Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122393 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 12:58:32

Bo’ri polvon mardlik qiladi. Dunyo azal-azaldan ezgulik va yovuzlik kurashidan iborat. Ana shu azaliy kurash g’oyasi jahonning taniqli adiblari singari Tog’ay Murod asarlarining ham zamirini tashkil etadi. Tog’ayning nav¬batdagi qissalarini nashr etishda ham men u bilan ko’p birga bo’ldim. U fikrida qat’iy turadigan shaxs sifatida o’zini namoyon qilgan edi. Agar yozuvchining o’zi shaxs bo’lmasa, u yaratgan asarlar ham  biror qiymatga ega bo’lmaydi. Tog’ay Murod asarlari uning shaxsini ko’rsatib turadi. Tog’ay Murod orzulari mamlakatimiz o’z mustaqilligiga ega bo’lgandan keyin ro’yobga chiqmoqda. Mana, milliy kurashimiz jahon sporti  darajasiga ko’tarildi. Badiiy adabiyotning ijtimoiy hayotga ko’rsatgan ta’siriga yaqqol misol bu.
Tog’ay har xil masalalarga o’zicha, o’ziga xos yondashardi. Masalan, muhabbatni olaylik. Atoqli qirg’iz adibi Chingiz Aytmatovning mashhur «Jamila» qissasi yodingizdami? Ana shu qissa, to’g’rirog’i, muhabbatdagi erkinlik talqini G’arb hayotiga juda mos kelgan. Taniqli frantsuz yozuvchisi Lui Aragon bu asarni frantsuzchada chop eta turib, «Muhabbat haqidagi eng buyuk qissa», deb ta’rif bergan. Albatta, Lui Aragonning gapida jon bor. G’arb tushunchasiga ko’ra, Jamilaning muhabbati, uning baxt¬ga erishishdagi harakatlari olqishlanadi. Lekin Sharqda esa aksincha, bu hol oqlanmaydi. Shu singari «Jamila» qissasi Qirg’izistonda og’riq bilan qabul qilingan. Lekin  Jamilaning o’z baxti, muhabbati yo’lidagi harakatlarini qoralab bo’lmaydi. Shunga qaramay, Sharq baribir Sharq-da!
Tog’ay Murod asarlarida esa muhabbat talqini boshqacharoq. Unda muhabbat o’z xalqi ruhiyatidan, qalbidan kelib chiqadi. «Oydinda yurgan odamlar» qissasini yodga oling-chi. Asarda tasvirlangan muhabbat — juda buyuk muhabbat. Jahon ma’naviyati tarixiga nazar solaylik: qaerdaki axloqsizlik bo’lsa, axloq buzilsa, o’sha yerda ma’naviyat tanazzulga yuz tutadi. Tog’ay Murod asarlari esa odamlarni pokiza, axloqli bo’lib yashashga undaydi. 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:58:45

Ushbu qissa  qahramonlari  Oymomo bilan Qoplon farzandlari bo’lmasa-da, bir-birlarini sevib ardoqlab, e’zozlab yashaydilar. Dunyoda yashashdan maqsad nima? Avvalo, kishining o’z suyanadigan   tayanchi — dardkash odami bo’lishi kerak. O’zbek tilida ikki bir-biriga yaqin so’z bor: suyanish va suyalish. Dunyoda suyanish mumkin bo’lgan odamlar ko’p, ammo suyalish mumkin bo’lganlari kam.  Hammaga suyanish mumkin: suyanib turgan kishingni yo’qotib qo’ysang, yiqilmaysan, o’zingni tutib olasan. Biroq suyalib turgan odaming o’zini sendan olib qochsa, yiqilib chohga tushasan. Oymomo va Qoplon singari odamlarga suyanish ham, suyalish ham mumkin. Ularning farzandlari bo’lmasa-da, bir-birlariga suyanib boshqalarga  o’rnak bo’lib yashaydilar. Dili dardli odamlar ularga hamdard bo’ladilar. Mashrab deydiki, «Dilda darding bo’lmasa, sardaftarimni kavlama».  Dilida dardi bor kishilar Qoplon va Oymomoning muhabbat  qissasini o’qiganda qalban yuksaladi, o’zligini anglay boshlaydi.
Tog’ay Murodning adabiyotda o’z yo’li bor edi. XX asr o’zbek adabiyoti rivojiga Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Hamza, Abdulla Qahhor, G’afur G’ulom singari Tog’ay Murod ham o’zining katta ulushini qo’shdi. U mumtoz adib sifatida o’z asarlarini tahrir qila olardi. Alisher Navoiy, Pushkin, Gogollar ana shunday bo’lgan.  Bir kuni Turgenevdan so’rabdilar: «O’z asari¬n¬gizga o’zingiz baho bera olasizmi?» Javob shunday bo’libdi: «Yo’q, men Gogolmidimki, o’z asarimga o’zim baho bera olsam».
Haqiqiy yozuvchi o’zini o’zi baholay oladi. Tog’ay Murod ham o’z asarlariga o’zi baho bera olardi. Tog’ay hech bir asariga mukammal deb qaramagan. U qissalarini tinimsiz tahrir qilar edi. Tahrir qilganda ham yaxshi tomonga o’zgartirgan. Odatda, badiiy asardagi har qanday tahrir kitobxonga ma’qul kelmaydi. Uning ilk taassurotlarini chalkashtirib yuboradi. Tog’ay Murodda esa mana shu nuqson uchramaydi. Agar Tog’ay hayot bo’lganida asarlari tahriri ustida hali ko’p ishlardi. Bizga yanada mukammal badiiy asarlar taqdim qilar edi...
Ha, u ana shunday buyuk yozuvchimiz edi.  Nazarimda, Tog’ay sira o’lgan emasday, oramizda yashayotganday. Aslida ham shunday, u bizning oramizda, u aslo o’lgan emas.
Tog’ay Murod hamon sahnada!
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:00:49

HALIMA XUDOYBERDIEVA

TOG’AY  MUROD  DEGANI — TOG’DAY
MUROD  DEGANI...

Bismillahir rohmanir rohiym.   
Tog’ay Murod — faqat ijodkor, yozuvchigina emas, o’tmishni chuqur biladigan o’tkir ko’zli tarixchi hamdir. Chunki uning asarlarini qo’ldan qo’ymay o’qimoqdalar, o’qish barobarida o’zlarining kimliklarini chuqurroq bilmoqdalar, o’z ildizlarini topmoqdalar, chuqurroq insoniylashmoqdalar.
Tog’ay Murod haqida Jasur Kengboev mana bunday yozadi:         
«Nihoyat bir kuni  Tog’ay Murod degan adibning «Otamdan qolgan dalalar»ini ko’rib qoldim. Sotib oldim. Romanni o’qib oromimni yo’qotdim.
Xalqimizning sovet tuzumi siyosati yuritgan paytidagi nochor, xo’rlangan turmushi, «baxtli hayoti» haqida tarix kitob¬laridan o’qigandim.
Ammo... bu darajada ta’sirlanmagan ekanman. Xalqimiz, millatimiz boshiga ne-ne qora kunlar tushgani, men tengi bolalar, o’quvchilar ilk qadamini maktabdan emas, paxta dalalaridan boshlagani, juda ko’p ayollar, onalarimiz asardagi Ziyod oshnamning onasi singari dalalarda «Paxta urib ketgan bolam-ay», deya faryod chekib o’tganini bilib oldim. Bir so’z bilan aytsam, men shu roman orqali kimligimni tushunib yetdim! Ota-bobom kim ekanini bildim!».
Shu o’rinda mashhur amerika adibi Ernest Xemengueyning «Katta yozuvchi bo’lish uchun xudo bergan 99 foiz  iste’dod bilan birgalikda ijodkor og’ir bolalikni boshidan kechirgan bo’lishi kerak», degan nihoyatda to’g’ri xulosasini keltirishni istardim. Biz istaymizmi-yo’qmi, asarning asosida ijodkorning boshidan o’tgan voqealar yotadi. Aynan bo’lmasa-da, voqealar ba’zan to’ldirilishi, umumlashtirilishi mumkin. Ammo asos yozuvchining o’z kechinmalari bo’lmasa asarlar bu qadar tabiiy chiqmas edi.
Tog’ay  shunday  katta muammolarni,  dardlarni  qog’ozga tushiribdimi, demak, undan kattaroqlarini o’z boshidan, o’z qalbidan o’tkazgan. Tog’ay, yurakda shuncha zil-zambil yuklarni ko’tarib, mayin jilmayib yurishga qaerdan kuch topardingiz, do’stim!
Tog’ay Murod bilan yoshlarimiz yaqin emasmi, boshdan kechgan voqealarni ham o’xshashligini qarang. Mening onam Sharofat Xonnazar qizi o’ttiz besh yoshida, paxta dalasida o’qariqdagi dorilangan suvdan ichib qo’yib vafot etganlar. Men  o’n besh yillar oldin yozgan «Enamning aytganlari» she’rim  ana shu boshimizga tushgan musibatli kunlar haqida edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:02:29

Enamning aytganlari

 Hayot qiyin hayot edi, o’ bolam-a,
Onang tili novvot edi, o’ bolam-a.
Tiriklikning bor yuklari yelkasida
Onang ayol, ham ot edi, o’  bolam-a.

Sizlar uning bolasiga o’xshamaysiz,
Sochining bir tolasiga o’xshamaysiz.
Azalarda hiqillashdan nari o’tmay
Uning yo’qlov, nolasiga o’xshamaysiz.

O’rish, arqoq yigirmoqqa qo’lingiz yo’q,
G’amni baxtga o’girmoqqa tilingiz yo’q.
Bazmlarda balo bormi sipolikka —
Nahot baxtdan tars yorilgich dilingiz yo’q?
 
Onang yursa quvontirib yurdi yerni,
Hamroh emas, panohim deb o’tdi erni.
Bir kuz... quv-quv... ko’p yo’taldi, rentgenchilar
Gullab ketgan o’pkasining rasmin berdi.

Qushmidi-ey, yashirdi-ya uchganini,
Ko’chib ketdi ko’rsatmasdan ko’chganini.
Kuyib ketdim, eshitganda, o’zi bilmay
O’qariqdan dorili suv ichganini!

Dil ovlashda mergan bolam, o’ bolam-a,
Dorilarga bergan bolam, o’ bolam-a.
Ul go’shani supuribmi turmoq uchun
Mendan oldin borgan bolam, o’ bolam-a...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:02:46

Biz moziyda, yaqin o’tmishda boshidan katta talofatli kunlarni o’tkazgan jafokash xalqmiz. Bu kunlar qaytib kelmasligi uchun ular haqida so’zlab, yozib avlodlarga eslatib turish kerak. Tog’ay Murod mana shu ma’noda  qulochni katta yozdi. Qadamni katta qo’ydi. Bu kunlar yoddan chiqmasligi, qaytarilmasligi uchun daho shoirimiz Shavkat Rahmon aytganidek, millatga  Tog’ay Murodday «yuzlab ovozi toshlarni yorar kuychilar kerak».
Shunday kuychilarning biri, ehtimolki, shu saf sardorlaridan biri sifatida u o’zining suyukli xalqi oldidagi mas’ul burchini mardona ado etib ketdi.
1977 yil... Men   Moskvadan  ta’tilga  kelganimda  uni  juda  dilkash  qiyofada uchratdim. Respublika Radio binosining oldida uch-to’rt o’rtoqlari bilan chaqchaqlashib turgan ekan.
— Mana shu barmoqlar bilan bitilgan satrlaringizni, — dedi u qo’limni o’pib kitobini ochib ko’rsatarkan, — kitobimizga kiritdik.
 Haqiqatan ham, Tog’ay mening:
 
Bobolarim birin-ketin suyak surib o’tgan yer,
Momolarim sochlarini qirqta o’rib o’tgan yer,
 
satrlarim bilan  boshlangan  she’rimni  yangi «Oydinda yurgan odamlar» qissasiga kiritgan ekan.    

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:02:58

Tog’ay Murod degani — tog’day murod degani,   Ketganligin xabari — fig’on, faryod degani,
Kelganida odamday quvongan, ketganida —
Odamdan baland uvvos ko’targan ot degani.

Birovlarning dunyodan o’tganini ba’zan odamlar sezmay ham qoladilar. Tog’ay o’tganda esa... bir-biriga suyib dildorlik qilayotgan oshiq-ma’shuqlarning ko’zlariga yosh to’ldi! Chap berib bir-birlarining yelkalarini yerga tekkizolmayotgan polvonlar holsizlanib, mung’ayishdi, qadlarini yerdan arang ko’tarishdi. Otlar, ayniqsa Tog’ay yaxshi ko’radigan Tarlonlar bir-birlarining bo’yinlariga boshlarini osiltirib, mo’lt-mo’lt ko’zyosh  to’kaverdilar.Uzoq siqtab-siqtab yig’ladilar... Tog’ay-ey, do’stim, Sizday dunyoni boshqacha erkalaydigan, boshqacha suyadigan odamlar ham bexosdan dunyoni armonda qoldirib o’tib ketaverar ekanda-a. Bunday vaqtda qolganlar nima ish qiladi? Qolganlar ham dog’da qolganlarini birdan tushunib odamlarga qo’shilib, otlarga qo’shilib, siqtab-siqtab yig’layveradi, yig’layveradi... to sokin tortib, o’zlariga kelib olguncha.
Odamlar-ov, ketar chog’da yuraklarni larzaga solib, bor dunyo¬ni yig’latib ketish ham hammaning qo’lidan keladigan ish emas. Demak, Tog’ayda bizning ko’pchiligimizda yo’q nimadir bor edi-da...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:03:38

OMON  MUXTOR

OROLI BOR ODAMLAR

Gapni bir tanishimdan boshlay.
Tanish ham emas, qadrdon. Quchoqlashib ko’rishadigan. «Tanish» deganimga sabab, yillar bo’yi taqdir taqozosi bilan  bir davrada yurib, ilk qarashda aka-ukaga aylanib ketganmiz-u, lekin oramizda sirdoshlik, dardkashlik yo’q. Ikkimizni ham odamlar «yozuvchi», deyishadi. Shuning barobarida, bizda maslak, adabiyotga, demakki, hayotga ham qarash har xil ekanligidan, munosabatlarimiz oradagi qulatish qiyin bo’lgan devor ustidan bir-biriga  qo’l cho’zib turgandek holatni eslatadi.
Adabiyot — uning uchun  har qanday odam eplab ketadigan oddiy kasbi kor va  yana  shuhrat,   mansab, manfaat maydoni! U iloji boricha tez, ko’p, katta kitoblar chiqarib, atrofdagilarni tirsagi bilan orqaga surgancha, mana, men adabiyotni gullat-yapman, deyishni yozuvchilik deb biladi. Odamning yuzi issiq. Unga adabiyot — zahmat, azob, gohi bir so’z topolmay ovoralik, Xudo avvaldan bergan «dard» ekanini aytolmaysan. Buni aytgan taqdiringda ham u tushunmaydi, aksincha sen maqtanayotganga  o’xshab  qolasan.
Yashirib nima qildik, hozir, ayniqsa, fikr erkinligidan, ba’zan «qo’li uzun» bo’lganligidan foydalanib, bunday «o’zini adabiyotga urganlar» soni oldingidan kamida o’n hissa oshib ketdi. Bir kunlar adabiyot ostonasiga yaqin yo’lay olmagan kishilar bu kun to’rga o’tib o’tiribdi. Markazdami, viloyatdami bosilgan «usta ko’rmagan shogird»larning  g’ishtdek kitoblari shahar-qishloq bo’ylab aylanib yuribdi. Mohir bir ijodkor «Saylanma» tuzishga botinmaydi. Bularning qo’lida «Saylanma»  ham tayyor. Barakalla, deb ketaverish mumkin edi-ku, uyat degan tuyg’u kamligini o’ylab ezilasan.
Yozuvchilik — eng avval, hayot oldida javobgarlik. Bobokalonlarimiz Mahmud Koshg’ariydan tortib, Alisher Navoiygacha «so’z sharafi» haqida kuyunib yozganlari ma’lum. Navoiy kabi Ulug’ Zot umri oxirigacha o’z yozganlarini qayta-qayta ko’rib chiqqanini bilsangiz kerak. U bir tunda falon satr yozgan she’rbozga kulib, tanbeh  berganini ham bilasiz. Ustoz Oybek yozuvchi degan nom yuksakligini  o’z hayotida isbotlagan edi. Yana bir ustoz Abdulla Kahhor so’z bobida o’zini ham, boshqalarni ham ayamas edi. Keyingi avloddan Asqad Muxtor hatto «Men yozuvchiman, deyish noqulay. Hurmatga loyiq, yaxshi odamman degandek eshitiladi!» mazmunidagi gapni ba’zan ta’kidlar edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:04:04

* * *

Tog’ay Murodni eslab, shularning bari xayolimdan kechdi. O’ylab ko’rsam, ukam Tog’ay Murod mendan yetti yosh kichik ekan. Ustozlar, akalar, tengdoshlardan  ham ko’ra ko’proq, ukalarni yo’qotish og’ir. Asqar  Qosim, Tilak Jo’ra, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf...
Tog’ay Murod dastlabki hikoyalarini yozib, hali Mengnorov deb to’liq ismi sharifini keltirgan paytda menga tanish edi. U kam  hikoya yozgan, ammo yozganlarini  qo’lyozmada ham, matbuotda ham o’qiganman: o’shanda uch-to’rt yil bir joyda — u bilan O’zbekiston Davlat radiosida ishlaganmiz. Keyinchalik uni, qissalari, romanlari bilan shuhrat qozona boshlagach,  ko’p emas, ahyon-ahyon ko’cha-ko’yda uchratganman, xolos. Tog’ay Murod davralardan o’zini tortar, odam to’plangan joyni xush ko’rmasligi odati sezilar, shundan uni ko’p ham uchratib bo’lmasdi — tabiatan sal «yovvoyi», to’g’rirog’i, u o’z OROLI BOR odamlardan va shu OROLda osoyishta yashashni baxt, deb bilgan ADIBlardan edi. Birov majlislarda javlon urib, nutq irod qilsin — bemalol, Tog’ay Murod zerikar va aksar o’zini qanday tutishni ham bilmagandek holatga tushar edi. Men uning qiyofasida muhim belgi nima ekanligini o’ylaganman. Uning yuz-ko’zida qishloqdan shaharga kelib qolgan DYeHQONga xos — o’zidan va atrofdagilardan bir oz xijolat chekayotgandek holat muhrlangan edi! U qahramonlaridan birini Dehqonqul deb atagani, mehr bilan tasvirlagani bejiz emas. Katta davralarda halovat topmasligi ham, yolg’iz o’y surishga va yolg’iz suhbatga uning moyilligi ham «dehqoncha» edi. Tog’ay shaharda yashab ¬ZIYoLIga,  adibga aylangan, biroq «ichida» DYeHQON bo’lib qolavergan edi!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:04:14

O’sha, ko’cha-ko’yda ko’rishganimizda, xilvat bir go’shada ikki-uch soat suhbatlashib o’tirgan paytlarimiz bo’lgan. Shunda uning dala, yer haqida yozganlari shunchaki mavzu tanlash emasligi, butun hayoti, tabiati bilan bog’liq, DALAda yolg’izlikka o’rgangan! Ko’p so’zlamaydi va so’zining o’ziga ehtiyoj ham sezmaydi. Asosan, xayol suradi! Goh-goh nimadir xirgoyi qiladi. Lekin mana shu «xirgoyi»da uning bor so’zi, dardi hasrati aks etadi...
Tog’ay Murod qachonlardir, deylik, yoshligida, she’r yozganmi, eshitmaganman. Kuzatganim, uning nasrida she’riy ruh, qo’shiqmi, kuymi —  birinchi  o’rinda turadi. «Qo’shiq» degan asar yozganining  boisi ham shu! Bu qo’shiq, kuyda goho tovush bo’g’ilganimi, qo’l titrab, tor maromida chertilmay qolganimi singari holatlar uchraydi. Bu — tabiiy va biz bunga ahamiyat bermaymiz, yaxlit bir «xirgoyi»dan hayajonlanib, beixtiyor zavqlanamiz, xolos.
Ana, Tog’ay Murod hayotidan keyin ham, ona yurt, bepoyon dalalar ustida UNGA XOS qo’shiq, kuy yangrab turibdi. Va men, uzoq zamonlar bu qo’shiq, bu kuy uning mulki bo’lib yangrab qolaverishiga ko’nglimdan ishonaman...
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:04:54

NOSIR  MUHAMMAD

O’Z XALQIGA HAYKAL  QO’YGAN ADIB

Oilaviy albomimizda bir rangli surat saqlanadi. Unda Tog’ay Murod va Ma’suma Ahmedovaning baxtli daqiqalari muhrlangan. Nikoh oqshomida olingan    bu surat orqasiga Tog’ay Murodning samimiy dil so’zlari bitilgan.   
1984 yili «Guliston» jurnali bo’lim mudiri, rahmatlik Shomurod Siddiqov menga telefon qilib qoldi:
— Shoir, kelmasangiz bo’lmaydi, bir savob ish chiqib qoldi.
Shomurod aka odamlarning boshini qovushtirib yuradigan, to’ylarda kayvonilik qiladigan inson edi. Men esa xorijda ishlab olib kelgan moviyrang «Volga» mashinam bilan hamkasblarning to’y-ma’rakalarida beminnat xizmat qilar edim.
— Tog’ay Murod darvesh uylanadigan  bo’pti,  kelin ham  o’zimizdan, nashriyotda  ishlaydigan Ma’sumaxon,  — dedi  uchrashganimizda Shomurod aka. — Endi birgalikda bir xizmat  qilmasak bo’lmaydi. Axir bu yerda uning hech kimi yo’q.
Men ularning ikkalasini ham yaxshi bilar, Tog’ay Murod bilan universitetda o’qib yurgan paytlari tanishgan edim. Ke¬yinchalik u men mas’ul kotib bo’lgan «Yoshlik» jurnaliga tez-tez kelib turadigan bo’ldi, o’quvchilar tiliga tushgan ilk qissalari bizda bosildi. Ma’sumaxon ham matbuotdagi hikoyalari bilan ijod  ahliga tanilib qolgandi.
Xullas, to’y kuni ham yetib keldi. «Kuyov bola» va jo’ralari bilan Parkentga, Ma’sumaxonning uyiga yo’l oldik. Nikoh marosimlarini o’tkazdik. Shomurod aka boshchiligida shinamgina to’y chiroyli o’tdi. Yarim tunda kelin-kuyov bilan Toshkent¬ga qaytdik. Bu surat o’sha  kunlardan   xotira  bo’lib  qoldi.
Shu voqea sabab bo’ldi-yu, Tog’ay bilan yanada qadrdon bo’lib ketdik. Har safar uchrashganimizda u quchoqlashib ko’rishar, «aka, bormisiz», deya o’zining yangi asarlari, rejalari haqida to’lib-toshib so’zlar edi.
«Otamdan qolgan dalalar» romani ilk bor «Yoshlik» jurnalida bosildi. Mas’ul kotib sifatida uni tsenzuradan o’tkazish uchun anchagina mashaqqat chekdim. Har bir jumla, har bir sahifa uchun «jang» qilishga to’g’ri keldi.

Qayd etilgan