Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 76890 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 30 B


Ansora  05 Mart 2010, 15:33:34

« Nasim oshna, men Momoqizdan ulug’ini ko’rmadim!
Har er ko’ngilning qiz ko’ngilga aytadigan gaplari bo’ladi.
Ko’nglida shu gapi bo’lmagan yigit — yigit emasdir. Shu gapni qaysidir yigitdan intizor bo’lib kutmagan qiz-da  —  qiz emasdir. Dunyoga keldim, deb yurmasinlar!
Birov, bu gapni bir so’z bilan aytadi. Birov, ko’p so’z bilan  aytadi.  Tag’in birov, aytolmay qoladi...
Nasim oshna, men o’z gapimni Momoqizga aytolmay qoldim.
Nasim oshna, Momoqiz haliyam ko’nglimning tub-tubida yashaydi. Uni birov-da bilmaydi. Hatto Tilovberdining onasi-da bilmaydi...
Men Momoqizni uyqularimda ko’raman, u jilmayib-jilmayib qarab turadi...»
Bo’ri polvon bu gaplarni Nasimga — Momoqizning eriga aytyapti. Bo’ri polvon umr bo’yi unga yaxshiliklar qildi, o’z jigaridek ishondi. Yurak sirlarini yashirmadi. Hatto uni Momoqiz bilan o’rtasida vositachi qilib qo’ydi. Nasim esa uning hasrat to’la so’zlarini ataylab yetkazmasdi. Aksincha, Momoqizga o’zi muhabbat izhor qilardi. Necha yillardan beri ilhaq bo’lib, intizor bo’lib kutgan Bo’ri polvonning bir og’izgina dil so’zini eshitolmay, kuta-kuta ko’zlari tolgan Momoqiz bo’zlab-bo’zlab oxiri Nasimning tuzog’iga ilindi.
Hozir Bo’ri polvon bu gaplarni tap tortmay, baqrayib turgan Nasimning behayo ko’zlariga qarab aytyapti. Ko’nglida hamon Momoqiz muhabbati yashayotganini aytyapti.
Bo’ri polvon yuragida Momoqiz muhabbatining qadam izlari umrbod muhrlanib qolgandi.
Tog’ay Murodning qissasi Surxon polvonlari haqida to’lib-toshib yozilgan asar bo’lishi bilan birga u buyuk muhabbat dostoni hamdir.
Tog’ay Murodning xalq oldidagi, adabiyot oldidagi halol xizmatlari uchun u «Xalq yozuvchisi» degan unvon bilan taqdirlandi. Uni Abdulla Qodiriy nomidagi baland darajali mukofot laureati degan unvonga loyiq ko’rdi.
So’z ustasi, so’z zargari Tog’ay Murod cho’ng chinorlar ildizlaridek chuqur ildiz otib ketgan yer bolasining hech qaytarilmas qiyofasini katta san’at, mahorat bilan chizdi...
U ona yurtining kamalakdek yetti rangi aks etgan xonatlas  suvratini chizib ketdi.
Tog’ay Surxonning mungli va shu bilan birga sho’x, jo’shqin qo’shiqlarini kuylab o’tdi. Bu qo’shiq o’lmaydi, manguga ketadi.
 

Qayd etilgan


Ansora  05 Mart 2010, 15:34:24

ODIL YOQUBOV

MENING  XOTIRALARIM

Tog’ay Murod, shubhasiz, XX asrning yetmishinchi  yillarida adabiyotimizga kirib kelgan iste’dodli yozuvchi. O’sha yillardayoq, u o’zining «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» va boshqa asarlari bilan mashhur bo’lib ketdi.
Men uni birinchi marta G'afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir muovini bo’lib ishlagan payt¬larimda ko’rgandim. Tog’ay Murodning birinchi qissasi «Yulduzlar mangu yonadi» shu nashriyotda chop etilgandi. U bir qarashda juda dag’al, haddan ziyod g’ururi g’olib yigitga o’xshardi. Uncha-muncha yozuvchiniyam, uncha-muncha tanqidchiniyam nazariga ilmas edi. Bu xislat keyinchalik, katta romanlar yozganida emas, yoshlik payti, «Yulduzlar mangu yonadi» nomli birinchi qissasi nashr qilinganidayoq ma’lum bo’lib qoldi. Lekin, haqiqatan ham, bu qissa chiqqanida adabiyotimizga, shubhasiz, katta bir iste’dod kirib kelganidan dalolat berdi. Asarning tiliyam, uslubiyam o’ziga xos edi. Yozuvchi yaratgan qahramonlar xarakteriyam nihoyatda original, adabiyotda biz ko’p o’qigan kitob qahramonlarining xulq-atvoridan batamom ajralib turardi. O’sha vaqtgacha adabiyotimizda yaratilgan juda ko’p asarlardan boshqacha va eng muhimi, yorqinroq, o’ziga xos tomonlari bo’rtib ko’rinib turgan asar edi. Qissada ham va unga qo’shib chiqarilgan hikoyalarida ham uslubi jihatidan tamomila boshqacha bir adib namoyon bo’ldi.
U bir qarashda qo’pol, manman, hech kimni nazariga ilmaydigan odamga o’xshab ketardi. Keyinroq ma’lum bo’ldiki, ¬Tog’ay Murod manman emas, aksincha ko’ngli nozik, kamchiliklari ham, fazilatlari ham o’ziga xos bir inson ekan. Gaplashish usullaridan tortib, asarlarigacha alohida bir dunyo ekan. Keyinroq uning yirik asarlari buni yaqqol namoyon etdi. Ayniqsa, «Otamdan qolgan dalalar» romani chiqqanidan keyin u adib sifatida birdan yaraqlab ketdi. Tilga tushdi. Boya aytganimdek, avvalgi hikoya va qissalariyam dovruq qozongan edi, lekin bu romani, aytish kerakki, juda katta iste’dod yaratgan asar sifatida yarqirab ko’rindi. Men o’shanda Yozuvchilar soyuzining raisi edim. Biz qo’shni edik. Bir kuni ertalab telefon jiringlab qoldi. Olsam — Tog’ay Murod!
— Odil aka, — dedi u. — Men roman yozdim.  Hozir sizga olib boraman. Shu bugun o’qib chiqasiz!
— Hajmi qancha o’zi?
— O’n sakkiz bosma toboq bo’ladi.
— Katta narsa ekan. Men hali ishga boraman. Bir kunda butun bir romanni o’qib bo’larmidi? — desam, cho’rt kesib aytdiki:
— Siz avval o’qishni boshlang! Shunda o’zingiz ham qanday  tugatganingizni bilmay qolasiz!

Qayd etilgan


Ansora  05 Mart 2010, 15:34:39

G’alati! Bu gaplarni yozuvchining o’zi aytyapti, o’zining asari haqida shunday deyapti! Hech kim bunday demaydi-ku! Kamdan-kam adib bunday muomala qiladi-da!
— Hay, olib kel, — dedim ensam qotib.
Sal o’tmay romanni ko’tarib kirib keldi. Asarni o’qiy boshladim. Boshladim-u, kech bo’lganini ham bilmay qolibman. Xullas kalom, haqiqatan ham, asarni kechqurungacha o’qib chiqdim. Chindan ham baquvvat asar edi. Adabiyotimizda, prozamizda so’nggi o’n besh-yigirma yil ichida yaratilgan juda original, haqqoniy, hayotning katta ziddiyatlarini ko’rsata olgan roman edi. Asar dehqonlar hayotining butun mashaqqatlarini, qiyinchiliklarini, dardu hasratlarini ocha olgan roman edi. Ayniqsa, asardagi ona va bola obrazlari meni larzaga soldi. O’sha vaqtlar paxta dalalarida dori ko’p ishlatilardi. Melkontapos degan. Bola ana shu dori tagida qoladi va o’ladi. Ona telbalanib qolib, paxtazorda faryod chekib, o’g’lini qidirib yuradi. Dahshatli manzara.
Tanqidchilik ham, kitobxon ham asarni juda yaxshi kutib oldi. Keyinroq esa roman Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi.
Bu voqealar asar chiqib, shuhrat qozongandan keyin bo’ldi. Ungacha esa ... (Men bu voqeani Tog’ay Murod xarakterining o’ziga xos tomonlarini ko’rsatish uchungina yozyapman!) Ungacha yana bir qiziq voqea yuz berdi.
Tog’ay qo’lyozmani menga olib kelgan kuni kechqurun telefon yana jiringlab qoldi. Trubkani olsam — Tog’ay Murod.
— Ha, o’qib bo’ldingizmi? — dedi u dag’al, o’ktam ovozda.
— Ha, o’qib bo’ldim!
— Qalay?
— Yaxshi, tabriklayman!
— Yo’q, telefonda tabriklamang! Men hozir boraman, oldingizga!
Keldi. Gaplashib o’tirdik. Men o’z fikrlarimni aytdim.
U quvonib ketdi. Keyin:
— Bir narsangiz bormi? — deb so’radi o’dag’aylab.
— Nimam? — dedim, tushunmagan bo’lib.
— Shuniyam tushunmaysizmi? Qanaqa to’pori odamsiz? Qittay-qittayni aytyapman. Bormi yo o’zim opkelaymi do’kondan!
— Yo’q, yo’q! Boshqaga bo’lmasayam senga topiladi, Tog’ay!
Gapning po’skallasi, qittay-qittay qildik.
Rahmatlik juda xursand bo’lib, chiqib ketdi.

Qayd etilgan


Ansora  05 Mart 2010, 15:34:58

Demoqchimanki, u xuddi o’z asaridagidek, o’ta to’g’riso’z, bir qarashda juda dag’al, aslida esa nihoyatda ko’ngli nozik, samimiy, oqko’ngil inson edi...
Adabiyot qachon adabiyot bo’ladi? U bor haqiqatni ayta olsa, hayotning achchiq tomonlarini ko’rsata olsagina adabiyot bo’ladi. Mayli, shirin damlarni ham ko’rsatsin. Faqat bir tomonlama bo’lib ketmasin, hayotning baxtli onlari bo’lsa, ularniyam yozsin. Lekin haqiqatdan ko’z yumib yozilsa, bu asarning qiymati bir tiyin bo’ladi. Adabiyotda bu eng katta masala! Tolstoy aytgan bir gap bor: adabiyotning bosh vazifasi — haqiqat, haqiqat va yana bir marta haqiqat! Tolstoy adabiy asarga qo’ygan talablarga Tog’ay Murod ijodi juda to’g’ri keladi.
«Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani, aytish kerakki, boshqa hech bir asarga o’xshamaydi. Har bir katta yozuvchi o’ziga xos uslub yaratadi. Tog’ay mana shu cho’qqini zabt eta olgan ijodkorlardan. Uning uslubiday uslub boshqa hech bir yozuvchida yo’q. Tog’ay Murodning adabiyotda alohida o’rni bor. Buni dunyoda hech nima bilan tenglashtirib bo’lmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  05 Mart 2010, 15:35:39

PIRIMQUL QODIROV

QALBI  ASARLARIDA  QOLGAN  ADIB

Butun qalb boyligini va bor iste’dodini bir nuqtaga yig’ib, qog’ozga tirik tushira oladigan yozuvchigina kitobxonni hayajonga soladigan, uning ko’ngil mulkiga aylanadigan asarlar yaratadi.
Rahmatlik Tog’ay Murod ana shunday qalbi boy, iste’dodi yorqin adiblardan edi. Yozuvchining asarlaridagi o’ziga xos, takrorlanmas fazilatlar uning tug’ilib-o’sgan yurti, tuprog’i olingan joylarning tarovati bilan naqadar bog’liq ekanini men Surxondaryoning Xo’jasoat deb atalmish qishlog’idan olgan taassurotlarimga qiyoslab payqagan edim.
Bu qishloqqa biz Asqad Muxtor, Odil Yoqubov — uchovimiz 1963 yilning kuzida borgan edik. Termiz orqali Sariosiyoga, so’ng Hazorbog’, Sino orqali Xo’jasoatga o’tgan edik. Qorli tog’larga borib tutashgan adirlar bag’rida tog’ suvlari hosil qilgan iliq kamarlar ko’p ekan.
Bu kamarlar shiftidan buloq suvlari ipday tizilib oqib turadi. Qishda ham muzlamaydigan bu iliq suvlar himoyasida kamar shiftidan soch tolalariday pastga osilib o’sadigan sumbullarni biz o’sha yerda birinchi marta ko’rdik. Asqad aka «Chinor» romanida bu sumbullarni tog’dan zo’ravonlik bilan ko’chirilgan Shivilg’on qishlog’ining ko’chalarida tuproqqa qorishib yotgan holda tasvirlagan edi. Shu bilan mustabid tuzumning sumbulday noyob go’zallik o’sadigan qishloqni yoppasiga ko’chirishi shafqatsizlik bo’lganini ko’rsatgan edi.
Lekin tabiat mo’’jizalarini avaylab o’rgangan xalqimiz sumbulni qanchalik e’zozlashini men «Qora ko’zlar» romanida Avazning suyukli yori Hulkar tog’ kamaridan uzib olgan bir necha tola sumbulni uzun qora sochiga taqib, boshida olib yurganini tasvirlagan edim. Qisqa bir safar paytida Xo’jasoat adirlaridan olingan taassurot o’sha oltmishinchi yillarda yozilgan bir emas, ikkita romanga go’zal hayotiy detal berganligi tasodif emas ekan. Keyinchalik Tog’ay Murodning shu Xo’jasoat qishlog’i, Surxon vodiysi va u bilan tutash o’zbek diyoridan olgan taassurotlari uning «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» nomli qissalarida va «Otamdan qolgan dalalar» romanida nihoyatda yorqin hayotiy obrazlarga aylanganini ko’rib, uning iste’dodi va mahoratiga qoyil bo’lganman.

Qayd etilgan


Ansora  05 Mart 2010, 15:36:23

Dunyoda jug’rofiy kashfiyotlar asri bo’ldi, fan-texnika kashfiyotlari asri bo’ldi. Shundan keyin etnos deb ataladigan millatlarning ajoyib xususiyatlarini kashf etish asri  boshlandi. Yigirmanchi asrning Gabriel Garsia Markes, Chingiz Ayt¬matov, Rasul Hamzatov kabi yozuvchilari o’zlari mansub bo’lgan millatlarning dunyoda takrori yo’q ajoyib yeri, hayotlarini badiiy kashfiyot darajasiga yetkazib tasvirlaganliklari uchun butun jahonda o’z asarlariga nisbatan ko’p qiziqish uyg’otdilar. Tog’ay Murod asarlari hali dunyo tillariga tarjima etilgan emas. Uni asosan o’zbek kitobxoni suyib o’qiydi. Masalan, o’zbek kurashi birinchi marta Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi bilan adabiyotimizga kirib kelgan edi. Afsuski,  qissa yaratilgan yetmishinchi yillarda unda qanday katta ijodiy kashfiyot borligini ko’plarimiz hali anglab yetmagan ekanmiz. Oradan o’nlab yil o’tgach, istiqlol davrida o’zbek kurashi jahon miqyosiga chiqqandan keyin Tog’ay Murod kelajakni oldindan ko’rganday katta ijodiy kashfiyot qilganini, uning qissasida yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo’lgan o’zbeklar uzoq tog’ qishlog’ida qanday ajoyib polvonlar qiyofasiga kirib, kurash tushishini o’qiganda siz ham shu polvonlar millatiga mansub bo’lganingizdan g’ururlanasiz.
Adib «Ot kishnagan oqshom» qissasida ham o’zbek millatiga xos chavandozlik mahoratini va Ziyodullaning mardona qiyofasini adabiyotimiz uchun yangilik bo’lgan bir badiiy kashfiyot darajasiga yetkazib tasvirlaydi. «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi Jamoliddin va Dehqonqul, «Oydinda yurgan odamlar» qissasida Qoplon va Oymomo to’g’risida ham shu fikr¬larni aytish mumkin. Mana shu fazilatlar uchun shaxsan men Tog’ay Murod asarlarini mumtoz kitoblarim orasida saqlayman, ularni har safar qayta o’qiganda, uning qahramonlaridagi erkakcha tantilikdan va muallif uslubidagi mardona ohanglardan zavq olaman.
Afsuski, bugungi ayrim erlar oriyat tuyg’ularini unutib, xotinlarini chet elga, nomunosib joylarga ishga yuboradilar, hatto «bor, pul topib kel», deb ko’chaga  haydaydilar, o’zlari esa uyda ayolcha yumushlarni qilib, bola boqib o’tiradilar. Ayniqsa, mana shunday erlar Tog’ay Murod asarlarini o’qisalar, balki erkaklik g’ururining qadriga yetarmidilar?
Tog’ay Murod hayotligida u bilan yurakdan suhbatlashgan paytlarimiz ko’p bo’lgan edi. Endi kitoblarni o’qisam, u o’z qalbini asarlariga joylab ketganini sezaman. Shuning uchun ularni o’qish jarayonida Tog’ay Murod bilan qalban suhbatlashganday bo’laman. O’ylaymanki, uning kitoblari umrboqiy asarlar qatorida kitobxonlar tomonidan ham doim sevib o’qiladi.

 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 11:54:37

SHUHRAT  ABBOSOV

XALQI KABI BARHAYOT

Mening Tog’ay Murod bilan tanishishim, o’zim uchun uni katta yozuvchi sifatida kashf etishim juda qiziq bo’lgan. Hammasi bir tasodifdan boshlangan edi.
Bir kuni «O’zbekfilm»da o’tirsam, hovliqib aktyor Murod Rajabov kelib qoldi:
— Shuhrat aka, kechirasiz, xayolingizni buzdim, — dedi. — Hozir bir ishni zudlik bilan qilmasak, keyin kech bo’ladi.
— Nima, nimani gapiryapsan? — dedim hech narsaga tushunolmay hayron bo’lib.
— Tog’ay Murod bir roman yozibdi, o’qib hayratda qoldim. Xalq hayotini shunday teran berganki... Rosti bilan hali biror yozuvchi badiiy adabiyotda zamonaviy hayotimizni bunchalik aks ettirolmagan, — dedi Murod.
Men Tog’ay Murodning bu romani dovrug’ini eshitgan edim-u,¬¬ biroq hali o’qishga ulgurmagandim. Murodning qistovi bilan Tog’ay Murodga qo’ng’iroq qildim. Hali o’zim o’qimagan romanni kino qilish uchun undan ruxsat so’radim. Orqavoratdan Tog’ay Murod bunday takliflarni ko’p rad etganligini eshitib yurardim. Qiziq bo’ldi, biz hayotda uchrashmagan bo’lsak ham tezda til topisha qoldik. Yozuvchi menga asarini kino qilishimga telefonda ruxsat berdi. Telefon go’shagini qo’ygach, Murodga yuzlanib dedim:
— Nima qilib qo’yding? Endi menga roman yoqmasa-chi?
— Sizning didingizni bilaman. Siz avval kitobni o’qib chiqing! — dedi Murod.
Oradan birmuncha vaqt o’tdi. O’sha paytlardagi raisimiz Temurmalik Yunusov bir kuni meni huzuriga chaqirdi.
— Biz ikkita milliy  asarlarimiz asosida film ishlashimiz kerak, — dedi. — Maqsadimiz «O’tkan kunlar» bilan «Otamdan qolgan dalalar» romanlarini ekranlashtirish. Melis Abzalov Abdulla Qodiriyning «O’tkan kunlar» romani asosida film ishlaydi. Siz Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» asarini ekranlashtirsangiz, degandik.
Bu gap  men uchun yangilik bo’lmadi. Men allaqachon bu taklifga rozi edim. Shu asnoda romanni o’qib ham, uqib ham chiqdim. Asarni obdan, ichiga kirib, bir narsaga amin bo’ldim: ramziy va tom ma’noda ham dalalar mening otamdan qolgan ekan. Bu asar ona xalqimning, ota yurtimning ko’ngil kechinmalaridan bino bo’lgan dardnomasi edi. Asar menga juda ma’qul tushdi. Roman, nazarimda, men uchun yozilganday edi. Unda tasvirlangan har bir obraz ko’z o’ngimda yaqqol gavdalandi. Men go’yo ular bilan butun umr birga yashagan edim. Asar qahramonlari bilan taqdirim ham bir edi go’yo. Demak, ular haqida kino qilsam, o’zim haqimda kino ishlagan bo’larkanman-da. Men Tog’ay Murod yaratgan obrazlar bilan hamnafas bo’ldim, hamdard bo’ldim. Qarangki, azbaroyi asarga kirishib ketganimdan, yozuvchining o’zi ham esimdan chiqib ketibdi.
Tog’ay Murod katta ijodkor, yozuvchi sifatida xalq boshiga tushgan zulm-xo’rlik, azoblarni o’z vujudidan o’tkazadi, bu kulfatlarga chiday olmaydi, bundan xo’rligi keladi. Shuning uchun ham muallifning joni halak bo’ladi, asarning har bir satridan dil og’rig’i ufurib turadi. «Dod!» — deydi yozuvchi. Biz ekranda mana shu ruhni ko’rsatib berishimiz kerak edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 11:54:57

San’at turi borki, uning o’ziga xos talablari bo’ladi. Xuddi shunday, kinoning ham o’ziga xos tili, uslubi bor. Rejissyor adabiyot orqasidan ketib qolsa, yaratilgan asar na teatr bo’ladi, na kino. Stsenariy yozish davomida adabiy asardan ko’p narsalar chiqib ketadi, boshqalari kiritiladi. Ba’zan yozuvchining birgina iborasi, bitta jumlasidan katta epizod chiqishi mumkin. Rejissyor tasavvurida yaratilgan o’sha to’qima muallifning asariga zid kelmasligi kerak. Yozuvchining ruhiyatiga xoinlik qilib bo’lmaydi.
Romanga astoydil berilib, ishonib ishlasangiz, yozuvchi g’oya¬sini o’zingiznikiday his qilsangiz, ishingiz yengil ko’chadi, erkin bo’lasiz. Biz Tog’ay Murod asarini kino qilib, romanni boyitdikmi yoki ba’zi jihatlarini asardagiday berolmadikmi, bilmadim, lekin, imkon qadar, romanni buzmaslikka harakat qildik.
Shunday qilib, asarni ekranlashtirish ishiga kirishib ketdik. Rostini aytsam, kinoni suratga olish ishlari ancha qiyin kechdi. Plyonka yo’q, mashina, texnika yo’q... Ba’zi epizodlarda qurol kerak bo’lardi. Qurolni olib borish uchun harbiy mashina ham yo’q. Busiz qurolni s’yomkaga olib borishga militsiya xodimlari ruxsat berishmaydi. Xullas, film katta mashaqqat bilan ishlandi. Boshqa yozuvchilardan farqli o’laroq, Tog’ay¬ Murod kino ishlash jarayoniga mutlaqo aralashmadi. Hattoki, «Nima bo’lyapti?» — deb ham so’ramadi. Yozuvchi bu bilan bizga katta erkinlik berdi. Bu erkinlik mening zimmamga katta mas’uliyat yukladi.
Men Tog’ay Murod bilan «Otamdan qolgan dalalar» filmi taqdimotida uchrashdim. U kelib, salomlashdi-da:
— Shuhrat aka, — dedi. — Film e’lon qilinayotganida avval mening nomim, keyin sizniki aytilsin. Shunday bo’ladi-da! Axir mening romanim bo’lmaganida filmingiz chiqarmidi?
Men yozuvchiga e’tiroz bildirmadim, u haq edi.
«Otamdan qolgan dalalar» filmi to’rt soatni tashkil etadi. Shunday qilib, kino qo’yildi. Tomoshabin shunaqayam yaxshi qabul qildiki... qarsaklar, olqishlar zalni tutdi. Biz shu orada Tog’ay Murodni yo’qotib qo’ydik. Axir odatga ko’ra, premeradan keyin ziyofat berilishi kerak edi-da. Biz, film ijodkorlari birga o’tirishib, bir-birimizni tabriklamoqchi edik. Shu qidiramiz, Tog’ay Murod yo’q, birdan g’oyib bo’lib qolibdi.
Qiziq odam edi-da, Tog’ay Murod! Unga «Otamdan qolgan dalalar» asarining film varianti yoqdimi yo’qmi, bilolmadim.  Tog’ay bu dunyodan o’tib ketdi... Lekin bir narsaga xursandman: u meni so’kmadi, ha, so’kmadi. Chunki rahmatlik shunday halol, printsipial odam ediki... Birinchidan, Tog’ay Murod o’z asarini sahnaga, ekranga qo’yishlariga hamisha ham rozi bo’lavermasdi. Ikkinchidan, uning ijozatisiz asarini sahnaga olib chiqqan bepisand san’atkorlarning tanobini tortib qo’yardi. Muqimiy teatrida shunday voqea bo’lgan, deb eshitganman.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 11:55:28

Yozuvchi Tog’ay Murodning ijodiy auditoriyasi ko’nglimga juda ma’qul keldi. Nasib qilsa, uning so’nggi romani «Bu dunyo¬da o’lib bo’lmaydi»ni ham kino qilish niyatim bor.
«Otamdan qolgan dalalar» filmi premerasi yaxshi qabul qilindi va keyin ham muvaffaqiyatlar qozondi. Film Buxoroda o’tkazilgan milliy kino festivalida bosh sovrinni oldi. Keyin biz bu filmni Turkiyaga olib bordik. Istanbulga butun dunyodan mashhur kinorejissyor, aktyor, dramaturglar tashrif buyurgan edi. «Otamdan qolgan dalalar» filmini tomoshabin tik turib, o’n besh daqiqa olqishladi.
Esimda, Buxoroda o’tkazilgan kino kunlarida havo 20 daraja sovuq edi. Zalda tumonat odam. Men qalin kiyinib olgan bo’lsam-da,  muzlab qolganimdan sovuqda o’n daqiqa ham o’tirolmadim. Hattoki kichkina bolalargacha to’rt soatlik kinoni oxirigacha ko’rdi, hech kim zaldan chiqib ketmadi. Bunga sabab nima edi? Tomoshabinni qanday joziba to’rt soatlik kinoni ko’rishga majbur etdi? Axir «Otamdan qolgan dalalar» filmi Amerika kinolariga o’xshab detektiv bo’lmasa yoki Meksika seriallariga o’xshab bir ilmoq bilan tomoshabinni aldab o’tirmasa"¦ Yo’q! Tomoshabinni  film oxirigacha o’tirishga majbur etgan sabab — ekranda ayovsiz, haqqoniy hayot kechmoqda edi.
Yana bir manzara yodimda, bu voqea ham Buxoroda sodir bo’lgan edi. Avgust oyi. Jazirama. Yer go’yoki tandir bo’lib yonyapti. Zal to’la odam. Havoni sovitadigan konditsioner  ham yo’q edi. Shunday bo’lsa-da, bitta ham tomoshabin kinoni tashlab chiqib ketmadi. Hammaning ko’zida yosh. Yaqin yillarda bunaqa yirik kartina ishlamagandim. Nega «Otamdan qolgan dalalar» filmi bunchalik mashhur bo’lib ketdi? Nega xalq uni bu qadar yaxshi qabul qildi? Buning sababi nimada? Menimcha, bu savolga Tog’ay Murodning «Har bir san’at janri zamirida adabiyot yotishi kerak», degan so’zlari javob bo’la oladi. Ha, bu film asosini katta adabiyot, tom ma’nodagi epik asar, san’atkorona bitilgan baquvvat roman ko’tarib turardi.
Men o’z ijodiy faoliyatim davomida ko’p yozuvchilar bilan hamkorlik qilganman, asarlarini ekranlashtirganman. Amerika yozuvchilaridan tortib, o’zbek adabiyotigacha... Said Ahmad, Komil Yashin, Rahmat Fayziy... Mashhur yozuvchimiz Abdulla Qahhor «Mahallada duv-duv gap» filmiga dialoglar yozib bergan. Juda sergap, xushmuomala yozuvchilarni ham ko’rganmiz, birpasda hamma bilan kirishib ketadigan ijodkorlarni ham uchratganmiz. Bu jihatdan Tog’ay Murod tamoman boshqacha odam edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:08:06

Uni hech kimga o’xshatib bo’lmasdi. U hech kimdan  hayiqmay, achchiq bo’lsayam to’g’ri gapni ayta olardi. Ko’ngil olamiga hech kimni kiritmasdi. O’ylaymanki, buning o’z sabablari bor edi. Shunday bo’ladiki, ba’zilar ko’p gapirib, yuragini hadeb bo’shataveradi-da, keyin o’zida hech narsa qolmaydi. Tog’ay Murod esa butun hayot haqidagi bilimi, uchrashuvu to’qnashuvlarini yuragidan o’tkazib, ular bilan asarlarini sug’oradi. Bor dardlari, hasratlarini bir bora ana shu ko’ngil filtridan o’tkazib, qog’ozga tushiradi. Axir uning asarlarida hassos ijodkor qalbi aks etishi bejiz emas-da. Men Tog’ay Murodning ketma-ket dadil asarlar yaratganligi sirini ana shunda deb bilaman.
Tog’ay Murod dunyoni his qilishi, uni idrok etishi  bilan ham hech kimga o’xshamaydi. U bo’lakcha! Adib o’ziga xos fikrlashi, asarlarining tili, favqulodda yorqin obrazlari bilan ajralib turadi. U voqealarga kinoyali nazar tashlaydi. Ham yumori bor, ham jiddiyligi. Ba’zi epizodlarni o’qib, na yig’lashingni bilasan, na kulishingni. Masalan, romanda tasvirlangan  o’zbek ayoli hayotini olsak. Yozuvchi hayotning ich-ichiga naqadar kirib ketgan, naqadar haqiqatni ko’rsata olgan: ezilgan, lekin baxtiyorlik qo’shig’ini kuylagan o’zbek ayollari... Deh¬qonqulning ayoli o’ziga o’t qo’yib yuboradi — bu dahshat! Jannatmakon O’zbekistonda yashab turib, boshiqorong’i — yerik bo’lganda ikkita olma topib yeya olmaydi! Ajdodlarimiz merosi Buxoroyu Samarqandni butun dunyodan kelib tomosha qilyapti, ziyorat qilyapti. O’zbek ayolining tasavvurini qarang: «Madrasalar baland-baland emish... Qarayin degichlarni ro’moli boshidan tushib ketar emish». Bunday hayotiy voqealarni, achchiq haqiqatni ayni damda yana qaysi yozuvchimiz tasvirlayapti, ko’rsat¬yapti?
Tog’ay Murodning quvvai hofizasi keng. U yozadigan mavzularini chuqur o’rganadi, o’zbekni chin ma’noda taniydi. Tilimizning nozik qirralarini, zaxira lug’at boyligini yaxshi biladi. U ishlatgan so’zlarni daf’atan uchratib qolsangiz, tushunmaysiz. Hatto ana shu so’zlar o’zbekchami o’zi, deyishimiz ham mumkin. Bu — bizning fojiamiz. Men, Tog’ay Murod asl o’zbekcha so’zlarni  yana muomalaga kiritib, tilimizni boyitgan, deb bilaman. U asarlarida qo’llagan «yangi» so’zlarda faqatgina yangi ma’no emas, balki yangi, samimiy ohanglar ham bor.
 «Otamdan qolgan dalalar» romanini ekranlashtirish mobaynida asar ichiga chuqurroq kirib bordim. Keyin Tog’ay Murodning boshqa asarlarini ham qaytadan o’qib chiqdim. San’at  institutida Tog’ay Murod qissalaridan ba’zi parchalarni sahnalashtirdik. Bu asarlar talabaning iste’dodi ochilishi, namoyon bo’lishiga turtki bo’ladi. Talabaning nimalarga qodir ekanligini ko’rsatib qo’yishiga imkon tug’diradi.

Qayd etilgan