— Aytilgan joylarini tuzatasizlar, bo’lmasa asarni butunlay olib tashlayman, — deb turib oldi tsenzor.
Romanning ba’zi boblarini «tahrir» qilishga majbur bo’ldik. Tog’ayning o’ziga aytmadik. Chunki janjal chiqib ketsa, asar bosilmay qolardi. Lekin shu holida ham u tezda o’quvchilar tiliga tushdi, Tog’ay Murodning chinakam iqtidorini namoyish qildi.
1994 yil adib uchun omadli keldi. «Sharq» nashriyot-matbaa birlashmasi birin-ketin uning ikkita kitobini chop etdi. Birinchi kitobiga «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» qissalari kirgan edi. Eng muhimi, oqsoqol adibimiz, O’zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad bu kitobga samimiy, ruhlantiruvchi so’zboshi yozgan edi. Ikkinchi kitobga esa «Otamdan qolgan dalalar» romani kiritilgan bo’lib, unga Tog’ay Murodning o’zi so’ngso’z bitgandi. «Men» deb atalgan bu so’ngso’z kitobxonga yozuvchining mashaqqatli hayot va ijod yo’li haqida ma’lumot beradi, uning qaysar va kurashchan ruhini anglashga ko’maklashadi. Qarang, adib nima deydi: «...Men shu niyat yo’lida (ijod yo’lida — N.M.) imorat solmadim, mashina olmadim, mansab egallamadim, shon-shuhrat qizg’anmadim. Men dunyo talashmadim! Faqat izlandim, faqat o’qidim... Men o’zbek xalqiga haykal qo’yaman!»
U o’z so’zining ustidan chiqdi. Qisqa, ammo mazmunli hayoti davomida yaratgan yorqin asarlari bilan ham xalqiga, ham o’ziga haykal qo’yib ketdi.