Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122333 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 21:57:19

Yonog’i ko’kardi.
Mehmonlarga «yuzim bilan yiqildim dedi» xotin.
Dami ichida er entikkanidan nafasi titrab ketdi.
Mehmonlar-da ketdi. Xotini-da taraddud ko’rdi.
Erining uzrini ko’ring. O’zi ko’kartirgan yonoqni o’pib uzr so’radi.
Kechasi xotiniga tikilib-tikilib o’tirdi. Tikilib-tikilib  qalbida ayoliga shunday iliq tuyg’ular ko’pirib toshdiki, hov o’shanda, sinfdoshiga qarab-qarab o’tirganida-da shunday bo’luvdi. Ahay-ahay!
Qani hikoyada sevgi degan so’z?
Qani o’sha quruq so’z?
Aytmaydi, hech kim aytmaydi.
Bu so’z ichingdan keladi.
O’lmasam, Tog’ay Murodni topaman, dedim. Bi-ir gaplashaman, dedim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:57:45

8

Tog’ay Murod akamni izlab Tosh shaharga borar bo’ldim.
Tog’ay Murod akam yo’l bermadi.
Gazetaga yozdi: «Adabiyot qasriga har kim o’z asari bilan kiradi», dedi.
Tog’ay Murod u qasrda bo’ldi.
Bir-ikkita hikoyam chiqsin, keyin borsam yarashar, dedim. Hozir nima deb boraman, dedim.
Hikoya yozdim...
O’qiganlar maqtadi, birovi-da bosmadi.
Uch yilda chiqdi.
«Tog’ay Murod bo’l-e», dedim.
Yozganim o’xshamadi-ya, yozganimni chiqishi o’xshadi-da.
Yana ikkovi chiqsin, keyin boraman, dedim. Birovgina hikoya¬ni ko’tarib chopgani uyaldim.  O’zimgayam ep bo’lmadi.
O’lmasam, Tog’ay Murodni topaman, dedim. Bi-ir gaplashaman, hikoyamni o’qitaman, dedim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:58:26

9

Tog’ay Murod alamzada bo’ldi. Alamli-alamli yozdi.
«Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi», dedi.
Qahramon raykom bo’ldi, qahramon obkom bo’ldi, qahramon shoir bo’ldi, qahramon jinni bo’ldi, otin-da bo’ldi, demokrat-da bo’ldi. Lekin roviy baribir Tog’ay Murod bo’ldi.
O’qib bo’lgach, unisini-da yaxshi ko’rmading, bunisini-da yaxshi ko’rmading.
Tog’ay Murodni yaxshi ko’rding.
O’lmasam, Tog’ay Murodni topib boraman, dedim. Bi-ir gaplashaman, dedim.

10

Tog’ay Murod yozibdi:
«Birodar, faqat yolg’iz odam asar izlaydi. Faqat yolg’iz odam asar topadi. Faqat yolg’iz odam asar yaratadi».
Tavba-tavba, dedim. Menga yozibdi, dedim. Meni yozibdi, dedim.
Otamdan o’novmiz. Yolg’izdayman.
Ayolim bor, yolg’izdayman. O’g’il-qizim bor, yolg’izdayman.
Ich-ichimdan yolg’izman. Yolg’izlikni istayman. Yolg’izlikni sevaman, astag’firulloh.
Hamdard yo’qday.
Tog’ay Murod-da yolg’iz ekan.
U hamdard bo’la oladi, dedim.
Ikki-uch oyoqlandim. Iymandim. Endi u Buyuk, dedim. Men kimman, dedim. Dasturxonim arzirli bo’lishini kutdim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:58:54

11

O’v, birodarlar!
Tog’ay Murod ustozim bo’ldi.
Unga o’xshatib-o’xshatib yozdim.
Unga ergashib-ergashib yozdim.
Tog’ay Murodga o’xshasam dedim.
O’xshay olsam qaniydi, dedim.
Uning bitganlariga o’xshatib yoza olarmikanman, dedim.
Yashirib nima qildim, taqlid qilib-da yozdim. «Uzib-uzib olib» yozdim.
 «Yulib-yulib olib» yozdim. Yozganimga yopishtirib-da yozdim.
Uch-to’rt bosilib chiqdi.
Tog’ay akam keyin hech Tog’ay Murod bo’lolmasligini, oldin-da hech kim Tog’ay Murod bo’lolmaganligini isbot qilib qo’ydi.
 «O’zbekka haykal qo’yaman!» — dedi.
Qo’ydi.
Bu gapni aytishga Tog’ay Murodgacha hech kim jur’at etolmadi.
Tog’ay Muroddan keyin-da hech kim aytolmadi.
Bu uchun Tog’ay Murodni yuragidek yurak kerak. Qani u, kimda bor?
Tog’ay Murod aytdi!
Aytganini qildi.
Polvon-da!
Haykal qo’ydi o’zbekka.
Haykali «Otamdan qolgan dalalar» bo’ldi.
Mana, o’zbek kim! Mana, o’zbekni dardi nima? Mana, o’zbekning fojiasi qanaqa?
Dehqonqulga qarang-da, bilib olavering.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:59:48

12

Dehqonqul — o’zbek.
Hamma o’zbek — Dehqonqul!

13

O’lmasam, o’zbekka haykal qo’ygan  — Tog’ay Murodni topaman, dedim.
Bitta haykalga dastxat yozdirib olaman, dedim.
Endi bormasam bo’lmas-ov!

14

O’v, birodarlar!
Qirqimdan oshib besh-olti yozganim bosilib chiqdi.
Yozganim besh-o’ntaga ma’qul bo’ldi. Endi Tog’ay Murod do’stimni, Tog’ay Murod akamni, Tog’ay Murod  shoirimni, Tog’ay Murod hofizimni, Tog’ay Murod ustozimni topmasam, bo’lmaydi, dedim.
Halovatim yo’q bo’ldi.
Toshkent bordim.
Ustoz uyi Darxonda bo’ldi.
Darxon to’la odam bo’ldi.
Odam to’la — Darxon bo’ldi.
Vo-darig’!
Yigirma uch yil ham kutamanmi, ko’nglimdagi odam diydorini?
Shuncha ham paysalga solamanmi, do’st ziyoratini?
Shuncha ham iymanamanmi, ustoz oldidan bir o’tishlikka?
Yigirma uch yil «O’lmasam, Tog’ay Murodni bir ko’raman, deb yuribman-yuribman, Tog’ay Murod o’lib qolsa-chi», demabman.
 O’v, birodarlar!
 Darxon to’la odam bo’ldi, odam to’la — Darxon bo’ldi.
 Darxon to’la armon bo’ldi.
To’la odam shu kuni — men Tog’ay Murodni izlab borgan kuni Tog’ay Murodning  ma’rakasiga  yig’ilgan bo’ldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:00:34

15

O’v, birodarlar!
Yigirma uch yil kutgan Tog’ay Murod meni uch kun kutmadi!
Uch kun burun tongda, oppoq tongda oppoq yo’lga chiqib ketgan bo’ldi...

16

«O’lim... tong vaqti keladi, tong vaqti. Odamzot tong vaqti so’nggi bor... iroda bilan entikadi... ozod ham og’ir entikadi», degan ekan akam «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi»da.
Bashoratmi bu?
«Sahar vaqti o’lsang, qanday soz!» — deb yozgan ekan ulug’im.
Diydorini qiyomatga qoldirib, oppoq saharda, tongdan-da oppoq manzillarga yo’l solibdi, ardoqlim.
Polvon akam yuragini changallab yiqilibdi.
Yurak bir bahona, yurak bir sabab.
Mohiyat nimada?
Akam qilar ishini qilib bo’ldi!
Faqat mening borligimni, uning diydoriga, gurungiga zorligimni bilmadi.   
Bilsa sabr qilarmidi...
Hech qursa uch kungina sabr  qilardi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:01:11

17

Yuragimga birov ombur solib o’ydi, ombur solib buradi. Birovlar meni enkaytirib-enkaytirib yubordi.
Bu ayriliq dardi bo’ldi!
Bu judolik dardi bo’ldi!
Men do’stimdan ayrildim!
Akamdan ayrildim! Ustozimdan-da ayrildim!
Men umidimdan ayrildim!
Endi ot olmayman!
Otlari sag’ir qolgan Hayrondaraga bormayman!
Men endi yolg’iz qoldim.
Akamdan-da yolg’iz qoldim.
O’z uyimni yopinib oldim, o’z uyimga ko’milib qoldim. Yolg’iz-yolg’iz yotib o’yladim.
Tog’ay Murod akamga quruq motam kamlik qiladi, dedim. Bir nima qilay, dedim.
Niyatlarim ulug’-ulug’ bo’ldi.
Niyatlarimga yarasha kuchim bo’lmadi.
Ollohga yolvordim!
Kuch ber, dedim. Iroda ber, dedim. Iqtidor ber, dedim. Yo’limni ber, dedim.
O’zbekka haykal qo’ygan Tog’ay Murodga haykal qo’yay, dedim.

  18

Tog’ay Murodga haykal qo’yaman!!
Tamom.                             

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:02:26

JASUR KENGBOEV

TOG’AY MUROD BILAN  XAYOLAN  SUHBAT
Suhbat-esse

Asl ijodkor el-yurtga «ura-
ura» gaplar  bilan emas, badiiy
asarlari  bilan  xizmat qiladi.     
                 
                                           
Tog’ay  Murod

Men oltinchi sinfda o’qir edim. Qishloqdagi eski maktab kutubxonasida ishlaydigan kutubxonachimiz almisoqdan qolib ketgan ko’zoynagini taqib, bir kitobni ko’lidan tashlamay o’qib yurardi. Kitobning jildi juda eskirib ketganidan ustiga nima yozilganini bilib bo’lmasdi. Bu odamning hadeb bitta kitobni mutolaa qilaverishiga taajjublanardim. Menga qiziq tuyulardi-da, bu.
Bir kuni unga bildirmaygina o’sha kitobni olib, birinchi betini o’qib ko’rdim: katta harflar bilan «Otamdan qolgan dalalar» deb yozilgan. Bolalarcha soddalik bilan bo’lsa kerak, bunday gaplarni faqat yoshi kattalar gapiradi, deb o’yladimmi, bilmayman-u, har holda amakining o’qib o’tirgan narsasiga ensam qotib, «Him-m, otasidan qolgan dalalar ekan... Shunga nima qipti?» — deganman... Oradan ikki-uch yil o’tdi.
Shu orada shahardagi bir litsey-internatda o’qiydigan bo’ldim. Uning kutubxonasidan bir kuni «Ot kishnagan oqshom» degich kitob topib oldim. Kitob  ustida bir-biriga moyilligi baland, bir-birini quvib o’tishga oshiqayotgan,  biri oppoq, biri soyarang, yelday uchib borayotgan ikki ot tasvirlangan edi. Ularning yollari shamolda taralar, ko’kraklari keng, baquvvat, ko’zlari, negadir, qahrli va g’azabli, buning ustiga, ma’yus edi. O’shanda kitobning ilk betida qiziq gapni o’qib qolgandim: «Bu qissalar ne kunlarni ko’rmadi! Zoti nomard bo’ldi, ushbu qissalar yoqasidan oldi. Og’zi buzuq bo’ldi, ushbu qissalarga tupugini sochdi. Qo’li nopok bo’ldi, ushbu qissalardan butun-butun boblarni o’chirib tashladi. Oqibat, ushbu qissalar o’z vaqtida pati yulinmish tovuq misol chop etildi. Alqissa, dorilomon kunlar keldi. «Ot kishnagan oqshom»dagi Ziyodulla chavandozchasiga aytar bo’lsak... uloq Tog’ay Murodda ketdi!»
Dastlab bu gaplarga unchalik tushunmaganman. Oradan  vaqt o’tib esa...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:02:42

...Kitobdagi «Ot kishnagan oqshom» qissasini o’qishni boshladim. Uyog’ini bilmayman, bilmayman! Qolgan «Yulduzlar mangu yonadi», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» qissalarini qanday o’qib chiqdim, qanday tamomlab qo’ydim — bilmay qoldim! Kitobni yopibmanki, ko’z oldimdan qissalar qahramonlari bir-bir o’ta boshlaydi: Ziyodulla kal va uning «birodari»ga aylangan Tarlon, Bo’ri polvon va do’sti Nasim polvon, ikki do’stning ham diliga birday o’t yoqqan suluv Momoqiz, bir umr yo’q  bolaning Momosi, yo’q farzandning Bobosi bo’lib yashab o’tgan Qoplon va Oymomo, «oyog’i yerdan uzilgan», manman  shoir  Pahlavon  Daho...
Qalbimda g’alayon boshlandi. Xo’rsina-xo’rsina chuqur o’yga toldim. Boshqacha bo’lib qoldim... Qissalar ta’siri... Men bu asarlar muallifini eslab qoldim. Uning yana qanday asarlari bor ekan-a?¬¬ Agar topsam, albatta, o’qiyman, bittalab o’qiyman, deb maqsad qilib oldim. Shundan buyon Tog’ay Murod bilan g’oyibona do’st tutindim. Kitob do’konlaridan uning asarlarini  qarab yurdim. Nihoyat, bir kuni Tog’ay Murod degan adibning boshqa bir kitobiniyam ko’rib qoldim. U kitob esa... o’sha... bir vaqtlar nomidan ensam qotgan «Otamdan qolgan dalalar» edi! Sotib oldim. Romanni o’qib  yana oromimni yo’qotdim! Xalqimizning sovet tuzumi siyosat yuritgan paytidagi nochor, xo’rlangan turmushi, «baxt¬li hayoti» haqida tarix kitob¬laridan o’qigandim. Ammo... bu darajada ta’sirlanmagan ekanman! Xalqimiz, millatimiz boshiga ne-ne qaro kunlar tushgani, o’zbek dehqoniman, degich odamlar qanday qilib «dehqon» bo’lganini shu roman orqaligina bildim. Shu roman orqali men tengi bolalar, o’quvchilar ilk qadamini maktabdan emas, paxta dalalaridan boshlagani, ularning «paxtazor — daftari bo’lgani, g’o’zalar — husnixati bo’lgani»ni, juda ko’p onalarimiz asardagi Ziyod oshnamning onasi singari dalalarda «Paxta urib ketgan bolam-ay!» — deya faryod chekib o’tganini bilib oldim. Bir so’z bilan aytsam, shu roman orqali... men kimligimni bilib oldim! Ota-bobom kim ekanini bildim! Ana shundagina beixtiyor kutubxonachi amaki esimga tushadi. Uning nega bu kitobni doim o’qib yurishini, ba’zan chuqur o’yga tolib, asabiylashib qolishini tushunganday bo’laman....

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:02:58

Qarshida — Yangibozor tomonga ketaverishda qator uylardan birida bir otaxon derazasi ko’chaga qaragan kichik do’konchada u-bu narsa sotib o’tirardi (suv sotishi aniq esimda). Onda-sonda bozorga borish-kelishimizda atayin o’sha otaxondan suv olib ichardik. Chunki u ziyoli odam! Kim bilan gaplashmasin, unga biror qiziq gap aytib berar yo hech bo’lmasa biror she’rni ifodali o’qib, shunga fikr so’rardi. Do’konchasini kichik kutubxona, desa ham bo’lardi: sotadigan narsasidan o’qish uchun terib qo’ygan kitobi ko’p bo’lardi.
Xullas, bir kuni bozordan qaytayotib, o’sha otaxondan suv so’radim. U qo’limdagi yangi sotib olgan «Otamdan qolgan dalalar» romanini ko’rib qoldi-yu, birdan yayrab ketdi (bu kitobni ko’pincha qo’limda olib yurardim-da!). «Ay, bola, san uni o’qidingmi?» — dedi. «Ha, ikki marta o’qidim!» — dedim o’z-i-imcha gerdayib. «Ay, man bir uy kitob o’qiganman. Man Abdulla Qodiriyni o’lgan deb, o’ylab yurardim. U tirilib keptiku-a? Qaytib kepti! Faqat... shoir bo’lib qaytibdi, shovvoz. Otiyam boshqacha — Tog’ay Murod! Tog’ay Murod!»
 Do’konchi otaxonning bu zavqli gaplari mengayam ko’chdi.
Shu tariqa menda adib bilan g’oyibona do’stlik tuyg’usi yanayam jo’shib ketdi. Ba’zan, u bilan dildan suhbatlashgim, uning ijod, adabiyot haqidagi fikrlarini bilgim kelar, undan iloji boricha ko’proq va mukammalroq javob olgim kelardi. Ana shu narsa menda Tog’ay Murodga berajak bir necha savollarimning tug’ilishiga sabab bo’ldi... Lekin, qizig’i shundaki, adib ijodi bilan tanishar ekanman, uning men berajak savollarga allaqachon javob berib ketganiga ishonch hosil qilaman...
Tog’ay Murod bilan quyidagicha xayolan suhbat  qurdim.

Qayd etilgan