Xoliqo, agar yaxshi yoki yomon ish qilgan bo‘lsam ham, nima qilgan bo‘lsam ham, o‘z tanim bilan qildim. Mening pasthimmatliklarimni afv et, hurmatsizligimni berkit. O’zimga mubtalo, ammo Sening hayroningman, yomonmanmi yoki yaxshimanmi — Senikiman. Holimga boq, Sensiz yarimta uzvman. Agar Sen menga boqsang, Kull — butun bo‘laman. Qonli ko‘nglimga bir bor nazar sol, bu (dunyo)ning barcha tashvishidan olib chiq. Agar Sen meni nokas desang, hech kim mening gardimni topolmaydi. Men kimmanki, sening oldingda qadrim bo‘lsa (odam desang), Sen uchun bir arzimas (nokas) bo‘lsam, shu menga yetarli, ming shukr deyman. Sening bir qora quling deyishga, Sening ko‘ying itining tuprog‘iga belangan qulingman, demoqqa haddim bormi? Sen uchun qullikni jonimda saqlarman, habashlar kabi tamg‘ang qulog‘imdadir. Agar hindu quling bo‘lmasam, qanday qabul bo‘layin, hindu quling bo‘lsam, zanji kabi dildan bo‘layin. Tamg‘ali hindu qulingni sotma, uning qulog‘iga halqa qilib qo‘y, egam (Ya’ni, qulog‘im doimo Seni tinglasin).
Ey, Rabbim, Sening fazlingdan kishi noumid emas, abadiy sening tamg‘angning halqasidaman. Kimningki dili Sening darding bilan xursand bo‘lmasa, u hech ham xursand bo‘lmasin, chunki bunday odam Sening (yo‘lingga kirgan) mard emas. Ey dardimning darmoni, bir zarra dardingdan menga ber, zero Sening dardingsiz mening jonim o‘lgusidir. Kofirga — kufr, dindorga — din. Attorga esa — sening dardingning bir zarrasi kifoya!
Ey Rabbim, mening «Yo Rab» deb chekkan ohlarimdan xabardorsan, tungi motamlarim (nolalarim)ni ko‘rib turibsan. Motamim haddan oshdi - Isrofil surini yubor, zulmat ichraman, bir nur yubor. Bu motamimda kafilim Sen bo‘lgin, boshqa suyanchig‘im yo‘q, boshqa yo‘ldoshimu yo‘lboshlovchim yo‘q. Musulmonlik nurining lazzatini ber, zulm qiluvchi nafsimni yo‘qotishga madad ber. Soyangda yo‘qolgan bir zarraman, borlig‘imdan hech vaqo qolmagan. Oftob kabi porloq huzuringning soyasiman, koshki shu oftob nuri torlaridan vujudim eshilsaydi. Toki men bir hayronu sarson zarraday qutulib, shu nur toriga osilsaydim. Shunda bu darchadan tashqari (otilib) chiqardim, ravshan charogon olamga peshvoz chiqardim. Jonim labimga kelguncha, ko‘nglimning armonli orzusi shu edi. Agar jonim chiqsa, Sendan o‘zga hech kimim yo‘q, oxirgi nafasimda ham jonimning yo‘ddoshi Sen bo‘lgin. Agar mening jonim mendan xoli qolgan paytda Sen mening yo‘ldoshim bo‘lmasang, ahvolimga voy! Umidvormanki, Sen yo‘ldoshim bo‘larsan, chunki agar istasang, buni qila olasan.