Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 122298 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 22:06:01

Nasim oshna, men o’z gapimni Momoqizga aytolmay qoldim! Nasim oshna, Momoqiz haliyam ko’nglimning tub-tubida yashaydi». Hozirgacha ishq-muhabbatni kuylagan bir dunyo asarlar bitilgan. Lekin ulardan barmoq bilan sanarlisigina jahon adabiyoti durdonalari xazinasidan o’rin olgani rost. Chunki har qanday ijodkor  ham ana shu SEVGI deb atalmish umumtilni tushunib, uni his qilib asar yarata olmaydi! Uni yaratish uchun Siz yozganingizdek, qalban his qilish, intuitsiya kerak! Siz — o’zingiz esa ana shu umumtilda asar yozib qo’yibsiz! Yozgandayam «qotirib» yozibsiz-da!
Biz bu bilan Sizni maqtamoqchi emasmiz. Lekin boshqalar qatori meni ham bir narsa qiynaydi-da... Meni nega  hozir o’zimizning — o’zbek adabiyotida qalblarni larzaga keltiruvchi shunga o’xshash asarlar yaratilmayapti, degan savol o’ylantiraveradi. Shu  haqda Siz qanday fikrdasiz?
Tog’ay Murod:
— Buning sababimi? Mana, bosh sabab! Fojiali sabab!
Mana, o’zbek yozuvchisini... yozuvchi bo’lish yo’li, ulg’ayish yo’li: maktabda ertaklar, dostonlar, g’adir-budir til bilan tarjima qilingan tarjima kitoblarini o’qiydi. Yozuvchi bo’lgisi kelib, tuman gazetasiga xabar, lavhalar yozadi, barchasini to’playdi.
Havaskor qalamkash yozuvchi bo’lish uchun jurnalistika yo filologiya fakultetiga o’qishga kiradi. Qo’liga tushgan kitobni  o’qiydi, o’qib, izlanadi. O’zicha hikoyalar mashq qiladi. O’qishni bitirib, yozuvchi bo’lish uchun matbuotga ishga kiradi. Bo’ldi, shu bilan o’qib-izlanish tugaydi. Endi, bo’lajak yozuvchi ko’tarilish yo’lini qiladi. Kichik muharrir, katta muharrir, mas’ul kotib, bosh muharrir...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:06:17

Shu o’sib-ulg’ayish davrida vaqti bo’lsa, asar yozib ham turadi. O’qib-izlanish uchun esa... vaqt yo’q! Ana shu vaqti bo’lganda yozgan asari ko’klarga ko’tarilib maqtaladi, mukofotlanadi. Boisi, u bosh muharrir! Keyin, tag’in mansab-martaba sari intiladi. Yozuvchilar uyushmasida ishlaydi, boshqa yuqori lavozimlarga ko’tariladi. Oralarida ijod qilib ham turadi. O’qib-izlanish esa... yo’q. Ertadan kechgacha martaba-mansab dardi, qayg’usi, yugurib-elishlari. Yozuvchida hamon o’qib-izlanish yo’q. Yozuvchi hamon maktab, oliy o’quv yurti, talabaligida o’qib-o’rgangan izlanishlari kuch-qudrati bilan ijod qiladi. Ya’ni, birinchi doston yoki asari qanday badiiy saviyada, darajada bo’lsa, o’ninchi asari ham ana shunday darajada bo’ladi. Talabalik yillari topgan badiiy daraja bilan ijod qiladi. Boisi, o’qib-izlanish yo’q. Ertadan kechgacha mansab-martaba... yana-tag’in tirikchilik tashvishlari... To’qson olti foiz o’zbek yozuvchisining yozuvchilik ijod yo’li ana shunday.
Jasur Kengboev:
— Kim biladi, balki shundaydir...    Men bu  gaplaringizga qo’shilgim keladi..
Odatda, insoniyatni ezgulikka yetaklovchi kuch sifatida Adabiyot tilga olinadi. Chunki adabiyotning kuchi ko’ngil-yurakka qaratilgan bo’ladi. Shuning uchun uning kuchini uncha-muncha narsa bilan qiyoslab bo’lmaydi. Nazarimda, faqat Abdulla Qahhorninggina adabiyot  haqidagi mana bu fikri bundan mustasnoday tuyuladi: «Adabiyot — atomdan kuchli»
Endi do’ppini boshdan olib, mundoq bir o’ylab qaraylik... O’sha Adabiyot, asarlar o’z-o’zidan yaraladimi? Aslo! Fikri ojizimcha, adabiy-badiiy asarlar ijodkor-yozuvchidan juda ko’p narsani — vaqt, turmush tashvishlaridan xoli bo’lishni, mashaqqat chekishni talab  qiladi. Axir, bir nima qurbon qilmay boshqa bir nimaga erishib bo’lmaydi! Abdulla Qahhor shuni nazarda tutib, «Adabiyot — ko’ngil ishi, ilhom samarasi. Tuyg’usiz, ilhomsiz yozilgan asarlar changlanmagan gulga o’xshaydi — meva tugmaydi», degan edi...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:06:33

 Haqiqatan ham, biz badiiy asarning inson tafakkur va ongi rivojidagi o’rni katta ekanini juda yaxshi bilamiz.O’qib-izlanish shu ma’noda, nafaqat, qalamkashlar uchun, balki  har qanday tafakkur egasi uchun juda zarur. Siz yosh qalamkashlarga bu borada qanday   maslahatlar berasiz?
Tog’ay Murod:
— O’qib-izlanish bu — poydevor demak, teran tomir demak. Ichki kuch-qudrat buloqqa o’xshaydi. Buloqni yo’lida qanaqa qiyinchilik bo’lmasin, baribir otilib chiqadi. Chunki buloqda ichki kuch-qudrat bor, poydevor bor. Bu poydevor yillar mobaynida to’planib, yig’ilib, qudratli kuchga aylanib qoladi. Uni hech bir to’siq, qiyinchilik to’xtata olmaydi. Bu kuch-qudrat ko’p yillar oqimi samarasi.
Hatto, urush davrida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan. Ocharchilik yillarida buyuk-buyuk asarlar yaratilgan.  Qamoqxonalarda buyuk asarlar yaratilgan.
Yozuvchi, adiblar ijodiy yo’lini, umrini, hayotini olis masofaga yugurish poygasiga o’xshatgim keladi. Marafon poygasi yo’liga o’xshatgim keladi. Poyga yo’lagi bo’ylab chopib boruvchi poygachilarga o’xshatgim keladi. Bunday olis masofa poygasida oldindan, azaldan puxta, pishiq mashq qilgan, suyagi shunday poygada qotgan, ya’ni poydevori pishiq, beli baquvvat, poydevori zaminli poygachi so’nggi marraga yugurib boraveradi. Yoshligida shunchaki besh-olti mashq olgan, shunchaki orzu-havas bilan yo’lga chiqqan poygachilar esa yo’l-yo’lakay arosatda qolib ketaveradi. Birov o’pkasi to’lib qolib ketadi. Birovi irodasi yetmay qolib ketadi. Birovi kuch-qudrati yetmay qoladi, birov turli-tuman bahonalar topib qolib ketadi.
O’zbek adiblari ana shu poygachilarga o’xshaydi. Ijodiy yo’lni ana shu poyga yo’liga o’xshataman! Yozuvchini ana shu poygachilarga o’xshataman.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:07:02

Yozuvchi borki, umr bo’yi o’qib-izlanishi kerak. Yozuvchi o’lganda pensiyaga chiqadi. Yozuvchi o’lganda tinadi!
Jasur Kengboev:
— Siz, «Men qaerga borsam, yozuvchi nomi bilan boraman, qaysi darvozani ochsam, yozuvchi nomi bilan ochaman», degan edingiz. Siz o’z gapingiz ustidan chiqdingiz. Adib sifatida aytishingiz kerak bo’lgan hamma gaplarni o’z tilingizda, o’z uslubingizda, asosiysi, o’z ko’nglingizda aytib bo’ldingiz, xalqimizni hech kimning xayoliga kelmagan favqulodda fikrlaringiz bilan oshno etdingiz. Sizdan yozuvchilikni o’rganmoqchi bo’lgan yosh, bo’lajak qalamkashlarga Siz — yozuvchi Tog’ay Murod nimalar degan bo’lardingiz?
Axir,  har qanday yozuvchi o’zi bosib o’tgan ijodiy yo’liga nazar tashlar ekan, ijod  haqida,  adabiyot haqida o’z fikr-mulohazalarini, ta’rifini beradi. Masalan, o’zbek adiblaridan Cho’lpon «Adabiyot — har bir millatning hisli ko’ngul tarixining eng qorong’u xonalarida maishat(tirikchilik)ning ketishiga qarab har xil tusda va rangda yetishgan, fayzli til birla taqdir etula olmaydurgon bir guldur», dedi, Abdulla Qahhor esa: «Adabiyot — hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi», dedi. Siz — Tog’ay Murod yozuvchi sifatida bosh harflar bilan bitiluvchi ADABIYoTga  qanday ta’rif berardingiz? Sizningcha, ADABIYoT— o’zi  nima?
Tog’ay MUROD:
—  Rabindranat Tagor aytmish adabiyot — bu ulkan bir qasr, demakdir. Ulkan qasrning esa darvozasi hamisha bitta bo’ladi. Bu darvozadan hamma bir xil yo’l  bilan kiradi. Lekin kira olmay qoluvchilar ham juda ko’p bo’ladi. Bular alamidan ana shu qasr tevaragida shovqin solib, «ura-ura» qilib yuradi. Olisdan qaragan odam bu ulug’ qasr egalari shu baqiroqlar, deb o’ylaydi. Aslida esa bular adabiyot deya atalmish ko’hna qasr darvozasini topa olmay yurgan alamzadalardir.
Adabiyot qasrini qanday zabt etsa bo’ladi? Adabiyot darvozasidan qanday kirsa bo’ladi? Asl ijodkor Adabiyot qasrini o’z asari bilan zabt etadi. Asl ijodkor el-yurtga «ura-ura» gaplari bilan emas, badiiy asarlari bilan xizmat qiladi.

R.S. Yozuvchi Tog’ay Murod bilan ushbu suhbat xayolan  uyushtirildi. Bunda yozuvchining kundaliklari, nashr etilgan asarlari va intervyularidan foydalanildi. Ustoz adibga esa XAYoLAN TAShAKKUR bildirib  qolamiz...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:07:51

FARRUX   JABBOROV

BIZ   BAXTLI  ODAMLARMIZ
I

1. Yettinchi sinfda o’qirdim. Jizzax viloyatidagi 1-sonli litseyga kirganimga bir yil bo’lgan. Sheron ismli sinfdoshim «Ot kishnagan oqshom» kitobini ko’tarib yurgan ekan. Uyoq-bu¬yog’ini ko’rdim-da, qaytarib berdim: «Shu ham asar bo’ldi-yu!» — deganday. Chunki o’sha vaqtlari biz o’qiydigan kitoblar bunaqa emasdi-da! Xullas, ilk uchrashuvda Tog’ay Murod menga sirlarini ochmadi. Bu orada o’zimcha «klassik» deb o’ylagan yozuvchilarni o’qib yuraverdim. Yozgi ta’tilda Zebo opamdan kitob so’rasam, qo’limga «Otamdan qolgan dalalar» romani va «Ot kishnagan oqshom» nomli qissalar to’plamini tutdi. Oldin istamaygina varaqladim. Sekin-asta yozuvchi uslubiga o’rganib, ich-ichiga kirib bordim. Ta’tildan qaytdik. Ko’pgina sinfdoshlarim ham bu asarlar bilan tanishib ulgurgan ekan. Yosh tafakkurimiz bilan o’qigan kitoblarimizga fikr bildirib bahs¬lashish odatimiz bor edi. Yozuvchilarni «yaxshi-yomon»ga ajratardik o’zimizcha. Lekin Tog’ay Murod haqida bahs bo’lmadi. Nega? Bilmadim. Biz uni tushunolmaganimiz  uchun emas, tushunganimizdan, boshqacha anglaganimizdan bir gap ayta olmadik. Faqatgina «yaxshi», deya olardik, xolos. Nima uchun yaxshiligi go’yo mutlaq haqiqat singari isbot talab qilmasdi. Tog’ay Murod «muhokama»ga qo’yilmas, faqat o’qilar edi. Qizig’i,  bir roman, to’rt qissa bilan tanishib chiqqan o’quvchilar o’zlari bilgan-bilmagan boshqa barcha ijodkoru kitoblarni inkor qila boshladi. Kimdir ko’p kitob o’qigani bilan maqtansa, «Tog’ay Murodni o’qiganman-ku! Shuning o’zi yetadi», degan da’volar tez-tez quloqqa chalinar edi. Ko’p o’tmay litseyda «Oydinda yurgan odamlar» qissasidagi uchinchi shaxsda gapirish odati urf bo’lib ketdi:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:08:09

— Kitobini berib tursin.
—  O’zi o’qiydi-da!  Boshqadan so’rasin.
Bizning Tog’ay Murod uslubidagi suhbatimizga o’qituvchilar ham qo’shilib turar edi. O’shanda, ayniqsa, shaharda o’qiydigan bir guruh qishloq bolalariga kitoblar qattiq ta’sir qilgandi. Ularni onamizni sog’insak, qayta-qayta o’qirmidik, qishlog’imizni qo’msasak, tag’in o’qirmidik... bilmadim-u,  lekin tortishuvlarsiz jimgina mutolaa qilganmiz.

   2.Abiturientlik. Bunday paytda har lahza qadrli. Maqsaddan og’ishmaslik kerak: test, test, test! Tog’ay Murodga ixlosi baland ijodkorlardan Sa’dina Bobomurodovaning kutubxonasida «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romanini ko’rib qoldim. Nima bo’lsa-da, o’qimasam bo’lmasdi. Menda shunday holat bor: bir yaxshi asar o’qisam, shu muallifning boshqa kitoblarini qo’rqib qo’lga olaman. Chunki keyingisi sizga yoqmasa, yozuvchi haqidagi tasavvuringiz salbiy tomonga o’zgarib ketishi mumkin. Yo’q, o’sha safar bunday bo’lmadi. Kitob o’qiganda bu yaxshi, bu yomon deb ajratishga o’rganib qolgan ekanmanmi yo bizga shunday o’rgatishganmi, ishqilib, «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romani oldida lol qolgan edim!
   Tog’ay Murodga bo’lgan ixlosim qat’iylashdi. Yozuvchi bilan uchrashish istagi maqsadga aylandi. Toshkentga borsam, Tog’ay Murod va Rauf Parfi bilan aniq uchrashaman, deb ko’nglimga tugib qo’ydim.

   3. «Jizzax ovozi» gazetasiga borsam, bir guruh jurnalistlar Tog’ay Murod haqida suhbatlashib o’tirgan ekan. Adabiyot shinavandalari orasida u kishi to’g’risida har xil rivoyatnamo gaplar yurar, Tog’ay Murod bunday davralarning tipik qahramoniga aylanib qolgandi. Fotima Shodievaning qo’lida «Hurriyat» gazetasi. Unda Tojiddin Razzoqning «Tog’ay Murod» degan maqolasi chiqqan ekan. Qiziqib gazetani qo’lga oldim: «Tog’ay Murod yuzdan oshib ketsa kerak, deb yurardim...» Nima?! Bir sergak tortdim-u, o’qishda davom etdim. Chunki tasavvurimda Tog’ay Murod mangu yashaydiganday edi. Hali men uchrashishim kerak-ku! Maqola oxirlamasdan kimdir yonimga keldi:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:08:31

 — Shu kishiyam olamdan o’tibdilar...  Demak, bu dunyoda odam o’lar ekan...
Yana boshqa bir ovoz eshitildi:
— Rahmatlik buyuk...
   — Unday demang! Bu so’z marhumlarga nisbatan ishlatiladi. Axir, Tog’ay Murod tirik! TIRIK!
   4. Ajal qamchisi bir bor aylanib, oydin tunda, ot kishnagan oqshomda  yonib turgan yulduzni uzib ketibdi. Avvaliga shumxabarga ishonmadim. Ishongim kelmadi. Ko’rgan-bilganimdan qayta-qayta so’radim, «Yolg’on!» — deya aytarmikin deya so’radim. Lekin dunyodagi hamma narsa biz o’ylaganday bo’lavermas ekan. Buni hayot deydilar axir! Ich-ichimdan bir kuch ko’tarilib keladi. Bir nido ko’ksimni yorib chiqib ketay deydi. Xayolimda esa misralar charx uradi. Tobora tartibga kelib tizimlashib boradi:

«Men o’zbekka haykal qo’yaman!»
«Men o’zbekka haykal qo’yaman!» —
Eshitildi na’ra, hayqiriq,
O’zbeklikdan g’urur tuyaman.

Oydin tunda yurgan odamlar,
Ot kishnagan sokin oqshomlar,
Yulduzlar ham mangu yonadi,
Dehqon o’tgan «Ketmon» bobomlar.

«Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi»,
Lek ustunday turib bo’lmaydi.
Balki o’lar sotqin, xoinlar,
El farzandi sira o’lmaydi!

Tog’ay Murod o’lmagan go’yo,
Mangulikka qilganday da’vo.
Tirik haykal bo’lib turibdi
O’zi qo’ygan haykallar aro.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:08:45

5. Toshkentda taqdir meni Mahmud Sa’diy  bilan uchrashtirdi. Domlaning darslari adabiyotga qiziquvchilar uchun bahs-munozaraga aylanib ketardi:
— «Falon-falon» kitoblarni o’qiganman,  — maqtangan bo’ladi bir talaba.
Domla, tilga olingan asarlar kazo-kazolarga tegishli bo’lsa-da, hech tap tortmay:
— G’irt bemaza kitoblar o’qigan ekansan, — deydi. — Sening o’qiganlaring yomon emas. O’zimiz uchun bo’ladi. Agar o’rischa-po’rischa qo’shib qurama qilib yozmayman, sof o’zbek tilida yozaman desang, Tog’ay Murodni o’qib qo’y!
   Sa’diy domla bizga Tog’ay Murod adabiy mahorati, tahrir san’atidan maxsus darslar o’tdi. Talabalar orasida ham Tog’ay Murod shaxsiyati va ijodiga qiziquvchilar ko’p ekan. Shunday muxlis kursdoshlar birgalikda Darxonga, yozuvchi xonadoniga yo’l oldik.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:09:07

II

   1. Tog’ay Murod asarlarining tili mashhur turkiy bitiklarni eslatadi (Mahmud Sa’diy). Toshning bag’rini o’yib yozish oson ish emas. Har bir gap qayta-qayta tahrir qilinib, suvi qochirilib keyin bitiladi. Bu asarlar toshlar kabi asrlar bo’yi yangraydi, jaranglaydi. Ko’p narsani anglatib, isbotlab turadi. Tog’ay Murod so’zga juda tejamkor. Uning kitoblarida butun-butun boblar bir-ikki gapdan iborat bo’lishi mumkin. Yozuvchi xuddi toshga bitayotganday «yuki bor so’z»larni saralaydi.  Peyzajlar-da o’ziga xos: qisqagina, lekin o’ta ma’nodor. Masalan, «Yulduzlar mangu yonadi» qissasining so’nggi bobini olaylik:  «To’yxona eshigi tarafdan odam ovozi eshitildi. Qo’y ma’rashi eshitildi...» Sokin tunni his qilganday, o’zbek hovlisini ko’rganday, qo’y ma’rashini eshitganday bo’lasiz. Oddiy manzara. Lekin  yozuvchi nega ovozlarni aynan ikkiga ajratib ko’rsatyapti? Nega qo’y ma’rashiga e’tibor beryapti? Bu manzara qissani xulosalagan so’ngso’zday yangraydi. Tog’ay Murod asarlarida sifatlashlardan kam foydalanilganini kuzatish mumkin. Bu mavhumlikdan qochishga, tasvirlarning kishi tasavvurida aniq paydo bo’lishiga xizmat qilgan. Masalan, Tog’ay Murod «kerildi» demaydi, «Yo’q qorinni oldinga tashladi», deb yozadi.

   2. Dunyoning turli burchaklarida bomba portlashi, o’q ovozlari tez-tez eshitilib turibdi. Hammayoqda texnika taraqa-turug’i. Shaharning shovqini jonga tegib ketadi. Bir taskin izlab, bir xillikdan bezib, Tog’ay Murod asarlarini qayta-qayta varaqlayman. Ularda sokinlik bor, tabiatga uyg’unlashib ketgan tinch hayot bor. To’y bo’ladi. Bobolar qo’y yetaklab to’ylaydi. Momolar tog’ora ko’tarib to’ylaydi. Olish bo’ladi. O’g’illar oriyat uchun olishadi. Kuni bilan qizigan tuproqning suv sepilgandan keyingi yoqimli hidi dimoqqa urib turadi. Men uchun tobora uzoqlashib borayotgan manzaralar. Shom quyoshiday botib borayotibdi. Bu damlar faqat Tog’ay Murod asarlarini o’qiganda qaytishi mumkin. Ularda  tiniqlik bor, musaffolik bor, samimiylik bor...
Tog’ay Murodning  yulduzlari mangu yonadi!  Hali kitobxonlar ajdodlarini sog’inib-sog’inib, qo’msab-qo’msab bu kitoblarni o’qiydilar.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 22:09:29

3. Oqshomlarning sokinligini otlarning kishnashi buzadi. Tog’ay Murod ijodxonasida yana bir asar tug’iladi. To’lg’oq bilan yaralgan tafakkur farzandlarini ba’zilar oddiygina qilib ta’riflab qo’yishadi: kurash haqida, ko’pkari haqida, farzandsizlik haqida... — bularning bari vosita, kompozitsiyani bog’lab turuvchi tizim.  Tog’ay Murod asarlarini shunchaki xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlarini tasvirlash  maqsadida yozmagan. Maqsad boshqa: hammaning boshida bor savdo, hammaning boshida bir savdo!
Odam o’zi haqida gapirsa, umuman, zerikmaydi. Yaxshi she’r o’quvchining o’zi haqidagi asar. Tog’ay Murod qissalari ham shunday. Aslida haqiqiy adabiyot voqelikni emas, unga qaragan odamni aks ettiradi. Ustoz asarlarini o’qigan kitobxon unda o’zini ko’raverishi shundan. Har bir jumladan hissiyot ufurib turadi: o’quvchini emotsiya bir dam tark etmaydi. To’lib-toshib o’qiysan kishi. Xuddi syujetda odamlar emas, tuyg’ular harakatlanayotganday. Yozuvchi tasvirlagan peyzaj qishloq manzaralari emas, inson qalbi chizgilari. Voqealar shunchaki orqa tasvir vazifasini o’taydi.   

4. Tog’ay Murod biz bilgan olam haqida asarlar yozmadi. U o’zi dunyo yaratdi: bu olamning o’z insonlari bor, o’z shaytonlari bor. Asarlaridagi zamon va makon tushunchasi-da, o’ziga xos. Tog’ay Murod kitoblarini  sobiq Ittifoq davrida Surxon tomonlarda yuz bergan voqealar deb ta’riflash noto’g’ri nazarimda. Bularning barchasi Tog’ay Muroddan qolgan dalalar, unumdor, ke-e-e-eng dalalar... Endi ularga paxta ekilmaydi. Ularga mehr ekilgan, mahorat ekilgan. Hali bu serunum yerlardan oziqlanib  chinorlar o’sib chiqqusi...
   O’zbek nasrchiligida Abdulla Qahhor maktabi ko’p e’tirof etiladi. Bu maktabning o’quvchilari keyinchalik adabiyotimiz ustunlariga aylanishdi. Ulardan biri Tog’ay Murod o’zbek nas¬rini yangilab berdi. Shuningdek, u o’zbek nasrchilik maktabini ham yangilagan ko’rinadi. Tog’ay Murod haqiqiy adabiyotga qanday yondashish kerakligini o’zining hayoti va ijodi bilan ko’rsatib ketdi. Uning mavzu doirasidan ta’sirlanib, mahorat ustaxonasidan foydalanib qog’oz qoralayotgan tengdoshlarimizni ko’p uchratamiz. Tog’ay Murod maktabi adabiyotimizga, shuningdek, jahon adabiyotiga ham yangidan-yangi ijodkorlarni yetishtirib bersa ajab emas.
      

Qayd etilgan