Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122300 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 12:40:41

Sirtdan o’ta bosiq, tabiatan sokin ko’ringan bu odamning qalbida shunchalar dard, iztiroblar borligidan ogoh bo’lib hayratda qoldim.
Zamonaviy jahon falsafasi, adabiyoti, ularning ulkan namoyandalari, men eshitgan, eshitmagan, o’qigan, o’qimagan asarlar haqida shu qadar to’lib-toshib gapirdiki, ko’plar nazarida «etnograf, baxshi qalamkash» bo’lib ko’ringan bu o’g’lonni teran fikrlaydigan zamonaviy yetuk bir faylasuf, zabardast zamonaviy mutafakkir adib qiyofasida ko’rib, ich-ichimdan quvondim. Bu beorom qalb sohibi, mutafakkir ijodkor yaqin kelajakda milliy adabiyotimizda albatta jiddiy badiiy kashfiyotlar yaratajagiga ishonch hosil qildim. Adibning galdagi «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» asarlari mendagi mana shu ishonchni to’la oqladi, deb dadil ayta olaman.
Har ikki asarda yozuvchining o’z asri, zamonasi, zamondoshlari haqidagi o’y-mushohadalari, qalb iztiroblari to’la-to’kis ifodasini topgan. Tog’ay Murod tanqidchilikda ko’proq an’¬anaviy baxshiyona yo’nalishdagi yozuvchi sifatida talqin qilinadi. Buning uchun muayyan asos bor, albatta. Til, ifoda, ohang tarzi qadim dostonlarni yodga soladi. U folklor tajribalariga tayangan holda milliy nasrimizda yangicha betakror uslub ixtiro etdi. Biroq uning adabiyotimizdagi eng jiddiy badiiy kashfiyoti, menimcha, shaxs talqinidagi yangilikdadir. Bu borada o’zi sevib o’qigan, o’rgangan Kafka, Joys, Kamyu bisotlaridan o’tgan nimalardir bor: shaxs tabiati, baxti, baxtsizligi, qismati talqinida Tog’ay XX asr jahon modern adabiyotining eng muhim tamoyillariga hamohang yo’llardan bordi. Shaxsni ijtimoiy mavjudot sifatida anglashdan butunlay chekinmagan holda, uning qismatidagi sirli-sehrli, ilohiy, tushunish, tushuntirish mushkul bo’lgan sir-sinoatlar, tug’ma tabiiy omillarning rolini — o’rnini favqulodda bir mahorat bilan ochib beradi, inson ruhiyatining g’aroyib nag’malarini, qon-qoniga singib ketgan aqidalar uni ne-ne ko’ylarga solishini, mana shunday kimsalarning fikrlash yo’sinidagi — tafakkur oqimidagi jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatadi, chuqur badiiy tahlil etadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:40:58

Men ushbu xotiralarni qog’ozga tushirishga hozirlik ko’rayotgan kezlarim jahon adabiy hayotida g’aroyib bir voqea sodir bo’ldi.  Biz shu paytga qadar ulkan yozuvchi-adiblarning tug’ilgan, buyuk asarlarining dunyoga kelgan sanalarini yubiley sifatida nishonlashga odatlanganmiz. Bu galgisi o’zgacha bo’ldi: irlandiyaliklar 2004 yil 16 iyun kuni «Uliss» romanida tasvir etilgan voqealarning 100 yilligini ulkan bayram sifatida nishonladi. Televideniening «Bi-Bi-Si» kanali ayni romanda aks etganidek, o’sha kuni ertalab soat 8 dan tungi 3 ga qadar Dublin ko’chalaridan, asar voqealari yuz bergan manzillardan, qahramonlari yurgan so’qmoqlardan reportajlar berib bordi. Bu noyob asar, uning muallifi qismatiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirildi. Roman o’z Vatanida ham o’tgan asrning 60-yillariga qadar qadrlanmagani, tahdidu ta’qiblarga duchor bo’lgani, romanni anglash nihoyatda qiyin kechgani va nihoyat yangi zamon oqillari «Uliss» keyingi yuz yillikda ing¬liz tilida yaratilgan eng yaxshi asar, degan xulosaga kelganligi ta’kidlandi. Joysning jahon adabiyoti tarixidagi eng muhim kashfiyoti shundan iboratki, u «Uliss»ga qadar mavjud adabiy qoliplarni buzib, insonning asl fikrlash tarzi suratini chizib berdi. Akademik D. Lixachev so’zlari bilan aytganda, «Uliss» daho insonning fikrlash tarzi, tafakkur mevasidir. Inson zakovatini o’rganish sari qo’yilgan jiddiy qadam, inson va hayotning yangicha madhiyasidir.
Men teleekran qarshisida shu reportaj, maroqli suhbatlarni tomosha qilar ekanman, 80-yillar sharoitida, «Uliss» romani hatto rus tilida chop etilmagan kezlari, Tog’ay Moskvada ta’lim olib yurgan chog’lari bu asarni qo’lyozma holida topib  o’qib-o’rgangani, uni o’z ona tiliga tarjima etishga ahd qilgani, matbuotdagi bir intervyusida kitobxonlarga bu haqda va’da berganini esladim. Bilmadim, Tog’ay Murodga qadar yana qaysi o’zbek ziyolisi, adibi «Uliss»ni o’qigan, astoydil o’rgangan ekan... O’sha kuni Tog’ay xonadoniga — uning vafodor turmush o’rtog’i Ma’suma Ahmedovaga telefon qilib, «Uliss» tarjimasi taqdirini surishtirdim. Ma’sumaning aytishicha, Tog’ay haqiqatan ham «Uliss» romanining kattagina qismini, yuz sahifasini tarjima qilgan ekan. Afsus, qo’lyozmaning taqdiri noma’lum: yo tarjima tarjimonga yoqmay yo’q qilingan,  yoki qaergadir tashlab qo’yilgan.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:41:47

Joys, shuningdek, Kafka, Kamyu singari XX asrning buyuk siymolari ijodi, shoh asarlariga astoydil qiziqish adibning ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirgani ayon. Qarang, «Jarayon», «Uliss» voqealari tor  bir makon — Praga, Dublin shaharlari hududida yuz bergani singari «Otamdan qolgan dalalar»da, asosan bir jamoa xo’jaligi, «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanida esa kichik bir shaharcha doirasidagi hodisalar qalamga olinadi. Kafka, Joysdagi kabi Tog’ay Murod romanlarida ham asosan bosh qahramonning ruhiy sarguzashtlari, qalb iztiroblari tahlili asarlar asosini tashkil etadi. «Jarayon»dagi kabi totalitar rejimning begunoh odamlarni jinoyatchiga chiqarish mexanizmi zo’r mahorat bilan aks ettiriladi. Boz ustiga, Tog’ay o’z asarlarida Kamyu tasvirlagan Sizifning tosh dumalatishdan iborat azobli, behuda-besamar faoliyatini eslatadigan qahramonning ma’nisiz o’tgan hayot yo’lini teran tahlil etish yo’lidan boradi. «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani esa boshdan-oyoq Joys tajribasini esga soladigan, personajning ichki monologi — asov tafakkur oqimi ifodasiga qurilgan. Biroq biror o’rinda ham na «Jarayon»ga, na «Uliss»ga oshkora taqlid yo’q. Muallifning o’z so’zlari bilan aytganda, sof «o’zbekona modern», «o’zbekona absurd», «o’zbekona ong oqimi»...
Qisqasi, Tog’ay Murodning keyingi yirik asarlarida XX asr jahon adabiyotining nodir namunalari bilan shu xil mushtarak jihatlar bisyor. Dadil aytish mumkin: Tog’ay Murod shunchaki «mahalliy» qalamkash emas, yangi jahon adabiyoti mezonlari bilan yondashganda ham to’laqonli romanlar yaratgan yetuk zamonaviy san’atkordir.
Tog’ay Murod o’z sha’nini, qadrini, darajasini bilgan, har qanday kamsitishlarga murosasiz, ammo maqtovlarga aslo uchmaydigan g’ururi baland so’z san’atkori edi. Hech qachon uning o’zgalardan o’zi haqida maqtov, shirin so’z kutib yaltoqlanganini ko’rgan emasman. Aksincha, maqtovlardan qochib yurardi. «Otamdan qolgan dalalar» romanining Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamasiga maqtov so’zlar aytilishini bilib atay kelmagan edi. Roman haqida «Xalq so’zi»da maqola   chiqqanda, mening qalamimga mansub uning ijodiy portretiga oid mo’’jazgina ishim «XX asr o’zbek adabiyoti tarixi» darsligiga kiritilganida, nihoyat «O’zbekiston adabiyoti va san’ati»dagi «Eng muhim muammo» sarlavhali suhbatimda «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani xususida ko’pchilikka ma’qul tushgan yangicha kuzatishlarimni aytganimda — biror marta ham o’zga adiblar singari menga telefon qoqib, minnatdorchilik bildirgani yo’q.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:43:01

So’nggi kitobi «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanini ham avtografsiz jiyani orqali menga berib yuborgan edi. Mening u haqda yozganlarim unga ma’lummikan, ma’lum bo’lsa, ma’qul tushganmikan degan o’y-xayolda yurardim. Tog’ay vafotidan keyin Ma’sumaxon mening har bir chiqishimdan u xabardor ekani, «Umarali aka meni oliy o’quv yurti darsligiga ravo ko’ribdi», deya benihoya minnatdor bo’lgani, hatto «Otamdan qolgan dalalar» haqidagi maqolam chiqqan «Xalq so’zi»ning bir do’kondagi hamma sonlarini sotib olib, avaylab saqlagani haqida gapirib berdi. Bilamanki, ko’nglidagi minnatdorchilik  tuyg’ularini menga oshkor etishga   g’ururi yo’l bermagan.
Shu kunlargacha Tog’ay Murod to’g’risida yozgan narsalarim saviya-darajasi o’zimga ayon, ular har jihatdan Tog’ay Murod badiiy kashfiyotlari darajasida emasligini sezib turaman. Lekin Tog’ay Muroddek g’aroyib siymo, noyob iste’dod egasi yozganlarimdan mamnun bo’lgani, bu dunyodan mening kamtarona ishlarim uchun minnatdor holda ketganligidan kechikibroq bo’lsa-da, xabardor bo’lish men uchun katta baxt!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:43:45

NOSIR FOZILOV

UKADEK  AZIZ,  DO’STDEK  QADRDON EDI 


Yaxshi odam haqida, ayniqsa o’zingga yaqin odam haqida xotira so’zlash qiyin. Masalan, Tog’ay Murod haqida u falon yili  Surxonda tug’ilgan, falon, pismadon asarlari bor, talay-talay unvonlaru nishonlarga sazovor bo’lgan, desak quruq gap bo’lib qoladi. Buni hurmatli olimlarimiz gapirgani ma’qul. Biz esa ko’proq Tog’ayning odamgarchiligi, fe’l-atvori haqida gapirganimiz ma’qul.
Men Tog’ay Murod bilan qaerda, qay yo’sin tanishganligimni hech eslay olmayman... Bu haqda harchand o’ylanmay, baribir, xotirlay olmadim. Nazarimda, men uni bolalik chog’idan, o’sha maktabda o’qigan yillaridan beri, qo’liga qalam olib, dastlabki asarlarini yoza boshlaganidayoq taniganga o’xshayman. Yo tavba, buning sababi nimada deb o’ylab qarasam, hayotimizdagi ba’zi jihatlarning mushtarakligida ekan. Men bu shahri azimga Turkiston degan shahardan kelganman. Ahmad Yassaviy tavallud topgan tabarruk tuproqda tug’ilganman. Bizning ham dashtu dalalarimiz keng va yassi, uning etaklarida biz uchun qadrdon — Qoratog’ tizmalari yastanib yotibdi... Tog’ay ham Surxondagi Xo’jasoat qishlog’idan, azim tog’lar yurtidan kelgan, mabodo undan tog’lar haqida, o’zi tug’ilib-o’sgan kengliklar haqida so’rab qolsangiz, xuddi shoir bo’lib sayrab ketishi kaminaning ko’ngliga juda yaqin edi. Uni  bolalikdan birga o’sgan qadrdonday ko’rishimning boisi shunda ekan.
Men Tog’ayni «polvon» deb chaqirardim. O’zingiz bilasiz, Surxondaryo polvonlar yurti. O’zi ham gavdasi buzuq, yelkasi keng, ko’zlarida mung bor bola edi. U odam bilan tez yaqinlashib, shatir-shutur gaplashib ketavermas edi. Indamay, vazminlik bilan gapingizni eshitib o’tirardi. Mening Tog’ayni yaxshi ko’rishim uning tog’u dashtni yaxshi bilishidan edi. Ayniqsa, u chorvani yaxshi bilardi. U ot haqida asar yozdi. Bu borada o’zbek adabiyotida uning oldiga tushadigani yo’q, desam mubolag’a bo’lmaydi. Bu fazilat ham menga tanish. Men ham asarlarimda daryolar, qamishzorlar, to’qayzorlar haqida ko’p  yozganman. Lekin Tog’ay ot haqida  yozganida shunaqa chiroyli tasvir qila oldiki, u tasvir qilgan otni beixtiyor «Boychibor» deb yuborging keladi!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:44:09

Bir mahallar shunaqa bo’ldiki, ustoz Said Ahmad «Jimjitlik» romanini boshlaganida (bu asarda ot haqida, uning fe’l-atvori haqida gap borar edi), ustoz mendan ot haqida maslahat oldi. Kunlardan birida uyushmada ko’rishib qolib: «Men ot haqida yaxshi biladigan zo’r maslahatchini topdim», deb maqtanib qoldi. «Kim ekan u zo’r?!» — deb so’rasam, Tog’ay Murodni aytdi. Buni qarangki, ustoz qanchalik katta yozuvchi bo’lmasin, baribir u kishi shaharlik-da, Tog’aydan maslahat olibdi. Buning hech aybi yo’q. Yozuvchi ko’rgan narsasini yozsa ta’sirliroq chiqadi. Bu ayni haqiqat. Ot haqida ustoz muayyan tasavvurga ega bo’lmasligi tabiiy, lekin u odamlar haqida va  ularning o’zaro muloqotlari haqida qalam tebratganida ustasi farang bo’lib ketadi. Ustozimiz Said Ahmadki undan o’rganibdimi, demak, Tog’ay ham ma’lum ma’noda  ustoziga ustozlik qilibdi.
Tog’ay Murod juda kamsuqum yigit edi. Tahririyatlarga ham bo’lar-bo’lmasga kelavermas edi. 80-yillarda men  G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlab yurgan kezlarimda Tog’ay Murod Ma’sumaga uylangan edi. Ma’suma o’sha paytlari nashriyotda biz bilan birga ishlardi. Men har kuni unga: «Polvon qalay? Salom deb qo’ying!» — deb  turardim. Ma’suma ham o’z navbatida uning salomlarini menga yetkazib turardi. Tog’ay Murod  jimgina uyda o’tirib, asarini yozish bilan mashg’ul edi.
U quvonganida bamisoli qush bo’lib uchguday yengil tortib ketardi. Esimda, 1985 yil Tog’ay ikkalamizga Yozuvchilar uyushmasining mukofotlari berildi. Yozuvchilar bog’i — Do’rmonda Uyg’un aka, Turob To’la, Abdulla Oripovlar bor edi. Tog’ay Murodga «Oybek», menga esa «G’afur G’ulom» mukofotini topshirishdi. Men uning qattiq quvonganini o’shanda ko’rganman... Mukofotlarni oldigu, uyoq-buyoqqa  qaramay shaharga shoshildik. Ikkalamiz mening mashinamda kelyapmiz. Ko’kraklarimizda hozirgina olgan mukofotlarimizning nishonlari yarqirab turibdi. Tog’ayning og’zi qulog’ida: «Aka, bo’lar ekan-ku!» — deb iljayadi menga qarab. Mening kayfiyatim ham shunga yaqinroq edi. Men uni yo’l-yo’lakay uyida qoldirib, Chilonzorga o’tib ketganim esimda.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:44:46

U xafa bo’lsa ham dardini birovga aytmasdi, xuddi birov bilan urishganday bo’lib, qovog’ini solib yurardi.  «Sharq yulduzi» jurnalida ishlab yurgan kezlarim mening oldimga uni Mahmud Sa’diy olib kelgan edi. U dastlabki qissalarini tahririyatlarga olib kelganda u yerda «nari tur-beri tur», deb ko’nglini qoldirganlar ham anchagina edi. Mening odatim shuki, uzoq tumanlardan, viloyatlardan kelganlarni, ularning jindek bo’lsa ham iste’dodi borligini sezsam, dalda berishga, uning asarini bir amallab bo’lsa ham yoruqqa chiqarishga harakat  qilardim. Tog’ayning tahririyatimizga olib kelgan dastlabki qissasi ham xuddi shunday chop etilgan.
 Tog’ay ikkinchi qissasini yozib tugatgach, kunlardan birida Murod Xidirov bilan birga uzun-qisqa bo’lib biznikiga kirib kelishdi. Tog’ayning qo’lida bitta o’rtamiyona  qovuni bor. «Nima gap?» — deb so’rasam, «Qissamni olib borsam, ba’zilar tixirlik  qilyapti.  O’zingiz bir  qo’llab yubormasangiz bo’lmaydi, aka!» — dedi.
— Shunga  qovun ko’tarib kelish kerak ekanmi? — dedim men. — Agar asar yaxshi bo’lsa o’zi tortib ketadi. Nochor bo’lsa, bir arava qovun olib kelsangiz  ham  o’tkazolmaysiz, uka...
Kulishdik. Ancha vaqtgacha balkonda hangomalashib o’tirdik. O’sha asar oradan hech qancha vaqt o’tmay  G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etildi. O’zim muharrirlik qildim. Tog’ay menga  3-4 ta kitobni dastxat bilan bergan edi, javonimda turibdi.
Yozuvchini bamisoli shamchiroqqa o’xshatish mumkin. Shamchiroqqa vaqt-vaqti bilan yog’ quyib turmasangiz, piligi kuyib tamom bo’ladi-qoladi... Yozuvchi ham  hayotni sinchkovlik bilan kuzatmas ekan, o’z ustida ishlamas ekan, mashq qilmas ekan, haligi aytganimiz chiroq kabi «pis» etib o’chadi-qoladi. Tog’ay  yiliga bir-ikki marta tug’ilgan  qishlog’iga borib kelardi. Tog’larni ziyorat qilardi, dashtlarni kezardi. O’sha yerdagi oddiy mehnatkashlar bilan gaplashardi, yurti havosidan qonib-qonib nafas olardi. Ot minib qishloqlar oralardi. Bularning hammasi yozuvchi uchun o’tgan xotiralarini eslash, ba’zilarini tiklash uchun zarur unsurlar o’rnini o’tar, shu tariqa  yozilajak asari uchun tanavor to’plar edi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:45:03

Xullas, Tog’ay kunlarning birida Moskvaga o’qishga ketadigan bo’lib  qoldi. Gapning ochig’i, dastlab men uning bu niyatini unchalik  yoqtirmadim. O’sha kezlarda o’rislarning  Sergey Petrovich Borodin degan «katta» yozuvchisi Toshkentda yashab ijod  qilardi. Uyushmada bo’ladigan birorta anjumanni o’tkazib yubormasdi. Hammasida ishtirok etar,  qariyb hamma majlisda emin-erkin nutq so’zlardi. Kunlardan birida, uyushmada majlis bo’lib qoldi. U paytda uyushma Hadicha Sulaymonova ko’chasida, sobiq Navoiy kutubxonasining ro’parasida edi. Majlisda ko’riladigan masalalar orasida o’zbek  yozuvchilarini Moskvaga o’qishga jo’natish tadbiri ham bor ekan. Xuddi shu masala ko’tarilganida Sergey Petrovich so’z olib:
— Zachem? — deb qoldi kuyunchaklik bilan. — Hech qaerda yozuvchilikni o’rgatadigan maktab yo’q va bundan keyin ham bo’lmaydi. Yozuvchilik — bu xudo bergan ne’mat. Hozir ularni yuborasizlar. Boradi, o’qiydi, bilimi oshadi. Bilimi oshgandan so’ng o’zida bor, amal-taqal qilib yurgan narsalarini ham mensimay qo’yadi. Keyin yozmaydi, vassalom!
O’sha kezlarda Sergey Petrovichning gaplarini tasdiqlaydigan voqealar ko’p edi: Moskvaga o’qishga borgan ba’zi yozuvchilar o’qib bilimi oshgach, o’zi bilganlarini  mensimay, umuman, yozuvchilikni tashlab ketganlari ham bo’ldi. Men ularning ism-shariflarini aytib o’tirmayman. Bu bor gap. Shuning uchun ham men Tog’ayning Moskvaga borib o’qishini xush ko’rmaganman. Endi men o’sha paytda Sergey Petrovichning fikrlari g’olib kelib, noto’g’ri fikrlaganimni, noto’g’ri xulosa chiqarganimni payqab turibman. Tog’ay Moskvadan o’qishni tugatib kelgach, xuddi tog’dagi tiniq buloqning ko’zi ochilganday iste’dodi ochilgandan, ochilib ketdi. U butun kuchini, qobiliyatini ijod  qilishga bag’ishladi. Mashhur «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanlari, nazarimda, ana shu o’qish davrining, olgan nazariy bilimlarining natijasi  bo’lsa ajabmas. Agar Tog’ay uyoqqa borib o’qib kelmaganida, bilmadim, bu asarlarini yoza olarmidi yo yo’qmidi? U ko’zi ochilib, ulkan adabiyot bilan, chet el adabiyotlari bilan tanishib kelgandan keyin mazkur asarlarini yozdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:45:19

Unda istiqlolimiz tufayli qandaydir katta bir jur’at paydo bo’ldi. Shu katta jur’at tufayli erkin fikrlash paydo bo’ldi. «Otamdan qolgan dalalar» romanini yozishga jur’at qildi. Sho’ro tuzumi mehnatkash xalqni ayovsiz ezib yuborganini dadil va rostgo’ylik bilan yozdi. Buni hamma tan oldi. Shuning natijasi bo’lsa kerak, unga Abdulla  Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berildi... Bu hukumatimizning yozuvchiga bergan bahosi. Keyinchalik Tog’ay Murodga «Xalq yozuvchisi» degan yuksak unvonning berilishi ham xalqimizning yozuvchiga bo’lgan hurmati ramzi bo’ldi, desak xato bo’lmas. «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani ham, shubhasiz, dadil asar bo’ldi.
Tog’ayning «Ot kishnagan oqshom» qissasi chop etilishida mening ham hissam borligini boya aytib o’tgan edim. Uning asarlarida shira bor, milliylik bor, adibning aytadigan gaplari bor. «Ot kishnagan oqshom» qissasi Yo’ldosh Oxunboboev nomidagi Yosh tomoshabinlar teatrida rejissyor Olimjon Salimovning instsenirovkasi bo’yicha  sahnaga qo’yildi. Ba’zilar aytishi mumkin: «Xo’sh, nima bo’pti, rejissyor o’zi instsenirovka qildi, o’zi qo’ydi», deb. Yo’q, agar asarning negizida gapi bo’lmasa, rejissyor uni hech narsa qilolmaydi. «Xo’p, olib chiqsa nima bo’pti?!» — ham deyishar. Bizda nima ko’p — sahna asari ko’p. Shularning ichidan faqat Tog’ayning asarini tanlab, qardosh Qozog’iston Davlat akademik teatri o’z sahnalarida qozoqchaga o’girib gumburlatib qo’yayotganiga nima deysiz? Bu tasodifmi? Yo’q, bu tasodif emas.  Asarda qozoq birodarlarimizga ma’qul keladigan biror gapi borki, sahnalashtirgan.
Shu paytgacha Abdulla Qahhorning «Og’riq tishlar»i bilan Said Ahmadning «Kelinlar qo’zg’oloni» qozoq sahnasi yuzini ko’rgan edi. Bular ilgarigi davrda edi. Tog’ay Murodniki esa  istiqlolimiz davriga to’g’ri keldi. Davr masalasini hisobga olsak, unda qardoshlar sahnasiga chiqqan bizning asarimiz yakkayu yagona  shu Tog’ay Murodniki bo’lib qoladi. Shuning o’zi ham ancha narsani anglatmaydimi, axir? Bu asar, demak, qardoshlarimizga ham ma’qul bo’libdi. Nimasi ma’qul bo’ldi ekan? Ma’lumingizki, Qozog’iston asosan chorvador respublika. Paxtachilik  qanchalik bizning milliy xarakterimizni belgilaydigan bo’lsa, ularda chorvachilik, chorva aksari xalqning kasb-korini belgilaydigan soha. Ot, qoramol, qo’y, echki qozoqlarning joni. «Ot kishnagan oqshom» asari faqat ot kishnagani uchun emas, balki tasvirlanayotgan ob’ektga munosabati bilan, odamlarning dardini haqqoniy ayta bilgani bilan ham qardoshlarimiz sahnasi yuzini ko’rishga munosib deb topildi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:45:31

Ba’zan-ba’zan nega bizning adabiyotimiz jahonga chiqmaydi, deganga o’xshagan gap-so’zlar bo’lib turadi. Jahonga chiqish uchun biz yaratgan asarlarda jahonshumul muammolar ko’tarilishi, baquvvat-baquvvat qahramonlar yaratilishi kerak. Men hech ikkilanmay aytishim mumkinki, Tog’ay Murodning keyingi romanlari, agar malakali tarjimonning qo’liga tushib, ko’ngildagidek tarjima qilinsa, boshqa yurtlardagi o’quvchilarning javonlaridan ham o’rin olishi turgan gap. Men shu yoshga kirib shunga amin bo’ldimki, yozuvchidan keyin uning asarlarini targ’ib qiladigan kimdir qolishi kerak ekan. Mana, Ma’suma  shu yo’ldan borib jon kuydiryapti. Tog’ay Murodning asarlarini chet tillarga tarjima qilib chop etilishi uchun ham uni qo’llab-quvvatlab turadigan tashkilot, jonkuyar odam bo’lishi kerak. Menimcha, uning asarlaridan biri xalqaro tillardan biriga tarjima qilinib chop etilsa bas, uyog’ini asarning o’zi tortib ketadi.
Tog’ay menga ukadek aziz, do’stdek qadrdon edi. Nachora, Ollohning irodasi ekan, umri qisqa bo’ldi. Yashab, ijod qilib yursa bo’lardi. Afsuski, yaratgan  Egam o’zi berganini o’zi oladi. Lekin Tog’ay Murod ozgina yashagan bo’lsa ham sozgina asarlar yaratib, o’ziga haykal qo’yib ketdi.
Ukamizning joyi jannatda bo’lsin!

Qayd etilgan