«Tarlon dumlari yoyildi, yollari hurpaydi. Yollari bir chap bo’ynida, bir o’ng bo’ynida o’ynadi! Bu yol emas, ipak, ipak! Bu yol emas, do’mbira tori, do’mbira tori!
Gajak-gajak bo’yinlar bo’yin emas, do’mbira, do’mbira!»
Ziyodulla otni darddoshi, qadrdoni bilib sirlashishi, so’zlashishi kishi ko’ngliga epkinlik olib kiradi. Qissa o’quvchida otga, atrof-olamga mehru muhabbat uyg’otibgina qolmay, jonzotlar qalbini his qilishga o’rgatadi. Asarlarini o’qib, o’zlashtirib borar ekanman, adib ijodining yangi qirralarini kashf qilishga intildim. «Oydinda yurgan odamlar» asarida yurak-yurakdan silqib chiqqan musiqani his qildim. Pok tuyg’ularni oy jilosida jilvalantirgan muallif iste’dodiga tan berdim. Qoplon va Oymomo timsolida vafo-sadoqat, muhabbat, sabr-bardosh nozik ifodalangan. Adib milliy qadriyat, an’analarni asar ruhiga mohirona singdirib yuborgan. Garchi asarda mahzun ohang yetakchi bo’lsa-da, har bir lavhada o’zgacha tarovat mujassam:
«Ko’zlaringga boqishlarim"¦ boqishlarimizning o’zi bir dos¬ton, momosi. Bovujud shoirlar bilmadi, bilsa, elga yoyardi"¦ Men senga aytsam, momosi, boqishlar-da hali o’zimizniki"¦»
Qahramonning dil nomalari, sof muhabbati, ko’ngil rozlari o’quvchida lirik kayfiyat tug’diradi. Tog’ay Murod qissalaridagi aniq va izchil ifoda, musiqiylik, siqiqlik, ma’no va ohang uyg’unligi menda uning ijodiga katta qiziqish uyg’otdi.
Oz o’tmay, katta shov-shuvga sabab bo’lgan «Otamdan qolgan dalalar» romanini o’qishga muvaffaq bo’ldim. Romanning kino talqini ham menga manzur bo’ldi, ammo baribir, o’qish, uqish jarayoni ko’proq estetik zavq bag’ishladi. Shu paytga qadar men «oq oltin» mashaqqatini, dehqon, paxtakor mehnatini bilmas edim.