Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122418 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 13:17:33

Shu o’rinda o’zbek ilmiy-ommabop jurnalistikasi xususida to’xtalishga to’g’ri keladi.
Ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish har qanday milliy jurnalistikaning nihoyatda muhim va nihoyatda murakkab yo’nalishlaridan hisoblanadi. Bu borada bizda e’tirof etilgan jurnalistlar barmoq bilan sanaladigan darajada oz. O’zbek milliy jurnalistikasida «Fan va turmush» maktabi alohida mavqega, tajribaga ega. Anvar Muhammadqulov, Komiljon Xolmuhamedov, Husniddin Nurmuhamedov, Rustam Obid... Yana kimni eslaymiz?.. Rahmatli G’aybulla as-Salomning tarjimashunoslikka doir darsliklari, qo’llanmalarini varaqlab ko’ring, bu sohadan yiroq kishi ham zavq bilan o’qiy boshlaganini sezmay qoladi. Boisi, rahmatlik ustozimiz «Fan va turmush» maktabini o’taganlardan hisoblanadilar! Bosh muharririmiz, mashhur akademik Yolqin To’raqulov fundamental fan yutuqlarini oddiy kishilar tushunadigan darajada ommalashtirib berishimizni talab qilar, buning uchun katta-kichik olimlar keltirgan maqolalarni qayta ishlagunimizcha kam deganda besh-oltita adabiyotni ko’rib chiqishga, mutaxassislar bilan suhbatlashishga, necha jild qomusu ma’lumotnomalarni titkilashga to’g’ri kelar... shu talab va darajada ishlash uchun esa hozirgina men aytgan qat’iy tartib-intizomga rioya qilishga majbur va mahkum edik. O’zimizning shu qadar odobli, intizomli ekanimizdan, bosh ko’tarmay ishlashimizdan faxrlanar edik, buni jurnalning ko’plab nufuzli mualliflari ham e’tirof etishardi. Biroq bunday qat’iyatlilik bir narsada — badiiy ijod kishisining ichki erkinliklari qarichi bilan  o’lchaganda o’taketgan bema’nilik edi! Tasavvur qiling, «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar»dek betakror asarlarni yaratib qo’ygan Yozuvchi — men mazkur qissalarda aks etgan muallif ruhidagi cheksiz hurlikni, badiiy tasvir simfoniyasini, har qanday tan olingan adabiy an’analardan-da farqlanuvchi o’ziga xoslikni, betakror jozibali ohangni nazarda tut-yapman — hozirgina men tasvirlashga harakat qilgan shart-sharoitga moslasha olmasligi go’dak bolaga ham ayon edi.
Lekin Tog’ay Murod ishga qabul qilindi. Torgina xonada, ro’parama-ro’para stolda peshonamiz peshonaga tekkudek ahvolda bir yildan ortiqroq, hamxona-hamnafas bo’ldik. Xonadagi hamkasblar bilan bo’ladigan adabiy gurunglarimiz doirasi   kengaydi. Tog’ay L.Tolstoy, Mopassan asarlaridan ko’p misol keltirar, ayniqsa E.Seton-Tompsonning hayvonot dunyo¬siga bag’ishlangan hikoyalarini zavq-shavq bilan aytib berar, ularni o’zbekchalashtirishga kirishganidan gap ochardi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:17:53

Tog’ayga ko’proq adabiy-badiiy, ijtimoiy yo’nalishdagi maqolalarni tayyorlashga berishardi. U o’ziga topshirilgan maqolani juda qiynalib o’qib chiqar va muqarrar undan qoniqmas edi. Ko’pchilik mualliflarning «tili» g’alizligidan, mutlaqo o’zbekcha emasligidan tutaqib ketar, ruschadan no’noqlarcha tarjima natijasida urchib borayotgan chala va soxta til bu, deya xunob bo’lgani bo’lgan edi. Qo’lyozmani ko’targancha xonada yurishga tushar, «I, buni yozganiga qaranglar!» — deb «tesha tegmagan» jumlalarni baralla o’qib eshittirar, ketidan yayrab kulib ham qo’yar edi. So’ng, «Bu maqolani tahrir qilib bo’lmaydi», degan xulosa chiqarardi. Biz esak, agar shu taxlit yondashilsa, aksariyat mualliflarning maqolasi ommaboplik talabiga javob bermasligini, demak, ular jurnal yuzini ko’rmasligini yangi xodimimizga uqtirishga urinardik. Bo’yab-bejab tahrir qilingan asl nusxalarni ko’rsatardik.
— Bunday tahrir qilishda mualliflarni dangasa qilib qo’yasizlar, xom-xatala maqola yozadi-da, sizlarga  ishonib tashlab ketaveradi, shu. Yaxshisi, maqolani qaytarib berib yuboraman, boshqa iloji yo’q, — deb ikki oyog’ini bir etikka tiqib turib olardi.
Biz esa unga tushuntirolmay jonimiz halak: «Hay, baraka topkur, jurnalga hech qachon tayyor maqola kelgan emas, siz bilan bizning vazifamiz ham bitta — maqolani qayta ishlab, tayyor holga keltirish, vassalom!»
Shundan keyin Tog’ay kiftini bir qisib qo’yardi-da, vaziyatni tushunganday bo’lardi.
— Yaxshisi, qayta yozib qo’ya qolaman! — deya muk tushib o’tirganicha bosh ko’tarmay ishga kirishib ketar edi. Jismonan baquvvat edi, butun vujudi bilan maqolani qayta yozishga kirishib ketardi. Umuman, Tog’ay Murod qo’l uchida ishlamas edi, bir ishga kirishdimi, chalg’imas, xonadagi gurunglarga ham qo’shilmas, chor-atrofida nima gap, nima so’z — barini unutar edi. Biz hamxonalar suhbatlashib qolamiz, hazil-mutoyiba qilamiz, xotiralarga berilamiz, Tog’ay gung va kar odamdek, ularning hech biriga e’tibor bermas, bu vaqtda u o’ziga topshirilgan maqolaning ruhida, dunyosida yashayotgan bo’lar, boshlagan ishini bir hamlada nihoyasiga yetkazib qo’ymasa, tahrirga, to’g’rirog’i, «qayta yozish»ga kirishish uning uchun turgan-bitgani azob-uqubatga aylanardi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:18:06

Tabiiy, u nashrga tayyorlagan maqolalar badiiyligi, tilining shiradorligi bilan ajralib turardi, ana shunda jurnal rahbariyati nima sababdan Tog’ay Muroddek taniqli yozuvchini ishga qabul qilganining boisini tushungandek bo’ldim: o’sha kezlar jurnalda e’lon qilinadigan maqolalarning ta’sirchanligini, jozibasini yanada oshirish zarurati tug’ilgan, «Fan va turmush» sahifalarida o’zgacharoq uslub,  o’zgacharoq nafasga ehtiyoj tug’ilgan edi! Biroq Tog’ay Murod aksari ilmiy-ommabop maqolaning badiiy bo’yog’ini quyuqlashtirib yuborar, bu bilan maqolaning ilmiyligiga putur yetib qolardi. Ilmiy-ommabop maqolada ilmiylik va ommaboplik muvozanatini saqlashdek mushkul muammo yana va yana tortishuvlarga sabab bo’lardi.
Jurnaldagi ish tartibining yana bir o’ziga xosligi shunda ediki, har bir maqola kamida ikki muharrir qo’lidan o’tgachgina bosmaga ruxsat etilar edi. Tog’ay Murod esa o’zi tayyorlagan maqolaning qayta tahrirga berilishini sira hazm qilolmas, qayta tahrirda o’zgarishlar ko’payib ketishi uning izzat-nafsiga tegardi. U qo’liga qalam olib yozdimi, bas, boshqalarning maslahati bilan unga o’zgartirish kiritishga juda qiynalar edi. Umuman, Tog’ay Murod nihoyatda ko’ngli nozik, arzimas narsaga ham ranjib qoladigan odam edi, lekin bahslashganda aytgan so’zidan qaytmas, aksari bahsni bas qilib, jim bo’lib qolardi-da, xiyla fursat o’tgach, to’satdan o’rnidan turib ketar va boya to’xtagan bahsni kelgan joyidan davom ettirishga tushardi. Shunday paytlarda men uni juda avaylab, ko’ngliga og’ir botmaydigan so’zlarni topib, tushuntirishga harakat qilardim va niyatimga erishardim ham. Xususan, u tayyorlagan maqoladagi ayrim chalkash, noaniq raqam va ma’lumotlarni manbalardan ko’rsatib aniqlik kiritganda, Tog’ay yosh boladay duv qizarib ketar, ketidan samimiy jilmayib qo’yib, «Ha, mayli, o’zi¬ngiz tuzatib qo’ya qoling», deb yon berardi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:18:18

Oradan bir yil o’tdi, mening taxminim to’g’ri chiqdi, ya’ni Tog’ay «Fan va turmush» muhitini qabul qilolmadi. Ishga kelmay qoladigan kunlari ko’paydi. Bunday intizomsizlik... yo’q, bunday holatning aslida intizomsizlik emasligini farqlash uchun Tog’ay Murod shaxsini, Parvardigor unga ato etgan fe’l-atvorni tushunish kerak edi! Bir yildan ortiqroq u bilan birga ishlab, uni yaqindan kuzatgachgina u haqdagi ilgarigi tasavvurim o’zgardi. Yo’q, Tog’ay Murod boshqalarga bepisandlikni, kibr-havoga berilishni ham bilmas ekan. U o’z dunyosida yashaydigan, o’sha dunyosini sira tark etolmaydigan, bordi-yu, ittifoqo o’zini jisman o’rab turgan muhitga qaytguday bo’lsa, albatta, kimgadir ma’qul kelmaydigan, hatto g’ayritabiiy muomala qilib qo’yishi aniq edi.  Shu boisdan ham u hushiga kelgan ishni qiladi, hushiga kelgan odam bilan gaplashadi, qolgan hammasi uning uchun bekor. U hech bir narsada o’rtacha yo’lni bilmadi, murosa ko’chasiga yo’lamadi, o’zi bilan o’zi yashadi. Har qanday muhitga, har qanday davraga sig’avermagani uchun ham tabiatiga qarshi bormadi — yolg’izlikdan panoh topdi. Qizig’i, bu yolg’izlik dunyosini tish-tirnog’i bilan «qo’riqlar», hech kimsani «ichkariga» yo’latmas ham edi. Ba’zan o’ylab qolaman: Tog’ay o’zi uchun muqaddas deb bilgan va o’zidan boshqalarga sirliligicha qolgan ichki dunyosini asarlariga, asarlaridagi qahramonlari dunyosiga ko’chirib ulgurdimi-yo’qmi?.. Bir narsa deyish qiyin... Har qalay u o’zini  hech kimnikiga o’xshamagan asarlar yaratib qo’ygan va yana shunday asarlar yozishga qodir yozuvchi deb hisoblar, bunga zarracha shak-shubhasi yo’q edi. Ushbu aqidasida shu qadar qat’iy ediki, o’zi va asarlari to’g’risidagi na ijobiy, na-da salbiyroq mulohazalarga ko’pda qiziqavermasdi ham. «Kim nima deb gapiribdi, kim qanday taqriz yozibdi,  deb o’tirsangiz, ijod qolib ketadi, unday narsalarga mahliyo bo’lmay, qo’ldan kelganicha yozaverish kerak», der edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:18:30

Tog’ay Murodni eslaganda, yana ikki narsa xotiraga keladi. Bir  kuni suhbat asnosida, «Shukur Xolmirzaevning o’n hikoyasi» degan nom ostida kitob yozishni o’ylab yuribman, bu kitob Shukur akaning eng sara hikoyalari misolida jahon va o’zbek hikoyachiligi haqidagi hikoyalardan tashkil topadi», deb o’ylab yurgan niyatimni aytib qoldim.
— Yaxshi fikr,  yozing! Shukur akaning hikoyalari bunday kitobga arziydi!  — dedi Tog’ay niyatimni ma’qullab.
Keyinchalik onda-sonda uchrashib qolganimizda har safar: «Hikoyalar haqidagi hikoyalar bitdimi?» — deb o’sha suhbatni yodimga solar edi.
Ikkinchi g’alati hodisa paxta terimiga hasharga borgan kunlarimizning birida yuz berdi.
To’satdan Respublika komfirqasining rahbari Sharof Rashidovning vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi. Tog’ay, «Toshkentga boraman, dafn marosimida ishtirok etaman», deb turib oldi. Ruxsat berdik, Tog’ay poytaxtga ketdi. Bir kunga ruxsat olgan odam to’rt kunda qaytdi. Picha kayfi  bor ekan, tabiiy, martabali zotning dafn marosimi xususida gap ochildi. Tog’ay Murod dafn marosimi haqida gapirib berib o’tirdi-da,  hamxonalarimizdan birining, marhumni qaerga qo’yishdi, degan savoliga hech ikkilanmay, «Chig’atoy qabristoniga»,  deb javob qaytardi.
O’tirganlar hang-mang bo’lib qolishdi. Axir dafn marosimi Toshkentning qoq markazida bo’lib o’tdi-ku!
Harchand uqtirishga urinmaylik, Tog’ay Murod so’zidan qayt¬madi, nega meni urib yengasizlar, axir o’zim qatnashib keldim-ku, Sharof akani Chig’atoy qabristoniga qo’yishdi, ishonmasang¬lar, Toshkentga borganda ko’rasizlar, deb turib oldi. Oradan ko’p o’tmay Tog’ayning gapi hayotda o’z isbotini topdi...
Bu hodisani nima deb izohlash mumkin: rahmatlik birodarimizning tabiatida avliyolik bor edimi yoki shunchaki bir tasodifmi, buyog’i Yaratganga ayon...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:19:24

SAYFIDDIN   HODIEV


O’ZBEK  KURASHINI  JAHONGA
KO’TARGAN  ASAR


— Dunyoda ko’pgina xalqlar, o’zlarining hech bo’lmaganda bitta sportini jahon miqyosiga ko’targan. Bizdan esa jahonga ko’tarilgan  bittayam sport turi yo’q
—  Bu  o’zimizga   bog’liq...
«Yulduzlar  mangu  yonadi» qissasidan


O’sha yili boshimga ikki marta baxt qushi qo’ndi.
Ming to’qqiz yuz yetmish beshinchi yil. O’n birinchi sentyabr. Toshkent. «Salom» choyxonasi. Qashqadaryoliklar yig’ildik. Sababi, o’sha yili men sambo kurashi bo’yicha Minsk shahrida o’tkazilgan jahon chempionatida birinchi o’rinni egallab, jahon chempioni bo’lib kelgandim. Choyxonaga el tanigan polvonlar, yaqinlarim meni tabriklash uchun kelishdi. Bir payt bilaklari baquvvat, Alpomish kelbatli bir odam to’g’ri keldi-da, meni quchoqlab oldi! O’zimdan ham baquvvat bu odamni tanimas edim. U esa quchog’idan qo’ymay, negadir, ko’zlarida yosh bilan nuqul bir gapni takrorlardi:
— Rahmat, polvon! Rahmat sizga. Otangizga ming rahmat... Rahmat...
Bu odamning o’zim haqdagi aytgan hayajonli gaplarini eshitib, to’g’risini aytsam, ko’nglim ko’tarilganidan ko’zimda yosh qalqdi... Endi eslasam, men o’sha kuni davrimizning buyuk adibi bilan uchrashgan ekanman. Bu odam Tog’ay Murod edi! U bugungi uchrashuvni eshitgani zahoti, yo’lga chiqib, o’zi izlab topib kelibdi! O’sha kuni biz ikki soatcha gaplashdik. O’sha suhbat hayotimda katta iz qoldirdi. Shu-shu, biz tanish bo’lib qoldik. Biz ko’p ham suhbatlashmas edik. Lekin qalban bir-birimiz bilan birga edik, bir-birimizni boshqalardan ko’ra yaxshi tushuna olardik.
Tog’ay aka «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida meni ham tilga oldi. Bu narsa menga katta ta’sir qilgan, ruhlanib ketganman. Axir, chekka bir qishloqdan chiqqan, to’ylarda kurashib katta bo’lgan menday oddiy polvonni Tog’ay Muroddek katta yozuvchi o’z asarida aytib o’tishi katta baxt emasmi? Shu asar orqali ham nomimni butun el bildi. Bundan keyin ham biladi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:20:02

... Kim biladi, Tog’ay aka bo’lmaganda men bu qadar katta polvon bo’lmasmidim? Chunki men kurashning oltin qoidalarini Tog’ay Muroddan o’rgandim! U kishi aytgan «Polvon o’zini uch balodan: birinchisi — ayolbozlik, ikkinchisi — ichkilikbozlik, uchinchisi — nafs balosidan asrasin», degan hikmatiga men ham amal qildim.
Tog’ay aka kurashchi bilan kurashchi tilida, chavandoz bilan chavandoz tilida, dehqon bilan dehqon tilida so’zlasha olardi. Ularning qalbiga kirib bora olardi. Shuning uchun u kishi ularning xarakterini, ichki olamini besh qo’lday bilardi. Chunki Tog’ay aka asarlarining bo’lajak qahramonlarini oldindan kuzatib yurgan: bo’lajak polvon davraga qanday kirib kelyapti, qanday harakatlar qilyapti, ularning ruhiyatida qanday o’zgarishlar bor? Chavandoz  otda qanday yuribdi, u uzangiga oyog’ini qanday qo’y   yapti — hamma-hammasi o’ta sinchkovlik bilan o’rganilgan. Boisi, u kishining o’zi «Men go’dakligimdan davralarda kurashib katta bo’ldim», «Sattor chavandoz bilan qishloqma-qishloq yurdim. To’yma-to’y yurdim. Ko’pkarima-ko’pkari yurdim», degan edi. Shuning uchun ham qalamga olishda bu narsalar Tog’ay akaga qiyin bo’lmagan. Yozuvchi qancha qissa, qancha roman yozmasin, o’z qahramonlarini xalq ko’zi o’ngidagi oddiy odamlardan tanlagan. Asarlaridagi kishilar hayoti bilan real odamlar turmushini uzib qo’ymagan. Tog’ay Murodning iste’dodi shunda-da!

Tan olish kerakki, hamma narsani miridan-sirigacha qiziq, lo’nda, asosiysi, o’ziga xos tilda tasvirlash oson ish emas. Buning uchun, boya aytganimdek, juda katta e’tibor, sinchkovlik kerak. Tog’ay Murod kitoblarini har gal o’qir ekanman, shunga amin bo’laman, boshqa yozuvchilarda yo’q narsalarni  uchrataman.   Masalan,   yozuvchi   otni egarlaganda,  ko’pkariga  kirayotganda  unda  bo’layotgan  o’zgarishlarni maroqli qilib tasvirlaydi, otga ishlatiladigan har bir buyumning xususiyatlarini birma-bir sanab o’tadiki, beixtiyor, attang, shuncha  narsani bilmas ekanman-da, deb qolasiz. Yoki kurashda polvonlar kiyadigan yaktakni tasvirlashini olaylik yo bo’lmasa, uloqchining qo’lidagi qamchisini tasvirlashini  ko’ring. Ularning turlari, har bir turining o’ziga xos xususiyatlari o’rni-o’rniga qo’yib tasvirlangan. Chunki bu odamda hayotiy tajriba bor: u ot uzangisiga oyoq qo’yib, davralarda polvonlar bilan  yelkama-elka turib  kurashgan  inson. Kurashchi bo’lib kurashgan adib. Bu narsalarni u qalb ko’zi bilan ko’rib, his qila olgan.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:20:14

Tog’ay aka bilan bo’lgan o’sha suhbatimizda u kishi shunday degan edi:
— Sayfiddin, bilasizmi, kurash ajdodlarimiz — xalqimiz qoniga singib ketgan. Xalqimizning qoni toza, ildizi baquvvat. Bu narsa avloddan-avlodga irsiyat orqali o’tib kelyapti.
Bizning kurashchilarimiz polvonlik maktabida o’qimasa ham, maxsus joylarda tayyorgarlik ko’rmasa ham ularning o’zi shunday tayyor kurashchi-ku! Polvonlik bizga otameros, pushtdan-pushtga, qondan-qonga o’tib kelyapti. Polvonlikning ko’zga ko’rinmas, til bilan tushuntirib bo’lmas shunday sirlari borki, buni faqat tomirida polvonlik qoni borlargina biladi. Bu sirlar hech bir kitobda yo’q!
Eng mashhur kurashchilarimiz ham gilamlarda kurashmasdan, qishloqlarda bo’ladigan to’ylarda oddiy somon ustida, katta-kichik davralarda kurashib ulg’aygan, suyagi qotgan. Bizning kurashimiz boshqa yurt kurashlaridan nimasi bilan farq qiladi? Bizning kurashda erkakman degani tik turgan odam bilan olishadi! Ha, yerda yotgan odamga qo’l ko’tarmaydi!
Markaziy Osiyoda, xususan, bizning yurtimizda uzum, paxta kabi ekinlar azaldan ko’p ekiladi. Ularga tik turgan holatda ishlov beriladi, terib olinadi. Ya’ni harakat tepada bo’ladi. Boshqa joylarda esa, masalan, Rossiya tomonlarda paxta ekilmaydi-ku! U yerlarda ko’proq kartoshkaga o’xshagan ekinlar ko’p ekiladi. Unga esa egilgan holatda, yerlashib-erlashib ishlov beriladi. Bizning kurashchilar tepada, tik turgan holatda bajariladigan amallarga ko’proq moslashgan. Chunki aksariyat polvonlarimiz yoshligidanoq paxta dalalarida yer bilan salom-alik qilib, salom-alik qilib suyagi qotadi. Boshqa kurashchilar bilan biznikilar kurashi orasidagi farq ana shunda!
Tog’ay aka juda ko’plab bunday favqulodda o’xshatish, favqu¬lodda xulosa, favqulodda yangi-yangi fikrlar bildirgan edi. U kishi hamma narsani oldindan qalban seza olgan, o’zi qilajak bashoratlarning amalga oshishini chin dildan istab, shunga ishonardi. Birgina misol. Tog’ay Murod «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida qahramonlari  tilidan  shunday degan edi:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:20:35

«Dunyodagi ko’pgina xalqlar o’zlarining hech bo’lmaganda bitta sportini jahon miqyosiga ko’targan. Bizdan esa jahonga ko’tarilgan bittayam sport turi yo’q.
— Bu o’zimizga bog’liq».
Endi o’ylab kuraylik. Bundan qariyb  o’ttiz yil muqaddam go’yo butun o’zbek xalqi nomidan aytilgan bu ezgu niyat, orzu-umid bugun amalga oshmadimi? O’zbek milliy kurashi jahon sport turi darajasiga ko’tarilmadimi? «Yulduzlar mangu yonadi» qissasidagi  personaj  o’z orzusiga erishmadimi?
Mening nazarimda, Tog’ay Murod o’z asarlarida xalq dardini, orzu-umidini, hayajonu g’ururini o’ziga xos, Tog’ay Murodcha, polvonchasiga talqin qildi.
Kelajak avlod... Darvoqe, biz hozir tarixiy topilmalar, san’at asarlari, obidalarga nazar tashlar ekanmiz, qadimda bu yodgorliklarni bunyod etgan buyuk, zabardast ajdodlarimiz o’tganini bilamiz. Shunda o’ylab qolamiz, demak,  bu tarixiy obidalar, san’at asarlari o’sha davrlarda shunday buyuk bobokalonlarimiz yashab o’tgani va bular ularning hujjati — pasporti ekanini, agar bu ashyolar bo’lmaganida buyuklarimiz o’tganiga ishona olmas ekanmiz-da? Kitoblari xalqimiz ma’naviy boyligiga aylanib qolgan Tog’ay Murodni ham kelajak avlod u kishining mangulik, kelajakka qoldirgan ana shunday pasporti — asarlari orqaligina bilishadi, u kishidek mashhur yozuvchi o’tganini tan olishadi. Bunga mening ishonchim komil.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 13:20:46

Men polvon sifatida kurashning ancha pog’onalarini bosib o’tdim. Erkin kurash, sambo, milliy kurash... Bu davr mobaynida ko’plab jurnalist, yozuvchi-shoir, ustoz-murabbiylar bilan muloqotda bo’ldim. Lekin ijodkorlar orasida Tog’ay Muroddek yozuvchini hali uchratmadim. Birgina men emas, ko’plab bosh¬qa polvonlarning ham shu fikrni aytganini bilaman. Tog’ay Murodning kurash haqida yozgan kitobini el tanigan mashhur polvonlarning ko’ziga surtib, asrab yurgani, hattoki, boshlariga qo’yib yotganini ko’rganman. O’zim o’sha «Yulduzlar mangu yonadi» qissasini o’ttiz martadan ko’proq o’qib chiqqanman. Boisi, kitob hammamizga juda yoqqan edi. Dunyoda sport haqida, kurash haqida, polvonlar haqida yozilib, nashr qilingan kitob¬lar ozmi? Jahonga dong’i ketgan ulkan kinokompaniyalar har yili polvonlar haqida minglab kinolar ishlab yotibdi. Lekin ularning hammasi Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi oldidan o’taversin!
Tog’ay Murod shunchaki yashamadi. U yangi polvonlik maktabini barpo etdi. Ammo bugun oramizda uning o’zi yo’q... U oramizdan erta ketdi... Polvonlarini yig’latib-yig’latib ketdi. Uning davralari sovib qoldi. Biz — polvonlar birodarimizdan ayrildik. Biz — o’zbek xalqi  buyuk   adibimizdan   judo bo’ldik...
O’zbek  kurashining ori uchun kurashgan adibimizning  oxirati obod  bo’lsin.
 Tog’ay aka, Sizning asarlaringiz qo’limizdan tushmas ekan, Siz o’lmaysiz. Siz yoqib ketgan yulduzlar porlar ekan, davralaringiz davom etaveradi.

Qayd etilgan