Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122626 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 22:03:18

Jasur Kengboev:
— Siz yashagan asr  tarix sahifalariga o’zining ko’plab ulkan salmoqli o’zgarishlari bilan kirdi, desak, adashmaymiz. Bu davrning boshqa davrlardan farqli tomonini, menimcha, insoniyat tafakkurida favqulodda yuz bergan evrilishlarda kuzatish mumkin. Bunda, albatta, badiiy adabiyotning alohida o’z o’rni bor. Haqiqatda esa ana shu davrga kelib, barcha jabhalardagi singari adabiyotda ham bunday ulkan yutuqlar bilan birga kamchiliklari ham ko’zga tashlanib qolmadimikin? Ayting-chi, aynan Siz  hozirgi paytda o’zingiz yashagan ana shu davr adabiy muhitini qanday edi, deb o’ylaysiz? Bu  haqda nimalar deya olasiz?
Tog’ay Murod:
— Bilasizmi, 19-asr oxirlarida chor Rossiyasida kapitalizm barq urib, gullab-yashnab edi. Ayniqsa, 80-90-yillardan boshlab kapitalizm bor bo’yi bilan gullab-yashnadi. Kapitalizm nima o’zi? Pul, pul, yana pul. Ko’k pul! Har  qadamda ko’k pul! «Ko’kidan uzat!», «Ko’kidan bo’lsin?..». Ko’k, ko’k... Odamlar, yozuvchi-shoirlar «ko’k»ka qarab intildi, ko’kka talpindilar. Shu vaqtgacha ko’k, ko’m-ko’k, deganda yozuvchi-shoirlar ko’m-ko’k tabiatni, ko’m-ko’k osmonni anglar edilar, his etar edilar. Ko’kka — osmonga qarab entikar edilar, ko’kraklarini to’ldirib, to’lib-toshar edilar, hayajonlanar edilar, ilhom bilan jo’shib-jo’shib she’r yozar edilar. Ko’m-ko’k faslga — bahorga talpinib-talpinib she’r yozar edilar. Shoir-yozuvchi unda ko’m-ko’k bahor farzandi edi, quli edi. Unda shoir-yozuvchi ko’m-ko’k osmon farzandi edi, quli edi. Ko’m-ko’k osmon shitir-shitiri, shovuri — yomg’iriga kaft tutib asar yozar edi. Yomg’ir shovuridan, nafasi namidan g’arq bo’lib-bo’lib asar bitar edi. Yozuvchi-shoir ko’m-ko’k yaproqlar shivir-shiviridan ko’m-ko’k yaproqlar haqida to’yib-to’yib asar bitar edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:03:32

Keyin esa kapitalizm keldi, ko’m-ko’k kuch, narsa keldi... Xayoldayam, aqldayam, ko’ngil- yurakdayam pul, pul. Pul bor joydan poeziya qochadi! Poeziya puldan yiroq yuradi, baland yuradi. «Ko’k» shamoli, «ko’k» istarasi... issiq! Ammo «ko’k» poeziyani oldin so’ldiradi, keyin sindiradi. Yaproqlar ko’ki poeziyani yashnatadi, osmon ko’ki poeziyani gullatadi. Ammo pulni ko’ki poeziyani xarob qiladi. Yozuvchi-shoir o’zini ko’kka — pulga, mansabga, amal-e’tiborga tashlab ketdi...
Jasur Kengboev:
— Yo’g’-e?! Nahotki?
Tog’ay Murod:
— Sotsialistik realizm davrida yozuvchi chinakam iskanjada qoldi, xo’rlandi, ezildi, o’zini o’zi ramkaga solib asar yozdi. O’zini qafasda his etib, ijod qildi. Qafasdagi qush misol kun ko’rdi.  Antisovet, dissident,  qing’ir fikrlovchi nomini oldi. Qafasdan... sotsializm deya atalmish qafasdan dod dedi, fig’oni falakka chiqdi. Ushbu qafasdan qutulishni orzu qildi. Mana, qutuldi. Erkin qush misol bo’ldi. Ana endi erkin qush misol erkin parvoz etsa bo’ladi, ana endi erkin ijod etsa bo’ladi. To’rt tomoni qibla! Ammo barchasi... o’chib qoldi! Nega?
Menimcha, buni bitta sababi — sotsializm bir soxta qolip  edi, yolg’on bir tuzum edi. Masalan, bir odam ulug’lansa, yaxshi deyilsa, bo’ldi, shu odam ko’kka ko’tarilar edi, ulug’lanar edi. Orden ketidan orden, unvon ketidan unvon berilar edi. U odam hamisha to’rdan joy olar edi. U odamga gard yuqtirilmas edi. U odam misoli farishta edi. U odam ijobiy qahramon edi, ijobiy edi. Bordi-yu, tag’in bir odam qoralansa... bo’ldi: u boshdan-oyoq qora edi, yomon edi. Nimaiki yomon gap bor, shu odamga tuflab yopishtirilar edi. U salbiy qahramon edi, salbiy edi.
Sotsializm, sotsialistik realizm qoidalari, talablari ham ana shunday edi. Jamiyat qanday bo’lsa, undagi ma’naviy, madaniy, axloqiy-ruhiy talab-qoidalar ham shunday bo’ladi. Sotsialistik realizm metodi ham shunday talabdan paydo bo’ldi. Sotsialistik realizm — sotsializm jamiyatining talab, yo’nalish, ma’naviy metodlaridan biri bo’ldi.
Yozuvchilar ana shu sotsialistik realizm metodi quli bo’ldi, qo’g’irchog’i bo’ldi. Sotsializm qoralagan odamni yozuvchi ham qoraladi. Makondan tashqarida yashab bo’lmaydi! Yozuvchi uchun yaxshi-yomonni sotsializm belgilab berdi, yozuvchi uchun oq-qorani sotsializm ko’rsatib berdi. Hatto, maxsus partiyaviy buyruq-ko’rsatmalar bilan belgilab berdi, partiyaviy programmalar bilan belgilab berdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:03:46

Shu bois, sotsializmda yozuvchi urug’i ko’payib ketdi. Osmondan tayoq tushsa, yozuvchi boshi, ustiga tushdi. Chunki sotsializmda asar yaratish, bunday jamiyatda asar yozish oson edi. Yana-tag’in, sotsializm yozuvchini iqtisodiy ta’minlab turar edi, yozuvchini uy-joylar, bog’lar bilan ta’minlab turar edi. Yozuvchining so’zi ardoqda edi, yozuvchini o’zi undan-da ardoqda edi.
Favqulodda... ana shu sotsializm tugadi, sotsialistik realizmda (asar) yaratish tugadi. Yozuvchi boshi berk ko’chada qoldi. Nima qilishini, nima (haqda) asar yozishini bilmay qoldi. Orqaga qaytay desa, orqada hech nima yo’q, bo’m-bo’sh — sotsializm yo’q. Olg’a boray desa, oldin-da bo’m-bo’sh! Orzu qilinmish... kommunizm yo’q! Yozuvchi arosatda qoldi, yozuvchi muallaq qoldi! Yozuvchi sifatida yozmasa bo’lmaydi. Nimani yozadi? Kim haqida yozadi? Yozuvchi bilmay qoldi, bilolmay qoldi!
Jasur Kengboev:
— Shaxsan mening yozuvchi-shoirlarning hammasi ham shunday ko’yga tushganiga hech ham ishongim kelmaydi va ishonmayman ham... Yana-tag’in kim biladi?.. U paytlar biz tug’ilmagan edik...
Lekin... Bu gapingizdan so’ng, axir, xalq hayotining ko’zgusi bo’lmish Adabiyot ana shunday yozuvchi-shoirlarning ko’ngil  mulkidan paydo bo’lmaganmi yoki bo’lmaydimi, deb o’ylab qoldim. Siz nima deysiz,   bu  jarayon yana davom etaveradimi? Adabiyot o’z vazifasini o’tkinchi narsalarga bo’shatib berib qo’yadimi?
Sizningcha,  bu  holatda nima qilmoq kerak edi? Adabiyot  shunday davom etadimi?
Tog’ay Murod:
— Aslo! Adabiyot bunday davom etmaydi! Boisi, hayotni ushlab turadigan, hayotni olg’a olib boradigan katta bir kuch bor,  o’zgarmas bir qudrat bor. Bu —  tabiat. Tabiatning rangi ko’k, ko’m-ko’k. Shunday ekan, hayotni rangi-da, ko’m-ko’k. Yozuvchi-shoir ana shu ko’m-ko’klikka qaytadi. Asr-asrlardan buyon ana shunday bo’lib kelgan. 18-asr, 19-asr, 20-asr... 19-asrni shu kunlari haqida Lev Tolstoy shunday deb edi: «Bunaqa zamonda she’r yozish — qo’sh haydashga raqs tushish bilan barobar».

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:04:08

Jasur Kengboev:
— Ana, xolos! Xo’p, Lev Tolstoy shunday degan ekan, debdi-da! Axir, siz yashagan asrda talay buyuk asarlar yaratildi-ku? Kamyu, Kafka, Balzak, Lev Tolstoy, Teodor Drayzer, Jeyms Joys, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Chingiz Aytmatov... Axir, bular qaysi zamonda yashadi? Adabiyot uchun aynan shu davrda «zamon» tushunchasi doimiy yaratuvchanlikka xalal berib, uning yo’lini jar tomonga burib yuborishga kirishmagandir? Siz nima deb o’ylaysiz,  adabiyotga zamon va makon tushunchalari ta’sir ko’rsatmasa kerak? Axir, o’zingiz ham aytgansiz-ku, «Urush davrida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan.Ocharchilik yillarida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan. Qamoqxonalarda buyuk asarlar yaratilgan», deb.
Axir, Lev Tolstoyning o’zi shu davrlarda yashadi, boz ustiga, u qanday mashhur asarlar yaratmadi deysiz? Aynan o’zingiz ham shu davr odamisiz. Mana, «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i», «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» kabi bir-biridan go’zal asarlar yaratdingiz-ku? Endi bu gaplarni qanday tushunish mumkin?.
 Ha, yana bir gap. Nazarimda, hozir o’zbek adabiyotining o’zidami yo xalqning badiiy mutolaasidami, yo har ikkalasidayammi,  ishqilib, ular o’rtasida qandaydir bo’shliq paydo bo’lganday... Bugungi kunda,  negadir, favqulodda, yarq etib chiqqan yozuvchini yo shoirni ko’rmayapmiz. Bugun qalblarni  larzaga soladigan yaxshi asarlarni topib o’qish amri mahol, deb bot-bot aytilyapti. Balki bu gaplarimiz bir kun kelib o’zimizniig (o’zimning) ham g’ashimizga tegib qolar, ammo hozircha biz shunday fikrdamiz...
Demak, sizningcha, hamma gap yozuvchining o’zida? Yozuvchilikning og’ir yuki ham ana shunda bilinadi... Yozuvchilikning bu yukini ko’tarishga ahd qilgan qalamkashlarni oldinda nimalar kutmaydi deysiz!
Ayting-chi, aslida, Siz va biz o’ylagan qalamkash bu yo’lda qanday qilib YoZUVChI  bo’ladi?

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:04:23

Tog’ay Murod:
— Yozuvchimi? Yozuvchi — yo’qchilikdan, kamchilikdan, och-nochorlikdan, mutelikdan, xor-zorlikdan paydo bo’ladi!
Yozuvchi — qamoq, azobdan, xo’rlikdan, ezilishdan paydo bo’ladi!
Yozuvchi — boshga tushgan qora kunlardan paydo bo’ladi!
O’tish davri hamisha qiyin kechgan. Ehtimol, shu kunlarni boshdan kechirgan yosh bolalar bir kun kelib katta yozuvchi bo’lar? Ehtimol, ana shu qiyin kunlar o’z Jek Londonini, o’z Abdulla Qodiriyi¬ni yetishtirib berar?..
Jasur Kengboev:
— Ya’ni, demoqchisizki, Ernest Xemenguey aytganiday, «Yozuvchi bo’lish uchun og’ir kechgan bolalikni boshdan o’tkazmoq kerak», a? Balki...
(Shu gapdan so’ng chuqur o’yga tolib qolaman. Mening fikrlarim esa chuvalashib ketadi... Bir nimalar esimga tushib, u kishiga «yorilaman»...)
— Bilasizmi... Men litseyni bitirar bo’liboq, poytaxtga kelib, Sizni bir ko’raman, uchrashaman, so’ng o’qishga kiraman, deb  niyat qilgandim. Shundan so’ng qanot qoqib Toshkentga uchish ishtiyoqi kun sayin kuchayib boraverdi. Xuddi Siz o’z ijodxonangizda meni kutib o’tirganday — borsamu menga qanday qilib kuchli asarlar yozish sirlarini o’rgatib qo’yadiganingizday his qilardim...
Ammo... bir oy qolganda adabiyot o’qituvchimiz Dilshod Ravshanov biz uchun dahshatli xabar aytib qoldi:
— O’zbek adabiyoti buyuk adibidan... judo bo’ldi. Surxonlik yozuvchi Tog’ay Murod olamdan o’tibdi...
Sizni biladigan sinfdoshlarim —  hammamiz bir qalqib tushdik. Lekin  hech kim ishonmadi. Ishongisiyam kelmadi. Qanday ishonamiz, axir?  Afsus, bu shum xabar chin bo’lib chiqdi. Men bunga Toshkentga kelib inondim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:04:37

Men Sizni ko’rolmay qoldim.
Siz bilan bir asrda, bir makon-yurtda yashab, Sizni aqalli bir bor ko’rish nasib qilmadi menga... Na iloj?
Talaba bo’ldim. Bir kuni Sizning ustozingiz, buni qarangki, mening ham ustozim, o’z hamkasblari tomonidan «tahrir san’atining piri», deb nom  olgan Mahmud Sa’diy domlamiz bizga jahon adabiyotida tan olingan yuzta asar va uning muallifi nomini o’zimizcha yozib kelishimizni vazifa qilib topshirdi. Men ana shu «ro’yxat»ga o’zbek adabiyotidan «Otamdan qolgan dalalar», muallifiga esa Sizning nomingizni qo’ydim. Domlamiz buni so’rab ham o’tirmadi! Yana bir darsda u Sizning asarlaringiz haqida gapirishimizni  so’radi. Men otilib chiqib, o’zimcha to’lqinlanib gapirgan bo’ldim. Domla  miyig’ida kulib qo’ydi va yoniga chaqirib, bir kitobni ko’rsatdi. Unda, atigi birgina so’z yozilgan edi: «Akamga!».
— Bu — Tog’ayning dastxati. Qara, yozuvchi deganlari, shu, dast¬xatni,  birgina so’zniyam yozib beradimi?! Rahmatlik, hatto, bir og’iz gap gapirsayam uning mas’uliyatini his qilib gapirar edi, — dedi domlam.
Bilasizmi, o’zimdan uyalib ketdim. Shunday katta yozuvchining asarlarini chuqur anglamay turib gapirganim uchun o’zimni   qattiq  koyidim. Bu esa maktab bo’ldi menga!
Nihoyat  o’sha yilning kech kuzida bir paytlardagi orzumga yetdim! Uyingizni topdim! Biz — Tolibjon aka va kursdoshim Farrux Jabborov — uchalamizni ayolingiz Ma’suma opa kutib oldi. Uyingiz birinchi qavatda — liftning shundoqqina chap biqinida ekan-a?
Uyingizga yaqinlashar ekanman, ruhiyatimda qandaydir o’zgarish sodir bo’layotganini  sezardim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:04:57

Televizoringiz oldidagi stolda rasm — portretingiz turardi (so’nggi vaqtlarda tushgan bo’lsangiz kerak?.).
«Odamzot ruhining quvvati uning nigohida bo’ladi», deb bejiz aytishmagan ekan, ustoz! Bizga qarab turgan o’tkir nigohingizga tik qarash qiyin edi!
Yana afsuslanaman, Sizning o’zingizni ko’ra olmadim... Biroq menga dalda shu ediki, Sizning kundaliklaringiz, shaxsiy arxivingiz bilan tanishish baxti nasib etdi!
Bir kuni gazetalaringiz arxividan bir maqolangiz chiqib qoldi. Eslaysizmi, kitobingizda: «Ikki bor jumhuriyat gazetasida: «Men paxta dalalariga ketaman», deya so’z berdim. El-yurtga ikki bor so’z berdim», degan edingiz? O’sha payt men Sizning  el-yurtingizga ikki bora bergan ana o’sha «so’z»ingizdan birini olib o’qishga muvaffaq bo’lgandim.
O’sha jumhuriyat gazetasida suratingiz ham bor ekan-a? O’ttiz sakkiz-qirq yoshlarda tushgan bo’lsangiz kerak, ko’zlaringiz chaqnab turar, qoshlaringiz siyragu sochlaringiz silliq  taralgan edi.
Chap qo’lingiz bilan qandaydir kitobni ochib turar, o’ng qo’lingizning to’rtinchi barmog’ida esa yarqirab turuvchi uzugingiz bor edi. Gazetada, maqolaning bir chetiga o’z qo’lingiz bilan «1988 yil 29 yanvar», deb kun sanasini bitib qo’ygan ekansiz. «NAZM, NASR» rukni ostida e’lon qilingan o’sha «so’z»ingiz¬ favqulodda javob bilan boshlangani meni qiziqtirib qo’ygandi:
« — Menmi? — debsiz unda. — Men «Otamdan qolgan dalalar» degan bir asar dardida yuribman. Ehtimol roman bo’lar, ehtimol qissa bo’lar? Bilmadim. Ishqilib, ko’nglimda borini to’kib solaman. Asar voqealari shu kunlarda kechayapti, qahramonlari shu kunlarda yashayapti.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:05:12

Asarga sinchkovlik bilan  qarasam,  bir joyi kitobiy,  bir     joyi intellektual prozaga o’xshab qolibdi. Bilib-bilmay, G’arb ohanglariga o’ynagan joylarim  ham bo’libdi, yolg’on-yashiqlardan syujet yaratib, qoyilmaqom qilib, burab tashlabman. Faqat odamlarning ism-sharifi bizniki  demasa, qolganlari, bilmayman, kimniki... Qarasam, oyog’im yerdan uzilganday bo’libdi. Moskvada o’qib keldim, balki shundandir? Ehtimol! Shu boisdan bir oyog’im Toshkentda, bir oyog’im Surxondaryoda bo’lib qoldi. Ko’pni ko’rgan deh¬qonlar davrasida bo’ldim, dala kezdim. Dehqonning, dalaning  hidini oldim. Nihoyat, oyog’im yana yerni topdi, yana oyog’imni yerga qo’ydim. Asar ko’ngildagi kuyga tushdi. Asar yanada ko’ngil kuyiga tushsin uchun shu erta ko’klamdan boshlab Surxondaryoga ketaman.
Joysning «Uliss» romani rus tiliga to’liq tarjima qilinayapti.  Moskvadaligimdayoq tarjimonni topib, aylanib-o’rgildim, eridim, u esa qo’lyozmani bermadi, tarjima  hali bitgani yo’q, deb turib oldi.
Mening niyatim — romanni qo’lyozmadan peshma-pesh o’zbekchaga tarjima qilib, rus tili bilan bab-baravar o’zbek tilida ham chop ettirmoqchi edim. Bo’lmadi. Yana-tag’in ko’ramiz...», debsiz.
Qoyil! Siz to’g’ridan-to’g’ri «...bilib-bilmay, G’arb ohanglariga o’ynagan joylarim  ham bo’libdi, yolg’on-yashiqlardan syujet yaratib, qoyilmaqom qilib, burab tashlabman», deb ko’nglingizdagini ochiq aytibsiz! Men shunga aminmanki, buni ijodiy halollik, deb atashadi. Axir buni har kim ham ko’p ming sonli xalq oldida matbuot minbaridan turib ochiq-oydin ayta olmasa kerak? To’g’rimi?

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:05:27

Tog’ay Murod:
— ...
Jasur Kengboev:
— Ustoz, to’g’rimi?..
Tog’ay Murod:
— O’ynab qo’yay, savolingdan! O’ynab qo’yay!
Jasur Kengboev:
— Ha, yana boshqa mavzuda gaplashsak, degandim. Chunki Sizning yana bir masaladagi fikringizni bilmoqchi edim. «...Shunday til borki, u so’zlarga bog’liq emas». Shunday asarlar borki, ularda kuylangan muhabbat, ishq, bizni yanada hayajonlantiradi, yuraklarni ezib yuboradi. Ularni,  hatto   yig’lab  o’qiymiz, tomosha qilamiz. Chunki ularda umumtilda gaplashiladi. Oshiq-ma’shuqlar o’rtasidagi munosabat — faqat birgina millat yo xalqda bor narsa emas, ulardagi muhabbat butun odamzotning manglayiga bitilgan, butun odamzot ana shu umumtilda gaplashadi. MUHABBAT atalmish ushbu tilga tilmochsiz tushunsa bo’ladi!
Jahon adabiyoti durdonalariga murojaat etilsa, ko’pincha, bunday asarlar sirasiga Shekspirning  «Romeo  va Juletta»sini,   hindlarning  «Sangam» filmini misol qilib olinadi. Chunki bu san’at asarlarining bizni mahliyo etishiga bir sabab ularning badiiy va estetik qiymatidir. Ular o’rtasidagi munosabatlar. Shuningdek, sevgi-muhabbatni tarannum etuvchi bu asarlarning kishi qalbini uyg’otib yuboruvchi yana bir jihati, menimcha, ulardagi «sevgi uchburchagi»  hamdir. Masalan, «Romeo va Juletta»dagi  Romeo-Juletta-Paris,  «Sangam» filmidagi Sundar-Radxa-Gopal «uchligi» bunga asos bo’lib xizmat qiladi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:05:39

Yaxshi bilasiz, o’zbek adabiyotida ham Alisher Navoiy bunday asarlarning mukammal namunalarini yaratgan. Masalan, misol qilib uning «Farhod-Shirin-Xisrav», «Layli-Majnun-Navfal», «Farrux-Ahiy-Gulchehra»lar «uchligi»ni olishimiz mumkin. Agar menga qolsa, Sizning «Yulduzlar mangu yonadi» qissangizni jahonning ana shunday klassik san’at asarlari qatoriga kelib qo’shildi, deb hisoblagan bo’lardim.
Chunki qissadagi «Bo’ri-Momoqiz-Nasim» «uchligi» har qanday qalbni bir bor bo’lsa ham larzaga solishi tayin. Axir, mana bu so’zlarni eshitganda kim ich-ichidan bir «uh» tortib qo’ymaydi deysiz: «Bo’rining o’z dostoni bo’ldi. Bu doston hali kuylanmadi. Dostonni uch kishi bildi: Momoqiz, Nasim, o’zi bildi. Doston davom etdi».
Bo’ri polvonning mana bu genial gapi esa hech qanday odam dilidan joy olmasdan qolmasa kerak: «Men qizlarni ko’chalarda, teatrlarda ko’rdim, to’y-ma’rakalarda, kinolarda ko’rdim. Bari qizlar xushro’y-xushro’y...
Ayniqsa, hind kinolaridagi qizlar! Suv bilan yutgudek qizlar! Suluv-suluv qizlar! Hind qizlari to’lg’anib-to’lg’anib, eshilib-eshilib o’ynadi!
Men ana shunda, o’zimizning yoshligimizni o’yladim. Momoqizni o’yladim... Hind qizlari har qancha eshilib o’ynasa-da, to’lg’anib o’ynasa-da, baribir... baribir Momoqizga kelbat bermadi.
Hind qizlari-da, Momoqizning oldidan o’ta bersin!»
Chin dildan chiqqan mana bu qalb sadolari esa kishining ko’ngil torlarini favqulodda chertib o’tadi: «Har qanday er ko’ngilning qiz ko’ngilga aytajak gaplari bo’ladi. Ko’nglida shu gapi bo’lmagan yigit — yigit emasdir! Shu gapni qaysidir yigitdan intizor bo’lib kutmagan qiz-da — qiz emasdir! Dunyoga keldim, deb o’tirmasinlar!
Birov, bu gapni bir so’z bilan aytadi. Birov, ko’p so’z bilan aytadi. Tag’in birov, aytolmay qoladi...

Qayd etilgan