SHUHRAT ABBOSOV
XALQI KABI BARHAYOT
Mening Tog’ay Murod bilan tanishishim, o’zim uchun uni katta yozuvchi sifatida kashf etishim juda qiziq bo’lgan. Hammasi bir tasodifdan boshlangan edi.
Bir kuni «O’zbekfilm»da o’tirsam, hovliqib aktyor Murod Rajabov kelib qoldi:
— Shuhrat aka, kechirasiz, xayolingizni buzdim, — dedi. — Hozir bir ishni zudlik bilan qilmasak, keyin kech bo’ladi.
— Nima, nimani gapiryapsan? — dedim hech narsaga tushunolmay hayron bo’lib.
— Tog’ay Murod bir roman yozibdi, o’qib hayratda qoldim. Xalq hayotini shunday teran berganki... Rosti bilan hali biror yozuvchi badiiy adabiyotda zamonaviy hayotimizni bunchalik aks ettirolmagan, — dedi Murod.
Men Tog’ay Murodning bu romani dovrug’ini eshitgan edim-u,¬¬ biroq hali o’qishga ulgurmagandim. Murodning qistovi bilan Tog’ay Murodga qo’ng’iroq qildim. Hali o’zim o’qimagan romanni kino qilish uchun undan ruxsat so’radim. Orqavoratdan Tog’ay Murod bunday takliflarni ko’p rad etganligini eshitib yurardim. Qiziq bo’ldi, biz hayotda uchrashmagan bo’lsak ham tezda til topisha qoldik. Yozuvchi menga asarini kino qilishimga telefonda ruxsat berdi. Telefon go’shagini qo’ygach, Murodga yuzlanib dedim:
— Nima qilib qo’yding? Endi menga roman yoqmasa-chi?
— Sizning didingizni bilaman. Siz avval kitobni o’qib chiqing! — dedi Murod.
Oradan birmuncha vaqt o’tdi. O’sha paytlardagi raisimiz Temurmalik Yunusov bir kuni meni huzuriga chaqirdi.
— Biz ikkita milliy asarlarimiz asosida film ishlashimiz kerak, — dedi. — Maqsadimiz «O’tkan kunlar» bilan «Otamdan qolgan dalalar» romanlarini ekranlashtirish. Melis Abzalov Abdulla Qodiriyning «O’tkan kunlar» romani asosida film ishlaydi. Siz Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» asarini ekranlashtirsangiz, degandik.
Bu gap men uchun yangilik bo’lmadi. Men allaqachon bu taklifga rozi edim. Shu asnoda romanni o’qib ham, uqib ham chiqdim. Asarni obdan, ichiga kirib, bir narsaga amin bo’ldim: ramziy va tom ma’noda ham dalalar mening otamdan qolgan ekan. Bu asar ona xalqimning, ota yurtimning ko’ngil kechinmalaridan bino bo’lgan dardnomasi edi. Asar menga juda ma’qul tushdi. Roman, nazarimda, men uchun yozilganday edi. Unda tasvirlangan har bir obraz ko’z o’ngimda yaqqol gavdalandi. Men go’yo ular bilan butun umr birga yashagan edim. Asar qahramonlari bilan taqdirim ham bir edi go’yo. Demak, ular haqida kino qilsam, o’zim haqimda kino ishlagan bo’larkanman-da. Men Tog’ay Murod yaratgan obrazlar bilan hamnafas bo’ldim, hamdard bo’ldim. Qarangki, azbaroyi asarga kirishib ketganimdan, yozuvchining o’zi ham esimdan chiqib ketibdi.
Tog’ay Murod katta ijodkor, yozuvchi sifatida xalq boshiga tushgan zulm-xo’rlik, azoblarni o’z vujudidan o’tkazadi, bu kulfatlarga chiday olmaydi, bundan xo’rligi keladi. Shuning uchun ham muallifning joni halak bo’ladi, asarning har bir satridan dil og’rig’i ufurib turadi. «Dod!» — deydi yozuvchi. Biz ekranda mana shu ruhni ko’rsatib berishimiz kerak edi.