Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122265 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 13:08:38

Endilikda buni men yana bir karra chuqur his etdim. 2004 yil adog’ida «Drujba narodov» jurnali bosh muharriri o’rinbosari, mashhur adib L.Terekopyan Toshkentga kelgandi. Domla Ozod Sharafiddinov uyiga taklif etdilar. Davraga mehmonning eski qadrdonlari  — Odil aka va Pirimqul akalar ham tashrif buyurdilar. Qaytmas yoshlik davri, ijodiy hamkorlik yillari eslandi. Gap o’zbek adabiyotining bugungi kuniga kelib taqaldi.
— Biz uyushma bilan kelishgan holda o’zbek adabiyoti uchun maxsus son bag’ishlamoqchimiz, shunga sizlar nima deysizlar?..  — dedi mashhur jurnal nomidan mehmon.
— Prozadan men Tog’ay Murodni tavsiya etgan bo’lardim, — dedi Odil aka, bu fikrim qat’iy degandek.
— Tog’ay Murod adabiyotga o’zbek mentalitetini olib kirdi. Dunyo adabiyotida hozir xalqlar etnosiga qiziqish juda kuchaygan,  Tog’ayning asarlari xuddi ana shu jihati bilan e’tibor qozonishi shubhasiz,  — dedi Pirimqul aka.
— Men ham Tog’ay Murodning asarlarini tavsiya etaman, — dedi Ozod aka.
Domlaning gapidan keyin mehmon yon daftarchasiga nimalarnidir qoralab qo’ydi.
Ba’zan shunday bo’ladiki, o’tgan yozuvchini xotirlash jarayonida uni ideallashtirish mayli ham ko’zga tashlanadi. Men esa bu tushunchadan yiroqman. Chunki Tog’ay ko’pchilik qatori oddiy yashadi. Lekin rasmana ijod qildi. Haqiqatiga sodiq qola bildi. Muvaffaqiyatlarga erishdi. Hali ko’p go’zal asarlar yaratishi mumkin edi. Lekin beshafqat o’lim uni oramizdan erta olib ketdi...
 Stolim ustida, mana, undan meros qolgan kitoblar. Bu kitoblar uni bir paytlar katta yo’lga kuzatib qolgan «oq sallali tog’lar duosi»ning ijobati edi. Endi xayolimdan avvalgi fikrimning aksi kechadi: ularning qaysi biri yangi asr o’quvchisi nazariga arzimasligi mumkin?..
Do’stimning kitoblarini sekin-sekin varaqlar ekanman, ular ichiga sho’ng’ib ketganimni sezmay qolaman...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:09:20

YO’LDOSH ESHBEK  

 
MO’MINNING KAROMATI YOKI
ORIYAT KUYCHISI

Yetmishinchi yillar adabiyotga gurillab kirib kelgan, kirib kelishdan oldin lovillab yongan, kuyib-kuymangan do’stlarimni, ular bilan o’tkazgan kunlarimni,   tunlarimni, suhbatlarimni eslab, orziqib, entikib, xush ma’noda g’alati bo’lib ketaman. Ular bilan kechirgan kunlarim, suhbatlarim go’yo juda olislarda, ufqlar ortida qolib ketganday, anvoyi nurlarga chulg’anib ertaknamo tushlarimga kiradi. Ularni sog’inaman. Nega? Ular (ko’pchiligi) tirik-ku?!  Bu savolga javobni bilmayman. Bilsam-da, javobim aniqmas, qandaydir mavhum. Lekin men ular bilan faxrlanaman. Ular bugun dunyo adabiyoti atalmish maydonning sezilarli joylarini zabt etishdi.
 Ayniqsa shu do’stlarim, tengqurlarim orasida,umuman, adabiyotda Tog’ay Murod voqea bo’ldi, desam mubolag’a bo’lmas. Men u bilan o’sha yetmishinchi yillar atrofida  Talabalar shaharchasining adog’i, Qoraqamishning boshlanishi, Ko’z kasalliklari shifoxonasining biqinidagi kulbaxonada tanishganman.
 Bir kuni Usmon Azim va Erkin A’zam meni o’sha kulbaga boshlab borishdi. Tog’ay Murod bilan tanishdik. Tanishdik, deymanu rasman hech kim tanishtirgani yo’q. O’tirishimiz bilan eski tanishlarday suhbatlashib ketdik: shoir, falon she’ringizni falon jurnalda o’qidim. Orada hech qanday begonalik degan gap bo’lmadi. U, umuman, suhbatlarga kam aralashar, ba’zan o’ylab-o’ylab, salmoqlab, ba’zan tez, hayajon bilan gapirardi. O’shanda, hali esimda, egnida korjoma, katak-katak kostyum, oppoq ko’ylak, yuzi ham shunga monand oqish, ko’zlari qisiqqa moyilroq bo’lsa-da, yirik, o’ychan, tubsiz; musaffo fikr¬lar, o’ylaganda bosh qimirlatmasdan tez-tez, uyoq-buyoqqa qarab-qarab qo’yar, to’g’rirog’i, ko’zlari gapirib turganday bo’lardi. Ha, ko’zlari so’zlab turardi Tog’ay Murodning. Biz u bilan umri so’ngigacha yaxshi do’st bo’ldik. Bundan men roziman, iloho do’stim ham rozi ketgan  bo’lsin. Shuni aytib qo’yishim kerakki, Tog’ay Murod bilan uzoq do’stlashish qaltisroqmi, nozikroqmi, deb qo’yishardi, ba’zilar. To’g’ri, u kezi kelganda, musht  do’laytishni ham, o’rni kelsa, musht tushirishni ham bilar, lekin yetarlicha vazminligi ham bor edi, o’zini tuta olardi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:09:35

Faqat bo’shashgan emas, o’z haqini ham yaxshigina tanir, yaxshigina bilardi. Inson sifatida ham, yozuvchi sifatida ham faollardan edi. Oilaviy hayotda bilmadim-ku (buni endi ko’proq Ma’suma yozsa kerak), lekin albatta, iste’dod sohiblariga xos injiqliklardan xoli emasdi, deb o’ylayman. Qolaversa, bandai ojizmiz, hech qaysimiz ham bunday xato-kamchiliklardan butunlay yiroqmiz, deb ayta olmaymiz. Yana qolaversa, bu xususiyatlar bo’lganda ham Tog’ay Murodning ulkan iste’dod egasi ekaniga soya sololmaydi. U o’quvchilar, mutaxassislar, jamoatchilik, xalq tomonidan e’tirof etilgan va hukumat tomonidan taqdirlangan — O’zbekiston xalq yozuvchisi.
O’quvchi Tog’ay Murod ijodi bilan tanishayotganda, qiynalmaydi. (Talabchan zamondoshlarimiz zamonaviy adabiyot o’quvchini bir ozgina qiynab, keyin ochilishini xush ko’rishadi. Bu ham to’g’ri, lekin biz ortiqcha, rebussimon chigalliklarni nazarda tutmoqdamiz.) Albatta, o’quvchi Tog’ay Murod qahramonlari xursand bo’lsa — xursand, xafa bo’lsa — xafa bo’ladi, birga yashaydi — o’qish jarayonida — birga qiynaladi. Shunday deb o’ylayman, ishonaman. Bu degani Tog’ay Murod mutlaqo tayyoriga ayyor  o’quvchilarga mos degani emas. Ha, jahon adabiyotida o’quvchining fikr yuritishiga ortiqcha o’rin qoldiruvchi, shu tariqa o’quvchi saviyasini ko’tarmoqni istovchi adiblar ham ko’p. Bundan tashqari mutlaqo intellektual saviyadagi o’quvchilarga moslab bitilgan asarlar ham yetarli. Yana yozganini hech kim,  kasbi buyuk,  ya’ni ulug’ yozuvchi bo’lgan, hatto o’zi (muallif) ham tushunmaydigan yozuvchilar ham bor. Nima bo’lganda ham, Tog’ay Murodni xalqimiz xush qarshiladi. Buni, albatta, ko’pchilik sezdi. Uning asarlari ritmik jihatdan xalq og’zaki ijodi sarchashmalaridan suv ichsa-da, ohanglari tamoman yangi, betakror, biror yozuvchiga o’xshamaydi, tili, ohanglari xalq dostonlaridan ham farqlanadi. Ohanglar, jumlalar quyma. Uning ijodi haqida gap ketganda — ko’p  takrorlayotganim — xayolimda ohang turadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:09:50

Asar bilan sarlavha — tan bilan bosh. Asarlarini o’qishni boshlashingiz bilan, yo’q, boshlamasdan oldin, sarlavhalariga ko’zingiz tushgandayoq, odamni ajib bir oydinlik, anvoyi nurlarga chulg’angan go’zal bir ohang qurshab oladi. «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar»...  Ha, go’zal asar ertaknamo, xayolnamo,   tushnamo va  xushnamoga o’xshab ketadi. Asarlaridagi boshdan-oxir o’sha go’zallik, o’sha go’zal nur ko’ngilni tark etmaydi. Qahramonlaridagi oriyat mudrayotgan tuyg’ularimizni qo’zg’aganday, turtganday, bir oz bo’lsa-da, uyg’otganday bo’ladi. Insonning eng katta boyligi — oriyat. Odamlar  orasida, jamiyatda  insonni ko’targuvchi ham, tubanlarga otib, botqoqlarga botirib, bulg’ab tashlaguvchi ham oriyatdir. Xalqda u lofi bilan ming ma’noda qo’llanadi. Lug’atlarda esa"¦ha, mayli, hozir buning mavridi emas. Gap kamchilikda emas, unga bo’lgan odamlarning munosabatida.
Tog’ay Murod qahramonlari yovuz munosabatlarni ko’tarib, ya’ni bardosh qilib, umid bilan, o’sha oriyatlariga dog’ tushirmaslikni juda-juda istovchi va buni uddalovchi odamlar. Bu oson kechmaydi. Chunki odam — faqat  Surxonda, O’zbekistonda emas, hamma joyda odam. Butun kurrai zaminni mehr-muhabbat ushlab turganidek,  butun  kurrai zaminni, undan  ham  ulug’  inson ko’nglini parchalab, vayron qilishga tayyor  yovuzlar bor. Aytaylik (yovuzlikning  xili ham son mingta), avji suhbat qizigan paytda nuqsonli bir kishiga, dardli bir kishiga sha’ma gap qilish. O’, ular shunday usta odamlarki, siz falon, farzand¬sizsiz demaydilar, shunday boshqa bir kishi haqida gapiradilar. Ba’zan shu tariqa, nuqsoningizga xaloyiq bo’lib yopirilishadi — ular farosatsiz emas, anqov ham emas, yovuzdirlar. Himoyasiz, boshi berk ko’chalarni juda yaxshi biladilar, shu ko’chalarga ba’zan bildirmay aylanma yo’llar — aylanma so’zlar bilan, ba’zan shirin so’zlar bilan kiradilar. Qarabsizki, o’sha himoyasiz ko’chaning boshida turibsiz, qutulish mumkin. «E, birodar, bu inson ixtiyoridan tashqaridagi nuqson, bu Yaratganning irodasi»,  deyishingiz mumkin, lekin daf’atan deya olmaysiz.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:14:18

Chunki u sizga aytgani yo’q, shunchaki eslatdi va siz nayzalarni qabul qilib bo’ldingiz. Tog’ay Murod qahramonlarining oriyatiga shu tariqa darzlar yetadi, lekin ular oriyatlarini yo’qotmaydilar. Umuman, inson oriyatini yo’qotishdan qattiq qo’rqadi — Kashal eliga borib Oybarchinni qutqarish uchun kechikib qolishdan qo’rqqan Alpomish, nafaqat o’zbek yoki turkiylar, balki butun insoniyatning tipik timsoli, desak mubolag’a bo’lmas. Hayotni, zaminni, insonni ana shu qo’rquv tutib turadi, buyuk adiblar ana shu qo’rquvni kuylaydilar. Tog’ay Murod qahramonlaridagi ulug’ fazilat ham mana shu oriyatdir, bu aslo izzattalablik emas. Bu asarlarda zohiran o’sha muqaddas qo’rquv ko’rinmasa-da, botinidan sezish mumkin. Ya’ni qahramonlar doim shu oriyat himoyasidadirlar va afsuski, himoyasiz ham qoladilar. Ki, bu holni ko’ngil darzlari, deyish mumkin. Lekin biz ojiz bandalar unutamizki, ko’ngil, ko’ngil bo’lganda ham shikasta ko’ngillar, darz ketgan ko’ngillar Haq nazargohi ekan.
Biz tomonlarda Shova degan joyda ulug’ zot, valiy hazrati domla Kamol yashab o’tganlar. Bir muridi shu murshidi komilga hadya qilmoq uchun katta qopga o’zining so’nggi tarvuzlarini joylabdi. Qarasaki, ozday ko’rinibdi, qo’shnisining paykalidan ham bir necha tarvuzni qopiga solibdi, keyin aytib qo’yarman, debdi. Hazratnikida yashaydigan boshqa muridi tarvuzlarni tushirib, qopdan to’kibdi. Shunda hazrat kelib qolibdilar-da, qo’shnidan olingan tarvuzlarni aniq ajratib: «Bo’tam, bularni olgan joyingizga eltib qo’ying, bizga mana bu tarvuzlarning o’zi ham kifoya», deya marhamat qilibdilar. Chunki avliyo kishining haqini yemaydi. Tog’ay Murod ham  hazrat domla Kamol singari kishi haqiga ko’z ola qilmasdan yashab o’tdi. 
Biz bilan ne-ne iste’dodlar yashab ijod qilib o’tdi. Shukur Xolmirzaev, Rauf Parfi, Tog’ay Murod... 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:14:31

Said Ahmad domla haqlar: oldingdan oqqan daryoning qadri  yo’q. Lekin bu iste’dodlarning chekkan  zahmatlari beiz ketmadi, mustaqillik sharofati tufayli  hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Bu yaxshi. Lekin  kishi umuman inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham tamoman orzularimga yetdim, mutlaqo bearmonman, deya olmaydi.
 Bir kun domla Kamol hazratlariga jufti haloli farzand ko’rmayotganlaridan so’z ochganda, hazrat domla Kamol, bizning farzandlarimiz behisob bo’lg’usi, deb jilmayibdilar. Yoshi bir joyga borib qolgan kampiri hayrona qarabdi. Domla marhamat qilibdilar: «Qiyomatgacha bizni sevgan murid, muxlislarning bari bizning farzandlarimizdir!» Shundan so’ng bu haqda gap bo’lmabdi. Hovlilari to’la yetim bolalar, muridlari, ulardan keyingi muxlislar"¦ Hazrat yolg’on so’zlamadilar.
 Hazrat bilan tirikliklarida ko’risholmadik. Mening hayotim asosan Toshkentda kechdi. Nurota tog’ yonbag’irlarida son-sanoqsiz mozorlar aro faqat hazrat bilan kampiri qabrlari uzra  ularga tasbeh aytib yam-yashil qamishlar sokin chayqalib turadi. Bunday joyda qamish ko’karishiga aql bovar qilmaydi. Ziyoratchilar — farzandlari doim kelib turishadi. Tog’ay Murod qahramonlari ham yuksak umidlar bilan yashab, g’ussa tumanlarini o’zlaridan nari qilmoq bo’ladilar.
Men Tog’ay Murod tug’ilib-o’sgan yurtda, Denovda ko’p bo’lganman, oriyatli yurtdoshlari bilan do’stlashganman, aka-uka bo’lib qolganman. Bari Tog’ay Murod tufayli. Biz ba’zan oddiygina qilib, uni Tog’ay, derdik. Lekin keyingi yigirma yil ichida (bir marta ko’chada qisqa suhbatlashdik, Darxondagi yangi uyiga olim Yashar Qosim bilan birga ko’chirib qo’ydigu, kechgan yil uni abadiy uyi sari ko’chirdik) va deyarli ko’rishmadik.  Endi afsusdaman. Oldingdan oqqan daryoning qadri"¦ bu alohida, uzun mavzu, keyinroq, o’rni bilan yozish niyatimiz bor. Lekin oldingi kechirgan o’n-o’n besh yillik umrguzaronlik, do’stligimiz ancha mavzularni o’z ichiga qamraydi. Umuman, ijodkorning kimligi asarlarida namoyon bo’ladi, shoirning she’rida, nosirning qahramonlarida, deylik, bosh qahramonlarida. Masalan, Abdulla Qodiriy, Oybek, ayniqsa O’lmas Umarbekov asarlarini o’qiganlar mualliflari ham pokiza insonlar bo’lganini sezishadi. Chunki odamning odamiyligi amali va ko’ngliga qarab bo’ladi. Ko’ngil ijodi — amalda tajalliy etadi. Adib ko’rganday yozadi, yozganday ko’rmaydi. Chunki ko’rish ko’ngil orqali bo’ladi. Yozuv orqali emas. Tog’ay Murod asarlarini o’qiganlar uning shoirona ko’ngil sohibi bo’lganini bilishlari mumkin. Biz ko’nglimizga darz tushishidan ko’ra ko’proq dog’ tushishidan qo’rqamiz. Darz — ko’ngil mahzunligi. Dog’ — sharmandalik. O’zing sharmanda qilma, deb yashaymiz va bu qo’rquv oriyatni, oriyatning ulkan qismini tashkil etadi va bu qo’rquv insonni inson aylaydi. Tog’ay Murod ham o’zining bosh qahramonlariga o’xshagan oriyatli, yaxshi inson edi. Oxirati obod bo’lsin!                           
Ma’suma qo’ng’iroq qilganida xotira yozishimni aytdim. Albatta, o’tganlarni yodlash burchimiz. Barchasi haqida yozamiz, ruhlari shod bo’lsin. Sening ham ruhing shod bo’lsin, Tog’ay Murod! Ketganingda, sen va yurtingni, tulporingni, qahramonlaringni eslab, bir she’rcha qoraladim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:15:06

Tog’ay  Murod

elegiya

Ot kishnagan oqshomlarda
Yulduzlar mangu yonar.
Tong hidi bor bu damlarda
Quvonch porlar, qayg’u yonar.
                                 
Xo’jasoat quchog’ida
Nurlar kabi porlar uzum.
Kech kuzakda, bog’ oxida
Mo’ltillaydi yurtning ko’zi.
                                     
Yo’l uzun, yo’llar uzun
Surxondan ham narida.
Ufqlarda qoldi so’zim,
Shafaqlarning bag’rida.
                                     
Jaranglagan ol dizlarni
Tinglab turar Vaxshivor.
Tulpor hidlar yulduzlarni,
Manglayida oyi bor.
                                       
Tong hidi bor bu damlarda
Quvonch porlar, qayg’u yonar.
Ot kishnagan oqshomlarda
Yulduzlar mangu yonar.                               

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:15:25

Ma’suma  bu she’rni telefonda eshitib, tasalli topganday bo’ldimi, u siz yozishingizni istardi, deb qoldi. So’z ta’rifiga ojiz holga tushdim: kim haqda, nima haqda, qanday yozishimni? Sen meni o’zingga shunchalar yaqin tutishingni bilardim. Ma’suma telefonda yetarlicha tushunarli aytgan bo’lsa-da, hanuz o’ylardim: tongotar suhbatlarimizni, oxirgi pullarimizni to’plab, shahar go’zalligini tomosha qilish uchun taksida kezgan tungi sayrlarimizni, ajoyib orzularimizni... Hatto hozir tirik, salomat do’stlarimizni, suhbatlarimizning gullari — dangalchi Erkin A’zamni, harbiy xizmatdan Olmoniyadan qaytib kelgan qo’li ochiq Usmon Azimni, Maskovdan — «mast ko’p»dan keldim, deb xonamizga kirib kelganda bayram bo’lib ketadigan Murod Muhammad Do’stni, sen she’rlarini yaxshi ko’radigan Azim Suyunni, Rauf Parfini, Sirojiddinni, Mirzoni, Tojiddin Razzoq, Sharafiddin Muhammad va Farhod akalarning xonasida yig’ilishib, adabiyot, kurash, sport haqidagi mubohasalarimizni... «Yulduzlar mangu yonadi»  qissangdagi sening ham moddiy, ham ma’naviy polvonligingni; «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» qissalaring¬dagi, romanlaringdagi bosh qahramonlaring kabi o’zingning ham orchiliging, Allohdan ulug’ mujdalar kutib, ozodlik kutib, yigirma yillarcha sabr-bardosh bilan faqat ijod bilan mashg’ul bo’lib, ko’chalarga kam chiqqaningni esladim. Yigirma yil deyarli ko’rishmaganimizni, bu do’stligimizga va sening sha’ningga soya sololmasligini, lekin bevaqt o’lim ham borligini unutayozganday, g’aflatda qolganimni eslab o’kindim. Men ham yigirma yil tashqariga emas, o’z xonamning ichkarirog’iga kirib bordim, sen bilan do’stlarim, ulug’ ustozlarimiz bilan ko’rishuvga munosib hozirlik ko’ray dedim va g’ofil qoldim. Lekin men senday do’stim borligi bilan (bo’lganligi bilan demayman) faxrlanaman. Har kun seni ziyorat qilishadi. Zero, sen yerdasan, ko’kdasan, kitoblaringdasan, odamlar, muxlislaring ko’nglidasan. Sen bir odam qilishi, bir yozuvchi qilishi mumkin bo’lgan ishlarni qisqagina umringda bajarding. Zero, sen e’tirof etilding. Endi senga va barchaga uxroviy mukofotlar ato etilsin! Biz sendan rozimiz, sen ham bizdan rozi bo’l!  Buyuk Kunda yorug’ yuz bilan ko’rishaylik! Ko’rishguncha omonda bo’l! Yo do’sti aziz! Yo do’sti Qiyomat!                             
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:16:07

NODIR NORMATOV


OT  KISHNAGAN  OQSHOM...

Bir tun... yaqindagina... kuni kecha  Ziyodulla  chavandozning Tarlon oti kishnadi. Odatda, ot yo shodu  xurramlikda, yo kulfatda kishnaydi. Afsuski, bu gal Tarlon ot kulfatni sezganday bezovta bo’ldi. U o’sha tomonda, Surxon tog’larida, Xo’jasoat qishlog’ining dashtu qirlarida, to’lqinlanib yotgan ko’m-ko’k adirlarda kishnayotgan   paytda   yozuvchi  Tog’ay  Murod  olamdan o’tdi...   
Tarlon ot — u yaratgan obraz — Ziyodulla chavandozning Tarlon otiga ko’p yomon bo’ldi. Uning nolasiga hamma quloq tutdi, unga qo’shilib hamma qayg’uga botdi. Hammaning ko’ngli «Nega shunday bo’ldi?» — degan savol bilan o’rtandi. Shu jumladan, biz tengqurlari, tengdoshlari ham.
Buning ustiga, biz kursdosh ham edik. U bilan Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida birga o’qiganmiz. Tog’ay Murod bizga 3-kursdan kelib qo’shilgan. Avvaliga yuqori kursda o’qib, orada harbiy xizmatni tugatib, o’qishni qayta boshlagan edi.
«Otlar uzoqda bo’lsa, bir-birini sog’inib, kishnashar. Yaqinda bo’lsa agar bir-birini tishlashar», degan maqol bor. Xuddi shunday, biz bir guruh o’spirin yigitchalar: Erkin A’zam, Usmon Azim, Muhammad Rahmon, Tog’ay Murod o’sha damlarda birga o’qib, birga yurib, adabiyot, hayot, o’zimiz bilgan va bilmagan narsalar haqida bahslashib, tortishib yurardik. Bularning barisi gina-kuduratsiz, adovatsiz ro’y berardi.
Tog’ay Murodning o’zicha bir olami bor edi. Bu olam uni adabiyotga olib kirdi. Tog’ay Murod o’zi yaratgan ana shu olam ichida yashay boshladi. Bu olamda oydinda yurgan odamlarning sodda dunyosi, yulduzlar mangu yonadigan osmon ostidagi polvonlarning halol kurashi, ko’pkari chopgan oqko’ngil chavandozlarning diltortar gurungi bor edi.
Surxonning olis qishlog’i — Xo’jasoatdan katta shaharga kelib, shuncha yil yashab, orttirgani yolg’iz adabiyot bo’ldi, shuni deb yashadi. Romanlar, qissalar yozdi. Menimcha, «Ot kishnagan oqshom» qissasi alohida jozibaga ega.
Tog’ay Murod tabiatan o’z qahramoni Ziyodulla chavandoz kabi, Tarlon ot kabi fe’li asov,  polvonlari kabi do’lvori edi. Rus yozuvchisi V.Shukshin o’zi haqida yozganida: «Shu paytgacha shaharlik bo’lolmadim, ammo qishloqiligimcha qolib ham keta olmadim», deb ta’kidlagan joyi bor. Tog’ay Murod shaharda yashasa ham qishloq odamlarini, uning tabiatini sevib, sog’inib ijod qildi. Ammo o’zi yaratgan bu obrazlardan, qishloq manzaralaridan ko’ngli sovib qolishdan qo’rqib, u yerga borib yashagisi kelmasdi. U mana shundan ezilar, qiynalar, boshi berk ko’chaga kirib qolgandek bo’laverardi. Shu sababdan uning ko’ngli to’la armonlari, hasratlari, orzulari mo’l edi. Ularning bir qismi «Otamdan qolgan dalalar»da aks etgan bo’lsa, ba’zi birlari ehtimol qoralab qo’ygan qo’lyozmalarda bo’y ko’rsatar. Balki ko’pchiligi uning serhayajon, ta’sirchan va serg’alayon yuragi tubida qolgandir. Biz buni endi hech qachon bilmaymiz, bilolmaymiz. Ammo uning adabiy bisotidagi duru injulari bir qalb iztiroblari va quvonchlarining timsollari bo’lib, yuragi pok bir insonning tip-tiniq ko’zyoshlari kabi kishini hayajonga solib turishi tabiiy. O’lim sharobini erta totgan do’stimiz uchun qanchalik kuyunmaylik, o’lim haq ekanligiga iqror bo’lishdan bo’lak chora yo’q. Shunday esa-da, bir taskin va ko’ngil yupanchi uchun Tog’ay Murod yaratgan kitoblarga nazar tashlaymiz-u: «Attang, u bulardan-da yana soz va xo’b asarlar yaratishi mumkin edi-ku», degan armonli fikrlar ko’nglimizdan kechadi.
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:16:44

XURSHID  DO’STMUHAMMAD

TOG’AY MURODNING SIRLI DUNYOSI

Biz Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida o’qigan kezlar quyi kurs talabalari bitiruvchi fakultetdoshlarga juda havasimiz kelardi. Chunki ular hademay tahririyatlarga borib qizg’in ijodiy faoliyatga kirishib ketishadi, gurillatib maqolalar chiqarib, el-yurtga tanilishadi. Shu o’y-xayolda oramizda, «Qaysi kursda ijodni boplaydiganlar ko’proq?» — degan savol ham aylanishib qolardi ba’zan. Bizdan bir yil muqaddam o’qishni bitirayotgan kursda kimsan Erkin A’zam, Halima Xudoyberdieva, Usmon Azim singari ahli qalam badiiy adabiyot eshigini dadil ochishga shay bo’lib, jamoatchilikka tanilib ulgurishgan edi. Bu ham «etmaganday», ularning safida Tog’ay Murod paydo bo’ldi! Aslida u o’qishni ilgariroq bitirayotgan, lekin qandaydir mojaroga aralashib, kasriga bir yil «sinf»dan qoldirilgani bois ke¬yingi kursdagilar bilan o’qishni bitirishga majbur bo’lgandi. Kim nima tashvishda-yu, biz «Erkin A’zamlar kursi yanayam kuchayib ketganidan» xavotirdamiz! Xavotirda edigu, Tog’ay Murodni qariyb ko’rmas edik. U darslarga deyarli qatnashmas, mabodo yuzma-yuz kelib qolganda ham Tog’ay boshqalar bilan yolchitib so’rashib, salom-alik qilganini eslolmayman. Qo’l olishgan taqdirda ham og’iz ochib bir narsa demas, bosh irg’ab qo’ya qolardi.
— U zo’r yozuvchi! — dedi saboqdoshimiz O’rol O’taev, bunday holatni o’zicha sharhlab.
«Zo’r yozuvchi boshqalar bilan gaplashmaydimi, hech kimga qo’shilmaydimi?» — degan o’yga bordim-u, o’zim bilan o’zim ovora, Tog’ayni unutib ham yubordim.
Oradan yillar o’tdi, onda-sonda ko’cha-ko’yda, aksariyat Respublika Radiosi uyi atroflarida (u o’sha yerda ishlar edi) mutlaqo tasodifan to’qnash kelib qolganimizda salom-aligimiz juda qisqa bo’lardi. Men oddiy jurnalist, Tog’ay Murod esa «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» qissalari bilan o’zining haqiqatda zo’r yozuvchiligini isbotlab ulgurgan, bizga o’xshash boshlovchi havaskorlarga bepisandligi bejiz emas-da, deb o’zimcha unga tan berib qo’yardim ham. O’tgan asrning 70-80-yillarida adabiyotga erta kirib kelgan, bitta-yarimta kitobi, besh-oltita she’ri yoki hikoyasi og’izga tushgan tengqurlar orasida dastlabki ijodiy yutuqlar ortidan kelgan shon-shuhratni ko’tarishga anchayin «qiynalgan»lari ham bo’lgan. Chetdan kuzatgan kishi Tog’ay Murodni ham kibru havoga berilgan o’sha toifa vakillariga qo’shib yuborishi hech gap emas edi.
Oradan yana qancha vaqt o’tdi, yodimda yo’q, Tog’ay Murod «Fan va turmush» jurnali tahririyatida paydo bo’ldi! Men ushbu tahririyatda yetti-sakkiz yildan buyon ishlayotgan xodim sifatida bir narsaga imonim komil ediki, Tog’ay Murod uchun «Fan va turmush» ham, jamoadagi muhit ham mutlaqo yot edi! Nega, nima sababdan?
Tahririyatda ichki mehnat intizomi qat’iy yo’lga qo’yilgan, jurnalning har bir soni mundarijasi qat’iy reja asosida shakllantirilar, fikr-mulohazalar,  maqolalarni tayyorlash, hatto yurish-turishimizgacha, tushlikka chiqish-kelishgacha —  hammasi yozilgan-yozilmagan qat’iy tartibga solingan edi!

Qayd etilgan