Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122263 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 12:46:18

NE’MAT AMINOV

KUYOV  SARPOSI  IZLAB...                                                 
(Yozuvchi Tog’ay Murod haqidagi xotiralardan)

Olloh rahmatiga olgan bo’lsin, Tog’ay Murod yorqin ranglar, munis-munis ohanglar yozuvchisi edi. U qissa bitmasdi. balki bor ovozi bilan hazin-hazin sher o’qirdi, qo’shiq aytardi. Bu she’rda o’ziga xos sirli ohang, joziba ohanrabodek jilolanib turadi.
Darhaqiqat, Tog’ay Murodning dastlabki qissalari — «Oydinda yurgan odamlar», «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan  oqshom» ana shunday asarlar jumlasidandir. Shu xil o’zbekona tilda yozish uchun Tog’ay Muroddek ko’klarga xos mag’rur, moviy bir xarakterga, xuddi o’shandek ichki bir kamtarlikka ega bo’lish lozim edi.
Esiz odamzot! Ming afsus, endi uning qo’shiqlaridan fonogramma emas, balki o’z ovozida aytilgan asl nusxalar qoldi.
Xudo ko’rsatmasin, agar uni Turgenev va Tolstoy singari ayrim daho duelparast ijodkorlarga o’xshab jangarilikda ayblasak, Tog’ay Murodning ruhini ranjitib, uning pok nomini benom qilgan bo’lar edik.
Ochig’i, men bu yigitni ahyon-ahyonda uyushma yig’ilishlarida uchratib qolardim. U o’ziga xos bir mag’rurlik bilan o’ng qo’lini kostyumi yoki shimi cho’ntagiga solganicha, zalning eng orqa qatoridagi o’rindiqlardan biriga borib o’tirar va mag’rurona tinglardi. U haqda birinchi marta yozuvchi sifatida emas, balki shofirkonlik bir shaxmatchi yigit bilan aytishib qolgani to’g’risida kimdir qo’shib-chatib hikoya qilib  berganida orqavoratdan eshitganman. Aytishlaricha, haqiqatan ham, bir oz havoyiroq shaxmatchi yigit ham sportchi, davra ko’rgan Tog’ay Murod ham sportchi. Bu voqeani o’z ko’zi bilan ko’rgan odamlarning hikoya qilishlaricha, shaxmatchining sal-pal havoyiligi tufayli raqibi bilan oddiy «santak-mantak» mushtlashuv darajasiga borib yetadi.
Tog’ay Murodning o’ng qo’li uning og’iz-burniga to’g’ri keladi. Sho’rlik shaxmatchi jonholatda uning ko’rsatkich barmog’ini g’arch etib tishlab olib, «puf» degancha bir chetga tupurib tashlaydi. Buni, shu janjalning guvohi  bo’lgan buxorolik talabalardan ham eshitganman...
Shu-shu, polvonsifat yigit — bo’lajak mashhur yozuvchining talabalik davridagi arzimas janjaldan (antiqa jangda musht o’rniga tish g’olib chiqqandi) ko’rsatkich barmog’i salkam bir bo’g’in cho’ltoq bo’lib  qolgan edi.
Bu voqea har ikkala  raqib orasida sir bo’lib qoldi.   Mana, bugun 1984  yilning   kuzida o’n  olti  qavatli  «Sharq» Birlashgan nashriyotining o’ninchi qavatida «Mushtum» jurnali idorasida ishlab o’tirsam, pastdan  ichki telefon jiringlab qoldi:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:47:22

—  Labbay?!
—  Allo! Men Tog’ayman.
—  Qaysi tog’am, deysiz ?
—  Men yozuvchi Tog’ay Murodman!
—  E, bunday deng? Xo’sh, xizmat?!
— Pastga tushasizmi? Yoki sizni xor qilib o’tirmay o’zim chiqib boraymi?
—  Qaerdasiz?
—  Melisani   yonidaman...
—  Bo’lmasa ovora bo’lib yurmang, o’zim tushaman.
—   Bo’pti, kutaman.
Hayal o’tmay pastga tushib keldim. Birinchi qavatda osmon¬o’par binoning ko’lankasida, bir chetda Tog’ay Murodni ko’rdim. O’sha-o’sha kiftlari go’shtdor, yelkalari  bir oz chiqiq,  qo’llari uzun-uzun, sapoq, betlari anordek qontalash edi. Yonida oriqqina qoracha bir qiz bo’lib, iymanib turardi. Tog’ay o’zini bir oz o’ng’aysiz sezgandek, noqulay bir kayfiyatda edi.
— Kirasizmi?
—  Yo’q, aka Ne’mat,  Sizni to’yga aytib keluvdik.
—  Qachon ekan to’y?
— Hali to’ygacha salkam bir qovun pishig’i bor.
— Yaqin ekan-ku (o’zimcha hisoblab chiqqan bo’ldim), aytmoqchi, kelin  ma’qulmi ishqilib?
— Ha, yomon emas, — yonidagi qizga ishora  qilib, — bir kunimizga yarab  qolar. Darvoqe, tanishing, o’zlari yozuvchi, otlari Ma’suma. To’y-ku bo’ladi, aka Ne’mat,  bir masalada boshimiz qotib turibdi. Keliningiz aytmoqchi, go’shangaga kirish  uchun  ohori  ketmagan bir kostyum kerak ekan.
— Menga qarang, kuyov bola, — dedim hazilga olib, — axir o’zingizda ajoyib kostyum bo’lardi, katak-katak, qizil gulli, sholga o’xshash qalin. O’zingizga juda yarashardi.
— Ha, umi, juda zo’r kostyum edi. Meni yozuvchi qilib tanitgan o’sha kostyum. Aslida o’n yildan ortiqroq kiyib yuribman. Biroq keliningiz aytmoqchi, go’shangaga kirish uchun biror-bir ohori ketmagan kostyum kerak emish. Mening o’zimga qolsa, onamdan qolgan bo’xchada davrabop kurash tushadigan olacha to’nim ham bor. O’shani kiyib bir kechalik to’yni o’tkazsam ham bo’laveradi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:47:38

Shundan keyin magazinma-magazin, tanish-bilishlarni izlab ketdik. Dastlab, tsirkning kunchiqar tomonidagi «Ganga» magaziniga kirdik. Bu magazin yangi ochilgan, Hindiston bilan qo’shma magazin bo’lib, bu yerda  noyob chet el kiyim-kechaklari ahyon-ahyonda uchrab turardi. Afsus, murod hosil bo’lmadi. Kost¬yum bor ekan-u, sotuvchisi yo’q ekan. Biz izlagan lenin¬obodlik Asadulla degan yigit bor edi, aksiga olib u ham yo’q   ekan, onasi betobligi  uchun kecha kechqurun qo’shni respublikaga jo’nab ketibdi. Noiloj yana yo’lga tushdik. Bu gal «Jasorat» yodgorligining kunchiqar tarafida joylashgan kiyim-kechak magaziniga yo’l oldik. Magazin sotuvchisi bir yigit bizning arzimizni diqqat bilan eshitgach, xushchaqchaqlik bilan kelin-kuyovni samimiy tabriklagan bo’ldi.
— To’y bo’lsin, ishqilib, baxtli bo’linglar.
—  Rahmat, tashakkur.
— Menga qarang, kuyov bola, bu kelin bo’lmish qatdan o’zlari?
— Qatdan bo’lardi, shu O’zbekistondan-da...
— Aytmoqchi, men vodiydan yoki o’zimizdan bo’lsalar kerak deb o’ylabman. Biz tomonlarda odatda qiz bola tug’ilgandayoq kuyov sarposi tadorigini o’ylab qo’yadi. Bizlarda shu  rasm bo’lgan. Nahotki shu paytgacha o’ylamagan bo’lsalaringiz?
Kuyov bolaning turqi shu zahotiyoq  o’zgarib ketdi:
— Buning uchun kelin bolaning otasi katta amaldor yoki pochchasi oblpotrebsoyuzning direktori bo’lishi kerak. Bizning kelinimiz bo’lsa, o’zimizga o’xshash...  Nachora, bizbop kostyum topilmasa kerak-da?
— Nega,  topiladi,  izlab  ko’ramiz.  Hamkasblarning   birortasida topilsa kerak...
—  Xo’p, qachon xabar olsam bo’ladi?
— Ertaga obedga yaqin bir xabar olasiz-a, kuyov bola.
— Xo’p,    mayli, bo’lmasa ertaga xabar olaman.
Albatta,  ertasi kuni Tog’ay Murod nikoh kostyumidan xabar olmadi. Xullas, bizlar va sotuvchi yigit ortiqcha xijolatpazlikdan xalos bo’lganimizga  shukr qilib  qolaverdik.


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:48:45

BAHODIR  SARIMSOQOV

QISQA, AMMO MAZMUNLI   UMR

Tog’ay Murod"¦ Bu ism adabiyotimizga dastlab juda ham beozor, aytish mumkinki, sezilarsiz kirib keldi. Ammo tez fursat ichida u sevimli va ardoqli nomga aylandi. Men uning muxlislaridan biri sifatida bu ismga, chop etgan qissalariga qattiq bog’lanib qoldim. O’tgan asr 70-yillarining o’rtalarida yozilgan «Yulduzlar mangu yonadi» qissasini, agar yanglishmasam, o’n martadan ortiq o’qiganman. Keyinchalik bu kitobchani yo’qotib qo’ydim. Shundan so’ng Yozuvchilar uyushmasining xodimi Rahimjon Otaevdan shu qissani topib berishni iltimos qildim. U iltimosimni befarq qoldirmadi, kitobchani topib berdi. Yerdan chaqa topib olgan qulday quvonib, qissani qayta-qayta o’qib yurdim. Ana shu yillarda menda Tog’ay Murod bilan uchrashish, u bilan suhbatlashish istagi tug’ildi.
Kunlarning birida hozirgi Amir Temur xiyobonining biqinidagi Yozuvchilar uyushmasining majlislar zalida allaqanday yig’ilish bo’ldi. Yig’ilishdan keyinmi, tanaffus paytidami, uyushma binosining yerto’lasidagi bufetga tushdim. Chetdagi stollardan birida yolg’iz bir yigit o’tirardi. Boshqa joylar band, faqat shu yigit qarshisidagi bir joy bo’sh edi. Men o’sha joyga borib o’tirdim. Hurmat, qolaversa, rasmiyat yuzasidan o’zimni tanishtirdim. Shunda u qisqa qilib: «Tog’ay Murod», dedi. Men topa olmay yurgan adibim bilan tasodifan uchrashib qolganimdan quvonib ketdim. Mening unga beradigan savollarim anchagina edi, lekin bu uchrashuvimiz atigi yarim soatlar davom etdi, xolos.
Keyinchalik ana shu uchrashuvdagi taassurotlarimni ko’p bor eslab, unutilishi mumkin bo’lgan ba’zi tafsilotlarni xotiramda mustahkamlab olishga harakat qildim. Ana shu taassurot hozir ham meni aldamaydi.
Tog’ay Murod"¦ Dastavval  bu yigit qalbining shu qadar keng va  boyligini o’sha uchrashuvda to’la anglab yetmagan edim. Keyinroq uning «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo-Yer qo’shig’i» qissalari e’lon qilingandan keyin shu narsaga amin bo’ldimki, uning ona zaminga, mehnatkash insonga, halol va nekbin, to’g’riso’z va o’jar kishilarga bo’lgan mehru muhabbati, ehtiromi cheksiz ekan. Mana shundan keyin bu insonning ma’naviy-ruhiy qudrati meni tobora o’ziga torta boshladi.
Uni qidirib nashriyotlarga bordim. U yerdagilar ham yelkalarini qisib qo’ya qolishdi

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:49:03

Qalamkash tanish va do’stlarimdan ayrimlari: «E, uni surishtirib nima qilasiz? Kesakdan bir olov chiqdi-da. Tog’ay o’zidagi bor narsasini, ruhiy quvvatini uch-to’rt qissasida to’la sarflab bo’ldi. Endi u boshqa yirikroq narsa yoza olmaydi», deb aytdilar. Ularning Tog’ay Murod  haqida aytgan bunday nordon so’zlari esa unga emas, balki menga  otilgan toshdek tegar edi. Nahotki, shunday bo’lsa? Agar, haqiqatan ham, bu so’zlar to’g’ri bo’lsa, dahshat-ku! Chunki bu tashxis o’zbek nasrini, aniqrog’i, o’zbek falsafiy-lirik nasrini bir necha yillar, balki bir umr oqsoqlantirib qo’yishidan darak berardi. Shunga qaramay, qalbimning chuqur puchmog’idagi bir iliq tuyg’u sovuq  tafakkurimni nurlantirib turardi. Men uning kaftdek yuragida hali ko’zi ochilmagan bir vulqon alangalanib yotganligiga ishonar edim.
Men o’jarlik bilan uni yana surishtira ketdim. Ma’lum bo’lishicha, u o’sha kezlari Moskvaga o’qishga ketgan ekan. Bu mujdadan ko’nglim ancha taskin topdi. Oliy adabiyot kurslariga o’qishga ketibdimi, demak, u badiiy ijod sirlarini puxta o’rganishga jiddiy kirishibdi. Endi undan yanada baquvvat asarlar kutsa bo’ladi, degan fikrga keldim va xotirjam bo’ldim.
Mana shundan keyin uning qissalari haqida maqolalar yozib, bir nechta jurnal va gazetalar tahririyatiga olib bordim. U yerdagilar tashqi jihatdan mamnunlik bilan taqrizlarni olib qoldilar va albatta e’lon qilishga va’dalar berishib kuzatdilar. Ammo tahririyatdagilarning menga yoki adibga bo’lgan «samimiy» munosabatlari sabab bo’ldimi, birorta ham taqrizim chop etilmadi. Buni men ko’proq o’zimdan, qalamimning kuchsizligidan ko’rib, hech kimga hech narsa demay yurdim. Ammo Tog’ay Murod haqida bosilgan taqrizu maqolalarni o’qib, o’zimning e’lon qilinmagan maqolalarim ancha baquvvatligini bilib oldim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:49:16

Keyinroq adibning «Otamdan qolgan dalalar» romani chop etilgach, menga Tog’ay Murod bilan yana uchrashish baxti nasib etdi. Men uning asarlari haqida yozgan narsalarimni, ulardagi asosiy qarashlarimni aytib, uning munosabatini so’radim. U «Ot kishnagan oqshom» va «Oydinda yurgan odamlar» qissalari haqidagi mulohazalarimni qayta-qayta so’rab oldi-da, kinoya bilan: «Bu taqrizlaringizda sotsialistik realizm istilohi yo’q-ku. Bu holda kim ham ularni bostirardi», deb kuldi. Haqiqatan ham, maqola va taqrizlarimni yozgan paytlarda «sotsialistik realizm» mafhuli ayrim adabiyotshunos va tan¬qidchilar uchun gapning «bismillo»siga aylanib qolgan edi. Mening narsalarim esa bunday vasvasa hamda madhu sanolardan xoli bo’lib, ularning nazdida «rangsiz» edi.
Tog’ay Murod"¦ Bu ism XX asr o’zbek qissachiligini yangi, shukuhli cho’qqilarga ko’tardi. Ammo diqqat qilinsa, adibning barcha qissalarida pokdomon kishilar, ularning halol va oddiy hayotlari, dardu armonlari tasvirlangan. Adabiyotda urbanistik turmush, ziyoli yoki elita kishilar ko’proq qalamga olingan paytlarda Tog’ay Murod oddiy qishloq zahmatkashlari, ularning quvonchu tashvishlarga boy,  tanti va samimiyatga to’la turmushlarini olib kirdi. Uning har bir qissasi inson umrining yangroq qo’shig’i yanglig’ jaranglab turadi.
Tog’ay Murod"¦ Bu ism o’zbek romanchiligi taraqqiyotida ham belgilovchi o’rin egallaydi. Chunki adib o’zbek badiiy nasridagi bayon poetikasini butunlay yangi o’zanga burib yubordi. Epik bayonning bu shakli hozirgi o’zbek nasrida mutlaqo yangi badiiy hodisa bo’ldi. Men bu hodisani kvantiy bayon shakli, deb nomlagim keladi va epik bayonning ushbu shamoyili  haqida, umr nasib etsa, maxsus bir tadqiqot qilish niyatim ham yo’q emas. Chunki Tog’ay Murod asarlari syujetida xronikal, assotsiativ va retrospektiv singari bayon shakllari goh alohida-alohida istifoda etilsa, ko’p hollarda ular sintezlashib ketadi"¦
Tog’ay Murod"¦ Bu ism adabiyotimizga sokin va beozor kirib keldi, ammo abadiy iftixor bilan nasrimiz tarixida muhr¬lanib qoldi. U qisqa, ammo mazmunli umr ko’rdi. Adib yaratgan qissalaru ikki roman uning porloq xotirasini hamisha eslatib turadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:50:37

IBROHIM G’AFUROV


HASSOS  DARYO

Tog’ay Murodning ilk asarlarini o’qiganda ularning kutilmagan poeziyasi meni o’ziga rom etdi. Esimizda, o’sha asarlar dunyoga kelib o’qilayotganda juda ko’pchilik o’quvchilarga va qalam ahliga bu kutilmagan poeziya shunday juda chuqur taassurot qoldirgan edi. Ular yaqin-yiroq adabiyotlar sarhadlari va ufqlariga qaraganda ham o’xshashi yo’q  adabiy-badiiy hodisalar ekanligi ko’rinib turardi.
Gruzinlarning Pirosmani degan rassomi o’tgan. Uning suratlari xuddi juda talantli bolalar chizgan suratlarga o’xshaydi.  Buni primitivizm ham deyishadi. Yaxshi ma’noda. Piros¬mani shu o’ta odmi suratlarida gruzinning qiyofasi, gruzinning tom shoirligi, san’atkorligi va o’z-o’ziga bo’lgan ishonchini juda yorqin va takrorlanmas  tarzda aks ettirgan. Piros¬manining Tog’ay Murodga hech aloqasi yo’q. Lekin Tog’ay Murod ham xuddi shu gruzin rassomi kabi takrorlanmas, shoirona, o’zbekona va xalqonadir.
Tog’ay Murodni o’qisangiz,  odam dam-badam to’lib ketadi. Yig’i. Zavq-shavq... Ilhomga.
Tog’ay Murod bu — To’polondaryo. Uni men dunyodagi eng chiroyli daryolardan biri deb bilaman. Voy, bu daryoning sho’xligi! Voy, bu daryoning o’ziga odamni sig’dirmasligi! Bir kaft suv ololmaysiz! Bir zum oyog’ingizni rohat to’lqinga sololmaysiz. Qo’ymaydi! Shitob bilan oqizib ketadi. Chirpirak qilib yuboradi. Lekin butun Surxon uning bois gul-gul yashnaydi, ochiladi, tiriklik qo’shig’ini aytib jar soladi, nash’a suradi.
Niagara Amerika diyorida shoirlarni yaratganmi, yaratmaganmi, aytolmayman. Lekin To’polondaryo Surxonda Tog’ay Murodni yaratgan. Unga o’z shaddod shoirligidan ulug’ ulush ato etgan. Meni bu ikki ulug’vor hassoslik doim hayratga soladi. Bu ikki daryo bo’yida doim odam o’zini bag’ri kengayganday, yayraganday, dunyoning tahlil etib bo’lmas sirlariga oshno bo’lganday sezadi.


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:51:32

ABDUG’AFUR  RASULOV

HALOL  IJOD



Ko’zga ilmasdan bo’ladimi

Polvonmi, chavandozmi, merganmi o’tday yonib, yulduzday porlab davraga kirsa, surur, g’urur, shiddat va ishonch bilan yig’ilganlarni shavq-zavqqa to’ldirsa, bor mahoratini ishga solib g’alaba qozonsa:
— Halo-o-ol! Halo-o-ol! — degan hayqiriq osmonu falakka  o’rlaydi.
Ijodkor ham shavq-zavq kishisi. Halo-o-ol ijodi, yoniq asari, jonli, hayotiy qahramonlari bilan kitobxonni rom etishni orzu qiladi. Tog’ay Murod yuragida yoli bor yozuvchilardan edi. U ko’p yozmadi, ammo qoyilmaqom asarlar yaratdi. Xudo yorlaqagan qahramonlarni nodir adabiy aholi safiga qo’shdi. Adabiy aholi yashaydigan ramziy saltanatning hududi bepoyon, fuqarolari nufusi son-sanoqsiz. Lekin bu saltanatda qalbidagi ilk muhabbati harorati hanuz so’nmagan, imon-insofli, tanti Bo’ri polvon, boshi kal bo’lsa-da, ko’ngli nozik Ziyodulla, Jamoliddin ketmonu chapani Aqrab, oyning oydin nuriga chulg’angan Qoplon boboyu Oymomo aya ko’zga yarq etib tashlanib turadi. Faqat kunu tun mehnat qilish huquqidangina mahrum etilmagan, yuragi armon, azob, xo’rlik-xorlikka to’la Dehqonqul holiga, na sirti va na botinida o’zligidan nom-nishon qolmagan Botir firqa ahvoliga kim achinmaydi, deysiz?! Tog’ay Murod asarlari kitobxonni o’ylatadi, yig’latadi, kuydiradi. Muhimi, kitobxon mana shunday zavqli azobdan, og’riqli huzurdan bezmaydi. Hozir o’zbek kitobxonlarining keksa, o’rta yoshli vakillari orasida Tog’ay Murod asarlariga ipsiz bog’lanmaganlari yo’q hisobi. Men Tog’ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» nomli ilk qissasini o’qiganimdayoq, bu ijod sehriga mahliyo bo’lganman.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:52:14

Birinchi jumla jumbog’i

Badiiy nasrning g’aroyib qoidasi bor: yozuvchi birinchi jumlani qog’ozga tushirishga uzoq tayyorgarlik ko’radi. Birinchi jumla — uslubning yarq etib ko’rinishi, yozuvchi kayfiyati; kitobxonni sinab ko’rish; ijodkor va kitobxon ko’zining ko’ziga tushishi... «1264 hijriya, dalv oyining 17-chisi, qish kunlarining biri, quyosh botgan, tevarakdan shom azoni eshitiladir...»,  «Hamal keldi, amal keldi», «Vaqt peshindan oqqan edi», «Qazisan, qartasan, axir, naslingga tortasan! — dedi kampir omborni qulflayotib». Bular — mashhur o’zbek romanlarining ilk jumlalari. Ularga atay urg’u berilganini, ilmiy ishlarda fikr bildirilganligini eslolmayman. Ammo Tog’ay Murodning birinchi romanidagi mana bu jumla oson hazm bo’ldi, deya olmayman: «Men farg’onachi Jamoliddin ketmon nabirasi bo’laman». Bitta jumla — bitta bob. Yozuvchi bob, jumladagi har bir so’zni yetti o’lchab bir qo’llagan. Jumladagi olti so’zning ikkitasi — «farg’onachi» va «ketmon»ga asosiy vazifa yuklangan. Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Oybek uslubiga o’rgangan kitobxon Tog’ay Murod romanidagi ilk jumla, «farg’onachi» so’zini hazm qilishga qiynaladi.
... Nabi Vasixonov degan qo’shnim bo’lardi. Kasbi vrach. Respublikada xizmat ko’rsatgan sog’liqni saqlash xodimi. Nabixon aka Said Ahmad bilan tengdosh, qadrdon edilar. Abdulla Qahhorni, uning ijodini yeru ko’kka ishonmasdi. Yo tavba, Nabixon aka keksayganlarida xuddi Abdulla Qahhor bo’lib qoldilar: ko’rinishlari, o’zlarini tutishlari, nim tabassum bilan sekin, chertib-chertib gapirishlari, hatto latifani ham qoyilmaqom aytishlari... Vaqti-vaqti bilan u kishi mendan yangi asarlarni olib o’qirdilar. Bir kuni u kishiga «Otamdan qolgan dalalar»ni berdim. Uch-to’rt kun o’tgach, kitobni uydagilarga berib ketibdilar. Ko’rishganimizda, roman haqida og’iz ochmadilar. Bir kuni yana o’qishga kitob so’radilar. Men atayin «Otamdan qolgan dalalar»ni qo’llariga tutqazdim. Bir oz vaqt o’tgach, qo’shnim biznikiga kirib keldilar. Gurung boshlandi.
— 1938 yilning kech kuzi edi. Otam (toshkentliklar yaqin-yaqinlargacha ham buvalarini «ota», derdilar — A.R.) meni dala-hovliga borib kelishimizga undadilar. Huvillagan dala-hovlimizga keldik.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 12:52:27

— O’t yoqing, o’g’lim, — dedilar otam.
Hayron bo’ldim.
— Bugun Kumushbibini ikkalamiz dafn etamiz, — dedilar.
O’t yoqildi. «O’tkan kunlar» kuydirildi. Otam yig’lab turib uzoq tilovat qildilar. Oyati karimaning ajr-savoblari romanning qadrdon qahramonlari, yana kimlarningdir ruhi pok¬lariga bag’ishlandi.
— Abdug’afur, men tengi avlod ruh-ruhiga «O’tkan kunlar», «Kecha va kunduz», «Sarob» singib ketgan. Ehtimol, menga bergan o’sha kitobingiz zo’rdir. Lekin men «farg’onachi» so’zidan keyin asarni o’qiy olmadim. Uzr. Qariyapman shekilli...
Haqiqatan ham, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Oybek, Abdulla Qahhorlar XX asr kitobxoni ruhiga singib ketdi, didini shakllantirdi. Tog’ay Murod, Murod Muhammad Do’st, Xayriddin Sulton, Erkin A’zam singari ijodkorlar esa o’zbek nas¬riga yangi uslub olib kirdilar, hayotni yangi nuqtalardan turib tasvirlay boshladilar. Lekin ular Abdulla Qodiriylar uslubiga zid bormadilar. Aksincha, yangi nasr an’anasini yangi asr bo’sag’asida boyitdilar, unga ijodiy yondashdilar. Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi ilk jumla, birinchi bobdagi «ketmon» so’zi ko’p narsalarni eslatadi. Abdulla Qodiriy «Obid ketmon» qissasini yozdi. Ketmon — ajoyib ramz. Bolta chopadi, tesha yo’nadi, o’roq o’radi, bolg’a uradi. Ketmon yerga botadi. U odam bilan yerni bog’laydi. Ketmon — yaratish, undirish, ko’kartirish, elni to’ydirish ramzi. Ketmon tutgan qo’llar hech qachon xor-zor bo’lmaydi. Ketmon nafaqat qo’lni pishitadi, tadbirkorlikni o’rgatadi, yer ilmini o’zlashtirishga undaydi. Tog’ay Murodning Jamoliddin ketmoni Obid ketmonning boshqa muhit, boshqa sharoitdagi timsoli. Jamoliddin ham, mulla Obid ham bosiq, vazmin, ko’p ishlab, kam gapiradigan odamlar. Lekin har ikkisining imoni butun, e’tiqodi po’latday mustahkam. Jamoliddin ketmon sarson-sargardonlikni boshidan kechirdi, ammo tuzum taz¬yiqi¬ni, ijtimoiy muhit zug’umini ko’rmasdan o’tib ketdi. Aqrab Jamoliddin o’g’li ham ruhan, ham jisman ezildi: qaramlik azobini, tutqunlik xo’rligini boshidan kechirdi. Dehqonqul Aqrab o’g’li, Jamoliddin nabirasi shaxs sifatida sindi, tuzum, mafkura tutquniga aylandi. Ayrimlar «Otamdan qolgan dalalar»ning roman ekanligiga ishonmaydilar. Menimcha, Tog’ay Murodning bu asari haqiqiy roman. Yirik asarda voqealar tasviri, qahramonlarning harakat maydoni asos hisoblanmaydi. San’atkorning voqea-hodisaga kontseptual-falsafiy munosabati hal qiluvchi rol o’ynaydi. Tog’ay Murod ixchamgina romanida mustamlakachilikning boshlanishi, uning turli ko’rinishlari haqida ishonarli taassurot qoldiradi. Asarda erkin inson, tutqun shaxs, o’zligidan mahrum etilgan uch avlod taqdiri tasvirlanadi. E’tibor bering, Dehqonqul Jamoliddin buvasi, Aqrab otasi haqida g’urur bilan gapiradi. Jamoliddin ketmon, Aqrab qo’rboshi Dehqonqulning ahvolini ko’rsa ich-ichidan ezilib, xo’rlanib ketgan bo’lardi. Jamoliddin, Aqrablar o’tdi. Dehqonqul qadr¬don dalalariga umid bilan boqadi. Bu dalalarda hur, ozod insonlar yashashiga ishonadi. Qadrdon dala — Ona-Vatan timsoli. «Otamdan qolgan dalalar» uzoq yashaydigan, hali ko’plarni o’ylantiradigan, ta’sirlantiradigan romanlardan ekanligiga shubha yo’q.

Qayd etilgan