1974-1975 yillarda J.Londonning «Boyning qizi» dramasi va ko’pgina hikoya¬larini o’zbek tiliga ag’darib nashr ettirdi. 1989 yili E. Seton -Tom¬psonning hayvonlar haqidagi mashhur «Yovvoyi yo’rg’a» kitobini mahorat bilan tarjima qildi.
U 1986-1992   yillar   davomida   o’zining   ilk   romani   «Otamdan qolgan dalalar» asarini   bitdi. «Otamdan qolgan dalalar» — ramziy roman.   Unda umr  bo’yi  ketmon chopib, mustamlaka yurtda kosasi oqarmay kelgan o’zbek xalqi siymosi Dehqonqul obrazi timsolida tasvir etiladi. Yozuvchi ayni kamolot yoshida  yangi ijodiy niyatlar ustida ishlamoqda.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:23:15

* * *

Prezident Islom Karimov 1993 yili o’zbek ziyolilarini yig’ib, adabiyot, san’at, ma’naviyat to’g’risida suhbat qildi. Bu anjumanda Ozod Sharafiddinov, bugungi kunda ham o’zbekning yaxshi yozuvchi-shoirlari zo’r asarlar yozishayotganiyu faqat uni nashr qilish mushkul vazifa bo’lib qolayotganligini aytdi. Prezidentning «Qanday yangi, zo’r asarlar paydo bo’ldi?» — degan savoliga u Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romani bugungi kun o’zbek adabiyotida voqea bo’lgani, biroq uni chop etish oson kechmayotganligini kuyib-pishib bayon qildi.
Prezident: «Unday bo’lsa, Tog’ayga bir jurnal ochib beraylik, zo’r asarlarini bemalol chop etsin», degan fikr bildirdi. O’tkir Hoshimov so’z olib, jurnallar yetarli, jumladan, Tog’ay Murod asarini «Yoshlik» bosgani, «Sharq yulduzi» ham jon deb bosishini aytdi...

* * *

1998   yil   sentyabrida   Mustaqillik   bayrami munosabati bilan Tog’ay Murod romani asosida Shuhrat Abbosov rejissyorligidagi «Otamdan qolgan dalalar» to’rt seriyali kinofilm teleekranda namoyish qilindi. Keyin esa bayram oldi Davlat mukofotlari olganlar ro’yxatida Tog’ay Murodning ham «O’zbekiston xalq yozuvchisi» unvoniga  loyiq topilgani e’lon qilingandi. Bor ekan-ku haqiqat.


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:26:35

* * *

Sadriddin Ayniyning « Qullar» epik polotnosi 1931-1934 yillarda yozilib, 1934 yili o’zbek, 1936 yili tojik tillarida dunyo yuzini ko’rdi.
Romanda qullar ijtimoiy taqdirining uch bosqichi uch avlod misolida tadrijiy bayon etiladi. Tarixiy jihatdan adib O’rta Osiyo hayotining 1825-1932 yillar — bir asrdan ziyod bosqichining badiiy kartinasini yaratdi.
Tog’ay Murod XX asrning so’nggi choragida yaratgan «Otamdan qolgan dalalar» romanida ham qullik mavzusiga qaytib, tarixiy yaxlit bir bosqichni 1865-1991 yillar — 126 yillik asorat, milliy mahdudlik, muteligu o’zga xalqqa qaramlik davrini qalamga oldi.
«Qullar»da Ayniy Abdurahimboyning intellektual (fikr¬lovchi) mulki Nekqadamni birinchi avlod vakili sifatida tasvirlasa, Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar»da pokiza chorbog’ida nogahon iflos cho’chqa oralagan Jamoliddinning o’z ruhi va ro’zg’orini yangilash yo’lida bu jannatmakon manzilni tark etishini birinchi avlod qismati sifatida talqin qiladi.
Bu ikki zamondoshning farzandlari bo’lmish ikkinchi avlod vakillari «Qullar»dagi Ergash, «Otamdan qolgan dalalar»Â¬dagi surxoni Aqrab obrazlarida andak o’xshashlik bor. Bu yaqinlik har ikkisining inqilob — «qizillar» saltanati dastlabki davr avlodlari ekanligida ko’rinadi.
S.Ayniy talqinida Ergash «qizillar»ga moyil, «qizillik»Â¬dan moddiy va ma’naviy manfaatdor. «Qizillik» uning taqdiri, unda hech qachon bo’lmagan hokimiyat garovi. Tog’ay Murod tasvirida esa surxoni Aqrab («Surxon» so’zida Vatan ramzidan tashqari, «qizil» ishorasi ham bor — M.S) zamonasining Jaloliddin Manguberdisi kabi qo’ldan ketgan erkini qaytarish, bosqinchini mo’’tabar Vatandan haydash maqsadida yashaydi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:27:06

Ayniyda qizillar libosini kiygan «xaloskor» Ergash, Tog’ay Murodda «bosmachi» yorlig’ini olgan fidoyi Aqrab bir millat, bir zamin, bir zamon farzandlari, tengdoshlar. Ikki qutbdagi bu ikki xarakter ikki san’atkor talqinida bir zamonning ikki qahramoni darajasiga ko’tariladi. Ergash — novator, yangi tuzum tarafdori, sovetparast. Aqrab — konservator, eski tuzumni yoqlovchi millatparvar.
Ayniyda, Ergash — quyoshi chiqayotgan, bozori qiziyotgan   qatlam yo’qsillar, qullar, yalangoyoqlar — hammaning   o’ziday, birday   bo’lishini istaydigan inqilobchi.  Tog’ay Murodda, Aqrab — quyoshi so’nayotgan, bozori qaytayotgan, bor mol-davlati erku   haq-huquqiga  qo’shib talon-toroj qilingan abgor shaxs. Uchinchi avlod vakili Safarqul — qul bozordan sotib olingan Nekqadamning nabirasi. «Qizil»lar zamoniga kelib, qishloq sovetining raisi — xo’jayinga aylandi. U endi jamiyatning oldi, avomning boshi.
Yozuvchi Tog’ay Murod romanining uchinchi   avlod   vakili — Dehqonqul bir nobakor, ota-bobolari, avlodu ajdodlarini, umuman,  odamligini mutlaqo unutib bo’lgan manqurt.
Sadriddin Ayniy — quldan xo’jayinlik darajasiga ko’tarilish dinamikasini badiiy haqiqatga aylantirsa, Tog’ay Murod xo’jayindan qulga aylanish jarayonini adabiy san’at qilib ko’rsatdi. Nazarimda, Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romani va Sadriddin Ayniyning «Qullar» epopeyasi bilan o’zbek xalqining qullik psixologiyasi nihoyasiga yetdi. Nihoyasiga yetgani, barham topgani rost bo’lsin...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:27:36

Judolik


2003 yilning 27 may kuni shum xabar olamni tutdi. Shu kun o’zbek xalqi sevimli farzandidan, katta milliy adibidan judo bo’ldi. Shu kun tongda Tog’ay Murod foniy dunyoni tark etdi.
Sevimli adib o’limi o’zbek xalqi, muxlislar qalbini vayron etdi. Ayniqsa, Tog’ay Murodni surxonliklar dillari ku-yib, yodga oldilar. O’sha kunlarda «Chag’oniyon» gazetasida e’lon qilingan shoir Nasrulloning «Marsiya»si kuygan ko’ngillarga tasalli bo’ldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:28:18

Marsiya

(O’zbekiston xalq yozuvchisi Tog’ay Murod xotirasiga)

Yog’ib turdi tinmay yomg’ir, jalalarim,
Quchog’ingdan iskab maysa, lolalarim.
Hay, otamdan qolgan mening dalalarim —
Oqshomingda kishnab-kishnab bir ot o’tdi.

O, u tulpor oshno edi nur, ziyoga,
Ustoz edi dunyo degan avliyoga.
Shogird tushib, Tesha bilan Mengziyoga,
Yurish qilib bir shoh o’tdi, bir mot o’tdi.

Ayt, u shohing avommidi avomingdan?
Kecholmadi qo’ng’irotcha zaboningdan.
Adabiyot! Ko’rib qo’ygin, ayvoningdan
Bitta o’zbek — bir  sart, bir qo’ng’irot o’tdi!

Kim edi u, ayt, odamlar orasida,
Yo Shamsmidi Chag’oniyon kurrasida.
Ko’hi Qofdan Vaxshivorning darasiga,
Tobut olib Boychibormi, G’irot  o’tdi.

Ajal o’lim yo xilqatmi, bilib bo’lmas,
Bu dunyoda aslo bedor bo’lib bo’lmas.
Bedor bo’lsang — bu dunyoda o’lib bo’lmas,
Vujudimdan borliqqa shu faryod o’tdi.

Do’stlar,
Oramizdan Tog’ay Murod o’tdi...
Yog’ib turdi tinmay yomg’ir, jalalarim...
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:29:07

SHODMON OTABEK

O’ZI HAM,  IJODI  HAM  BETAKROR

Tog’ay Murod adabiyotga, atoqli yozuvchi  Said Ahmad iborasi bilan aytganda, tutab emas, yonib kirib kelgan edi. Adabiyot san’atning shunday qiyin, murakkab turiki, unga butun borlig’i, hayot tarzini baxshida qilganlargina umrboqiy asarlar yaratish baxtiga muyassar bo’la oladilar. Rahmatlik Tog’ay Murod shunday baxtga sazovor adiblardan edi. U nisbatan qisqa umrini to’la-to’kis adabiyotga bag’ishlagan edi. Balki shu boisdandir, uning yozganlari orasida «ikkinchi navi — chiqiti» bo’lmadi. Har bir yozgan asari adabiyot osmonida chaqmoqday chaqnab, yorqin yulduz bo’lib qolaverdi.
Biz Tog’ay Murod bilan deyarli tengdosh, adabiyotning ma’naviy hayotda katta nufuzga ega bo’lgan adabiy muhit va adabiy jarayonning jo’shqin bir pallasiga guvoh bo’lgan avlodmiz. Esimda, bu davrda iste’dod bilan yaratilgan har bir asar tezda tilga tushib, qo’lma-qo’l bo’lib ketar, turli bahs-munozaralarga sabab bo’lar edi. Tog’ay Murodning ilk qissasi — «Yulduzlar mangu yonadi» ana shunday asarlardan biri edi. Yozuvchi ana shu ilk jiddiy asari bilan kitobxonlar qalbiga yo’l topdi. Keyingi asarlarining dovrug’i esa bundan ham baland bo’ldi. «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» kabi birin-ketin e’lon qilingan qissalari va nihoyat «Otamdan qolgan dalalar» romani adabiyotimizda o’ziga xos betakror voqea bo’ldi. Bu asarlar, avvalo, xalqchilligi, Surxon odamlari xarakterining samimiy, mohirona tasviri, tilining jozibasi bilan ajralib turadi.
Adabiyotimizda paxtakorning zahmati, fojiasi, dardu quvonchi va armonlarini yorqin badiiy bo’yoqlarda ifodalagan salmoqli asarlar ko’p emas. Ne baxtki, Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar» romani bilan ana o’sha kemtikni to’ldirdi. To’ldirdigina emas, yozuvchining o’z iborasi bilan aytganda, o’zbek xalqiga haykal qo’yib ketdi. Bu asar taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan kino ham qilindi. Bu haqda bir kuni Tog’ay Murod shunday degan edi: «Shuhrat akaning o’zi menga telefon qilib, romaningizni kino qilsak, maylimi?» — deb so’radi. Men rozi bo’ldim. Chunki hozirgi vaqtda bizda Shuhrat akadan zo’r rejissyor yo’q».

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:29:21

Rahmatlik kinoning ham romani kabi zo’r bo’lishini, umuman, hamma narsaning, jumladan, shon-shuhratning ham  zo’r bo’lishini istar, shu boisdan ham asarlarini o’z e’tiroficha, g’animlariga o’zini bir ko’rsatib qo’yish uchun yozganligini tortinmay ta’kidlagan ediki, yozuvchining bu fikri bilan andak bahslashish ham mumkin. Balki rahmatlikka zo’r asar yozishida ana o’sha «o’zini ko’rsatib qo’yish» istagi qo’l kelgan bo’lishi ham mumkin... Ammo asosiy haqiqat shundan iboratki, yozuvchida Olloh tomonidan berilgan iste’dod bo’lmasa, ming chirangani bilan yaxshi asar yarata olmaydi. Tog’ay Murodda, avvalo, ana o’sha tabiiy iste’dod bor edi. Hamma gap ana shunda. To’g’ri, har bir insonning hayot yo’lida yaxshi-yomon odamlar uchraydi. Tog’ay Murod ham bundan mustasno emas. Har qanday iste’dodning ijod yo’li hech qachon ravon, bir tekis bo’lmaydi. Iste’dodni ko’rolmaydiganlar hamisha, hamma zamonda bo’lgan va bundan keyin ham bo’ladi. Lekin Tog’ay Murodning atrofida unga xayrixohlar ham ko’p edi. Oxir-oqibat, iste’dodining qadriga yetadiganlar tufayli ham yetuk yozuvchi sifatida tan olinib, Tog’ay Murod bo’ldi-da!..
Ushbu oddiy haqiqatni e’tirof etish joiz. Yuqorida Tog’ay Murod butun umri, hayot tarzini adabiyotga, yozuvchilikka bag’ishlagan edi, dedik. Balki shu boisdandir, u odamlarga qo’shilmayroq, xonanishin bo’lib, ya’ni haqiqiy yozuvchi qanday hayot kechirishi kerak bo’lsa, shunday hayot kechirdi. Buning uchun uni ayblash o’rinsiz. Ayni chog’da u ko’ngliga o’tirishib qolgan, diliga yaqin odamlar bilan ancha iliq munosabatda bo’lardi. Ming to’qqiz yuz yetmishinchi yillarda «O’zbekiston madaniyati» (hozirgi «O’zbekiston adabiyoti va san’ati») gazetasining nasr bo’limini shoir, yozuvchi Qamchibek Kenja boshqarar, Tog’ay Murodning ilk mashqlari ham shu gazetada bosilib turardi. Qamchibek bilan biz kursdosh va do’st edik, tez-tez ishxonasiga borib turganimda, Tog’ay Murodni ham o’sha yerda uchratar edim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:29:37

Tog’ay Murodning fe’l-atvoridagi «g’alati»liklar haqida ko’p gapirish mumkin. Esimda, bir kuni poytaxtning «Zangori gumbaz» choyxonasida shoir Shukur Qurbon, Tog’ay Murod va kamina gurunglashib qoldik. O’sha kezlarda bu fayzli joyda ijodkorlar tez-tez uchrashib turardik. Nogoh suhbat mavzusi kimning yoshi nechada ekanligiga kelib taqaldi. Shunda ma’lum bo’ldiki, davrada o’tirganlarning eng «qarisi» (agar yanglishmasam, o’shanda hali uylanmagan, yoshim ham nari borsa, yigirma to’rt-yigirma beshlarga borgan edi) men edim, bu mening o’sha lahzadagi eng katta «aybim» edi. Suhbatdoshlarim biri olib, biri qo’yib, mening «qariligim»ni yuzimga solishar, men esa aybsiz aybdorday o’zimni oqlashga qiynalib xit bo’lar edim. Axiri chidolmay, «portlab» ketganman: «Hey, menga qaranglar, men ellikka kirganimda biring (Tog’ay Murod) qirq sakkizga, yana biring (Shukur Qurbon) qirq beshga to’lar ekansizlar. Xo’sh, nima bo’pti, shunga ham ota go’ri — qozixonami?»
Shunda hammamiz bir-birimizga qarab turib, xaxolab kulib yuborganmiz. Fe’l-atvorimizdagi  o’shanday bolalarcha soddalik, beg’uborlik ancha vaqtgacha tark etmagan ekan-da...

Qayd etilgan