Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122600 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 21:29:34

HULKAR TO’YMANOVA

BIR SUHBAT TARIXI

2003 yilning mart oylari oxiri bo’lsa kerak, yozuvchi Tog’ay Murodga sim qoqib, «Bizning «Ma’rifat» gazetamizda «Mehmonxona» sahifasi bor. «Mehmonxona»mizga Sizni taklif qilmoqchi edik», dedim. Telefon go’shagidan uning norozi ohang¬dagi ovozi eshitildi:
— Nima uchun aynan meni taklif qilyapsiz?
Men ham bo’sh kelmadim:
— Chunki siz el nazariga tushgan yozuvchilardansiz.
Tog’ay Murod aka yana ro’yxushlik bermadi: «Men gazetaga ham, radio-televideniega ham intervyu berishni juda yomon ko’raman. Bu menga yoqmaydi».
Xullas, men uni gazetamizga intervyu berishga ko’ndirishim oson bo’lmadi. U kishi Odil Yoqubov, Ibrohim G’afurov, Yolqin To’raqulov kabi elga taniqli shaxslar gazetamizga o’z fikrlarini  bildirganligini indamay tingladi. Bir oz sukutdan so’ng shunday dedi:
— Mayli, sazangiz o’lmasin. Hajmi qancha bo’lsin? Savollar tuzib qo’yibman, deysizmi? Savollaringizni yoqqanini qoldiraman, yoqmaganini o’zgartiraman.
Qalam ahli — shoshqaloq xalq, tezroq ish bitishini istaydi. Juda tixirlik qildim, demayman-u, ikki-uch kun oralatib, Tog’ay akaga qo’ng’iroq qilib turdim. Har safar qo’ng’iroq qilganimda, u kishi: «Yozyapman, savollaringizni bunisi ma’qul, unisini o’zimdan qo’shdim. Ammo hajmi juda katta bo’lib ketayapti», deb qo’yardi. «Mayli, yozavering-chi», deya men ham u kishining shashtini qaytargim kelmas, axir kimsan hech kimga intervyu berishga rozi bo’lmagan Tog’ay Murodni tezroq «Ma’rifat»ga olib chiqib, muxlislarga  ajoyib suhbatni tortiq etish niyatida edim.
Ko’p o’tmay, men hurmatli adibimizdan suhbat matni tayyor bo’lganligi haqida eshitib, uni olib kelishga tayyor ekanligimni aytdim. Ammo adib Matbuotchilar ko’chasiga yaqin joylashgan Adliya vazirligida ham ishi borligini, yo’l-yo’lakay suhbat matnini tashlab o’tishi mumkinligini aytib, meni xotirjam qildi. Men uning va’dasi qanchalik rost yoki yolg’onligini bilmay, to’g’risi, ishonqiramay turardim. Ertasi kuni xizmat telefonim jiringlab qoldi. Go’shakni ko’tardim, tanish ovoz eshitildi. Tog’ay Murod aka uzog’i bilan biror soatlarda gazeta korpusiga borib, meni kutib turishini aytdi. Men hozirgacha hayratdaman, buyuklarning kamtarligini qarang. Men u kishini kutib olish o’rniga, u meni kutib turar ekan.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:30:15

To’g’risi, shunday katta adibni men izlab, topishim, intervyu olish o’rniga, uning o’zi tayyor materialni olib kelishidan xijolatda edim. Shunday bo’lsa-da, suhbat matnining tayyorligidan va u hech qanday tahrirga muhtoj emasligidan go’yoki katta bir o’ljani qo’lga kiritgandek xursand edim.
Matn qo’lyozma holida bo’lib, hajmi mo’ljaldagidan ziyodroq edi. «Mehmon»ga sim qoqib, ikki-uch qog’ozini qisqartirishimiz kerakligini aytib, rozilik so’radim. «Buyog’i o’zingizga havola», deb  qo’ydi u  kishi.
Shunday qilib, men tap-tayyor suhbatni gazetamiz uchun moslab, ko’chirtirdim. Bosh muharririmiz Halim Saidov mehmonimiz Tog’ay Murod ekanini bilib, hayrat bilan so’radi:
— Bunga qanday erishdingiz? Uning hali birorta jurnalistga intervyu berganini eshitmagan edim.
— Bilmasam... Omadim kelib qoldi shekilli. U kishi hozir xalqning mutolaa darajasi, kitobxonlik saviyasi susayib  ketayotganidan qattiq tashvishda ekanlar. Suhbat bahona, bir yozuvchi sifatida ko’ngillaridagi gaplarini to’kib solgilari kelgandir balki, — dedim men. — Matnni ham o’zlari tayyorlab berdilar.
Shunday qilib, gazetamizda 2003 yil 26 aprel kuni «Badiiy mutolaa inson ko’zini ochadi» sarlavhali suhbat bosilib chiqdi. Suhbatdoshim suhbatda boshdan-oyoq kitob mutolaasi insonning borgan sari yuksalib, tafakkuri tiniqlashib, hayotga tayyorgarlik darajasi ham ortib borishini, insonning shaxs sifatida shakllanishiga aynan mutolaa katta turtki bo’lishini singdirgan, buni u bolalik, o’smirlik, yoshlik davrlaridagi voqealar bilan bog’liq holda ifodalagan edi. Suhbatni o’qigan odam Tog’ay Murodning o’ziga xos uslubi xuddi uning qissa-romanlaridagi singari ana shu mo’’jazgina matnda ham yarq etib ko’zga tashlanishini darrov ilg’ab olardi. To’g’risini aytsam, meni xijolatlik tuyg’usi qiynamoqda edi. Chunki odatda men suhbatdoshim bilan suhbatlashib bo’lgach, matnni o’zim tayyorlar va ayrim qahramonlarim istagiga ko’ra bir qo’lidan o’tkazib olardim. Yozuvchi Tog’ay Murod esa matnni o’zi tayyorlagan, suhbat ostida esa kaminaning ismi sharifi turar, demak, qalam haqi ham menga tegishli edi. Men qalam haqini taklif qilganimda, hassos adibimiz keskin rad etdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:30:33

...Nazarimda, oradan hech qancha vaqt o’tmay (suhbat bosilib chiqqanidan roppa-rosa bir oylardan keyin) bir kuni ishga kelib, nimadir yumush bilan gazetamiz bosh muharriri o’rinbosari Abdusamad Rahimovning xonasiga kirsam, to’satdan:
— Tog’ay Murodni eshitdingizmi? — deb qoldi.   
— Yo’q, nima bo’pti? — dedim negadir noxush xabarni sezganday yuragim orqasiga tortib.
— Olamdan o’tibdi.
— A?!
Men bir lahza gangib, unga angrayib qarab qoldim.
Ming taassufki, hozirgina eshitganim shum xabar haqiqat bo’lib chiqdi. Sira ishongisi kelmasdi kishining. Kechagina soppa-sog’ yurgan alpqomat inson... bugun o’limga taslim bo’lgani odamning yuragini tilka-pora qilmoqda edi. Afsuski, bandalikning so’nggi shartini bajo keltirgani rost edi. Endi u bilan uchrashish, suhbat qurish imkoniyatidan barcha yor-do’st va birodarlarining mahrum bo’lganligi ham rost edi. Ana shu rostlik, ana shu haqiqat nishi yuraklarga mahzunlik, sarosarlik, so’ngsiz bir mung olib kirardi...
Rahmatlik adibning ma’rakalarida o’sha so’nggi suhbat ham tilga olindi, hatto uni u kishining rafiqalari Ma’suma opa: «Tarixiy intervyu bo’ldi», deb ataganlarida, ko’nglim tog’day ko’tarildi.
Men yozuvchi Tog’ay Muroddan hech  bir jurnalist ololmagan intervyu muallifi bo’lolganim bilan faxrlanaman. Yuqorida qayd etilganidek, bu suhbat tarixiy voqea sifatida nafaqat kaminaning hayotida, balki adabiy jamoatchilik orasida ham unutilmas voqea bo’lib qoldi. Yaqinda bir xushxabar eshitib qoldim. Aytishlaricha, xuddi shu suhbat Tatariston Respublikasida to’liq matnda «Tatar eli» jurnalida ham chop qilinar ekan... Asarlarida xalqlar do’stligini ulug’lagan, o’zining so’nggi suhbatida ham buni ta’kidlagan yozuvchi ijodiga bo’lgan qardosh xalq e’tirofi bu.
Mening bir inson, suhbatdosh singil sifatidagi Allohdan so’nggi tilagim, asarlarini farzandlarim, deya ulug’lagan adibimizning joylari jannatda bo’lsin, go’ri uzra o’zi bitgan kitoblar nur taratib tursin.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:31:59

MEHRINISO OYDINOVA

MEN BILGAN TOG’AY MUROD

Ilk taassurot

Biz yozuvchining jufti haloli bo’lmish Ma’sumaxonim bilan bir dam tortishib qoldik...
U o’zini mutlaqo unutib, borlig’ini tortiq etgani, har nafas, har onini uning orzu-istaklariyu, uning nigohlari bilan ko’rgani aziz va «zulmkor», sodda va bag’rikeng, to’pori va bir so’zli, mehribon va oqko’ngil, jaydari va qattiqqo’l, mag’rur va jonkuyar, jon-dilidan sevgani, ko’ngil gavhari bo’lmish yozuvchi Tog’ay Murod huzuriga shoshardi... Shoshardi-yu, jufti halolining siyosat ila qay tarzda kutib olmog’ini tasavvur etib, uni kuttirib qo’ygani uchun hisob-kitob berishi lozimligini ta’kidlardi.
... Men esam shu kuni qat’iyat bilan yaqin dugonam bo’lmish Ma’sumaxonim bilan uning ko’ngil sohibi yozuvchi Tog’ay Murod huzuriga yo’l oldim.
Maqsadim — Ma’sumaxonimning ham hech kimnikiga o’xshamagan, o’zigagina xos bo’lgan qalami bor ekanini, u ham erkin inson ekanini, bir fidoyi ayolning bemisl xizmatlarini, o’z ko’ngil sohibiga nisbatan beqiyos jonkuyar va jonfido ekanliklarini ta’kidlab qo’ymoq edi...
Aslida men u bilan bir marta ham ko’rishmagan edim. To’g’risi, biz oilamiz bilan Moskvada yashayotgan kezlarimiz Ma’sumaxon Oliy adabiyot kurslarida tahsil olayotgan turmush o’rtog’i Tog’ay Murodning huzuriga borayotgani va u yerda uchrashishimizni Toshkentdan turib qo’ng’iroq qilib aytgan edi. Men esam ularning to’yida ham ishtirok eta olmaganim uchun shu katta shaharda Tog’ay Murod bilan ko’rishib, tanishib olamiz, degan xayolda edim...
Men kutgan kunlar o’tib ketdi. Yana Toshkentdan Ma’sumaxonim qo’ng’iroq qilib uzr so’radilar, negaki, Moskvada Tog’ay Murod bilan vaqtlari bo’lmay, biznikiga o’tisholmabdi. Xullas, dugonam o’z rejalariyu orzu-o’ylarini jufti haloliga fido etib yashar edi.
Men esam ana shunday o’ylar bilan ikki ijodkorni bag’riga olgan katta adabiyotga e’tiqodlar maskani bo’lgan oshiyonga, Tog’ay Murodlar uyiga bir isyonkor qalb bilan ko’ngildagi so’zlarni shartta aytib ketmoq uchun qat’iyat bilan yo’l olgan edim.
Ma’sumaxonim esa meni yo’ldan qaytara olmadi. U menga nima deyarini bilmasdan lol, yo’lda davom etardi. Nihoyat, biz bu oshiyonga yetib keldik. Eshik tugmasini bosdik...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:32:31

Ichkaridan men kutganchalik qat’iyatli, keskin va serzarda ovoz emas, balki bir oz gunohkorona, muloyim va yoqimli ovoz eshitildi. Yonimda esa ichkaridagi salobatli jufti halolidan hayiqib turgan ma’suma ayol o’rnida esa endi birmuncha dadil ovoz jarangladi:
— Ochmaysizmi eshikni?..
Bir oz turib eshik ochildi... Men uchun mutlaqo kutilmagan manzara sodir bo’ldi. Shiddat bilan kelishlarimda ushoqqina yelkalarga yuklangan katta adabiyotga xizmat qilishday, sahardan shomgacha tinmay yugur-yugurlar bilan birpas tin olmay hali nashriyot, hali gazeta, hali jurnallarga yugurgan, bozorga chopgan, qosh qoraymay uyiga shoshib, oshxonada bir tansiq taomga unnagan, tuni bilan qo’lyozmalarni ko’chirib, soatlab kompyuter qarshisida har so’z, har belgining xato ketmasligi uchun yuragi yaproqday titrab, korrektura qilinishi lozim bo’lgan sahifalar qoshida termulib har lahzasini jon qadar qimmatli bilgan ayolning mehr va mashaqqatlar, quvonchu tashvishlar qorishiq mehnatlari qimmatini eshik ochguvchi insonga pisanda qilib ketmoqchi edim aslida...
Avvalo eshik ortidan eshitilgan ovoz meni bir oz hayron qoldirgan bo’lsa, eshik ochilgandagi qiyofa yanada hayratga soldi. Zero, dastlab qat’iy, marjonday tizilgan zaharolud so’zlarim o’z ahamiyatini yo’qota boshlagan bo’lsa, uy ichidan bizni qarshi olgan baland bo’yli, dovqur inson bir oz sarhush holatda, kumush sochlari nur taratib turganday, beg’ubor, samimiy chehrada ko’z oldimda namoyon bo’lar ekan, bir lahza oldingi shiddatim, aytar so’zlarim tumanday erib, g’oyib bo’ldi.
O’zim ham tushunmagan, bilmagan va anglamagan holatda negadir hazrat Navoiyni yodladim... Keyin bilsam, yozuvchi eng sevgan, e’tiqod qo’ygan insonlardan biri hazrati Alisher Navoiyning siyratlari, suvratlari, siymolari ekan aslida...
Biz javon to’la kitoblar o’ziga ohanraboday tortuvchi mehmonxonada birpas suhbatlashib o’tirdik... Men esam ehtimol Yaratganning o’zi bu insonga bejiz bu ma’sum, jonkuyar jufti halolni ato etmagan ekan, degan xayolga keldim. Demak, Yaratganning o’zi eng ulug’ hikmatlar egasidir. Kitob javonida esa jahonga dovruq taratgan zotlarning kitoblari g’oyat ehtirom ila terib qo’yilgan... Unda Qur’oni Karim,  Navoiy... Pushkin... Jek London... diniy va dunyoviy kitoblar"¦

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:32:59

Telefondagi so’zlashuv

Tog’ay Murod akani ilk uchrashuvgacha sirtdan bilsam-da, o’sha kungi uchrashuvdan so’ng har qalay ko’nglimda bu insonga nisbatan ehtirom uyg’ondi. Oqko’ngil, soddadil va faqatgina o’ziga xos bo’lgan allaqanday ilohiy xislatlarga ega inson...
Shuning uchun ham Ma’sumaxonning katta dunyodan topib borgan har bir gapi xonanishin yozuvchi uchun g’oyat katta ahamiyatga ega ekaniga amin bo’ldim. Har kuni o’nlab kunlik, haftalik nashrlarni kuzatib chiquvchi, har xil ko’rsatuvlar va turli davlatlar teledasturlarini tahlil qilib turuvchi va tinimsiz o’qib-izlanishda bo’lgan yozuvchining nazaridan hech bir narsa chetda qolmas edi. U o’z qahramonlarini kengliklarda topib, har narsani ipidan-ignasigacha o’rganib yozar ekan, hayotdagi har bir narsaga ham  ana shunday jiddiy munosabat ila yondashishi uning o’ziga xos bir xislati ekan, ehtimol...
Gap orasida Ma’sumaxon mening o’sha kungi tashrifim va uchrashuvdan so’nggi munosabatlarim haqida aytib bergan shekilli, rafiqasiga bildirmasdan, telefon daftarchalaridan uy telefon nomerimizni topib, uyimizga qo’ng’iroq qilibdilar...
U telefonda Ma’sumaxonning o’z hayotida tutgan o’rni haqida shu qadar samimiy so’zlar aytdiki, mening bir hayratimga o’n hayrat qo’shildi. Uning mardona aytgan so’zlari hamon qulog’im ostida yangraydi:
«Men Ma’sumasiz hech kimman. Meni shu darajaga yetkazgan uning kechani kecha, kunduzni kunduz demay, yelib-yugurib qilgan xizmatlari... Men uning xizmatlarini bilmasam insofdan emas...»
Xullas, juda uzoq so’zladilar.
So’zlari judayam samimiy, sodda, jaydari... Har bir so’zida rostgo’y yurakning, bir so’zli insonning faqat o’zigagina xos, o’z jufti haloliga atalgan, ehtimol ayoliga hech ham aytmagan mehr va muhabbat so’zlari, ko’ngil izhorlari bor edi... Bir mag’rur insonning bu e’tiroflarini qani edi Ma’sumaning o’zi o’z quloqlari bilan eshitsa edi, degan xayol o’tdi ko’nglimdan...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:33:27

Yana bir diydor

Bir dam olish kunida bir-biriga suyanib yashayotgan ijodkor insonlarni ziyorat qilmoq uchun ehtiromli yozuvchi huzuriga shirin tilli jiyancham Shavkatjon va singlim  Mukarram  bilan kutilmaganda kirib bordik.
 Ularning boshlari osmonga yetdi. Bizni samimiy mehmon qilishdi. Yozuvchi fotoalbomini olib chiqdi. Albomdagi har bir insonni alohida mehr bilan tanishtirib, ta’riflab chiqdi. Ayniqsa, onaizorini, jiyanlarini nomma-nom ko’rsatdi. Yoru do’stlari, sinfdoshlarining suratlarini ta’rifladi. Yolg’iz singlisi Orzigulni  mehribon, ajoyib singlim bor, deya maqtadi...
To’yda tushgan suratlarini ko’rsatarkan, bolalarday, Ma’sumani «Bachuma», dedi. Suhbatimiz g’oyat ko’ngilli kechdi.
So’ng xayrlashib, uyga yo’l olar ekanmiz, uy kiyimida bizni kuzatgani yo’lga chiqdi. Boshlarida esa erta tong yugurishda kiyadigan sport qalpog’i...
Yomg’ir shivalab turgandi. Qorong’i tushib qolgan. Biz metro tarafga borar ekanmiz, «Darxon» qahvaxonasi yonidan o’tdik. U yerda to’y bo’layotgan ekan shekilli, bashang kiyingan odamlar mehmon kutmoqda edilar. Yozuvchimiz jimgina biz bilan o’tib ketdilar-u, keyin bolalarday quvonib: «Yaxshi, yaxshi, hammasi oddiy, oddiy odamlar ekan», deya takrorladilar. Qayta-qayta takrorladilar bu so’zni bolalarday quvonib: «Yaxshi, oddiy, oddiy odamlar ekan...»
Ularning aytgan mana shu so’zlarida bu bashang odamlar — oddiy, juda oddiy odamlar (bu odamlar bashang bo’lsalar-da, hech kim emaslar), ular yaxshiyam  yozuvchini uy kiyimida tanib qolmaganligiga bolalarcha bir quvonch, ishora bor edi.
Ular biz bilan metro yaqinida iliq xayrlashdilar. Metro tomon yurar ekanmiz, men beixtiyor orqamga qaradim. Yozuvchi Ma’suma bilan rahmat yomg’irlari yog’ayotgan, neon chiroqlari porlab turgan muborak kechada ohista ketmoqda edilar. 
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:34:21

DILFUZA SHOMALIKOVA

TAQDIRGA AYLANAR SO’ZLAR  


Yozilgan har bir so’z taqdirga aylanadi, deydi ulug’lar...

Talabalikning ilk yili. Hamkurslarning bir guruhi she’r¬larni yoddan aytsa, yana bir guruhi bo’lardiki... nasrni nazmdan-da ziyoda yod olardi. Xayriddin Sultonov, Murod Muhammad Do’st, Tog’ay Murod asarlari... Ularni yosh ko’nglimiz ulug’ bildi, asarlarini aziz. Bu ijodkorlar bilan bo’ladigan uchrashuv kechalari orzular edi...
Shunday kunlarning birida yozuvchi Tog’ay Murod opamizga «odam qo’ydi». To’y kuni belgilanib, «xarajat» degan urfga binoan opamiz yonida turish ham sharaf, ham o’ng’aysiz bir holat bo’ldi. Krasnogorsk shahrida uchrashuvga shoshdik. Kutib qoldi, degan o’y xijolati bilan bekatga yaqinlashganimizda polvonkelbat yigit qisqagina salom-alikdan so’ng, bu qishloqda otlarning turli zotlari ko’p ekanligini ta’kidlab, ularni nomlay ketdi. Shu payt otlar poygaga tizilgandek  birin-ketin o’ta boshladi.
— Agar otning peshonasida qashqasi bo’lsa, ... qornida bo’lsa... old oyog’ida bo’lsa... orqa oyog’ida bo’lsa... yoli, rangi, xullasi, otlarning ta’rifini eshitib bo’lganimizda kiyim do’koni allaqachon tushlikka chiqib, «xarajat»dan «bexarajat» qayt¬gandik...


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:35:06

* * *

Ko’ngildan o’tganni ko’nglidan o’tganlar tushunadi, deydilar. Tog’ay Murodning «Oydinda yurgan odamlar» degan asari ana shunday ko’nglidan o’tkazib, o’z qismati haqida yozilgan bashorat ekanligini qaydan bilibmiz, uning iztiroblari, Qop¬lonbekning iztiroblari bilan hamohangmidi yo... Kim biladi deysiz, taqdirning siylov va sinovlarini... bu haqda so’ylamoq mahol, so’z aytmoq undan-da og’ir...

                                     
        * * *
To’ylaridan so’ng yarim yildan ko’proq vaqt musofirchilik tufayli Tog’ay Murod oilasi bilan hamxona yashaganimizda ularning ijod qilishi, lug’at bilan ishlashlari, sport bilan shug’ullanishlari, tirik yozuvchining izlanishlaridan boshqa bir dunyoni kashf etgandek edim.

* * *

El  nazariga tushgan Tog’ay Murod Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining Oliy adabiyot kurslarida tahsil olayotgan kezlar, sayohat bahona ulardan xabar oldik...  Jahon adabiyotining durdona kitoblarini xarid qilganini aytdi, ularni ko’rsatdi. Suhbat yakuniga borib-bormay, kiyim do’konini so’raganimizdan pushaymon bo’ldik. Ular, ilm kishisi poytaxtga o’qishga-o’rganishga keladi, xo’pmi, dedi. Asl kitob do’konlari qaerlarda borligini aytdi. Teatrga tushish, muzeylarga albatta borish kerakligini uqtirdi.
Qaytayotganimizda esa bir dunyo kitoblarini ehtiyotlab, avaylab olib ketishimizni aytdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:35:43

* * *    
 
                                 
Har kimning o’z dunyosi bo’ladi...
Har dunyoning o’z gavharlari bo’ladiki... kishi uning qadriga yo’qotganda yetadi. Yo’qotganda aziz bo’ladi... Izlarini izlasak-da, kech bo’ladi... Izlarning ortga qaytgani bir yomon bo’ladi, bir yomon bo’ladi...

* * *

Tog’ay Murod adib bo’lib tilga tushdi. U adib bo’lib dilga tushdi. Ammo dilini og’ritgan, asarini beso’roq sahnaga qo’yayotgan teatrlarga asarlarini qo’yishga ijozat bermadi. Ko’ngli bilan hisoblashgan ijodkorlar esa asarlarini teatrga olib chiqdi, film  ishladi...
So’zni gavhardek aziz qilgan adib bilan suhbatlashish har kimga-da nasib etmasdi. Ruxsat so’rash befoyda edi... Shunda   bir yo’liga o’tdik, o’zidan eshitganlarimizni hazil yo’sinida Tog’ay Murod yo’lida bitdik-da, tug’ilgan kuni arafasida «Fevralda pishgan uzum» sarlavhasi bilan «Ko’zgu» gazetasining 1997 yil fevral sonida chop ettirdik:

Qayd etilgan