Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122358 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 12:08:23

Chunki Tog’ay Murod qissalari barmoqdan so’rib olingan syujet va obrazlar asosiga qurilmagan, uning asarlarida pafos kuchli. Tog’ay Murod ijodi o’tkir emotsional ta’siri, o’t chiqaradigan to’qnashuvlarga boyligi bilan boshqalardan ajralib turadi. O’quvchini, tomoshabinni hayajonga soladi, to’lqinlantiradi, hayot to’g’risida mushohada yuritishga chorlaydi. Ular juda kinobop asarlar. Aminmanki, hali san’atning turli soha  ijodkorlari Tog’ay Murod asarlariga ko’p bor murojaat qiladilar. Bunday deyishimga sababni yuqorida aytib o’tdim. Asar baquvvat bo’lmas ekan, tuzukroq kino ishlash mushkul.
Sobiq Ittifoq davri, istaymizmi yo’qmi, biz uchun tarix. Xalqimiz  boshidan   o’tgan  yillar:  orzular, armonlar, intilishlar... Bu davr Tog’ay Murod asarlarida o’zining badiiy in’ikosini  topdi. Modomiki, xalq o’lmas ekan, xalq abadiy yashar ekan, xalqni qirib, yo’qotib bo’lmas ekan, uning ozodlikka intilishini ham hech kim, hech qachon yo’q qila olmaydi. Xalq¬ning xo’rlikka qarshi isyon, hurlikka, saodatga intilish hissini so’ndirolmaydi. Hech qanday kishanlar, hech qanday o’q, qamoqlar  bu intilishni bo’g’a olmaydi. Xalq baribir o’z maqsadiga erishadi. Yozuvchi xalqning ana shu kuchiga, qudratiga ishonadi.
«Otamdan qolgan dalalar» romani qahramonlari Jamoliddin ketmon, Aqrab qo’rboshi — kurashchan odamlar, ular bir umr qadlarini adl tutib o’tdi, bosh egmadi. Ular — bizning tariximiz, ular — bizning ajdodlarimiz. Xalqimizning necha avlodi qiyinchilik bilan zulm ostida yashab kelmoqda edi. Bari¬bir shuncha sitamlarga qaramay, yozuvchi Tog’ay Murod ko’tarinki ruhda, baralla — xalq o’lmaydi, demoqchi!
Tog’ay Murod bilan o’zbek adabiyotida bir davr o’tdi, katta bir tarixiy voqea o’tdi. Tog’ay Murod xalqparvar, kurashchan, tinchimaydigan buyuk yozuvchimiz edi. Afsus, endi u oramizda yo’q.
Men yana yuqoridagi fikrga qaytmoqchiman: xalq o’lmaydi. Modomiki, o’zbek xalqi, millatimiz o’lmas ekan, Tog’ay Murod asarlari ham o’lmaydi. Demakki, Tog’ay Murod ham mangu yashaydi.
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:17:37

TO’RA MIRZAEV

OTLAR  HAM  YIG’LAYDIMI?

O’zbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan, uning rivojida beistisno katta iz qoldirgan iste’dodli yozuvchi Tog’ay Murod mening xotiramda hamisha o’qib-o’rganishga chan¬qoq yosh ijodkor, hayotning ko’plar e’tibor bermaydigan ichki tomonlarini bilishga, kuzatishga doimiy ravishda harakat qilayotgan navqiron adib, shu orqali adabiyotda o’z so’zini aytishga jiddiy kirishgan, o’z yo’li, o’z uslubini tinmay shakllantirayotgan izlanuvchan nosir sifatida qolgan. Chunki mening quyidagi yodnomalarim uning yoshlik davrlari bilan, yozuvchi sifatida shakllanayotgan va shakllangan, adabiyotda qat’iy o’z o’rni va uslubini belgilay olgan yillari bilan bog’liq.
Gap shundaki, u o’tgan  asrning 70-yillarida O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining folklor bo’limiga tez-tez kelib turar, hatto aytish mumkinki, bo’limning o’z xodimiga aylanib qolgan edi. O’sha yillari institut hozirgi Yahyo G’ulomov ko’chasidagi 70-binoning birinchi qavatida joylashgan bo’lib, folklor bo’limida tajribali folklorshunoslar bilan birga Asqar Musoqulov, Ibrohim Haqqulov, Rahim Otaev, Soriya Azizova kabi yosh adibning teng¬doshlari ham ishlar edi. Bu holat ehtimol uning folklor bilan ko’proq bog’lanib qolishiga sabab bo’lgandir. Yanglishmasam, Tog’ay Murod birinchi marta bo’limga atoqli xalq san’atkori Po’lkan shoir haqida qo’shimcha materiallar istab keldi. Bu paytda uning bir necha hikoyalari matbuotda bosilib chiqqan, ancha tanilib qolgan boshlovchi yozuvchi edi. Tanishganimizdan keyin muddaosini bayon etdi. Suhbatimiz davomida unga Po’lkan shoirning o’g’li Umarqul  hali hayotligini, u ham otasi izidan borib, zamonaviy mavzularda ancha termalar, hatto bir doston ijod qilganligini, shu kunlarda o’z termalaridan bir to’plam tayyorlayotganini, nevarasi Amirqul ham yaxshigina shoir bo’lib yetishib, bobosi haqida tadqiqotlar olib borayotganini aytdim. U yillarda hali Po’lkan shoir ijodi va dostonlari nihoyatda kam o’rganilgan, folklorshunoslikda ustozlarimiz, marhum folklorshunoslar Hodi Zarifning 1928 yilda e’lon qilingan bir maqolasi, Mansur Afzalning 1955 yilda bosilib chiqqan «Po’lkan shoir» risolasi mavjud edi, xolos.
Tog’ay Murod Folklor arxivida mavjud materiallarni astoydil o’rgandi. Amirqul bilan uchrashib, bobosi va otasi haqida qo’shimcha ma’lumotlar ham oldi. Oqibatda Po’lkan shoir va uning avlodlari haqida ajoyib bir radioocherk yaratdi va u Respublika radiosi orqali eshittirildi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:17:52

Keyingi suhbatlarimiz xalq qo’shiqlari, ayniqsa, marosim folklori va mehnat qo’shiqlari haqida bo’ldi. Bu haqda atoqli olima Muzayyana Alaviya bilan ham bir necha bor suhbatlashgani yodimda. Ma’lumki, institutning Folklor arxivida xalq ijodkorlaridan yozib olingan asarlar 1926 yildan beri jamlanib kelinadi. Materiallar to’plovchilarning yozib olganliklariga qarab, kollektsiyalar holida (doston va ertaklar bundan mustasno) alohida-alohida saqlanadi. Shuning uchun ham qo’shiq, topishmoq, maqol kabi janrlarga oid namunalar yozib olingan vaqti va yozib oluvchilarning daftarlariga joylashtirganiga qarab, bir necha kollektsiyalar va saqlov birliklarida sochilib ketgan. Bu hol undan foydalanuvchidan qo’shimcha mehnat qilishni, izlayotgan ayni folklor namunasini topish uchun bir emas, bir necha kollektsiyalarni ko’rib chiqishni talab qiladi. Chunki bir qo’shiq varianti faqat qo’shiqlardan tashkil topgan saqlov birliklarida saqlanishi bilan birga ular topishmoq, maqol, latifa,  hatto dostonlar bilan aralash yozib olingan daftarlarda ham mavjuddir. Bu yillarda folklorshunoslikda atoqli folklorshunoslar Elbek tayyorlagan «Ashulalar» (1933, 1934, 1935), Muzayyana Alaviya nashrga hozirlagan «Yangi qo’shiqlar» (1955), «O’zbek xalq qo’shiqlari» (1959), «Oq olma, qizil olma» (1972), Hoshimjon Razzoqov tuzgan «Gul¬yor» (1967) kabi qo’shiq to’plamlari chop etilgan bo’lib, ulardan Tog’ay Murod izlayotgan mehnat qo’shiqlari va marosim folklori namunalari juda kam o’rin olgan edi. Shu sababli ham arxivda saqlanayotgan namunalarni jiddiy ravishda ko’rib chiqish zarur edi. Tog’ay Murod bu ishga bir folklorshunos yanglig’ kirishib ketdi.
Bu orada qashqadaryolik folklorshunos K.Ochilov Surxondaryo va Qashqadaryodan to’plangan folklor namunalari asosida yozilgan mehnat qo’shiqlari haqidagi nomzodlik dissertatsiya¬si hamda mehnat qo’shiqlaridan maxsus tuzilgan to’plam qo’lyozmasini muhokama uchun folklor bo’limiga olib keldi. Bu materiallar  bilan tanishib chiqqach, Tog’ay Murodga K.Ochilov  to’plami qo’lyozmasining bir nusxasini berdim. Chunki ushbu to’plamdan Tog’ay Murod izlayotgan barcha materiallar joy olgan edi. Odatda hali nashr etilmagan to’plam qo’lyozmasi ikkinchi bir kishiga kamdan-kam holatlarda beriladi. Men esa, Tog’ay Murodning halolligiga, qandaydir yangi ijodiy izlanishlarga turtki bera oladigan hayotiy materiallar izlayotganligiga qat’iy ishonganimdan keyin shunday qildim. Shu-shu, Tog’ay Murod biror yillar ko’rinmay qoldi va adabiyotda uning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi paydo bo’ldi. K.Ochilovning to’plami esa, ancha keyin, 1984 yilda professor O.Safarov tuzgan bolalar folklori namunalari bilan birgalikda «Boychechak» nomida nashr etildi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:18:08

«Yulduzlar mangu yonadi» qissasi adabiyotshunoslikda ijobiy baholandi. Bu holat yosh yozuvchini yangi-yangi ijodiy marralarga yo’llagani shubhasiz. Yangi asarlariga materiallar to’plash maqsadida u bo’limga  yana kelib qoldi. Bu gal uni folklorda otning tasvirlanishi masalalari qiziqtirayotgan edi. Yozuvchi atoqli folklorshunos Hodi Zarifning (1905-1972) «O’zbek xalq dostonlarida jangovar ot obrazi», «Ot asboblari» tadqiqotlari bilan tanishib chiqdi. Unga jangovar ot tarbiyasi, uning turli holatlari tasvirlangan «Alpomish», «Go’ro’g’lining tug’ilishi va bolaligi», «Xushkeldi» kabi dostonlarni sinchiklab o’qishni maslahat berdik. Suhbatlarimiz davomida kutilmaganda: «Otlar ham yig’laydimi?» — deb so’rab qoldi. Biz unga xalq orasida ot bilan bog’liq turli-tuman tasavvur va afsonalar ko’pligini, hatto ot egasi vafot etganda, otni egar-abzallab, egasining etigini egar qoshiga ilib, ayollarning otni o’rtaga olib yig’i berish odatlari mavjudligini, folklor asarlaridagi shunday holatlarda otning yig’laganligi tasvirlarini so’zlab berdik. Shundan keyin yozuvchining «Ot kishnagan oqshom» qissasi paydo bo’ldi.
Yuqoridagi xotiralarni keltirish bilan biz yozuvchi faqat folklor asarlari asosida qissa va romanlar yaratgan ekan-da, degan fikrni ilgari surmoqchi emasmiz, balki yozuvchining har bir asarni yaratishga jiddiy tayyorgarlik ko’rganligini, o’zining tasvir ob’ektiga har tomonlama yondashganligini, folklor uning uslubiy izlanishlarida ko’pdan-ko’p badiiy omillardan biri bo’lib qolganligini alohida ta’kidlamoqchimiz. Chindan ham u o’zbek adabiyotida xalq dostonlari nasriga yaqin o’ziga xos tasvir yo’sinini yaratdi. Bir-ikki misollar keltiraylik:
«Birodarlar, Momosuluv tushimda cho’lpon edi, hushimda oy edi, qo’ynimda oftob bo’ldi».
Yoki:
«Birodarlar, necha-necha qorabayirlar ketiga qarab-qarab ketdi.
Necha-necha jayronlar kishnab-kishnab ketdi.
Necha-necha samanlar go’sht bo’lib ketdi.
Qishloqda otlar kishnamay qoldi.
Saharlarda ko’chalarda ot tuyoqlari tikillamay qoldi.
Oqshomlari otlar tarsillatib yer tepinmay qoldi.
Adirlarda otlar dupur-dupur chopmay qoldi...
Chavandozlar emchakdoshi urushdan qaytmagan bo’zbola misol mung’ayib qoldi».
Bu tasvirlar qanchalik xalq dostonlari nasriga yaqin bo’lsa, shunchalik original, o’ziga xosdir. Adabiyotda Tog’ay Murod yaratgan tasviriy-uslubiy yo’ldir...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:18:49

JUMANIYOZ JABBOROV

                                                                         
O’XSHASA, O’ZIGA O’XSHAYDI

Biz ko’pincha o’tmishda o’tgan buyuk ijodkorlarimizni tabia¬tan tayyor, shakllangan  holda in’om etilgan mislsiz zotlar deb bilamiz va boshqacha bo’lishini tasavvur ham qila olmaymiz. Go’yo ular shunday yaralganlar-u, shu holicha yashab o’tganlar. Holbuki, xalq ardoqlagan haqiqiy ijodkor bo’lish uchun qanchalar mehnat qilinadi, qancha zahmat-mashaqqatlar chekiladi. Men shular xususida o’ylar ekanman, katta bir xalq adibining ijodiy o’sishiga guvoh bo’lganligimdan o’zimni baxtiyor his etaman. Surxon qishloqlaridan kelgan bir  o’zbek farzandi yetuk yozuvchi Tog’ay Murod bo’lib shakllanishi, pog’onama-pog’ona yuksalishini o’z ko’zim bilan ko’rdim.
U yangi uylangan kezlari Mirzapo’lat Toshpo’latovlar bilan Egarchi mahallasida qo’shni turishdi. O’sha vaqtlari ham u bilan ko’p gaplashganmiz: adabiyotga, adiblar ijodiga baho berishda gaplari katta-katta, ya’ni dadil, o’ziga xos edi.Tog’ay juda tabiiy, obrazli gapirardi. Fikrlari favqulodda edi. Bular mening u haqdagi ilk taassurotlarim.
G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlayotgan yillarimda Tog’ay Murodni yana bir bor kashf etganday bo’ldim. Bilsam, uning asarlari ham gaplari kabi «katta-katta» ekan. Dunyoda o’ziga xos degan tushunchani Tog’ay Murod qiyofasida chuqur his qilganman. Voqeani boshqacha hikoya qilib berish uslubi, hayotga yangicha nigoh bilan qarashi, har bir so’zga katta mazmun yuklashi, gaplaridagi ma’nolar qorishmasi — bularning bari Tog’ay Murodgagina xos edi. Shunga qaramay, Tog’ay Murod qissalarining nashr etilishi oson bo’lmadi. O’shanda qandaydir keraksiz nazorat kuchayib ketgandi. Shuhrat akaning bir romanini chop etishga ham ruxsat berishmagandi. Hatto o’sha paytlardagi O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sarvar Azimov aralashib bizga yordam bermoqchi bo’lsa-da, ijobiy o’zgarish bo’lmadi. Qaerdadir hamma narsani tushunadigan, hammadan ko’p biladigan odam bor edi-da. «Buni nega chiqazyapsan? Nima qizig’i bor? Qani bu yerda sovet kishisining xususiyatlari? Boshiga fojia tushgan odamlarni nega hadeb chiqaraverasizlar? «Zafarnoma»ga o’xshash asarlar nega kerak? Amiriyning devoni kimga kerak?» kabi ustma-ust savollarni javobsiz tinglashdan o’zga chora yo’q edi. Rahbarlik vazifam bilan shug’ullanish o’rniga kunim tepadagilarga  korrektura tashish bilan o’tardi. Uyoqda o’tirganlar bosmaga ketishga tayyor qo’lyozmalarga yo’l bermay, stollari ustiga qalashtirib qo’yaverardi"¦
Biz Tog’ay bilan  tez-tez ko’rishib turardik. Mening nima dardda iztirob chekib yurganimni u ham bilar edi. Vaqti kelib, Tog’ay Murod asarlarini chop etmaslikning hech iloji qolmaganidan keyin, ular boshqacha yo’l tutishdi: «Tog’ay Murod yaxshi, iste’dodli yozuvchi ekan. Uning shunaqa asarlari bor ekan-a» qabilida gaplarni aytib, 180 darajali o’zgarishlar kasb etdilar. Ko’ryapsizki, o’shanday qiyin vaziyatlarda ham Tog’ay Murod asarlari dunyo yuzini ko’ra oldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:19:06

Aytmoqchimanki, chinakamiga kuchli asarga hech narsa to’siq bo’lolmaydi: na mafkura qafaslari, na siyosat panjaralari"¦ Haqiqiy iste’dod har qanday zamonada ham o’zini namoyon eta oladi. Tog’ay Murod qissalari kazo-kazolar davrida ham chaqnab, to’siqlarni yorib chiqa oldi.
 Tog’ay Murod ijodni qanday sur’atda boshlagan bo’lsa, ke¬yin ham shu sur’atda davom ettirdi: bir-biridan go’zal qissalar, romanlar yozdi. U  hayotdan erta ketganiga qaramay, bir yozuvchi qilishi mumkin bo’lgan ishlarni bajara oldi. Uncha-muncha ijodkorga nasib etmaydigan muvaffaqiyatga erishdi: u o’z uslubini yaratdi. Adabiyotda yangi  yo’l kashf qildi. Tog’ay Murod ijodi, shaxsiyatini birgina «favqulodda» degan so’z bilan ifodalash mumkin. U boshdan-oyoq favqulodda edi. Favqulodda inson, favqulodda adib edi u. Men Tog’ay Murodni jahon adabiyotidagi falonchi-falonchilarga o’xshatishni xohlamayman. O’xshasa, u faqatgina o’ziga o’xshaydi. Shuning uchun yozuvchi  Tog’ay Murodni adabiyotimizning katta  avlodlari ham hurmat qilishardi.
Tog’ay Murod qissalarida stilistik bo’yoqlar go’zal. Insonning ichki kechinmalari teran. «Oydinda yurgan odamlar» qissasida farzandsizlik balosiga uchragan odamning fojiasi  orqali uning qalb dunyosi g’oyat ta’sirchan ko’rsatib berilgan. «Ot kishnagan oqshom»ning tili,  uslubi yanada go’zal. «Yulduzlar mangu yonadi» qissasidagi ma’naviy kurashni qarang. Bu oriyat uchun kurash, insoniylik uchun mangu kurash"¦
 «Otamdan qolgan dalalar» romanida kenglik bor. Adib olis masofalarni, asrlarni bir g’oya atrofiga  biriktira olgan. Ota-bobolarimizni qayoqdan kelganlarini, hayot va odamlar qanday o’zgarib ketganini chuqur ildizlari bilan ko’rsatgan. Undagi o’ziga xos, shoirona  takroriy iboralar fikrni yorqin ifodalash uchun xizmat qiladi. Bu roman juda salobatli, nodir asar. U haqli ravishda Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. Men mukofot topshirish tantanalarida ham qatnashganman.
«Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi»  romani esa oldingilaridan tamoman farq qiladi. Asar fosh qiluvchi xarakterda yozilgan. Romanda sho’roviy g’oyalarga berilib ketgan odamning fojiasi ko’rsatilgan. Unga rahmingiz  keladi. Hayoti o’tkinchi g’oyalar bilan sug’orilgan va umri shu g’oyalarga xizmat qilish bilan o’tgan insonning oxiri hech narsasiz qolishi fojiasi g’oyatda ishonarli tasvirlangan va faqat Tog’ay Murodga xos, san’atkorona tarzda ko’rsatilgan.
  Hukumatimiz tomonidan Tog’ay Murodga «O’zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni berilgani ham bu haqiqatni, uning katta, noyob iste’dod egasi ekanligini tasdiqlab turibdi. Hali Tog’ay Murod chet ellarda ham o’z tarjimonlarini, o’quvchilarini topadi. Uning asarlarini xorij tillariga o’giradigan ijodkor tarjimonlar paydo bo’ladi. Tarjimon faqatgina o’zbek tilini emas, o’zbek xalqini ham butun mukammalligi bilan bilishi kerak bo’ladi. Tasvirlanayotgan odamlarning fojialarini his qila olishi lozim bo’ladi. Farzandsizlik, odamlar bir-birini tushunmasligidan kelib chiqadigan fojialar"¦ Muvaffaqiyatli tarjima Tog’ay Murod asarlariga yangicha hayot, parvoz baxsh etishi mumkin. Faqat tarjimon asar ruhini bera olishi kerak.
Tog’ay Murod shaxsiy hayotining ba’zi pallalari bilan yaqindan tanishman. Faqatgina yozuvchi Tog’ay Murod emas, inson Tog’ay Murod ham menga yaxshi ma’lum. Tog’ay bilan Ma’sumaning nikoh  to’ylarida bosh-qosh bo’lganman. Ma’sumaxon Ahmedova bizning nashriyotda ishlardi. To’ylari «Shirin» kafesida bo’lgan. Tog’ay Muroddek katta adibning shunday baxtli daqiqalarida birga bo’lganimdan ko’nglim quvonch hissiga to’ladi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:19:17

Ayrim Tog’ay Murodni  bilmaganlar  uni juda qo’rs, o’jar,  gapga sira ko’nmaydigan odam deb o’ylashadi. Lekin til topishsangiz, u juda ochilib,  dildan gaplashardi. Oqni oq, qorani qora, der edi. O’rtada turib uyoq-buyoqqa tovlanishlarni bilmasdi. O’zi juda samimiy bo’lib, oliftagarchilikka tobi yo’q edi.
Shundanmi, uni tushunadigan odamlar kam topilardi. Tog’ayning to’g’riso’zligini ko’pchilik ko’tara olmas edi. Keyingi yillarda  yozuvchi  yolg’izlikni xohlab qoldi. Oylab Parkent tomonlarga ketib, ijod qildi. Tog’ayni biror yig’inlarda yoki Yozuvchilar uyushmasi majlislarida uchratish mushkul edi. Ba’zi ijodkorlardan «Bizni majlislarga chaqirmayapti» qabilidagi nolishlarni ko’p eshitamiz. Tog’ay esa bunday yig’ilishlarga chaqirishmasa xursand edi. Matbuotda ko’rinishga, radio-televidenieda chiqishga, umuman, o’zini ko’z-ko’z qilishga uning hushi yo’q edi. U tog’lar bilan gaplashdi, bog’lar bilan gaplashdi, tafakkur bilan gaplashdi. Haqiqiy yozuvchi bo’lishning siri — kechayu kunduz o’tirib ishlash, izlanish, o’qish, yozish"¦ Tog’ay Murodda shunday printsip bor edi. Xarakteridagi keskinlik, yuzaki voqealarga va yolg’ondakam yaltiroqlikka berilmaslik, yolg’izlikka intilish shundan kelib chiqqan bo’lsa kerak.
U hali xalqimizga ko’plab tafakkur chechaklarini tuhfa qilishi mumkin edi. Bunga kuchi, ilmi, ko’nglidagi tuyg’ulari yetardi. Ming afsuski, qancha asarlar yozilmay qoldi. Tog’ay Murod ezgulikka intiladigan, g’uborlardan xoli, tovlamachiliklardan nafratlanadigan  chin inson, so’zni his qiladigan, adabiyotni sevadigan, o’zi ham unga sodiq  san’atkor-ijodkor edi. U yozuvchi sifatida oldiga katta maqsadlar qo’ydi. Maqsad katta bo’lsa, odam shu maqsadlar bilan yashaydi. Shu ma’noda aytish mumkinki, Tog’ay Murod o’zbek xalqi uchun, adabiyotning rivoji uchun yashab o’tdi. U bilan millatimiz ham, adabiyotimiz ham faxrlansa arziydi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:39:16

UMARALI NORMATOV

JAHON  ADABIYOTIGA  OSHUFTA  KO’NGIL 
 yoxud sokin  qalb  iztiroblari


O’tgan asr 60-yillarining oxirlari. Zilziladan so’ng Tala¬balar shaharchasi biqinida universitet domlalari uchun qurilgan binodan oilamizga ajratilgan xonaga yaqindagina ko’chib borganmiz. Shu orada qadrdonim Mahmud Sa’diy to’ladan kelgan o’rtabo’y bir yigitni boshlab keldi. «Tanisangiz kerak, talabangiz Tog’aymurod Mengnorov, jurnalistika bo’limida o’qiydi, hikoyalar yozadi», deya tanishtirdi hamrohini. Darhol tanidim, u o’qiydigan guruhga «Estetika va adabiyotshunoslik asoslari»dan dars berganman. Esladim: bu yigit darslarda doimo xayol surib, nimanidir shivirlaganday o’zi bilan o’zi ovora — jimgina o’tirar, darsda biror marta ham savol berganini, bahs-munozaralarga aralashganini bilmayman. Nihoyat, sinov vaqti keldi, biletda qo’yilgan savollar bo’yicha shunaqa bulbuligo’yo bo’lib gapira ketdiki, lol bo’lib qoldim, hatto men ko’rmagan, tavsiya etmagan asarlarni ham o’qigani ma’lum bo’ldi. «Uka, shuncha narsa bilar ekansiz, nega seminar darslarida biror kalima ham so’z aytmadingiz?» — desam, «Xarakterim shunaqa»,,  deb qo’ya qolgan edi.
Mehmonlarni ichkariga taklif qildim. Stol tevaragida choyxo’rlik, qizg’in gurung boshlandi. Mahmudjonning taklifi bilan Tog’ay Murod «Zarang tayoq» deb atalgan yangi hikoyasini o’qidi. Hikoyada keksayib qolgan cho’pon va uning o’g’li haqida gap borar, ota qo’lidagi zarang tayoqni kimga topshirishni bilmay xunob, zamona yoshlari, jumladan, o’g’li «podachi» bo’lishdan or qiladi, bu hol qariyani iztirobga soladi. Talaba yoshidagi havaskor yozuvchidan bunday «tayyor» asar kamdan-kam hollarda chiqadi. Hikoyadagi o’ta hayotiy, tabiiy, ta’sirchan lavhalar Mahmudjonni ham, meni ham o’ylatib qo’ydi, har ikkimiz ham u haqda iliq gaplar aytdik. Tog’ay Murod esa maqtov so’zlarimizga parvo ham qilmay, shunday bo’lishini bilganday indamay o’tirardi. Oradan ko’p o’tmay hikoya qaysidir jurnalda chiqdi. Asar matni keyinchalik yozuvchining «Momo-Yer qo’shig’i» qissasiga bir oz o’zgartirishlar bilan kiritildi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:40:11

Odatdagidek, gurung oxirida dasturxonga osh tortildi. Devzira guruchdan manqalda tayyorlangan qip-qizil farg’onacha palovdan tatib ko’rgach, «Palov pishirishni asli farg’onaliklarga chiqargan», deb qoldi. Men ham o’z navbatida «Tandir kabobni esa surxondaryoliklarga chiqargan», deb javob qildim. Kulishdik. «Surxondaryodan bo’lsam ham choyxona palovni xush ko’raman, asli ajdodlarimiz farg’onalik-da», deya ilova qildi. Bu gap chinmi yoki shunchaki ko’ngil uchun hazil tariqasida aytildimi — bilolmay qoldim. Oradan chorak asr o’tib, yozilgan «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi eng nurli siymo «farg’onachi Jamoliddin»ni muallif diliga yaqin olib, chin samimiy ehtirom bilan tasvir etadi. Bu personaj Tog’ayning ajdodlaridan bo’lsa, ajab emas.
Shu-shu, Tog’ay Murodning matbuotda chiqqan har bir asarini kuzatib, o’qib boradigan bo’ldim. U adabiyotga shoshilmay sekingina kirib keldi, ilk mashqlaridan to el og’ziga tushgan «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi chiqqunga qadar o’n yilcha vaqt o’tdi. Har gal unga duch kelganimda «Nega matbuotda kam ko’rinasiz?» — deb so’rasam, hamisha «O’qiyapman, o’rganyapman, jiddiyroq narsa yozishga tayyorlanyapman», degan javobni olardim. Bunday jiddiy tayyorgarlik izsiz ketmadi. Birin-ketin «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» e’lon qilindi, bu asarlarning har biri adabiy hayotimizda jiddiy voqea bo’ldi. Hamkasb munaqqidlar qatori men ham bu qissalar haqida ko’nglimdagi gaplarni aytganman, yozganman.
Tog’ay nihoyatda bosiq, vazmin ko’rinsa-da, ta’bi o’ta nozik, kuyunchak odam edi. Sal narsaga birdan lovillab ketardi. Yozuvchilar uyushmasidagi majlislardan birida «Momo-Yer qo’shig’i» xususida iliq gaplar bilan barobar qissa bir oz tarafkashlik bilan yozilgani, muallif o’zi suymagan qahramoniga jamiki salbiy illatlarni yopishtiraverganini aytuvdim, zalda o’tirgan Tog’ay shartta o’rnidan turib bunday e’tirozga qo’shilmasligini bildirdi. Shundan keyin anchagacha ko’cha-ko’yda unga duch kelganimda hatto salomimga alik ham olmay yurdi.
90-yillar boshlari bo’lsa kerak, yangi bitgan hovlimizga kutilmaganda Tog’ayning tanho o’zi kirib keldi. O’sha kezlari shaharda tarqalgan grippdan aziyat chekib, endigina o’zimga kela boshlagan, dilimga yaqin suhbatdoshni qo’msab yotgan edim. Boz ustiga, oradagi ginaxonlikni unutib, Tog’ayning xonadonimizga kirib kelishi ko’nglimni tog’day ko’tarib yubordi. Odatdagiday non-choy, Tog’ay xush ko’radigan devzira guruchidan o’choqda tayyorlangan farg’onacha palov... Eng muhimi, tun yarmigacha davom etgan ham maroqli, ham dardu hasratlarga to’la hazin suhbat. Tog’ay meni o’ziga yaqin olib, dilidagi jamiki dardu dunyosini to’kib soldi. O’sha kuni men Tog’ayni yangidan kashf etganday bo’ldim. U haqdagi avvalgi tasavvurlarim go’yo ostin-ustin bo’lib ketdi. «Domla, Ma’sumaga uylanganimdan xabaringiz bor, — deya eng aziz, nozik dil rozini ocha boshladi. — U alomat ayol, yaxshi yozuvchi. Dunyoda onamdan keyin meni tushunadigan, qadrimga yetadigan zot shu! Turmushimiz joyida. Faqat birgina armonimiz — tirnoqqa zormiz. Shifokorlarga qaratdik. Ikkimiz ham soppa-sog’. Allohning o’zi bermasa, iloji yo’q ekan...»

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:40:24

Darhol «Oydinda yurgan odamlar» xayolimdan o’tdi. Qoplon timsolida Tog’ay o’z dardu dunyosini tasvirlagan ekan-da, degan o’yga bordim. Shu haqda so’z ochgan edim, Tog’ay: «E, domla, «Oydinda yurgan odamlar»ni to’yimizdan besh yil burun yozganman. Oldindan qilingan bashoratmi, intiutsiya karomatimi yoki peshonaga bitilganimi, qarang, o’zim yaratgan Qoplonning kuni o’zimning boshimga tushib o’tiribdi...» — dedi.
Tog’ayning qayta qurish, oshkoralik davri alg’ov-dalg’ovlari, ma’naviy hayotdagi evrilishlar, ziyoli ijodkorlar davralaridagi behuda dahanaki janglar xususidagi hasratlaridan chang chiqardi. Ikki-uch yozuvchi-shoirdan boshqa barcha-barchasi unga begona, u menga go’yo g’animlar qurshovida qolganday tuyuldi o’sha topda. «Qaysi davraga kirsam, ijod o’rniga g’iybat, men bunaqa davralardan o’zimni chetga olib yuradigan bo’lib qoldim», deya hasratlariga yakun yasaganday bo’ldi.
Bir oz sukutdan keyin yana qizishib so’zida davom etdi: «G’animlarimning da’vosicha, go’yo men etnograf, shunchaki baxshi qalamkash emishman. «Denovdan nariga chiqolmaysan, naryoqda nimalar bo’layotganini ko’rmaysan, jahon adabiyotidan bexabarsan, modernizm nima, absurd, ong oqimi nima — bilmaysan, Nitsshe, Freyd, Kafka, Joys, Kamyuga tishing o’tmaydi»,, deya tashlansalar bo’ladimi menga bu «bilag’on» nodonlar. Ishoning, Umarali aka, men Nitssheni, Freydni, Kafka, Joys, Kamyularni, modernizm adabiyotini ulardan kam emas, ortiqroq bilaman. Nitsshe «Zardusht»ini, Kafka «Jarayon»ini, Kamyu «Begona»si bilan «Vabo»sini bir emas, bir necha bor o’qib chiqqanman. Joysning «Uliss»ini ham «Inostrannaya literatura»da ruscha tarjimasi chiqmasdan burun qo’lyozmasini topib o’qiganman, hatto uni o’zbekchaga tarjima qilishni ko’nglimga tugib qo’yganman. Bu oliftalarning moderncha mashqlari taqliddan nariga o’tmaydi, yozganlari tarjimaga o’xshaydi. Men ularga haqiqiy «o’zbekona modern», «o’zbekona absurd», «o’zbekona ong oqimi» qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’yaman...»

Qayd etilgan