Mantiqut-tayr (nasriy bayoni). Farididdin Attor  ( 116087 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 33 B


Ansora  20 Mart 2010, 14:21:57

G’OYIB BO’LGAN ISKANDAR

Jahongir Iskandar bir kun bir mamlakatga elchilar yubormoqchi bo‘ldi. Bir necha odamga bir xil kiyim kiydirdi va o‘zi ham o‘shalarning libosidan kiyib oldida, elchilarga qo‘shilib jo‘nadi. O’sha mamlakat odamlaridan-hech kim Iskandarni ko‘rmagan edi, agar birortasi men Iskandarman desa ham hech kim ishonmasdi...
Iskandar esa hammani ko‘rib turar va hammaning ahvolidan xabardor edi. Shohning har bir ko‘ngilga yo‘l topishga imkoni, ixtiyori bor edi. Ammo gumroh dillarga yo‘l topish qiyin. Gumrohlarning yo‘li gumrohlik va g‘aflat, adashish yo‘lidir. Shoh garchi hujra tashqarisida begonaday bo‘lib tuyulsa-da, lekin hujra ichida hammaga mahram — hamxona edi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:22:19

SULTON MAHMUD VA AYOZ

Ayozga yomon ko‘z tegib, kasal bo‘ldi, shu bois Sulton oldiga borolmay, undan uzoqlashdi. Ayoz notavonlik to‘shagida yotar, bemorlik unga azob berar, nola chekardi. Sultonga xabar berdilar. U o‘zining bir xodimini Ayoz oldiga yuborib, dedi:
- Avval mendan salom yetkaz, ahvolini so‘ra, so‘nfa degilki, ey mening aftodahol shohim, men hozir sendan uzoqdaman, sening g‘amu anduhingda sendanam nochorroqman. Sening dard chekib qiynalishing o‘ylasam, jonim bo‘g‘zimga keladi: bilmadim, sen kasalmi yo men? Agar tanim hamnafas do‘stdan uzoqda bo‘lsa ham, ammo mushtoqjonim sening bilan birgadir. Sening jonu taningni sog‘ ko‘rish ishtiyoqidaman, bir nafas ham sendan g‘oyib emasman. Yomon ko‘z badkirdorlik qilib, senday nozaninni bemor etibdur.
Xodimga shunday deb, keyin qo‘shib qo‘ydi:
- Tez yo‘lga tush, olov kabi borib, tutun kabi sur’at bilan qaytgin. Zinhor yo‘lda to‘xtama, bulut kabi yuqoridan yugur va chaqmoqni ushlab chopgin. Agar yo‘lda bir soat hayallasang, ikki olamni senga tangu tor etarman.
Xodim zudlik bilan yo‘lga tushib, shamolday bir zumda Ayozning oldiga yetib keldi. Qaysi ko‘z bilan ko‘rsinki, Sulton Ayoz oldida o‘tirgan edi. Xodim bundan aqlu hushini yo‘qotib, hayratda qoldi. Xodimning vujudi titrar edi, go‘yo behushday oh urib yiqiddi. Ichida:
- Sulton meni osadi yoki boshimni kesib qonimni to‘kadi.
Sulton oldida u:
- Yo‘lda hech joyda to‘xtaganim, o‘tirib dam olganim yoxud birov bilan so‘zlash-ganim yo‘q, ey podshoh, sen ko‘rinmas zarra kabi qanday qilib mendan oldin kelding? Shoh so‘zimga ishonadimi yo‘qmi - bilmayman, ammo agar yolg‘on gapirsam kofir bo‘layin! - deb hasrat bilan qasam ichardi.
Sulton dedi:
- Bunda sening gunohing yo‘q. Sen axir oshiqlar yo‘lini qachon bilarding? Mening Ayoz tomon yashirin (o‘g‘rincha) yo‘lim bor. Chunki uning yuzini ko‘rolmay turolmayman. Oramizdagi sirli yo‘l bizni o‘zaro bog‘laydi, oramizda jonlarimiz mag‘ziga tutash sirlarimiz bor, axir. Agar men odamlardan sirni yashirsam, botinda jonimni uning yo‘lida garovga qo‘yganman. Tashqarida u haqda xabar olib turaman, ichkarida esa parda ichida undan ogohdirman.

 

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:22:48

O’N TO’RTINCHI MAQOLA

QUSHLARNING YO’L SAFARI HAQIDA HUDHUDGA SAVOLLARI

Qushlar Hudhudning so‘zlarini tinglab, ko‘hna sirlarni yaxshi anglab yetdilar. Hammalari o‘zlarini Simurg‘ bilan bog‘liq deb bildilar. Shu bois U tomon sayr etishga rag‘bat bildirdilar. Shu ma’noda o‘zaro yana ittifoq tuzdilar. O’zlarini hamdard va hamovoz deb his etdilar. Hudhuddan boshqa yo‘lni biladigan bo‘lmagani sababli u bilan xiyla suhbatlashdilar. Undan:
- Ey tajribali, dono ustoz, bu yo‘lda nimalar bizni kutadi, qanday qilib bu yo‘lni bosib o‘tamiz? Bunday oliymaqomga ko‘tarilish tartibi - qoidasini biz ojizlar batamom bilmaymiz, siz ko‘rsating, - deya so‘radilar.
Rahbar Hudhud daf’atan dedi:
- Kimki oshiq bo‘ldi, u jonining g‘amini yemaydi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:23:06

HUDHUD JAVOBI

Xoh zohid bo‘lgin, xoh badaxloq fosiq bo‘lgin, ammo oshiq bo‘lsang, jon tarkini qiluvchi chin oshiq bo‘lgin. Sening qalbing joning dushmaniga aylansa, albatta jonfidolik bilan yo‘l oxiriga yetasan. Bu yo‘l mingjonga arziydi, jonni baxshida qil, shundan keyin ko‘zni ochib diydorlashgin. Agar seni iymondan chiq desalar yoki jonni topshir deb xitob qilsalar, sen buni ham, uni ham topshir — iymonni tark et va jonni bag‘ishla!
Agar biror kishi:
- Bu kofirlik-ku, desa, sen aytgin:
- Ishq kufru imondan yuqoriroq, afzalroqdir. Ishqning kofirlik va mo‘minlik bilan nima ishi bor, oshiqlarning tanu jon bilan nima ishi bor?
Oshiq dunyo xirmoniga o‘t qo‘yadi, agar boshi ustidan arra tortsalar, tanasini, ma deb tutadi. Ishq dardini didning qoni biladi, ishq qissasi uzun va mushkuldir, u har kimga nasib bo‘lmaydi.
Ey soqiy, jomni jigar qoni bilan to‘ldir, agar darding bo‘lmasa, bizdan qarz ol! Ishqning dardi bedarmon, ko‘z yum, goh jonning pardasini yirt, gohida uni parda qilib tik!
Ishqning bir zarrasi butun olamdan afzal va azizdir, uning bir zarra dardi barcha oshiqlardan qimmatli. Ishq azaldan koinotning mag‘zi —mohiyati bo‘lib kelgan, ammo dardsiz ishq— komil ishqemas. Qudsiy farishtalarda ham ishq bor, ammo ularda dard yo‘q. Dard faqat odam bolasiga yuklatilgan, faqat Odam bunga munosib, faqat Odam unga chiday oladi. Kimningki ishqda qadami mustahkam bo‘ldi, u kufr va islomdan ham voz kechdi. Ishq faqr tomon eshik ochadi senga, faqr esa senga kufr tomon yo‘l ko‘rsatadi. Ishqning kofirlik bilan qarindoshligi bor, aslida kofirlik - darveshlikning mag‘zi-mohiyatidir." Senda bu kufr va iymon qolmasa, dunyoviy tanu diling yemirilib, joning ham qolmaydi. Shundan keyin bu ishda (Yor huzuri, vaslida) shunday darajaga erishasanki, ilohasroriga hamdam ruhga aylanasan, komil eran bo‘lasan.
Sen eranlar kabi yo‘lga qadam qo‘y va qo‘rqma. Kufr va iymondan ham kechgil va qo‘rqma. Nimaga bolalarday qo‘rqasan, bolalikni tashla, balog‘at sari intil, bu ulug‘ safarga shermardlar singari shaylan!
Agar yo‘lda senga yuz xavfu xatar, uqubat yetkazuvchi g‘ovlar uchrasa ham, qo‘rqma. Mardonavor intilsang, murodingga yetasan.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:23:45

SHAYX SAN’ON VA TARSO QIZI QISSASI

Shayx San’on o‘z zamonasining piri murshidi edi. Ilmu irfon, karomatu kashfda yagona edi. Uning kamoli haqida so‘z aytish ortiqcha, chunki Makkaning o‘zida ellik yil shayxlik qilgandi, to‘rt yuzta muridi bor ediki, har biri tariqatda bir yorqin siymo edi. Ammo o‘zi ham, muridlari ham riyozat va toatdan to‘xtamas edilar, kecha-kunduz Allohni yod etib yashardilar. Shayxning ilmi va amali barobar bo‘lib, yashirin va oshkora ravishda ishora va asror ko‘rsatib turardi. Ellik marta haj qilgandi, bundan tashqari umra hajini ham umr bo‘yi kanda qilmadi. Biror sunnatni tark etmadi va namozu ro‘zani behad ko‘p ado etar edi. Barcha peshvolar bu peshvo shayxni o‘zlaridan baland hisoblardilar. Bemorlar va kasalmand odamlar undan shifo topardi. Xullas, shodligu g‘amda xalq bilan birga va madadkor edi u.
Davrining yagonasi bo‘lgan bu ulug‘ murshid bir kecha tush ko‘rdi. Tushida ko‘rsaki, Rumda sayr etib yurgan emish va bir but-sanamga sajda qilayotgan emish. Ko‘ngli bedorlarning bedori, ogohlarning ogohi bo‘lgan bu ulug‘ shayx ko‘rgan tushidan g‘amgin bo‘ldi:
- Ey attang, imon eltay deb shuncha jon chektim, nahotki toatlarim Allohvandi karimga ma’qul bo‘lmadi? Doyunlar oshib, manzilga yetaman degan odam oxirgi dovonda butun ishlari abas ekanini sezganday, nahotki men ham parvardigor marhamatidan noumid bo‘lib qolsam?
Oqibat, Shayx San’on muridlarini yig‘ib, Rumga borishni niyat qilganini aytdi. Bu tushningta’birini bilmoqchiman, dedi u. To‘rt yuz muridi ham shayxga ergashib, Rum safarida unga yo‘ldosh bo‘ldilar. Ka’badan Rum mamlakatigacha uzoq yo‘l bosishga to‘g‘ri keldi.
Billo nihoya, shayx bilan muridlari bir necha oy yo‘l yurib, oxiri Rum mamlakatiga yetib keldilar. Ular bir shaharning ko‘chalaridan o‘tayotganda, baland ayvonli hashamatli bir binoga ko‘zlari tushib, unga yaqinlashdilar. Baland ayvonda bir go‘zal nasroniy qiz o‘tirardi. Ruhoniy qiyofali (monax qizi) bu nasroniy qiz husnu jamolda tengsiz, nafosat olamining quyoshiday porlab turardi. Uningjamoliga qara-ganning ko‘zi qamashar, aqlu hushi shoshar edi. Halqa-halqa zulfi oshiqlar domi, fatton ko‘zlari, kamon qoshlaridan yuraklarga sinon o‘qini otar, qip-qizil yoqutday lablari cho‘g‘ bo‘lib dilni o‘rtar, og‘zi obi hayotday jonbaxsh edi. Sochlarining har tolasi ming musulmonni kufrga yo‘llab, beliga zunnor bog‘lashga majbur etardi. Olovday lovullab turgan yuzining yarmini bir dasta sochlari berkitib turar, go‘yo quyosh bulut pardasi ortidan boqqanday edi. Qizning bugun vujudi dilkash va malohatli, dilbar va halovatbaxsh edi. Nafosat haykaliday muhtasham ayvonda o‘tirar, sochiga taqilgan bir dona gavhar kunday porlar, yuziga tortilgan qora harir to‘r goh-gohida shamoldan lipillab, ochilganday bo‘lardi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:24:01

Qizga yaqinlashganda, Shayx San’on otini to‘xtatib, unga tikildi. Ne ajabki, shu payt tarso qizi yuzidan harir qora parda ko‘tarildi - bulut ortidan quyosh charaqlab chiqqanday olam munavvar bo‘ldi. Shayx San’on bu go‘zal chehrani ko‘rdi-yu, o‘zini yo‘qotdi, holsizlanib, a’zoyi badani bo‘shashdi. Avva-lida sir boy bermaslikka harakat qilib ko‘rdi, ammoyshq otashi nishona urib, atrofidagilarga sirini oshkor etdi. Bu qiz o‘sha Makkada shayx tushiga kirgan sanam edi.
Shayxning vujudi titrar, ichga olov tushganday betoqat bo‘lar edi. Uning ixtiyoru inoni qo‘ldan ketgan, dili dilbar ixtiyoriga o‘tgan edi. Shayx ellik yillik toat-ibodati, obro‘-e’tibori, imon-e’tiqodini tarso qizi ishqiga almashdi-qo‘ydi, tarsozoda uning imonini sotib olgan, imonu din o‘rniga rasvolik va badnomlik in’om etgan edi. Shayx San’on hammasiga ko‘nika boshladi. Ko‘nglidan umidini uzdi, chunki ko‘ngil endi unga itoat etmas edi. Jonini ham jononasi uchun qurbon qilishga tayyor turardi. Shayxning so‘zi ham, sozi ham ishq bo‘lib qoldi. O’zga gap qulog‘iga kirmas, o‘zga narsalar mutlaqo e’tiborini tortmas edi. Tarso qizi uning muhibi, qiblasiga aylandi.*
Shayxning muridlari bu holni ko‘rib, qattiq qayg‘urdilar, nima qilishlarini bilmay hayron qoldilar. Sarsonu rargardon bo‘lib, goh shahar kezar, goh shayx oldida yig‘ilib, uni bu yo‘ldan qaytarishga urinardilar. Ammo shayx San’onga gap ham, nasihat ham kor qilmas, olamni unutgan edi u. Qalbi tarso qizi farmonida bo‘lgach, boshqaning gapi qulog‘iga kirarmidi? Oshufta oshiqning podshosi ham amru farmon beruvchisi ham ma’shuqadir. Bu dardning bedavoligini ishq dardiga chalinganlar biladi, bedardlar buni qaerdan bilsin? Shayx uchun kecha va kunduz barobar edi. Kunduz kechaday qorong‘i, tun esa firoq zulmatiday uzun va vahimali edi.
Shayxning ishqi tug‘yon urib, o‘zini ham, olamni ham unuta boshladi, boshiga tuproq sochib, o‘z holiga o‘zi motam tutdi. Ko‘ziga uyqu kelmas, goh nola chekar, gohida o‘rtanib yonardi. Qopqora tunlarning zulmati - firoq zulmati poyonsizday edi.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:24:13

- Ey Alloh, — deb nola qilardi Shayx San’-on, - nahotki, bu tunlarning oxiri ko‘rinmasa, nahot mening quyoshim porlab chiqmasa? Yo falak mashali o‘chdimi abad, so‘ndimi tiriklik olovi? Behad ko‘p tunlarni riyozatda o‘tkazgan edim, ammo bunday zulmat tunlarni ko‘rmagan edim. Sham’day yonib ado bo‘lyapman, jigarim yonib, ichimdagi olov alanga urmoqqa! Nafasimdan o‘t chiqadi, ey parvardigor! Ishq meni o‘z qonimga tashna qildi-qu, yo‘q-yo‘q, bosh-oyog‘imni qonga beladi. Bir kechada yuz kechaning azobini tortayotirman, bilmadim, kunduzim qanday o‘tar ekan? Tun odamzod uchun shuncha mashaqqatlimi, shuncha azob ekanmi, endi bildim buni. Kecha-kunduz isitma ichidamanki, qachon kunduz boshlanib, qachon kech kirishini anglamasman. Magar vujudim tarhini tuzganda parvardigor shu bir kecha uchun asrab qo‘yganmidi meni? Dunyoda g‘am shuncha ko‘pmi, ishq shunday beintiho qudratmi? Bu qiyomatning alomatimi yo ohimdan gardun sham’i xiralashdimi yo dilbarimdan uyalib, quyosh parda ichiga kirib ketdimi?
Kuydimu yondim bu tun azobidan, ilojin topolmadim ishq dardining, endi toqatim ham qolmadi bu g‘avg‘olarga. Tog‘day sabotim-sabrim qani, hashamatu matonatim qayon ketdi, o‘tkir zehnim, zakovatimdan ayriddim: qilni qirq yorib, ne-ne mushkil masalalarga javob topgan aqlim xiralashdi. Biroq oshiq uchun aql nima kerak, ishqqa aqlning kuchi yetarmidi? Yorni izlab eshigiga boray desam, oyog‘im qimirlamaydi. Ovoz chiqarib, mahbubamni chaqiray desam, tilim so‘zga kelmas, qon oqaverib ko‘zlarim ko‘rmaydigan bo‘ldilar.
Aql ketdi, sabr ketdi, ketdi jon, Bu ne savdo, ne azobu ne fig‘on?!
Shayx San’onning muridlari yig‘lashib, uning qo‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldilar. Yaqin mahramlaridan biri dedi:
— Ey shayxi kibor, o‘rningdan tur, vasvasani o‘zingdan uloqtir, tahorat olib, namoz qil, shaytoni la’inni quvgin nari.
Shayx dedi:
—   Ey bexabar, bu kecha jigar qoni-la yuz daf’a tahorat qildim, yuz rakaat namoz qildim Allohga, mahbubim visoliga etkizgin deb.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:24:26

Boshqasi dedi:
—   Tasbehing qani, tasbehsiz shayx shayx bo‘ladimi? Tasbehni qo‘lga olib zikrga tush.
Shayx dedi:
—   Belimga zunnor bog‘lash qulay bo‘lsin uchun qo‘llarimni tasbehdan bo‘shatib oldim.
Boshqasi dedi:
—   Ey mo‘ysafid, agar gunohu xato sodir bo‘lgan bo‘lsa, tavba qil, parvardigor rahm qiluvchidir.
Shayxdedi:   
—   Allaqachon tavba qilganman, ammo shayxlik oru nomusidan, qilu qolidan tavba qilganman.
Boshqasi dedi:
—   Pushaymon emasmisan, shayx? Axir musulmonlikdan emas bu ishing.
Shayx dedi:
—   Ha, nega shu paytgacha oshiq bo‘lmadim, deb pushaymonman.
Boshqasi dedi:
—   Seni dev yo‘ldan uribdi, badbaxtlik o‘qi bilan qalbingni pora qilibdi.
Shayxdedi:
—   To‘g‘ri aytding, ishq devi bizning ko‘raga olov qo‘yadi, aytgin, yana ham gurkiratsin olovini. Oh, qanday chiroyli olov qalar u!
Boshqasi dedi:
—   Xabar topgan oshnolar, birodarlarimiz nima deydi, bundan ogoh bo‘lganlar shayxi kabir gumroh bo‘libdi, demaydilarmi?
Shayx dedi:
—   Men nomu nang, ya’ni obro‘-izzat talashishdan qutuldim, riyo shishasini toshga urib chil-chil qilib sindirdim.
Boshqasi dedi:
—   Kel, do‘stlaringga qo‘shilgin, bu kecha Ka’baga qarab yo‘l olaylik.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:24:37

Shayx dedi:
—   Agar Ka’ba bo‘lmasa, dayr (nasroniylar ibodatxonasi) bor-ku. Qaragin, men hushyoru ka’bam dayrda mastdir, ya’ni ma’shuqam nasroniylar ibodatxonasida yashar husni bilan mag‘rur.
Boshqasi dedi:
—   Qadimiy yoru do‘stlaring sendan xafa, ko‘ngillari yarim bo‘lib, sarson-sargardon yuribdilar, axir.
Shayx dedi:
—   Tarso qizi qanday go‘zal! Ko‘nglim boshqa aloiqlar, ranjlardan begona. Mening do‘stim dayrda, parda ortida.
Boshqasi dedi:
—   Tur, yo‘lga tush. Makkaga borib uzrxohlik qil, tavba keltir.
Shayx dedi:
—   Boshimni ul nigorning ostonasiga qo‘yib, uzr so‘rayman. Boshqa narsa kerak emas, meni yo‘ldan urma, tanho qo‘y!
Boshqasi dedi:
—   Ey shayx, bu yo‘l — do‘zax yo‘li. Ogoh bo‘lmagan odam do‘zaxiydir.
Shayx dedi:
—   Mayli, menga do‘zax hamroh bo‘lsin, illo bir emas, etti do‘zax mening ohimdan kuyar.
Boshqasi dedi:
—   Jannatdan noumid bo‘lma, ey shayx. Jannatdan umidvor bo‘lsang, bu yomon ishni qilma.
Shayx dedi:
—   Jannat mening yorimning yuzidir. Agar jannat kerak bo‘lsa, uning ko‘yi-ko‘chasiga boraman.
Boshqasi dedi:
—   Ey shayx, Allohdan uyalgin, haqtaolodan insofu adolat, hayo va imon tila.
Shayx dedi:

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 14:24:50

—    Bu o‘tni mening vujudimga haqning o‘zi soldi, men buni o‘z ixtiyorim bilan o‘zimdan ketkizolmayman
Boshqasi dedi:
—    O’zingga kelib, hushingni yig‘, xotirjam’ bo‘l, yangidan imon keltirib, musulmon bo‘lgin.
Shayx dedi:
—    Mendek hayronu zordan kufrdan boshqasini so‘rama, kofir bo‘lgan odamdan imon talab qilasanmi?
Shayx San’onga so‘z ta’sir qilmadi. Muridlarning qalbi qonga to‘ldi. Ular oldinda yana qanday hodisalar yuz beri-shini bilmasdan hayron edilar. G’ayb pardasi ortida ne hikmatlar bor, qismat kimning boshiga nima soladi — noma’lum edi.
Tun yorishib, yorug‘lik sultoni — quyosh lashkarini tortib chiqib keldi. Shunda xilvatda o‘ltirgan Shayx San’on tarso qizi uyi tomon yo‘l oddi. Qizning uyiga kirmoqchi bo‘lgandi, ammo xizmatkorlar uni quvib haydadilar, orqasidan itlarni qo‘yib yubordilar. Shayx noiloj tashqariga chiqib turdi, tashqarida nigori uyining tuproq yo‘lida o‘tirib oldi. Yorim chiqarmikan deb ikki ko‘zi to‘rt edi. Ma’shuqasi dargoxi yo‘lidagi tuproqni ko‘ziga surtar, kecha-kunduz uy yonidan ketmas, dashnom-ta’nalarga, malomatlarga chidab, sabru trqat bilan qizning tashqari chiqishini kutardi. Oqibatul amr, sillasi qurib, kasal bo‘lib qoldi. Nola-fig‘on o‘tgan-ketganlarning bag‘rini ezar, odamlar atrofiga to‘planib, qiziqish bilan tamosho qilardilar, achinardilar. Bu yuqeani eshitgan qiz bir kun tashqariga chiqdi va shayxni ko‘rib, undan so‘radi:
-   Agar sen chindanam oshiq bo‘lsang, bu yo‘lga mardonlardek kirishgan bo‘lsang, quyidagi to‘rt ishni bajarishing kerak: birinchidan, butga sajda qilasan, ikkinchidan, Qur’onni o‘tga solib yondirasan, uchinchidan, sharob ichasan, to‘rtinchidan, imondan qaytasan.
Shayx dedi:
-   Mayli sharob ichaman, qolgan uchtasi bilan hech bir ishim yo‘q. Jamoling haqi may ichishga roziman, husningni mayga qo‘shib icharman, ammo qolgan uch shartni bajara olmayman.
Qiz dedi:

Qayd etilgan