HUDHUDNING JAVOBI
Hudhud aytdi:
- Ey gavhar kabi tovlanuvchi, turfa rangli Kaklik. Buncha oqsaysan, buncha oqsoq uzrlar aytasan (oqsoqlik uzrini qilasan)? Sening tumshug‘ing va oyoqlaring jigar qoniday qizil, sen o‘zingni gavhar deysan, ammo toshdirsan, oddiy tosh. Gavharning asli ham toshdir, faqat uni biroz bo‘yaganlar, xolos. Sen ana shu tosh savdosida (g‘avg‘osida, ishqida) diling toshday qotib qolibdi. Agar bu rangni ko‘chirib tashlasang, gavhar toshlardan bir toshdir, kimningkim rangi yo‘q, u shubhasiz, toshning o‘zi bo‘ladi. Kimdaki ruh bo‘lsa, u rangni istamaydi, chunki mard (asl inson) tosh istamaydi.
SULAYMON VA UZUK HIKOYATI
Hech gavharda Sulaymon uzugidagi gavharday izzat-qadr yo‘q edi. Shu uzuk tufayli shohning shuhrati ziyoda edi. Ajabki, bu gavhar tosh yarim dong edi.*
Sulaymon mazkur gavharni uzugiga joylaganda, yer yuzi unga qaram bo‘ldi. Shoh Sulaymon mamlakatu davlatining behisob ekanligini bilgach, yeru osmon o‘ziga qaramligini ko‘rgach, uzunligi (eni) qirq farsax (taxm.280 km.) keladigan soyabon yasatdi va shamol ham uning farmoniga bo‘ysunardi. Garchi eni qirq farsax keladigan soyaboni bo‘lsa ham, lekin bu o‘sha yarim dong keladigan tosh tufayli edi. Dedi: ushbu mamlakat, bu savlatu shon-shuhrat o‘sha tosh tufayli doimo mustahkam turadi. Men dunyo va din ishida bunday mulkka ega bo‘lishni xohlamayman. Ey Podshoh (Allohvand), men o‘z ko‘zim bilan shuni aniq ko‘rdimki, bu mulku boylikning ofati muqarrardir. Bu uqbo (oxirat) tarafida muxtasar qolsin. Bundan keyin hech kimga bunday mulku boylik berma. Mening lashkar va mulk bilan ishim yo‘q. Men zambil to‘qishni ixtiyor etaman.
Garchi o‘sha gavhardan Sulaymon shoh bo‘lgan bo‘lsa-da, xuddi shu gavhar uni yo‘lda bandi-qul qildi. Bu gavhar Sulaymonday shohga nima qildiki, senga vafo qilib, xotirjam etsa? Ul gavhar uchun qanchalik kon qazib, mehnat qilmagin, u bir toshdir, xolos. Sen esa faqat Jonon yuzini ko‘rish uchun jon bergin. Ey gavhar (asl) talab, toshdan bo‘lgan gavhardan ko‘nglingni uz va doimo yagona Javhar talabgori bo‘l!