Yozuvchi borki, umr bo’yi o’qib-izlanishi kerak. Yozuvchi o’lganda pensiyaga chiqadi. Yozuvchi o’lganda tinadi!
Jasur Kengboev:
— Siz, «Men qaerga borsam, yozuvchi nomi bilan boraman, qaysi darvozani ochsam, yozuvchi nomi bilan ochaman», degan edingiz. Siz o’z gapingiz ustidan chiqdingiz. Adib sifatida aytishingiz kerak bo’lgan hamma gaplarni o’z tilingizda, o’z uslubingizda, asosiysi, o’z ko’nglingizda aytib bo’ldingiz, xalqimizni hech kimning xayoliga kelmagan favqulodda fikrlaringiz bilan oshno etdingiz. Sizdan yozuvchilikni o’rganmoqchi bo’lgan yosh, bo’lajak qalamkashlarga Siz — yozuvchi Tog’ay Murod nimalar degan bo’lardingiz?
Axir, har qanday yozuvchi o’zi bosib o’tgan ijodiy yo’liga nazar tashlar ekan, ijod haqida, adabiyot haqida o’z fikr-mulohazalarini, ta’rifini beradi. Masalan, o’zbek adiblaridan Cho’lpon «Adabiyot — har bir millatning hisli ko’ngul tarixining eng qorong’u xonalarida maishat(tirikchilik)ning ketishiga qarab har xil tusda va rangda yetishgan, fayzli til birla taqdir etula olmaydurgon bir guldur», dedi, Abdulla Qahhor esa: «Adabiyot — hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi», dedi. Siz — Tog’ay Murod yozuvchi sifatida bosh harflar bilan bitiluvchi ADABIYoTga qanday ta’rif berardingiz? Sizningcha, ADABIYoT— o’zi nima?
Tog’ay MUROD:
— Rabindranat Tagor aytmish adabiyot — bu ulkan bir qasr, demakdir. Ulkan qasrning esa darvozasi hamisha bitta bo’ladi. Bu darvozadan hamma bir xil yo’l bilan kiradi. Lekin kira olmay qoluvchilar ham juda ko’p bo’ladi. Bular alamidan ana shu qasr tevaragida shovqin solib, «ura-ura» qilib yuradi. Olisdan qaragan odam bu ulug’ qasr egalari shu baqiroqlar, deb o’ylaydi. Aslida esa bular adabiyot deya atalmish ko’hna qasr darvozasini topa olmay yurgan alamzadalardir.
Adabiyot qasrini qanday zabt etsa bo’ladi? Adabiyot darvozasidan qanday kirsa bo’ladi? Asl ijodkor Adabiyot qasrini o’z asari bilan zabt etadi. Asl ijodkor el-yurtga «ura-ura» gaplari bilan emas, badiiy asarlari bilan xizmat qiladi.
R.S. Yozuvchi Tog’ay Murod bilan ushbu suhbat xayolan uyushtirildi. Bunda yozuvchining kundaliklari, nashr etilgan asarlari va intervyularidan foydalanildi. Ustoz adibga esa XAYoLAN TAShAKKUR bildirib qolamiz...