Mantiqut-tayr (nasriy bayoni). Farididdin Attor  ( 115946 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 B


Ansora  21 Mart 2010, 14:05:40

SO’FIY VA YO’QOLGAN KALID HIKOYATI

Bir so‘fiy yo‘lda borayotgan edi, bir odam kalidimni yo‘qotdim, uni kim topib oldi, deb gapirayotganini eshitib qoldi. U odam aytar ediki, uyimning eshigi berk va men ko‘chada, tuproqustida qoldim. Agar eshigim doim yopiq qolsa, men g‘am-g‘ussada qolaman. Bu ahvolda kasal bo‘lib qolishdan qo‘rqaman. Eshigim shu maydonda, lekin u ochilmaydi.
So‘fiy aytdiki:
- Har holda sening manziling va eshiging bor ekan. Eshik yopiq bo‘lsa-da, sen shu yerda o‘tiraversang, bir kun u ochiladi. Sening ishing oson ekan, mening holim dushvor, bu hayotda hayratli ishlardan dilu jonim kuyadi. Menga na oyog‘im, na boshim ish berayapti. Hanuzgacha na kalidim, na eshigim bor.
Koshki bu so‘fiy shoshilmasa, sabr qilsa, yopiq yoki ochiq eshikni ham topar edi. Ba’zi odamlarga xayoldan boshqa nasiba yo‘q. Odamzod o‘zi nima holda ekanligini bilmaydi. Har kim u qilaman, bu qilaman, deb gapiradi-yu, hech narsa qilmaydi. Yoki avval kilgan yaxshi ishlarini hozir qilmaydi. Har kishi Hayrat vodiysini topsa, u joyda har nafasda yuz jahon qayg‘u, hasratni topadi.
Foyda topaman degan odam bu vodiyda hayratu sargashta-likni topadi. Bu yerda yo‘qolgan narsaning payidan tushib izlasangiz, uni sira topolmaysiz.
Men bu yo‘qlik sirini bilmayman, koshki bu sirni bilsam, hayron qolmas edim. Bu vodiyda mardlar hayotdan shikoyat qilmaydilar, balki boriga shukr qiladilar. Hayrat vodiysida goh kufr iymon bo‘lib qo‘rinadi, goh iymon kufr bo‘lib ko‘rinadi.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 14:06:14

SHAYX NASROBODIY HIKOYATI

Shayx Nasrobodiy bir dardga yo‘liqdi. U qirq marta hajni bajo qilgan, barcha mardlar ichida mard edi. Endi sochi oqargan, tani zaiflashgan vaqtida g‘alati qiliq chiqardi. (Hind jo‘gilari — yogalari kabi) yalang‘och, faqat kichik ishtonda, bo‘yniga zunnor bog‘lab, kaftini ochib, gado holiga tushdi. Dili Allohvandga tobe, jismiga o‘t tutashgan edi.
Shayx ne sirlarni bilishini da’vo va lof qilib, gabrlar otashgohi atrofida aylanib, uni tavof qilar edi.
Shayxni bu ahvolda ko‘rib (qayg‘urgan) bir odam bunday dedi:
-   Ey, buzurgi nomdor (mashhur alloma), umr oxirida bu ne koru sharmisorlik? Ko‘p marta haj qilgan, ko‘plarga rahnamo, sarvar bo‘lgan odam hosil yig‘ish vaqtida kofir bo‘lib yuribsiz. Ahli dil nazarida bu ishingiz aqli xomlik va badnomlikdir.
Qaysi shayx siz kabi bu yo‘lga kiribdi, oxiratdagi otashgoh nimaligini unutdingizmi? Shayx javob berdi:
—   Ahvolim og‘ir, ko‘nglimdagi otash azobidan vujudim — jismim xonayu devorlari yiqilgan. Shu otash tufayli men o‘z xirmonimni ham, nangu(uyat, hayo) nomimni ham unutganman. O’zim
qilgan ishlarning qaysi yaxshi, qaysi xiyla ekanligini bilmay qoldim.
Jonimni qiynagan shu otash tufayli bir zamon nomimni ham, sharmu hayoni ham yo‘qotdim. Ka’badan ham bezor bo‘ldim va shu holga giriftor bo‘ldim. Allohm, sening hayratli ishlaring ko‘p. Shu joy atrofida aylanib, sen bergan hasratlaringni unutmoqchiman...

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 14:06:41

YOSH MURIDNING TUSHIDA O’Z PIRINI KO’RGANI HIKOYATI

Dili oftobday charaqlovchi bir yosh murid bir kechasi tushida o‘z pirini ko‘rdi va unga bunday dedi:
- Dunyoda bo‘layotgan ishlardan hayratdaman va dilim qon bo‘lib o‘tiribman. Sen aytgan o‘sha joyda ishlar qanday ekan? Sen safarga ketganingdan so‘ng firoqingda dil sham’ini yondiruvchi kechalar uzaydi. Sen ketgach, bu yerdagi ishlarga hayratlanib, jonu dilim yonmoqda. Bu joyda sirli ishlar ko‘pligidan hayratdaman. Ey ustoz, u yokda ishlaring qanday, shu haqda gapirib ber!»
Pir aytdi:
- Bu yerda ham (g‘alati ishlardan) hayron va mast bo‘lib qoldim. Qo‘lim, kaftim dandon tishga aylanib, muguz bo‘lib qolgan. Biz bu yerda zindon va choh qa’ridamiz. Bu joyda biz sizlardan ham hayronroqdirmiz. Bu yerdagi azob-uqubatlar shu qadar hayratliki, men chekayotgan azob-uqubatlarning bir zarrasini dunyodagi yuzdan ziyod tog‘lar ham ko‘tarolmaydi.


Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 14:08:17

QIRQ TO’RTINCHI MAQOLA

YETTINCHI MANZIL. FAQR VA FANO VODIYSINING BAYONIDA

Hayrat vodiysidan keyin Faqr va fano vodiysiga yetiladi. Endi shu haqda so‘z aytish ravodir.
Inson xuddi shu vodiyga yetganida xotiri dunyo ishlaridan faromush, gung, soqov, kar va behush bo‘lib qoladi.
U vodiyda yuz ming soyani bir quyosh yo‘q qilganday, insonga soya tashlovchi fe’l-atvor, illatlar ham yo‘qoladi. Bu borliqdengizida fikr-o‘ylaring mavjlanadi, dengizda naqshlar yo‘qolsa, faqr va fano dengizida bu naqshlar (yaxshi fazilatlar) doimiy qoladi. Faqr va fano dengizida har ikki olamning naqshi bor. Har qancha gapirgan bilan bu dunyo savdolari tugamaydi.
Faqru fano olamida bunday savdolar yo‘q bo‘lib, dil taskin topib, osuda, tinch bo‘lib qoladi. Chunki bu yerda yo‘qoladigan hech narsa yo‘q. Aksincha, avval yo‘qolgan narsalar bu yerda yana beriladi. Avval ko‘rinmagan sirli narsalar bu yerda ravshan ko‘rinadi. Bu yerga puxta, pishgan, yetuk soliklar va mardlarning mardlari keladilar. Tulkilar, ayyorlar, dard maydonidan ketib qolganlar bu yerda yo‘q.
Insonning birinchi qadami xato bo‘lsa, uning keyingi qadamlaridan ham foyda yo‘q. Bu yerga kelganlarning barchasi xato qadam qo‘yishdan avvalroq manmanligini yo‘qotib, gum bo‘lganlardir. Bular avvalgi, kelgan joyiga qaytishni o‘ylab, chodirlarini (uy-joylarini) o‘gga tashlab, ikki olamni bir tuproq deb bilganlar. Bular (etishganlar) ikki olamda turli suvratlar yakson bo‘lib, bir sifatga kelishini bilganyaar.
Bahri kull — olam dengiziga bir palid narsa tushsa u yo‘qoladi, saxovat, qo‘li ochiqlik (bazl) esa yo‘qolmay qoladi. Agar pokdil odam bu dengizga tushsa, uning vujudi yo‘qoladiyu, ruhi yo‘qolmaydi. Bunday pokdil inson bu dengizda mavjlanib, zavqlanadi, zebolanadi. Pokdil odamga dunyoda bor bo‘lsa ham, yo‘q bo‘lsa ham bari bir. Uning aqlu xayolida dunyo ishlari bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 14:08:48

MA’SHUQ TUSIY

Bir kecha ma’shuq Tusiy bir muridi bilan sirli suhbat qurib, dedi:
- Har doim yonib o‘rtanib yur. Agar ishq olovida batamom o‘rtansang, bir tola sochday nozik, zaif bo‘lasan. Sening shaxsing sochday zaifu zor bo‘lsa, o‘shanda u yor zulfidan joy oladi. Kimki uning ko‘yida soch tolasiday bo‘lsa, shubhasiz uning sochida bir tola sochga aylanadi. Agar sen yo‘lni biladigan va ko‘zi o‘tkir odam bo‘lsang, sochning sochga ulanganini ko‘ra bil va hayratlangin. Kimki o‘rtadan ko‘tarilsa (qetsa), demak u yo‘qoladi (foniy bo‘ladi), agar u fanodan ham fano bo‘lsa (fanodan o‘tib ketsa), demak baqo maqomiga yetadi. Agar senda ostin-ustun bo‘lgan bunday ko‘ngil bo‘lsa, sirot ko‘prigi va uning ostidagi yondiruvchi do‘zax olovidan o‘tib ol. Olov yog‘ va chiroqdan qarg‘a qanotiday tutun chiqarsa, g‘am yema. Agar bul olovga yog‘ tegsa, (u yonib) yog‘li vujudni ham mahv etib, ruhga o‘tib ketadi. Agarchi quydiruvchi olov tomonga yo‘l boshlasa-da, ammo o‘zligini Qur’on qolipiga aylantiradi (ya’ni inson vujudi Kur’on ma’nolari uchun munosib joyga aylanadi). Agar sen o‘shal Oliy dargohga yetishmoqchi bo‘lsang, avval o‘zingni o‘zligingdan chiqar (ozod qil), so‘ngra adam — yo‘qlik sari yo‘lga kir. Yo‘klikdan tikilgan to‘nni kiyib ol, fano to‘ldirilgan kosani simir. Narsadan xaloslik xirqasini egningga ol, (abadiylik) libosini ustingga tashla. Yo‘qlik oyog‘ini yo‘qolish uzangisiga qo‘y, yo‘qlik olamiga hech narsasiz bo‘lib ot sur. Barham topish kamarini bog‘la, arzimasliklardan o‘zingga belbog‘ qil. Ko‘zlaringni yum (yo‘qot) va yana tez ochgil, keyin ko‘zlaringga yo‘qlik surmasini qo‘y. Kam bo‘lgin (faqirlik qil) va yana faqrga intil, bir nafas kamlikdan or etma, bu kam bo‘lishda g‘am chekma. Shu holda osuda bo‘lib yo‘l bos, toki kamlik (yo‘qlik) olamiga yetgaysan. Agar senda bu olamdan kilday asar qolsa, demak, bu olamdan kilcha xabardor emassan.
Agar senda o‘zlikdan qilcha asar qolsa, yomonliging yetgi dengizni to‘ldirishga yetadi.


Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 14:09:27

PARVONALAR VA SHAM’ HIKOYATI

Bir kecha parvonalar yig‘ilishib, sha’mni ko‘rish ishtiyo-qida bahslashdilar, sha’mga yetishmoqchi bo‘ldilar. Hammalari maslahatlashib, bitta parvonani matlub - sham’ huzuriga yuborishga ahd qildilar, toki u sham’ qanaqaligini ko‘rib, qaytib kelib bizga xabar bersin, dedilar. Shu maqsadda bir parvonani qasr tomonga yubordilar, u uzoqdan qasrga yaqgapashib, bino ichida sham’ nurlarini ko‘rdi va qaytib kelib, sham’ haqida hikoya qila boshladi, o‘zi tushungancha sham’ni ta’rif-tavsif etdi. Parvonalar ichida bir ziyrak donosi bor edi, u parvona hikoyasidan qoniqmadi. Dedi: «Sen sham’dan ogoh emassan». Boshqa parvona qasr tomon uchib, eshikdan ichkariga kirdi va sham’ga yaqinlashib, nurni his etdi, qanot qoqib, sham’ nuri-la o‘ynadi, sham’ nurlariga ko‘mildi -mag‘lub bo‘ldi. Keyin hamrohlari yoniga qaytib kelib, bir qadar sirlarni bayon etdi - sham’ visolidan so‘zladi.
Ammo ziyrak paryuna aytdi:
- Ey aziz, aytganlaring uning nishoni emas, sening gaplaring bilan oldingi parvona aytgan gaplar orasida farq yo‘q.
Shunda sham’ ishqida mastu behud boshqa parvona yo‘lga tushdi. U uchib borib, raqs etib, gir-gir aylanib, to‘g‘ri sham’ning ustiga o‘tirdi. Uning qo‘l-oyog‘i, badani olov bilan birlashib ketdi — o‘zini yo‘qotdi va Unga qo‘shilib bir rangga kirdi. Olov uni boshdan-oyoq qamrab olib yondirdi, butun vujudi olovday qizil rangga kirdi.
Buni ko‘rib turgan ziyrak parvona dedi:
- Mana bu parvo-naning ishi haqiqiy ishdir. U Haqqa yetdi, endi u o‘zidan xabardor emas.
Toki jismu jonni unutmasang, baridan kechmasang, Jonondan xabar topolmaysan. Kimki qilcha o‘zidan nishona qoldirsa, yuz dalil ko‘rsatmasin, u Ulug‘ Dargohdan ogoh emas, Jonon visoliga mahram bo‘lolmaydi. Barcha borliqdan kechsang, bu Dargohga sig‘asan.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 14:09:51

UXLAYOTGAN MA’SHUQINI KO’RGAN OSHIQ HIKOYATI

Bir oshiq ma’shuqasini sog‘inib, oshuftalikdan beqaror bo‘lib, uni ko‘rishga bordi. Borib qarasa, ma’shuqasi tinchgina uxlab yotgan ekan. Buni ko‘rgan oshiqning ohu fig‘oni chiqib, ko‘ngli buzilib, sevgilisiga ginaxonlik qilib, ruq’a (xat) yozib, uning yostig‘i ostiga qo‘yib ketdi.
Bir vaqt ma’shuqasi uyg‘onib, oshiq qoldirgan xatni ko‘rdi va o‘qib, dili qonga to‘ldi. Maktubda bunday so‘zlar yozilgan edi:
- Ki, ey xomush, agar kumush sirg‘aga xaridor bo‘lsang, uyg‘on (seningtillo so‘zingni eshitmoqchi edim), mard zohid tunda uxlolmaydi. Haq taologa banda bo‘lsang, tong otgunicha bandalik farzini ado qil. Agar xasta bo‘lsang (darding bo‘lsa) uxlamas eding. Uxlab yotgan ma’shuqa oshig‘ini faqat tushida ko‘radi. Mard inson kunduzini bod-paymo bo‘lib, (elday tez o‘tkazib) kechasi to‘lin oydek nur sochadi. Nur sochmaydigan oy asl oy emas. Oshiq ko‘zi ham oy kabidir. Agar bu yanglig‘ oy ishqdan lof ursa, yolg‘ondir.
Agar ma’shuqa oshig‘i bilan so‘zlashmasa, o‘zi bilan o‘zi so‘zlashadimi? Agar bu so‘zlardan jahling chiqsa, noahillar kabi (arazlab), rohatlanib uxlayver.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 14:10:16

OSHIQ POSBON HIKOYATI

Bir posbon — soqchi yigit bor edi, bir go‘zalga oshiqu zor edi. Kechayu kunduz uyqusiz va beqaror edi. Uyqusiz oshiqning hamdami bo‘lgan do‘sti unga hayrixoxlik bilan dedi:
— Ey uyqusiz do‘stim, kechasi biroz uhla. Oshiq posbon aytdiki:
— Posbon kechasini yor ishqi bilan o‘tkazadi. Soqchi ikkidan birini: yo uyquni, yo oshiqlikni tanlashi kerak. Ba’zilar uyquni o‘ziga loyiq deb biladi: Mard posbon esa oshiqlikni tanlaydi. Soqchilikda uxlab qolgan qancha sarbozlar boshidan ayrildi. Agar men ozgina uxlab qolsam, el-yurt (omma) notinch va zaif bo‘lib qoladi.
Har kecha ishq meni imtihon qiladi. Ishq posbonga ham posbonlik qiladi. Goh kelib, meni qamchilaydi. Goh yuzimni g‘am bilan qora qiladi. Agar uyqusiz va hur oshiq bir dam uxlab qolsa, o‘sha zamon ishq undan uzoqlashadi. Butun kecha xalq osoyishini yo‘qotadi, agar posbon uxlab qolsa, xalq ohu fig‘on qiladi.
Oshiq posbonning do‘sti aytdiki:
- Ey ishq otashida kuygan va toblangan yigit, butun kecha bir lahza ko‘zingda uyqu bo‘lmadi.
Oshiqsoqchi dedi:
- Posbon uxlashi yaxshi emas. Oshiqning yuzi ko‘z yoshidan boshqa suv bilan yuvilmaydi. Agar soqchi uyqusiz bo‘lsa, boshqa oshiqlarning ko‘zi yoshli bo‘lmaydi.
Aslida uyqu tashqaridan kelmaydi. Uyqu ichkaridan kelsa (ko‘ngil uxlab qolsa) suv tashqaridan keladi. Oshikdik posbon bilan do‘stdir. U tufayli posbonning ko‘z yoshi daryoday bo‘lsa, uyqu lashkari bu joydan qochadi.
Posbon oshiqlikdan yaxshilik topadi, uyqusizlikdan hayot mag‘zini topadi. Ey mard yigit, agar jo‘yanda (baxt izlovchi) bo‘lsang, o‘ylab ko‘r, ko‘p so‘zlovchi (go‘yanda) bo‘lsang, uxlaganing yaxshi.
Ey oshiq, dil ko‘chasida posbon bo‘l, dilingni turli o‘g‘rilardan ehtiyot qilib, saqla. Agar dil uyiga o‘g‘ri tushsa, yo‘lingni yo‘qotib qo‘yasan. Diling gavharini o‘g‘rilardan saqla.
Agar sen shunday sifatli posbon bo‘lsang, diling ma’rifat chirog‘idan ravshanlashadi. Mard insonlar hayotning qonli daryosidan ma’rifat yordamida sog‘-omon chiqadi. Agar dardli insonlar, uyqusizlar ko‘paysa, dil bedor, hushyor bo‘ladi. Kam uxlasang, diling ishkda vafodor bo‘ladi.
Agar ko‘p gapiraversa, javonmardlik daryoga cho‘kib, yo‘qoladi. Cho‘kkanlarning esa faryodi ham yetib kelmaydi.
Oshiqlar abadiyat yo‘lida boshlovchilardir. Muhabbatdan mast bo‘lganlarning hammasi uyqudadirlar. Oshiq ayollar ham mardlarning mardidir. Ular ishq mayidan yetarlicha ichganlar.
Ishq zavqini topganlarning ko‘ngli ravshan, ular har ikki olamning kalitini topganlar. Oshiq ayol mard erkak kabi ulug‘ insondir. Agar erkak oshiq bo‘lsa, u teran, chuqur daryodir.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 14:12:02

ABBOSA VA UNING ISHQ HAQIDA AYTGANLARI

Abbosa bir oshiq yigitga bu so‘zlarni aytdi:
- Ey mardi ishq, agar senda ishqdardidan bir zarra bo‘lsa ham, shu dard seni toblaydi, chiniqtiradi. Ishqda ayol bilan erkak bir uzvni tashkil etadi. (Ya’ni, har ikkisi bir a’zodek). Agar ishq dardi ayolda bo‘lsa, u bu sohada erkak bilan tengdir. Ayol sening odam farzandi ekaningni ko‘rmaydimi, erkaklarning mardini Maryam tuqqanligini eshitmaydimi?
Agar zarur, kerakli narsalarni bilmasang, ishlaringga hargiz yo‘l ochilmaydi (kushoda bo‘lmaydi). Agar mulk (ma’rifat, fazilat) qo‘lingga kirsa, uninghosiliga ham ega bo‘lasan. Yaxshi hosil kelsa, diling boy bo‘lsin. Bu (ma’rifat) qanday mulkli-gini tushunib ol va bu davlatga shukr qil. Bu olamda zarra yaxshilik topsang din, iymoningdan. topasan.

ABUL-HASAN NURIYNING JAVOBI

Bir pokdin va sofdil odam shayx Abul-Hasan Nuriydan:
— «Biz Haq taolo visoliga (jamoliga) yetishgunimizcha qanday yo‘llarni bosib o‘tamiz? - deb so‘radi.
Abul-Hasan Nuriy bunday javob berdi:
— Sen aytgan manzil shunchalar uzoqki, oldinda nor - olovli va nurli manzil bor, bular o‘rtasida yetti daryo uchraydi. Har bir daryoning oralig‘i juda uzoq, juda ham uzoq. Ana o‘sha yetti daryodan o‘tganimizdan so‘ng qirg‘og‘iga yetib bo‘lmay-digan bir ulug‘ dengiz keladi va undagi bir bahaybat nahang bir damda yetti daryoning suvini ichib qo‘yadi.
Biz yashaydigan ikki olam (dunyo va oxirat) o‘sha nahangga o‘xshashdir, u vaqgi kelsa har ikki olamdagi barcha xalqni bir nafasda yutib yuboradi. Bu nahangning boshi ham, dumi ham bizga ko‘rinmaydi. Mana shu ikki olamni pisand qilmaydigan, boshi va oxiri qo‘rinmaydigan nahang Istig‘no dengizida suzadi.


Qayd etilgan


Ansora  22 Mart 2010, 00:34:21

QIRQ BESHINCHI MAQOLA

QUSHLARNING SIMURG’NI IZLASH YO’LIDA HORIB, HOLSIZLANGANI

So‘nggi yudiyga yetish oldidan qushlar sarnigun va jigarxun bo‘lib, holdan toydilar. Barchalari bildilarki, bu kamonni tortish juda mushkuddir. Yo‘l boshida juda ko‘p, son-sanoqsiz bo‘lgan qushlardan bu manzilga yetib kelgunlaricha, ozgina va majolsiz bir gala qoldi, bular ham yo‘ldagi hayratlardan beqaror bo‘lib, tanlarida majoli qolmadi. Bu qushlar balandlik va pastliklardan necha yillab yo‘l yurdilar. Uzun umrlarini shu tanlagan yo‘lga sarfladilar. Bu yo‘lda ular shu qadar ko‘p talofatlar ko‘rdilarki, buni sharhlash oson emas.
Sen ham, ey ikki olam yo‘lchisi, bosib o‘tgan yo‘llaringga gohi-gohida qayrilib qara, bu yo‘lning naqadar azob-uqubatli ekanligini o‘yla.
Bu yerga yetib kelguncha qushlar qanchalar qon yutdilar. Oxirul-amr, yo‘l oxiriga juda katta sipoh-qo‘shin bo‘lgan qushlarning har mingdan birlari yetib keldilar.
Yo‘lda ba’zilari daryoga g‘arqbo‘ldilar. Ba’zilari yo‘lini yo‘qotdilar. Ba’zilari tog‘ cho‘qqilariga chiqolmay, pastda qolib ketdilar. Ba’zilarini gazandalar chaqib o‘ldirdi. Ba’zilarini oftob urdi. Jazirama issiqdan ba’zilarning qanot-quyruqlari kuydi. Ba’zilariga yo‘lbars va sherlar hujum kiddi. Ba’zilar qo‘rquvdan o‘ldi. Ba’zilari dushmanlar qo‘liga tushib qoldi. Ba’zilari suvsiz cho‘lda tashnalikdan xarob bo‘ldi. Ba’zilari dona - rizq (shirin taom) orzusida tuzoqqa tushib qoldi. Yana ba’zilari hushi og‘ib, devona bo‘lib qoldi. Yana ba’zilari yo‘l mashaqqatlari, azoblariga chidol-may, uzr-ma’zur aytib, qolib ketdilar.
Qushlarningba’zilari yo‘ldagi ajoyibotlarga, tomoshalarga va ko‘ngilxushliklarga qiziqib qolib ketdilar.
Oqibatda bir olam qushlardan juda ozchiligi (mingdan biri) bu manzilga yetib keldilar. Xullas, bu yergacha yetib kelgan o‘ttiz qush (Simurg‘) qanot-quyrug‘i to‘zg‘igan, dili shikasta, tani majruh bo‘lib qolgan edi. Ana shu o‘ttiz qush ko‘zi oldida akl-idrok va ma’rifatda a’lo, vasfi va sifat-lari benihoya bo‘lgan, chehrasi oftobday nur sochib turgan bir ulug‘ zot paydo bo‘ldi.

Qayd etilgan