Sirtdan o’ta bosiq, tabiatan sokin ko’ringan bu odamning qalbida shunchalar dard, iztiroblar borligidan ogoh bo’lib hayratda qoldim.
Zamonaviy jahon falsafasi, adabiyoti, ularning ulkan namoyandalari, men eshitgan, eshitmagan, o’qigan, o’qimagan asarlar haqida shu qadar to’lib-toshib gapirdiki, ko’plar nazarida «etnograf, baxshi qalamkash» bo’lib ko’ringan bu o’g’lonni teran fikrlaydigan zamonaviy yetuk bir faylasuf, zabardast zamonaviy mutafakkir adib qiyofasida ko’rib, ich-ichimdan quvondim. Bu beorom qalb sohibi, mutafakkir ijodkor yaqin kelajakda milliy adabiyotimizda albatta jiddiy badiiy kashfiyotlar yaratajagiga ishonch hosil qildim. Adibning galdagi «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» asarlari mendagi mana shu ishonchni to’la oqladi, deb dadil ayta olaman.
Har ikki asarda yozuvchining o’z asri, zamonasi, zamondoshlari haqidagi o’y-mushohadalari, qalb iztiroblari to’la-to’kis ifodasini topgan. Tog’ay Murod tanqidchilikda ko’proq an’¬anaviy baxshiyona yo’nalishdagi yozuvchi sifatida talqin qilinadi. Buning uchun muayyan asos bor, albatta. Til, ifoda, ohang tarzi qadim dostonlarni yodga soladi. U folklor tajribalariga tayangan holda milliy nasrimizda yangicha betakror uslub ixtiro etdi. Biroq uning adabiyotimizdagi eng jiddiy badiiy kashfiyoti, menimcha, shaxs talqinidagi yangilikdadir. Bu borada o’zi sevib o’qigan, o’rgangan Kafka, Joys, Kamyu bisotlaridan o’tgan nimalardir bor: shaxs tabiati, baxti, baxtsizligi, qismati talqinida Tog’ay XX asr jahon modern adabiyotining eng muhim tamoyillariga hamohang yo’llardan bordi. Shaxsni ijtimoiy mavjudot sifatida anglashdan butunlay chekinmagan holda, uning qismatidagi sirli-sehrli, ilohiy, tushunish, tushuntirish mushkul bo’lgan sir-sinoatlar, tug’ma tabiiy omillarning rolini — o’rnini favqulodda bir mahorat bilan ochib beradi, inson ruhiyatining g’aroyib nag’malarini, qon-qoniga singib ketgan aqidalar uni ne-ne ko’ylarga solishini, mana shunday kimsalarning fikrlash yo’sinidagi — tafakkur oqimidagi jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatadi, chuqur badiiy tahlil etadi.