YUSUFNING OG’ALARI MISRGA BORGANI HAQIDA
Yusufning husniga rashk qilib, yulduzlar ham isiriqday kuyar edilar, shunday yigitni og‘alari arzimas tanga, chaqaga sotib yubordilar, Misr azizi Yusufni savdogarlardan qimmat bahoga sotib oldi va arzon so‘radilar, deb sevindi.
Savdogarlar Yusufni og‘alaridan sotib olganlarida ulardan shu haqda tilxat olgan edilar. Bu xatga o‘n og‘asi imzo chekkan edi. Savdogarlar keyinchalik zarur bo‘lsa Yusuf-ning og‘alarini guvohlikka chaqirishlari mumkin edi.
Misr azizi Yusufni sotib olganida o‘sha tilxatni ham olgan va bu purqadr qimmatbaho hujjat Yusufning qo‘liga tushgan edi.
Yillar o‘tib, Yusuf podshoh bo‘lib qoldi. Bir vaqt — Kan’onda qattiq qahatchilik bo‘lganida, Yusufning og‘alari don, g‘alla, non izlab, Misrga keldilar.
Yusuf og‘alari kelganini bilib, ularni o‘z huzuriga chaqirdi. Og‘alari keldilar, lekin Misr podshohi Yusuf ekanligini bilmas edilar. Uning yuzini ko‘rganda ham tanimadilar.
Og‘alari shoh huzuriga don, g‘alla olar ekanmiz deb, sevinib keltsilar. Yusuf og‘alarini izzat-ikrom bilan kutib oldi (mehmon qildi). Og‘alari qahatchilikdan jon asrash uchun chora izlab kelganlarini aytdilar.(Yusuf ularni mehmon qildi.) So‘ng ularga:
— Ey insonlar, mening qo‘limda ibroniycha yozilgan bir xat bor, butun dunyodan kelganlar bu xatni o‘qiy olmadilar. Ehtimol, sizlarga bu xat tanish chiqar. Agar shu xatni o‘qiyolsangiz, sizga don ham, non ham beriladi,— dedi.
Og‘alari bu so‘zlarga xursand bo‘lib:
— Ey shahriyor, bizga tezroqu xatni qo‘rsating, — dedilar. Yusuf og‘alariga o‘zlari yozgan tilxatni berdi.
Ular xatga ko‘zi tushgach, o‘z qissalarini o‘qib, xijolatga tushib, ko‘ngillari buzilib, adoi tamom bo‘ldilar.
Bu xatdan og‘alarning vujudlari larzaga keldi. Ular ne hodisa yuz berganini tushunmay, og‘ir ahvolga tushib, ko‘z oldilari qorong‘ilashdi.
Barchalari afsuslanib, g‘am-qayg‘uga botdilar. Ular endi chohdagi Yusuf holiga tushdilar.
Yusuf ulardan
— Nechun, bu xatni o‘qib, xomush bo‘lib qoldingiz, xatni ko‘rib, go‘yo behush bo‘lib qoldingiz?—deb so‘radi.
Og‘alari unga:
— Ey podshoh, bu xatni o‘qitgandan ko‘ra, bizni kaltaklab, gardanimizga urganing yaxshiroq edi!— dedilar.