Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122409 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 12:53:01

Yozuvchi hayotni o’rganishi shartmi?

Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Otamdan qolgan dalalar» asarlarini o’qiganimdan keyin yozuvchi hayotni qanday o’rganishi lozimligini angladim. Tog’ay Murod ilk qissasida milliy kurash sir-asrorlarini, polvonlar mahoratini shu darajada nozik o’rganganki, undagi maxsus atamalar «Milliy kurash bo’yicha qo’llanmalar»ga kiritildi. Hozir o’zbek kurashi qaerga yetib borgan bo’lsa, o’sha yerda «halol», «chala», «yonbosh» singari atamalarni biladilar, qo’llaydilar. Demoqchimanki, yozuvchi o’z asari materialini shu darajada bilishi kerakki, lozim bo’lsa, mutaxassis ham undan foydalansin.
Ko’pkari, uloq haqida ko’p yozilgan. Lekin birorta asarda ot va ot egasi, bakovul, beriladigan zot, ko’pkari uchun so’yilgan jonivor haqida Tog’ay Murod asaridagiday mukammal ma’lumot berilmagan.
Otshunos-zoologlar ham qaysi qulun, qanday toydan qanaqa ot paydo bo’lishini Tog’ay Murodday aniq, ishonarli yozishmagan. Bilishimcha, Chingiz Aytmatov tuya to’g’risida «Asrga tatigulik kun» asarida, bo’ri haqida «Qiyomat» romanida ishonarli ma’lumotlar bergan. Jahon adabiyotida hayvonlarning antiqa obrazlarini yaratgan asarlar ko’p.
«Otamdan qolgan dalalar»da paxtakorning hutdan aqrabgacha bo’lgan kundalik yumushi oppoq paxtaning qora mehnati o’ta haqqoniy tasvirlangan. Asar manaman degan agronom uchun badiiy qo’llanma misoli.
Muallif hayotni shunchaki o’rganmaydi. U kitobxon ko’zi o’ngida chalasavod, bilimsiz ko’rinishdan cho’chib, polvon, chavandoz, paxtakor hayotining miri-sirini o’rganadi. Hayotni o’rganish masalaning yuzaki tomoni, hafsala qilsa, hamma ham bu ishni uddalaydi, deguvchilar ham topiladi. Gap shundaki, yozuvchi o’z qahramonining kasbi, yumushlari orqali ruhiga, tabiatiga kirib boradi. Bo’ri polvon, Ziyodulla kal, Dehqon¬qul o’z kasbining mohir bilag’oni. Ayni vaqtda mana shu odamlar g’irrom, ayyor, ichiqora, yolg’onchi, yuzsiz insonlar oldida yosh boladay o’zlarini yo’qotib qo’yadilar, ayanchli ahvolga tushadilar. Dog’uli Nasim Bo’riga xiyonat qildi, do’stining sevgilisini tuzoqqa ilintirdi. Bo’ri polvonning yurak-bag’ri qon bo’ladi, ammo do’stidan voz kecholmaydi. Ichiqoraligi, ayyor-xiyonatkorligi bois Xudo  jazolagan Nasim tavba-tazarru qilmaydi, Bo’ri polvon oldida yuzi qoraligidan nadomat chekmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:53:58

Ziyodulla kalni kimlar kalaka qilmagan, qaysi bakovul uning g’olibligidan, zo’rligidan ko’z yummagan, deysiz?! Ko’ngli o’ksik, ammo tanti bu inson necha bor araz urgan, davrani tashlab ketgan. Lekin Ziyodulla tabiatidagi allaqanday kuch uni hamisha murosai madoraga, sabr-qanoatga, kechirimlilikka undagan. Yozuvchi bu qahramon ruhiyatidagi holatlarni o’rniga qo’yib tasvirlaydi:
«—... Bizdan so’rasangiz, Karimboy, biz ko’pkaridan qaytdik, ha! Ko’pkarida adolat qolmadi, Karimboy. Bari oshna-og’aynigarchilik bo’lib ketdi!
— Ko’pkari tamom bo’ldimi?
— Yo’q, hali bo’lyapti.
— Unda boring-da.
Men sergak bo’ldim. Bolaga e’tibor berib qaradim.
— Ko’p qo’ymadingiz-qo’ymadingiz-da, Karimboy. Borsam bora¬yin, sadqai suxaningiz.
Tarlonni yechib, tag’in otlandim». (170-bet).
Asardagi Dehqonqul xarakterida Bo’ri polvon, Ziyodulla chavandozdagi ko’p xususiyatlar aks etgan. O’ylab ko’rilsa, kolxozni kolxoz qilgan Dehqonqul. Raisu Ideologiyayu raykomga obro’ olib berayotgan ham o’sha. Lekin na raykom, na Ideologiya va na rais Dehqonqulni odam o’rnida ko’radi: ilg’or brigadirning kuchi halolu, o’zi, insoniy ehtiyoji, qadr-qimmati harom. Dehqonqul bo’lsa, nafaqat o’lib-tirilib mehnat qiladi, xotini, bolalarini ham ishlashga, kolxoz uchun jon berib, jon olishga undaydi. Ustiga-ustak, kattalar soyasiga salom beradi. Uyiga kattalar mehmon bo’lib kelishini eshitgan Dehqon¬qul anvoyi noz-ne’matlar xarid qilib keladi. Bitta xurmoni bolaligiga borib olib qochgan o’g’lini urib, og’zi burnini qonga to’ldiradi. Mana shu o’rinlarda Dehqonqul xuddi Chingiz Aytmatov romanida tasvirlangan manqurtning baayni o’zi bo’lib ketadi. Darvoqe, sho’ro imperiyasi o’ziga xos manqurtlarni yaratdi. Dehqonqullar sho’ro davlatida mehnat qildilar, tobe bo’ldilar, erkin inson ekanliklarini unutdilar. Dehqonqul — o’zbek adabiyotidagi fojeiy xarakterlardan biri.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:54:26

Kim u so’zlayotgan?

Mablag’ topishmas, uni sarflash qiyin, deydi donolar. Bolani boqishmas, uni tarbiyalash mushkul, deydi kayvonilar. Material yig’ish, uni qalbda yetishtirish, qahramonlarga joziba ato qilish ham mushkul, ammo uni ta’sirchan, qiziqarli so’zlab berish eng qiyin yumush, deydilar mohir san’atkorlar. Kitobxon ko’pincha voqealardan ogoh bo’ladi, qahramonlar xatti-harakatini kuzatadi, fe’l-atvorini o’rganadi. Lekin ko’pchilik asar kim tomonidan, qanday so’zlab berilayotganiga e’tibor bermaydi. Tog’ay Murod asarlarida hikoya qilish san’ati shu qadar yuksakki, kitobxon so’zlovchi, hikoya-chi kim degan savolga beixtiyor javob axtaradi. «Ot kishnagan oqshom», «Otamdan qolgan dalalar»da hikoya qahramon tilidan olib boriladi. Lekin Ziyodulla, Dehqonqul hikoyasini boshqarib turgan bir estetik vosita — kuch borki, uni roviy obrazi deyish joiz. Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi», «Oydinda yurgan odamlar», «Qo’shiq» asarlari roviy tomonidan hikoya qilinadi.
E’tibor bering, roviy so’zlayapti:
«Xumor momoga kun tug’di,
Yolg’iz o’g’il askardan kelar bo’ldi.
Ostonadan suyunchixo’r arimadi».
(«Qo’shiq» qissasining boshlanishi).
«— Quloq sol, momosi, quloq sol. Qaerdandir odam ovozi kel¬yapti...
Sayrak adirda yonboshlab yotmish bobomiz momomizga shunday dedilar».
(«Oydinda yurgan odamlar» qissasining ilk jumlalari).
«Egar qoshiga to’n solib olmish jarchi guzarma-guzar ot o’ynatdi. Xo’jasoat qishlog’i ahlini to’yga chorladi». («Yulduzlar mangu yonadi»dagi roviyning ilk ma’lumoti).
«Tagi ko’rmaganga gilam bitmasin.
Qodir qulni chevarasi, Xolmat malayni nevarasi, Eson xizmatkorni bolasi Botir qo’shchi tumandan aynib keldi» («Bu dunyo¬da o’lib bo’lmaydi»ning ilk jumlalari).

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:55:02

Badiiy asarda hamisha roviy obrazi bo’lgan. Lekin adabiyotshunoslik, tanqidchilik nasrdagi hikoyachini yozuvchining o’zi, lirik she’rdagi «men»ni shoirning shaxsi deyishga odatlanib qolgan. Faqat sahna asarida yozuvchi ko’rinmaydi, deyilardi. So’nggi yillarda dramatik asarlarda roviy bot-bot ko’rinadigan bo’lib qoldi. Roviy — badiiy asardagi yollanma poetik-estetik vosita, kuch, obraz. Xalqda g’alati bir naql bor: «Kaliti menda, kasmaldagi senda». Ya’ni inon-ixtiyor menda, ijrochilik, ma’lum yumushni bajarish vazifasi senda. Adabiy kechalarda keksa shoirlar lirik she’r o’qishdan oldin izoh beradilar:
— Ko’rib turibsiz, qarib qoldik. O’ldim-kuydim, deb she’r yozish bizga yarashmaydi. Men lirik she’rlarimda sizlarni — yosh do’stlarimni nazarda tutdim.
Aslida, lirik she’rdagi «men» hamisha roviy bo’lgan, shoirning o’zi emas. Roviy obrazi o’zbek adabiyotida doimo bo’lgan. Lekin 80-yillardan boshlab roviy obraziga yozuvchilar alohida e’tibor bera boshladilar.
Nazarimda, «Lolazor»ni ma’lumu mashhur qilgan kuch — roviy. Murod Muhammad Do’st romanidagi roviy, misoli mohir aktyor. U roman davomida ajoyib bir rolni ijro etadi. Asardagi Nazar Yaxshiboev, Do’st, Shogirdlar roviy aktyor tomonidan ko’rilgan, ko’rsatilgan tiplar. Erkin A’zam asarlarida roviy qiyofasi aniq-tiniq ko’rinadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:55:13

Menga shunday tuyuladiki, Erkin A’zam o’z asarlariga roviy nuqtai nazaridan g’alati-g’alati nomlar qo’yadi. Tog’ay Murod asarlaridagi roviyda xalqchillik, folklorga moyillik, sururiylik, lirik mayl ustunlik qiladi. Roviyning ikki vazifasi aniq ko’rinib turadi: birinchidan, u asar poetikasida o’zining muqim o’rniga ega. Ikkinchidan, roviy estetik vosita. U hamisha, har qachon, har qaerda kitobxon bilan til topishadi. U kelajakdagi kitobxonga ham, chet ellik kitobsevarga ham jon-jahdi bilan o’zining «asarini» ma’qullashga intiladi. Roviy shunday haq-huquqqa egaki, u zamon zayli, kitobxon didi, nuqtai nazaridan kelib chiqib ba’zi voqea-hodisalarni xaspo’shlab ham yuborishi mumkin.
Roviy — yozuvchi qarashlarining ifodachisi. Ayni vaqtda, roviydagi topqirlik, obraz sifatidagi betakrorlik yozuvchiga kuch-quvvat, ilhom beradi. Yozuvchi esa hisob-kitobni — kompozitsiyadagi izchillikni, strukturadagi tartibli tarkibni bosh¬qarib boradi. Xullas, roviy badiiy asardagi zaruriy vosita, badiiy-estetik kuch. Haqiqiy san’atkor voqea-hodisalarni roviy tushunchalari, didi, ta’sirchanligiga moslab tanlaydi, ifodalaydi.
Tog’ay Murod bitta, lekin uning har bir asarida o’ziga xos roviy bor. Shunday bo’lsa kerakki, yozuvchi uslubi bor, har bir asarning o’z yo’sini ham bor deyiladi. Asardagi uslublar yozuvchi uslubiga tezda uyusha qoladi. Sirtdan qaraganda, «Yulduzlar mangu yonadi», «Oydinda yurgan odamlar»dagi lirik uslub roviy obrazida ham seziladi. Boshqacha aytganda, roviy ham, uslub ham oy nuriday muloyim, mayin.
Qisqasi, yozuvchi — uslub — roviy tushunchalari aro uzviy, botiniy bog’liqlik mavjud.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:55:44

Yulduzlar mangu yonadi

Ko’kda yulduz uchdi: yuzimga fotiha tortdim. Uchgan yulduz Tog’ay Murod hayotini olib ketganini bilgach, yuragim ezildi. Xayol uchqur-da: o’lim xabarini eshitganda Bo’ri polvon zo’r kurashga bakovullik qilayotgandi. Bir zum qotib qoldi:
— Attang, chakki bo’libdi...
Olishayotgan polvonlar bir-birlarining yelkalariga ma’yus bosh qo’yishdi. Ziyodulla kal yugura kelib otiga mindi, izillab yig’laganicha otini choptirib ketdi. Qoplon bobo, Oymomo momo bir zumda cho’kib qolishdi:
— Bolam-a... bolam-a... Bizlarga farzandlik qiluvding-a... Kitob qilib yozuvding-a...
Dehqonqul xotinining kuyib ketganiga, bolalarining bo’zlab qolganiga chidagan edi. Tog’ay Muroddan ayrilgach, o’zini qo’yarga joy topolmadi. Toshkentga shoshildi. Janozada qatnashdi. Chig’atoy qabristonini hamma tark etgach, Tog’ayning tog’day qabri poyiga cho’kkaladi, onasidan o’rgangan oyatlarni bilganicha takrorladi: oyat so’zlari ko’z yoshi bo’lib, yangi qabr tuprog’ini ho’llay boshladi.
Tog’ay Murod o’zbek yurtining tog’u toshlarini, qir-adirlarini, daryoyu ko’llarini, ob-havosini yurakdan his qilardi. Bahorning so’nggi kunlari chaqmoqli, guldurakli, yog’in-sochinli keldi. Ona tabiat zinda farzandining o’limini oldindan sezganmidi?!
Tog’ay Murod adabiyotga dangal kirib keldi. Shartta burildi-yu, hayotdan ketdi-qoldi. Undan o’n-o’n besh kichik asar, to’rt qissa, ikki roman, nari borsa, to’rt jildga jo bo’larlik meros qoldi. Ammo yozuvchi asarlari ruhini, ulardagi o’zbekona g’urur, surur, qat’iyat, oriyat, jo’mardlikni jo-bajo qiladigan hajmni topish mushkul. Tog’ay Murod o’tda yonmas, suvda cho’kmas asarlar, yuragida yoli bor qahramonlar timsolini yaratdiki, ular hamisha, har qaerda, har qanday sharoitda o’zbekning o’zligini namoyon etaveradi.
U o’ziga xos misoli tog’ so’qmog’iday murakkab va mukammal uslub yarata oldi. Unga hamisha sergaklanib, ehtiyotkorlik bilan odim tashlash joiz. Aks holda «farg’onachi» so’zi oyoqqa tikanday sanchilishi, Bolxin momoning miltiqning o’qiday so’zlari kishini yaralab qo’yishi, Dehqonqulning jo’yali, mantiqli fikr-mulohazalari odamni kalovlatib yuborishi, Ziyodulla kalning oddiy shumliklari zamiridagi zil-zambil haqiqatlar kishini chuqur o’yga toldirishi hech gap emas.
Ko’kda yulduz uchdi. Yulduzning uchishi — so’nishi emas. Tog’ay Murodning ko’kdagi yulduzi mudom uchaveradi. U ulug’ ustozlar yulduzlariga yaqinlashganida ham harakatlanaveradi. Tog’ay Murod yulduzi mangu yonadi.
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:56:28

NURISLOM  TO’XLIEV

ARMON

 O’sha paytlar nufuzli hisoblangan idorada ishlardim. Birov telefonda bir necha daqiqaga qabul qilishimni so’radi. U men sirtdan yaxshi bilgan, saksoninchi yillarda qo’ldan-qo’lga o’taverib, jildlari titilib ketadigan, bahsu munozaralarga sazovor bo’ladigan asarlar muallifi Tog’ay Murod edi.
Uning «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» kabi qissalari va hikoyalarini miriqib o’qigandim. Ayniqsa, «Ot kishnagan oqshom»dagi Tarlon laqabli otning jonli, serjilva tasvirlaridan behad ta’sirlangan edim. Adib ot obrazini shu qadar hayajon va mehr bilan, ishonarli   qilib   yozganki, beixtiyor Tolstoy  asaridagi Xolstomer,  Aytmatovning   Gulsarisi   yodingizga   keladi. O’shanda o’zimizda  ham aytmatovlar yetishib chiqyapti ekan, deb ko’nglim g’ururga to’lgan edi.
 Darhaqiqat, u tasvirda hassos rassom, so’zlarning ohangini teran anglab, hatto qahramonlarining kipriklari jarangini ham his etib, qog’ozga tushira olishda go’yoki bastakor, benazir adib edi.
U shirali ovozi bilan baralla, goh yonib, goh o’rtanib, ba’zan faryod urib, o’quvchilarini ham gohida yondirib, gohida sevdirib yurgan qilichday yozuvchi edi. Shu bois, uning o’zi qo’ng’iroq qilib, uchrashuvga izn so’rayotganidan quvondim.
Oradan ko’p o’tmay, xona eshigini iymanibgina ochib, polvon kelbatli, odmi kiyingan, to’porigina ko’rinishli (unday deyishga tiling bormaydi, aslida benihoya nozik didli) yigit kirib keldi.
Suhbat asnosida u dabdurustdan:
— Aka, ayting-chi, nima uchun meni bu idoraga yo’qlab qolishdi? — deb so’radi. — Oddiy bir yozuvchi bo’lsam, boshqalar bilan, siyosat bilan ishim bo’lmasa, mendan nimani so’rashlari mumkin? Men bu vaziyatda o’zimni qanday tutishim kerak?
— Bu yerga har qanday odamni ham chaqiraverishmaydi. Balki asarlaringiz yoqib qolgandir, balki biror tilak, istak bildirish uchun yaxshi maqsadda taklif qilishgandir. Avvalo, yaxshi niyat qiling, — deb biroz dalda berganday bo’ldim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:56:43

Biz qisqa, ammo iliq, samimiy suhbatlashdik. Xonaga  ruhsiz kirgan  yigit  ko’ngli  ko’tarilib,  polvonlarga  xos  gavdasiga yarashgan chaqqonlik bilan chiqib ketdi.
Oradan ancha vaqt o’tib, akam yaxshi maslahatlar berib, dalda bo’lib, katta yaxshilik qildi-da, deb meni alqaganini eshitdim. Keyinchalik ham yana bir necha kishiga shunday gap aytgani qulog’imga chalindi.
Balki u o’sha vaqtda menga o’xshagan, uni tushunishga harakat qiladigan maslakdosh aka, iniga juda ehtiyoj sezgandir. Sababi, u ko’pchilik talant egalari kabi yolg’iz, hamma bilan ham birpasda kirishib ketishi qiyin xarakterga ega inson edi.
Yillar oqib o’tdi. Tog’ay Murod katta yozuvchi bo’lib, elga tanildi. Yuksak unvonlarga musharraf bo’ldi. Uning «Otamdan qolgan dalalar» romani juda ko’p shov-shuvlarga sabab bo’lib, adibga shon-shuhrat keltirdi. Bu asar asosida Shuhrat Abbosov kinofilm yaratdi.
Men uning ijodini kuzatib borar, e’lon qilgan har bir asarini o’qir edim. Uning yil sayin asardan asarga o’sib, ulg’ayib, qalami charxlanib borayotganidan quvonar, adib bilan uchrashib, dildan suhbat qurishni istardim. Adibning asarlarini o’qib, yurak qoni bilan yozib, mahorat ila tasvirlagan obrazlaridan ta’sirlanib, iztirobga to’lib-toshgan, ko’zidan duv-duv yosh to’kkan muxlislarini ko’rganman.
Yozuvchining qahramonlari dardli, bu armonli dunyoga sig’maganday edi go’yo. Biroq Tog’ay Murod asarlarining kuchi va jozibasi ham shundaki, uni o’qiganingizdan keyin hayotdan bezmaysiz, balki unga yanada mehrli-muhabbatli bo’lasiz. Taqdir zarbalari oldida bosh egmaysiz, aksincha, o’zingizni irodali, matonatli deb his qila boshlaysiz. Men nima uchundir uning qahramonlarini taniganday bo’lardim, qishlog’imizdagi men ko’rib-uchratib yurgan kishilarga o’xshatardim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:56:53

Doimo Tog’ay Murod bilan ko’rishish, suhbatlashishni o’ylab yurardim. Unda ham shunga ehtiyoj borligini bilardim. Ammo aksariyat katta iste’dodlar kabi Tog’ay Murod ham ko’p yashamadi. Bizni iztirobga solib, yolg’onchi dunyoning g’avg’olariga istehzoli jilmayib, do’stlari, muxlislarini armonga qo’yib, chin dunyoga ketdi.
Adibning janozasiga borar ekanmiz, shu kabi o’ylar xayolimdan  kechdi. U bilan biror marta ham tuzukroq suhbatlasha olmaganimdan, uning asarlaridan   olgan   hayajonlarimni   aytib,   unga  siz   zo’r   yozuvchisiz, xalqimizning faxrisiz, deb ayta olmaganimdan juda o’kindim.
Uning iztirobli kunlarida ma’naviy ko’mak, madad va dalda bera olmaganimdan cheksiz afsuslandim.
Insonning tabiati qiziq ekan! Go’yoki ikki asr yashaydigandek, ba’zida xayrli yumushlarni orqaga surib, bu ishni ertaga yoki indinga qilarman, bugun juda bandman deb, gohida ikkinchi darajali yumushlar og’ushida yurarkanmiz. Biroq ma’nan yaqin, o’zi yoqtirgan odamini yo’qotganida, kecha nega unga yaxshilik qila olmadim, nega uni tirikligida ardoqlay olmadim, deya nadomatlar chekar ekansiz.
Shoir bilib yozgan ekan: «Ketdi do’stlar, top oyog’in gardini», deb...
Tog’ay Muroddan menga shunday mahzun va yorqin xotiralar qolgan...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:58:19

MAHMUD  SA’DIY

U — HAMON SAHNADA

Tog’ay Murod asl yozuvchi sifatida o’zining ilk qissasi «Yulduzlar mangu yonadi» bilan elga tanildi.  Qissa birdan jamoatchilikni hayratga soldi. To’g’ri, uning keyingi «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» qissalari  birinchisidan yuksakroq tursa-da, lekin Tog’ayning bu asarini xalq boshqacha qabul qildi. Nazarimda, kitobxonlar ana shunday yangi,  ilhom bilan yozilgan ko’tarinki, xalq ruhiyatidagi asarga ehtiyoj sezayotgan edi. O’sha kezlar men  «Guliston» jurnalida ishlardim. Bir necha adabiyotshunoslarga Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi to’g’risida taqriz yozishni taklif etdim. Bilasizmi, hech qaysi tanqidchi  asar xususida jo’yali bir gap ayta olmadi. Chunki bu qissa boshqacha yondashishni taqozo etardi. To’g’risini aytishim kerak, Tog’ayning ilk qissasi adabiy jamoatchilikni-da esankiratib qo’ydi. Ko’plar  asar tahliliga qo’l urolmadilar. Bu hodisaning o’zi, ana shu fakt adabiyotda yangilik, mutlaqo yangi asar paydo bo’lganidan dalolat berardi. Yaqinda bir maqolada qiziq  fikrni uchratib qoldim. «Adabiyotda yangilik yaratish uchun avvalo tafakkurda, tushunchada  yangilik bo’lmog’i lozim»,   deydi muallif. Shundan kelib chiqib, Tog’ay Murod asarlarida ham yangicha qarashlar borligini ta’kidlash mumkin. Tog’ay o’zining ilk qissasidayoq yuragidagi orzulari, armonlari  xalqning orzu-armonlariga esh bo’lib ketganligini namoyon qilgan. Yodingizda bo’lsa,  «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida shunday gap bor: «"¦dunyodagi ko’pgina xalqlar o’zlarining hech bo’lmaganda bitta sportini jahon miqyosiga ko’targan. Bizdan esa jahonga ko’tarilgan bittayam sport turi yo’q.
— Bu o’zimizga bog’liq» (77-bet).
Bu o’rinda gap milliy kurashimizning xalqaro olimpiada musobaqalariga kiritilishidagina emas. Gap hamma xalqning, jumladan, o’zbek xalqining ham jahonda o’z o’rniga, mavqeiga ega  bo’lishi haqida. «Yulduzlar mangu yonadi» qissasiga yozilgan taqdim so’zi — annotatsiyada asarga «kurash haqidagi kitob» qabilida ta’rif berilgan. Yo’q, bu asar faqatgina kurash haqida emas, insonning ori haqidagi kitob. Insonning g’ururi, insonning  nimalarga qodirligi haqida yozilgan mardona kitobdir. Asarda ifodalangan ana shu tuyg’ularning  bari badiiy tasvirlanib, yagona mavzu atrofida mujassamlashtiriladi. Qarang-da, ajoyib holatni: bosh qahramon Bo’ri polvonning o’g’li  Tilovberdi bellashuvda  qatnashib tursa-da, ota o’g’liga yon bosmaydi.

Qayd etilgan