Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122417 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 13:05:06

— Aytilgan joylarini tuzatasizlar, bo’lmasa asarni butunlay olib  tashlayman, — deb turib oldi tsenzor.
Romanning ba’zi boblarini «tahrir» qilishga majbur bo’ldik. Tog’ayning o’ziga aytmadik. Chunki janjal chiqib ketsa, asar bosilmay qolardi. Lekin shu holida ham u tezda o’quvchilar tiliga tushdi, Tog’ay Murodning chinakam iqtidorini namoyish qildi.
1994 yil adib uchun omadli keldi. «Sharq» nashriyot-matbaa birlashmasi birin-ketin uning ikkita kitobini chop etdi. Birinchi kitobiga «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» qissalari kirgan edi. Eng muhimi,  oqsoqol adibimiz, O’zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad bu kitobga samimiy, ruhlantiruvchi so’zboshi yozgan edi. Ikkinchi kitobga esa «Otamdan qolgan dalalar» romani kiritilgan bo’lib, unga Tog’ay Murodning o’zi so’ngso’z bitgandi. «Men» deb atalgan bu so’ngso’z kitobxonga yozuvchining mashaqqatli hayot va ijod yo’li haqida ma’lumot beradi, uning qaysar va kurashchan ruhini anglashga ko’maklashadi. Qarang, adib nima deydi: «...Men shu niyat yo’lida (ijod yo’lida — N.M.) imorat solmadim, mashina olmadim, mansab egallamadim, shon-shuhrat qizg’anmadim. Men dunyo talashmadim! Faqat izlandim, faqat o’qidim... Men o’zbek xalqiga haykal qo’yaman!»
U o’z so’zining ustidan chiqdi. Qisqa, ammo mazmunli hayoti davomida yaratgan  yorqin asarlari bilan ham  xalqiga, ham o’ziga haykal qo’yib ketdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:05:19

1998 yili Shuhrat Abbosov boshchiligidagi o’zbek kinochilari Turkiyada mehmon bo’lishdi. O’zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi xodimi sifatida men ham ularga hamrohlik qildim. Istanbulda turkiy davlatlar kinofestivali bo’layotgan edi. Ishtirokchilar orasida jahonga mashhur kinorejissyorlar, aktyorlar, dramaturglar bor edi. Shahardagi yirik kinoteatrlardan birida Shuhrat Abbosov yaratgan va yaqindagina ekranlarga chiqqan 4 seriyali «Otamdan qolgan dalalar» filmi  namoyish etildi. Bir necha soat davom etgan film katta qiziqish bilan tomosha qilindi. Vaqt-vaqti bilan qarsaklar yangrab turdi. Film nihoyasida festival ishtirokchilari va bir necha ming tomoshabin film ijodkorlarini oyoqda turib ol¬qishladi. Afsuski, hay’at tarkibida Tog’ay Murod yo’q edi. «Bu manzarani uning o’zi ko’rganida qanchalar quvonardi», degan fikr o’tdi o’shanda xayolimdan.
Tog’ay Murod o’zbek nasriga yangi ruh, yangi nafas olib kirdi. U o’zbek tilining boy imkoniyatlarini yana bir bor namo¬yish etdi. Hech kimnikiga o’xshamagan uslubi, badiiy tasvir vositalari bilan adabiyotimizda yangi qo’riq ochdi. O’jar, bir so’zli, ijoddan boshqa narsa bilan ishi yo’q bu polvonkelbat yigit ruhan kashfiyotchi edi. U ilk mashqlaridan boshlab o’z yo’lini qidirdi va uni topdi. Adabiyotimizning yorqin yulduzlaridan biriga aylandi. Yulduzlar esa, adibning o’z iborasi bilan aytganda, mangu yonadi.
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:06:51

MIRPO’LAT  MIRZO

OQ SALLALI TOG’LAR DUOSI

Stolim ustida Tog’ay Murodning hayotlik paytida nashr etilgan kitoblari. Ular hammasi bo’lib besh-oltita. Do’stimning barcha asarlarini o’qiganman. Mana, qaytadan varaqlab o’tirib, xayolga cho’maman. Yana varaqlayman. Bu safar ularni endi kelajak avlod uchun nechog’lik muhimligini o’zimcha salmoqlab ko’rish ma’nosida ko’zdan kechirgan bo’laman...
XX asr bir jihatdan kommunizm sarobi bilan insoniyat esida qoladigan bo’ldi. Uning g’oyasiga mahliyo bo’lgan yozuvchilar go’yo aldangandek bo’ldilar. Nega shunday bo’ldi? Axir bu umrini ijodga bag’ishlagan bir toifa qalam ahli uchun adolatsizlik emasmi? Yo’q, men buni dangal turib adolatli bo’ldi, degan bo’lar edim. Chunki bunday yozuvchilar hayot haqiqatiga emas, ko’proq g’oyaga xizmat qilgan edilar. Endi haqiqat ulardan o’ch olmoqda.
Tog’ay Murod esa ilk asarlaridan boshlab yuragidagi dardni, xalqimizga xos bo’lgan betakror jihatlarni qalamga olishga intildi. Shu boisdan uning har bir yangi asari adabiyotda shov-shuv bo’ldi. Osonlikcha erishib bo’lmaydigan bu muvaffaqiyatlarning siri nimada edi? Bu haqda adibning o’zi shunday deydi: «Men faqat bir maqsadni ko’zladim: o’ttiz-o’ttiz besh yoshlargacha jahon adabiyotini o’qish. Faqat o’qish, o’qish, o’qish, qo’l qotib qolmasligi uchun mayda-mayda hikoyalar mashq qilib turish...»
Yosh Balzak yozuvchi bo’laman, deya ahd qilgan o’smirlik yillarida Parijdagi bir uy boloxonasini ijaraga olib, ijodga sho’ng’iydi. Keyinchalik ulug’ adib o’sha davrlarni: «Yozishdan toliqqanimda, kechqurunlari boloxona ayvoniga chiqib, tungi chiroqlar ostidagi Parijga tikilardim va pichirlab: «Ey Parij, bir kun seni iste’dodim oldida tiz cho’ktiraman!» —der edim»,  deya xotirlaydi.
Darhaqiqat, yosh ijodkorda o’z iqtidoriga cheksiz ishonch bo’lmasa, adabiyot osmonida yuksakliklarga ko’tarila olishi mumkinmi? Tog’aydagi bu ishonch uning ushbu so’zlarida mujassam edi: «Men Moskvada o’qimadim, men Moskvada o’zbek ziyolilari qayg’usi bilan yashadim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:07:06

—  Men o’zbek xalqiga haykal qo’yaman!»
Uning bu jo’shqin ehtirosi «Otamdan qolgan dalalar» romanini yaratishiga kuch, qanot berdi.
Tog’ay so’zini behuda qog’ozga tushirmaydigan ijodkor edi. Shuning uchun ham uning dil izhorlarida ijodkorlarga xos odatdagi hayajon hovuri emas, balki teran samimiyat ila shaxt bor edi.
Men Tog’ay bilan hamkurs bo’lganman. ToshDUning jurnalis¬tika fakultetida birga tahsil olganmiz. Hammasidan ham o’qishga kirgan yilimiz yaxshi esimda qolgan. O’sha yili bir-ikki oy o’qiganimizdan keyin domlamiz Muxtor Xudoyqulov «Men nima uchun jurnalistika sohasini tanladim?» mavzusida dilimizdagi gaplarni yozib kelishimizni tayinladilar.
Hamma o’z bilganini qog’ozga tushirgandi o’shanda. Muxtor aka har birimizning dil bayonimiz bilan tanishib, ayrimlarimizning yozganlarimizdan ifodali o’qib berib, ijodiy qobiliyatlarimiz haqida iliq fikrlarini bildirgandilar. Tog’ayning inshosidagi shunday jumlalar esimda qolgan: «Men o’rta maktabni tugatgach, bilimimni oshirish uchun Toshkentga yo’l oldim. Ortimdan oq sallali tog’lar duo qilib qoldilar...» Domla  ushbu so’zlarni hayajonlanib o’qirkan, «Ilohim, shu tog’larning duosi ijobat bo’lsin!» — degandilar.
Keyingi birga o’qigan yillarimiz davomida Tog’ayning biror narsasini o’qimadim. U tabiatan kamgap edi. Adabiy bahs¬larga kam aralashardi. Ko’proq xayol surar, tashqaridan uni shunchaki o’ylarga berilgan emas, balki qandaydir muhim fikr¬lar bilan band ekanligini, nimanidir hal qilishga chog’langanligini payqash mumkin edi. Tog’ay bilan hamxona bo’lib yashagan do’stlarimiz uni ba’zan nimalarnidir qog’ozga tushirishini aytib qolishardi. Lekin uni hech kim katta yozuvchi bo’ladi deb o’ylamagandi. Chunki kursimizdagilarning ko’pchiligi o’zlarini shakllangan ijodkor darajasida sanay boshlagan va tahririyatlar bilan allaqachon muloqot o’rnatib olishgandi. Lekin, afsuski, ularning barchasi adabiyot maydonini erta tark etib ketishdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:07:18

Tog’ay bilan sensirab gaplashardim. Men ham o’qishni tamomlamagunimcha biror satr she’rimni e’lon qildirmaganman. To’g’risi, murg’akligimdan yozishga ixlosim cheksiz bo’lganligi bilan juda kam yozganman, chinakam ijod nimaligini faqat  universitetga kelib anglaganman hamda ilk mashqlarimni o’shanda boshlaganman.
Men ba’zan Tog’ayga qoralamalarimni o’qib berganimda, u fikrini lo’nda qilib aytar, keyin «Mirtemirni o’qish kerak, Mirtemirni! Ana u — haqiqiy shoir!» — deya, yoddan uning she’r¬laridan parchalar o’qirdi. Men shunda uning she’riyatni nozik tushunishiga hayron qolardim.
U biror muhim fikr yuzasidan mulohazasini bildirgudek bo’lsa, avval taraddudlanib olar, so’ng go’yoki bu uning uchun so’nggi imkoniyatdek kuyunib, hatto junbushga kirib gapira boshlardi. Shu boisdan  ham,  ya’ni fikrini bamaylixotir bildirolmasligini anglaganligi uchun ham u kamgap edi balki.
U samimiy hazil-huzulni yaxshi ko’rardi. Quyoshday charaqlab kulib, ba’zan o’zi ham mutoyibaga qo’shilishga harakat qilar, lekin o’z sha’niga nobop gap aytilgudek bo’lsa, qora bulutdek tundlashib ketar, hatto mushtini ishga solishdan ham toymasdi.
Universitetni tamomlagach, hammamiz har tomonga tarqab ketdik. Men Tog’ay bilan ham kam ko’rishadigan bo’lib qoldim. Bir kuni uchrashib qolganimda:
—  Menga qara, tarjimani boplabsan-ku! — dedi.
—  Qaysi tarjimani?
— O’ljas Sulaymonovdan. «Drujba narodov»da chiqqan she’rini. Satrma-satr solishtirib chiqdim. Hayratlanarli darajada mukammal chiqaribsan!..

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:07:34

Tog’ay keyin bir necha yillar davomida goh u tahririyatda, goh bu tahririyatda ishlab yurdi. Bir payt uning «Guliston» jurnalida hikoyasi chiqqanini eshitib qoldim. Chamamda, nomi «Zarang tayoq» edi. Adabiyot maydonidagi og’zaki tanqidchilikning peshqadam vakillari: «Bu hikoyada jon bor», deb har davrada gapirib yurishdi. Lekin o’sha paytda kim ko’p — boshlovchi hikoyanavis ko’p edi. Tengqur do’stlarimiz Tog’ayni ham shulardan biri deb qabul qilishdi va bu hikoyani birov o’qidi, birov o’qimadi.
Men «Yosh gvardiya» nashriyotida ishlardim. Kunlarning birida (kuz fasli edi, chamamda) xonamga Tog’ay kirib keldi. «Bu yil paxtaga bormadim, mana shu qissamni oqqa ko’chirdim, shunga bir ko’z tashlab bersang»,  deb qoldi.
Men asarni qo’limdan qo’ymay o’qib chiqdim. Bu uning «Yulduzlar mangu yonadi» nomli ilk qissasi edi.
Ikki-uch kun o’tib, u yana oldimga keldi. Men  ro’zg’origa  ishlatadigan  pulini  qarzga  berayotgan odamdek bir zum sukut ichida tek qotdim.
—  Qalay? — dedi Tog’ay.  —  Ma’qulmi?
Men shartta dedim: 
— Ajoyib! Zo’r yozibsan, do’stim!.. Rostini aytaymi senga —  chingizona qissa bo’pti!
— Rostdanmi?  Shunaqa degin-a?.. — dedi  u  asari nashidasidan ham yayrab, ham ishonqiramay.
Ba’zan shunday maqtovlar bo’ladiki, uni eslab istagan payt¬da dilgir ko’nglingizni ravshan qilasiz. Mening ushbu dil so’zlarim ham uning qalbiga bir necha muddat munavvarlik baxsh etgan bo’lsa, ajab emas.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:07:47

Keyin Tog’ayning ketma-ket qissalari e’lon qilindi. Biri biridan ajoyib asarlar edi ular. Shunda men uning katta ijodiy kuch to’plaganligini his etdim. Bunga, albatta, chuqur mutolaasiz erishib bo’lmaydi. Menimcha, Tog’ay chinakam mutolaa¬ga asosan universitetni tugatganidan keyin bel bog’lab kirishgan. Chunki bizlar ko’pchiligimiz biror joyga ishga ilinib olgan, uy olish yoki o’sish ishtiyoqida asosiy vaqtimizni idora ishlariga qurbon qilganmiz. Tog’ay esa biror-bir joyga astoydil tanda  qo’ymagan edi. O’sha paytlar ko’rishganimizda u Dostoevskiyning hamma tomlarini o’qib chiqdim, hozir «Zapiski iz Mertvogo doma»ni qayta o’qiyapman, degandi. O’sha davr zamonaviy rus adabiyotini esa miridan-sirigacha o’zlashtirgandi.
Keyinchalik Tog’ay bilan kam ko’rishadigan bo’ldik. Menda fursat yo’q edi. U esa o’zining ijodiy rejalariga sho’ng’igandi. Ba’zan u yashaydigan mavzega yo’lim tushib qolganda uni sport kiyimida uchratib qolardim. U yugurishdan bir zum to’xtab:
— Qalaysan? — deb ko’rishgan bo’lardi.
— O’zing yaxshi yuribsanmi?
— Ha, yaxshi, mana, ko’ryapsan-ku...
Shu bilan gapimiz tugar va ikkovimiz ham o’z yo’limizda davom etardik.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib bo’lib ishlayotgan paytimda bir kuni Tog’ay telefon qilib qoldi. Yozuvchilar o’sha paytda ikkiga — uyushmaga va ittifoqqa bo’lingan edi. Men uyushmada edim.
—  Yangi asarimni o’qidingmi? — dedi.
—  Eshitdim, lekin hali o’qishga ulgurmadim, — dedim.
Gap «Otamdan qolgan dalalar» romani ustida ketayotgan edi. Roman «Yoshlik» jurnalining ikkita sonida e’lon qilinib, endigina nashrdan chiqqandi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:07:59

—  Shuni uyushmada muhokamasini tashkil qilib bersang degandim...
— Yaxshi fikr. Albatta tashkil qilamiz...
O’sha paytlarda Abdulla  Qodiriy nomidagi  Davlat mukofotiga asarlar tavsiya etilayotgandi.
Men uyushma mutasaddisi Jamol Kamolga bu haqda fikrimni yetkazdim. U, agar tashkillashtirishni to’liq o’z mas’uliyatingizga olsangiz, kirishavering, dedi.
Muhokama bo’ladigan kuni zal ishtirokchilar bilan to’ldi. Kelishganimizdek, yig’ilishni nasr kengashining raisi olib borishi kerak edi. Muhokama muvaffaqiyatli o’tishidan ko’nglim to’q edi. Belgilangan soatda yig’ilishni ochish uchun zalga kirib bordik. Uyushma mas’ullari pastda o’tirdik, kengash raisi minbarga ko’tarildi.
— O’rtoqlar, — dedi u tomoq qirib jiddiy qiyofada. — Bugun yig’ilishimizni qoldirishimizga to’g’ri keladi. Chunki men asarning ikkinchi qismini o’qib ulgurmadim. Mirpo’lat menga vaqtida yetkazib bermadi. Yana bir karra uzr, o’rtoqlar...
U minbarga katta sumkasini ko’targancha chiqqandi. Yana uni ko’tardi-da, shlyapasini bostirib kiyib, to’g’ri eshik tomon yo’naldi. Hamma dovdirab qoldi. Yig’ilishga mas’ul menman. Shitob minbarga ko’tarildim  va:
— O’rtoqlar, muhokama qoldirilmaydi, bo’ladi. Chunki bu yerga asarni o’qiganlar yig’ilgan. Jamol aka, marhamat, muhokamani o’zingiz boshqarsangiz...  —  dedim.
Jamol aka o’tirgan joyida, hechqisi yo’q, o’zingiz boshqaraverasiz, dedilar. Xullas, yig’ilishni o’zim boshqarishimga to’g’ri keldi. Muhokama qizg’in tusda ikki soatdan ortiq davom etdi. Uning yakunida asar bir ovozdan Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etildi. Ushbu mo’’tabar mukofotga sazovor bo’ldi ham. Lekin qizig’i, Tog’ayning o’zi muhokamaga kelmadi, o’rniga turmush o’rtog’ini jo’natibdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:08:12

Asar, haqiqatan ham, yuksak saviyada yaratilgandi. Bamisoli qo’shiqdek o’qiladi. Uning muvaffaqiyati — jafokash o’zbek xalqining mehnatiyu qismatining yuksak badiiy mahorat bilan ochib berilganida edi. Paxta deb yerga egilgan xalqqa chinakam haykal edi bu.
Tog’ayning bu asariga katta ijodiy kuch sarflaganligini uning quyidagi iqroridan ham payqasa bo’ladi: «Ammo romanni boshlab... paxta nima ekanligini bilmasligimni anglab qoldim. Oppoq qog’oz bilan yuzma-yuz bo’lib... paxta bilan men begona ekanimizni anglab qoldim.
Men uchun paxta qaysi bir... qaysi bir dengiz ostida o’sajak o’tday bo’lib tuyuldi.
Men paxta masalasida... bir go’rso’xta ekanimni bilib qoldim.
Men endi o’nlab paxtachilik darsliklarini o’qidim. Necha o’nlab qishloq xo’jalik kitoblarini o’qidim.
Paxtada o’tmish kunlarimni bir-bir esladim. O’zim bilmish paxtakorlarni bir-bir yodladim.
Baribir... baribir bo’lmadi.
Men o’zimni... xalq hayoti bilimdoni deya o’ylar edim, xalq ruhiyati bilimdoni deb o’ylar edim.
Men paxta bilan yuzma-yuz bo’lib... men hali o’zbek dehqonini bilmasligimni angladim. Men paxta bilan yuzma-yuz bo’lib... men hali paxtakor kim ekanini bilmasligimni angladim.
Men qog’oz-qalam g’amladim. Men Surxon dalalarini nishonladim...»
Bu yetuk yozuvchining teran dil so’zlari va shijoatli ruhining zuhuri edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:08:25

Biz bir guruh adiblar Surxonning Oltinsoyida bo’lganimizda Tog’ayning yurtdoshlari, yozuvchimiz mana bu shiyponda yashagan, mana bu dalalarda dehqonlar bilan suhbat qurgan, birga mehnat qilgan, deya faxr bilan gapirishgandi.
Tog’ay ushbu asari bilan adabiy jamoatchilik og’ziga tushdi, el mehrini qozondi. Holbuki, bu ikki toifaga birdek manzur kelish kamdan-kam ijodkorga nasib etadigan baxtdir.
Ayniqsa ustoz adib  —  Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovlar adabiyotimizga yangi iste’dod kirib kelganligidan mamnun bo’ldilar. Ozod Sharafiddinov «Otamdan qolgan dalalar»ni oliy maqomdagi bir yig’inda mustaqilligimiz sharafiga bitilgan eng yetuk asar deb baholadi.
Men Tog’ay bilan keyin ko’p muloqotda bo’lmadim. Esimda qolgani, u yuqorida aytilgan mukofotini olganida qutlash uchun uyiga o’tganim edi. Do’stim Shodmon Otabek ikkimiz uch-to’rt kun kechikib o’tdik. U astoydil qarshi olarkan, ginaxonlik ham qildi:
— Hamma ishni o’zing boshlab qo’yib, qaerlarda yuribsan? Seni birinchi kuni kelar deb kutgandim...
Biz ichkariga kirarkanmiz, ko’zim eshigi ochiq xonaga tushdi... Ijodxonasi bo’lsa kerak. Shinamgina. Devorga taqab xontaxta qo’yilgan, yoniga ko’rpacha yozilgan, xontaxta ustida «Qur’on»ning yangi chiqqan o’zbekcha nashri turardi.
Tog’ayning hayotdan ko’z yumganini to’satdan eshitdim. Ham do’st, ham kursdosh sifatida chiqarilishiga yetib bordim. Hovlida tumonot odam bo’lib, ularning aksariyati ijodkorlar va ziyolilar edi.
O’sha damlarda Tog’ay adib sifatida hammaning ko’nglida yanada kattara boshladi. Bugungi kunga kelib u adabiyotimizning mumtoz siymosiga aylandi.

Qayd etilgan