Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122328 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 21:47:28

* * *

— Mana, kitobimni chiqardim! Falon so’m, olasizmi?.. O’zi O’zbekistonda menday yozadigan shoir yo’g’-ey!
Yo’ldosh shoirning bu so’zlarini avvaliga fahmlab kulaman. So’ng jiddiy aytganini ko’rib, baliqpaz Ziyodulla chavandozning yuziga enkayib-enkayib qaraganday qarayman: «Pahlavon Daholar muncha ko’p».
Ensam qotadi:
— Ha, kitob ham ko’chada qoldi o’zi!.. Shu, yozsang, Tog’ay Murodday yozsang-da!
Darrov yomonlarning yomoniga aylanaman. 

* * *

— Sizni ko’rsam, negadir Tog’ay Murodning asarlari esimga kelaveradi-ey, — hamqishlog’imiz ostonadan o’tar-o’tmas shunday gap boshlaydi. — Tunov kuni O’rol bovamnikiga borsam, bovam sadaning soyasida yotib olib kitob o’qiyotgan ekan. Chaqirsam, eshitmaydi.
— Ha, bova, institutga kiryapsizmi deyman-da, — deb oldiga borsam, ko’zyoshlari soqollarini yuvyapti: shoshib qoldim, meni sezmadiyam, indamay qaytib ketdim. Ertasiga kelib qarasam, o’sha kitob «Oydinda yurgan odamlar» ekan. Sahifalarida ko’zyoshlar — sarg’ish dog’lar qotgan kitobni varaqlayotsam:
— Bu yozuvchilaring xuddi meni, mening ko’kayimdagini yozibdi ekan, bolam, — deydi.
Shunda havaslarim, hayratlarim ortadi!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:49:23

* * *

Hamkasbim hayron bo’ladi:
— Tog’ay Murod zo’r, zo’r, deysiz. Zo’r bo’lsa televizorga chiqardi-da?
— Chiqish shartmi, nodon, — deyman-u, lekin o’zim ham har kuni Surxondaryo so’zi aytilsa, Tog’ay Murod chiqib qolarmikin, deya umidvor termulaman...

* * *

— Yaxshi kitoblaringizdan berib turing, o’qib bo’lib, olib kelaman.
— Tog’ay Murodni o’qiganmisiz?!.
— Yo’q.
Beixtiyor o’rnimdan turib ketaman:
—  Shuncha yillardan beri Tog’ay Murodni o’qimasdan qanday yashayapsiz-ey?!
 Oradan uch-to’rt kun o’tar-o’tmas, o’sha olim-shoir tanishim kitoblarni olib keladi:
— Men o’zbek xalqining kimligini, qandayligini endi tanidim! Ana yozuvchi! Qaytib qalam ushlamaslikka qasam ichdim!

* * *

«—  Yo-Yo-Yo!.. Otamning piri!»
Necha-nechanchi martadirki, Tilovberdi polvon shunday deb ayqirganda titrab ketaman. Asar yaratildi, mana, necha-necha yillarki, Tilovberdi polvon shunday  deya ayqiradi.
Nazarimda, u rostakamiga chin otasining, Tog’ay Murod otasining pirini madadga chaqirib, davra bo’ylab ayqiradi:
— Yo otamning piri!..


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:50:06

* * *

Tog’ay Murod asarlaridagi qahramonlar — o’zbeklarning oriyati, g’ururi, axloqi o’ta baland. Ular it iskagan qozonlardan sira osh ichmaydi:
«Mirob ayolini naqd uch taloq qo’ydi!»
«Tanacha ko’zini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi». «Bo’ri polvon ichkaridan davralarda kiyib olishmish jelagini kiyib keldi. Bilaklarini  turdi, chap-chaqqon bo’ldi:
   — Nomahram ayol qo’yniga kiradigan undaychikin nahs raisni yerga tappiday yopaman,  tappiday!»
   Yoki bo’lmasa:
«Normurod polvon Bo’ri polvon qo’lidan yulqinib chiqdi. Yana davrani aylandi.
  — E, master sport tugul, dev bo’lsayam chiqaman! — dedi. — Normurod polvonning ko’zi ochiq bo’p turib, uning eli yerga qaraydimi?! Ushlamang meni, polvon bova, ushlamang! E, yerga kirgizib yuborsayam chiqaman!»
Ana sizga Vatan tuyg’usining, iymon tuyg’usining ifodasi!
Bu so’zlar, nazarimda, oddiyday, lekin nega ta’siri bunchalar kuchli? Boisi, g’oya sog’lom, milliy e’tiqod butun. Bu so’zlar samimiy, toza ko’ngil izhori, shuningdek, muallifning toza ko’ngli ifodasi.
Asl yozuvchi muhabbat bobida ham  pok tuyg’ularni kuylaydi: «Men rubobiy qo’shiq qo’ynida qolaman!»


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:51:46

* * *

Sizni bir ko’rmoq istardim...
Necha yillardirki, yurtim qirlarida ilk ma’sum giyohlar — boychechak, raftor, lolalar bosh ko’targanda, men — bir notanish muxlisingiz dilida cheksiz havasu ixlos bilan sizga shu tabarruk mo’’tabar bahor giyohlaridan tutmoq istardim!

Sizni bir ko’rmoq istardim!
Sizni ijodda burgutlarga mengzardim.
Goh-gohida bu dil,
Chumchuq, chittak kabi mijg’ov parvozlardan,
Kecha tuflab-tuflab tashlagan oshni
Bugun maqtab-maqtab ichgan  «ustoz»lardan,
Bulbulning kuyini zog’larga sotgan,
Aqli bus-butunu iymoni ozlardan,
Fahshni nuqul ishq deb chalayotgan
                                       yolg’onchi  sozlardan,
Nihoyasiz zada-zardob bo’lib ketganda —
Bu alam vodiysidan tamom ketmoq istardim!
Dilning tub-tublarida ne o’y, ne g’am bo’lsa,
Bari-barisini sezmoq istardim,
Ne yolg’on bo’lsa gar,
Qalam-la buzmoq istardim.
Bu yo’lda Haqqa yuz tutib,
Halolu pokiza yozmoq istardim!
Sizni bir ko’rmoq istardim!

* * *

Afsus, bu istak, bu orzu armonga aylandi.
Biz sizni asray olmadik...
Shunda bir fikr dilga taskin beradi: sizni ko’raman. O’zingiz¬ yozgan asarlaringizda sizni ko’raman. Asarlaringizga yana sho’ng’iyman, ha, ular hamisha men bilan birga, mening ko’nglimda.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:53:58

KARIMBERDI TO’RAMURODOV

KECHIKISH


Mening yulduzim so’nmaydi!
Mening davralarim hali davom etadi!
Mening yulduzim mangu yonadi!
                                                                   
        Tog’ay Murod

1

O’v, birodarlar!
Yigirmaga kirganimda do’st topdim.
U — Tog’ay Murod bo’ldi.

2

Bir polvonni yozibdi.
Yozgani meni ichimdagi bo’ldi. Dardim mening dardim bo’ldi.
Men polvon edim,  birodarlar!
Bo’ri polvonchalik emas edim, lekin polvon edim. Polvon uncha-munchaga tan bermaydi. Men Tog’ay Murodga tan berdim.
Meni yozibdi, dedim, mening tilim, mening kurash usullarimni qaydan bilibdi, dedim.
Tog’ay Murod polvon ekan, dedim. Zo’r polvon ekan, dedim.
Polvon bo’lmasa shunday yozmas edi. Yozolmas edi.
«Yo, otamning piri! — hayqirdi Tilovberdi».
Bu kalimani raqibini usulga olib yiqitish oldidan Tilovberdimas, men, Karimberdi aytadi.
 «Ismoildan yiqilgan Bo’ri polvon... yig’lab yubordi».
 U ... men edim. Peshonasiga mushtlab-mushtlab yig’lagan... men edim, otamning qishlog’ida davradan bosh egib chiqib ketganimda aytib edim..
Shuytib, Tog’ay Murod do’stim bo’ldi.
O’lmasam, topib bi-ir gaplashaman, dedim!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:55:13

3

O’v, birodarlar!
Tog’ay Murod akam bo’ldi.
U mendan katta ekan.
U haqiqiy polvon ekan. U ot chopar ekan. Chavandoz ekan.
Men-da otni yaxshi ko’rdim, otim bo’lmadi. Men o’sgan yerda ot o’smadi. Ot zotini bilmay o’sdim. Otdan qo’rqib o’sdim. Ot minmay o’sdim, minolmay-da o’sdim.
Bir kechada ot haqida hamma narsani bilib oldim.
Shu kecha ot bo’ldim.
Otga qo’shilib yig’ladim. So’lig’imni chaynab-chaynab yig’ladim.
Enam: «Tishingni g’ijirlatib uxlading, bolam», dedi.
Enamga: «Tog’ay Murodni enasi kim ekan-a?» — dedim.
«Qaysi Tog’ay?» — dedi enam.
 Enamdan-da arazladim.
 O’lmasam Tarlon olaman, dedim.
 Xo’jasoatga Tarlonda boraman,  dedim.
 Tog’ay akam shundaygina ko’z oldimga opkeb qo’ygan, Hayrondaradan o’tib, Holvachi qirlariga chiqib ovozim boricha akamni chaqiraman, dedim!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:55:37

4

Ay, yoronlar!
Tog’ay Murod shoir ekan.
Uning biror nasrida nasr ko’rmadim. Har safar kitobidan she’r o’qidim.
Men she’r yozar edim. Qofiyali-qofiyali qilib yozar edim.
Tog’ay Murod yozgan she’rni o’qisang, qofiyasi ichingdan kelar ekan.
She’rning zo’rini odamlar birdaniga tushunmaydi.
Tog’ay akamni odamlar birdaniga tushunyapti.
Odamlar-ku tushungan. Zo’rga baho bergichlar tushunmabdi.
Men buni keyin bildim.
Yaxshi she’r o’qisam ichidan kuyi kelar edi. Tog’ay Murod she’rlarining ichidan-da kuyi kelar bo’ldi.  Dard kelar bo’ldi.
Eshilib-eshilib kelar bo’ldi.
Tog’ay Murodning she’rlari zo’r bo’ldi.
O’lmasam, Tog’ay Murodni topib bi-ir gaplashaman, dedim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:55:59

5

   
O’v, birodarlar!
Tog’ay Murod akam hamnafasim bo’ldi.
Men o’zimni hofiz sanab yurib edim. Kuychi sanab-kuychi sanab yurib edim. O’zimdan-da zo’r hofizni ko’rdim. Ashulalari menikidan-da dardli-dardli bo’ldi.
Yig’lab-yig’lab eshitdim. Qo’shilib-qo’shilib aytdim.
Bu qo’shiq «Oydinda yurgan odamlar» qo’shig’i bo’ldi. Qo’shiq tinglab endi yig’ladim. Aytib-aytib yig’ladim.
Oymomoni enam, deb yig’ladim.
Momomizga aza ochib yig’ladim.
Momomizga o’g’il bo’lgim keldi.
Qoplon bobomizga-da o’g’il bo’lgim keldi.
Aka! Buncha g’amli qo’shiqni, buncha dardli qo’shiqni yuraging¬ga qanday sig’dirding, dedim.
Aka! O’qib shuncha yig’ladim, yozib qancha yig’lading, dedim.
«So’qmoqda bir qizil kiyim ko’rindi.
... Bu asl qo’shiqning o’zi bo’ldi!
Asl qo’shiq turganda, muxammas  qo’shiqqa yo’l bo’lsin!
Asl qo’shiqqa taraf yo’q!»
Men qo’shiqchilik qilmay qo’ydim!
Asl qo’shiq turganda muxammas qo’shiqqa yo’l bo’lsin!
Asl qo’shiqqa taraf yo’q!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:56:26

6

Ayo, do’stlar!
Ilk bor Tog’ay Muroddan qo’shig’i yo’q qo’shiq eshitdim.
Bu «Momo-Yer qo’shig’i» bo’ldi.
Uning ichida qo’shiq-da bo’lmadi, mehr-da bo’lmadi.
Ichi to’la alam bo’ldi, ichi to’la qahr bo’ldi.
Anglaganim shu bo’ldiki, Tog’ay Murod o’ch olay, dedi.
Tog’ay Murod bir boplay dedi.
G’animlarimni-da bor bo’yi bilan o’quvchilarimga bir ko’rsatay, dedi.
Otlarini aytmasam-da, o’zlari tanib olar, dedi.
Anglaganim shu bo’ldiki, achchiq bilan yozsa-da, zarda bilan yozsa-da, o’zining tilida, o’zining qalamida yozibdi. Chunki serjant Orziqulovni-da tanidim, Oyxol momomni-da tanidim.
Qishloqni-da tanidim, buloqni-da tanidim.
Zardali bo’lsa-da akamning so’zi — akamning so’zi-da!
O’lmasam, Tog’ay Murodni topib bi-ir gaplashaman, dedim.
Quruq qo’l bilan bormayin dedim. Hech bo’lmasa bittagina she’r kitobcham chiqsaydi, dedim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:57:04

7


Tog’ay  Murod hikoyani-da yaxshi yozar ekan.
Qissalaridan olov chiqib-olov chiqib yotgich edi.
Hikoyalaridan uchqun chiqib-uchqun chiqib yotgich bo’ldi.
Aslida ular qissalaridan oldin yozilgan bo’ldi, shu uchqunlar yig’ilib-yig’ilib olov bo’lib qissalariga aylangan bo’ldi.
«Bobosi bilan nevarasi» shahar bordi. Nevara shahar ko’rdi.
«Katta-katta uylari bo’ldi, odamlari ko’p bo’ldi, ko’chalarida odamlari olma, bodringlarni odamlarga ko’rsatib o’tirgich bo’ldi». Voh-ay!
 Shaharning ta’rifini ko’ring.
 Bolaning tasavvurini ko’ring.
 «Kuzning bir kunida» «o’zimizning» Obidovichni, talabasining g’amini o’z g’ami bilgich «o’zimizning» sodda Obidovichni talabasi, shaharlik ayyor talabasi, makkor talabasi, riyokor talabasi gel qilib ketdi.
Ezgulik bilan yovuzlik jangi Gyotedan-da qari, Esxildan-da qari.
Tog’ay Murodning ezguligi yovuzlik bilan urush-da qilib o’tirmadi, jang-da qilmadi.
Urushni o’quvchiga havola qildi akam.
Ezgulik bilan yovuzlik jangi musichaning «Ku-ku-ku»siga oshufta istirohat bog’i direktorining muovini bilan direktor o’rtasida ham davom etdi.
Bu yerda jang bo’ldi.
Yovuzlik bir zarba bilan ezgulikni yiqitdi. Qalbimizdagi ezgulik mag’lub ezgulikka hamdard bo’ldi. Bir kengayib oldi. Qalbimiz bir og’ridi.
«Er-xotin»ni tarsaki urdi.

Qayd etilgan